OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Sanjar Tursunov. Chavandozning ko‘ngli (hikoya)

— Umri bilan bergan bo‘lsin!
— Halvomi? Qanday yaxshi. Men sizga aytsam, qiz bola otasiga ja mehribon bo‘ladi-da. To‘g‘ri, men buni bilmayman. O‘g‘illarim belimga mador bo‘ladi desam, sindirib tashlashyapti, bachchag‘arlar.
— O‘g‘il bo‘lsa yaxshi bo‘lardi!
— E-e, o‘g‘ilmi, qizmi berganiga shukur.
Shu va shunga o‘xshash gaplar biridan ikkinchisiga uchinchisidan beshinchisiga o‘tib butun qishloq bo‘ylab tarqalib yurardi.
Olimqul akaning xotini qirq yoshli Oysanam opa, xuddi yosh kelinchak misol uyalgan bo‘lib, ro‘molining uchini labiga qistirib, yerga qaragan bo‘ldi.
Ayollar chaqoloqni qo‘liga olib erkalab, suyunchiladi. Hali rangini bilib bo‘lmasa-da, biri olib-biri qo‘yib goh eriga, goh o‘ziga o‘xshatdi.
Odamiylik shundaki — ular bir-birini yaxshi kunda ham, yomon kunda ham, sevinchdayu qayg‘udayam yolg‘izlatib qo‘ymaydi. Olimqulning bu o‘yga kelishiga qishloqning narigi chetida yashaydigan, Zulfiya momoning kechga yaqin qo‘lida bir tugun bilan kirib kelgani bo‘ldi. Momoning yoshi saksondan o‘tgan necha yilki yolg‘iz yashardi. Xudo unga tirnoq bermagan. Momo eri qaytish qilgach ellik yoshda edi. Mana shunga ham o‘ttiz yil bo‘pti. Olimqul akaning, kech bo‘lganda sizga zarilmidi, aytsangiz o‘zim yelkalarimda ko‘tarib kelardim, degan so‘ziga momo bunday javob qildi:
— Sen bola o‘zingni ko‘p koyima. Hali yelkangga bu qizchang shunaqangi ko‘p minadiki, dod deb yuborasan. Bu birlamchi. So‘g‘in meni qarib, endi yurolmay qoldi deb ham o‘ylama. Xudo umr bergan bo‘lsa, shu qizchangni to‘yida kampir o‘ldi, o‘zim bo‘laman.
— Iloyo aytganingiz kelsin. Qani ichkariga marhamat.
Momo qizchaning chillasi chiqquncha shu yerda qoladigan bo‘ldi. Qizchaga Intizor deb ism berdilar. Bundan momoning ajin bosgan peshonasi yana-da tirishdi.
— Bu qanaqa ism bo‘ldi? Undan ko‘ra Zulfiya qo‘yinglar. Xursand bo‘laman.
Ko‘pni ko‘rgan momoning so‘zini yerda qoldirishni er-xotini gunoh sanadimi, qizchani Zulfiya deb atay boshladilar. Bundan momoning cho‘kayotgan ko‘ngli yana o‘sdi. Xuddi endi erga tegadigandek, yo kelinchak davri qaytayotgandek bir gapirib o‘n kular, yugurib yelib kichkina Zulfiyaning xizmatini qilardi.
Oradan yana yillar o‘tib Zulfiya qizili qizilga, oqi oqqa ajralib go‘zal qizga aylandi. Tilab olingan farzand tantiq, erkatoy bo‘lib o‘sdi. Aytgani aytgan, degani degan bo‘ldi. Ota-ona uning har so‘zini qonun, erkaligini mehrga yo‘yishdi. Qiz uy-ro‘zg‘or ishiga aralashmas, ko‘ngli nimani tusasa shuni qilar, uning yana bir odati bor ediki, uyquchi edi. Qiz bola degani birovning xasmi. Erta uchadi — ketadi. Mana shu o‘y ota-onani ancha o‘ylantirardi. Zulfiya bo‘lsa parvoyi palak, uning umuman turmushga chiqqisi yo‘q, to‘g‘rirog‘i, erga tegish nimaligini-da, anglab yetmasdi. Garchi, tengdosh dugonalari allaqachon bola-chaqali bo‘lsa-da, u o‘rtoqlarini bolasini ko‘rganda ajabsinibmi, hadiksirabmi, xullas, o‘zi ham tushunmaydigan bir nazar tashlab qo‘yardi.
