OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Salomat Vafo. Arg‘imchoq (hikoya)

Bu xonadonda g‘aroyib marosim bo‘lmoqda edi. Ma’rakaga qo‘y so‘yilgan, mulla aytilgan va barcha qarindosh-urug‘, tanish bilishlarga xabar qilingan edi. Hovlilar chinniday tozalangan, katta qozonda qo‘yning kalla pochchalari va o‘pkasi vaqirlab qaynab, hushbo‘y xid taralardi. Mahallaning katxudo xotinlari non-cho‘raklarni yoyib, endi sho‘rva bilan yeyishga patir yopa boshlagan edilar. Oilaning hamma farzandlari, hatto olisda yashaydigan Sayilxon ham yetib kelgan. Hovliga xuddi o‘lik chiqqanday og‘ir sukut cho‘kkan, uyda «tiq» etgan tovush chiqmas edi. G‘aroyib marosim davom etar, ko‘mishga hamma narsa taxt, lekin o‘lik yo‘q. Uydagilar sharpasiz yurib, asta-asta gaplashardi. Sayilxon kechasi ming chaqirimlik masofa bosib mashinada yetib kelgani uchun mudrab o‘tirar, ozg‘in gavdasi hatto nafas olayotganida tebranayotganga o‘xshardi. Kosalarda sho‘rva keltirildi, mehmon tuzlama sabzavotlar yaxshi ko‘rgani uchun taqsimchalarda keltirib qo‘yishdi. Sayilxon bir narsadan besaranjomday o‘zini har yoqqa tashlab taqsimchalarni u yoq bu yoqqa surardi. Boshini katta ro‘mol bilan tang‘ib olgan o‘ttiz besh yoshlaridagi Bekposhsha o‘qraydi.
 - Aka, savilni shu kun ichmang. O‘zingiz ham har kun ichaverib adoi-tamom bo‘libsiz. Yosh boladay gavdangiz qolmabdi.
 Mehmon ozg‘in gavdasini yostiqqa tashlab ko‘zini ishqadi. Oylab uyqusizlik qiynaganday ko‘zlari qizarib ketgan edi.
 - Shamolladimmi, boshim g‘uvillab og‘riyapti, ham juda horibman.
 Shu mahalgacha davra to‘rida papax va po‘stinni yechmasdan o‘tirgan ukasi suhbatga aralashdi.
 - Ichavering aka. Qiziqsan Poshsha, bir kun ichmagani bilan akam ichishni tashlamaydi-ku. Agar rost aytayotgan bo‘lsa, ichsa shamollashi o‘tib ketishi mumkin. Hali ertaga kuch to‘plashi kerak.
 Mehmonga jon kirib qaddini rostladi va manziratni kutmasdan chiroyli qogozlar yopishgan yaltiroq shishani chaqqonlik bilan ochdi. G‘ulqillatib paxta gulli kichik piyolalarga aroq quyarkan, birinchisini ukasinining oldiga qo‘ydi.
 - Ol, - bu taklifni kimga qarata aytdi, bilib bo‘lmasdi. 
 Hech kimga qaramasdan piyolani ko‘tarib yubordi va aftini burishtirganicha kurtillatib tuzlangan bodringni chaynadi.
 - Aroqni chiqarganning uyiga o‘t tushsin. Sizlarni bu o‘tirishlaringizni ko‘rib odamlar nima deydi. Akam kecha kelganda-ku boshqa gap edi – dedi kuyib-yonib Bekposhsha.
 - Nima deydi. Qo‘ydim odamlaringga. Muhtoj bo‘lsang ikki non berarmidi odamlaring –dedi Qodir xurpayib.
 Bug‘i chiqib turgan qo‘yning kallasi, o‘pka va go‘shtlarini bir tovoqda keltirib mehmonning oldiga qo‘yishdi. Xonani pishgan go‘shtning isi tutdi.
 - Aka mulladay ulug‘ etib kalla bosh oyoq bilan kelinlaringiz sizni siylashayapti – dedi so‘zi sinib dasturxon chekkasida mungayib o‘tirgan Bekposhsha suhbatga qo‘shilish uchun.
 Ichkilikdan so‘ng yayrab hatto bir oz yasharib ketgan Sayilxon yana piyolalarga aroq quydi. Uning harakatlarida noziklikmi, asilzodalikmi bor edi. Balki aroq suzish marosimi hayotining mohiyati bo‘lgani uchun bu ishlarni mahorat bilan ijro etayotgan drijerga o‘xshar edi.
