OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Shodiyor Hazrat Ismat. Sovg‘a (hikoya)

Safarning buvisi hamma kampirlar kabi mehribon edi.
Buvining choli zotiljamdan qazo qilganiga ko‘p vaqt bo‘lgan. U paytlari do‘xtir deganlari bu qishloqda bo‘lmagan ham. Buvi bir qiz, bir o‘g‘li bilan qoladi.
Urushdan keyingi davrlar, sharoit in qadar. Buvi odamlarning ul-bul xizmatlarini qilib ikki bolasini boqadi.
Vaqti kelib qizini qo‘shnisi – Pahlavon tegirmonchining o‘g‘li – Yo‘ldoshboyga uzatadi. Kuyovi ham xo‘jalikda otasiga yordamchi bo‘lib ishlardi. Yo‘ldoshboy kampirni ham, o‘g‘lini ham sekin-asta o‘z qaramog‘iga oladi. Qaynisini o‘z yoniga olib, ish o‘rgatdi. Xizmat haqiga deb ozgina bo‘lsa-da, un beradi.
Buvi tursa ham, o‘tirsa ham kuyovi Yo‘ldoshboyni duo qiladi, alqaydi.
Bu orada Safar tug‘iladi. Unga ismni ham buvi qo‘yadi. Negaki, chaqaloq safar oyida tug‘ilgan edi. 
Keyin Ramazon tug‘iladi. Qizlar va yana o‘g‘illar dunyoga keladi. Yo‘ldoshning oilasi kattalasha boshlaydi. Buvi bilan qizi bolalarni yuvib-tarab, ulg‘aytiradi.
Yo‘ldosh qaynisi – Xolmatning suyagi qotganidan so‘ng, onasi bilan o‘ziga atab hovlisining yonidan bir xona, bir dahliz uy solib beradi. Buvi bilan o‘g‘li yangi uyga ko‘chib o‘tadi va o‘sha yerda yashay boshlaydi.
Xolmat biroz dangasaroq chiqdi. Ishga ham borib-bormay yurdi. Uni bu ishlari uchun Yo‘ldoshboy koyiydi. Onasi esa javraydi. Opasi ham gapirib ko‘radi. Baribir Xolmat yalqovlikdan qutila olmaydi.
U choshgohgacha uxlaydi. So‘ngg yuvinib-taranib kelib choy ichadi. Yana ustiga choponini ilib, jo‘ralarinikiga ketadi.     Kunbotar payti ulfatlari bilan qirning ustiga chiqib, qishloqni tomosha qiladi. Yonboshlab olib, allamahallargacha gurung qiladi.
Bemahalda uyga kirib keladi. Ona o‘rnidan turadi. O‘g‘liga atab dasturxon yozadi. Choy keltiradi. Tokchadan bir tuyur nonni ham opkeb qo‘yadi. O‘choq boshida kuymalanadi. Qozonning tagiga olov yonib, ovqat isitadi. Keyin taomni o‘g‘lining oldiga keltiradi. Xolmat yengini shimarib, sekingina dasturxonga intiladi. Ovqatni yeya boshlagani mahali yonida o‘tirgan onasiga asta ko‘z osti bilan qarab qo‘yadi.
Onasi esa mung‘ayibgina o‘g‘liga qarab o‘tirardi. Xolmat ovqatini yeb bo‘lgach, yostiqqa yonboshlab yotadi. Choynakdan piyolaga choy suzadi. Ichib ko‘radi.
-Choyingiz sovuqroqmi, ona, - deydi Xolmat ajablanib.
-Yaxlagandirda bolam. Safarga damlattiruvdim. Bir piyola o‘zim ham ichuvdim. Qolganini senga opqo‘yuvdim, - deydi ona.
-Ona yaxshiroq ish topmasam bo‘lmaydi, Sizniyam qiynab qo‘yyapman, - deydi o‘g‘li.
-Xudo insof bersa, hech narsa emas, bolam, - deydi ona.
-Bu nima deganingiz ona? Men sizga sigir opbersam, deb yuribman. Sut, qatiq beminnat bo‘lardi. O‘zingiz ham mol bilan ovunib yurardingiz. Keyin men armiyaga ketganimda ham sizga ilhaq bo‘lib yurmasdim. Buzoqchasini katta qilib sotardingiz. Harna, ro‘zg‘or tebranib turardi-da, - deydi o‘g‘li.
-Bolam sen o‘zing tebranmasang, ro‘zg‘or tebranmaydi, - deydi ona sirligina qilib.
