OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Shodiyor Hazrat Ismat. Morboz (hikoya)

Qishloqning o‘rtarog‘idagi qirning biqinida chog‘roqqina hovlimiz va boloxonali uyimiz bo‘lardi. Men faqatgina hovlimizda va ba’zan tomga chiqib o‘ynar edim. Gohida akam – Naim qirning ustiga opchiqib, o‘zim tengi bolalarning orasiga qo‘shib qo‘yardi. Men esa bu yerda o‘ynayotganlarga unchalik ham el bo‘lib ketolmasdim. Darhol buvimning oldiga oshiqar edim. U kishi menga ko‘pgina ertagu doston, cho‘pchagu matallarni erinmasdan aytib berar edi. Buvim oq tushgan sochlariga kalit tuyulgan iplarni o‘rib yurardi. Bu kalitlar ichiga mayiz, turshak, yong‘oq va latta-puttalar solingan sandiqning zulfida osilib turgan mushtdek qulfchalarga solinar edi. Bularning hammasi menga sirli, sinoatli bo‘lib tuyulardi... Buvim akam ikkimizni qo‘shnimiznikiga ergashtirib borganida, Naim buvimning sochlaridagi kalitlar bilan o‘ynab turib, birini pichoqchasi bilan kesib oldi. So‘ng qulfning tumshug‘iga kalitni tiqib, sandiqni ochdi. Shirinliklardan birov bilmaydigandek olib yedi. Albatta, akam menga ham gullab qo‘ymasligimni uqtirib, shirinkoma bergandi.
Buvim akamdan ko‘ra meni ko‘proq yaxshi ko‘rardi, deb o‘ylardim. U cho‘pchaklarni aytib bo‘lganidan so‘ng asta o‘rnidan turardi-da kolotasi ostidagi sochlaridan tegishli kalitni olib, sandig‘idan sarxil yeguliklarni keltirib oldimga qo‘yardi. Biz ertaktinglovchilar esa bor dunyoni unutib, bemalol og‘izlarimizni kappa-kappa ochib, xo‘rakxo‘rlikka tushardik...
Buvimning oldiga kirayotib, onam ikkalasining sirli ovozda gaplashayotganini sezdimu dahlizda ko‘ymalanib turdim. Onamning uni ovutish uchun aytayotgan gaplarini tingladim: “ Nafasingizni issiq qiling. Yaxshi gapgayam, yomon gapgayam farishta omin, derkan. 
Siz hali ko‘p yashaysiz. Ana Fozila kampirga qarang, ikki yuzi qip-qizil xo‘rozday...”
Buvim esa onamning gaplariga beparvo tarzda noliydi: ”...yo‘q, bolam, mening ham izzatim bitganga o‘xshaydi. Birgina Fozilani hisoblamasang, bu tegrada mening tengi tushim qolmadi. Izzatim borida ketganim ma’qul ko‘rinadi. Ana bolalaring ham ulg‘aydi. Azamdan keyin ham eslab turishadi. Ha, esimdan chiqay debdi, tunov kuni men ularni ergashtirib Kunsuluv kampirnikiga boruvdim, Naim tushmagur kalitni o‘g‘irlab, sandiqlarimni kovlabdi. Anovi katta sandiqda hammasi tayyor turibdi, kaliti baxmal ko‘rpachaning qatida.”
Ularning suhbati mening xayollarimni shoshirib qo‘ygandi. Nima qilarimni bilmay, akamni topish uchun tashqariga chiqdim. U hayotda o‘t o‘rayotgan ekan. Akam ikki tutam o‘tni o‘radi-yu yana kissasiga qo‘lini solib, boz og‘ziga nimalarnidir tiqardi. Oldiga sekin borib, unga eshitganlarimning hammasini aytib berdim. Akam shundan keyin uy tomon shoshib yugurib ketdi. U eshikni shartta ochdi-da o‘zini buvimning quchog‘iga tashladi. Naim sal fursat o‘tib, tisarildi-da buvimga xitob qildi: “ Siz o‘lmang buvi, hali ko‘p yashashingiz kerak. Sandig‘ingizdagi turshaklarni men o‘g‘irlab yegan edim. Katta bo‘lsam, Siyob bozoridan turshaklarni qoplab opkelaman. Siz men bilan, Toir bilan yashang. O‘zimiz sizga mayiz, yong‘oqlarni opkelib beramiz...”
Buvisining o‘pkasi to‘lib tursa-da kulimsiradi. “ Kim o‘laman, debdi. Mening jonimni olaman, degan Azroil ham sendek nevaralarim borligini ko‘rib, shashtidan tushadi. Sen bilan Toirning bolalaringni ko‘rmay turib, o‘lmayman.” 