 - Qo‘ysang-chi mullalarga o‘xshatma, azaldan yoqmaydi shular. Bittasi Bekmat mullami, hamisha odamlarning qo‘liga qarab turadi. Dasturxondan nima olib ketsam ekan deb o‘ylaydi. Navchun o‘zlaring yemayapsizlar?.
 - Aka anovi To‘raxonlarni ko‘rib turasizmi? – dedi ukasi davrani allaqanday sovuq mavzudan chalgitish maqsadida papaxini yechib qo‘yib.
 - Oldinlari ko‘rib turardim, endi ko‘rish qayda deysan – mehmon bir burda go‘shtni issiq patirga o‘rab og‘ziga soldi. - Hozir haftasiga ikki uch marta ishga borib kelaman. Uyda yozuv chizuv ishlarimni bajaraman. To‘nga o‘ralib, mazza qilib televizor ko‘rib yotaman – deb ho‘rillatib sho‘rva ichdi. Birdan televizorning buzilganini, uy pulining to‘lanmagani, kechalari suvaraklar jonidan to‘ydirishi va eskirgan quvuru-jo‘mraklar «quldirab, chakillab» asabiga tegishini esladi. Tunlari yolg‘iz uyqusizlikdan qiynalib yotganida, bolaligida yoz oqshomlari onasi bilan hovuz bo‘yida pashshaxonada yotgani bot-bot yodiga tushib yig‘lab olardi. Uchrashganlarida esa onasi faqat «bolam..bolam» deb ko‘zlaridan duv-duv yosh oqizardi. Ikkalasi ham nima uchun yiglayotganini bilishardi. Onasi bechora o‘g‘il-qizlaridan tortinib, hech ko‘chib kel deya olmasdi. Uning o‘zi ham eri dunyodan o‘tganidan so‘ng shularning qo‘liga qarab qolgan edi. Xotiralar va fikrlarning ogirligidan boshlarini sarak-sarak etib, ertani o‘ylab asabiy ravishda qo‘zg‘olib qo‘ydi. 
 - Ketdik bo‘lmasam, - Sayilxon barcha yoqimsiz o‘ylardan qutulish uchun qadahni ko‘tarib.
 U ichib yuborib, yana huzur etib karsillatib bodring yedi. Jigarlari esa mayparast akasining harakatini yoqtirmay kuzatib o‘tirishardi.
 Davraga jimlik cho‘kadi. Bekposhsha xontaxta ostidagi non ushoqlarini teradi.
 - Turdim bo‘lmasa, bir ikkita ishlarim bor edi. Ertagacha ulgurishim lozim. Kecha ham kun bo‘yi u yoqda yurdim – xuddi shuni kutib turganday Qodir papaxini kiyib o‘rnidan turdi.
 Uning harakatida akasining ichishi yoki zavolga uchragan oiladan jirkanish va qochish bor edi. Bu yerda mavjud bo‘lgan umumiy manfaat va kayfiyatga qo‘shilmaslik holati bor edi.
 - Saodat yaxshi ekanmi – degan savol Poshshanning ogzidan chiqib ketadi.
 Bu paytda Qodir allaqachon eshikning oldiga borib qolgan edi. «Himm... ko‘rdim. Bolalari yurgan ekan». Saodat bularnining eng kichik singlisi bo‘lib, oralariga sovuqlik tushib qolgan edi. Uch to‘rt yil oldin Saodat Qodirdan uch ming dollor qarz olib vaqtida berolmagan edi. Balki eri vafot etmaganida bergan bo‘larmidi. So‘ng qarzi o‘rniga ikki uchta gilam va tilla taqinchoqlarini olib kelgan edi. Shuning uchun to‘ng‘illab ketishi edi Qodirning. Sayilxon ukasining chiqib ketayotganini ko‘rib «eee..e» deya oldi. Uning hayrlashmay namoyishkorona ketishi hayron qoldirdi. Garchand ichkilik tufayli oilasi, ishi va uyidan ajralib, tovuq katagiday bir xona uyda yashayotgan bo‘lsa-da, negadir uka-singillariga ilgarigiday intilardi. Ukalari esa allaqachon begonalarday buni odam o‘rnida ko‘rmayotgan ekan. Uning dabdurustdan chiqib ketishi aynan shu xulosani isbotlayotgan edi. Xotini va bolalarining yuz o‘girib ketganiga chidagan bo‘lsa-da, negadir uka-singillarining qilig‘i jonidan o‘tayotgan edi.
