OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Sanjar Tursunov. Seni yaxshi ko‘raman... (hikoya)

Bugun xizmatga kelganimga ellik ikki kun bo‘ldi. Adashmasam, bu yettinchi maktubim. Hisoblab ko‘rsam, senga har hafta bitta maktub bitibman. Ba’zan hazilkash o‘rtoqlarim:
— Qiziqsan-a, bir yil ko‘z ochib yumguncha o‘tib ketadi. Nega endi maktub yozaverasan? Xat yozish urf emas-ku... — deyishadi.
Balki xat yozish urfmasdir, biroq kimgadir dilidagi sirlarni, dunyo go‘zalligiyu cheksizligini so‘zlab berish ham an’ana-ku. Shunday emasmi? O‘rtoqlarim hazillashadi. Aslida ularning o‘zlari ham bir necha marta maktub bitganiga guvoh bo‘lganman.
Xatimni oldingmi deb so‘ramoqchisan-a? Oldim. Ishonasanmi, yigirma marta o‘qiganim esimda... keyin ... yodlab oldim. Shamolni sog‘inmadingmi, deb so‘rabsan? Sog‘indim. Ayniqsa, sening sochlaringni o‘ynagan shamol bu yerda ham bor ekan. Ular qulog‘imga sirli va yurakni titratguvchi saslaringni olib keladi. Men ulardan senga sog‘inchli salomlar yubordim.
Sanobar! Bilasanmi, odamda bir umr esga olganda yurakni junbushga keltirguvchi ismlar bo‘ladi. Sening isming men uchun sof muhabbat va ulg‘ayishning ikkinchi nomidir. Bilaman, bu gaplarimga ko‘rsatkich barmog‘ing bilan kulgichlaringni ushlagancha kulayapsan. Shunaqa kulganing menga juda yoqadi. Men nimaki yozgan bo‘lsam, erinmasdan o‘qigin. Negaki, yuragim nimani buyursa, shuni yozmoqchiman. Mendan sal narida turib maktub yozadigan yigitning ismi Abror. Aytishicha, maktabda matematikadan beshga o‘qigan ekan. Uning fikricha, dunyodagi har bir kalom hisob-kitobli. Kulgiliya. Endi tasavvur qilib ko‘r. Sen kimgadir shirin gapirdingu undan xuddi shunday munosabat kutsang. Yoki yana kimgadir “Siz zo‘r!”, deb aytsang-u, u zo‘r bo‘lmasa-chi? Mayli, menimcha, Abrorning gapini bunday tushunmaslik kerak. Unda qanday deysanmi? Qara, sen kimgadir yaxshilik qilsang, o‘sha sen yaxshilik qilgan odamdan qaytmasa-da, boshqa bir odamdan bu albatta qaytar ekan. Bunga ishonching komil bo‘lishi uchun qishlog‘imizdagi Kenja boboning hayotini gapirib beraman.
Kenja bobo urushdan yarador bo‘lib qaytadi. Esingda bo‘lsa kerak, Shodmonbibi momo aytib bergandi. Meliboy boboning bog‘iga dovcha yegani kirganimizda. Esladingmi?
Bobo bir oyog‘ini begona yurtlarga qoldirib keladi. Urush boshqa yurtda bo‘lsa-da, uning sovuq shamollari bizning qishloqni ham chetlab o‘tmagandi. Ketmon ko‘tarishga kuchi yetgan qizmi-ayolmi, yoshmi-keksami bari dalada. Boboning vijdoni kayvoni Soniya momoning surpasidagi undek pokiza bo‘lgan. Shunday ko‘ngli toza bo‘lgan bobo ham qarab turadimi? U “Men urushdan keldim, senlarni deb oyog‘imni olis yurtlarga tashlab keldim”, desa, kim unga yurak yutib biror nima derdi? Yo‘q, bobo bir oyoq bilan ertadan kechgacha tinim bilmay ¬ishlaydi. Bir kuni qishloq raisi:
— Kenjaboy sen pochtachilik qilmaysanmi? — deb so‘raydi. — Shundog‘am qishlog‘imiz uchun katta ishlar qilding. Seni qiynab qo‘ymaylik, yana...
