OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Shodiyor Hazrat Ismat. Unutilgan va’da (hikoya)

Barnoni Narzibaland mahallasidagi yigitlar tunu kun o‘ylaydigan bo‘p qolishdi.
Barno ham haqiqiy barno yigitni izladi. U o‘zining chiroyi, qomatining bahosini bilardi.
Necha-necha yigitlar uning izidan ichikib yurdi. Qanchalab ishqiy maktublar bitildiki, barisi abas bo‘ldi. Barno birortasiga ham javob yozmadi. Lekin o‘qib, huzur qilardi.
Bir kuni yo‘lda ketayotganida qizning sochidan kimdir tortqiladi. Qiz ugirilib qaradi. Kamol ekan.
-Senda gapim bor edi, Barno, - dedi u.
-Nima gap ekan? – so‘roqlaydi qiz.
-Yur, sal chetga chiqaylik, bafurja aytaman. Bu yerda sal noqulay, - deydi yigit.
-Yo‘q, uydagilar ko‘rsa, meni urishadi. Otamning fe’lini bilasiz, yomon, - deydi qiz.
-Barno menga tekkin. Seni baxtli qilaman. Ertaga uyingga sovchi jo‘nataman, - deydi-yu Kamol yugurib ketadi.
Yigit qizning ko‘ziga tik qarab gapirgandi. Barno yigitning o‘ktamligidan, qat’iy gapidan shoshgan bo‘lsa-da, ich-ichidan rizoligini tuydi. U bilan baxtu iqbol egasi bo‘lmog‘ini o‘ylab qoldi. Yigitning ko‘zlari unsiz so‘zlagandi...
Ertasiga Kamolning ammasi bilan opasi qiznikiga qulchilikka kelishdi. Yana ikki-uch marta kelishdi. Ish bitmadi. Aniqrog‘i, qizning otasi – Rajab mirob rozi bo‘lmadi.
Kamolning, sovchilarning va butun Narzibaland mahallasidagi yigitlarning umidi so‘ndi. Hattoki, Barnoning ham. Negaki, qiz o‘zini Kamolga uzatishadi, deb o‘ylagan va o‘zi ham shunga shaylanib turgan edi. Biroq ish mutlaqo teskari bo‘ldi.
Rajab mirob qizini beshkentlik jo‘rasi – Abduholiq
chavondozning Irismat degan o‘g‘liga berdi.
Kuyov bola Moskva tomonlarda o‘qigan ziyolinoma yigit ekan. Sovchilar Barnoning rasmini olis yurtda ta’lim olayotgan kuyov bolaga jo‘natish uchun opketishadi. Irismatning rasmini esa qizga tashlab ketishdi.
Ikki yosh mezon oyining oxirlarida yuzma-yuz ko‘rishadi. Suhbat. Va’dalar. Beg‘ubor ichikishlar...
So‘ng Irismat Barnoni uyigacha kuzatmoqqa shaylanib, yo‘lga tushishadi.
Katta yo‘ldan burilib, ko‘prikdan o‘tib, Narzibaland mahallasiga kirar chog‘i bu ikki yoshni bir to‘da bolalar o‘rab olishadi.
-Yaxshi yigit, papiruskang bormi? – so‘raydi bola.
-Yo‘q, men chakmayman, - javob beradi Irismat.
-Bu yerlarda nima qip yuribsan? – so‘raydi bola.
-O‘zim, shunday aylanib, - deydi Irismat.
-Ey, Barno senmisan, - deya hayajonlanadi bola. – Bu kim bo‘ldi. Kamol qara, kuyov bola mahallamizga kelibdi. Uyalmasdan, hadiksiramasdan yurishi qara buni.
-Yuzi qalinga o‘xshaydi. Beandisha, - deydi sherigi.
-Kamol sen Barnoni uyiga kuzatib qo‘y. Biz o‘zimiz bu kuyovbolani katta ko‘chaga chiqarib uyini ko‘rsatib qo‘yamiz, - deydi bolalar.
Kamol Barnoning oldiga keladi-da, unga “ketdik” deya ishora qiladi. Ular ikkalasi sekin yo‘lga tushadi. Irismat esa baqirmoqchi bo‘lganida bolalar og‘zini yopib katta ko‘chagacha goh sudrab, goh ko‘tarib opchiqishadi. Bolalar uni yuk mashinasiga mindirib yuborishdi.
Kamol Barnoni uyiga opkeladi. Qiz yig‘laydi. Yigit gapirmasdan turib, qizni sekingina o‘pib oladi. Barno yigitni quchoqlab olib, ancha vaqtgacha boshini yelkasiga qo‘yganicha yig‘laydi.
