OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Said Anvar. Malomat (hajviya)

«Go‘rda yotibmanmikin?»
Ko‘zini ochib, Soli piyonning kallasiga kelgan birinchi savol shu bo‘ldi. Atrof zim-ziyo — yilt etgan chiroq yo‘q. Nafas olib bo‘lmaydi, demak, tirqish ham yo‘q. Ammo go‘rda muzlashi kerak edi, isib ketyapti-yu! Ostida ham quruq tuproq emas, to‘shak! Ustida esa... Siypalab ko‘rib, uniyam ko‘rpaligiga ishonch hosil qildi. Ko‘rpa bo‘lgandayam zilday og‘ir ko‘rpa! Yo katta hurmat-e’tibor ko‘rsatishib, ko‘rpa-to‘shak bilan ko‘mishdimikan? Balki xotini yana biror yoqqa sang‘ib ketib qolmasin deb, ko‘rpaga o‘rab, ustiga traktorni bostirib qo‘ydimikan?
Bosh og‘rig‘ining ma’lumotlariga qaraganda kecha to‘yda bo‘lgani aniq. Ha, Nosir bo‘qoq o‘g‘lini uylantir-gandi. Nahorgi oshdayoq tomoq qichig‘ini qondirishni boshladi. Xotin oshi, bazmlar ham quruq o‘tmadi. Keyin, bu orada og‘ilga kirib, yumshoqqina somon ustida «reklamnaya pauza» ham qilib chiqdi. Kelin kelib, to‘y yarim bo‘lganda yana davrada paydo bo‘ldi. Hamma o‘zi bilan o‘zi ovora bo‘lib qolgan... Yiqilgan shishadan, ag‘nagan mast ko‘p! Yosh-da, bolasi tushmagurlar, xomlik qilishgan. 
«Shisha tomdi»ni tugallab, «stakan siqti»ni endi boshlagandi, chiroq qurg‘ur o‘chib turibdi-da! It egasini, mushuk xolasini tanimaydigan to‘palon boshlandi. Eng alam qiladigani, endi kelin-kuyov stoliga navbat kelgandi! Ke-linning oldidagi qadahni olib, kuyovnikiga ag‘darayotgandi, yo ustidan stol bosib tushdi, yo u stolning ustidan bosib tushdi. Emakladi, turtindi, surindi, keyin... Aniq eslolmaydi. Yodida qolgani, qulog‘i ostida ikkita kampirning shang‘illagani:
— Yaxshi bo‘ldi, yoshlar tezroq biri-birining quchog‘iga kiradi.
— Suyulmasdan ko‘rpalarni tez-tez soling, hali zamon kelin-kuyov kelib qoladi!
Kimdir ustiga ko‘rpa tashladi. Keyin yana, yana, yana... Sovqotib qolmasin deyishdimi, yetti qavat tashlashdi-yov o‘ziyam! «Qanday mehribon odamlar bor-a dunyoda!» deb yotib pinakka ketib qolibdi. Uyg‘onsa bu ahvol!
«Nahotki!..» Soli piyon kallasiga kelgan fikrdan seskanib ketdi.
Tepada ... Ha, yetti qavat ko‘rpaning ustida... Kuyovbola xira sham yorug‘ida yolg‘on va’dalar bilan kelinning boshini, pastda esa, «O‘lib qolmay, chiqishga urinib ko‘rsammikan?» degan fikrlar Soli piyonning boshini aylantira boshladi. 
— Qimirlayapti! — dedi tepada kuyovbola bir seskanib.
— Hazillashmang! — kelin nozlanib kuyovni quchdi.
— Ye...e...er qimirlayapti!!! — kuyov sakrab o‘rnidan turib eshik tomon otildi.
 Kelinning qo‘lida esdalik bo‘lib uning kichik shimi qoldi.
Soli piyon «do‘zax»dan chiqib kelganda... Tepadagi «jannat»da... Kelin bola shimchani g‘ijimlagancha, yarim yalang‘och holda, shamning shunday ostida, og‘zini ochgancha qotib o‘tirardi. Birovning hasmi deb tuzukroq qaramadi ham!
Aylanma ko‘chaga yetganda, bir yalang‘och yigit o‘qday uchib, yonidan o‘tdi.
— Qimirlayapti! Qimirlayapti! — deb hayqirganicha ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi.
Bor gap shu. Elektrosetdagi «bo‘m-bo‘m»lar, «To‘ydan to‘yona kelmadi», deyishib chiroqni o‘chirib qo‘yishgan, kamiga befarosat kampirlar uning ustiga chimildiq barpo qilishgan bo‘lsa, unda nima ayb!?
O‘zi aytarli katta falokat bo‘lgani yo‘q: kelin duduq, kuyov «darang!» degan ovoz eshitsa xushidan ketib qola-digan bo‘lib qoldi, xolos! Yuragi yorilib o‘lib qolgani yo‘q-ku! Shugina narsaga, «Hammasiga sen kasofat aybdorsan!» deyishib Soli piyonga malomat qilishgani ortiqcha!

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.