OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Said Ahmad. Tuynuk (hajviya)

Badalbek yangi ichkuyov bo‘lganidan hali qo‘ni-qo‘shnilarini tanimaydi. Bugun dam olish kuni, Badalbek nima qilishini bilmay hovlida aylanib yuribdi. Ko‘chaga chiqay desa, qayoqqa boradi? Bitta yarimta o‘rtog‘ini boshlab kelay desa, hali qayin onasining fe’lini bilmaydi. U qo‘lini orqasiga qilib aylanib yurarkan devor tepasidan bir g‘isht qiya bo‘lib tushib ketay-tushib ketay deb turganini ko‘rib qoldi. Darrov shotini sudrab kelib devorga tiradi. Shotining bir pog‘onasiga oyoq qo‘yishi bilan kallasiga: qo‘shnining xotini kishidan qochadigan bo‘lsa, andeshalik ish bo‘lmasmikin, degan o‘y keldi.
U po‘sht, deb devor tepasiga chiqdi-yu, qo‘shni hovliga qaramay osilib qolgan g‘ishtni oldi. Bir mahal:
— Hormang, qo‘shni, — degan ovozni eshitib beixtiyor hovliga qaradi.
Mo‘ylovdor bir yigit deraza moylayotgan ekan, qo‘lidagi cho‘tkasini bankaga tashlab devor tagiga keldi.
— Qani, bir tanishib qo‘yaylik, pochcha, — dedi u ham shotichasini sudrab kelib devorga tirmashar ekan.
Ularning har ikkovi ham devordan bel bo‘yi baravar ko‘tarilib qo‘l olib ko‘rishishdi.
— Buni qaranga, qo‘shni, yo‘g‘-e, pochcha, bitta shisha konyak qachondan beri egasini topolmay javonimning bir chekkasini xira qilib yotgandi. Egasi o‘zingiz ekan-ku. Hozir olib chiqaman.
Qo‘shni Badalbekning hay-haylashiga qaramay shotidan tushib uyga yugurdi. Birpasda shimining bir cho‘ntagida shisha, bir cho‘ntagida piyola bilan lapanglab chiqdi.
— Shoshmang, — dedi Badalbek ham bo‘sh kelmay, — singlingiz antiqa varaqi qilgan edi, konyakka varaqidan boshqa zakuska o‘taversin.
Badalbek bir taxsimcha qilib varaqi olib chiqdi.
Ikki qo‘shni devorga bag‘rilarini berib bir piyoladan otib gapga tushib ketishdi. Ikkinchi piyoladan keyin devorga minib olib, xotirjam uchinchi piyolani ichishdi.
Badalbekning qaynanasi qizini chaqirib, eringga ayt, yangi kuyov qo‘ni-qo‘shnilar oldida uyat emasmi, deb qoldi. Ichkuyovga go‘rni bir nima deb bo‘ladimi? Dunyoda ichkuyovdan nozik narsa yo‘g‘-a!
— Menga qarang, qo‘shni,— dedi mo‘ylov. — Asli bizga devorning keragi yo‘q ekan.
Bu gap Badalbekka ham yog‘dek yoqib tushdi.
— Mana shu gapingizga borman-da. Qo‘shni oshi uzatadigan kichkinagina tuynuk ochib qo‘ysak bo‘larkan.
— Iya, iya, kichkina emas, durustroq, rasmana bir lagan osh o‘tadigan tuynuk bo‘lishi kerak.
Ikkovi maslahatlashib hozirning o‘zida tuynuk ochadigan bo‘lishdi. Qo‘shni u tamondan, Badalbek bu tomondan tesha urib ishga tushib ketishdi. Konyak zo‘r kelib birpasda tuynuk ochildi. Ammo mo‘ljal to‘g‘ri bo‘lmagan ekan, yonma-yon ikkita tuynuk ochilib qoldi. Qo‘shni hazilga olib: bittasi zakuska uzatishga, deb hiringlab kuldi.
Tuynukning chetlarini somonli loy bilan chiroyli qilib suvab qo‘yishdi. Tuynuk-ku chiroyli chiqdi-ya, ammo Badalbekning kuyovlik sarpolari rasvo bo‘ldi. Xotini g‘iring deyolmadi, ichkuyovga go‘rni bir nima deb bo‘ladimi!