Ular oydinda ajralishadi. Kamol Barnoni darchadan to uyiga kirib ketguncha qarab turadi.
Ayni pishiqchilik mahali Rajab mirob bilan Abduholiq chavondoz tuy boshlaydi. Kelin-kuyov katta niyatu umid bilan bir yostiqqa bosh qo‘yadilar. Boshning bittasi ya’ni Irismatning kallasi yoriq edi. Negaki, Narzibaland mahallasidan Barnonin kelin qilib opketish paytida kimdir tosh bilan kuyov bolaning boshiga ishlov beradi.
Irismat beshkentdagi maktabida o‘ris tilidan dars beradi. Barnoning husni beshkentda ham ovoza bo‘lib ketadi. Qo‘ni-qo‘shnilar uni ko‘rish uchun atay bahonalar topib, eshikni taqillatishadi. So‘ng suhbat quriladi. 
Irismat Barnoning Narzibaland mahallasidagi hayoti bilan bog‘liq voqealarni eslagisi kelmaydi. Kelinni ham ota-onasinikiga jo‘natgisi kelmaydi. Kuyov uni Kamoldan qizg‘anar edi. 
Bu paytda esa Kamol ham xolasining qiziga o‘ylanib, bir ro‘zg‘orning boshini tutgan edi. Endi uning xayolini bola-chaqa tashvishi band etgandi.
Irismat aroq ichishga o‘rgandi. Bu orada u yolg‘iz o‘g‘il ko‘rdi. Otini esa Temur qo‘ydi. Boshqa farzandlari turmadi. Qasdiga olib u yana ichadigan bo‘ldi. Avval maktabdan haydashdi, so‘ng uni davralarga ham qo‘shmaydigan bo‘ldilar. Bora-bora to‘y-yu ma’rakalarga ham aytilmaydigan bo‘ldi. U uyida tunu kun aroq ichib yotardi. Dunyoni unutardi.
Irismat o‘z-o‘zidan tevarak-atrofdan uzilib qoldi. Hamma unga achinardi. Ayniqsa, Abduholiq chavondoz o‘g‘lining bu ahvolidan boshini egib yuradigan bo‘ldi.
Ustiga ustak kelin Barno ham bolani olib otasinikiga ketib qoldi. U qudasining o‘zi qizini keltirib qo‘yib ketadi, deb o‘ylagandi. Biroq unday bo‘lib chiqmadi. Ko‘p narsa qorong‘u edi.
Rajab mirob ham qizining achchiq qismatidan xabardor edi. Hech narsa deya olmadi. Shu zayl qiz bir bolasi bilan otasinikida yuraverdi.
Irismat ichishga mukkasidan ketdi. Undan hattoki otasi ham voz kechib yubordi. U olamni unutgandi.
Oradan yillar o‘tadi. Qudalar bir-biridan xafa bo‘lmaydi. Negaki, Irismat hali tuzalmagan edi. Barno bilan Temur ham uni eslaydigan bo‘lishdi. Uyat o‘limdan og‘ir. Barno oqibat eridan talog‘ini so‘rab oladi...
Shundan keyin Rajab mirob qizini Mulla Nosirning Polvoniga beradi. Polvonning xotinini o‘tgan yili ilon chaqib o‘ldiradi. Polvon esa ikkita qizi bilan qoladi. To‘y kichkina va dabdabasiz o‘tadi. Barnoni Polvonnikiga kechga tomon opkelishadi. Ertasiga bu yerga onasini izlab Temur ham keladi. Onasi unga dasturxon yozib, oldiga choy, non va ovqat qo‘yadi.
-Ona, uyga ketamiz, - deydi bolasi.
-Yo‘q. Bolam, endi shu yerda yashaymiz, - deydi onasi.
-Menga bu yer yoqmayapti ona. Otamning, buvamning uyida yashaylik, - deydi bola.
-Bolam senga qanday tushuntirsam ekan. Buvang meni mana shu yerning egasiga erga berdi. Endi u bilan yashashim kerak. Uning xizmatini qilishga majburman. U senga ham otalik qiladi. Sen esa unga katta o‘g‘il bo‘lasan, - deydi Barno.
-Yo‘q, bo‘lishi mumkin emas. U kishi menga otalik qila olmaydi. Men unga o‘g‘il bo‘la olmayman. Axir biz butunlay boshqa odamlarmiz-ku! – deydi Temur onasiga ajablanib.
