OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Shodiyor Hazrat Ismat. Ehtirom (hikoya)

Safarga chiqishga unchalik ham ko‘zim uchib turgani yo‘q edi. Aslida ancha vaqtdan beri olis safarga chiqmagan edim. Manzil va u yerda o‘tadigan kunlarning muddati ham ko‘p edi. Dastlab Buxoroda bo‘ldik. U yerni obdon tomosha qildik. Umrim bino bo‘lib bu yerlarni ko‘rmagan edim. Rosa miriqib, Sur’atjon degan ukamizning holi joniga qo‘ymay savol beraman. Kitoblarda o‘qib yurgan shaharni o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rsangiz, rostdan ham mo‘‘jiza bo‘larkan. Uyatni yig‘ishtirib qo‘yib, yosh boladay Sur’atjon ukamizdan ko‘ringan joy va imoratlar haqida sharh so‘raymiz. Yigit bechora ancha bilimdon ekan, hamma savollarimizga javobi tayyor, dunyo ko‘rgan yigit ekan. Ikkilanmasdan, tap tortmasdan boz sal uyalinqirab gapirarkan. Sur’atjon buxorolik G‘ulom Shomurod degan shoir akamizning kichik o‘g‘li. Ancha ta’mizli bola ekanligi bilinib turardi. O‘zbekcha-yu tojikchani birdek ravon gapirardi.Qadim shaharni va aziz joylarni ziyorat qilib, mehmonxonaga keldik. 
Sur’atjon bizni kutib o‘tirgan ekan, darhol muddaoga ko‘chdi. Bizni G‘ulom aka uyda kutib o‘tirgan ekan, bormasak bo‘lmas emish. Tarang qilmasdan biz ham uning mashinasiga o‘tirib, Jondorga keldik. G‘ulom aka bizni ko‘rib xursand bo‘ldi. Ancha vaqt suhbatlashdik. Mezbonning ko‘ngli ko‘tarildi. Bizga keyingi vaqtlarda yozgan she’rlarini o‘qib berdi. G‘ulom aka suhbati soz va davraning hadisini darrov biladigan sezgir odam. Sharif Nurxonu va boshqa latifalardan aytib, hammamizni kuldirib o‘tirdi. Tilimizdan tushovlar tushib ancha vaqtgacha u yerda qolib ketdik. U yerdan allamahalda o‘rnimizdan turib, musofirxonamizga kelib yotdik.
Ertasi kuni bu yerdan Navoiy shahriga jo‘nab ketdik. Bu yerda bizni Raim Qodir degan qalamkash akamiz kutib oldi. Mehmonxonaga joylashamiz desak, unamadi. Uyiga ko‘ch-ko‘ronimiz bilan keldik. Bir xonani bizga ajratib berdi. Kitoblari juda ko‘p ekan. Ko‘rib odamning havasi keladi. Ma’ruf Jalildan ham ko‘p asarlarni sovg‘a tarzda olgan ekan. Tarix va adabiyotning eng noyob va topilmas asarlari javonda taxlanib turibdi. Ularning hammasini birma bir silab ko‘rdik. Keyin Raim Qodirning ishxonasiga bordik. U yerda biroz suhbatlashdik. Tushga yaqin mashinada Raim Qodirning ota yurti – Nurotaga yo‘l oldik.
Gapning rosti, Raim Qodir bilan avvaldan tanish emasdik. To‘g‘ri, u kishining dostonlar va tarixiy manbalar haqidagi maqolalarini markaziy matbuotda o‘qigan edim. Biroq o‘tirib hangomalashmaganmiz. 
U kishi yo‘lda keta ketgunimizcha anchagina manbalarni gapirib berdi. Har qaysi sohadan so‘z yuritsangiz, xuddi shu mavzu bo‘yicha sizga keragidan ortiq qilib ma’lumot beradi. Suhbati soz odam ekan. Tarixdan bir narsalarni aytadiki, eshitib og‘zingiz ochiladi. Dashtdagi giyohlardan gapiradi. Ularning nima dardga da’vo ekanligi mayli, lekin o‘sha giyohni qaysi faslda, qay paytda, qay holatda va qanday qilib uzib olishini hamda qay tarzda undan dori tayyorlashini ham bafurja tushuntiradiki, buni eshitib turib, og‘zingiz ochilmasdan iloji yo‘q. 