Konyak konyakligini qildi-yu, Badalbek ayvonda uxlab qoldi. Bir narsa taraqlab uyg‘otib yubordi. Boshini ko‘tarib qarasa kimdir tunuka tomni taraqlatib yuribdi. Badalbek jahl bilan hovliga tushdi. Bir bola tomda kaptar quvib yuribdi.
— Hoy, qanaqa yaramas bolasan, tush tomdan. He axloqsiz!
Tuynukdan qo‘shnining mo‘ylovi ko‘rindi.
— Pochcha, undoq demasinlar, bizzi erkatoya.
Badalbek indamay uyga kirib ketdi. Kechga yaqin qo‘shnining so‘kingani eshitildi.
— Hu egangga o‘xshamay o‘l!
Badalbek hayron bo‘lib turgan edi, baraq mushuk tuynukdan jon holatda sakrab o‘tib uning oyog‘iga suykaldi.
— Hoy, qo‘shni, unaqa demasinlar, mushuk hayvon, bilmagan-da!
Uch-to‘rt kungacha ikkala qo‘shni ne-ne umidlar bilan ochilgan qo‘sh tuynukka yaqin kelolmay yurishdi. Ichkuyovchilik emasmi, Badalbek sal narsaga zarda qiladigan, sal narsaga arazlaydigan qiliq chiqazdi. Qaynonasi uning bu fe’lidan kuyinib nasihat qilgan edi Badalbek bobillab berdi. Xotin oraga tushib ishni katta qilib yubordi. Butun oila a’zolari uch kungacha bir-birlariga to‘rsayib yurishdi. Ro‘zg‘orchilik emasmi, yana boyagi-boyagi bo‘lib ketishdi. Bular-ku unutib yuboriladi, ammo uydagi gap tuynukdan chiqib ketgan ekan og‘izdan og‘izga, quloqdan quloqqa o‘rmalab o‘tib moshdek gap tarvuzdek bo‘lib uyga qaytib keldi. Badalbek qo‘shninikiga emas ko‘chaga tuynuk ochganini bilib qoldi. Qo‘shni tushmagur bularnikidan tiq etib tovush chiqsa tuynuk tagiga kelib o‘tirib olar ekan.
To‘yga kelolmagan og‘aynilaridan uch-to‘rttasi Badalbekni tabriklash uchun sovg‘aga magnitofon ko‘tarib kelib qolishdi. Hovliga suv sepib, supaga joy qildirib, o‘rtoqlarining oldiga dasturxon yozdi. Yigitlar magnitofonni qo‘yib yuborishdi. Devor orqasidan qo‘shnining yo‘talganini Badalboy eshitmadi. Qo‘shni qattiqroq yo‘taldi. Badalbek yana eshitmadi. Oxiri qo‘shni tuynukdan bosh chiqarib soat so‘radi. Ammo Badalbek qo‘shnining mehmonlar oldiga chiqqisi kelayotganidan bexabar bilagiga qarab: chorakam olti, deb qo‘yaqoldi. Qo‘shni birpasdan keyin yana tuynukdan bosh suqib, avtoruchkaning siyohi bormi, deb so‘radi. Badalbek yo‘q, dedi.
Mehmonlar o‘yin-kulgi qilib o‘tirishipti. Badalbek yelib yugurib xizmat qilib turibdi. Qo‘shni eshikdan kirib mehmonlar bilan birma bir ko‘rishib, telefon qilmoqchi edim, deb ayvonga o‘tib ketdi. Ancha vaqtgacha kim bilandir cho‘zilib gaplashdi. Hech kim uni dasturxonga taklif qilmaganidan, zarda bilan trubkani joyiga tashladiyu olifta yurish qilib chiqib ketdi. U chiqib ketganidan sal o‘tmay devordan tutun yopirildi. Mehmonlar o‘tirgan supa devor tagida bo‘lganidan tutun buralib-buralib ularning ustiga yopirilardi. Birov yo‘talib, birov ko‘z yoshini artib nima bo‘ldi, degandek Badalbekka qaradi. Badalbek bo‘lsa jahl bilan tuynukka boshini suqdi. Qarasa qo‘shni devor tagida katta samovarga ho‘l o‘tin tashlayapti.