 - O‘tirmaysanmi, - dedi.
 Ukasiga murojat qilar ekan ichini allanarsalar kemirardi. Aslida ukasining o‘zi hayrlashib chiqib ketishi lozim edi. Har na bo‘lganda ham u mehmon va aka. «Kechqurun kelaman» dedi Qodir eshikni yopib. Sayilxon og‘ir ho‘rsinib qo‘ydi. Mansabdaligida ukasini tibbiyot institutida o‘qitgan edi. So‘ng mamlakatning eng nufuzli klinikasiga ishga joylab qo‘ygan edi.
 - Aka, ketsa ketavermaydimi?. O‘zi u odamgarchilikdan chiqqan - sho‘rva ho‘plab Bekposhsha. - Oling qaramang ularga. Xotinining qarindoshlari va bojalari sog‘ bo‘lsin. Shular bilan yeydi, bir teshikka siyadi. Har haftada uyiga mehmon chaqirib begonalarga saxiyligi va boyligini ko‘z-ko‘z qiladi. Qari ota-onasini bir-ikki oyda ko‘ray demaydi. Onam doriga pul so‘raydigan bo‘lsa, «kissamda ellik so‘m pulim bor» deydi – kuyib-yonib singlisi ko‘z yoshlarini artib burnini tortadi. – Yo‘q deydigan yo‘q bo‘ladi, aka. Bor narsani yo‘q deyaversa xudo ko‘tarmaydi. Yo‘q qiladi. Bularning bahonasi Saodat bilan urishib qolishgani. Axir onang bilan urishganing yo‘q-ku. Bilmaysiz aka hayvonlashib ketgan bular. Saodatga ham pulni o‘zim berdim. Hatto o‘limlik olishga ham imkoni yo‘q ekan.
 Sayilxon shirakayf ko‘zlarini tund osmonning bir parchasi ko‘rinayotgan derazaga tikadi. U yoqdan birovlarning yo‘talgani va asta gaplashgani eshitiladi. Bir narsalarni «taq-taq» qoqishadi. Yo‘lda cho‘ntagida g‘ijimlanib qolgan «Karvon» sigaretini olib tutatadi.
 - Uf..ff.. zormandangiz bunday achchiq, aka shuni nega chekasiz-a – singlisi asta arzon sigaretga ko‘z tashlaydi. Bir vaqtlar akasi inglizlarning qimmatbaho sigaretlarni chekardi. - Yurak-bag‘ringizni ishdan chiqarib tashlagandir – deydi singlisi kamzulinining yoqasi bilan burnini berkitib va rahmi kelib.
 - Rostdan juda achchiqmi deyman. Yo‘lda yonimda o‘tirgan Xotin chekmasam ham kela-kelguncha ogzi-burnini berkitib o‘tirdi - Mavzuning boshqa tomonga o‘zgarganiga quvonib. Bo‘lmasa ukasinining hayotiga nima deb munosabat bildirishni bilmay boshi qotib o‘tirgan edi. Uning qahri qattiqligi va xasisligini bilardi. Lekin o‘ziga ishonchi yo‘qolganmi aytishga jur’ati yetmasdi.
 - Ilgarilari buncha chekmasdingiz, aka. Yuzingiz ham qorayib ketibdi. Esingizdami talabaligimizda paxtaga borganingizda hamma qizlar sizni ko‘rib o‘lib qolishgan. Katta baliq olib borgandingiz – deydi singlisi yaxna go‘shtlarni pichoq bilan kesib ogziga solar ekan. – Sizni ko‘rganda rektorimiz ham chest berardi. Ey aka, davlatni ko‘tarolmadi xotiningiz. Yedi sizni... «Erni er qiladigan Xotin, qora yer qiladigan ham xotin» deganlari rost ekan. Uyga kelgan mehmonni quvdi. Ishingizga borib janjal ko‘tarib beobro‘ qildi. Onam bechora «akang kuyganidan ichadi» derdi.
 Bekposhsha go‘yo boshqa bir odam haqida gapirayotganday Sayilxon sigaretni tutatganicha qoshini bir oz kergan tufayli kuldondagi kullarni titib o‘tirardi. Singlisi o‘qishga kirgan yili yelib yugurib baholarini to‘g‘rilaginini esladi. U maktabda a’lo o‘qigani uchun baholarini beshga topshirgan edi. O‘zi singlisi sal narsaga ko‘z yosh to‘kadi. Hamisha hayoti va eridan noliganida ham uyida bir oilani ikki uch yil boqadigan oziq ovqatlari bisyor bo‘ladi.
