OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Shahodat Isaxonova. Katta «A», kichkina «a» (hikoya)

U mushtchalari bilan ko‘zlarini ishqarkan, cho‘zib xomuza tortdi, og‘zidan beixtiyor «a-a-a» degan mudroq aralash ovoz chiqib ketdi. Yonida o‘tirgan sariq sochli puchuq qizaloq kaftlarini labiga bosganicha, piq etib kuldi. Orqaroqdan kimdir unga o‘xshatib «a-a-a» deya atay takrorladi. Doskaga nimadir yozayotgan oriqqina, ko‘zoynakli opa orqasiga o‘girildi, xo‘mrayib qo‘ydi. U qo‘rqib ketdi va xuddi ko‘zoynakli opa hozir uning ovozidan tanib yoniga keladigandek, oldingi partada o‘tirgan bolaning panasiga yashirindi. Lekin opa joyidan qimirlamadi. O’tirganlarga birma-bir razm soldi-da, yana ishini davom ettirdi. Yozib bo‘lgach, bolalarga qarab, tushuntira boshladi:
— Bu katta «A», bu kichkina «a»...
«Bog‘cha opa bo‘lganda albatta tanirdi, — deb o‘yladi u ichida, — keyin kelardi-da, qulog‘imdan cho‘zib burchakka turg‘azib qo‘yardi. Ko‘zoynakli opa esa tanimadi. Yo‘q, ko‘zoynakli opa emas, otini qiziq qilib aytgan edi. Mu... mula... E-e, «bog‘cha opa» deyish oson edi, bog‘chaga — bog‘cha, opaga — opa. Nega ularning otini «maktab opa» qo‘yishmagan? Maktabga — maktab, apaga — opa bo‘lardi. Aytishga ham oson edi».
Ko‘zoynakli opa qo‘lidagi bo‘rni doskadagi harflarga taq-taq urganicha hamon bir gapni takrorlardi:
— Bu katta «A», bu kichkina «a»...
«Unisi katta «A», bunisi kichkina «a»... Shuni yuz marta qaytarish shartmi?» Ko‘zimni yumib ham aytishim mumkin: Unisi katta «A», bunisi kichkina «a»... E e...»
Xayollari chuvalasha boshladi. Yana bog‘chasi, oppoq to‘shakli karavotchasi va har narsaga tanbeh beraveradigan dum-dumaloq bog‘cha opasi ko‘z oldida gavdalandi. Bog‘cha opasini «Bo‘g‘irsoq» deyishardi. Lekin bu nomni unga bolalar qo‘yishmagan. Birinchi bo‘lib Nigoraning ayasi aytgan. Nimaningdir ustida aytishib qolishganda: «Tekin ovqatni yeganing uchun bo‘g‘irsokday semirgansan-da, ichi po‘k bo‘g‘irsoq», degan. Gapi to‘g‘ri. Rostdan ham bog‘chada ovqat tekin edi. Bu yerda esa pulga berisharkan. Ko‘zoynakli opa ham shuning uchun oriq bo‘lsa kerak-da!..
— Qani, takrorlanglar-chi: bunisi katta «A», bunisi kichkina «a». Chiyildoq, badand-past ovozlardan quloklari bitib qolayozdi. Yonidagi puchuq qiz «Sen takrorlamaysanmi?», degandek, turtib qo‘ydi. Uning takrorlagisi kelmadi. Kaftlari bilan quloqlarini bekitgancha ko‘zoynakli opa va bolalarni kuzata boshladi. «Vuy, rosa qiziq! Xuddi ovozsiz kinodagiga o‘xsharkan. Qo‘llari, lablari, ko‘zlari qimirlaydi-yu, lekin nima deyishayotganini bilib bo‘lmaydi». Kaftlarini sal ochgan edi, undan ham qiziq bo‘ldi. Quloqlari xuddi ari uyasiga o‘xshab g‘uvillab ketdi.
— Ey, Qodirov! Sen nega takrorlamayapsan?