Shunday qilib, buvim men bilan akamga o‘lmayman, deb va’da berdi.
Kunlar soviy boshlagan damlar. Buvimning uyidagi sandalda shiftdagi qassoblar bir paytlari otgan harom tomirga qarab yotaman. Qachonki, shu yerda yotib shiftdagi tomirlarni ko‘rsam, darhol esimga bobom tushadi. Biroq men bobomning yuz qiyofasini tuzukroq eslay olmayman.
Endilar buvim menga cho‘pchagu matallardan tashqari, qishlog‘imizdagi xosiyatli va bexosiyat joylar va u yerlarda uchraydigan jin-ajinlar haqida so‘zlab berardi. Buvim turadigan uy juda keng edi. Qish paytlari hamsoyalarning bolalariyam biznikiga kelib o‘ynar edi. Bir kuni bizlar buvimni ham unutib, poygakda qiy-chuv qilib o‘ynayotganimizda, buvim yalingan ovozda Naimni chaqirdi. Biz bu paytda Naim bilan Husniyani kelin-kuyovlardek yasantirib bo‘lgandik. Akam boshidagi bobomdan qolgan sallani silab-silab buvimning oldiga bordi. U o‘zi o‘tirgan ko‘rpachaning tepasini yoniga tortib, qaragin, deya imo qildi. Shunda Naim cho‘chib tushdi-yu, ortiga tisarildi. Bizlar ham hayron bo‘lib o‘sha tomonga bo‘ylab, unchalar katta bo‘lmagan qoramtir ilonning kulcha shaklda o‘ziga –o‘zi o‘ralib yotganini ko‘rdik. Naim tashqariga otilib chiqdi. Sal fursat o‘tib, qo‘lida boltani tutganicha hovliqib uyga kirdi. “Men bu ilonni oldin ham ko‘rganman. Yomon ilon bu. O‘tgan yili uyimizning shiftidagi qaldirg‘ochning bolalarini yeganini ko‘rganman. Qaldirg‘ochlar chirqillab qoluvdi. Men tayoq opkelgunimcha bu iflos da’f bo‘lgandi. Ilonni yo‘q qilishimiz kerak, agar uni o‘ldirmasak, u yana keyin qachonlardir oilamizga ziyon yetkizishi mumkin.”
Buvim ham xuddi bizlardek Naimning gaplariga jimgina quloq solib tursa-da, biroq ilonni o‘ldirishga unamadi. Akamning qo‘lidagi boltasini olib, yoniga qo‘ydi. Qaytaga un opkelishni buyurdi. Oshxonadagi supradan bir kosa un keltirib, buvimning qo‘liga tutqizdim. Buvim undan siqimlab olib, ilonning ustiga sepdi. Ilon o‘sha zahotiyoq uzun bo‘lib, bizning oldimizdan sirg‘alib o‘tdi-da, hovli tomon ravona bo‘ldi...
Buvim ilonlarning ham xuddi biznikidek oilasi va Shohimoron degan podshohi borligini aytdi. Bu podsho har bir xonadonga o‘zining ilonlaridan bir juftini tayin etib joylashtirgan, odamlar o‘z uylarida Shohimoronning ilonlarini ko‘rgudek bo‘lishsa, darhol uning ustiga un separ ekan. Va mana shu ustiga un sepilgan ilon xonadon sohiblarining yaxshi niyatda ekanligini Shohimoronga aytar emish. Buvimning bu gaplarini tinglayotganimizda ko‘nglimizda zarracha gumon tug‘ilmadi.
Oradan ancha yillar o‘tdi. Naim bilan Husniyaning to‘ylari bo‘ldi. Ular qirning ustiga uy solib, qora qozonini bo‘lak qilishdi. Buvim yashaydigan uyning shiftida bobomning surati osig‘liq turardi. Endi esa men uning yoniga buvimning ham suratini ilib qo‘ydim... Buvim turadigan uy menga qolgan edi. Buvim tushlarimga kirib chiqardi.
