OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Saida Zunnunova. Yo‘l boshida (hikoya)

Bu uyda uch kundan beri chiroq o‘chmaydi. Uch kundan beri kulgi ham eshitilmaydi. Hatto qo‘ni-qo‘shnilarnikidan ham qattiqroq ovoz chiqmaydi. Ular ham bu oiladagi musibatdan tashvish va andishadalar.
Yig‘layverib Santalatning ko‘zida yosh qolmadi. Qovoqlari shishib, yuzi bir burda bo‘lib qoldi. Usmonali erkak kishi bo‘lgani uchunmi, o‘zini ancha og‘ir tutar-di. Militsiyaga dam-badam telefon qilar, gohi o‘zi borib kelar, yana kechasi bilan mijja qoqmay telefon oldida o‘tirib chiqardi. O‘n to‘rt yashar o‘g‘illari yo‘qolib o‘tirsa, osonmi deysiz.
Kichkina qizchalari qo‘g‘irchog‘ini quchoqlaganicha buvisining pinjida uxlab yotar, uni yuvib-tarab karavotiga olib qo‘yish ham Santalatning yo ko‘ngliga sig‘mas, yoki esiga kelmasdi. Ayvon panjarasiga tirsaklarini tiraganicha telefon yonida Usmonali o‘tirardi. Buralmaganidan soatlar ham to‘xtab yotar, qaysi mahal bo‘lganini ham bilishmasdi. Faqat surmarang osmonda yulduzlar juda tiniq porlar, kuzning muzdek, junjiktiruvchi shamoli esardi.
Santalat goh uyga kirar, goh hovliga chiqar, savol va xavotir to‘la ko‘zlari bilan eriga qarab qo‘yar, yig‘lab yubormaslik uchun lablarini tishlaganicha yana sekin uyga kirib ketardi.
Pianino ochiq turibdi. O‘g‘li yo‘qolgan kuni ertalab muzika muallimi kelgan, mashg‘ulot o‘tkazgan edi. Hatto, nota kitobi ham ochiq turar, pianino ustida yog‘ochdan yo‘nilgan, qayiqqa o‘xshash bir shakl ham yotardi. Santalat uni asta qo‘liga oldi. Qimmatbaho bir buyumdek avaylab ushladi. Keyin ko‘nglidagi ishonch, umid birdaniga g‘oyib bo‘ldiyu, dahshatli xayollar yopirilib kela boshladi. Yuzini changallab, pianino klavishlariga boshini qo‘ydi. Uning yig‘isiga qo‘shilib bir necha xil ovoz birdaniga daranglab ketdi. Usmonali yugurib kirdi. Nima deyishini bilmay turib qoldi.
— Sabr qilib turaylik. Izlashyapti-ku, axir. Topilib qoladi. Mana meni aytdi dersiz. — Usmonali xotinining yelkasiga qo‘lini qo‘ydi. To‘zg‘ib, yozilib ketgan sochlarini tekislagan bo‘ldi. Santalat changallab turgan qayiq sifat yog‘ochga ko‘zi tushdi-yu, ko‘ngli buzildi. Uning nazarida bu yog‘och o‘g‘lining chala qolgan ishi, yetolmagan orzu-armonidek tuyulib ketdi. Ko‘p narsalar esiga tushdi. Lekin hozir xotiniga ta’na qiladigan payt emas edi. Buning ustiga o‘zi qam beparvolik qilganini endi ayniqsa yaxshi sezib turibdi.
Farhod go‘dakligidan temir-tersakka o‘ch bo‘ldi. Ko‘chada yotgan mix, temir-tersaklarni yig‘ib kelaverardi. Ba’zida bu buyumlar Santalatning joniga tegib, hammasini uloqtirardi. Dadasi olib kelgan kichkina ve-osiped bir oyga ham chidamadi, hamma vintlarini burab chiqardi. Oxiri onasi uni ham cherdakka chiqarib qo‘ydi. Maktabga borganda ham Farhodning bu fe’li qolmadi. Ishdan charchab kelgan Santalat o‘g‘lining darsini surishtirar, vazifalarini tekshirar, Farhodning hayoli bo‘lsa allaqayoqlarda, oldida ochiq turgan kitob qolib, bir chetda uyulib yotgan har xil yog‘och, taxta, qaychi, qog‘ozlarga tikilib onasining gapini eshitmasdi ham. Sabri tugagan Santalat baqirib chaqirib ularni yana uloqtirardi.
Farhod to‘rtinchi sinfga o‘tguncha Santalat ham u bilan sinfma-sinf o‘qib chiqqandek bo‘ldi. Ishdan keldi deguncha, qaynonasi shikoyat boshlardi:
— Darsini qilgani yo‘q. Ovqat ham yemadi. Anavi Komil bilan kechgacha o‘tinxonadan chiqmaydi. Aftini qarang, ishtonini mix ilibdi. Voy, voy, afting qurmasin, bolam.
