OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Saida Zunnunova. O‘kinch (hikoya)

Darvoza qiya ochiq edi. Ravondagi elektr nuri hovli sahnini g‘ira-shira yoritib turar, uylar qop-qorong‘i. Malik ichkariga kirishga shoshmadi. Osmonda miltilla-gan yulduzlarga tikilgancha og‘zidagi papirosni chuqur tortdi. Atrof jimjit. Hazonlarning shabadadan shitirlashi-yu chala berkitilgan vodoprovod jo‘mragidan oqayotgan suvning jildirashidan boshqa hech narsa eshitilmasdi. Hovli to‘ridagi kichkina uy derazasidan ozgina joyga yorug‘ tushib turardi. Malik ko‘zlarini pirpiratgancha, dam-badam o‘sha tomonga qarab qo‘yar, qariganida yolg‘iz qolgan onasining mungli ko‘zlariga qarashdan dili qiynalar, uning oldida ko‘pincha jim o‘tirishdan boshqa chorasi yo‘q edi. Qo‘shni hovlida kimdir eshikni taraqlatib yopdi. Tepasidagi olma shoxida musicha bir patirlab tindi. Malik bargi siyraklashib qolgan shoxda qorayib turgan inga qarab qo‘yib, vodoprovod oldiga bordi. Jildirab turgan suvda qo‘llarini yuvib, jo‘mrakni mahkamlab qo‘ydi. Suv ovozi tinib, atrofga badtar jimlik cho‘kdi. Malik ikkita barmog‘ini cho‘ntagiga suqib, ro‘molchasini olayotganida, bolaning kulganiga o‘xshagan ovoz eshitildi. U sergaklanib onasining uyi tomon qaradi. Keyin shoshib borib derazadan mo‘raladi. Polga keng qilib to‘shalgan o‘rinda sakkiz yoshlar chamasidagi bola tomog‘igacha ko‘rpaga burkanib yotar, baland yostiqqa bir tirsagi bilan suyanib yonboshlab yotgan kampir allanarsalarni gapirar, bo‘sh qo‘li bilan bolaning qop-qora sochlarini dam-badam silab qo‘yar edi.
Malik eshikni ochdi. Bola qaradi-yu, sakrab o‘rnidan turdi. Chopib kelib Malikning bo‘yniga osildi.
- Dada!
Malik uni quchoqlagancha ko‘zlarini yumib bir nafas turib qoldi. Keyin o‘g‘lining yalang‘och bilaklarini silab, yuzlaridan o‘pdi.
— Shamollaysan. Ko‘rpaga kira qol.
Bola ko‘rpaga o‘ralgach, dadasiga iljayib qarab qo‘ydi. Ularni jimgina kuzatib turgan onaning dili shu damda tilka-pora bo‘lgan, lekin u gapirolmas, gapirsa, o‘g‘lining shundoq ham achishib turgan yarasiga tuz sepishini bilardi.
— Muncha kech qolding?
— Qo‘yishmadi. Telefon qilgan edim.
Malik kechki payt xotiniga telefon qilib, dissertatsiya yoqlagan bir o‘rtog‘inikiga borishini aytgan edi. Hozir bo‘lsa, xotinini so‘ramadi. Chunki o‘g‘li kelgan kuni u albatta ketib qolardi. Malik o‘ziga tikilib yotgan o‘g‘liga qarab kulib qo‘ydi.
— Qachon kelding?
— Hali. Ayam buvingni ko‘rib kel, deb yubordi. Malikning yuragi allanechuk bo‘lib ketdi. Ha, buvisi uchun yuborgan. Dadangni ko‘rib kel, demagandir. Malik devorga tirab qo‘yilgan xontaxta yonidagi kichkina past stulchaga o‘tirdi. Xontaxta ustida novvot, mayiz bilan yangi yopilgan nonning shirin hidi dasturxonga o‘rog‘liq bo‘lsa ham gurkirab turardi. Ona buni darrov payqadi.
— Yegin. Yepgan nonni yaxshi ko‘rarding.