Bobo pochtachi bo‘ladi. Oradan hech qancha vaqt o‘tmay, butun qishloq onalari boboni ko‘rsa, xuddi dushmanni ko‘rgandek, oyoqlari qaltirab yuraklari to‘kiladi. Ayollar bir narsadan qo‘rqardi: qoraxat... Bobo ko‘cha boshida ko‘ringudek bo‘lsa, hozir qora sumkasini kovlaydiyu yigirma yil ko‘ksimda o‘sgan bolamni bitta xatga joylab qo‘limga uzatadi, deb qo‘rqisharkan. Bobo nima qilsin? Axir, odamlarning o‘zi shu ishga qo‘ygan-ku. U bir-ikki marta ishni tashlamoqchi bo‘lgan, biroq raisning yuzi issiqlik qilganmi, jimgina ishlab yuravergan. Keyin bilasanmi nima bo‘lgan? Hech kimga xat kelmay qo‘ygan... Ha, shunday bo‘lgan. Goh-gohida bitta-yarimta kelib turgan. Kelganlari ham, omonlik haqida bo‘lgan.
Urushdan yigirma yil o‘tib bobo bu dunyoni tark etganida odamlar uning sandig‘idan ikki belbog‘ xat topib olishgan. Ular, bilasanmi, bir necha kishining qoraxatlari bo‘lgan ekan. O‘sha qoraxatlardan biri otamning bobosidan bo‘lgan. Eng qizig‘i, boboning qishlog‘imiz onalariga yozgan maktubi ham topilgan. Esimda qolgani shu: “Agar onalar bir kun farzandi qog‘ozga aylanib kelishini bilganida, tug‘magan bo‘lishardi. Agar onalar farzand dog‘i yurakni teshib yuborishini bilganlarida turmushga chiqmagan bo‘lardilar. Men yomon yashadim. Ha, birovga yomonlik qilmasam-da, lekin yomon yashadim. Negaki, men onalarning ko‘z yoshiga sabab bo‘ldim.”, degan ekan. Qolgani esimda yo‘q. Yaxshi eslasang kerak, bayramlarda Kenja bobo haqiga duo qilamaz. Bu unga onalarning marhamati, kechirgani, sen yaxshi yashading degani... Kenja boboni o‘yladimu Abrorning fikriga qo‘shildim. Balki sen ham ma’qullarsan...
Sanobar! Ishonasanmi, mening ko‘p vaqtim behuda o‘tib ketibdi. Sen yaxshi bilasan, quyosh terak bo‘yi ko‘tarilgandan keyin ko‘zimni arang uyqudan ochardim. Shunda ham onamning ming bir yalinishdan so‘ng. Yana bir gap. Esingdami, tegirmonning chap tomonidagi so‘qmoqda katta qog‘ozga BMT deb yozib, tol soyasida o‘tirgan Ashurmamat aka? O‘sha akaning bu ishidan ming marta kulganmiz. Sen ham bir marta kulganding. Maktabdan kelayotgandik, bahor kunlari edi. Daraxtlar gullagandi. Ashurmamat aka o‘sha qog‘ozi yonida uxlab qolgandi. Sen va bir necha dugonang olmaning oppoq gulini uning ustiga sepgandilaring. Bechora bir qalqib tushgandi. Men uning nega bunday qilib yurganini bilardim. BMT degani: “Baqqa musor tashlamang” degani edi. Negaki, odamlar tegirmon orqasidagi chiqindilarini shu yerga tashlardi-da. O‘sha Ashurmamat aka kichkina odam bo‘lsa-da, qalbi judda katta ekanligini armiyaga kelib tushundim. Bu yerda hamma tomon ozoda, sarishta. Men yana bir narsani tushundim-ki, odam tartibli bo‘lsa, hamma ishi, butun hayoti tinch, osuda va zavqli o‘tar ekan. Men bu yerda sahar turishga o‘rganib qoldim. Bir narsani unutmasligingni istayman: erta bir kun turmush qursak asqotadi. Inson inson bo‘lishi uchun, avvalo, yo‘lini toza tutmog‘i kerak ekan. Yo‘l toza bo‘ldimi, qolgani o‘z-o‘zidan ozoda bo‘lib ketaverarkan. Men yo‘l deganda umr yo‘lini nazarda tutayapman.
Har safar ozoda binolarni, bir-biridan tartibli aksarlarni ko‘rganimda Ashurmamat aka esimga tushaveradi. Agar uni ko‘rib qolsang, mening nomimdan salom ayt. Xavotir olma, ikkimiz bir-birimizni yaxshi ko‘rishimizni u kishi biladi. O‘zim aytib berganman. Jahling chiqmasin, ilk marta sevib qolgan odam shodligini kim bilandir baham ko‘rmasa yuragi yorilib ketadi, axir!
