OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Said Anvar. "Qulluq bo'sin!" (hajviya)

— Olim yolg‘on topolmay qolsa, har zamonda rostam gapirib turadi!
Bu gap meni o‘ylantirib qo‘ydi: haqiqatan ham Olimjon aka shunaqamikan? 
«Odam qanchalik ko‘p yolg‘on gapirsa, uni yolg‘onga ishontirish shunchalik oson bo‘ladi», degan «dono» fikr ham xayolimdan o‘tdi. Bu fikrlarning qanchaligi rost, qanchaligi yolg‘onligini aniqlash uchun xat yozdim:
 «Hurmatli Olimjon Usmonovich! 
Xalqaro Ojizlar jamiyati Sizning xalq oldidagi katta xizmatlaringizni inobatga olib, «Neksiya» avtomashinasi bilan mukofotlashga qaror qildi. Buning uchun siz:
1. Haqiqatan ham yaxshi ko‘rmasligingizni tasdiqlovchi shifokor xulosasini
2. To‘rt tomondan olingan 3X4 xajmidagi olti dona suratingizni, 
3. Ojizligingiz haqida mahalla oqsoqolining bildirgisini zudlik bilan bizga yo‘llashingizni so‘raymiz. 
 Yuqoridagi hujjatlarni qancha tez jo‘natsangiz, «Neksiya»ning uyingizga yetib borishi shuncha jadallashadi.
Hurmat bilan, Xalqaro Ojizlar jamiyatining raisi, Si Ku Xva».
Xat ketdi. Natijasini bir oydan keyin, qishloqqa borib, Olimjon akaning o‘zidan eshitdim:
«Xat kelib xotinni qo‘liga tushipti: ikki qatorini o‘qiboq, shaytonlab qopti! Men o‘g‘illarni yonimga olib, cho‘lga, sholi o‘toqqa ketganman, nima qilishini bilmay, Karimjonning uyiga chopipti: 
— Akangizga Xudo berib qoldi, cho‘lga borib xabar bering, yana kech qop o‘tirmaylik! Duxtirdan o‘tishi, mahalladan qog‘oz olishi kerak ekan… Ha-a, rasmam deyishipti, qaytishta Yangqo‘rg‘ondan tushirib kelarsiz…
O‘n gektarli yerning yettinchi gektarida bilimgacha loyga botib sholi o‘toq qilib yurippan, birov chaqiradi-da! Qarasam, Karim! Qog‘ozni silkitib baqiradi, hech narsa eshitmayman. 
Ko‘nglim bir narsani sezib, sholipoyadan chiqib keldim. Endi meni tanip bo‘maydi: egnimda otamning eski ko‘ylak-ishtoni — bir tomoni yirtilip ketgan, bir yog‘i so‘kilip… Ishton xuddi kir bo‘p qoladiganday, tizzagacha shimaribam oganman. Shunchalik loyqaga botganmanki, loyga tushgan choynakti qopqog‘iday bo‘p, ko‘zim ko‘rinadi xolos!
Karimjon bularga parvo qilmay, meni shartta quchoqlab oldi:
— Qulluq bo‘lsin, domla, qulluq bo‘lsin! Mashinalar muborak bo‘lsin!
Oldiniga xotinning pensiyasiga latariya qo‘ship bergandi, o‘shanga mashina chiqiptimikan, deb uncha suyunmadim: xotin o‘lgunimcha boshimda yong‘oq chaqardi-da, men olib berganman dep!
Karimjon xatni o‘qib berovdi, tugappan-da! «Opchiqovir!» deppan. 
Yonimizda «Navro‘z»ning tijorati bor. Tijoratchi bilan bir-ikki matta sholining hisobidan ulfatchilik qlip, og‘ayni bo‘p qoganmiz. Karimjon o‘tip, xatni ko‘rsatgan ekan, yarim qop vino berip yuboripti, baraka topkir! Atrofimizdagi sholikorlar yopirilib kelishdi, tijoratchi ham bekor turmay, «Zovurning naryog‘iga o‘taver, Olimga Xudo berib qoldi!» deb suyunchilab turganmi, yo‘ldan o‘tgan odam borki bari keldi! Tortovrippiz, tortovrippiz… Bir vaqti qarasam, mashinada ketyappan. Ust-boshim haligi ahvol! 
— To‘xta! Bu turishda bormay, yuvinib olay, — dedim.
— E, o‘zlari yuvishadi, — dedi Karim.
— Ko‘mishdan oldin-a? — dedim.
— Yo‘q. Dong‘ingiz mag‘ribdan mashriqqacha ketgan. Mashinani yuvamiz deb keladiganlar ko‘p, oldin meni yuvasizlar deysiz-da!
Qishloqqa kirip borsak, xi-i-iv, xotin ham bekor o‘tirmay ko‘ringan odam borki suyunchilagan shekilli, eshigimning tagi to‘yxonaga aylanip ketipti: supirib-sidirilgan, suvlar sepilgan, stullarni ham terip qo‘yishipti.
