OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Said Anvar. So'lim (hajviya)

Xotinlar frontida nimalar bo‘lyapti, birodarlar? Bularni tartibga chaqiradigan, hech bo‘lmasa ikki og‘iz pandu nasihat bilan o‘ziga keltirib qo‘yadigan jamiyat bormi, yo‘qmi?
Mana, Nosirxon so‘lim do‘stimiz ishdan keldi. Yiqilmay, bir joyi qashqa bo‘lmay, yana o‘z oyog‘i bilan! Xotin bo‘lsa:
— Sizam uyim-joyim deysizmi, yo‘qmi? — degan debocha bilan so‘z boshlab, xalqaro maydonlarda ro‘y berayotgan voqealar, amalga oshirilayotgan islohotlar haqida keng to‘xtalib, uyda unning tamom bo‘lganligini gap orasida qistirib o‘tdi. Qishloq chekkasida Munavvarjon aka yaxshi un sotayotganini ta’kidladi.
Do‘stimiz uning ma’ruzasini tishini cho‘p bilan kovlagancha g‘iring demay eshitdi. Hatto yaqin Sharqda kechayotgan voqealar haqida noto‘g‘ri pozitsiyada turib gapirganda ham, janglar mavzusi jangga ulanib ketmasin deb sukut saqladi. So‘ng so‘zsiz velosipedini olib, ruliga qopni tashlab, eshik tomon yurdi.
Nosirxon serulfat, ja mulozamatli yigit-da! Choyxona oldidan salom bermay o‘tib ketolmadi. O‘zlari bilan o‘zlari bo‘lib qolgan ulfatlari alik olishmagandi, yana qaytib o‘tib salom berdi. Ulfatlari ham odam — unga e’tibor qaratishdi.
— Olib kelasan-da o‘sha unni, Munavvar o‘lib qolgani yo‘q. Oldin manovini ol! — deya muruvvat ham qilishdi.
Bu yog‘iga o‘z-o‘zidan gap qovushib ketdi. Velosipedda yurmay, Kamoliddinning mashinasida borib, Munavvar akanikidan un olib keladigan bo‘lishdi. Shunday mehribonchilik bo‘lgach, pulning yuziga qarash insof-danmi? Olishdi, ichishdi, velosipedni mashinaga yuklab, yo‘lga tushishdi.
Shu joyda jinday anglashilmovchilik bo‘ldi: Kamoliddin Munavvar akanikiga deb mashinasini Nosirxonnikiga haydadi. Natijada, andakkina pinakka ketib qolgan Nosirxon o‘z uyini Munavvar akaniki deb o‘yladi. Haydovchi:
— Nosirxon, keldik! — degandi, seskanib uyg‘ondi.
— Hozir, — deb mashinadan tushdi va o‘z uyining darvozasini ochib, chaqira ketdi: — Munavvar aka, hov, Munavvar aka!
Xotini chiqib keldi.
 — Ha, keldingizmi, dadasi? — dedi ko‘zlarini bor bo‘yicha, og‘zini ham shu qatori ochib.
Do‘stimiz xotinini ham, uning gapini ham yaxshi anglamay, davom etdi:
— Munavvar akam bormi? Un kerak edi?
— E, qanaqa Munavvar aka? Bu yerda nima qiladi u? — xotinning negadir jahli chiqdi.
— Ha, bo‘lmasa boshqa kuni kelarman, — deya do‘stimiz ortiga burildi.
— Uyga kiring-e! — xotin o‘dag‘ayladi.
— Yo‘q, men erkagi yo‘q uyga kirmayman! — deb Nosirxon ortiga qaytdi.
Shu! Arzimagan voqea, to‘g‘rimi? Endi buni xotinlari bir doston qilishibdi, bir doston qilishibdi — quloching yetmaydi. Shumi insof, shumi erga bo‘lgan hurmat!

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.