Malik sekingina xo‘rsinib qo‘ydi. Qaysi yuzi bilan u yopgan nonni yeydi.
— Buvi, undan keyin nima bo‘ldi?
— Bo‘ldi endi, uxla.
— Jon buvi, aytib bera qoling. Poshshoning xotini ketib qoldimi-a?
— Ha, poshshoning, menga tegmasang bu davlatlar qayoqda edi senga, degan gapi unga juda og‘ir botibdi. Bitta oyna bilan tarog‘ini cho‘ntagiga solibdi-yu, uyidan indamay chiqib ketibdi. Yo‘l yursa ham mo‘l yuribdi. Bir o‘tinchi uchrabdi...
Malikning yuragi qisildi. Havo yetishmayotgandek bo‘g‘ilib hovliga chikdi. U kichkinaligida onasidan bu ertakni eshitgan, ko‘p marta eshitgan edi. Lekin ma’nosiga endi tushunyapti. U uyiga ham kirgisi kelmas, shu ahvolda onasining qarshisida o‘tirishga ham bardosh berolmas edi. Bu ertakning davomini eshitishga unda yurak yo‘q. Qachonlardir, kimlardir to‘qigan bu ertak Malik bilan Muyassarning hayotlariga juda-juda o‘xshab ketardi. Poshshoning xotini uning gapini ko‘tarolmay, o‘tinchiga tegadi. Tejamliligi, aqli, halolligi bilan o‘tin-chini shunchalik boy qilib yuboradiki, poshshoning davlati o‘tinchining davlati oldida hech gap bo‘lmay qoladi.
Sodda, yuvosh Muyassarning yuragida qanchalar kuch borligini Malik keyinroq bildi. Xotiralar changalida Malikning yuragi faryod chekar, faqat uning ovozi hech kimga eshitilmas edi. U hovlida qancha yurganini bilmadi. Haligacha ochiq turgan darvozani berkitish uchun ko‘cha tomon yurdi. Darvozani berkitdi-yu, yana turib qoldi.
Muyassar har kuni shu ko‘chadan o‘tardi. Malik uning orqasida to‘lqin urgan sochlariga, kamzul siqib turgan xipcha beliga qarab qolardi. Muyassar atrofga qaramas, qora sumkasini ko‘targanicha yengil va sharpasiz qadamlar bilan bir zumda o‘tib ketardi. Uning boshida ko‘pincha shaftoli guli rangida ro‘moli bo‘lar, ro‘mol unga juda yarashar, yigitning suq nazarini sezganidanmi, yuzlari ham xuddi shu rangga o‘xshab ketardi. U vaqtlarda Malik student edi. O‘qishga ketayotganda ko‘pincha qizga to‘qnash kelar, keyincha uning o‘tadigan paytini poylab turar, u bilan izma-iz yo‘lga tushardi. Sekin-sekin ular salomlashadigan bo‘lishdi. Keyincha qizning to‘qimachilik kombinatida to‘quvchi ekanligini Malik bilib oldi. Uni bir ko‘rmasa, oromi buziladigan bo‘lib qoldi. Qiz nihoyatda kamgap, uyatchan edi. Malikni ko‘rganda, qizarib yerga qarar, doim ko‘zini olib qochardi. Ana shu ahvolda ikki yil o‘tdi. Malik institutning oxirgi kursiga ko‘chdi. Muyassar o‘n to‘qqiz yoshdan yigirmaga qadam qo‘ydi. Malikning gaplariga u uyalibgina javob berar, nuqul ayamlar biladilar deb, o‘zi uzil-kesil bir nima demasdi.