 - Poshsha hov anovi hovlining burchagida yotgan - hiyol qaltirayotgan barmoqlari bilan hovlining burchagini ko‘rsatib. - biza o‘ynagan yogoch o‘rindiqli arg‘imchoqmi? – deydi mo‘y o‘sib ketgan burun teshiklaridan tutun chiqarib.
 Singlisi burilib tashqariga qaraydi.
 - Ha kecha hovlini tozalashganida ombordan chiqarishgan ekan. Arqonini kesib olib o‘zini tashlashayotgan ekan. Olib qoldim. Barchamiz shunda o‘sganmiz. Esdalik bo‘ladi. Uyga olib borib bo‘yatsam yap-yangiday bo‘ladi.
 Mehmon yana bir sigaret tutatdi. Uydagi sukunatdan yuragi siqiladi. Darvozaning ochib yopilgani eshitildi. Ukasi endi chiqib ketayotgan edi. Aftidan kim bilandir telefonda uzoq gaplashgan bo‘lsa kerak. U telefonsiz bir kun ham yashay olmaydi. 
 - O‘zi yaxshi, shunday turaversin.
 - Nima? – dedi allaqachon boshqa narsalar haqida hayol surayotgan Bekposhsha.
 Sayilxon yana ketma-ket ikkita sigaretni tutatdi-da, duxoba bolishlarga cho‘zildi. -Aka ikki-uch kun turasizmi?. Qachon ketishingizni bilay? Yana oldingi safargiday qiynalib yurmang – degan ovoz eshitildi.
 Azbaroyi singlisi to‘g‘ri gapirayotgan bo‘lsa-da, hozir shu gap jon-jonidan o‘tib ketdi. Aslida ertani o‘ylab jonini qo‘yishga joy topolmayotganda boshqa gaplar ortiqcha edi. Uch to‘rt yil oldin kelganida hamma qarindosh va uka-singillarinikida mehmon bo‘ldi. O‘zini bir vaqtlardagiday qudratli his etgan edi. Ota-onasinikida uch-to‘rt kun turdi. Ketayotganida puli yo‘qligi uchun yo‘lkiraning ustida qiyomat-qoyim urush bo‘lgan edi. Ukalari odatdagidagiday: «kissamda bir qora tangam yo‘q» dedi. Singlisi va kelinlari talashib qoldi. O‘shanda Sayilxonning ichidan o‘tgan umr yo‘li, ukalariga bogliq tashvishlar ogriq bilan o‘tdi. Endi u tug‘ishganlariga dardlarini aytolmaydigan darajada begona. So‘ng o‘zini tuta olmadi, ko‘z yoshlari quyilib kelaverdi. Urishayotgan taraflar allanarsadan hayratlanganday to‘xtab qoldilar. Qodir esa «aka, erkak kishi uyalmaysizmi yiglagani» dedi. Unga tug‘ishganlarining mehrsizligi va o‘zini yosh boladay muhokama qilishayotgani juda ogir botdi. Shunda onasi bechora «qo‘y, bolam sadqai ko‘z yoshlaring odam ham pul uchun yiglaydimi?. Bularniing hammasi yig‘ilganida ham himmating oldida chumolicha kelmaydi». «Onajon qadrim uchun yiglayapman. Hammasini bilaman bolam. Lekin nima qilay, mening bilganim hech kimga kerak emas». «Onaa..» battar o‘kirib yig‘lagandi. Barcha qarindosh-urug‘ va uka-singillari uni ichaverib savdoyi bo‘lib qolganga chiqarishgandi.
 Singlisining qachon chiqib ketganini ham bilmabdi. Bolishda bo‘yni og‘rib qolib, g‘alati bosinqi tushlar ko‘rdi. Qaerlardadir otasi, onasi va ukalari bilan yurganmish. Tun bo‘yi allanarsa hovlida «g‘iyqillab» nolakor ovoz chiqardi. Bu olislarga uchayotgan qushlar to‘pidan ayrilib qolgan qushning ovoziga o‘xshardi. Hovlidan kelayotgan allakimlarning gap-so‘zidan uyg‘onib ketdi. «G‘iyq..g‘iyq». Shu yotgan kuyi ko‘rpachada jo‘njikib yotib qolibdi. Ustiga ko‘rpa ham yopmabdi... birov yopib ham qo‘ymabdi. Quyosh ham allaqachon yoyilib ketibdi. Havo ochiq bo‘lsa-da, Orol dengizi yaqin bo‘lgani uchun kun sovuq edi. Singlisi qaerga ketib qolgan ekan?. Xonada garangsirab yurdi. Kecha ichgani uchun boshi og‘riyotgandi. Eshikdan jilmayib o‘rta yoshlaridagi bir odam kirdi. 
