OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Said Ahmad. Uzun til (hajviya)

Qobiljon direktorning kabinetidan lattadek bo‘shashib chiqdi. U qabulxonada o‘tirganlarga loqayd bir nazar tashladi-yu, tez yurib koridorga burildi.
— Siylaganni sigir bilmas, deb shuni aytadi-da. Ishga yangi kelganda idoraning pasti-balandini tanishtirgan kim edi. Mish-mish gaplarni qulog‘iga yetkazib turgan kim edi, shuni bilmadi-ya. Uyalmaganini qarang, uni odam qilguncha qoqqanda qozig‘im, osganda cho‘michim qolmadi.
Qobiljon koridorning u boshidan-bu boshiga o‘zidan-o‘zi g‘o‘ldirab, shu tarzda borib-kelib turardi.
Kadrlar bo‘limining eshigi ochilib, qo‘sh ko‘zoynak taqqan o‘rta yoshli bir kishi chiqdi.
— E, Qobiljon, nima qilib yuribsiz, hujjatlaringizni qachon rasmiylashtirasiz?
— Qanaqa hujjat? — cho‘chib so‘radi Qobiljon.
— Ishdan bo‘shatishga buyruq bo‘ldi. Qobiljonning ko‘zlaridan o‘t chaqnab ketdi. Direktorning boyagi «Ishni eplayolmayotibsiz, bo‘shatishga to‘g‘ri keladi» degan gaplari esiga tushdi. «Yegan yog‘u go‘shtlaring ko‘r qiladi hali seni, shuncha sovg‘a-salomlarni ham andisha qilmading!» — deb ko‘nglidan o‘tkazdi-yu, ko‘zoynakli kishiga qarab:
— Har qalay, zakon biladigan kishisiz, bir yo‘l ko‘rsating, — dedi.
— Nima desam ekan, qani baqqa yuring-chi, buyruqda nima deyilgan ekan.
Ular boshlashib, kabinetga kirishdi. Ko‘zoynakli kishi stol ustida uyulib yotgan qog‘ozlar orasidan buyruqni topib, Qobiljonning qo‘liga berdi. Qobiljon yengil titrab turgan qo‘llari bilan qog‘ozni tutib, o‘qiy boshladi:
— «...Ishni eplay olmagani uchun...» Hmm.
— Juda xunuk buyruq bo‘pti-da, shu buyruq mazmunini mehnat daftarchangizga yozib qo‘yishim kerak. Zakon shunaqa, akasi.
Qobiljon bo‘shashib, stulga o‘tirib qoldi. Javdirab turgan ko‘zlarini shiftga tikib, ostki labini tishladi.
— Boshqa iloji yo‘qmikin-a.
— Xo‘jayin bilan durustroq bir gaplashib ko‘ring-chi, balki buyruqni o‘zgartar, juda bo‘lmasa, «o‘z arizasiga binoan» degan mazmunda...
Qobiljon o‘rnidan turdi. Asta-asta yurib ko‘chaga chiqdi. U o‘ylar edi: «Ishni eplolmagani uchun... Mehnat daftarchasi... o‘z arizasiga binoan...»
Ish oxirlab qolganda Qobiljon yana qabulxonada paydo bo‘ldi. Kotiba direktorning bandligi va dokladga tayyorlanayotganligini aytib, uni ichkariga qo‘ymadi.
— Bo‘lmasa, mana shu qog‘ozni o‘rtoq direktorga berib qo‘ysangiz.
Qobiljon buklangan qog‘ozni kotibaga uzatdi. Keyin paltosining yon cho‘ntagidan qog‘ozga o‘ralgan bir narsa chiqazdi.
— Buni ham berib qo‘yasiz-da, juda zarur narsa. 
Soat beshdan sal oshganda xodimlar direktor kabinetiga yig‘ila boshladi. Ko‘pchilik qatori Qobiljon ham nchkari kirdi.
Majlis u qadar rasmiy vaziyatda o‘tmadi, direktor idoradagi mehnat intizomi va muassasalardan kelayotgan aloqa xatlariga o‘z vaqtida javob berilmayotgani to‘g‘risida gapirib, plan bo‘limi xodimlarini qattiq tanqid qildi.
— Undan keyin, — dedi direktor so‘zini yakunlab, — ba’zi xodimlarimiz ishga o‘taketgan darajada mas’uliyatsizlik bilan qaraydigan bo‘lib qolishdi.
— Kimlar? Misollar bilan aytilsin! — dedi uning so‘zini bo‘lib bosh buxgalter.
Direktor qoshlarini kerib, kulimsirab qo‘ydi:
— Men, eng avval, mening o‘zim ishga mas’uliyatsiz qaraydigan bo‘lib qoldim. Shu vaqtgacha o‘rtoq Qobiljon Orifjonovga chora ko‘rmay, u bilan murosasozlik qilib kelganman...
Qobiljonning tepa sochi tikka bo‘lib ketdi. Qanday qilib o‘rnidan turib ketganini, tomog‘ini bo‘g‘ib turgan galstugini bir zarba bilan bo‘shatib yuborganini ham bilmay qoldi.
— O’rtoq direktor menga tuhmat qilyaptilar, sakkiz yildan beri shu idorada ishlayman. Shu sakkiz yil ichida uch direktor o‘zgardi. Hammasi bilan juda totuv ishladik, birontasi menga na ogohlantirish, na vigovor bergan! Odamning olasi ichida bo‘ladi, deb shuni aytishadi-da. Direktorga qilgan yordamlarimning birontasini boshqa kishiga qilganimda, itining tuvagi oltindan bo‘lib ketar edi, bu kishi yaxshilikni bilmayaptilar. Uyalish kerak, o‘rtoq direktor, menday, musichadek beozor kishini ranjitgani qanday ko‘nglingiz bo‘ldi?
