background
logotype

Said Anvar. “Endi nima qilamiz?” (hajviya)

Donolar, aql-farosating bo‘lmasa, eshak bozoriga dallol ham bo‘lolmaysan, deb bejiz aytishmagan ekan.
— Sabzi bizning Qo‘qonda bir yarim ming, Toshkentda besh yuz so‘m ekan! Surxondaryodan keladi-da!
Cho‘ntak quruq, «Na qildim men, jamolingdan judo qilding...» deb yurgandim, bu gapni eshitgach, joyimda o‘tirolmay qoldim: ko‘z oldimdan pachka-pachka mingtaliklar o‘ta boshladi.
— Har kilosidan besh yuz so‘mdan qolganda ham bir tonnasidan besh yuz ming so‘m foyda! Agar “KamAZ”ingga yigirma tonna bosib kelsak, kamida o‘n million cho‘ntakda! — dedim haydovchi og‘aynim Bahodirga.
— A?! — chamamda Bahodirning ko‘z oldidan yuztalik dollarlar o‘tdi-yov! Darrov o‘zicha hisoblay ketdi. — Bugun jo‘nasak, ertaga azonda “optim”da bo‘lamiz. Kechgacha sabzi olishga ulgursak, indinga qaytib kelishimiz ham mumkin.
Dimog‘da “Bog‘ aro”ni hirgoyi qilgancha, yo‘lga chiqdik. Aytganlariday, Toshkentda sabzi arzon ekan. Zo‘rini besh yuzdan oldik. Yigirma tonna sabzini mashinaga ortib, ortga qaytdik. Bu safar «Bog‘ aro»ni emas, «Tortadur»ni xirgoyi qildik. Foydaning hisobidan «Temir ota»da tomoqni ho‘llab oldim. Ha, endi foyda kelib turibdi, besh-oltita ming nima bo‘libdi! «Millioni, milloni, alex roz!»
Uchko‘prikning bozorida Tiyonshon tog‘iga yetib bormasayam, unga o‘xshagan sabzi xirmoni paydo bo‘ldi. Tepasida men bilan Bahodir.
— Hamma narsaga yetgan aqlingiz, shunga kelganda oqsabdi-da! – deb qoldi bir payt Bahodir.
Hayronqarash qilgandim, og‘aynim gapiga izoh berdi:
— Bitta so‘mka olish esga kelmabdi-yu? Shuncha pulni qaerga qo‘yamiz, cho‘ntaklarga sig‘masa?
— Birinchi pochindan o‘zim borib so‘mka olib kelaman! – deb uni ishontirdim.
Qo‘shig‘imiz «Kep qoling!»ga aylangan.
— Sabzi qanchadan, o‘g‘lim? — dastlabki xaridorning ovozi eshitildi. Qarasam, qop ko‘targan otaxon.
— Bir yarim mingdan!
— To‘rt kilosimi?
— Nimalar deyapsiz, ota, bir kilosi!
Ota menga jinni emasmikan, deb angrayib qarab turdi. So‘ng:
— Hamma joyda uch kilosi mingdan sotishyapti-yu!
— Qayda?
— Shu bozorda-da, yee!.
Bahodir «Yo‘g‘e, yo‘g‘e?» qo‘shig‘ini, men “U kim ekan, u kim ekan?”ni birin-ketin aytib, bozor oraladik. Qaydan so‘ramaylik uch yuz ellik, nari borsa to‘rt yuz so‘m!
— «Sen... Sen... Sen!» – qo‘shiqning davomi Bahodirning tiliga kelmadi.
— «Avvalgilarga o‘xshamas», — so‘zimni qo‘shiq bilan boshlab, — bir hafta burun kirib so‘raganimda bir yarim ming edi-da! — deya o‘zimni oqlagan bo‘ldim.
— Uch yuz so‘mdan sotsak, naqd to‘rt million zarar ko‘rarkanmiz. Mashinaga ketgan solyarkani bunga qo‘shganim yo‘q.
Yarim narxiga bo‘lsayam sotamiz-da, nimayam qilardik.
Oshna-og‘aynilar bor bo‘lsin: yelib-yugurishlarimiz, iltijolarimizni inobatga olishib, biri besh kilo, ikkinchisi o‘n, uchinchisi to‘rt kilo qilib olib ketishdi. Kechga borib, Bahodirjon qo‘liga qog‘oz-qalam olib hisoblab ko‘rgandi, oltmish kilochasini sotib bo‘libmiz! Atigi o‘n to‘qqiz tonna, to‘qqiz yuzu qirq kilo sotilmagan sabzi qolibdi!