 - Iya Sayil, o‘la tanimadingmi?. Kelganingni ko‘chada Poshshadan eshitdim – u odam kulganicha quchoqlarini ochdi.
 Sayilxon o‘rnidan turib quchoqlashdi. Sherigining yuziga yog‘ surilganday shilimshiq edi.
 - Tanidim, tanidim – lekin uning kimligini sira eslay olmadi.
 - Bolalaring yaxshimi?. Na bo‘ldi senga o‘ninchi sinf paytingdagiday ozib qolibsan?.
 - Hozir ozg‘inlik urfga kirgan – dedi Sayilxon qarshisidagi odamning sinfdoshligini anglab. – Ke o‘tir, hozir yuzimni yuvib turgan edim.
 - Bir ko‘rib chiqay dedim. Umuman begona bo‘lib ketding-ey, nechchi yil bo‘ldi ovulga kelmaganingga. Biz o‘ynab cho‘miladigan daryolar kichrayib, dengiz quridi. Baliqlar ham yo‘qolib ketdi. Hozir hamma yoq tikonli sim va chegara bo‘lib ketgan. Endi u yoqlarni tushda ko‘ramiz.
 Anqayib mehmonning ogziga tikiladi: boshi aylanardi. 
 - Ish ko‘p. Bir pasda yigirma yil ham «guv» etib o‘tib ketibdi.
 - Eshitganmiding Omongulni ham berib qo‘ydik. Onasi vafot etganidan so‘ng hech kimga aralashmay uyida o‘tirib qolib ketdi. Keyin o‘ldi qoldi – Sayilxonning hali ismini eslay olmagan sinfdoshi go‘yo bir jonsiz narsa yoki hayvon haqida gapirganday aniqlik kiritib. – o‘limidan oldin xotinlarga dunyoda bitta erkakni deb o‘tdim degan ekan. Seni aytibdi.
 - Meni aytibdi..- g‘alati sinfdoshining o‘zi va aytayotgan odam ishonmaydigan gaplariga hayratda qoldim. – O‘qishni tugatganmidi u? – dedi erga tekkanmidi degan savol berishga o‘ng‘aysizlanib.
 - Onasi kasal bo‘lib ikkinchimi uchinchi kursdan qolib ketgan edi. So‘ng kutubxonada ishlab yurdi – dedi dasturxonga qarab yutinib. - Sen bilan besh gramm ichmaymizmi?.
 Sayilxon bezovta bo‘lib tashqariga ko‘z tashladi. Ichidan butun dunyo va xotiralar ogriqlar bilan o‘tdi. Allaqachon hovlida do‘ppi kiygan erkaklar va ro‘mol o‘ragan xotinlar uymalashib yurishardi. Mahallaning yoshgina notanish mullasi ham kelib Qur’oni karimni qiroat bilan o‘qirdi. 
 - Tezroq olib yubor bo‘lmasa? – ko‘rib qolishadi degan gapni aytolmay.
 Qo‘llari qaltirib aroqni to‘kib yuboradi. Notanish sinfdoshinning esa parvoyi palak. Qadahni ushlaganicha tilak aytardi.».. sen bilan faxrlanib yuramiz. Hozir ham menday bir traktorchi bilan ichib o‘tirganingga ishonmayman. Yaxshi kunlarda bir-birimiznning xizmatingizda bo‘laylik».
 - ichib yubor – dedi ikkinchi piyolani ichgan Sayilxon yig‘laguday bo‘lib hovliga tomonga qarab. – ovmin – deb o‘rnidan turib derazaga tikilganicha: «Ooo..o» deb kerishdi. Eshikdan kirgan Qodirning ko‘zi stoldagi bo‘shagan piyolalarga va taqsimchadagi tuzlamaga tushib afti bujmayib ketdi.
 - Aka, sizni xudo urib qo‘ygani rost ekan. Bo‘lmasa gurillab yurgan odam birdan bu ahvolga tushmaydi. Endi tengingizni topibsiz. Shu kun ham ichasizmi?.
 - Ho‘v uka, menga nima bo‘libdi. Traktorim bor, yerim bor mening. Haydamasangiz ham chiqib ketaman. O‘zi sani odamni mensimaydi deyishgandi - dedi nomsiz sinfdoshi Qodirga tap tortmay.