— Hoy, qo‘shni, insof kerak, samovarni sal narroqqa oling.
Qo‘shni uning betiga qaramay to‘ng‘illadi.
— Endi o‘z uyimda ham choy qaynatib icholmayman-mi?!
Badalbekning qaynonasi qo‘shnining fe’lini bilarkan shekilli, ayvonga joy qilib mehmonlarni o‘sha yoqqa taklif qildi. Magnitofon yana sayrab ketdi. Bir mahal tuynukdan qo‘shnining xotini bosh suqdi.
— Hoy, insof degan narsa bormi? Bolamni uxlatolmayapman-ku. Anavi savilning ovozini o‘chirsanglar-chi. Qanaqa betamiz ichkuyov ekan, bu!
Badalbekning zardasi qaynab shartta o‘rnidan turdi-yu, tuynuk og‘ziga samovar patnisni mixlab keldi. Qo‘shni ham daranglatib bir baloni qoqib tashladi. Ertasiga ikkala qo‘shni loyga qorishib bir-birining betiga qaramay tuynukni suvab qo‘yishdi.
Ana shundan keyin qo‘shnilar tinchib ketishdi. Yaqinda Badalbek eshigining oldidagi tolni sug‘arayotganida mahalla komissiyasining muovini bir gap aytib qoldi. Qo‘shni unga, sizga atab Yerevandan bir shisha antiqa konyak oldirib kelgan edim, manavi turqi sovuq qo‘shni ichib qo‘ydi, konyak ham qulog‘ini ushlagancha uvol ketdi deganmish. Badalbek ham bo‘sh kelmadi.
— Yaxshi ham sizga buyurmagani, konyak emas, ichiga qant kuydirib solingan o‘zimizning jaydari araq edi,—dedi.
Ikki qo‘shni yuz ko‘rmas bo‘lib ketishardi-yu ko‘pchilik bo‘lib, yana tuynukni ochib qo‘yishdi. Qo‘shni singlisini kuyovga chiqazayotgan edi, mahalla aktivlari o‘rtaga tushib Badalbekning hovlisiga qozon qurishdi. O‘sha tuynuk boshqatdan ochilib undan palov ham o‘tdi. Mastava ham. To‘y o‘tib hali tuynuk bekilgani yo‘q. Ishqilib ko‘z tegmasin, oxiri baxayr bo‘lsin, shu tuynuk bahona oling qo‘shnim, bering, qo‘shnim, bo‘lib turibdi.
Ha aytgancha qo‘shni uch-to‘rt kishi bo‘lib ot so‘yib qazi qildirayotgan ekan, Badalbekka, siz ham sherik bo‘ling, deb katta boshini kichik qilib atayin chiqibdi, Badalbek ham odam, bir gap aytdi.
— Telefonga qiynalyapsiz, ikkovimizniki bir nomer bo‘la qolsin.
Qo‘shni sevinganidash bitta konyagim bor, olib chiqaymi, deb qoldi.
Badalbek yo‘q deyolmadi.
O‘sha kuni ikki qo‘shni bir-birini yalashdi, yulqashdi. Biri akamsan, dedi, biri ukamsan, dedi. Oxiri shu bo‘ldiki, bunaqa ahil qo‘shnilarga devordagi tuynuk torlik qilayotgani ma’lum bo‘ldi.
Hikoyamni nima bilan tugatay? Ular shu xilda ahil bo‘lib ketishdi desamu, ketidan bir ishkali chiqib qolsa nima qilaman?
O‘liptimi, ishkali chiqmas.

* * *

Ushbu hikoya bitib nashriyotga olib ketayotganimda yangi gap eshitib qoldim.
Ikki qo‘shni qalin og‘ayni bo‘lib, og‘iz-burun o‘pishib ketishipti. O‘rtadagi devorni buzib qoq kesagini toklarining tagiga solishibdi. Hozir o‘sha devor o‘rnida taroqqa o‘xshagan chiroyli panjara qo‘ndirishipti.
Bo‘yoq qo‘shnidan, bo‘yash Badalbekdan.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.