U ko‘zoynakli opaning nima deganini eshitmagan bo‘lsa-da, o‘zi tomon kelayotganini ko‘rib qo‘rqib ketdi va darhol qo‘llarini quloqlaridan olib, qotib qoldi.
— Nega sen takrorlamayapsan, a Qodirov! Yo buning senga dahli yo‘qmi? U o‘rnidan sakrab turib, shosha-pisha chiyilladi:
— Unisi katta «A», bunisi kichkina «a».
— Qaysi biri katta «A?» Unisimi, bunisi? — Ko‘z oynakpi opa orqasi bilan yurgancha doska yoniga bordi-da, stoldan uzun ko‘rsatkich tayoqni olib, shakllardan biriga tegizdi: — Qaysi biri kattasi?
«Qaysi biri edi? Unisi... yo‘q, bunisi... Yo‘q, kattasi katta bo‘ladi-da. Anavi bo‘yi uzuni — kattasi!»
— Birinchisi kagta «A», ikkinchisi kichkina «a», — dedi ko‘zoynakli opaga xavotirlik bilan mo‘ltirab.
— Yaxshi, Qodirov! O’tir joyingga. Diqqating bir joyda bo‘lsin!
U atrofga mag‘rur ko‘z tashlab, joyiga o‘tirdi. Yonidagi puchuq qizga: «Ko‘rdingmi?», degandek mamnun qarab qo‘ydi. Qizcha unga havas bilan boqdi.
Lekin lahza o‘tmay, uni yana esnoq tutib, ko‘z oldida g‘alati halqachalar paydo bo‘la boshladi. «Bir, ikki, uch...», deya halqachadarni sanashga kirishganda ular shu qadar ko‘payib ketishdiki, o‘ntaga yetganda adashib qoldi. Bolalar, sinf, doska va partalar ayqash-uyqash bo‘lib, xira pardaga chulg‘andi. Ko‘zoynakli opaning ingichka ovozi uzoqdan kelayotgan mayin bir kuydek vujudini allalay boshladi. Bog‘chada maza edi. Ovqat yeyishardi, o‘ynashardi, uxlashardi — shu. Bu yerda esa nuqul qo‘ng‘iroq chalishadi — o‘qishadi, nuqul qo‘ng‘iroq chalishadi — o‘qishadi...
U qalqib ketdi. Bu safar sariq sochli qizning jahli chiqdi shekilli, ko‘zoynakli opaga imlab, «Ey, uxlama, o‘lasan!», deb shivirladi. Uning lablari javobga shaylandi-yu, ammo gap topolmay kalovlandi. «Ko‘zoynakli opa ko‘rib qolmadimikan?», degan hadik bilan u tomonga qararkan, kallasiga bir fikr keldi.
— Bog‘cha opa! — deya sekin qo‘lini ko‘tardi. — Yozilib kelsam maylimi? Ko‘zoynakli opa orqasiga o‘girilib, bolalarga birma-bir alanglarkan, unga ko‘zi tushib, shu tomon yo‘naldi.
— Avvalo, Qodirov, men senga «bog‘cha opa» emasman, muallima opaman! Ikkinchidan... — U ko‘zoynagi ostidan sinchkovlik bilan tikilarkan, negadir bir lahza jim qoldi, so‘ng muloyim, ayni paytda, qat’iy ovozda: — Mayli, chiqib kelaqol. Keyin gaplashamiz, — dedi.
«Bog‘cha opa bo‘lganda hecham qo‘ymasdi, — deb xayolidan kechirdi u o‘rnidan turarkan. — Birpas aftingga tikilib: «Ana, ko‘zlaring aytib turibdi, nega yolg‘on gapirasan, tirrancha? Qani, joyingga o‘tir-chi» deb koyib berardi. Ko‘zoynakli... yo‘q, muallima opa boshqacha... yaxshi ekan».
U koridorga chiqdi-yu, qayoqqa borishini bilmay, bir lahza ag‘rayib turdi. Keyin orqasiga qaytdi. Eshikdan kirib hali o‘rniga o‘tirmasdan, birvarakayiga to‘rtta bola qo‘l ko‘tardi:
— Yozilib kelsam maylimi?..