Uyg‘onib ketganimda hali tonggacha uzoq vaqt bor edi. Uyqumda ko‘rgan tushimni xotirlay boshladim. Bobom bilan buvimning surati ustida ust-boshi oq va soqol mo‘ylabi ham qordek oppoq nuroniy chehrali bobo ko‘rindi. U menga taxminan mana bunday degan edi: “o‘g‘lim sen hayotda o‘zingga tanmahram izlamagin. Uni topgan taqdiringda ham u senga vafo qilar, lekin hayot vafolik qilmaydi. Negaki, sening ortingda yig‘lab qoladigan va suratingni bobong va buvingnikidek uyining to‘riga osib qo‘yadigan valiahding bo‘lmaydi. O‘ksinma bolam. Sen bu gaplarni do‘st tanmi yoki dushman tanmi deya muqoyasa qilib ovora bo‘lma. Men do‘st tanman.” 
Bu tushimni eslar ekanman, o‘zimning ham aqlim shoshib qoldi. Ertalabki nonushtadan so‘ng, ko‘rgan tushimning ta’birini onamdan so‘raganday bo‘ldim. Ishonqiramay turgan onam menga savol yog‘dira boshladi.
“Judayam oppoqmi?”
“Ha.”
“Sochlari ham oqmi yoki sallasi bormidi?”
“E’tibor bermabman.”
“Balki Xo‘jai Hizr bo‘lmasin?”
“Ismini aytmadi.”
“Qo‘lining bosh barmog‘ini ushlab ko‘rmadingmi?”
“ U mendan ancha uzoqda turgan edi.”
Onam men bilan hisoblashmadi. Men akamga qaraganda noshudroq edim. Mabodo qizlar gap qotsa ham uyalib, ikki yuzim qizarib ketardi. Uydagilarimiz buni yaxshi bilashardi. Yo‘q, maktabda o‘qib yurgan chog‘imda, o‘zimdan ikki sinf qo‘yida o‘qiydigan Kimiyo ismli qiz bilan oramizda nedir iliqlikni sezganman. Yigit bo‘la turib men ichimdagi dardimni aytishga botina olmadm. Qiz bo‘la turib, u uyaladi. Xullas, Kimiyo “senday lapashangdan o‘rgildim,” deganday menga etagini ham tutqizmay erga tegib ketadi. Onam esa uzoqroq qarindoshimiz bo‘lgan Yormat kattaning qizi – Musallamni menga unashtirib qo‘ydi. U bilganini va o‘ylaganini qildi. Negaki, qishlog‘imizda menga o‘xshagan yoshi o‘tinqiragan yigitlar o‘zlariga munosib qayliq tanlashga rag‘bat topmasdilar. Kimniki unga munosib deb bilishsa, yigit boshini ham qilib rozi-rizoligini bildirar edi. So‘ng qo‘shganlari bilan “dunyo deganlari shu ekanda...” deya qo‘shilib yashab ketaveradilar...
Aloq-chaloq tushlar ko‘raverdim. Men irimchi emasdim, biroq buvim rahmatlining ta’sirimi yoki onamning pandi bilanmi har tugul, uxlashim oldidan yostig‘imning ostiga piyoz va pichoqni qo‘yib yotardim. To‘shakda chalqancha yotamanu uyqum kelmay yostiq ostidagi narsalarni o‘ylay boshladim. Ular mening taqdirimni o‘zgartira olarmikan yoki hazorisfanddan ham bir dasta qo‘ysammikin? Yoxud bir paytlari Naim ombordan ko‘tarib kelgan boltani opkelib solaymi? Kulgim qistaydi. Shu onda xuddi shakkoklik qilayotgandek darhol sergak tortaman.
...yana o‘sha nuroniy yuzli boboni tushimda ko‘rdim. U meni turtib o‘yg‘otdi-yu o‘zi esa bobom bilan buvimning osig‘liq turgan suvratlarining ustiga ko‘tarilib oldi. Shosha-pisha salom berdim. U alik oldi. Men uning oldida xuddi gunohkordek boshimni quyi soldim. Nuroniy chehrali bobo mendan gina qildi: ”bolam so‘zlarimga quloq solmabsan. Gaplarim senga kor qilmabdi. Senga Shohimoronning nazari tushgan. Shu sabab uylanishni xayolingga ham keltirma. Hali ham kech emas. Senga oxirgi gapim shuki, qachonki u bilan uchrashganingdan so‘ng, taqdir yo‘ling ochilib, niyatingga yetishing mumkin. Agar aksini qiladigan bo‘lsang, maqsadga va ko‘zlagan manzilinga yetmog‘ing mushkul.”
Men Shohimoron bilan uchrashuv qachon va qay joyda bo‘lishini so‘rashga fursat yetmay, nuroniy chehra devorga singib ketdi.