Zo‘r odam bo‘ldingmi, depsan. Sanobar, bilasanmi, zo‘r odam bo‘lish qiyin ekan. Lekin men yo‘limdan qaytmayman. Hayitoy buvi aytgandi: “Bolalikda qilingan orzu, kelajakning ko‘zgusidir”. Shu gapi hamisha yuragimda.
Esingda bo‘lsa kerak, bolaligimizda Yakkatol bog‘ining yo‘lida o‘tirgandik. Besh yo olti yoshda edik. O‘sha kungi suhbat hamon qulog‘im ostida. Bilasanmi, mening qalbimga o‘sha payt birinchi marta otash tushgan ekan. Kunlar, oylar, yillar o‘tib u katta gulxanga aylandi. Seni sog‘inganda, yo bo‘lmasam zerikkanimda o‘sha suhbat esimga tushadi.
— Senga samolyotlardan xatlar yuboraman.
— Sen yozishni bilmaysan-ku.
— O‘rganaman-da.
— Qachon?
— Samolyotga minganimda
— Samolyotga qachon minasan?
— O‘n yildan keyin...
— O‘n yil?
— Ha. Kecha-chi, dadam bitta kitob o‘qib berdilar. Bir pahlavon ikkita odamni yelkasiga mindirib devor ustidan yugurarkan.
— Zo‘r odam bo‘lsa kerag-a?
— Ha. Judayam zo‘r odam ekan.
— Usmon malimdan ham zo‘rmi?
— Ha. Men katta bo‘lsam shunday odam bo‘laman.
Shu kichkina suhbat. Mening yuragimga orzu urug‘ini qadadi. Men o‘shanda birinchi bor zo‘r bo‘lishga so‘z berdim. Bu sening oldingda, o‘zim oldimda, umuman, yeru osmon, tog‘i toshlar oldida birinchi so‘z ¬berishim edi.
Sening o‘sha kungi gaplaring qanchalik kulgili bo‘lmasin, men uchun hozir ham jiddiy suhbat edi. Usmon malim... Jismoniy tarbiya o‘qituvchisi. Aka-opalarimizdan eshitganimiz uchunmi, u biz uchun zo‘r bo‘lib ko‘ringan-da.
Sanobar! Meni sog‘indingmi, depsan. Uyalgan bo‘lsang kerak, shu jumlalarni ustidan chizib qo‘yibsan. Bir amallab o‘qidim. Yuragimda kakliklar sayragandek bo‘lib ketdi. O‘zimni xuddi baland tog‘da o‘tirgandek his qildim. Kimdir seni sog‘insa shunaqa bo‘lsa kerak-da, chunki mendan to‘rt yosh katta Umid aka ham ¬gohida barcha bilan qayta-qayta ko‘rishib qoladi. Shunda hazilkash Jamshid:
— Yangadan xat kelgan bo‘lsa kerak-da, — deydi.
Hali uylanmagan. Menimcha, xat sevgan qizidan kelsa kerak.
Xursand odamlarning kulgisi ham boshqacha bo‘larkan. Yayrab-yayrab kulamiz. Umid aka ham qornini quchoqlab kuladi. Buni o‘z ko‘zing bilan ko‘rsayding...
Ha, sog‘indingmi, deb so‘rabsan. Sog‘indim. Juda-juda sog‘indim.
Sanobar, bu yerda ham qishlog‘imizning shamollari kezib yurarkan. Ha, o‘sha Bo‘ztepadagi shamol. Seni bilmadim-u, men o‘sha damni eslasam, yuragimda otlar chopadi: dukur-dukur.
Bo‘ztepa. Qishlog‘imizning eng chiroyli joyi. Senga ming marta aytganman. O‘sha tepalikdan quyoshning chiqishiyu botishi kaftdek ko‘rinib turadi. Agar vaqting bemalol bo‘lsa, tong otishini tomosha qilib yayrasang. Keyin kun botishiga termulib olis-olislarga qarab xayollarga tolsang, yuraging bir quloch o‘sadi. Sen bilan atigi bir marta borgandim. Uloqchang yo‘qolib qolgan ekan. Esingda-ya. Kulyapsanmi? O‘shani qidirib borgandik. Quyosh botar payt. O‘sha lahza hayotimning daftariga oltin yozuv bilan bitilgan. Shamol sochlaringni o‘ynar, boshimiz ustida qaldirg‘ochlar uchardi...