— Yozilib kelsam maylimi?..
Muallima opa ko‘rsatgich tayoqni stolga qarsillatib bir urdi. Qo‘llar qanday tez ko‘tarilgan bo‘lsa, xuddi shu yo‘sinda pastga tushirildi.
— Bolalar, eslaringda bo‘lsin, biz birinchi darsimizda kelishib olganmiz. Dars, bu — o‘yinchoq emas. Yozilish, ovqatlanish, dam olish va hokazolar uchun tanaffus beriladi. Men Qodirovning ahvolini tushunganim holda ruhsat berdim. Lekin bu birinchi va oxirgi marta. Sening ham qulog‘ingda bo‘lsin, Qodirov! — Muallima opa ko‘rsatkich tayoqni stolga qo‘yib, kalta qirqilgan jingalak sochlarini silkitgancha bolalarga yakin keldi. — Endi sizlar bog‘cha bolasi emassizlar. Mustaqil odamsizlar! «Mustaqil» degap gapni tushunasizlarmi o‘zi?
Bolalar shoshib bir-birlariga qarashdi. Yo‘q, deyishsa, muallima opa koyib berishini o‘ylabmi, hech kim miq etmadi.
— «Mustaqil» degani — bu endi o‘zlaring aql farosat bilan ish tutasizlar, degani. Chunki, yana qaytarib aytaman, endi bog‘cha bolasi emas, katta odamsizlar! — Muallima opa qo‘llarini ko‘ksida chalishtirib deraza yoniga bordi va ko‘zoynagi ostidan yana ham katta va cho‘kik ko‘rinadigan o‘ychan ko‘zlarini bolalarga tikdi. Xayolidan nimalarnidir o‘tkazdi. So‘ng oldingi partada o‘tirgan do‘mboq bolaga murojaat qildi: — Cho‘liev, mana, senga bir savol: deylik, darsdan qaytayotganingda, yo‘lda, o‘zingdan kichkina bolani birov do‘pposlayotganini ko‘rib qolding, shunda sen nima qilgan bo‘larding? Cho‘lievning qisiq ko‘zlari birdan chaqnab ketdi.
— Kaltaklagan bolani urardim!
Bolalar uning javobini to‘g‘ri deb o‘ylashdi shekilli, hech kim indamadi. Muallima opaning kulgisi qistadi-yu, lekin o‘zini vazminlikka oldi. Cho‘lievning orqasidagi partada o‘tirgan, yuzlari qizlarnikiga o‘xshash, oriq-ozg‘in bolaga yuzlandi:
— Qani, Mahmudov, eshitaylik-chi, bunday vaziyatda sen nima qilarding? Bolaning bug‘doyrang chehrasiga sarosima ifodasi qalqidi. U o‘rnidan turib dam muallimaga, dam bolalarga alanglagancha nimadir dedi.
— Uning o‘zi qo‘rqog‘-u!.. — degan ovoz keldi orqa partadan.
Hamma birdan kulib yubordi. Mahmudovning cho‘zinchoq yuzi duv qizardi. Muallima opa gapirgan bolani topmoqchidek sinf to‘riga tahdidli nazar tashlarkan, Mahmudovning sochlarini siladi:
— Bunday paytda, Mahmudov, darhol janjalni to‘xtatib, o‘sha zo‘ravon bolaga tanbeh berish kerak. «Odobli bolalar hech qachon bir-biri bilan urishmaydi», deya uyaltirish lozim. Bu gap faqat Mahmudovga emas, hammamizga tegishli, bolalar!
Muallima opa o‘sha kuni katta «A» bilan kichkina «a» haqida boshqa gapirmadi. Qo‘ng‘iroq chalinguncha rosa qiziq gaplarni aytib berdi. Hayratdan hammaning og‘zi karnayguldek ochilib qoldi. Qiziq, uch kundan beri nuqul ro‘yxat o‘qishu tanishishdan boshqasiga o‘tmagan oriqqina muallima opa shuncha gapni bilarkan-a! Yana, ular bilan katta odamlardek gaplashishi-chi!
