OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Said Anvar. O'g'rilaru to'g'rilar (hajviya)

Choyxonada tarqalgan xabardan hamma hangu-mang bo‘lib qoldi: «Qo‘shni qishloqqa viloyatdan vakillar kelibdi. Uyma-uy yurib elektrdan foydalanishning ahvolini tekshirishibdi». Albatta:
— Ie! Shu kam edi! Obbo! — dedi ko‘pchilik.
 Biri-biridan qiziq xabarlar aytilgan sayin, xitoblar ham rang-baranglashib bordi.
— Tekshiruvchilar kirsa, Egamnazar «un»ning tegirmoni gurillarmishu, ammo elektr hisoblagichi pinak buzmay turganmish. Obdon kovlashtirishsa, Egamnazar tegirmoniga hisoblagichni aylanib o‘tadigan sim ulab olgan ekan.
— Voy, muttaham-ey! O‘n kilo bug‘doydan bir kilo un olib qolishni biladi-yu, davlat bilan to‘g‘ri hisob-kitob qilishni bilmas ekan-da!
— Usta Niyozmatning arra-yu randalari tunu kun elektr bilan tirik. Ammo vakillar hisoblab ko‘rishsa, elektrdan Niyozmat emas, davlat qarzdor bo‘lib chiqibdi. Niyozmat tushmagur har kuni hisoblagichini ortga qaytarib qo‘yishni kanda qilmas, kecha nafsi hakalak otib, ikki kunligini ortga qaytarib qo‘ygan ekan!
— Usta emas, ustamon bo‘lib ketgan ekan-da! Voy, o‘g‘ri-ey! Eshik-deraza yasab foydasini ko‘rganingdan keyin, elektrning pulini to‘lab qo‘ymaysanmi, xumpar!
— Vakillar Sobir domlanikida hayratdan yoqa ushlashibdi: hamma elektr asboblari xizmatda emish! Uyidagi jamiki chiroqlar, hatto dazmollar, yoz bo‘lsa-da, elektr pechkalargacha yoqib qo‘yilganmish. Kir mashina-yu sovitgichlar ishlab turganmish. Ammo ularda yuvish uchun kir yoki sovutish uchun masalliq yo‘q emish! Chelaklarda, choynaklardan suvlar qaynab yotganmish. Lekin domlaning o‘g‘li choy damlash o‘rniga, ularni to‘kib tashlab, qayta sovuq suv quyib, yana qaynatayotganmish. Elektr hisoblagich esa, vizillab ishlayotganmish... Faqat teskarisiga!
— Oliy ma’lumotli, tushungan odamning qilgan ishini qaranglar-a! Bekorga domlaning aytganini qil, qilganini qilma, deyishmaydi-da. Qip-qizil zararkunanda ekan-ku!
— Hammasini jarimaga tortishibdi. Ba’zilarining ishini sudga oshiramiz deyishibdi. Tuman elektr idorasida ishlaydigan bitta-ikkita chaqqon o‘rtaga tushib, murosai-madoraga keltirmoqchi bo‘libdi. Vakillar, «Bunaqa buzg‘unchiliklarning o‘rgatuvchisi, rahbari, rahnomosi — sensanlar! Senlarga atalgan jazolarimiz ham bor!» deb ularni oldilariga solib quvlashibdi.
Odamlar tarqala boshlashdi. Ayniqsa, «Muttaham! O‘g‘ri! Zararkunanda!» deb eng yuqori pardalarda xitob qilganlar, birinchilar qatorida uylari tomon yurishdi.
Hajviyaga shu yerda nuqta qo‘ygandim, ammo asosiy hangoma keyin bo‘libdi. Rasul aka uni zavq-shavqqa to‘lib hikoya qilib berdi.
— Menam, sen aytgan xitobchilar safida bo‘lmasam-da, shum xabarni eshitgach, uyga qarab yo‘l oldim. To‘g‘-ri, o‘g‘rincha sim o‘tkazmaganman, hisoblagichni teskari aylantiradigan odatim ham yo‘q. Elektr pulini vaqtida to‘layman deyman, ammo uch oydan buyon ishlab qo‘ygan oyligimni ololmayman. Hisoblagich bo‘lsa, bundan bexabar aylanib yotibdi. Buni tekshiruvchilarga tushuntirib bo‘lmasa. Nima qilish kerak? «Qarzingiz bor ekan, pulini to‘lab qo‘ying!» deb kelgan inspektorning cho‘ntagiga bir-ikki so‘m tiqib moslama qo‘ydirib oldim. Uni qo‘ysangiz hisoblagich ishlashdan to‘xtaydi, lekin chiroq yoniq turaveradi.