 Yosh boladay mo‘ltirab turgan akasiga rahmi keldi shekilli: - 
Aka yuvinib tahorat oling. Hozir jo‘naymiz – o‘zi eshik oldiga kelib to‘xtagan mashinani qarshilashga ketdi.
 Moviy rang durracha o‘ragan Bekposhsha arg‘imchoqni ko‘tartirib yubordi. Notanish kishilar arg‘imchoqni ko‘tarib ko‘chaga chiqishdi. Ko‘chadan taxtalarning bir-biriga urilgani va «g‘iyq, g‘iyq» degan sas qadam tashlanishiga mos eshitilardi. Tuni bilan shamolda shuning ovozi kelgan ekan. Arg‘imchoq ekan nolakor ovoz chiqargan. Taxtalarning hali uncha rangi ketmagan, arqoni yo‘qligini hisobga olmaganda deyarli yangi edi. Sayilxon yoshligida onasi ishga ketganida ko‘pincha Saodat singlisini yoniga olib uchib o‘tirardi. Singlisi ba’zan ogzida noni bilan uxlab qolardi. Bir marta ukasi arg‘imchoqdan yiqilib tushib, burni qonaganda otasidan qattiq kaltak yegandi. 
 - Aka taxyangiz bormi? - degan singlisinning gapidan cho‘chib ketdi.
 - Qanaqa taxya?.
 - Savolni ham berding odamiga. Akamda taxya nima qilsin. Akamdan hozir ichilgan bo‘sh shishani so‘ra..
 Sayilxon ko‘zlari bilan ukasiga «o‘tinaman aytma» deb imo qildi. 
 - Anov traktorchi sinfdoshi bilan ichgan aroqning markasini so‘ra - dedi shavqatsizlik bilan ukasi.
«Meni muhokama qilishni kim qo‘yibdi senga?. Sening pulingga ichdimmi?.». Bu gapni ichidan aytdi u. Bir paytlar Qodir akasining oldida nafas olishga qo‘rqardi.
 Sayilxon singillari bilan RAFga o‘xshagan mashinaga chiqishdi. O‘nqir-cho‘nqir yo‘llardan chegara tomonga qarab ketishdi. Ko‘zlari yig‘idan shishgan Bekposhsha ro‘molda katta xotinlarga o‘xshab qolgan edi. Mashina qiynalib yuqoriga o‘rlar, har kuchanganda mullaning «astofurullo o‘zing saqla» degan nolakor ovozi eshitilardi. Onda-sonda orqadan mashina signali eshitiladi. Qodir orqada yengil mashinada kelardi. Katta yo‘lning chekkasida o‘tgan yildan qolgan qamishlar va yantoqlar qor-yomgirda sargayib to‘zg‘oqlari yomgirda yopishib qolgan edi. Oppoq qordan po‘stin kiygan dalalar, unda-bunda chiqib qolgan rangsiz yerlar Sayilxonga juda tanish ko‘rindi. Bir vaqtlar bu yerlarda haligi traktorchi bilan qo‘y boqqan edi. Velosiped minib tut terishga kelgan edi. Sinfdoshlari bilan paxta terishgan. Otasi mollarga o‘t o‘rishga yuborganda Omongulga o‘tining yarmini berardi. Eng so‘nggi marta esa paxta zavodi direktorining dala hovlisiga dam olishga kelgan va daryo qayrlaridan kata- katta laqqalarni otgan edi.
 - Bekposhsha, anovi kutubxonachi Omongul erga tegib edimi?.
 - E aka. Shu Xotin dunyodan hur ketdi. Er etmadi, dunyoning neligini bilmadi. Yolg‘iz qiz bo‘lgani uchun onasining kasalini boqdi. Har ko‘rganda sizni so‘rardi. Birga o‘qigan ekansizlar.
 - Hmm.. «buni deb bir ayol dunyodan o‘tibdi naqadar shavqatsizlik» o‘yladi Sayilxon. Yuragida allaqanday tushunib bo‘lmas mavhumlik: qayg‘umi, g‘ussami, balki yolg‘izlik azobimi... nimadir bor edi.