— Bolalar, — dedi, — bilib qo‘yinglar, bu yerda oddiy bolalar emas, kelajak o‘tiribdi!
Bu gapni eshitib hamma ag‘rayib qoldi. «Rost-da, qanaqa kelajak o‘tirishi mumkin? Kim o‘zi, opalari aytayotgan kelajak?» Muallima opa ularning yuzidagi ajablanishni sezdimi, stolda yotgan ko‘rsatgich tayoqni oldi-da, baland ko‘tarib: «Kelajak bu — sizlar», — dedi. Lekin ular bari bir tushunishmadi. Shundan so‘ng u Qodirovning yonidagi puchuq qizni o‘rnidan turg‘azdi-da: «Hozir men sizlarga sinfimizda qanday kelajak o‘tirganini isbot qilaman», dedi. Bolalar puchuq qizga g‘alati bir ajoyibotni ko‘rgandek qiziqsinib tikilishdi.
— Qani, To‘ychieva, — dedi muallima opa uning yelkasiga kaftini qo‘yib, — o‘rtoqlaringga ayt-chi, maktabni a’lo baholar bilan bitirgach, kim bo‘lmoqchisan?
To‘ychieva bu savolni eshitib, birdan xayoliga «Masxaralamayaptimikanlar?», degan o‘y keldi shekilli, hadik bilan opaga tikildi. Opaning ko‘zlari oynak ostidan muloyim va jiddiy boqib turardi.
— Uyalma, aytaver, — dedi muallima uning xijolat bo‘layotganini ko‘rib. - Hozir boshqalardan ham so‘raymiz.
To‘ychieva qizarindi, keyin «aytsammikan-aytmasammikan?», degandek shoshib bolalarga ko‘z yugurtirdi-da, past ovoz bilan pichirladi:
— Raqqosa...
Yon tomondan kimdir cho‘zib hushtak chaldi. Uch-to‘rtta bola muallima opa turganini ham unutib, bor ovozda «O’-o‘-o‘!», deb yubordi. Orqada o‘tirganlar To‘ychievaning nima deganini eshitishmadimi, oldingi partadagalarni turtib so‘ray boshlashdi. Muallima opa ingichka qoshlarini chimirib, hushtak kelgan tarafga o‘qrayib qaradi. So‘ng To‘ychievaga yuzlanib:
— Juda yaxshi o‘ylabsan, To‘ychieva! — dedi. — Orzuingga yetishishing uchun yaxshi o‘qishing, intizomli bo‘lishing kerak. O’tir. — Keyin bir lahza indamay turdi-da: — Qalay, Qodirov, uxlamayapsanmi? — dedi unga qarab.
U: «Sen kim bo‘lmoqchisan?», deb so‘rab qolsa, nima javob beraman?», deb o‘ylab o‘tirgan edi, cho‘chib tushdi. Bolalar kulib yuborishdi. Hozirgina qizarib-bo‘zarib o‘tirgan puchuq To‘ychieva ham xuddi bugunoq raqqosa bo‘lib ketadigandek mag‘rur jilmaydi. Birinchi kuni To‘ychievani uning yoniga o‘tqazishganida jahli chiqqan, ko‘ziga u juda bijildoqdek ko‘ringan edi. Qurmag‘ur, allaqachon orzu qilishga ham ulguribdi. U esa... Aytganday, dadasi uylariga kelgan mehmonga maqtanib: «Mening o‘g‘lim katta bo‘lsa professor bo‘ladi», dedi-ku, orzu degani balki shudir?
— Qani, eshitaylik-chi, kelajakda Qodirov kim bo‘lmoqchi ekan? — deya muallima opa ko‘zoynagini to‘g‘rilab jilmaygancha unga tikildi.
— Menmi? — u shosha-pisha o‘rnidan turdi va bolalarga bir-bir qarab chiqdi. Hammaning nigohi unda edi. Hatto To‘ychieva ham: «Qani, nima deb javob berarkan?», degandek og‘zini ochib turibdi. — Men... haligi, professor bo‘lmoqchiman...