Shunday kunlarning birida qiziq voqea ro‘y berdi: Zulfiyani bir yigit yoqtirib qoldi. Birgina “ko‘rib qolish” nomdor chavondozning kelajagi porloq o‘g‘lini oromini o‘g‘irladi. U ko‘pkarida qancha sovrin olgan bo‘lmasin barcha-barchasi rangsiz, qizning nigohi bilan o‘lchanganda — sariq chaqalik qiymati qolmadi.
Norqo‘zi (chavandozning ismi shunday edi) har kuni Zulfiyaning uyi atrofini izg‘ir, otini lo‘kkillatgancha uyoqdan buyoqqa, buyoqdan-uyoqqa o‘tar, devordan bo‘ynini cho‘zib qarar, birgina umidi uni ko‘rsayu yonayotgan yuragini sovutsa. Atayin qilgandek qiz ham suvga chiqib qolmas, (umrida biror marta suvga chiqmagan qiz) yo saharlari qo‘ylarini podaga haydasa, (u bu paytda uxlaydi-ku) hech bo‘lmasa ko‘chaga suv sepsa. Norqo‘zi shu xayollar bilan keksa kampirdek imillab o‘tayotgan kunlarni tunga ulardi.
Chavandoz o‘g‘lidagi o‘zgarishni ziyrak nigohi bilan ancha kuzatib yurdi. Tanish-bilishlardan so‘raganida kayfiyati tushib ketdi.
— Bo‘lmaydi.
— Nega?
— Sen chavandozsan. Shunday ekan, ezma bo‘lmagin. Har bir gaping xuddi oting tuyog‘i kabi mustahkam, yolidek keskir bo‘lmog‘i darkor.
Chavandoz bilan bola o‘rtasida shunday suhbat bo‘lib o‘tdi. Ota ezma emasdi. Shu bilan birga zolim ham deb bo‘lmasdi. U o‘g‘lini ayadi. Qolaversa, birovning qizini yomon deb gunohga botishni istamadi. Ro‘zg‘or ishiga uquvi bo‘lmasa, ko‘p uxlasa, qizning yomon degani emas-ku. Chavandoz buni biladi. Bilgani uchun ham o‘g‘lini bir siltab, chavandozsan, sen haqingda har qanday gap otingdan ham tez yuguradi, deb qo‘ymoqchi edi. Buni uddasidan chiqolmadi, chunki o‘g‘li otasining gapiga isbot talab qildi. Isbot... hozircha yo‘q.

* * *

Olimqulga Zulfiya momo bir gap aytgandi:
— Qizni urib bo‘lmas bu birlamchi, so‘g‘in erkalatib bo‘lmas.
— Unda uni nima qilayin?
— Ikkisining o‘rtasini topishing kerak.
— Qanday topaman?
— Ha, bolam-a, topishning osonroq yo‘li bo‘lganida yer yuzi allaqachon jannat bo‘lib ketmasmidi? Shunday bolam. Vaqt — dono hakam. Hammasini vaqtning o‘zi ko‘rsatadi, o‘rgatadi.
Olimqul momoning gapini aql tarozisidan o‘tkazarkan, o‘sha vaqt kelmadikan, o‘tib ketdimi yo hali ertami deb ikkilanardi. Norqo‘zining uyi atrofida parvonaday uchib yurganidan xabardor. Bir ko‘ngli tayoq olib quvay desa, bir ko‘ngli shoshma podadan oldin chang ko‘tarma, deb o‘zini qo‘lga olardi.
Zulfiya haqida bunday gap yurardi:
— E, umi yalqov. Bir kamim shuni kelin qilish qoluvdi. Nima, yoshim bir joyga borganda, uning o‘rnini o‘zim yig‘amanmi?
— Ism — yarim taqdir, deydilar. O‘zi yaxshi qiz. Yalqovliginiyam bir nima qilsa bo‘ladi. Faqat momoning ismi odamni sal cho‘chitadi-da. Momo yaxshi ayol edi. Ammo... Peshonasiga tuyoq bitmadi.