-Tinchlikmi, ona? Boyadan beri sal noroziday bo‘lib gapiryapsiz. Yo men biror xato qildimmi? – dedi o‘g‘li.
- Yo‘q, bolam, pochchangning oldida o‘zimni o‘ng‘aysiz sezyapman. Ular sirtidan asayam, ichida... - deydi ona.
-Nimaga o‘ng‘aysiz bo‘lasiz? – deya o‘g‘il so‘roqlaydi.
-Endi Yo‘ldoshboyning ro‘zg‘ori boshqa. O‘zimizniki ham boshqa. Opang bechora kunora mayda-chuyda opchiqadi. Pochchang ham “nima kerak” deb so‘rab turadi. Nevaram ham kelaganida nimalarnidir ko‘tarib keladi. Ularning oldida uyalyapman. Tunov kuni kuyov seni ishga kelmay qo‘ygan, dedi. Opang ham yurish-turshingdan noliganday bo‘ldi, - deydi ona.
-Nima qilishim kerak ona? – deydi o‘g‘il.
- Uyalishing kerak, bolam, Ana shunda hammasi yaxshi bo‘ladi. Birov senga yomon ko‘z bilan qaramaydi, - deydi ona. – Dangasalikka o‘rganyapsan.
-Ta’na qilmang, ona! Kuyovingiz bilan qizingiz menga aql o‘rgatmasin. Nima qilayotganimni o‘zim yaxshi bilaman. Men ularning qo‘lida qaram bo‘lib ishlashdan uyalaman, - dedi o‘g‘li.
- Odamlardan ham uyalsang yaxshi bo‘lardi, - deydi onasi. – Pochang bilan opang seni yomon bo‘lsin demayapti. Ishlasin, o‘rgansin, oyoqqa turib olsin, deydi. Erta-indin bir ro‘zg‘orning boshini tutishing kerak. Ana unda nima qilasan. Bolalaring polaponday og‘zini ochib turadi. Ularni yedirish, ichirish, kiydirish kerak bo‘ladi. Pochchangdan mingdan ming rozi bo‘lishimiz kerak. Kambag‘alning bolasi “g‘ing” demasdan shuncha yordam qilyapti. Baraka topsin, beminnat ekan. Faqat sening yurish-turishingdan “eh, attang” deyishyapti.
-Ona, endi hammasi iziga tushib ketadi. Sal sabr qilaylik -deydi o‘g‘li. – Qani dasturxonga omin!
Ona o‘rnidan turdi. O‘g‘liga joy solib berdi. So‘ng ikkalasi ham boshlarini ko‘rpaga burkab uxlashdi.
Xolmatga nasihatu maslahatlar kor qilmadi.
Onasi indamay qo‘ydi.
Opasi esa gapirishdan charchadi.
Yo‘ldoshboy ham yo‘lga solaman, deb ko‘rdi. Bo‘lmadi. Oxiri u ham qo‘l siltadi. Biroq buvining holidan xabar olib turishardi. 
Bir kuni tushga yaqin Komil pochtachi buvining uyiga kirib keldi. Salom alikdan so‘ng buviga bir qog‘ozchani tutqazdi. Buvi esa “bu nimasi?” deb so‘radi.
Komil pochtachi esa “xola o‘g‘lingiz – Xolmatboyni armiyaga chaqirishgan, shuning qog‘ozchasi,” deb tushuntirdi.
-Ertaga komissariatga borsin,tayinglang. Tag‘in esingizdan chiqmasin, - deya pochtachi uqtirdi.
- Mayli uka, ertaga o‘zim jo‘nataman. Xavotir olmang, - dedi buvi.
Kampir kechki payt o‘g‘liga bu xabarni aytdi. Ko‘chalik ust-boshini taxladi. Asrab qo‘ygan pullarini ham berib, saharda o‘g‘lini rayon markaziga jo‘natdi. O‘g‘il ketadi.
Kunbotar mahali Xolmat yana uyiga qaytib keladi. Aytishicha, indiniga armiyaga jo‘nab ketarkan, bugun esa sochlarini olib, uylariga javob beribdi. Buvi kuyovi bilan qizini chaqirib keldi. Allamahalgacha ular buvinikida suhbatlashib o‘tirishdi. Ertasiga yaqin qarindoshlar chaqirildi. Hammasi bo‘lajak askarga omonlik tiladi. Ba’zilari esa armiyada asqotishi mumkin bo‘lgan maslahatu tavsiyalarni berdi. Olamjahon nasihat qilindi. Oxiri hamma xayrlashdi.
Bo‘lajak askar – Xolmat safar xaltasini yelkasiga tashlab, yo‘lga otlandi. Onasi yarimta nonni qo‘lida tutganicha, uydan chopib chiqdi.
