OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Said Ahmad. Tonggi tovushlar (hajviya)

(Lirik manzara)


Oltinchi kvartaldagi to‘qqiz qavatli uyga odamlar ko‘chib kela boshlashdi. Birov itini yetaklab, birov mushugini ko‘tarib keldi.
Sakkizinchi qavat balkoniga yangi qo‘shni to‘rqovoq ilib qo‘ydi. Shu kecha bedana uch marta sayradi. Ko‘pdan bu tovushni unutgan kishilar qandaydir hayajon bilan balkonga chiqishdi. Bedananing yana sayrashini kutishardi. Oy to‘qqiz qavatli uyning orqasiga og‘ganda bedana salmoqlab, uzoq sayradi. Odamlarning xushi og‘di. Bolaligi o‘tgan qishlog‘i, jimjit bedapoyalar ko‘z oldiga keldi.
Bedana shovqinga to‘la bu shaharga qishloq, dala, bog‘lar hidini, tanni yayratuvchi shabbodalarini olib kelgandek bo‘ldi.
Ertasiga o‘sha uyning birinchi qavati oldiga sim to‘r bilan o‘ralgan bo‘yra eniday joyda uch-to‘rtta tovuq paydo bo‘ldi. Jonivorlardan, parrandalardan olisdan tug‘ilgan bolalar qo‘llariga nima tushsa, hatto yeb turgan nonlarini ham burdalab tovuq katagiga tashlashardi.
Ikki kun o‘tib berigi uyning ikkinchi qavatidan xo‘roz qichqirgani eshitildi. U tun yarmida uzoq qichqirdi. Saharga kelib yana chaqirdi. Odamlar balkonlariga chiqib qadrdon bu tovushni yana eshitgilari kelib, uzoq kuta boshlashdi. Xo‘roz ko‘p kuttirmadi. El uyg‘onmasdan turib qanotlarini pitirlatib qichqirdi. U qichqirig‘iga javob kutayotgandek atrofga quloq tutib kutdi. Javob bo‘lmadi.
Tong yorishib kelayotganda u noligandek g‘amgin bir tovushda yana qichqirdi. Bu gal qanotlarini patirlatmadi.
Xo‘rozdek hushyor parranda dunyoda bo‘lmas ekan. Kechasi kelgan bo‘lishiga qaramay narigi to‘qqiz qavatlida tovuq borligini sezganini qarang-a?
Uning toqati toq bo‘ldi. Mushtoqlikka chidamadi. Atlasdek qanotlarini parillatib silkindi-yu ikkinchi qavat balkonidan pastga uchib tushdi.
Tovuq katagi oldida oshiqona gerdayib, tovlanib-tovlanib, u yoqdan-bu yoqqa bezovta yura boshladi. Ketma-ket kichqirdi. Qanotlarini tapillatib yerga urib qichqirdi.
Ikkinchi qavatdan unga kimdir shippak otdi. U iisand qilmadi. Supurgi otdi, pinagini ham buzmadi.
Oxiri tovuqning egasi boshiga choyshab yopinib balkonga chiqdi.
— Bu kimning xo‘rozi? Odamni uxlatadimi, yo‘qmi? Egasini chaqiringlar?!
Bu payt pastda odam ko‘payib qolgan edi. Hammasi shu ajoyib manzaradan, qadrdon tovushdan huzur qilardilar. Xo‘rozning generallarga o‘xshash ko‘rinishidan, u yoqdan-bu yoqqa gerdayib yurishidan zavqlanardilar.
— Kimning xo‘rozi bu? — dedi choyshab yopingan kishi uyquli tovushda.
Pastdan javob qilishdi:
— Qo‘shni, sal kengroq bo‘ling. Mudragan bu mikrorayonga shu xo‘roz jon kirgizdi-ku. Yaxshisi, katakni ochib yuboring, shundoq sarsavlat kuyov o‘z oyog‘i bilan kelganiga sevinmaysizmi?!
Tovuqning egasi pastga tushib katakni ochib yubordi. Xo‘roz gerdaygancha to‘rtta tovuqni ergashtirib quruvchilar hali olib ketmagan vagonetka — uy orqasiga o‘tib ketdi.
To‘dadan bir yigit chiqib tovuqning egasini bag‘riga bosdi.
— Qani, bir tanishib qo‘yaylik, qudajon...
U hammaning ko‘ngliga quvonch solgan babaq xo‘rozning egasi edi.

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.