 Daryoga yaqinlashganlari sayin u bezovta bo‘la boshladi. Yulg‘unlar qaqqayib turgan yo‘lning ikki chekkasida qor qoplagan dalalar cho‘zilib ketardi. Singlisi va boshqa qarindoshlarining ham yig‘isi kuchaydi. Orqada ham kimdir jiyanlarimi «piq-piq» yig‘lardi. Mullaning «xudo sabr bersin. Ollohning ishi... nima qilasizlar endi. Peshonaga yozgani shu ekan. Birga tug‘ilmoq bor, bir o‘lmoq yo‘q» degan qiroatli ovozi eshitilardi. Mashina o‘nqir-cho‘nqirlardan sakray-sakray daryoning u qirg‘oq juda yaqin kelgan joyida to‘xtadi. Daryo mahobat bilan sokin oqar va muzlar parchalari yaltirab ko‘rinardi. Azadorlar mashinadan bir-bir tushdilar. Bekposhsha yerga oyoq qo‘yishi bilan uvvos solib yig‘lab yubordi. «Ona...onajon ka’bam onam». Sayilxon rang-ro‘yi oqargan kuyi bir oz qotib turdi. Yuzlarini sovuq shamol yaladi. Ko‘zlari hech narsani ko‘rmas, u qirgoqda kimdir bularga alvon bayroqni silkitardi. Uning ichkilik abgor qilgan vujudi titrab, yon-verini arang ko‘rardi. Ko‘z oynagi ham shaharda qolib ketgan edi. To‘g‘rirog‘i, o‘ng ko‘zini sindirgach, gazetalarni bir ko‘zini yumib, arang o‘qib yurgan edi. Shuning uchun hozir hech narsani ko‘rmayotgan edi.
 - Sayilxon aka ana onamning tobuti. Ana onaginamning tobuti. Voy Saodat bormisan. Saojatjon. Nima qilamiz endi – Bekposhshaning bo‘g‘ilgan ovozi eshitiladi.
 U qirg‘oqda boshiga oq ro‘mol tashlab olgan ayol tobutdan va o‘ymalashayotgan erkaklardan sal uzoqroqda qo‘llarini ko‘tarib imo qilardi.
 - Oh aka. Onajonimning tor qorniga to‘rt farzand siqqandi. Bechoraning bir o‘zi hech kimning uyiga sig‘madi. Unikida uch kun turdi. Bunikida o‘n kun turdi. Saxari oshib ketadi. Dori topolmaydi. Dori emas, pul topolmaydi, aka. Kechalari yig‘lab chiqadi. Arslonday bolalari «oldingi oyda berdim-ku, endi Poshsha bersin» deyishadi. Poshsha boy deyishadi. Poshshaning ham pul zavodi yo‘q axir. Axiyri, Saodatnikiga ketdi. Chegaradan o‘tish uchun ham olti oylik pensiyasini yig‘ib qo‘ygan ekan. Bechoraga sizdan keyin birov bunday yordam bermadi. «Bekposhsha ko‘zim ochiqligida akangni ovulga ko‘chirib kelaylik. U bir ko‘ngli bo‘sh bola. Begona shaharda hor bo‘lib qolmasin. Xotini bir kun xudodan topar. Bola-chaqasidan rohat ko‘rmadi sho‘rlik. Ko‘chirib kelaylik shuni» derdi. Bizdan qochib ketdi bechora.Bizning so‘nggi ko‘rinmaydigan urishlarimiz va mehrsizligimizdan horigandi boyaqish.
 -O‘chib o‘tir odamlar qarayapti? Sharmandaligingni ko‘rsatma.. - dedi qattiq shivirlab Qodir.
 Bekposhsha ko‘z yoshlarini artib birdan boshini ko‘taradi. Ko‘zining atrofida yoshlar muz parchalariday yaltirardi. U dunyoga qasd qiladigan vajohatga mingan edi. Daryoning muzlagan qirg‘ogi «qasir-qasir» sindi.
 - Kim sharmanda aka. Onasidan oyida bir xabar olmagan odam sharmandami, menmi?. Onam bechora qora non olib kel deb xudoning zorini qilardi. Har kun shaharga borardingiz. Uyingizga xalta-xalta qand-qurs keltirardingiz. Uh.. endi nonlar ham savil qoldi. Mehr ko‘rmagan onam.
 - Sen ko‘pam qonimni qaynatma, hamma gapirsa ham sen gapirma - Qodirning ko‘zlari olayib qimmatbaho papaxini to‘g‘irlaganicha.- Onam hali o‘lmasdan turib narsalari tashiganing tashigan edi. Sandig‘ini bo‘shatding. Endi mehribon bo‘lib qoldingmi?. Niyating yomon edi sening.