Bu ikki sabab yuragida yoli bor har qanday yigitni ham biroz dovdiratib qo‘yardi. Norqo‘zi-chi? Bularni bilmaydimi? Biladi. Lekin, o‘lguday qaysar.
Ho‘v, o‘sha suhbatda otasiyam shularni aytmoqchi edi. Ammo irim-sirimga ishonmaydigan chavandoz bularni aytib o‘g‘lining oldida hurmatini yo‘qotishdan qo‘rqdi. U yana shuni tushindi: qiz juda g‘ururli. Unga yetish oson bo‘lmaydi. Ha, aynan shu umid uni xotirjam bo‘lishga undardi. O‘g‘li qancha urinmasin qiz bo‘yin egmasa — bari bekor. Chavandoz shu o‘ylar bilan yurgandi, lekin bundoq qarasa, o‘g‘li hamon shu qizni ko‘chasini changitishda davom etmoqda. Uni yoniga chaqirdi. Gapni aylantirgandi, o‘g‘lining javobi bunday bo‘ldi:
— Men ko‘chadan ot minib o‘tganda har bir tuynukdan qizlar poylaydi. U bo‘lsa meni xayoliga ham keltirmaydi. Agar shu qizga uylanmasam, otimning madori yetguncha choptirib bu yerlardan ketaman, ketaman.
— Yo, qudratingdan aylanib ketay, bu yana qanday tomosha bo‘ldi.
Shu suhbatdan keyin ota tushindiki, do‘ppini boshdan olib bir o‘ylamasa bo‘lmaydi. Elga gapini bermagan chavandoz endi qayoqdagi o‘ydirmalarga ishonsa — kulgu bo‘ladi-ku.
Ertasi chavandoz Zulfiyalarning qishlog‘i  sari yo‘l oldi. Odamlar qo‘y-echkilarini haydab chakana otarga qo‘sha boshladilar. Chavandoz ular bilan suhbatlashib turdi. Ichki sezgi bilan qizning otasini tanidi. Ha, yuzi ko‘zida samimiylik ufurib turgan bu odamdan yomonlik chiqmaydi. Chavandoz ko‘pni ko‘rgan. Bir qarashdan yo ikki og‘iz gapidan kimni qanaqa inson ekanligini biladi. Otar ketgach chavandoz Olimqulga ergashdi. Yigirma qadamlar yurgach qizning otasi ortidan kelayotgan odamni sezib to‘xtadi.
— Menga biror yumushingiz bor edimi? — dedi ajablangancha.
— Vaqtingiz bo‘lsa, ikki og‘iz gaplashsak degandim...
— Qani marhamat, uyga kiramiz. — Olimqul shunday deb chaqqonlik bilan yo‘l boshladi. Uyga kirganda xotini hali hovlini supirib bo‘lmagan, qorni ichkariga tortilgan sigir norozi qiyofada bir qarab qo‘ydi. It hurmoqchi bo‘lib og‘iz ochgani hamon, egasining qovoq o‘yganini ko‘rib bostirmasiga kirib ketdi. Hovlisidagi tartibsizlikdan Olimqul battar hayajonlandi. Burnining ustidagi marjon terni ko‘rib: “Andishali odam ekan”, deb xayolidan o‘tkazdi chavandoz.
— Xush ko‘rdik. — mulozamat ko‘rsatdi Olimqul, so‘rida joylashib o‘tirgach, mehmonga choy uzatarkan.
— Olimjon aka, bilasiz, chavandoz xalqi ikki gapni biladi. Halol va harom. Shu ikki ibora bizning orimiz, sha’nimiz.
— Dono gap aytdingiz...
— Menda donolik nima qilsin. Xullas, gapimni dangalini aytadigan bo‘lsam, gapga no‘noqman. Keyin, nozik joylarda kerakli gaplarni aytolmayman. — Chavandoz choydan yana bir ho‘pladi. Gapni nimadan boshlashni bilmay biroz taraddudlandi. Qat’iy qarorga keldi chog‘i, o‘rnidan bir qimirlab davom etdi: — Bittagina o‘g‘lim bor. Qizlarim allaqachon joyini topib ketishgan. Cholu kampir shu o‘g‘limiz qachon tengini topar ekan deb eshikka, — gapi sal haddidan oshganini sezdi-da, tezda xatosini tuzatdi — to‘g‘rirog‘i, o‘g‘limizning og‘ziga tikilamiz. Bu kishim bo‘lsa miq etmaydi. Oxiri o‘zim sezdimu qaydasiz Olimjon aka, deb kelaberdim. — Yuzlarini terini artarkan “nega buncha chaynaldim”, deb o‘zidan g‘ijindi va gapni po‘stkallasini aytdi-qo‘ydi. — Qizingizni o‘g‘limga xotinlikka bering...