O‘g‘lining oldiga kelib, unga non tutdi. Xolmat nonni tishladi. Ko‘ziga yosh keldi. Buvi ham yig‘lab o‘g‘lini kuzatdi. 
Uni pochchasi – Yo‘ldoshboy rayon markazigacha oborib, harbiylarning idorasidan kuzatib qaytdi.
Xullas, Xolmat armiyaga ketdi. Endi buvi nevarasi – Safar bilan uyda o‘tirardi. Buvi nabirasiga turli rivoyat, ertak aytib berardi. Yana boshqa savollariga ham javob berardi.
Oradan o‘n besh-yigirma kunlar o‘tib, yana Komil Pochtachi uyga keladi. Bu safar u askar yigitdan xabar olib kelgan edi. Buvi xursand bo‘ladi. U nomani olib qizining oldiga boradi, ona-bola xatni ochib o‘qishadi.
Xatning mazmuni shu edikim, Xolmat yaxshi joylashibdi. Sal sovuqroq ekan. O‘rischadan qiynalayotganini demasa boshqa ishlari yaxshi. Hammaga salom yo‘llagan.
Buvi xursand bo‘ldi. Qizi ham sevindi...
Kuyovi ham xabar topdi. Tinchlandi. Va shu kunning o‘zida buvini uylariga ko‘chirib keldi. “ Shu yerda to Xolmat armiyadan kelgunicha yuring. Keyin bir gap bo‘lar,” deyishdi.
Buvining yuragi to‘liqdi. Shodligini qanday izhor qilishini bilmay qoldi. Bundan ayniqsa, Safar o‘zida yo‘q sevinib ketdi...
Endi u qizinikida yashab yurardi.
Gohida o‘z uyiga kelib, ko‘rpa-to‘shaklarini oftobga yoyib, uyni supurib, sandiqlarini ham birma-bir titkilab qo‘yardi. So‘ng hamma narsalarini joyiga taxlardi. Buvi sandiqqa ehtiyot bo‘lardi. Sandiqning burnida kichkina qulf ham osig‘liq turardi. Kalit esa buvining jamalagiga taqilgan.
Mana shu sandiq mudom Safar uchun sirli tuyuldi. Bir kuni u jamalakdan sandiqning kalitini bildirmasdan yechib oldi-da, buvisining uyiga ukasi – Ramazon bilan keldi. 
Safar darhol kalitni qulfga soldi. Buradi. Aylandi. Sandiq ochildi. Uning ichida turli xil gazmollar, kiyim-kechaklar bor edi. Ikki bola barcha buyumlarni chiqarib tashladi. Tagrog‘idan esa ikkita o‘yinchoq miltiq chiqdi. Ular miltiqni sandiqdan olib o‘ynashdi. Boshqa tomonlarni ham taftish qilishdi.
Aka-ukalarni miltiq qiziqtirardi. Ular o‘yinchoq qurol bilan xumoridan chiqqunicha mazza qilib o‘ynashdi. Oxirida miltiqni avvalgi holidagiday qilib joyiga qo‘yishdi. Uning ustidan esa yana o‘sha gazmolu kiyim-kechaklarni taxlashdi. Sandiqni qulflab, kalitini esa bildirmasdan buvisining sochiga taqib qo‘yishdi.
Safar bilan Ramazon har vaqt buvining sandig‘idan miltiqlarni olib, o‘ynashardi va yana joyiga bildirmasdan qo‘yishardi.
Buvi esa bundan mutlaqo bexabar edi.
Bu orada Xolmatning ham armiyadan qaytar vaqti ham yaqinlashayotgan edi. Hovli tozalandi. Tayyorgarlik ko‘rila boshlandi. Askar erta bahorda keldi. Safar esa suyunchiga ketdi. Buvining uyiga yaqin qarindoshlar kela boshladi.
Kuyov bir qo‘zini suyib, qozon osdi. Xolmat bilan hol-ahvol so‘rab o‘tirdilar. Kechga tomon hamma tarqab ketgach, uyda askar o‘g‘il, qiz-kuyovi, nevaralari qolgach, buvi sekingina sandiqni ochib, Safar bilan Ramazonga ikkita miltiq berdi. ”Mana, bolalarim, tog‘ang sizlarga miltiq opkepti, olinglar,” dedi.
Ramazon esa, “buvi bu miltiq sizniki, tog‘am opkelmagan, avval ham buni bizlar sandiqda turganini ko‘ruvdik,” dedi.
Shunda bir uy odam yerga qarab qoldi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.