OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Sarvar Azimov. Nazokat (hikoya)

Har turfa odamni ko‘p ko‘rdim: nozik ta’bligini ham, to‘qim tabiatini ham. Bunisi o‘zgacha: muloyimlikdayam, tixirlikdayam boshqalardan ajralib turadi. Belorus o‘rmonlari kelini — oq qayin sharbatini emib yetilgani uchunmi, yoki... xullas, oti — Stanislav, oshna-og‘aynilari esa, negadir, uni Stas deb atashadi. Bo‘ydor, oq mag‘iz, kamgap bu odam yoshi qirqlar nari-berisidamikan: hay-ha-y-y, ishchanligiga nima yetsin — qo‘ligul binokor. Aybi bor: uylanmagan, ayol zotidan qochadi.
Asli do‘stligimiz urushdan boshlanuvdi. Minskni ozod qilish janglari kezida — 1944 yilning 3 iyulida uchrashib qolgandik, niholday yigitcha edi. Shu-shu to Berlinga qadar yonma-yon bo‘ldik. O‘limning xunuk turqini teskari qilib, u Minskka, men Toshkentga qaytganimizdan keyin ham xat-xabarimiz uzilmadi. Jang maydonida tutingan aka-ukalik, sadag‘asi ketay, o‘zi bir olam.
Stasni Toshkentga chaqirdim. Bir-ikki marta qorasini ko‘rsatdi. Ammo-lekin qistalang jo‘nab qolardi. Bir kuni, yakshanba bo‘lsami, erta ko‘klamning hushyoqar shabadasiga ko‘kragimni berib o‘tirgandim, jilmayib kirib keldi. «Ha, huvori?» desam: «Sog‘indim. Xat-pat qilmasdan kelaverdim», javobini qildi. Kulishdik. Mehmonim bo‘ldi. Oq qayin sharbatidan keltirgan ekan, mazza qilib ichdik.
Chamamda, bu gal ko‘proq turib qoldi. Uyga kech qaytadigan odat chiqardi: ba’zan shod, ba’zan dilgir. Yotog‘ida «Anna Pavlova», «Galina Ulanova», raqs-balet kitoblari, qoshi qalam, sochi taram raqqosa suratlari... Hayron bo‘ldim.
Shu kunlari, qurib ketgur, zilzila qozoni qaynab qolsami. Shahri azim bir zumda ostin-ustun, hammayoq vayron. Ichimdan qirindi o‘tdi. Besh-olti kunu tun ishxonada qolib ketdim. Bir kuni uyga qaytib, xotinimdan Stasni so‘rasam: «Qaydam. O‘sha kuni azonda ketgancha daraklari yo‘q», deydi. Tavba... 
Tun og‘ushida Stas qorasi ko‘rindi. Avzoyi chatoq: ozgan, ko‘zlari o‘yiq, mayizday qorayib ketipti. Salom-alikdan so‘ng indamasdan yotog‘iga yo‘l oldi. Er-xotin qarab qolaverdik. «Yuragi toza yigit-da, boshimizga yog‘ilgan ofat rosa ezipti» xayoli ko‘nglimdan kechdi.
Nonushta paytida asta razm solsam, havorang ko‘zlari tamom so‘nik, uh desa — o‘pkasi ko‘rinadi.
— Stas, tinchlikmi o‘zi?
— Tinchlik... to‘rt muchalim sog‘, — javob qildi dasturxon chetini bukib.
— Biron joyi uzilib tushgan odamday ko‘rinasan?
— Usta,— yalt ko‘zimga qaradi Stas,— urushda ishga yarovdimmi?
— E, huvori, yaraganda qandog‘. Nima edi?
— Belorussiyaga qaytmayman. Ma’qul ko‘rsangiz, sizga shogird tushsam?
— Hm... Stas, bu aqlni yaxshi o‘ylabsan. Toshkentga nima zarur — binokor zarur shu choqda. Ammo-lekin qisir bulutlikni qo‘y — ustasi parangsan, bilaman. Musobaqadosh bo‘lsang, burningni ishqaguday ishlatardim. Nima deding?
— Qo‘lni bering, Usta.
Jomakorni ikkita qila binokorlikning qoq belidan shunday oldikki, qiyo boqish haminqadar. Mana, uysiz-joysiz qolishgan 400 ming chamasi shaharliklar ham yangi dargoh rohatini ko‘rishmoqda. Poytaxtimiz yashargan, qaddini ko‘tarish shukuhi kundan-kun baland. Zilzilaga — chikora.
