OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Said Anvar. Sho'rtik (hajviya)

Har qanday yangilikning kirib kelishi oson emas-da. U kattami-kichik qurbonlik talab etadi. Mana, masalan, oddiygina sho‘rtik — kalta shimning qishlog‘imizga kirib kelishi uchun Abdurahmon aka butun boshli bitta shimini qurbon qildi.
Xullas, Abdurahmon akaga shimning beli to‘g‘ri keldiyu, ammo bo‘yi to‘rt enlik uzunlik qildi. Xotiniga bu haqda arz-hol qildi.
 Xotinning ham endi shimdan boshqa tashvishi yo‘qmi? Ikki kunda bir kimdir ko‘payishadi yoki kelin tushirib, qiz chiqaradi. Aka ham xotini qatlamani o‘rab, dasturxonni boshiga qo‘yganda aytdi-da, arzini.
— Qo‘yib ketavering, hali kelib qirqib, buklab qo‘yarman. Bo‘lmasa, hozir qizingiz maktabdan keladi, o‘sha to‘g‘rilab berar, — deb ko‘chaga yurdi.
— Shuni to‘rt enlik qirqib, buklab bergin, jon qizim, — Abdurahmon aka maktabdan kelgan qiziga iltimos qildi.
— Voy, dadajon, paxtaga chiqishimiz kerak, dugonalarim ko‘chada kutib turishibdi, — dedi qizlari shimga qiyo ham boqmay. — Kelinoyim uydalar-ku, bering, qirqib, bukib berishadi.
Akamiz yurakdan chiqarib «uff!» deya, etak ko‘tarib ko‘chaga yurgan qizining orqasidan qarab qoldi. Shu asnoda qo‘shni uydan kelinlari chiqib keldi.
— Ha, dadajon, tinchlikmi? — deb so‘radi u.
— Shu shimni to‘rt enlik qirqib, buklab bersangiz, — dedi Abdurahmon aka ko‘ngli sal yorishib.
— Bo‘pti, menga bering! — deb kelin shimga qo‘lini cho‘zdi.
Ammo shu payt chaqaloqning yig‘lagan ovozi eshitildi. Kelin chopganicha uyiga kirib ketdi. Shim akaning qo‘lida qoldi. U shimni zarda bilan so‘riga otgancha, to‘yga ravona bo‘ldi.
Abdurahmon aka jo‘nab ketgach, kelinlari shimni to‘rt enli qirqib, ikki enli buklab, joyiga qo‘yibdi.
Ikki soat o‘tib xotinlari yo‘qlandidan kelib, dadasi shimimni to‘g‘rilab bergin, degandi deya to‘rt enli kesib, ikki enli buklab, mahoratlarini ko‘rsatishibdi.
Kamiga paxtadan qaytgan qizlari ham...
Ertasiga Abdurahmon aka qishlog‘imiz erkaklari ichida birinchi bo‘lib sho‘rtik — kalta shimda ko‘chada paydo bo‘ldi.

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.