Ona-bola dasturxon boshida shu taxlit suhbatlashib o‘tirganlarida Polvonning ikkita qizi ham xontaxta atrofiga kelib o‘tirishadi.
-Ona, bizlarga ham non bering, - deydi qizlar.
-Mana qizlarim, olinglar, qanddan ham choyga solinglar. Keyin ko‘chaga chiqasizlar, - deydi Barno.
-Bu ayol sizlarga ona bo‘lmaydi, Mening onamni sizlar ona deyishingiz mumkin emas, tushundingizmi? – deydi bola qizlarga qarab.
-Buni bizlarga otamiz aytgan. Shuning uchun biz ona, deyapmiz, - deydi ular.
-Mana men sizning otangizni ota demayman-ku! – deydi bola. – Mening otam bor. U kishi beshkentda turadi. Bobom bilan yashaydi. Ha, aytmoqchi, sizlarning onangiz qaerda?
-Onamizni ilon chaqib o‘ldirgan. Bizni yaxshi ko‘rar edi, bechora onam, - deydi qizlar.
Temur o‘zining o‘gay singillari va onasining o‘gay qizlari bilan ancha suhbatlashdi. U o‘zini noqulay seza boshladi. Qizlarni urishgisi, jerkib tashlagisi kelardi. Onasidan ham xafa bo‘ldi. O‘gay otasi bilan ko‘rishishni umuman xohlamasdi.
Temur o‘gay singillari bilan boqqa ketdi. Olma, gilosu o‘rik, qaroludan to‘yib yeyishdi. So‘ng uyga qaytib kelishdi. Qaytish chog‘ida qizlardan biri zinaga qoqilib yiqildi. Baqirib yig‘ladi. Onasi chopib kelib, uni ko‘tarib oldi. Ovuta boshladi. Shu paytda o‘gay otasi – Polvon ham yetib keldi. Qiz tinchlandi. Polvon Temurga qaradi. Bola esa indamaygina cho‘ntaklaridan gilos-o‘riklarni chiqarib bepisand og‘ziga solardi.
-Hov yigitcha, salom qani? – dedi Polvon.
-Men begona odamga salom bermayman, - dedi u.
-Men senga begona odam emasman. Endi senga otaman. Bilib qo‘ygin, - deya uqtirdi Polvon.
- Siz menga ota emassiz. Mening otam beshkentda. Oti – Irismat. O‘qituvchi. Otasining ismini esa Abduholiq chavondoz deydi. Siz onamni aldagansiz. Qizlaringizniyam aldayapsiz, - deydi bola.
-Sen jinqarchada ko‘p gap borga ekan. Shumqadam bolaga o‘xshaysan. Mushtday boshingdan odamga aql o‘rgatasan-a? – deya Polvon boshini saraklaydi.
-Siz Narzibalandliklar kishiga aql o‘rgatishga ustasizlar. Odamni aqldan ozdirib, yo‘ldan urasizlar. Kerak bo‘lsa, hamma narsaga tayyor turasizlar, hech balodan qaytmaysizlar.Men baribir bu uyda sizlar bilan birga yashamayman. Shuni bilib olinglar, - deydi Temur baqirib.
U qosh qoragaygan bir paytda Polvonning uyidan chiqib ketdi. Allamahalgacha mahallani aylanib yurdi. Toliqdi, charchab ko‘cha yuzidagi darvozaning oldida o‘tirdi. Tin olib, xayol sura-sura uyquga ketibdi.
Kamol gashtakdan kela turib darvozasi oldida yotgan narsadan hayiqdi. Sekin kelib uni kuzatdi. Hayriyat, yosh bola ekan. Borib bolani uyg‘otdi. Uning qo‘lidan tutib uyiga opkeldi. Joy solib berdi. Yotdi.
Ertalab bola otning oldida turgan edi. Kamol uning yoniga keldi. Bola salom berdi. Ular hol-ahvol so‘rashdi. Kamol boladan bor o‘tmishini so‘rab, bilib oldi. 
Ayni voqealar, odamlar va ular bilan bog‘liq tarixning hammasi Kamolga ayon edi. U bolani olib, birinchi Irismatnikiga bormoqchi bo‘ldi. Biroq bolakay unamadi. So‘ng Polvonnikiga elmoqchi bo‘ldi. Bola baribir rozi bo‘lmadi.
-Menga o‘gay ota kerakmas. U odam qizlarini yaxshi ko‘radi. Onam ham ularni yoqtiradi. U odam meni unchalik xushlamaydi. Sizdan iltimos, meni o‘zingizga o‘g‘il qilib oling, hamma ishingizni qilaman. Faqat yo‘q demang. Sizni ota deyman. Ayolingizni ona deyman. Tushuning, boshqa boradigan joyim qolmadi. Menga rahmingiz kelsin. Boshimni silang, - deya bola yalinadi.