Indamas, ishning ko‘lami va sifatiga kelganda o‘lguday qaysar Stasimiz g‘ayrati hammanikidan ortiq, odamlar tilidan tushmaydi. Uning chapdastligi «siri»ga kalit topisholmasdan muxbirlarimizam halak. Qaysi damlarda: «E-e, gijbakabang qivor-ey, shovvoz, san’atkordanam qiyvording-ku», deganimcha terimga sig‘may ketaman, bir so‘niq qovoqlariga qarab, xafaqon bo‘laman. Xalq izzatidayu chehrasi kulmaydi-da, ko‘ngli shom hamisha. O‘ziga kelmaydi. Qalb «parma»sini topolmay dog‘man, zardam qaynaydi.
Xirmoni to‘kin kuz keldi. Bahri ochilar o‘yida dalaga taklif qiluvdim, Stas ko‘na qoldi. Bir kosadan yakshanba qaymog‘ining changini chiqara, Do‘rmonni ko‘zlab yo‘l oldik. Bog‘lar to‘kin, shira-sharbat oqmoqda. Zarrin manzara jilolanib kishi ko‘zini qamashtiradi, qulfi-dilni ochadi.
Xotinimdan aylanay, masallig‘ni bopta tugib bergan ekan, Qorasuv bo‘yida o‘zi yo‘rg‘alaydigan palovxon to‘rani muhayyo qildim. Qittay-qittaydan keyin oshni poqqos tushirib, kahrabo choyni maydalab o‘tirgan edik, Stas gapga kirib qoldi. Chehrasiyam jilla yorishganday.
— Usta, anovi daraxt otini, olovrang libosdagi, bilarsiz?
— Bunimi? Gul daraxt deydilar. Erta bahorda jigarday gullaydi, chiroyi juda antiqa.
— Belovej pushchasida bo‘lgansiz-a?
— Nasib qilgandi. Beqiyos manzil.
— Bu daraxt o‘sha yerdagi qarag‘ayzorlar orasidayam ahyon-ahyon uchrab qoladi.
— Yurtingni sog‘inibsan, huvori.
— Yurtini sog‘inmagan odam — odammi, Usta. Lekin bu daraxt chiroyi boshqa bir insonni esimga soldi.
— Kimni?
— Gulnozni...
— Gulnoz?!. Siringni suvga aytavermay, agar do‘st bo‘lsang, menga och, huvori, yengil tortasan.
— Sir emas, Usta hayotim javhari... Tarixi katta.
— Ana xolos, inchinun, katta tarix bo‘lsa eshitaylik-da, gapir?
— Boshqa kimim ham bor, Usta, mayliz — gapiray.— Stas yaxshilab o‘rnashib oldi va xayolchan davom etdi so‘zida. — Sizga yo‘liqqunimcha partizanlar orasida yurdim. Urushning dastlabki zarbalari ostidayoq ota-onasidan yetim qolgan o‘smir qo‘lidan nimayam kelardi-yu, ammo, harna, otim partizan edi. Otryadimiz Minsk yoqasidagi o‘rmonzorda harakat qilar, men esa maxfiy obkom sekretari Firolovich yerto‘lasida yashardim. Yonimizdagi ikkinchi yerto‘lada doktor — bir o‘zbek ayoli mitti qizchasi bilan turishardi. Ular Minskda mehmon bo‘lishgan, nemislarning selday hujumi oqibatida partizanlar orasiga tushib qolishgan ekan.
Bir kuni qirg‘in jang bo‘ldi. Chekinishdan o‘zga chora yo‘q edi chog‘i, yaradorlarni dehqonlar kulbasiga yashirib, jo‘navordik. Haligi doktor ayol yaradorlar yonida qoldi. Qizalog‘i ham o‘zi bilan, bermapti.
Oradan biron hafta o‘tdi. Firolovich topshirig‘i bilan o‘sha qishloqqa — yaradorlar holidan darak olish uchun otlandim. G‘ira-shirada yalanglikka chiqib qarasam, atrof tep-tekis, qishloq o‘rnida uyum-uyum kul. Dod devorishimga sal qoldi... Shamol qayoqdandir go‘dakning chinqiroq nolasini yetkazdi. Quloqlarimga inongim kelmaydi. Nima bo‘lsa bu? Bola ovozimi yo qulog‘im shang‘illayaptimi? Tushunolmayman.
