OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Said Ahmad. Yelim (hajviya)

Hammom o‘zi shunaqa joy, hammani onadan tug‘ma qilib qo‘yadi. Kim payg‘ambaru, kim ummat — bilib bo‘lmaydi. Odam bolasi kiyim bilan ekan.
Bu gaplarning ma’nisini Musaxon pochchadan so‘rang. U kishini tanimassiz, ehtimol: bo‘yi pastgina, qo‘llari kaltagina odam. O‘zi shu yaqin o‘rtadagi raz’ezdlardan birida bufetchilik qiladi. Qilaman desang, kalta qo‘l bilan ham ancha ish qilish mumkin ekan. Kichkinagina bufetning orqasidan kalta qo‘l bilan bola-chaqa boqib, orzu-havas ko‘rib, uchastka tiklab, kelin tushirib, qiz chiqarib yuribdi-ku, bundan ortig‘i kimga kerak!
Xo‘sh desangiz, Musaxon pochcha yaqinda hammomga tushgan ekan. Yechinib issiq xonada mazza qilib terlabdi-da, sovuqxonaga kirib cho‘mila boshlabdi. Boya aytdim-ku, qo‘llari kalta deb. Kimning qo‘li uzun kimning qo‘li kaltaligini bilmoqchi bo‘lsangiz, hammomga tushing, Mana, Musaxon pochchaning nimaligi ham bilinib qoldi. Cho‘milayapti-ku, orqasiga sovun tegmaydi. Ikki kuragining orasi mag‘zava bo‘lib turibdi. U tosni boshiga kiyib, xonalarni aylanib chiqdi. Tanish yo‘q. Bir o‘rta yashar kishi Qorboboga o‘xshab ko‘pikka belanib o‘tiribdi.
— Hoy uka, — dedi Musaxon pochcha, — orqamni ishqab qo‘ysangiz-chi, baraka topkur.
U kishi boshidan suv quyib o‘rnidan turdi. Musaxon pochcha engashib turdi, u boplab ishqab qo‘ydi. Shundan keyin Musaxon pochcha yana tosni boshiga kiyib, indamay ketaverdi. Ishqalagan kishi piching qildi:
— Ho mulla aka, rahmat qani?
Musaxon pochcha do‘ng‘illadi:
— Har bir to‘qqiz pullik narsaga ham rahmat aytaversang, butun tirikchilikni yig‘ishtirib qo‘yib, rahmatdan bo‘shamay qolasan. Shunga ham rahmatmi?
Musaxon pochcha shundan keyin boshidan uch-to‘rt tos suvni shar-shar to‘kdi-yu, kiyingani chiqib ketdi. O‘sha kuni u atirsovundek yaltirab, qip-qizil bo‘lib avtobusda raz’ezdga chiqib ketdi-da, bufetni ochdi. Odam yaxshi yuvinsa, toza kiyinsa, tabiati ravshan bo‘ladi. Musaxon pochcha bugun bir gapirib o‘n kuladi. Nazarida savdo ham yaxshi ketayotganga o‘xshaydi. Xullas, Musaxon pochcha bugun dimog‘ida eng kamida yetti-sakkiz qo‘shiqni hirgoyi qilib, ishni tamom qildi. Tushgan pullarini sanab hamyonga urib, kundagi odati bo‘yicha kech oltidagi skoriy bilan stantsiyaga kelib pul topshirdi. Buxgalter «pochcha, yangi xo‘jayin bilan tanishib chiqmaysizmi?» deb qoldi.
— Tanishamiz, tanishamiz. Quruq kirsak bo‘laverarmikin? Bu galcha shundoq bo‘lib tursin.
U shunday deb, labida ertalabdan qolgan tabassum bilan direktor kabinetining eshigini ochdi.
Ochdi-yu ostonadan na u yoqqa, na bu yoqqa o‘tishini bilmay turib qoldi.
— Kelavering, kelavering, bemalol, — dedi direktor.
Musaxon pochcha bo‘shashib oldinga yurdi. U tamom o‘zini yo‘qotib qo‘ygan edi. Bu, direktor, ertalab hammomda Musaxon pochchaning orqasini ishqab qo‘ygan kishi edi. Direktor ham uni tanidi.
Musaxon pochcha qani nima bo‘larkin deb, indamay boshini egib turaverdi... Oxiri direktorning o‘zidan sado chiqdi:
— Siz ham bizning sistemada ishlaysizmi?
Bu nima degani? Bu sistemaga to‘g‘ri kelmaysan degani emasmi?
— Ha, endi, bola-chaqaning nasibasi ekan, qimirlab turibmiz.
— Juda soz, — dedi direktor salmoqlab.
Musaxon pochchaning bo‘ladigani bo‘lib qoldi. Beixtiyor cho‘ntagiga qo‘l solib, bufetning kalitini ushladi:
— Jon uka, bir ahmoqlik qildim, kechiring. Meni quvmang. Sizdek odamga shunday itlik qildim, jazomni xudo bersin.
Direktor hayron bo‘ldi:
— Siz menga nima gunoh qila qolgandingiz?
— Bugun ertalab, ertalab hammomda orqamni ishqab qo‘ygandingiz.
Direktor kulib yubordi.
— E, o‘sha kishi sizmidingiz? Butunlay esimdan chiqib ketgan ekan. Xo‘sh, nima qilibdi?
— Rahmat aytish esimdan chiqqan ekan. Ataylab shuni aytgani keldim. Qulluq, qulluq, uka, martabangiz bundan ham baland bo‘lsin. Endi bizga javobmi?
Direktorning ensasi qotib: «javob», dedi. Musaxon pochcha orqasi bilan yurib chiqib ketdi.
U chiqib ketgandan so‘ng, direktor sekretarni chaqirib, bu odam kelsa ikkinchi oldimga kiritmang, deb tayinladi. Ammo Musaxon pochcha kunora kelib sekretarning bay-baylashiga qaramay kabinetga kirar, shundoq martabali odamga orqasini ishqalatgani uchun uzr aytib ketishni kanda qilmasdi.
Oxiri direktor bezor bo‘lib ketdi. Qandoq qilsin. Iloji yo‘q. Bu toifa odamlardan qochib qutulmasang boshqa yo‘l bilan qutulib bo‘larmidi. Yelim-ku, yelim ular.

Eʼlon

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.