Kamol o‘ylanib qoladi. Bolaga rahmi keladi. Yuragi eziladi.
-Mayli, sen biznikida yuraver, keyinroq bir xulosaga kelamiz, - deydi Kamol viqor bilan.
Temur bu yerda ro‘zg‘or ishlariga qarashib yuraveradi. Kamolni ota, xotinini esa ona deb atadi. Bolalar bilan ham asta-sekin aka-uka bo‘lib ketishdi. Ular juda ahil yashay boshladilar. Ana shunday kunlarning birida Temurning daragini Barno bilan Polvon eshitadi. So‘ng Barno bolasining izidan Kamolnikiga keladi. O‘g‘lini opketmoqchi bo‘ladi.
-Men baribir bormayman, - deydi bola qat’iy turib. – U yerda meni qiynaysizlar. Bu joy menga ma’qul bo‘ldi. Sizlar endi menga halaqit bermanglar.
-O‘v, tirmizak, halitdan tiling chiqib qopdimi? Shoshmay turgin. Qani oldimga tush-chi? – deydi onasi.
-Yo‘q, bormayman deb aytdim-ku! – deya bola hovlidan chiqib ketadi.
Barno bolasining ortidan ergashadi. Bola qochib ketadi. Oxiri noiloj Barno uyiga ketadi. Bo‘lgan voqeani Polvonga so‘zlab beradi. Bundan Polvonning g‘ashi keladi. Negaki, u xotinini Kamoldan rashk qildi. Eski tarixni ko‘z oldiga keltirdi.
-Sen o‘g‘lingni atay Kamolnikiga yashirgansan. Sen ermak uchun shunday qilding. Nega endi u aynan Kamolnikida yuradi. Boshqalarnikidan boshpana topsa bo‘lmaydimi? – deya Polvon Barnoga o‘shqiradi.
-O‘limdan xabarim boru lekin bundan xabarim yo‘q. Ishoning axir. Ne gunohim uchun bu gaplar, - deya Barno yig‘lab yuboradi.
-O‘sha shumqadam menga sening o‘tmishingni eslatadi. U bolani bu yerga opkelama ko‘rma. Uni hovlimizda ko‘rsam, asabim o‘ynaydi. U menga Irismatni, Kamolni eslatadi. O‘g‘lingni mahallada ko‘rsam, seni ham tinch qo‘ymayman. Bilib qo‘ygin, - deya o‘dag‘ayladi Polvon.
Barno yig‘ladi. Ne qilarini bilmasdi. Bolasi esa ularni unutib, Kamolnikida xuddi tug‘ishganlardek bemalol yurardi. Oxiri Barno dardini opasiga aytdi. Opasi Temurni ushlab Qarshidagi bolalar uyiga topshirmoqchi bo‘ldi. Ular Temurga tuzoq qo‘yishdi. Bir-ikki chap beradi-yu, so‘ng baribir Temur qo‘lga tushadi. Xolasi uni uyiga opkeladi. Bolani ustunga bog‘lab qo‘yishadi. Temur yig‘lab, o‘zini qo‘yib yuborishlarini so‘raydi. Hech unga yordam bermaydi. Oxiri sillasi qurib, issiqda ustunga bog‘langanicha uxlab qoladi. Uydagilar uni hushidan ketgan deya arqondan bo‘shatib, uyga opkirishadi. Yuziga suv sepib, o‘ziga keltirib olishadi. Kechga tomon bola yana Kamolnikiga qochib keladi.
-Ota, endi meni hech kimga berib yubormang. Men sizga o‘g‘il bo‘ldim-ku! – deya bola yig‘laydi. – Ular menga azob berishadi. Men hali sizga ko‘p kerak bo‘laman. Menga otalik qilishingiz mumkin-ku, axir! Sizni bir umr unutmayman.
Bola o‘zini Kamolning quchog‘iga otadi. O‘ksib-o‘ksib yig‘laydi. Kamol uni tinchlantiradi. Ikkalasi bir-biriga va’dalar beradi.
Kamol bolani bozorga opchiqib boshdan oyoq kiyintiradi. Uyiga bolani so‘rab keluvchi onasi-yu boshqa xeshlariga Kamol shirin gapirib yana iziga qaytarib yurdi.
Shu bilan Temur yangi oilada ulg‘aya boshladi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.