Ikki kun oldin shoirlar kelishdi. Xabaring bor, she’rlar yozib yurardim. Mazza qildim. Bir shoir shunday dedi:
— Vatanni barcha yaxshi ko‘radi. Hisobchi ham, fermer ham, quruvchi ham, yer yuzida qancha kasb sohibi bo‘lsa, hammasining qalbida o‘z Vatani bor. U otasidek suyanchiq, onasidek mehribon, akasidek yelkadosh, ukasidek erkaroq, ¬opa-¬singlidek munis... Shunday ekan, shoirlar har doim Vatan haqida yozishi kerak. Ularga yozish imkoni berilgan. Ular shunday yozishlari kerakki, boshqa kasb egalari ham “I-e, mening ¬dilimdagi gap-ku”, desinlar.
Sanobar, bilasanmi, mening ham qalbimda o‘z Vatanim bor! Shuni topib aytgani uchun entikib ketdim. Yana bir shoir Vatan haqida she’r o‘qidi. Bitta rivoyat ham aytib berdi. Juda qoyil qoldim... Nega deysanmi? Eshitsang bilasan.
Bir odam o‘g‘lining yelkasiga qo‘lini qo‘yib:
— O‘g‘lim kim zo‘r? — debdi.
— Men zo‘rman! — debdi o‘g‘il.
Ota yana so‘rabdi:
— O‘g‘lim kim zo‘r?
— Men zo‘rman! — debdi o‘g‘il o‘ylab ham o‘tirmay.
Ota o‘g‘lining javobidan qoniqmabdimi, sal og‘ringandek bo‘libmi, eshik tomon ravona bo‘libdi. Eshikka yetgach, “yana bir so‘rab ko‘raychi”, — debdi:
— O‘g‘lim kim zo‘r?
— Siz zo‘rsiz ota! — debdi o‘g‘il.
— I-e, bu nima deganing o‘g‘lim. Ikki marta so‘raganimda men zo‘rman deding, endi...
— Ota, — debdi o‘g‘il ikki ko‘zi yoshga to‘lib — Ikki marta so‘raganingizda qo‘lingiz yelkamda edi. Uchinchi marta esa yelkamda hech narsa yo‘q edi. Farzand yelkasida otasining qo‘li bo‘lsa zo‘r bo‘ladi.
Shoir akamiz so‘zining so‘nggida shunday dedi:
— Sizu bizning ota-onamiz — shu Vatan. Mening tilagim bitta: hech qachon Vatanimizning qo‘li yelkamizdan tushmasin. Biz zo‘r bo‘lib yuraylik.
Axir, o‘zing yaxshi bilasan-ku, men doim zo‘r bo‘lishni orzu qilardim. Shu orzu meni bu yerga — yuragi botir yigitlarning maskani bo‘lmish harbiy xizmatga olib keldi. Shu niyat butun hayotimni boshqarib borishini sen hammadan yaxshi bilasan-ku. Ayni shu rivoyatni eshitganimdan keyin qalbimda men ismini bilmaydigan tuyg‘ular paydo bo‘ldi. Qadam olishlarimda qandaydir salobat sezdim. Har lahza yelkamda kimningdir qo‘li bordek ulg‘ayaverdim. Odam ulg‘ayganini o‘zi sezsa g‘alati bo‘larkan: xuddi daraxtday gullasang. Zo‘r-a. Ha, Sanobar, yuragim kattalashib bormoqda. Juda katta, Bo‘ztepaning tog‘idan ham katta...
Momomni ham yozib meni yana xursand qilding. Sen qizga hech aql bitmadi-da. Kap-katta qiz momomning ko‘z o‘nggida daraxtga chiqasanmi? Meni ham daraxtga chiqar, deb to‘g‘ri aytibdi, momom.
Momom haqida senga bir gap aytib beraymi? Sen o‘shanda momomdan ranjiganding. To‘g‘ri, sen undan ko‘p ranjigansan, men oxirgisini, xizmatga ketishimdan bir kun oldingi voqeani aytyapman.
