OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Sanjar Tursunov. Bobomning hikmati (hikoya)

Hayotning topishmog‘ini har kim o‘zicha yechadi. Yer yuzida qancha odam bo‘lsa, shuncha hayot va shunga yarasha hikmati bor. Bobom bir so‘zni ko‘p aytardi: Ot mingan ham yo‘l so‘raydimi?...
Bir safar, unda bola edik, momom men bilan amakimning o‘g‘lini yoniga chaqirib mayiz, qand-qurs berarkan, shunday dedi:
— Kecha bobongni xafa qilib qo‘ydim. Bechora tonggacha yig‘lab chiqdi. Ertalab hech balo yemadi. Borib qaranglar-chi, qayoqlarga g‘oyib bo‘ldiykan.
Biz yugurib ketamiz. Ko‘chada, Safar boboning uyi oldida suhbatlashib o‘tirishgan ekan.
— Bobo kecha yig‘ladingizmi? — dedik.
Bobomning javobini kutmasdan yana gapirdik. — Momom aytdi, ertalabdan kayoqqadir g‘oyib bo‘lgan ekansiz...
O‘shanda bobom bizga pul berib shunday degandilar:
— Borib saqich olib chaynanglar, zora og‘izlaring bir oz yopilsa. Ha, keyin momongga aytgin, o‘ladigan axmog‘i yo‘q. Ustiga yana bitta kampir olmasam, yurgan ekanman.
Keyin nima bo‘ldi deng... O‘sha oqshom bobom bilan momom yarash oshi qilishdi.
— Sizlarni sog‘insam, kampirimga bir ikki-musht tushirib qo‘yaman. Albatta, ko‘zga tashlanmaydigan joyiga. Shunday qilmasam, bittang xabar olmaysanlar, — degandi bobom.
Momom unga javoban:
— Sizlarni o‘ylab yarashdim... bo‘lmasa...
Ertalab shaharga qaytayotgandim, momom yana qurt, turshak, qand-qurs berdi.
— Bobong kecha yana yig‘lab chiqdi...
— Haliyam-a?..
Momom boshini egdi. Ko‘zidan ikki tomchi yosh yuziga dumaladi.
—Tushundim. Hozir...
Ko‘chada bobomni uchratdim...
— Kecha yana yig‘labsiz...
—Ma, yaxshi ko‘rgan qizingga saqich olib ber...
Bobom bir siqim pul uzatdi. U gapirishga og‘iz juftlagan ediki, mahkam -quchoqlab oldim...
— Bobo, sizni yaxshi ko‘raman...
Biz katta ko‘chada uzoq suhbatlashib qoldik.
— Bundan ancha yil burun, onam olamdan o‘tganida, ko‘nikolmay bag‘rimni yerga berib yotganman. O‘shanda shu momong boshimni ko‘ksiga olib, onamday menga ertaklar aytib bergan. Bugun yoshim bir joyga borib shularni o‘ylar ekanman, momongni umri uzoq bo‘lsin, deb tangridan so‘rayman, bolam. Bizning urushishimiz, aslida mehrimizdan nishona. Biz mana shunday, urushib, yarashib ellik yil yashab qo‘ydik. Agar bilsang g‘idi-pidi qib turmasak, urushmasak, xuddi bir-birimizdan ko‘nglimiz sovugandek bo‘lib qolamiz... Biz shunaqamiz, bolam...
O‘ylab ko‘rsam, ularning o‘ziga xos turmush o‘yinlari bor ekan. Biz o‘zimiz bilmagan holda o‘sha o‘yinlar ta’sirida ulg‘aydik. Va bu o‘yinlar yashashimiz kerak bo‘lgan hayotda asqotishi shubhasiz. Axir «Ot mingan ham yo‘l so‘raydimi», degan bobomning bu hikmati endi menga sir emas. Yo‘lni sen topmasang — ot topadi. To‘g‘rirog‘i, hikmat senga yo‘l ko‘rsatadi. Yigitga ot qancha kerak bo‘lsa, hikmat ham shuncha darkor.
O‘yinni faqat bolalar o‘ynamaydi. Har bir insonning o‘z o‘yini bo‘ladi, xuddi ko‘zi, qulog‘i bo‘lgani kabi. Hayotda nimalar bo‘lmaydi, deysiz. Mayli, nima bo‘lsa bo‘lsin, faqat bobo-momolarimiz omon bo‘lsin va ularni yarashtirib qo‘yadigan nabiralar ham.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi, 2014 yil 16-son

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.