— Va-a-a! — deb yubordi yonidagi partada o‘tirgan Atoev. — Dadasi traktorchi-yu, bu professor bo‘larmish! Professorlikka pulni qayoqdan olarkan?
Qodirov o‘zini yo‘qotgudek bo‘lib, muallima opaga qaradi. Muallima opaning ko‘zlari katta-katta ochilgan edi.
— Bu... bu gapni senga kim aytdi, Atoev?
— O’zim bilaman? — Atoevning dumaloq yuzida qat’iy bir ifoda paydo bo‘ldi.
— Dadasi sovxozning direktori-yu, hamma narsani biladi! — deb chiyilladi birov orqa tomondan.
Muallima opa isib ketdi shekilli, peshonasida yaltirab ter paydo bo‘ldi. Atoevga yaqinlasharkan, uzun, ingichka barmoqlari bilan ko‘zoynagini olib, atir hidi anqib turadigan ro‘molchasida obdan artdi. So‘ng, muloyim ohangda so‘radi:
— Qani ayt-chi, Atoev, yana nimani bilasan?
Atoev muallimaning g‘alati bo‘lib ketganini sezib, bir lahza ikkilanib qoldi. So‘ng, yelkasini qisgancha sekin o‘rnidan turdi-da:
— Hammasini bilaman, — dedi.
Muallima opa ko‘zoynagini taqarkan, Atoevning qarshisidaga partaga ohista cho‘qdi.
— Masalan, nimani? — Atoev uning nima haqda so‘rayotganini tushunmagandek ko‘zlarini pirpiratdi. Muallima opa endi boshqacharoq qilib so‘radi: — Masalan, «professor bo‘lish uchun ko‘p pul kerak», degan gapni qayoqdan eshitding?
Atoevning ko‘zlari: «Shuniyam bilmaymanmi!», degandek mamnun chaqnadi.
— Dadam aytganlar. Chunki yozda akamni do‘xtirlikka pul bilan qo‘yishdi. Dadamning o‘zlari aytdilar. «Do‘xtir bo‘lishing uchun necha mingim ketdi, professor qilaman deguncha, bilmadim, yana qancha pulning boshini yeysan», deb. Uning dadasi traktorchi-ku! Ana, traktorchi Qobil akaning o‘g‘liyam puli yo‘qligi uchun qaytib keldi...
Muallima opaning birdan jimib qolganini ko‘rib, Qodirov o‘yga toldi. Demak, rostdan ham, professor bo‘lolmas ekan-da!?. Dadasi esa o‘rtoqlariga maqtanib yuribdi: «O’g‘lim profesor bo‘ladi?» deb.
— Gap bunday, bolalar, — muallima opa hammaning xayolini bo‘lib, partadan turdi-da, qo‘llarini ko‘ksida chalishtirgancha doska yoniga bordi. — Bularning hammasi bekorchi gaplar. Sizlar bunaqa gaplarga quloq solmanglar. Chunki endi sizlar mustaqil odamsizlar. Boya aytganimdek, mustaqil odam har bir ishni o‘z aqli, o‘z kuchi bilan bajaradi. Faqat ota-onasining kuchiga ishongan bolani men haqiqiy inson hisoblamayman. Unaqalar o‘zlariga ham, ota-onalariga ham, jamiyatga ham biron foyda keltirishmaydi. Ulardan hamma hazar qiladi. Sen esa, Qodirov, xafa bo‘lma. Mana ko‘rasan, ulg‘aysang, albatta professor bo‘lasan, uning uchun esa o‘qishing, yaxshi o‘qishing kerak, xolos!
Qizarib ketgan Atoev o‘tirishini ham, turishini ham bilmay qotib qolgan edi.