Biz Nurotaga qanday yetib kelganimizni ham gap bilan bo‘lib, sezmay qolibmiz. Chashmani va bu yerdagi boshqa joylarni ziyorat qildik. Bu joylarning barchasiga Raim Qodirning o‘zi ta’rif beradi. Hodisalarning hammasi ilohiy va sirli ediki, eshitib kishi hayron qolasan. Chashmaning suvidan bir ko‘zaga ataylab solib,shaharga qaytyapmiz. Uyga keldik, yanga dasturxon tuzatib qo‘ygan ekanlar, mehmon bo‘ldik. Rasamadi gaplardan so‘ng Raim Qodir ajoyib, ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan bir hikoyani so‘zlab berdi:
“Ukalar, men andak ilgari viloyat qalamkashlariga yetakchilik qilganman. Vazifam juda nozik edi. Oldimga keladiganlarning har biri bilan alohida, o‘ziga xos tarzda muomila qilishim kerak. Negaki, ularning har birida o‘ziga xos xarakter bor va sal bo‘lsa-da g‘uddayganroq. Hammasi men to‘g‘riman, qolganlar laylak haydab yuribdi, degan o‘y-xayollar bilan yuradi. Bir so‘z bilan aytganda o‘zining kindigini o‘zi kesgan toifadan. Ko‘nglidan chiqsangiz olam sizniki, agar teskari bo‘lsa xudo ko‘rsatmasin qirg‘inbarot bo‘ladi. Har qanday ezgulikni kuylamoqqa tayyor turgan kimsa bir pasda yovuzlashib ketadi.
Lekin men bularning ichida ukalar, gapning rosti, tozasini kam ko‘rdim...
Men faqat o‘zim bilan o‘zim ovora bo‘lib yurgan odam, birdaniga bunaqangi ishdan boshim gangib qoldi. Endi ko‘pchilikning boshini qovushtirib yurishim kerak edi. Vazifamni sekin-asta o‘z bilganimcha va boshqalardan ya’ni ko‘pni ko‘rganlardan maslahat olgan holda bajarib kelardim. Hammaga birdek edim. Birovni birovga qayramadim, Men birovdan gap so‘ramadim. O‘zimni ularning o‘rniga qo‘yib ko‘ra bilardim. Birovining haqiga ko‘z olaytirmadim. Qo‘limdan kelganicha yordam berdim. Hamma o‘z ishini bilib qiladi. Turli xil tantanalarga, marosimlarga, tadbirlarga va boshqa mavridlarga atab qasidalar bitilardiki, buning oxiri yo‘q edi. Turli tuman uchrashuvlarda shoirlarimiz minbarlarga chiqib qarsillatib she’rlar o‘qirdi. Zal to‘la odam ularga atab qarsak chalardiki, bundan ijodkorning ilhomi yanada jo‘shardi. Ular ruhlanib yanada yangi-yangi asarlar yozishga kirishardi. Zamon bilan hamnafas bo‘lib, undan ortda qolmaslikka tirishayotgan ijodkorlarimizning safi kundan kunga ortib borardi. 
Baraka topishsin, hammasi yaxshi odamlar. Taqdiriga tan berganlari ham ko‘p edi. Bir paytlari deng, yurt og‘alari aziz va muqaddas ziyorat joylarni tavob qilish haqida bong ura boshladilar. Biz ham idoramiz nomidan va buning ustiga yashab turgan viloyatimizning nomini sharaflash maqsadida, Alisher Navoiy bobomizning qabrini hamda uning yashab o‘tgan joylarini ziyorat qilish uchun Hirot sari otlanishni rejalashtirdik. Tegishli xujjatlarni rasmiylashtirib, safarga otlandik. O‘ntacha kishi mikroavtobusda Hirot sari otlandik.
Amudaryodan kechib o‘tib, ko‘zlangan manzilga yetib keldik. Yo‘llar abgor ekan, ancha azob tortdik. Bizni borgan joyimizda yerli aholi yaxshi kutib oldi. Hammasi xursand. Bizlar musofirxonada tunamoqchi bo‘ldik. Ular esa bunga unashmadi. Aliakbar degan kishi adabiyotga ishtiyoqmand ekan, bizni qo‘yarda-qo‘ymay uyiga opketdi. Va katta bir uyini bo‘shatib berdi. Buning ustiga bizga xizmat qilish uchun atayin tayinladi. Aliakbarning shinavanda odam ekanligi yuz-ko‘zidan bilinib turardi. Vaqt allamahalgacha gurunglashib o‘tirdik. Bizlar o‘zbek tilida suhbatlashardik To‘g‘ri, lahjamizda biroz tavofut bor edi. Ularning gap-so‘zi va yurish-turishida hamda fikrlash tarzida ham biznikiga qaraganda tavofut bor edi.