— A? Og‘ayni... Eshitmay qoldim.
— Yo‘q Olimjon aka, siz meni noto‘g‘ri tushunmang... Men haligi aytmoqchiydimki, shu nima desam ekan, quda bo‘lsak demoqchiydim...
Olimjonning qo‘llari titrar, og‘zi qurib borardi. Uning bu holatini chavandoz boshqacha tushundimi, harqalay yana bidirlab ketdi:
— Sizga aytgandim-ku, gapga no‘noqman deb. Siz meni tushunmadingiz... O‘g‘limga qizingizni so‘rab keluvdim...
— Qizimni?.. — Olimqul tamoman dovdirab qoldi. Ularning suhbatini sigir sog‘ish bahona eshitib turgan xotini sergak tortdi. Xotin satilini bir chetga qo‘ydi-da, ular tomon odimladi. So‘riga yetgach salom berib, mehmonga yuzlandi:
— Miymon aka, bilasiz hozirgi yoshlar hamma narsani o‘zlari hal qilyapti. Dugonam kelsin bir gaplashib ko‘raylik. Keyin yoshlar uchrashsin...
— Yaxshi, yaxshi. Mayli bo‘lmasa men boray... — Chavandoz nimalardir deb to‘ng‘illab duo qildi-da irg‘ib o‘rnidan turib kalishini yarim kiyib ko‘chaga otildi. Ko‘chaga chiqarkan, xuddi maxbusxonadan chiqqanday toza havodan erkin nafas oldi.
— Yo, qudratingdan aylanib ketay. Shuncha yil uloq chopib bunaqangi qiynalmagandim...
Shundan keyin chavandozning ayoli bir necha marta kelib ketdi. Ota-ona rozi. Faqat Zulfiya unamaydi. U na roziligini aytadi, na rad javob beradi. Nuqul kuladi. Biron narsa desang-chi, deb qistovga olsa:
— Nima dey? — deydiyu hovlini to‘ldirib xanda otadi.
Bu kabi tomoshalar chavandozni kayfiyati ancha tushirdi. Bir kuni o‘g‘lini yoniga chaqirdi-da, qattiq-qattiq gapirdi:
— Uloqqa cho‘zilganing bilan uni yerdan dast ko‘tarib olmasang bekor. Yerdan dast ko‘tarib olganing bilan, barcha otlardan o‘zib, chilvirga bog‘lamay, bakovul aytgan joyga oborib tashlamasang — bu ham bekor. Aytilgan joyda oborib tashlasangu, olomondan bir kishi bo‘lsa-da, g‘irromlik qildi desa, bilki, buyam bekor. Shunday ekan, chavandoz ham... — gapining davomini aytmadi.
Shu suhbatdan keyin uch kun o‘tib Zulfiya Norqo‘zi turmushga chiqishga rozi bo‘ldi. Uning nima qilganini hech kim bilmadi.
To‘y zo‘r o‘tdi. Bir tomonda kurash, bir tomonda ko‘pkari. Odamlar hayron:
— Ko‘pkariyu kurash sunnat to‘yida bo‘lardi, bu yana qanaqasi.
— Chavandoz birdaniga nabiraning ham to‘yini qilyapti, — deb askiya qiladiganlar ham topildi.
— E-e, senga nima hasadboy! Oshingni yeb, ko‘pkaringni ko‘rib kurashni tomosha qilabermaysanmi?
— E, bo‘yingdan chavandoz sho‘ytib ham to‘y qilasanmi-a?
— Xabaringiz yo‘qmi, bu deyman kelin sal yoshi o‘tganroqmi?... Yo menga shunday tuyuldimi?
— Iborangiz rost malim. Qiz sal yalqovmish...
— E-e, toza cho‘zildinglar-da. Menga qara, senlarga na, a senlarga nima? Tavba qildim-ey, tavba qildim. Odam deganiyam shunday bo‘ladima?