Shundan keyin muallima opa boshqa bolalardan ham kelajaqda kim bo‘lmoqchiligini birma-bir so‘rab chiqdi. Burchaqdagi partada o‘tirgan Sattorov «Uchuvchi bo‘laman», dedi. Doimo To‘ychieva bilan birga yuradigan qoracha qiz — Hakimova esa, o‘qishni bitirib do‘xtirlikka kirarmish. «O’zingdan kichkina bolani birov do‘pposlayotganini ko‘rsang, nima qilarding?», degan savolga javob berolmagan Mahmudov «Ministr bo‘laman» degan edi, hamma kulib yubordi. Muallima opa ham qo‘shilib kuldi. So‘ng, uning yelkasiga koqib: «Yaxshi o‘qisang, odobli bo‘lsang, albatta, ministr bo‘lasan», dedi. Faqat Atoev: «Sovxozga direktor bo‘laman», deganida negadir indamadi, ko‘zlarini yerga tikkancha doska yoniga bordi-da: «Ana bolalar, ko‘rdinglarmi, bizning sinfimizda kimlar o‘tiribdi! Bizning sinfimizda Vatanimiz uchun, xalqimiz uchun, fan va madaniyatimiz uchun jonini ham ayamaydigan halol, pok, fidokor insonlar o‘tiribdi!», dedi.
Uyga qaytarkan, Qodirov sevinchdan terisiga sig‘masdi. Muallima opalari juda ajoyib ekan! Bunaqangi yaxshi gaplarni qaerdan toparkan-a? Atoevni qizartirib qo‘ygani-chi! Bog‘cha opa bo‘lganida boshqalarni jerkib tashlab: «Sizniki — to‘g‘ri, — Atoevjon!», der edi. Muallima opa esa: «Bekor aytibsan, Atoev, mana ko‘rasan, Qodirov albatta professor bo‘ladi», dedi. Rostdan ham, professor bo‘lsa-ya? Dadasi rosayam suyunardi-da. Innaykeyin, o‘ziyam ko‘zoynaklarni taqib, televizorda rosa gapirardi-da...
— Huv bola, baqqa qara, Qodirni o‘g‘limisan? — uning xayoli bo‘linib, ovoz kelgan tarafga o‘girildi. «Oyposh xolasi! Oyposh xolasi qiziq kampir-da! Darchasi oldidaga qari tut tagiga yog‘och quti qo‘yib olib, kunbo‘yi pista sotib o‘tiradi. Hech kim bilan gagshashmaydi ham, hech kimnikiga chiqmaydi ham. Faqat buvisi bilan o‘rtoq. Buvisining aytishicha, uning odamlardan ko‘ngli qolgan emish. Ayniqsa, yakkayu yolg‘iz o‘g‘li ham shahardan uylanib, o‘sha yerda uyli-joyli bo‘lgandan keyin hamma narsadan qo‘lini yuvib qo‘ltig‘iga uribdi. Buvisi: «Oyposhshajon, o‘g‘ling shaharda palon joyda ishlaydi-ku, sening pista sotib o‘tirganing nimasi? Undan ko‘ra, xudoga shukur kilgin-da, o‘yna-kul, o‘g‘lingnikiga bor, to‘y-ma’rakaga chiq», deb koyisa, Oyposh xolasi: «Momoguljon, men buni ochimdan o‘lganim uchun qilayotganim yo‘q, o‘zimning pensiyam o‘zimga yetib ortadi, lekin nomusi o‘shanga tegsin, deb qilaman, yedirib-ichirib, bugungi kunda keragim bo‘lmay qolgani uchun qilaman», degan emish. Buvisining aytishicha, Oyposh xolasi keliniga yoqmaganmish. Qiziq, shunday yaxshi kampir nega yoqmagan ekan-a?..
— Menga qara, ma! — Kampir bir siqim pista uzatdi-da, doka ro‘mol tang‘ilgan peshonasiga kaftini soyabon kilib, kipriksiz, botiq ko‘zlarini unga tikdi. Keyin pastida ham, yuqorisida ham bir donadan qolgan sarg‘ish tishlarini ko‘rsatib, hayratomuz jilmaydi:
— E-ha, kap-katta odam bo‘lib qolibsan-ku, sen ham, a? Qani, beri kel-chi, — Oyposh xolasi salqi qovoqlari ostida yiltillabgina turgan dumaloq ko‘zlarini pirpiratib unga boshdan-oyoq xavas bilan termildi. Orqasiga osib olgan sumkasini ushlab ham ko‘rdi. So‘ng, bo‘shashibgina «uf» tortdi.