U paytlarda Malik onasi bilan o‘sha kichkina uychada yashar, hozirgi uylari o‘rnida omonatgina qurilib, bir amallab qora suvokdan chiqarilgan ikkita xona bo‘lib, hali u odam yashaydigan darajada emas edi. Uning g‘ishtlarini Malikning o‘zi quygan, tog‘asi ancha-muncha qarashib, shunchalik holga keltirishgandi. Opasidan xotirjam bo‘lish uchun tog‘a Malikni uylantirib qo‘yish harakatiga tushib qoldi. Onasi Muyassarlarnikiga sovchi bo‘lib bordi. Muyassarning dadasi o‘qituvchi ekan. Qiz ularning bosh bolalari bo‘lib, undan keyin ikki ukasi va ikki singlisi bor edi. Ularning biri student, qolganlari maktabda o‘qirdilar. Ular sovchilarni juda yaxshi kutib olishdi. Oradan uch-to‘rt kun o‘tgandan keyin Muyassarning dadasi undan-bundan surishtirdimi, rozilik berisha qoldi. Tog‘a zudlik bilan uylariga eshik, rom o‘rnattirib oqlatdi, elektr o‘tkaztirdi. Muyassarning ota-onasi kuyov tomonni nihoyatda ayashar, mumkin qadar kam xarj bilan bitkazishga, ularni qiynamaslikka harakat qilishardi.
Ikki tomon topgan-tutganini o‘rtaga tashlab, bir kunda to‘yni o‘tkazishdi.
Muyassar bilan birga bu jimjit hovliga fayz kirganday, hamma yoq yaraqlab, yorishib kettanday bo‘ldi. Tog‘a ham, kampir ham xursand. Malikning esa baxti yeru ko‘kka sig‘magunday edi. Muyassar ham baxtiyor edi. U tinib-tinchimas, hovliga gullar ekar, allanarsalar tikar, shu uy, shu hovlini ko‘rkamroq, chiroyliroq qilish uchun ovora edi. Ishdan qaytshda bozorga kirib, uni-buni.olib kelar, ro‘zg‘orini mumkin qadar but tutishga urinardi.
Malik o‘qishni tugatdi. U yaxshi o‘qirdi. Muyassar uni aspiranturada qolishga kistadi.
— Ishlamasam, sizga jabr bo‘lib ketadi. Ro‘zg‘orlik odamga stipendiya nima ham bo‘lardi, — dedi Malik.
— Bir amallarmiz. Ko‘p bo‘lmasa, ozroq yermiz. Keyin ishdan uzilib yana o‘qishga kirishingiz qiyin bo‘ladi, — dedi. Keyin kulib, qizarib qo‘shib qo‘ydi: — Hozir kam jon paytimizda o‘qib qolsangiz-chi.
Malik aspiranturada qoldi. Muyassar yetishmovchilikdan, kiyim-kechagidan hech kachon nolimadi. Moyanasidan jamg‘arib, erining dissertatsiya himoya qilishiga ni-yat qilib, ozroq pul ham yig‘ib qo‘ygan ekan. Ziyofatni ham chiroylikkina qilib o‘tkazishdi. Malik xotinidan minnatdor, xursand edi. Ishga tushishi bilan xotiniga yaxshi sovg‘alar olib kelishni xayol qilardi. Lekin Muyassar boshqa bir harakat boshladi:
— Uy oldiga yana bitta uy qo‘shsak, bu yog‘iga kichikroq ravon qilsak. Sekin-sekin, yig‘ib-terib. Hozir kuchimiz bor, yoshmiz. Ro‘zg‘orni bittamiz eplasak, bittamizning topganimiz bilan asta-sekin ko‘tarib olamiz.
Ana shunday qilib imoratga imorat qo‘shildi. Dam olish kunlari Muyassarning ukalari ham hasharga kelar, Muyassar tuproqqa belanib ular bilan teng ishlashardi. Uylari bitay deganda Maqsud tug‘ildi.
Malik o‘zi o‘qigan institutda dars berardi. Sochini baland qilib turmaklagan, eng so‘nggi modada kiyingan qizlar yonidan qarsillab o‘tib turar, uning lektsiyalariga mahliyo bo‘lib, termilib o‘tirishardi. U ba’zan ular bilan xotinini taqqoslaydigan, mehmon-izmonga uni olib yurishdan tortinadigan bo‘lib qoldi. Muyassar chiroylikkina kiyinib yursa ham modalarga parvo qilmas, tirnoq bo‘yamas, umuman, sartaroshxonaga kirgan emasdi.
