OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Said Ahmad. Xanka bilan Tanka (hajviya)

Olimboy aka kelinini kutib olish uchun raisdan «Volga»ni so‘rab, qoq peshinda stantsiyaga chiqdi. Poezd kelib vagon eshigidan o‘g‘li Tantiboy bilan kelinining qorasi ko‘rinishi bilanoq peshonasiga shart etib bittani tushirdi! Bay-bay-bay! Kelin degan ham shundoq, latta qo‘g‘irchoq bo‘ladimi? Oydekkina ekansan-ku, ola-bayroq kiyimlarga balo bormi? O’zing-ku, homiladorsan, siporoq kiyinmaysanmi, qiztaloq!
Olimboy aka o‘zidan-o‘zi g‘o‘ldirab, vagonga yaqin borishni ham, bormaslikni ham bilmay, kelinining «qaddi-qomati»ga mahliyo bo‘lib qotib turardi. O’g‘li Tantiboy vagon zinasidan yubkasi torligidan tusholmay qiynalayotgan xotinini qo‘ltiqlab tushirdi-da, har biri sandiqdek-sandiqdek ikkita chamadonni arang sudrab, dadasi tomonga yura boshladi. Olimboy aka ichida «e, diding qursin», dedi ensasi qotib. U, bu «bedavo»larni qishloq guzaridan qandoq qilib olib o‘taman, degan xayol bilan band edi. U o‘g‘lining oldida pisanda qilayotgandek qornini chiqazib, pista chaqib kelayotgan keliniga boshdan-oyoq razm soldi. Sochi erkakcha qirqilgan, ikki qulog‘ida rediskadek qip-qizil zirak, labini shundog‘am bo‘yaptiki, xuddi iomidor tishlab kelayotganga o‘xshaydi. Shimning pochasidek tor yubkaning yon tomoniga qatorasiga yigirmatacha qora tugma qadalgan. Bo‘ynida har biri yong‘oqdek keladigan jo‘n sariq munchoq. Yupqa kapron ko‘ylakdan yelkasidagi husnbuzarlari bemalol ko‘rinib turibdi. Olimboy akaning unga qarab turib, dod deb yuborishiga oz qoldi. O’g‘ilchani — farzandi qobilni aytmaysizmi, oldida ikki bukchayib, pildiraganicha chamadon ko‘tarib kelyaptilar. E, sho‘ring qursin, adoyi tamom bo‘psan-ku!
Farzand ekan. U noiloj turqi-tarovati g‘uli-g‘uli tovuqqa o‘xshagan o‘g‘lining qarshisiga chiqib, quchoq ochib ko‘rishdi. Kelin unga qiraverib ipdek-ipdek ingichka bo‘lib ketgan qoshini kerib salom berdi. Kelinni hurmat yuzasidan mashinaning oldiga o‘tqazishdi. U yo‘lda: «Mashinani qachon oldinglar», deb qoldi. Chol o‘zini eshitmaganiga solib, o‘g‘lidan kelinining ismini so‘radi.
— Xanifa, yangichasiga Xanka, — dedi Tantiboy «bizning xotin shunaqa» deb pisanda qilayotgandek, gapining oxirini jingalak qilib.
Kelinning ismi Olimboy akaga Xanka emas, Hangi bo‘lib eshitildi shekilli, bir sakrab tushdi.
— Biz eskichasiga Hanifa deyaveraylik, o‘g‘lim, qishloqchilik emasmi, bilgan undoq deydi, bilmagan mundoq deydi.
Kelin cholning gapiga hayron bo‘lib, yelka uchirib qo‘ydi. Chol o‘z o‘yi bilan o‘zi ovora edi. U, qishloqdagi jamiki askiyabozlarning serqochiriq, serpayrovi edi. Askiyabozlarning hammasiga o‘zi laqab qo‘ygan, to‘yu ma’rakalarda, gapu gashtaklarda pand yemay, sovrun olgan askiyabozlardan edi. Ana endi «bejirim» kelinni ko‘rgan hazilvon oshnalari nima deyarkin? Cholni mana shu tashvish qiynardi. Uning ustiga shaharga o‘qishga ketib to‘rt yilda mulla bo‘lib kelish o‘rniga Tantiboy otini Tanka qilib o‘ziga o‘xshash beo‘xshov xotin olib kelayotgan o‘g‘lini butun qishloq to‘rt ko‘z bo‘lib kutib o‘tirgan edi. Chol to‘y tadorigini ham ko‘rib qo‘ygan. Shu bugunoq uyni odam bosib ketadi. To‘yni qoldirsammikin, deya dilidan o‘tkazdi chol. U yer ostidan keliniga razm soldi. «Tavba, «Mushtum»dagi suratlarga ishonmasdim. Endi ishondim, mayli, bo‘lar ish bo‘libdi, to‘y bo‘lmasa ham, to‘ycha qilib berib qutulmasam...»