— Oltmish kilosi o‘n sakkiz ming bo‘ladi, — oshnam “KamAZ” minmasdan oldin maktabda dars berardi, shu paytda matematika asqotdi. – O‘n besh ming so‘mga tushlik qildik. Bir kunda yigirma yetti ming so‘m zarar qilibmiz.
— Kallang ketdimi seni? – deb yubordim. To‘g‘rida, ham sabzi sotsang-u, ham zarar qilsang...
— Sabzini besh yuzdan olgandik, uch yuzdan sotdikmi? – Bahodir bo‘sh kelmadi. – Har kuni oltmish kilodan sotib tursak, Xudo umr bersa, bir yuzu sakson sakkiz kunda yigirma tonnani sotib bo‘larkanmiz.
— A? Bir yuz sakson sakkiz kunda?..
— Ha! Va to‘rt million sakkiz yuzu yigirma ikki ming so‘mlik zarar ko‘rarkanmiz! Bunga yegan-ichganimiz kirmaydi.
— Nima? – Bahodirdan daftarni yulib oldim: raqamlar meni masxaralaganday raqs tusha boshladi.
— «Nima bo‘lsa bo‘lar ertaga», — oshnam boshlagan qo‘shiqqa jo‘r bo‘lib, uning ortidan ergashdim.
Lekin ertasiga ham, indiniga ham, oradan bir hafta o‘tsa ham «Tiyonshon tog‘i»ning cho‘g‘i pasaymadi: sabziyam ja yaxshi narsa bo‘larkan, hafta o‘tmay ustidan bug‘, tagidan suv chiqa boshladi!
— «Endi nima qilamiz?» — qo‘shig‘ini boshladi Bahodir.
— Egasiz narsani odamlar bir kunda talamon qilib yuboradi, — dedim. — «Yur, muhabbat, ketdik bu joydan».
Ikki kun o‘tib Bahodir xonamga xirgoyi qilgancha, kirib keldi: “Qayda bo‘lsang ham seni, bir kun izlab toparman, o‘shal kun kelur...”
— “Na bo‘ldi nigoron?..”
— “Do‘st bo‘lsang yonimda tur”, — deb Bahodir bir varaq qog‘oz uzatdi.
“Ko‘zlarimga ishonmay” qayta-qayta o‘qidim: “Bugunoq sabzilaringni olib chiqib ketmasalaring, bozorni iflos qilganlaring, joyni behuda band etganlaring uchun eng kam ish haqining to‘qson to‘qqiz barobari miqdorida jarimaga tortilasiz”.
 «Yig‘ladim, yig‘ladim...»
— Shuncha sabzini axlatga tashlab yuborish — uvol. Oshxonalarga beray desang, bunchani kim oladi? “Endi nima qilamiz?”. “Ayt, nima qilay?”.
Sabzilarni zovur yoqasiga to‘kib, «To‘ylar muborak»ni aytib, ortga qaytdik.
Uch kun o‘tib, suddan qog‘oz keldi: “Atrof-muhitni iflos qilganingiz, aholi sog‘ligi uchun zaharli moddalar tarqatganingiz uchun, tuman ekologiya bo‘limi bergan arizaga ko‘ra, sud oldida javob berishingizni so‘raymiz”.
«Mana senga olam-olam gul, etagingga siqqanicha ol!»
Ikki og‘ayni suddan chiqqach, sabzi xirmoni tepasida paydo bo‘ldik. Kran olib kelib, zovur yonidan katta chuqur qazdirdik. Sabzilarni o‘raga surdirib, ustidan tuproq torttirdik.
— «Odam bo‘lib keldik, odam bo‘laylik». Shu bilan qutulib ketsak ham katta gap, — deyapti Bahodir.
Biroq, eng so‘nggi ma’lumotlarga qaraganda, o‘ra atrofidagi yigirmata tut, terak, o‘rik daraxti qurish arafasida emish. Bu haqda aholidan shikoyat kelsa, qolganini o‘shanda hikoya qilib berarmiz.
— Toshkentda pomidor ming, Uchko‘prikda ikki ming so‘m deyishyapti... “O‘zim har joydaman, ko‘nglim sendadir”.
Yetkazilgan zarar qoplangandan keyin olasizlar, deb “KamAZ”ini sudning hovlisiga «tortib» qo‘yishgan, shungami, Bahodir so‘zlarimga parvo qilmayroq turibdi.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2013 yil 2-sonidan olindi.

2004-2019 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.