Oyposh xolasining «Katta bo‘lib qolibsan», degan gapi unga xush yoqdi va kampirga sezdirmay yelkalarini kergancha oyoq uchida qaddini balandroq ko‘tardi. Kampirning hozirgina kulib turgan chehrasi negadir birdan o‘ychan tortdi.
U xolasining yuzida ro‘y bergan o‘zgarishni kuzatarkan, buvisining gaplarini esladi: «Tavba qildim, Xudoyim. To‘q yashaganimiz sayin bir-birimizdan uzoqlashib ketyapmiz. Qishloqda biron-bir mard yo‘qki, Oyposhsha bechoraning o‘g‘liga ikki enlik xat yozib, uni insofga chaqirib qo‘ysa. Hamma o‘z tinchini o‘ylaydi. Xudo haqqi, savodim bo‘lganda o‘zim boplab bir yozardim».
Daf’atan uning xayoliga bir fikr kelib, quvonib ketdi. Rost-da, mana bugun katta «A» bilan kichkina «a»ni yodlashdi, ertaga esa boshqa harflarni o‘rganishadi. Innaykeyin, Oyposh xolasiga bemalol xat yozib bersa bo‘ladi. Eh, o‘shanda xolasi rosa quvonsa kerak!
— Oyposh xola, — dedi u dumaloq ko‘zlari qisilinqirab, afti jiddiylashib, — men... men xat yozib beraymi, sizga?
Kampirning serajin yuzi battar tirishdi:
— Qanaqa xat, chirog‘im?
— Haligi... o‘g‘lingizga! Buvim aytganlar, «Savodim bo‘lganda yaxshilab bir xat yozardim», deb. Mening esa savodim bor. Mana... — u shosha-pisha yelkasidan sumkasini oldi-da, ichini titkilab, ko‘k daftar chiqardi. — Mana, qarang, bu katta «A», bu kichkina «a»! — Sevinish o‘rniga Oyposh xolasining ko‘zlari birdan g‘amginlashib, kirtayib qolganini ko‘rib, hayron bo‘ldi. Yo ishonmayaptimikin?» — Oyposh xola, rost aytyapman, mana ko‘rasiz, bir oydan keyin hamma harflarni bilib olaman, — dedi shoshib, azbaroyi kuyib pishgandan yuzi qizarib, bo‘g‘riqib ketdi. — Keyin siz aytib turasiz, men yozaman. Hammasini yozaman. Keyin o‘g‘lingiz qaytib keladi. Shunaqa! Men o‘zimni o‘ylamayman, men endi mustaqil odamman. Muallima opamiz aytdilar. «Endi sizlar mustaqil odamsizlar, o‘zlaringizdan kattalarga yordam berishlaringiz kerak», dedilar, bildingizmi?
Oyposh xolasining tund chehrasi asta-sekin yorisha boshladi. Peshonasidagi tirishlar yozildi. Ikki qoshi o‘rtasidagi tuguncha ham yo‘qoldi. Etlari shalvirab qolgan chap qo‘lini peshonasiga soyabon qilgancha, o‘ng qo‘li bilan uning yelkalariga qoqdi:
— Ishonaman, bolam, ishonaman...
U Oyposh xolasini ishontira olganidan xursand edi. Rost-da, bir oydan keyin albatta xat yozib beradi. U, buvisi aytganidek, o‘zining huzurini o‘ylaydiganlardan emas. U endi mustaqil odam. Ana, Oyposh xolasining o‘zi ham aytdi. «Ishonaman, bolam, ishonaman», dedi.
U ketib borarkan, orqasiga o‘girilib, Oyposh xolasiga yana bir bor qaradi. Kampir qari tutga suyanganicha uning ortidan termilib o‘tirardi...

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.