Guzarga kelganda mashinani juda tez haydab o‘tib ketishdi, ko‘chaning changi buruqsab ketdi. Samovardagi choyxo‘rlar: «Obbo, Olim qiziq bosar-tusarini bilmay qopti-ku», deya mashina orqasidan qarab qolishdi. Kimdir, cholning omadi keldi, dedi. Samovarchi ularga piching qildi:
— Ko‘pam hovliqavermanglar, kelinni kelganda ko‘r, sepini yoyganda ko‘r.
To‘ylarda dasturxonning to‘rida o‘tirgan Olim qiziq, hadeganda to‘yni boshlayvermaganidan, hamma hayron edi. Chol esa, keliniga: yo‘l yurib charchagansiz, issiq kunda ko‘chaga chiqmay turing, urinib qolasiz, deb uni uyda saqlardi. Kelin uyda o‘tiraverib, siqilib ketdi. Cholga bildirmay, ikki marta morojniyxona qidirib guzarni ham aylanib keldi. Kampir bo‘lsa, agronomning xotiniga jadal bepason odmi ko‘ylak tiktirardi. U allaqayoqdan kelinining sochiga moslab ulama ham topib keldi. Qani endi Xankasi tushmagur ulamani taqa qolsa. Yo‘q, unamadi. Ko‘krakburma shtapel ko‘ylakni uloqtirib tashladi. Kampir yum-yum yig‘ladi. Chol uni yupatmoqchi bo‘ldi:
— Qo‘y, xotin, yig‘lama, farzandimiz ketidan kelgan farzandimiz... Bizning qo‘limizdan nima kelardi? Hammaning bolasi binoyidek bir hunar egasi bo‘lib kelyapti...
Chol shu kuni guzarga chiqib, ta’bi tirriq bo‘lib qaytdi. Ulfatlari unga, kelinning qo‘lini ko‘rsak bo‘lardi, to‘yni-ku yeb ketdingiz, deb turib olishibdi. Chol noiloj ertaga tushdan keyinga hammani to‘yga xabarlab keldi. Bu gapdan xabardor bo‘lgan Xanka apil-tapil kiyimlariga dazmol bosib, tirnoq bo‘yay boshladi. Kampir Tankani chetga chaqirdi:
— Jon bolam, aylanay bolam, xotiningga ayt, el oldida boshimni xam qilmasin. Yarashadigan ishni qilsin.
Tanka ham onasining gapini elamadi.
— Aya, siz tushunmaysiz, juda orqada qolib ketibsizlar-ku. Har nima bo‘lsa ham qishloqisizlar-da.
Ayvonning peshonasida uning gaplarini eshitib o‘tirgan Olimboy aka tutaqib ketib o‘rnidan turdi.
— Hoy, menga qara, qachondan beri tushunadigan bo‘lib qolding? Ko‘tar to‘rva xaltangni! Bilasanmi, to‘rtta odamning orasiga kirib hali tilimni bermaganman-a!
Chol jahl ustida uyga kirib, chamadonni hovliga uloqtirdi.
— Hozirning o‘zida jo‘na! Senlarni deb qariganimda mayna bo‘lishga toqatim yo‘q.
Kampir uning ketida yelib-yugurib:
— Hoy, dadasi, shashtingizdan qayting, — deb yolvorardi. Yo‘q, chol shashtidan qaytmadi. Ikkovini oldiga solib, katta ko‘chagacha haydab chiqdi. Kelin lo‘lilik qilib, uni qoloqlikda ayblar, agar uni Tankadan ajratib yuborishsa, qurtdek qilib nafaqa undirib olishini shang‘illab gapirardi.
Chol bu gaplarga parvo qilmay, hovliga kirib, eshikni ichidan zanjirlab oldi. Katta-kichik o‘rtaga tushdi, bo‘lmadi. Odam bo‘lib kelganda uyga kiritaman, deb turib oldi.
Ertalab rais samovarga kirsa, kelin-kuyov bir burchakda o‘tirishibdi. Poyozdga yetisholmay qolishgan ekan. Rais ularni koyiy-koyiy uyga yuborib qo‘ydi. Xanka cholning hamma shartiga ko‘ndi-yu, faqat bittasiga ko‘nmadi.
— Etagi tor yubkamga indamang, o‘zim judayam yaxshi ko‘raman.
— Axir, jon bolam, ariqlardan o‘tolmay qiynalasan.
— Keling, Olimboy aka, kiysa kiya qolsin, — dedi rais cholga ko‘zini qisib. — Xo‘sh, endi yana bitta gap. Omon-eson o‘qishdan haydalib kepsizlar. Endi bekor yurish yarashmaydi. Nima ko‘p, ish ko‘p, maslahat bilan qanday ish qilishlaringni ertaga o‘zimga aytasizlar.
Rais shundoq dedi-yu, boshini sarak-sarak qilib chiqib ketdi.
Oradan uch kun o‘tgach, Tanka tovuqboqarlikka, Xanka o‘sha fermaga hisobchilikka ketdi.
Olimboy aka endi to‘yu hashamlarda ilgarigidek katta gapirmas, askiyaga aralashadigan bo‘lsa, yumshoqroq qilib suyab chiston qilar edi.

1961 yil.
© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.