Momom oilada kenja qiz bo‘lgan. Endi uch yoshga kirganida katta akasi yigirma ikki yoshga to‘lgan. O‘sha akasi armiyaga ketib qaytmagan. Uni o‘sha yoqdan urushga olib ketgan. Momomning ota-onasi “Ana keladi, mana keladi”, deb bolasining diydorini qiyomatga qoldirib bu dunyodan o‘tib ketgan. Shu voqae sabab momom, bilsang kerak, birorta farzandini qishloqdan chiqarmagan. Armiyaga borishga-ku, aslo unamagan. Shuning uchun barcha amakilarim bir mahallada yashashadi. Bir amakim uchuvchi bo‘lishni orzu qilgan ekan. Hozir ham aytadi. “O‘zim-ku, bo‘lmadim, lekin o‘g‘lim, albatta, uchuvchi bo‘ladi”, deydi. Bunga ham momom unamagan. Qishlog‘imizda bir kampir bo‘lgan. Ismi Anzirat. Shu momoning ikki o‘g‘li uchuvchi bo‘ladi. Urush payti samolyoti bilan portlab ketadi. Momo telba bo‘lib qolgan ekan. Eri bir kuni bolalaring keladi, mana ko‘rasan deb uni ovutarmish. Momo qachon desa, mustaqil bo‘lsak der ekan eri. Sen bilan biz eslolmaymiz, aytishlaricha mustaqillik bo‘lgan yilda osmonda o‘zimizning bayrog‘imiz naqshi tushirilgan samolyotlar o‘tadi. Shunda bobo: “Kampir, bolalaring qaytdi”, deydi. O‘lim to‘shagida yotgan momo o‘rnidan turib osmonga qaraydi. “Qani, bolalarim, ular samolyot-ku”, deydi.
— O‘zimizning samolyotimiz, — deydi bobo.
Momo bir og‘iz gapirmaydi. Shu kecha omonatini topshiradi.
Buni sen ham eshitgansan, eslatganim sabab — shunga o‘xshash voqealar momomni qo‘rqoq qilib qo‘ygan. Axir, uzoq yil qalbida saqlanib kelayotgan qo‘rquvni chiqarish oson emas-ku.
Momom mening xizmatga borishimga tish-tirnog‘i bilan qarshi bo‘ldi. Barcha amakilarimu ammalarim oraga tushib bir amallab ko‘ndirdik. Avvalgi xatingda momomni xursand bo‘lganini, hozir armiya yaxshi ekan, deb alqaganini yozganding. Endi yana momomdan xafa bo‘lishing mumkinmi? Yo‘q, aslo!
Sanobar! Shodini taniysan-a? Toshkentda o‘qiyapti-ku. O‘sha. Shodi menga bir vaqtlar bir gap aytgandi. Seni yaxshi ko‘rib, sevishimni aytolmay yurgan kunlarim.
— Sevgan odamning yuragida olov bo‘ladi, — Bobur jo‘ra dedi u. — Bu olov lahza sayin alangalanib boraveradi. Agar vaqtida aytilmasa, kulga aylantiradi.
Shodining shu gapidan keyin senga yaxshi ko‘rishimni aytgandim. O‘shanda rostdan ham yuragimdagi olov o‘rnida gullar paydo bo‘lgandi.
Sanobar! Senga bir gap aytaman. Mening yuragimda, butun jismimda hozir ham olov bor. Bilasanmi, bu olov qachon paydo bo‘ldi. Qasamyod qilgan kunim. Ha, o‘sha kuni shapkamni osmonga otarkanman, xuddi yuragim osmonga chiqib ketadigandek hapriqar, yeru ko‘kda yuraklar uchib yurgandek tuyulgan menga. O‘sha kungi olovga shoir akaning rivoyati yana moy sepdi.
Sanobar! Avvalo, seni menga uchratgan taqdirimga rahmat. Seni dunyoga keltirgan ota-onangga rahmat. Sen bilan mening kindik qonimiz to‘kilgan qishlog‘imizga rahmat.
Seni tishing tushgan kundan boshlab yaxshi ko‘raman. O‘sha Yakkatol bog‘idagi yo‘lda qilingan orzudan boshlab yaxshi ko‘raman.
Avval tog‘ni, qishloqni, seni yaxshi ko‘rdim. Sen tufayli hayotni, dunyoni, yeru-osmonni yaxshi ko‘rdim. Hamma yaxshi ko‘rishlarim yig‘ilib-¬yig‘ilib ulkan muhabbatga aylandi.
Seni, meni, barchani kaftida ko‘tarib yurgan onajon zaminga, boshimizda quyosh nuriyu yomg‘ir, qorini sochgan osmonga, shu zamin, shu osmongada vatan bo‘lgan O‘zbekistonni yaxshi ko‘raman.
Sanobar! Men zo‘r odam bo‘ldim. Ha, yelkamda O‘zbekistonning qo‘li turibdi. Bu qo‘l yelkamda ekan, bu dunyoda mendan zo‘r odam yo‘q.
Sanobar bir gapimni unutma: odamning yuragi botir bo‘lsa, u yengilmas ekan. Mening yuragim buyuk Vatanni seva olgan botirga aylandi!

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi, 2014 yil 2-son

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.