Bosqinchi xunasalar hiylasi esimga kelib qoldi, ha, bu pistirmadir deb o‘yladimu izimga qaytmoqchi bo‘ldim. Bu tobda bola yig‘isi... Yuragim tars yorilayozdi. Ha, mayli, bo‘lganicha-bo‘lar, deya nola tomon emaklay ketdim.
Yaradorlarni chaparastasiga otishipti. Ona murdasini tatalab chirillagan qizaloqdan boshqa tirik jon ko‘rinmaydi. Tura bolani dast ko‘targanimni bilaman, «Xalt!» deb qoldi-ku. Ura qochdim. O‘q uzishdi. Orqamdan ko‘ppaklarini solishdi. Bola chinqirishini qo‘ymaydi deng. Zo‘rg‘a o‘rmonzorga yetib oldim-da, qizaloq og‘ziga ro‘molchamni tiqibla quyon bo‘ldim. Dengizdagi baliqmiz o‘rmonda, tutib bo‘pti bizni.
«Attang, yaxshi ayol edi,— Firolovich ko‘p afsus qildi.— Saqlolmadik. Bu jajji qizcha bizga undan yodgor. Katta yerdan samolyot kelsa jo‘natarmiz. Ungacha o‘zing boqasan. Oti — Gulnoz...» Umrimda bola boqqan odam emasman. Yana deng partizanlar kalaka qilishadi: «Onasi, sut kelyaptimi?.. Yoki echki-pechki topaylikmi-a?», «O‘ziyam ketvorgan onaxon chiqdi-da!» singari qochirmalar chakkamga tegdi.
Gulnoz yomon uchingan ekan, og‘rib qoldi. Isitmasi baland. Alahlab onasini chaqirgani-chaqirgan. Nima qilishimni bilmayman. Baxtimdan o‘rgilay, bir kuni tuzaldi. Asta-sekin sho‘xliklariniyam chiqardi. Do‘mbillab orqamdan yugurishini qo‘ymaydi. Shaloladay uchqur, qoramunchoq ko‘zlarida yulduzcha o‘ynaydi, ko‘ldagi oqqushlar sayrini, o‘rmonzardagi parrandalar parvozini soatlab tomosha qilsayam charchashni bilmaydi deng. Bir nafas uni ko‘rmasam, rayhon hidini iskamasam turolmayman. Samolyot ham qo‘ndi. Ketar chog‘ bo‘ynimdan mahkam quchoqlab oldi-da, xuddi kattalarday, «Stas, unutmang meni» deganicha jo‘nadi-ketdi Gulnoz. Ko‘zimga yosh keldi.
Dolzarb janglar sarosimasida uni unutganday bo‘ldim. Keyin, 1944 yili siz bilan uchrashdik, Usta.
— Balli, huvori, qattol urush boshimizga nimalar yog‘dirmadi. Xo‘sh, davomidan ke, qulog‘im senda?
— Usta, kishi taqdirida qiziq karomatlar jilva ko‘rsatar ekan, yana so‘z boshladi Stas.— Siz qadrdonimni ko‘rish uchun Toshkentga kelganimda teatrga tushuvdim. Balet asarining dastlabki sahnasi menga yoqinqiramadi uncha. Go‘shtdor, kepchik raqqosalar jonhalak sakrashar, harakatlarida san’at tarovatidan asar ham yo‘q. Esiz vaqt, ketsammikan xayolida o‘tirgan edim, cho‘g‘day bir kimsa sahnaga otilib chiqsa bo‘ladimi: qoracha po‘st, o‘ta nozik, o‘ta tarovatli, jilva va harakatlari kishini rom qiladi. Adl va xipcha qaddi-qomatini, xumor qarashlarini aytmaysizmi! Oyoqlari-chi, bay-bay, oyoqlari tog‘ cho‘qqisida uchib turgan ohunikiday. Hushsiz sahnagayam, loqayd tomoshabinlargayam jon kirdi-qo‘ydi, san’at sehri barchani «zir» titratsa-ya...
«Kim ekan bu» o‘yida «Programmaga» ko‘z tashlasam, «...rolining ijrochisi — Gulnoz». Yuragim «shuv-v» etib ketdi, boshim g‘ovlagan: «O‘shamikan?», «Yo‘g‘-ey, boshqadir, ba’zida odam odamga ajab o‘xshab ketadi... Unda Gulnozligi-chi? Bunga nima deysan?..»
Asar tugadi. Xayol girdobida junjikib teatrdan chiqdim. Shu kundan salt boshim — tinch qulog‘imdan ajradim qoldim. Na yerga sig‘aman, na osmonga. 