Ko‘chadan guvillab mashina o‘tdi. Kechaning jimjitligida uning ovozi hamma yoqni larzaga solganday tuyulib ketdi. Malik sovuq yeganini, hamma yog‘i muzlab qol-ganini shundagina sezdi. Zinadan asta ravonga chiqib uyga kirdi. Elektrni buradi. Uy sovuq bir sukut bilan uning ko‘ksidan itarganday edi. Bufetni ochib, yarimla-gan konyakni piyolaga to‘ldirib quydi-da, tikka turganicha shimirdi. Hozirgina bag‘riga bosgan o‘g‘lining nafasi, bo‘ynidan quchoqlagan yumshoq jajji qo‘llari uning bir vaqtdagi tinch, osuda, baxtli damlarini eslatgan edi.
Lekin Malik o‘zining baxtiyorligini tezda unutdi. U sevgidan ajralib, shunchaki havas yo‘liga kirayotganini payqamay qoldi. Uyiga kelsa xotini uning hech qanaqa gaplariga tushunmaydigandek tuyular, gung bo‘lib olar, ovqat ustida ham, choy ustida ham gazeta o‘qib indamay o‘tirardi. Muyassar ham bezidi. Ko‘pincha qaynonasining yoniga borib o‘tiradigan bo‘ldi. Malik buni sezar, ba’zan unga rahmi ham kelar, institutda bo‘lgan biron voqeani gapirib beray deb turib, e, bu tushunarmidi, deb to‘xtab qolardi. Bir kuni u uyiga kayfiyati ancha baland keldi. O‘g‘liga allanarsa tikib o‘tirgan Muyassarga qarab:
— Meni kafedraga mudir qilishdi, — dedi. Muyassar xursand bo‘lganday jilmaydi. Lekin shu zahotiyoq Malik:
— Hech narsa tushunmading. Kafedrani bilarmiding sen? — dedi. Muyassarning yuzi bir nafasda boshqa tusga kirdi. Nina tutgan qo‘llari bo‘shashib titradi. Lekin eriga javob qaytarmadi. O‘zini xotirjam tutishga urindi. Shundan keyin u gapirsa ham, yumush qilsa ham, ovqat olib kelsa ham Malikning yuziga qaramadi.
Oradan uch-to‘rt kun o‘tdi. Malik ishdan kelsa, stol ustida xat yotibdi. Hech narsa o‘ylamay qo‘liga oldi.
«Ko‘ngilga darz tushsa qiyin bo‘lar ekan. O‘zingizga munosib odamni toparsiz». Xat Muyassarning qo‘li bilan yozilgan, lekin kimga va kimdanligi ham aytilmagan edi. Malik birdan qiziq ahvolga tushib qoldi. Axir nima qilsa ham o‘n yil birga yashadi. O‘g‘li-chi? O‘g‘li nima bo‘ladi?
— Oyi, — deb qichqirdi u ravondan turib, — keliningiz hech narsa demadimi?
Onasi biron ko‘ngilsizlikni fahmlaganday, tashvishli nazar bilan uning yoniga keldi.
— Nima qildi? Menga hech narsa demadi. Lekin nimagadir meni o‘pib quchoqlab, kechiring meni, deb chiqib ketdi. Hayron bo‘lib qoldim.
— Ketibdi, Butunlay.
— Nima?! — kampir shoshib uyga kirdi. — Qanaqasiga ketadi, hamma narsasi turibdi-ku!
Haqiqatdan uy boyagidek saranjom-sarishta, hamma narsa o‘rni-o‘rnida, hatto tuvakdagi gullarga suv ham quyilgandi. Malik shifonerni ochdi.
— Kiyimlari yo‘q. Maqsudniki ham.