Bir pasta «keldi-keldi» bo‘p ketti! Oldin meni ikkitasi qo‘limdan, ikkitasi oyog‘imdan ko‘tarip ariqqa otti. Xo‘-o‘p yuvishdi! Xotin bo‘lg‘usi kuyoviga atap sarpolar obqo‘ygan ekan, uni kiydirishti. Bir payt:
— Potiha qivoring, potiha qivoring! — dep qolishti.
— Nimaga? — dep qarasam, qassop pichog‘ini qayrap, qo‘chqorning oyog‘ini bog‘lap o‘tirgan ekan.
Bu yog‘i ke-e-etti!
Ertalab tursam, qo‘chqorning harom ichak-chovog‘ini kuchugim tortqilap yuripti: bitta qo‘ydan shu qopti xolos — kalla-pochchasigacha pishirip yep yuborishipti, azamatlar!
— Hamma og‘aynilaringiz keldi-yu, — xotin bo‘shagan shishalar qoplar ekan gap qildi, — Muxtor o‘rtog‘ingiz kemadi. Nima oralaringdan biror gap o‘tkanmidi?
Ha-ya, nimadir yetishmaganday bo‘p turgandi kechqurun, endi esimga tushti: Muxtor kemagan ekan. «Nimaga kemadi ekan?» dep o‘ylay ketdim. Urishganimiz yo‘q, aytishganimiz yo‘q… Eshitmay qoldimikan desam, qishlaqti yarmi uyimga ko‘chip keldi-yu! «Bir gap bor!» deb do‘kondan yarimtani olib, qo‘yinga solib, Muxtornikiga otlandim.
— Ko‘cha chiqyaps ekan, mahalla oqsoqolidan spravka opkeng, rasmga ham tuship qo‘ying! — xotin ortimdan tayinlap qoldi.
Opam — Oftobxon olti oydan buyon kasal, bir joyda bo‘p qogan. Eshigidan o‘tayotip, «Kirib qo‘yay, qulluq bo‘singa chiqolmay ko‘ngli o‘ksip yotgandir», dep unikiga burildim.
— Qulliq bo‘lsin, Olimjon! — u yuzimdan o‘pib, ko‘z-yoshi qildi. — Seni qadringga yetadigan ham chiqipti-da… Ha, essikkina, otamiz, onamiz ko‘rmadi bu kunlaringni, qanchalar suyunishardi, suyunishardi…
Meniyam ko‘nglim to‘lip ketti. Unga qo‘shilmoqchi edim, opam burnini chuqur tortip, ko‘z-yoshini artip:
— Endi, Olimjon, meni gapimga kirsang, shu «Neksiya» deganlarini omagin! — dedi qat’iy.
Angrayip unga qaradim.
— Ekta o‘g‘ling bor, — opam davom etti, — «Neksiya» o‘g‘illaringdi o‘rtasida talash bo‘ladi. Undan ko‘ra pulini ogin-da, ekoviga bittadan «Jiguli» olib ber!
Kasalning ko‘ngli o‘ksimasin deb, «Xo‘p», dep u bilan xayrlashdim.
Muxtor meni juda sovuq qarshi oldi. Quchoq ochib tabriklash qayoqta, tilini uchida zo‘rg‘a, «Ke!» dep qo‘ydi.
— Oliymot bo‘lmay ketkir, madaniyatni qachon o‘rganasan!? Bitta yarimtani oborib, — qo‘ynimdagi aroqni xontaxta ustiga «to‘q» etkazip qo‘ydim, — «Qulluq bo‘lsin, o‘rtoq!» dep qo‘ysang, asakang ketadimi!
— Nimani qulluq bo‘sin deyman? — Muxtor pinagini buzmadi.
Haqqatanam achchig‘im chiqip ketti. Uchko‘prikdan Mansur, Chaqaqishloqdan Sodiq kep tabriklap ketti -yu, bu iyagimning tagida turip qutlamasa! Cho‘ntagimdan xatni olip, yuziga urdim:
— Mana buni o‘qi, mana buni!
O‘qidi. Sal kulimsiradi. Ammo «Qulluq bo‘lsin!» deyish qayoqda.
— Xatning adresini ham o‘qidingmi? — dep so‘radi.
— Yo‘q.
— Xalqaro ojizlar jamiyatidan kelgan xat, «Mushtum»ning konvertida keladimi, ko‘rip turippan bo‘lmay ketkir!
 Konvertga qarab… Oldin mushtumchi ukamning kulip turgan yuzi ko‘z oldimdan o‘tti. Keyin yarim qop vino, valishga osilgan qo‘chqor, yashik-yashik aroqlar bir-bir aylanip o‘taverdi, o‘taverdi! O‘ngga qarabam o‘taverdi, chapga qarabam o‘taverdi…
Ja-a, maza qilip o‘tirip, zahar ichganda-a-ay aroqni ichdik. Keyin… Katta ko‘chadan ketsam, birortasi «Qulluq bo‘lsin!» deb qosa, qo‘log‘ining tagiga qo‘yip yubormay dep, chorvoq bilan uyga kelib oldim…»

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.