OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Sanjar Tursunov. Nihol (qatra)

Bu tun odatdagidan boshqacharoq bo‘ldi. Chigirtka chiyillamas, qurbaqa “sayramas”, shamollar ham qayoqqadir g‘oyib bo‘lgandi. Butun koinot o‘zidamas. Oy juda olis, yulduzlar yaqin-yaqin bo‘lib qolgandi. Daraxtlar tepadan pastga qarab o‘sadigandek. Hatto uy jihozlari ham o‘rnidamas. Xontaxta o‘rnida televizor, muzlatkich o‘rnida gaz. Xullas, borliqda neki mavjud bo‘lsa, o‘rin almashgandi. Bu tun shunaqa g‘aroyib tun bo‘ldi. Shu tun hamma narsa o‘rnini almashdi. Hammasi odatdagidan boshqacharoq. Mudom tabiatning o‘zgarmas qonunidek bir vaqtda o‘chadigan tunchiroq o‘chmadi. Yigirma yildan buyon dashnomlarga, tahdidlarga, xo‘rlanishlarga chidab kelgan umid chirog‘i o‘chdi. Yigirma yillik sabr-toqatga nuqta qo‘yildi.
Hayotning o‘nqir-cho‘nqir yo‘lidan qoqilmay o‘tib kelgan ikki inson bugun chekinmoqchi. Nimadan chekinmoqchi? Baxtdan. Baxt ham odamni to‘ydirarkan. Hayt degan tuyaga madad. Milt etgan shu’la umid chirog‘i. Qishning bahori, bugunning ertasi. Ular mana shunday ishonchlarga ishonib yigirma yil, o‘zbekchasiga aytganda, bir yostiqqa bosh qo‘ydi. Ular baxtli edi. Ammo... bugun chekinmoqchi. Xotinning qancha yig‘laganini, tili bo‘lsa, mana, yostiqlar aytsin. Erning qancha yig‘laginini mana, tili bo‘lsa, kitoblar aytsin.
Insonga shunchalik ko‘p umr berilganki, shu umr davomida baxtli bo‘lmaslik nodonlikning o‘zginasi. Ha, ular baxtli yashashdi. Igna bilan quduq qazib ilm topdi. Obro‘, martaba, boylik topdi. Ko‘rsa havas qilgulik juftlik bo‘lishdi. Bir yaxshiga bir yomon degan gapning yolg‘onligini ular isbotladi. Ular bir yaxshiga, bir yaxshi bo‘lishdi. Ular ahil, totuv va, eng muhimi, tushunib, ishonib yashashdi. Ammo... Ammo inson uchun tabiatning bir o‘zgarmas qonuni borki, unga barcha birdek amal qiladi. Uni bajarish kishiga sharaf bag‘ishlaydi. Ular faqatgina mana shundan, shuginadan bahra olishmadi. Ularni faqat shugina kundan-kun, soatma-soat yiroqlashtirardi. O‘zlari istamasa-da yiroqlashtirardi. Ularning farzandi yo‘q edi...
— Bo‘ldi, ketaman, – dedi xotin. Er indamadi. Dilidagini sezib turgandek vaqt ham imillardi.
— Bo‘pti. Men roziman. Faqat biroz sabr qil.
— Sabr? Yigirma yil sabrga suyanib yashadik-ku?
— Yana uch oy yashaylik... Keyin ajrashamiz. Faqat uch oy yashaylik.
Xotin qo‘rqdi. Axir usiz qanday yashaydi. Ammo kimdir birinchi qadamni bosishi kerak. U ketishni xohlarmidi? Ahdlashuvlarida ketish yo‘q edi-ku. Ammo yillar har qanday qasamning ham qadrini yo‘qotdi. U faqat erini o‘ylamoqda. Balki boshqa bilan yashasa farzandli bo‘lar. O‘zi-chi? O‘lmagan qul bir kunini ko‘radi. Mayli, yana uch oy yashasin...
Ertalab er-xotin bozordan ikki dona ko‘chat olib kelishdi. Er o‘zicha, xotin o‘zicha niyatlar qilib bog‘ etagiga ekishdi.
— Agar uch oy ichida ko‘karmasa...
Bu gapni ikkisi ham tilida aytmadi. Faqat ko‘zlar uqib olishdi.
Yigirma yillik muhabbatning yakunini istayotgan uch oy ham yetib keldi. Dunyo shunday yaralgan. Kutganing kelmaydi. Kutmaganing doim qarshingda. Uch oy ichida er-xotin o‘ttiz yil yashadi. O‘ttiz marta yoshardi. O‘ttiz marta keksaydi. Kutilgan o‘sha mashhur kundan bir tun oldin erning uyqusi qochdi. O‘tmishini o‘yladi. Faqat xo‘rsinish. Kelajagini o‘yladi... Hech narsa yo‘q... Xuddi xotini ketib qolgandek o‘rnidan otilib turdi. Ha, ketib qopti. U shu xayol bilan hovliga, undan o‘tib boqqa kirdi. Dunyoning o‘jarligini qara: oy sutday yorug‘, ko‘ngil esa... zimiston. Er shu ezgin o‘ylar girdobida nihollar tomon yurdi. Yurdiyu qotib qoldi. Xotini qo‘lida chelak ikki niholga suv quyar, lablari tinimsiz pichirlar, bunga sari ko‘zidan yosh sizib chiqardi. Xotin erini ko‘rmadi. Er... Er ko‘ngliga, umriga, hayotiga bir nur oqib kirayotganini ko‘rmadi. Shu taxlitda tong otdi. Alloh buyuk. Alloh har narsaga qodir. Voajab, nihollar ko‘kargandi... Er-xotin bir-biriga tikilishib-tikilishib qolishdi...
Yo‘q, muhimi bu emas. Muhimi ular niholni yozda ekishgandi...

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.