— O‘zi boshqacha bo‘lib qoluvdi. Sen nodon xafa qilding shekilli. Men sezardim. Gap aylantirsam, indamasdi. Olim bo‘ldim, deb havolanib ketding, bolam. U juda mehnatkash juvon. Bunaqa odam o‘zini birovga xor qildirib qo‘ymaydi. Olim bo‘lsang ham shuni tushunmading. Meni ham g‘aflat bosibdi. O‘zlari til topib qolishar, deb o‘ylabman. Bor, o‘rnini sovutmay, darrov qaytarib kel.
Lekin Malik bormadi. Endi qizlar ichida bo‘ydoq va ozod yurish unga qanot bag‘ishlaganday, ruhini ko‘tarib yuborganday edi. O‘zi lektsiya o‘qirkan, ko‘zi qizlarni bir-bir kuzatib chiqar, o‘zining ulardan yoshi ancha kattaligini o‘ylab, dilida afsus chekardi. Oradan bir yilcha vaqt o‘tdi. Ona bechora gapirib charchadi. O‘g‘li indamay turib olgani uchun o‘zicha bir ish qilolmadi ham. Bu gaplardan xabar topgan tog‘asi ham jahl qilib ularnikiga kelmay qo‘ydi. Muyassardan esa darak bo‘lmadi. Bir kuni Malik uni uchratib qoldi. Qish, yaxshigina qor yoqqan edi. Tramvay bekatida Muyassar bo‘yi baland, oddiygina kiyingan bir odam bilan turardi. Muyassarning bir qo‘lida sumka, bir qo‘lida yangi supurgi. Yigit chana qo‘ltiqlab olgan, ikkinchi qo‘lida yana nimadir bor. Ular gaplashib turishardi. Aftidan, ikkalalari xursand edi. Muyassar tramvayda o‘tirgan Malikni ko‘rmadi. O‘shanda Malikning yuragi gursillab urib ketdi. Xotinining begona erkak bilan turganidan g‘ashi kelganday bo‘ldi. Lekin bu his bir nafasda o‘tib ketdi. Yana boyagidek sovuqqon bo‘ldi-qoldi.
Malik keyingi xotini Hamidaga uylangan kezlarida hali o‘zining yo‘qottan baxtini tasavvur qilolmas, bu xotini hammasining o‘rnini to‘ldiradigandek tuyulgan edi. Muyassarni sevib olganini unutgani kabi Hamidaga shunchaki havas uchun uylangani haqida ham o‘ylamasdi. Lekin bu haqiqatni anglash uchun ko‘p vaqt kerak bo‘lmadi. Hamidaning har bir qilig‘i Muyassarni eslatar, Malik beixtiyor uni o‘ylab qolganini o‘zi sezmay qolardi.
Hamida ancha-muncha yuk bilan keldi. Devordagi gilamni yerga soldi. O‘zi olib kelganini devorga osdi. Bir kun Malik uyga kelsa, shifoner bilan bufet yo‘q. Xotini komission magazinga toshpirib yuboribdi. Eridan so‘ramabdi ham.
— Nega unday qildingiz? — dedi Malik.
— Eski ro‘zg‘oringizdan biron narsa qolishini istamayman. — Keyin kulib Malikka suykaldi. — Xafa bo‘ldingizmi? Xotiningizni ko‘rganday bo‘lib yuruvdingizmi? Ana, men olib kelganim bo‘ladi-da.
Chindan ham yarim yil o‘tar-o‘tmas avvalgi ro‘zg‘oridan hech narsa qolmadi.
Hamida qaynonasi bilan ishi yo‘q, yuvoshgina bu kampirning oldiga bir kosa ovqatni do‘qillatib qo‘yib kelish bilan butun vazifasini bajarganday bo‘lardi. Ammo, o‘z ota-onasini tez-tez yo‘qlab turar, eriga buyurib, ular uchun har narsalar oldirib kelardi. Bir kuni ishga ketayottan Malikning qo‘liga ikkita xalta tutqaz-di.
— Yaxshi go‘sht olib keling. Magazindan emas, qo‘lda so‘yilganidan oling. Biznikilar magazin go‘shtini yeyishmaydi. Somsa qilaman. Ukamning tug‘ilgan kuni. Kechqurun borib kelamiz.