Bir tomonda shunaqangi gapu bir tomonda kurash, ko‘pkari, hatto ba’zi bir qiziqqanlar xo‘roz ham urishtirishdi.
Otlar kishnaydi. Chavandozlar irillaydi. Polvonlar “Yo Ali”, “Yo pirim”, deb osmonga sakraydilar. Yosh bolalar shovqin solishadi.
Norqo‘zi bilan Zulfiyaning to‘yi mana shunaqa ajabtovur bo‘ldi.

* * *

To‘y o‘tganiga ham yigirma kundan oshdi. Zulfiyadan esa hamon darak yo‘q. Olimqul bilan xotini yo‘l qaraydi. Yurak yutib boray desalar, qudalarining polvon gapidan qo‘rqadi. Chunki, ota-onaning qizlaridan ko‘ngli to‘lmas, yangi xonadonda toza sharmanda bo‘lgan, peshingacha uxlab, na hovli supurgan, na sigir sog‘gan. O‘z o‘rnini ham yig‘magan bo‘lsa kerak, deb o‘ylardi. Ko‘chadan kimnidir ovozi eshitilsa ikkisi ham ilkis bir-biriga qarashar, to ovoz ulardan yiroqlashgancha yuraklarini hovuchlab o‘tirardi. Ularning nazarida hozir, qizlarini olib kelib tashlab ketishlari mumkinday tuyulardi.
Bu holdan yuragi siqilgan ota bir kun xotini qo‘shnining uyiga chiqqanidan foydalanib, o‘zini ko‘chaga urdi. Qizi kelin bo‘lib tushgan mahalla boshigacha borgani bir bo‘ldiyu, yigirma qadam ichkariga qadam bosgani bir sari bo‘ldi.
Qudasining uyiga deyarli mo‘ralab kirdi. Voajab: hovli chinniday top-toza, ozoda. Rayhonlar barq urib yotibdi. Olimqul adashmadimmi, deb yana bir nazar tashladi. Yo‘q, adashmabdi. Ichkariladi. Sekin oshxonaga mo‘raladi. Qozonda tushlik ovqat baq-baqlab qaynardi. Bir mahal uy ichidan qizining kulgani eshitildi. Yo qudratingdan, qizining kulgusi boshqacha edi. Bu xanda kelinlikka xos bo‘lgan, saranjom-sarishta ayollar kulgusiga juda o‘xshab ketardi.
— Ha, quda tinchlikmi? Keling-ey, boxayrmi?
Miltiqning o‘qiday jaranglagan bu ovozdan Olimqul bir cho‘chib tushdi. Ortida chavandoz kelinidan mamnun qaynotalarda bo‘lgan bir tabassum bilan unga qarab turardi...
— Siz... Men... Qizim...
— Bo‘ldi-bo‘ldi. Hisob biru bir. Esingizdami, siz ham meni uyingizga borganimda shunday dovdiratgandingiz. Bu hazil. Sizni tushundim. Men sizga aytsam... — chavandoz shunday deb Olimqulning bilagidan ushlab so‘ri tomon boshladi. — xotinga ertalab tur, kelining hali yosh, to o‘rganguncha qarashgin, dedim. Xotin rozi bo‘ldi. Xotinim turgancha, bilasiz u behad semirib ketgan. Xullas, kelinim hamma ishni qilib bo‘pti...
Olimqul ko‘zida yoshni birov ko‘rib qolmasin, deb tezda artib qo‘ydi.

* * *

Zulfiyaning ozoda va chaqqonligi butun qishloqqa yoyildi. Chavandoz “Sen uni qanday ko‘ndirding?”, deb so‘raganda Norqo‘zi otasiga shunday dedi:
— U menga: “Momomni yo‘qlab turasan. Men u bilan atigi yetti yil yashadim. Ammo shu yetti yil ichida ayolga nima keragu nima kerakmasligini bildim. U mening ikkinchi onam”, dedi. Momoni men ham yaxshi ko‘rardim.
Chavandozning ko‘zi namlandi. O‘g‘lini bag‘riga bosib o‘pgisi keldi. Biroq, kelini hovlida aylanib yurgani uchun o‘zini tiydi. Xoliroq uchrab qolsa, albatta shunday qilaman, deb diliga tugib qo‘ydi.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi, 2014 yil 31-son

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.