— Obbo, huvori, yotoqdagi... haligi suratlardagi raqqosa o‘shamidi? Ofatijon-ku.
— Spektaklini poylab, biletni teatrning birinchi qatoriga to‘g‘riladim. Bu safar unisidan ham o‘tkazvordi. Yonadi-ya, yonadi. San’at qudratining jozibasidan shu damgacha mahrum ekanman. Asar tugagach yo‘liga ko‘ndalang bo‘luvdim, «Stas!» deganicha quchog‘imga otilsa bormi. O‘zimni yo‘qotayozdim. O‘sha — Gulnoz. Xotiridan ham chiqazmapti qizi tushmagur.
— Yo karomatingdan, muni qara-ya,— deb yubordim, ko‘zlarim ola-kula.
— Nimasini aytasiz, Usta. Gangir-gungur suhbatda uyiga yetib qolibmiz. Boshimdan kechirganlarim, uning hayoti ipga tizildi, so‘ngra deng men bilan birga Belorussiyaga boradigan bo‘lib qoldi. Onaizori qabrini ziyorat qildi, qizaloqligida kezgan o‘rmonzorni ko‘rib qaytdi. Toshkentga ikkinchi bor kelishimda ko‘risholmadik. To‘satdan Hindiston tomon jo‘nashga to‘g‘ri kelipti.
Belorussiyaga qaytib ko‘p o‘yladim. Gulnozsiz hayot men uchun daydi shamolga tashlangan umrday gap ekaniga imon keltirganimcha oltmish oltining aprelida yana Toshkentga qarab yo‘l soldim. Shirin uchrashuv bo‘ldi. Ko‘klam nafasi Gulnoz yuz-ko‘zlarida o‘ynar, bir husniga-ming chiroy qo‘shar, xayolchan sho‘xligini, iffatli noz-karashmalarini oshirib-toshirganday. Ayniqsa shu pallada o‘z san’ati haqida gapirishni, serbardosh umidlariga qanot bog‘lashni yaxshi ko‘rardi u.
25 aprelda tug‘ilgan kunini o‘tkazdik. Dugonalari, yor-birodarlari yig‘ilishib yerni ko‘kka ko‘tarishdi. So‘ng ikkimiz xayol surishdik, rejalar tuzdik. Vaqt allaqancha bo‘lganidan men chor-nochor qo‘zg‘aldim. Muloyim tabassum bilan «ertagacha xayr» deya kuzatib qoldi.
Qaytsam uyqu oromida ekansizlar. Oyoq uchida yotog‘imga kirdim. Qani endi ko‘z yumilsa. Bir mahal osmonning bir etagi «yarq» etib yorishdi-da, yer ostidan g‘ulg‘ula ko‘tarildi. Xonadagi asbob-anjomlar o‘yinga tushar, nimadir «qars» sindi. Sachrab oyoqqa bossam, yer tarozining ikki pallasiday lopillaydi. Sizlarni omon ko‘rdimu Gulnoz uyi tomon chopa ketdim. Shahar «qiy-chuv», «Zilzila! Qiyomat!» degan hayqiriqlar, xarobalar son-sanog‘i yo‘q. Turtina-surina yetib borsam, Gulnoz xonasi qop-qorong‘i. Eshik qoqdim, ovoz berdim — undan sado bo‘lmadi. Eshikni yorib kira derazani ochib yubordim: Gulnoz o‘rinda, yostiq lolaqon, qimir etmaydi. Xona burchagidan ko‘chgan g‘isht parchalari uy bilan bitta... O‘zimni ustiga tashlabmanu hushdan ketibman.
Zilzilaning qayta g‘ulg‘ulasidan hushyor tortdim. Gulnoz qo‘li yetgan devordagi tirnoq chiziqlariga ko‘zim tushdi: «Stas... unutm...»
...Gulnozimni ko‘mdik. Besh kun chamasi rayhon guli bilan bitta qabridan jilolmadim. Buyog‘i sizga ayon, Usta.
«Him-m...» deganimcha tilimni tishlab qoldim. Stas ko‘zlarida jiqqa yosh, qoraygan tarasha vujudi bezgak tutgan odam qiyofasida. Do‘stim dardi va fidoyi mehnatining‘ «sir-asrori»— Gulnoz sevgisiga mos ko‘rkam shahar yaratish ekan. Inson qalbining halolligiga, shunday tuyg‘un nazokatga ming bor joningni tiksang ham kamlik qiladi, tasaddiq.

1967 yil

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.