Ertasiga ertalab uy egasi bizlarni ergashtirib, shahar aylantirdi, so‘ng biz izlab kelgan joy - Navoiyning qabriga boshlab keldi. Bu qabriston eski mozoriston bo‘lganligi bilinib turardi. Hammamiz qabr atrofini aylandik. Sheriklarimizdan biri tiz cho‘kkanicha duoi fotiha o‘qidi. Qabrni ziyorat qildik. Bu qabristonning ancha vaqtdan beri qarovsiz bo‘lib yotganligi bilinib turardi. Ulug‘imizning qabri qarovsiz, hattoki, toshlari o‘pirilib yotganini ko‘rib odamning ichi achiydi. Sheriklaridan biri yengini shimarib toshlarni joyiga taxladi. Yo‘q, baribir bo‘lmadi. Keyin birimiz oyoqlarimizni tirib suv opkelib, loy qoridik va g‘ishtlarni topib, qabrning uchgan joylariga chillik qilib, g‘ishtu loy aralashtirib, uni tikladik. Hammamiz sidqidildan ishlayotgan edik. Yonimizdagi Aliakbar ham bizning bu ishimizdan o‘zini hijolat sezdi.
Biz uning uyiga qaytib keldik. Uy egasi bir muddat ko‘rinmay ketdi-da, bir payt shoxlari buralib ketgan, ketmonquyruq qo‘chqorni yetaklab keldi. Shu paytda bir qassob ham keldi-da, jonliqni bo‘g‘izladi.
Go‘sht qozonga osilib, tagiga olov qalandi. Bir pasda sho‘rvaning masalliqlari qozonga solindi. Tayyor ovqatni ichdik. So‘ng hammamiz duoi fotiha qildik. Keyin bilsak, bu jonliqni uy egasi uluhimizning ruhi poklariga atagan ekan. Hammamiz birdek xursand bo‘ldik. Aliakbar hammamizga atab sarpo kiygizdi. Boz shaharni aylantirdi.
Ketar vaqtimiz aniq bo‘ldi. Yerli aholi bilan xayrlashdik. Uyning egasi bizlarni yana mehmon bo‘lishimizni tiladi. Biz esa unamadik. Oxiri noiloj u kishi bizlarni Amudaryogacha kuzatib keldi. Uzoq vaqt xayrlashdik. Bir-birlarimiz bilan adres almashdik. Bordi-keldi qilishni kelishib oldik. 
So‘ngra ortimizga qaray-qaray yo‘lga otlandik. Uyga ham yetib keldik. Taassurotlar bir jahon, eslab turib gohida xursand va gohida xafa bo‘laman. Bir necha kun Hirot kayfiyati bilan yurdim. Oxirida o‘zim ham bir ixtiro emasu harholda quloq eshitmagan ish qilishni o‘ylardim. Negadir mo‘‘jiza istab qolgandim. Ana shunday kunlarning birida idoramiz nomidan bir-ikki joyga borib, Alisher Navoiyning yubileyiga biror yordam qila olasizmi, deya uyalinqirab so‘radim. Rosti gap qilayotgan ishimdan o‘zim uyaldim. Iltimos qilganlarim esa bu haqda o‘ylab ko‘rmasdan rad javobini berardi. Uyda mana shu xayollar bilan vaqti bemahalgacha ijod bilan shug‘ullandim. Men ham Hirotdagi Aliakbar kabi elga osh berishni niyat qilgan edim.
O‘g‘limni Nurotaga jo‘natib, semizgina bir qo‘y opkeltirdim. O‘zim esa bozorga tushdimu oshga kerakli masalliqlarni xarid qildim. Idoraga keldim, hammamizga ish topildi. Bir pasda qozon osildi. Peshinga borib osh tayyor bo‘ldi. Yo‘ldan o‘tgan-ketganlarga ham osh ulashdik. Bir mulla chorlab, uluhimizning ruhlariga atab tilovat qildik. Ortib qolgan oshni bolalar uyiga eltdik. Hammamiz uyga xursand bo‘lib qaytardik.
Xuddi mana shu kecha tunda ijod qilib o‘tirgan paytimda devordan bir sharpa chiqib keldi. Uning yuzi nurli edi. Soqollari esa oppoq bo‘lib, ko‘zlari menga muloyimgina kulib turardi. U kishi menga tashakkurlar aytardi. Men o‘zimni o‘ngarolmay qoldim. Xuddi mana shu lahzada ana shu sharpa yana devorga singib, ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi.
Men esa manu shu lahzada ulug‘imizning ruhlarini ko‘rgandek bo‘ldim...”
Raim Qodir bu gaplarni menga aytib berayotganida uning ko‘zlari namlanib ketgandi. Men esa jimgina quloq solib o‘tirardim.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.