Hamma jim, direktor tirnoqlari bilan stolni chertib, hamon iljayib turardi. Qobiljon direktorning bu kayfiyatini ko‘rib, yana tutakdi. Bu gaplar unga ta’sir qilmayotganini ko‘rgandan keyin, ovozini pasaytirib, lo‘nda-lo‘nda qilib gapira boshladi:
— O’rtoq direktor, siz poraxo‘rsiz!
O’tirganlar yalt etib bir-birlariga qarab olishdi. Bosh buxgalter Qobiljonning so‘zini bo‘ldi:
— Kimdan, qachon, nima pora olgan?
— Mendan, — dedi Qobiljon, — hammavaqt pora olib kelganlar.
Buxgalter afsuslanganday direktorga qaradi. Direktor esa, hamon stolni chertib kulib turardi. Plan bo‘limining boshlig‘i ham jahl bilan:
— Nahotki shu gaplarning bari to‘g‘ri-a, o‘rtoq direktor? — dedi. — Nahotki siz...
— To‘g‘ri, — dedi direktor jiddiylashib, — bari to‘g‘ri. O’rtoq Orifjonov juda to‘g‘ri aytyaptilar, davom eting, o‘rtoq Orifjonov.
Qobiljon dadillashdi. «Bu benomus poraxo‘rning po‘stagini endi qoqaman» degan qat’iy fikr bilan so‘zini davom ettirdi:
— Qachon va qanday narsa olgani ma’lum, — u yon daftarchasini varaqlab, o‘qiy boshladi. — Shu yilning o‘n uchinchi oktyabrida bir echki bolasi bilan. Yana shu oktyabrning yigirma to‘rtinchisida to‘rt kilo kolbasa, bayram arafasida ikki litr aroq, to‘rt shisha «Marsela» vinosi, to‘rt kilo son go‘shti, olti pachka «Kazbek». Tunov kuni bir kerza etik, olti metr shtapel... E, aytgan bilan tamom bo‘lmaydi!
Kabinet ichi suv quygandek jim. Bu jimlikni direktorning o‘zi buzdi. U o‘rnidan turib, burchakdagi po‘lat sandiqni ochib, bir dasta qog‘oz oldi.
— O’rtoq Orifjonovning gaplari to‘ppa-to‘g‘ri. Shu narsalarning barini olganman. Biroq, bularni Orifjonovning o‘zi so‘ramasam ham zo‘rlab bergan, bu narsalarga hali o‘zim qo‘l urganim yo‘q. — U qo‘lidagi qog‘ozlardan birini baland ko‘tardi. — Sog‘in echkini yasliga berdim, mana akti. Aroq, kolbasa, go‘sht, vino, papiroslarga kasaba uyushmasi raisi Karimov bilan akt tuzib, magazinga topshirib yubordik. Kerza etik bilan shtapelga ham akt qilingan. Kasaba uyushmasi kengashining qarori bilan etikni qorovul chol G’ani otaga, shtapelni uborshitsamiz Xayri xolaga berishdi.
Direktor shkafni ochib, qog‘ozga o‘ralgan narsani olib, stol ustiga ko‘ydi.
— Bu narsa ham o‘rtoq Orifjonovning sovg‘asi, nima janligini hali bilmayman, bugun olib kelgan edi. O’zlaring ochib ko‘ringlar.
Plan bo‘limining boshlig‘i o‘rnidan turib, qog‘ozni ochdi. Undan to‘rtta limon, ikki yuz ellik so‘m pul chiqdi. Ustida bir varaq qog‘oz ham bor edi.
— O’qing-chi, — dedi direktor.
Plan bo‘limining mudiri o‘qiy boshladi:
«Meni o‘z vazifamni eplolmadi deb bo‘shatibsiz. Sovg‘a-salomlar hurmati, shu buyruqni o‘z arizamga binoan deb o‘zgartirsangiz, bundan buyon yana xizmatingizdaman... Qobiljon».
Hamma kulib yubordi. Plan bo‘limining boshlig‘i qog‘ozni joyiga qo‘yib, Qobiljonga qaradi: Xo‘sh, endi nima deysiz?
— Nima der edim, o‘sha aytgan gaplarimni antaman-da. Mayli, bo‘lar ish bo‘ldi, ikkitagina iltimosim bor, biri — buyruqni o‘zgartirilsa, keyin mana shu ikki yuz ellik so‘m pulni qaytarib bersanglar.
Yana gurillab kulgi ko‘tarildi. Bosh buxgalter qo‘l ko‘tarib, g‘ovurni bosdi.
— Pul qaytib berilmaydi. Akt tuzib, davlat hisobiga o‘tkazamiz, buyruqni o‘zgartirish mumkin. Ishni eplay olmagani uchun emas, pora bergani uchun deb o‘zgartiriladi.
Hamma bir og‘izdan taklifni ma’qulladi.
Qobiljon pora berishda ayblanib, ishdan haydalgandan keyin, ancha vaqtgacha ko‘rinmay qoldi. Birov Qobiljon raytorg mudirining sigirini urchitishga olib ketayotganini, boshqasi artel raisining hovlisida uning echkisiga tushgan kanani ixlos bilan terayotganini o‘z ko‘zi bilan ko‘rganini aytdi. Kim biladi, rostdir.
Yaqinda Navoiy ko‘chasidan ketayotib, karnay-surnayli to‘yga duch kelib qoldim. Taqachilik artelining raisi uylanayotgan ekan, Qobiljon beqasam to‘n kiyib, oldinda o‘ynab borar, hadeb kuyovbola — raisga qarab muqom qilar edi.

1961 yil

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.