Hushi uchgan Malik ishxonasiga yetguncha o‘ziga kelmadi. Muyassar o‘z urug‘lari uchun Malikdan hech qachon hech narsa talab qilmas, umuman, bu haqda gapirmas edi. Bir kuni dadasi kasal yotganda Malik uni ko‘rib kelmoqchi bo‘ldi. Erining shundoq chiqib ketganini ko‘rgan Mo‘yassar uni to‘xtatdi. O‘zi magazinga chiqib bir shoda teshik kulcha olib keldi. Uni Malikka tutqazar ekan, g‘alati kulib:
— Bir so‘mga oldim. Quruq borgandan ko‘ra... — dedi.
Malik indamay oldi-da, salanglatib ko‘tarib chiqib ketdi. Kechqurun bitta tog‘orada osh ko‘tarib qaytib keldi. Endi bularning hammasini bir-bir eslarkan, yuragi andisha o‘tida qovrilar, hijolatdan yuzi yonardi. Hamidaning ukasi uylanganida esa, Malik bilan Muyassar olgan gilamni sovg‘aga olib borishdi.
— Katta institutning domlasisiz. Men opa, siz pochcha. Durustroq narsa qilmasak uyat bo‘ladi. O‘zimning gilamimni olib boray desam, tanishadi, olishmaydi. Shuni olib bora qolaylik. Keyin yaxshisini olarmiz, — dedi. Hullasi, uni eriga ko‘tartirib tantana bilan to‘yxonaga kirib bordi. O‘shanda ham Malik Muyassarni eslagan edi. Qiziq, Muyassarning ham ukasi uylangan, singlisi uzatilgan edi. Hech narsa qilishmagandi. Faqat bir martagina Muyassar tortinibgina:
— Moyanamdan ozrog‘ini ishlatdim, — degani esida. Uning ota-onalari ham hech qachon Malikning qo‘liga qaramas, muomalalari hamisha bir xil edi.
Hamida qiz tug‘di. Kampir bo‘lsa Maqsudni sog‘inib dam-badam ko‘z yoshi qilib olardi. Malik odam yuborib, o‘g‘lini oldirib keldi. O‘sha kuni uyida qiyomat bo‘ldi. Hamida arazlab onasinikiga ketib qoddi. Shu-shu qachon Maqsud kelsa, u chiqib ketardi. Mana bugun ham ketib qolibdi. Shu murg‘ak go‘dakda nima gunoh? Hamma narsaga aqli yetgandan keyin o‘ziyoq otasini eslamay ko‘ysa kerak. Malikning yuragini g‘ijimlagan dard sira bo‘shashmas, xotiralar changalida battar qisilardi. U Muyassarni yana bir marta ko‘rdi. O‘sha kishi bilan magazin yonida mashinaga shifoner yuklashayottanda ko‘rdi. Nazarida Muyassar yasharib kettanday edi.
Malik onasining uyini taraqlatib ochib kirganda kampir qo‘rqib ketdi.
— Nima bo‘ldi? Nima qilib yuribsan shu mahadda?
— Maqsudni bering, bering, men bilan yotsin. Malik onasining javobini kutmasdanoq o‘g‘liga yopishdi. Uni mahkam quchoqlab, choponining bariga o‘rab ko‘targanicha olib chiqib ketdi.
— Shamollatasan, o‘ra ustini! — kampir depsalanib o‘g‘lining ketidan chiqdi.
Hovli oydin edi. Yo‘l ustida oppoq bo‘lib allanarsalar sochilib yotardi. Kampir hayron bo‘ldi. Ko‘zlarini qisib tikildi. Keyin cho‘nqayib qo‘llari bilan paypasladi. Chekib tashlangan papiros qoldiqlari ekanini bilib, sekin o‘rnidan turdi-da, o‘g‘lining uyi tomonga asta qarab qoldi. Keyin xo‘rsinganicha boshini egib, orqasiga qaytdi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.