 - Niyati yomon deb sizni aytadi. Qachon qarasa urishib onamni yiglatardingiz. Har safar yig‘laganida saxari oshib yotib olardi. Anovi tentak ukam kalamushday yer kovlaydi. g‘achon qarasa ichib choyxonada o‘tiradi. Ha uning ichgani hech kimga bilinmaydi. Akam kambag‘al so‘qqabosh. Endi alkashga chiqdi. «Kambag‘al bo‘lsang dono gapingni ham qabul qilishmas» degani shu. Oh, onajonim. «Och o‘tirsam ham tinch o‘tiray bolam. Singling yolgiz bolalarini qarab o‘tiraman». Ana shunda kasofat chegaralar ham yopildi. Aka. Dunyo yopildi. Na o‘likni o‘tkazadi, na tirikni, e xudo ne kunlarga qoldik.. O‘liklari sarson bo‘lgan onam. O‘liklari sarson bo‘lgan onam. Olislarda qolib ketgan onam.
 - Bo‘ldi qilinglar. Hali onam tuproqqa qo‘yilmay bir-biringni yeysan. O‘ch ikkalang ham – dedi Sayilxon amrona ovozda bir vaqtlardagidek.
 Hamma boshini ko‘tarib hayrat bilan unga tikiladi. Amudaryo va hatto narigi qirg‘oq ham tinchib qolganday bo‘ladi.
 Sayilxon ko‘zlarining basirligi yetmaganday quloqlari ham eshitmay qoldi. Uzoqda narigi qirg‘oqda odamlar qizil narsaning atrofida yaltiroq asal arilarday g‘imirlab yurishardi. So‘ng birdan narigi qirg‘oq cho‘kka tushdi. Uning yonginasida mahallaning mullasi ham qiroatini boshlab yubordi. «..Qul huvallohu ahad. Allohus samad...» Olislardan ayozli shamol Qur’on suralarini olib kelardi. Sayilxon shundagina g‘aroyib marosimning mohiyatini anglaganday bo‘ldi. Saodat «vidolashib qolinglar» deb onasining tobutini qirg‘oqqa olib kelgan edi. Sal nariroqda chegarachilarning sim devorlar bilan o‘ralgan baland-baland binolari ko‘rinar va unda notanish bayroqlar hilpirardi. Tikanli simlar yonida botqoq rang kiyimli qurolli soqchilar borib kelib turishardi. Ikkala qirg‘oq ham «omin, Allohu akbar» deya qo‘llarini yuziga surtdi. Shu mahal tobut ustidagi qizil duxoba uchib yerga tushdi. Go‘yo onasining boshidan ro‘mol uchganday bo‘ldi. Ikkala qirgoq ham go‘yo endi aytishga hech so‘z qolmaganday qotib qoldi. Daryoda muzlar «qasirlab sindi». So‘ng bir odam oldinga chiqib allanima deb baqirdi. Shamol uning so‘zlarini noma’lum kengliklarga uchirib ketardi. Sarhatlar aro Qodirning qo‘l telefonii jiringladi. 
 - Aka, oldinroq chiqib o‘zingizni ko‘rsating. Onamning joni uzilmay bir hafta sizga ilhaq bo‘lgan ekan.
 Sayilxon jur’atsizgina yurib oldinga chiqdi. Ichkilik abgor qilgan vujudidan shamol g‘alvirday o‘tardi. Kengliklar, sahrolar va ummonlar qarshisida bir zarraday bo‘lib turardi. Siyraklashib qolgan sochlarini yurtniing ayozli shamollari uchirardi. Allaqayda arg‘imchoqning nolalari eshitilardi. Arg‘imchoq va daryo g‘alati g‘ussali sas chiqarardi. O‘rtada qirg‘og‘i muzlagan Amudaryo sokin va qudratli oqardi. U yuzlari oqargan va titragan kuyi muzlab qolganday qotib turardi. U muzlab qolgan va hech narsani ko‘rmas va eshitmas edi.
 - Onajon mendan rozi bo‘ling. Ona...
 Sayilxonning bo‘g‘ziga allanimalar tiqildi. U sassiz, ovozsiz yig‘lar va yelkalari titrab ketardi. Narigi qirg‘oqda odamlar tobutni ko‘tarib yo‘lga tushgan va g‘aroyib marosim yakunlanayotgan edi. Uni o‘rab turgan olam mohiyatini yo‘qotgan va bir vaqtlar tug‘ilib o‘sgan yer endi tamom begona edi.

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.