OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Said Ahmad. Yana bir Turdivoy (hajviya)

(Xotira)


Turdi puchuqning ayni kuchga to‘lgan bo‘z bolaligi tug‘ishgan ona shahridan olisda, yurt sog‘inchi bilan o‘tdi.
Bundan ellik ikki yil oldin biz boya aytganimizdek, Turdi puchuq hech kimga so‘z bermaydigan:, o‘tirgan yerini pulga sotib oladigan, boshidan do‘ppisi tushib ketsa, pul to‘lab, birovga ko‘tartiradigan, oriyati baland yigit edi.
Bir xunuk voqea bo‘ldiyu bechora bolaligi o‘tgan ko‘chalarni, suv ichgan ariqlarini tashlab, olis yurtlarga bosh olib ketishga majbur bo‘ldi.
Mahalla yigitlari gap o‘ynashardi. «Gap»ning nimaligini bilasizmi? Haftada bo‘ladigan o‘rtoqlik bazmi. Har bir bazm ishtirokchisi navbati kelganda jo‘ralarini mehmon qiladi. O’sha mehmondorchilikda jo‘ralardan biriga palov oshatiladi. Agar u og‘zi to‘la osh bilan otasining nomini aytsa, qutuladi, aytolmasa, ziyofat navbati unga beriladi..
Turdi puchuq to‘ylarning xo‘rozi, bazmlarning bulbuli edi. Hech kimga so‘zini bermasdi. Jo‘ralar uning tilini qisiq qilib qo‘yish choralarini o‘ylashardi. Bir bazmda Turdi puchuq musallasni ko‘p ichib uxlab qoladi. Jo‘ralardan biri uning tagiga bir kosa suv quyadi. Turdi puchuq o‘ziga kelganda qarasa, tagi ho‘l. Sahar payti ziyofat bo‘lgan uydan qochadi. Ko‘cha qattiq sovuq edi. Turdi uyiga kelguncha shimining orqasi muzlab qoladi. Turdi ikki kun ko‘chaga chiqmay uyida qimirlamay o‘tiradi.
Turdi puchuqning tagi ho‘l bo‘lib qolgani ertasigayoq mahallaga ovoza bo‘lib ketadi. Ana shundan keyin Turdi puchuq tug‘ilgan mahallasini, yor-jo‘ralarini, cho‘milgan anhorlarini tashlab, uzoqlarga bosh olib ketadi.
Mana bugun oradan ellik ikki yil o‘tib, u mahallasiga kelyapti.
Qadrdon ko‘cha, dilga o‘rnashib qolgan pasti-baland, ba’zi joylarida nahrasi bor paxsa devorlar...
Turdi bobo kelyaptilar. Dastavval u kishi bolalikda osh yeb, choyxo‘rlik qiladigan, ko‘prik biqinidagi choyxonaga kirdilar. Choyxona o‘sha-o‘sha. Endi unda Lenin burchagi yo‘q, Marksning suvrati o‘rniga Navoiyning suvratini ramkaga solib ilib qo‘yishipti.
Turdi bobo choy buyurdilar. Patnisda ikkita non, bir siqim qand bilan choy olib kelgan bolani gapga soldilar.
— Bolam, mahalla ahli tinch-omonmi? O’zbeklardan ko‘pchilikmisizlar? — deb so‘radi. Keyin u, shu samovarda Jo‘ravoy degan choyxonachi bo‘lguchi edi. Sog‘-omon yuriptimi, — deb o‘smoqchiladi.
Bola o‘ylanib qoldi. Keyin birdan esiga tushib suyunib ketdi.
— Dadam aytgan edilar. Jo‘ravoy samovarchi Turdi puchuq degan bir do‘sti orqasini ho‘l qilib qo‘ygandan bir yil o‘tib, o‘lgan ekan.
Turdi bobo g‘alati bir ahvolga tushib qoldi. Bu qanday gap, oradan ellik ikki yil o‘tib, bir avlod almashsa ham, arzimas bir ishni odamlar unutolmasa!
Bu dunyoda hech kim va hech narsa unutilmaydi, degan gap chippa-chin ekan.
Turdi bobo mahallani aylanish niyatidan kechib, orqasiga qaytdi. Kim biladi, u bu tomonlarga qachon keladi. Keladimi, yo‘qmi? O’zi kelmasa ham, Turdi puchuq nomi mahallada hali uzoq yashashiga ishondi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.