Uyga kelsam, hovlida sokinlik: bolalar maktabda, itim so‘ri ostida pashsha qo‘rish, xotin esa uning ustida xamir qorish bilan band.
Shitob bilan borib, elektr hisoblagichga yopishganimni ko‘rib:
— Ha, tinchlikmi? — deb so‘radi xotinboy.
Moslamani olib, cho‘ntakka yashirdim-da, uning tepasida paydo bo‘ldim.
— Xamiringni ichkarida qori! — dedim har so‘zimni ta’kidlab. Xotin xamir yuqi qo‘lining orqasi bilan iyagini qashlab, savol nazari bilan qaragandi, davom etdim. — Viloyatdan kelib elektrni tekshirib yurishganmish. Tanish-bi-lish, oshna-og‘ayni degan narsalarga qarashmayapti ekan. Qarzimiz ko‘p, chiroqni uzishadi. Shunga, Odam atosi chaqirib kelsa ham, ovoz berma! Hech kim yo‘q ekan, deb uyga kirishmaydi.
Xotinboyning «bo‘pti»sidan ko‘nglim to‘lib, ko‘cha tomon yurdim. Darvozadan shunday o‘tganimni bilaman, qo‘shnining uyidan chiqayotgan ikki begona yigitga ko‘zim tushdi. Nima qilish kerak? Shart ortimga o‘girildim: o‘z darvozamga yuzma-yuz bo‘ldim. Ortimdan kelayotgan yigitlarning qadam tovushini bir-ikki sanagan bo‘ldim-da, ovozni baralla qo‘yib, uyimni chaqira ketdim:
— Rasuljon aka! Ho-ov, Rasuljon aka!
Yigitlarning ortimda turganini sezib, tovushimni ko‘tardim:
— Rasuljon aka-a-a! Ho-o-ov, Rasuljon aka-a-a!
— Ovoz berishmayaptimi? — papka qo‘ltiqlagan yigit yonimga keldi.
— Uyida hech kim yo‘q shekilli, — javob qildim pinak buzmay.
— Sal ichkariroqqa kirib chaqiraylik, — ikkinchi yigit darvozadan o‘tmoqchi bo‘ldi.
— Hay, hay, hay! Iti bor! — dedim uning bilagidan tutib.
Shu paytda so‘rining tagida cho‘zilib yotgan Bo‘ribosarimning eshikdan chiqishini, yo bir boragina «Vov!» deb qo‘yishini shunday istadim, shunday istadim, qo‘yaverasiz! Otini aytib chaqiray desam, sharmanda bo‘laman. Nima qilish kerak? Kallamdan aylanay, darrov ma’nili bir yo‘l-yo‘riq ishlab chiqardi. Yigitni ortimga surib, avvaliga:
— Iti eshakday keladi, kirsangiz yeydi! — dedim. So‘ng darvozaga qarab, — Oti Bo‘ribosa-a-a-ar! — deb baqirdim.
Yigitlar xiylamni sezdimikan, degandim, yo‘q. Eshikdan otilib chiqqan Bo‘ribosarjonimdan qochishni boshlab yuborishdi. Ularning orqasidan menam chopdim, ortimizdan Bo‘ribosarjon! Xo‘jayinning o‘ynashgisi keldi deb o‘yladimi, irg‘ishlab-irg‘ishlab chopadi, jonivor! O‘zim ham bir chopish qildim, yigitlar ortimda qoldi. Shunday o‘girilsam, ikkovining tili osilib qolibdi, ammo chopishdan zarracha to‘xtashgani yo‘q. Papkalari qo‘ltiqlaridan tushib, qog‘ozlari sochilib ketdiyam, parvo qilmay yugurishda davom etishdi. Lekin choyxona oldiga kelganda Bo‘ribosar yigitlarni ham, meni ham quvib oldinga o‘tib ketdi! Yigitlar yelkalaridan nafas olishib, og‘iz va ko‘zlarini bor bo‘yicha ochgancha joylarida qotib qoldi. Bo‘ribosarginam esa, poygada g‘olib chiqqan soqovday, dumini likillatgancha, chorrahani gir aylanib, chopishni boshladi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.