Musallam ikkimizning to‘yimiz tiramoh faslining boshlarida bo‘ldi. Bu to‘yga ko‘zim uchib turgani yo‘q edi. Mening xayolimni yonimda o‘tirgan kelin – Musallam emas, balki nuroniy chehraning gaplari o‘g‘irlagan edi.
To‘ydan keyin o‘sha nuroniy chehraning gaplarini unuta boshlayotgan edi. Buning ustiga qo‘lim-qo‘limga tegmay ro‘zg‘or tashvishlari bilan band bo‘ldim. Nuroniy chehra ham meni yodidan chiqargan chog‘i, hech ko‘rinmay ketdi.
Men xayolim yetgan qadar ko‘p narsalarni orzu qilardim. Orzularim, niyatlarim va istaklarim serob edi. Ulardan ko‘pining bahridan o‘tdim, deya olmaymanu lekin ne qilayki, armonga aylandi. Bu esa menga qattiq alam qilardi. Nachora... Orzular dastlab ko‘ngilda ming yillik chinorning tomirlari kabi ildiz otar ekan. Agar ular armonga aylansa, misoli chinor so‘larkan, tomirlari esa ko‘nglingizdagi dog‘dek qotib turar ekan.
Orzu... armon... dog‘... Dilsiyohlikning asl ibtidosi shundan boshlanadi...
Men nuroniy chehradan xafa bo‘la boshladim. Uning hech qursa, yana bir bor bo‘lsa-da, uyimizga kelishini intiq bo‘lib kutayotgan edim. Shohimoron haqidagi gaplarni xotinimga ham aytib berdim. U esa yig‘ladi. Yig‘idan ko‘zlari shishib, qizarib ketdi. Ko‘zyoshlari bilan u meni ovutmoqchi bo‘lardi. Ko‘nglim o‘ksib, uni asta bag‘rimga tortaman. Yupataman. Faqatgina ikkimiz bir-birimizga achinar edik. Ko‘zyoshlarimizning achchiq ta’mini lablarimiz sezsa-da, men unga, u esa menga shirin va’dalar aytib pichirlar edik.
Nuroniy chehradan ham, Shohimorondan ham ko‘nglim sovidi. Hafsalam pir bo‘ldi.
Kunlar isib, dalalarda boychechaklar ochila boshlagan kezlarda bir tush ko‘rdim. Yo‘q, tush emas, o‘ngim ekan. Buni keyinroq fahmlab yetdim. Bir paytlari uyimizning yonida tegirmon bo‘lardi. 
Tegirmondan pastroqda esa biz aziz deb biladigan joy bor edi. Xuddi o‘sha qo‘yindining yonida harsang turardi. Men tushimda alahsirab, o‘sha harsangning oldiga kelaman, u yerda esa ikkita kichkinagina bolalarning o‘ynab yurganini ko‘raman. Ko‘nglim iyib, ulardan kichigini ko‘tarib olib, uyimga ketayotgan edim. Boshqasi – kattarog‘i harsang tomonga qarab, “bobo, bobo anovi kishi ukamni uyiga opketyapti,” deydi.
Men bu gapni eshitib, hayronlik bilan ortimga ugirilib qaradim. Shunda soqol-mo‘ylabi ham, ust-boshi ham oppoq chol harsang orasidan chiqib men tomon kela boshladi. U sekin keldi-da, menga bir og‘iz ham gapirmasdan ko‘ksimdagi go‘dakka qo‘l cho‘zdi. Go‘dak ham shu imoga mahtal turgan ekan, chog‘i o‘zini cholning bag‘riga otdi. Keyin chol bir og‘iz ham gapirmasdan bolani bag‘riga bosganicha kelgan yo‘liga qaytib ketdi. Qariya harsangga singib ketgandi. Bu shundayin bir lahza ediki, men uni aqlimga sig‘dira olmasdim. Xayollarim ham xuddi dahshatli mahluqni ko‘rib, jonsarak ahvolda potrab qochgan ojiz hayvonlardek har tarafga sochilib ketgan edi. Fursat o‘tib, aqlimni yig‘ishtirib, keksa muysafedning ortidan baqirdim: “ Ey-y-y, Shohimoron chiq, bu yoqqa, nega mening bolalarimni ushlab turibsan. Biz ularga zormiz-ku, axir. Ey, ilonlar podshohi insof bormi senda? Bizlarni zor qaqshatishdan muddaong ne, ey zolim Shohimoron?”
Harsangga suyanib ko‘p va xo‘b yalindim, yolvordim va lekin hech sado chiqmadi. Toshni quchoqlab uxlabman. Birov turtadi, qarasam Musallam sal narida esa onam harsangga tikilib turardi. 

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.