Bu gaplardan keyin Santalatning o‘g‘li bilan tinch, xotirjam gaplashishga asabi yetmasdi.
Usmonali o‘g‘lining tinimsiz, besaranjomligini o‘g‘il bolaning odatiy ishi deb, juda ham parvo qilavermasdi. Faqat bir marta ota-onalar majlisiga borib kelgach, o‘g‘lini yoniga o‘tkazib gaplashmoqchi bo‘ldi.
— Nega yaxshi o‘qimaysan? Ota-onalarning ichida uyatga qo‘yding-ku! Darsga quloq solmas emishsan?
— Solaman.
— Bo‘lmasa, nega bilmaysan darslarni?
— Qiziqmas.
— Nimasi qiziqmas?
— Geografiyadan boshqasi qiziqmas.
— Geografiya qiziqmi?
— Ba’zida qiziq. Dengizlarni gapirib berganda. Dengizda qaroqchi bo‘ladimi?
Tajang bo‘lib turgan Usmonali kulgidan o‘zini zo‘rg‘a tiydi.
— Papkang qani?
— Ana.
— Ko‘rsatchi.
Tartibsiz joylashgan kitob-daftarlar ichida qaychi, rangli qog‘ozlar. Mix, har xil vintlar, kemalarning qing‘ir-qiyshiq surati solingan albom ham bor edi.
— Shu ham o‘quvchining papkasi bo‘ldimi?! Farhod indamadi. Dazmol bosayotgan Santalat gapga aralashdi.
— Hammasi bekorchilikdan. Muallim topib keldim. Bekor yurguncha muzika o‘rgansin. Uyda tayyor pianino bo‘lgandan keyin.
— Kerakmas.
— Jim o‘tir! Kerak-kerakmasligini sen emas, biz bilamiz.
Ana shundan keyin sochiga oq oralagan, o‘rta yosh ayol — muzika muallimi ularnikiga haftada ikki marta keladigan bo‘ldi. Ayol past ovozda gapirar, ohangida buyruq ham, iltimos ham bo‘lardiki, Farhod gap qaytarolmas, lekin nochor, bo‘ynidan bog‘lagandek o‘tirganligi shundoqqina bilinib turardi. Ikki yil shu ahvolda o‘tdi. Uncha-muncha kuylarni chaladigan ham bo‘ldi, lekin onasi boshida qarab turmasa hech qachon o‘zicha pianino yoniga kelmas edi.
Kechki payt ota-onasi ishdan qaytishi bilan buvisi yana shikoyat boshlardi:
— Muzikasini bittayam chalmadi. Javray-javray jag‘im uzildi.
Farhod bunaqa vaqtda buvisiga zimdan xo‘mrayib qarab qo‘yardi. U bir marta allaqayoqdagi to‘garakka qatnayman, deganida ham Santalat unamadi:
— Ko‘cha to‘la mashina. Seni o‘ylab ishda ham tinch o‘tirolmaymi endi, — dedi.
Farhod keyingi kunlarda juda kamgap, og‘ir bo‘lib qolgandi. O‘qishi o‘rtacha bo‘lsa ham o‘zi quyilib qolganday ko‘rinardi. Usmonali ana shularni o‘ylardi. Endi uning nazarida o‘g‘il o‘smirlik davrining orzu-xayollariga bu uydan hamdam topolmaganligidan bezib ketgandek edi. Sog‘mikin? Zora biron joyda yurgan bo‘lsa. U hamon jim turgan telefon trubkasini ko‘tardi. Qulog‘iga uzun gudok eshitildi. Yana qo‘yib qo‘ydi. Hali vaqtli. Tong otsin. Kechasi buncha uzun bo‘lmasa-ya. U osmonga qaradi. Yulduzlar yana ham tiniqlashib, yiriklashib qolganday. Hovlida xazonlar shitirlaydi. Atrof jimjit. Hali zamon shovqinga to‘ladigan shahar ustidagi bu osudalik, bu jimjitlik ham Usmonalining yuragini badtar ezardi. Izlamagan yeri qolmadi. Suvlar, kasalxonalar, hatto o‘likxonalargacha bordi. O‘rtoqlarining hammasidan so‘rab chiqdi. Hech kim ko‘rmagan, hech kim hech narsa bilmaydi. Uning ko‘ngliga chiroq yoqib turgan faqat bitta narsa bor. Non idishdan to‘rtta non olib ketgan. To‘rttami, uchtami, ishqilib, non olib ketgan.
Tong yorisha boshlaganida telefon jiringladi. Santalat ham uydan yugurib chiqdi. Usmonalining akasi ekan telefon qilgan. Biron xushxabar bormi, deb so‘rayotgan edi. Keyin tuni bilan ochiq qolgan darvoza g‘iyqilladi-yu, ko‘ylakchan, sovuqdan qunishganicha Farhodning tengdosh o‘rtog‘i Kamol kirib keldi. Bu bola ham uch kundan beri Santalat, Usmonali bilan teng tashvish tortyapti. Hindcha eshitmasa turolmaydigan, kechgacha magnitofon qo‘yib qo‘shnilarning jig‘iga tegadigan bu qo‘shiq shaydosi uch kundan beri motamsaro edi. Qo‘llarini qo‘ltig‘iga tiqqanicha, yelkalarini qisib ayvon oldiga keldi. Ko‘zlarini pirpiratib mungli nazar bilan Usmonaliga qaradi.
