OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Said Anvar. Qiziqlar va velosiped (hajviya)

Sarlavha didingizga uncha o‘tirishmadi-a? Ammo menga bu ikki so‘z negadir egizakday ko‘rinadi. Bu, hoynahoy, velosipedini o‘g‘irlatmagan qiziqchi bo‘lmaganini surishtirib bilganim va bul haqda qiziqchi bo‘lish uchun velosiped o‘g‘irlatish kerak yo velosiped o‘g‘irlatgan odam qiziqchi bo‘ladi, deya olamshumul xulosa chiqarganim sabab bo‘lsa kerak.

Oxunjon qiziq yangi velosiped olibdi. Buni ko‘rib og‘aynilari, “Yuvaylik, yuvaylik!” deyishib, qiziqni oshxonaga sudrashibdi. Xo‘p, “yuvib” qaytib chiqishsa, qiziqning yap-yangi velosipedi o‘rnida g‘ildiraklari qiyshayib ketgan, egari, qanotlari yo‘q bir balo narsa turganmish­da! Hatto uni minib ham bo‘lmasmish. Oxunjon qiziq uni yetaklab yo‘lga tushibdi. Dam o‘tmay:
— Yuvaylik, yuvaylik! — degan xitoblar eshitibdi.
Qiziq qo‘li ko‘ksida, boshini tasdiq ishorasi qilib qimirlatgancha javob qilibdi:
— Yuvdik, yuvdik. Savobtalablar bo‘lsa, yuraversin, ko‘mgani ketyapman, ko‘mgani!

* * *

Tesha qiziqning ham velosipedini o‘g‘rilar urib ketibdi-da! Melisaxonaga qatnashni boshlabdi, velosipedimni topib beringlar deb. Vey, sizlarga yolg‘on, menga rost, rosa ellik marta melisaxonaga boribdi, natija yo‘q.
Bir kuni odamlar qarashsa, Tesha qiziq yo‘l bo‘yidagi qabristonda o‘tirganmish.
— Ha, Teshavoy aka, qabristonda nima qilib o‘tiribsiz? — so‘rashibdi yo‘lovchilar.
— O‘g‘rini ushlashlarini ko‘rmoqchiman, — javob beribdi qiziq.
— Ie, o‘g‘rini qabristonda ushlashadimi? — odamlar hayron bo‘lishibdi.
— Bu melisalaring, o‘g‘ri o‘lib shu yerga kelganda ushlashmasa, boshqa paytda ushlasholmaydi! — dermish qiziq.

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.