— Kel, o‘g‘lim, chiq bu yoqqa. Kamol ayvon ustuniga suyandi.
— Haligi surati o‘ziga o‘xsharmidi, — dedi g‘uldirab.
Usmonali Farhodning tarqatilgan surati haqida gap borayotganligini darrov tushundi.
— Ha, o‘xshaydi.
— Menda ham bitta surati bor edi. — Kamol qo‘ltig‘iga qisib turgan kichkina fotosuratni uzatdi. Pioner galstugi taqqan, kostyumining yoqasi bir oz qayrilib qolgan Farhod kulimsirab qarab turardi. Aftidan, bu suratni bolalardan birontasi olgan edi. Santalat unga tikilib qoldi.
— Qaylardasan, bolaginam...
Kamol goh Usmonaliga, goh Santalatga qarab qo‘yar, nima deb bularga tasalli berishni bilmasdi.
— Bormaysizmi? Xabar olib turmasangiz, ularning tashvishi bitta bizmasdirmiz.
— Odamlar ishga kelsin, — dedi Usmonali.
— Menga qara, — Santalat Kamolning yelkasidan quchoqladi. — Senga hech narsa demaganmi? Bir o‘ylab ko‘r.
— Yo‘q.
— Avval gaplashib o‘tirganlaringda ham biron narsa demaganmi?
— Yo‘q. Bir marta, mening o‘rnimga pianinoni sen o‘rgana qolsangchi, — dedi. Jon deyardim, biznikida pianino yo‘qda, dedim. Matros bo‘laman, derdi. Bir marta yo‘l-yo‘l mayka istab topolmaganmiz.
Santalatning ko‘ziga yana ochiq qolgan pianino, uning ustidagi elektr simlariga tizilgan qushlarga o‘xshash nota belgilari keldi. Xo‘rsinib labini tishladi.
Tong otishi bilan tanish-bilishlar ko‘ng‘iroq qilib so‘ray boshlashdi. Usmonali militsiyaga ketdi. Santalat telefon har jiringlaganida umid va qo‘rquv bilan trubkani ko‘taradi. Qaynonasi havotirlik bilan unga qarab turardi, keyin nimalarnidir g‘udrab o‘z yo‘liga ketardi.
Usmonali bo‘shashib qaytib keldi. U xotinining yuziga qarashga ham dosh berolmay, qoldi. Hech kimdan sado chiqmasdi. Yana telefon jiringladi. Trubkani Usmonali oldi.
— A? Nima?... Xayriyat-e... Omon ekanmi? Xayriyat! Hozir boraman. Hozir!
U trubkani qo‘ydi. Birdan behol bo‘lib o‘zini stulga tashladi.
— Tirik ekan.
Uning hamma yog‘idan ter sizib chiqar, ko‘ylaklarini bir zumdayoq jiqqa ho‘l qilgan edi. U juda behol bir holatda edi.
Santalatning badaniga titroq kirdi. Charchaganligi birdaniga bilindi. Endi u xursandligidan yig‘lardi. Hali ham shu yerda o‘ralashib yurgan Kamol qichqirib, ko‘chaga yugurdi.
— Urre! Topildi!!
Oradan ikki-uch soat o‘tgach, Usmonali Farhodni yetaklab kirib keldi. U ozib ketgan, kiyimlari kir, g‘ijim edi. Santalat uni bag‘riga bosganicha qo‘yib yubor-mas, allanimalar der, kir yuzlaridan tinmay o‘pardi.
— Bo‘ldi, bo‘ldi, — dedi Usmonali, — yuvinib olsin.
— Qorning ochmi? Ovqat yeysanmi? Hozir, hozir, — Santalat uyda gir aylanardi-yu, hech narsa topolmasdi.
— Hozir ovqat qilib beraman. Palov qilib beraymi?
Lekin Farhod oldiga qo‘yilgan uzum bilan nonni shunchalik bir ishtaha, tashnalik bilan yerdiki, qarab turib Santalatning ko‘zidan badtar yosh quyilardi. Bir zumda hovli kulgiga to‘ldi. Oshxonada jiz-biz boshlandi. Farhod yuvingani kirib ketdi. Hushi endi o‘ziga kela boshlagan Santalat eridan so‘radi:
— Qaerda ekan?
—Dengizni, matroslarni izlab poezdda ketayotgan ekan. Moskva yo‘lidan ushlab kelishibdi.
Kechqurunga borib Kamollarnikidan ham hindcha ashula eshitilib qoldi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.