OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Shodiyor Hazrat Ismat. Uzoqning muhabbati (hikoya)

Ko‘p uzoq va xo‘b zamonlar edi. Qudrat karvon tuyalarining qo‘ng‘iroqlarini jiringlatib, Jom cho‘llaridan o‘tib, uyi – Kosonga keldi. Qo‘yosh hali botmagan. Bola-chaqalari uning oldiga chiqib kutib oldi. Karvon hamma bilan iliq so‘rashdi. Bolalarini bag‘riga bosdi. So‘ng tuyalarni cho‘ktirib, ustidan xurjunlarni oldi.
Yozning issiq kuni. Qudrat karvon ham, tuyalar ham horigan. Karvonning katta o‘g‘li – Uzoq tuyalarga hashak berdi. Suv tutdi. Oila doimgidek supa ustida Qudrat karvonning atrofiga yig‘ildi. Dasturxon yozildi. Kampiri quduqning sovuq suvidan chalob qilib, choliga tutqazdi. Karvon chalobni simirdi. Uning hovuri bosilganday bo‘ldi.
So‘ng Qudrat karvon xurjunini oldiga olib, xotiniga, o‘g‘il-qizlariga Kattaqo‘rg‘on, Samarqanddan keltirilgan sovg‘alarini in’om qildi.
Hamma xursand. Barchasi oila boshlig‘idan minnatdor. Ota bolalarini erkaladi. Olis safarda oylab yurganidan karvon bolalarini, ular esa otasini sog‘ingan edi.
Oradan ko‘p o‘tmay Karvonning qarindosh-urug‘lari ham birin-ketin kelib, hovlini odam bosdi.
Katta qozonga ovqat osildi. So‘ng allamahalgacha safar sarguzashtlari, qishloq yangilaridan hangomalashib o‘tirishardi. Karvonning qarindosh-urug‘lari ahil edi. Hammaning havasi kelardi...
Xullas, Qudrat karvon kampirining xarxashasidan bezor bo‘lib, Uzoqning boshini juftlashga rozi bo‘ldi.
Karvon oylab uyda bo‘lmasdi. Tuyalarini minib, rais jo‘ralarining donlarini Kattaqo‘rg‘onga tashirdi. U juda sertanish va bag‘rikeng odam edi.
Uzoq esa Karvonning katta o‘g‘li. Hali uylanishga erta. Endigina o‘n beshga kirdi. Ovozi do‘rillagan bo‘lsa-da, ro‘zg‘orni eplashi qiyin.
-Balki, Uzoqboyni keyinroq uylantiramiz. Yanayam bir o‘ylab ko‘rarsan, kampir, - deydi Qudrat karvon.
-Yo‘q, otasi boshni qotirib o‘tirmaymiz. Siz dashtma–dasht, cho‘lma-cho‘l yurganingizda, men kecha-yu kunduz tinmay o‘ylaganman, - deya Qumri kampir qat’iy javob beradi.
-Ey, shundaymi? Olaxurjun bo‘yniga og‘irlik qilmasmikan deyman-da, kampir. Buning ustiga beshik, tuvagu sumakning ham tashvishi boshlanib ketsa, keyin nima qilasan. Bular shoshib qoladi. Hali yosh, g‘ur. Senga esa yana bosh og‘riq. Qolgan yumushlar ham yetib ortardi, - deydi Qudrat karvon.
-Siz xavotir qilmang otasi. Ro‘zg‘orga harna yordami tegardi-da, - deydi kampir.
-O‘zing-chi? O‘g‘ling nima deydi bunga, uning xabari bormi o‘zi bu ishlaringdan, - deydi Karvon.
-O‘g‘limiz roziday, otasi, - deydi kampiri.
-Nima? Qanaqa rozilik? Kimga rozilik? Bu jinqarcha xotinsirab qoptidimi hali? Xotin olish o‘yinchoq emas, - deydi Qudrat karvon.
-Bilaman, bilaman. Kelinning qo‘lidan men ham choy ichgim keldi. Yana tag‘in mol-hollarga ham yollashardi. Qo‘limdan ishni olar dedim-da. Menikiyam bir ko‘ngil, otasi, - deydi kampiri sal iyib.
-Ha, gap buyoqda deng kampir, - deya karvon so‘ljayadi. – Balkim, o‘zingga bir yordamchi opkeb berarman. Oyoq-qo‘li chaqqon, beminnat xizmatingni qilib yuradi. Har zamonda o‘zim ham ish buyurib turaman.
-Unaqa topib beradigan yordamchingiz boshingizdan qolsin. Agar opkelsangiz, shu zahoti uni burda-burda qilaman, - deydi kampir arazlab.
-Uvoliga qolasan kampir. Vajohating yomon-ku. Uyam birovning bolasi axir! Rahming kelsin, - deya Karvon jiddiy gapga o‘tadi. – Uzoqqa jabr qilmayapsanmi ishqilib? Keyin unga qizimni beraman deb ko‘zi uchib turganlar bormi o‘zi? 
-Endi u yog‘ini o‘zingiz hal qilasiz. Ko‘cha to‘la qiz. Ota-onasiga qarab sekin tushuntirasiz. Ikkimiz ham qariyapmiz. Tuzukroq joydan izlash kerak. Qarindosh-urug‘lardan bo‘lsa, yanayam yaxshiroq bo‘lardi. Harna o‘zimizniki, - deydi kampiri.
-Bo‘pti, kampir. O‘ylab ko‘raman, - deydi Karvon.
Kampiri o‘choq boshiga ketdi. Fonusning yorug‘ida idish-tovoqlarni yuvdi. 
Qudrat karvon supada yolg‘iz o‘tiribdi. Yostiqqa yonboshladi. Piyoladagi choyni bir himo bilan sipqordi. Chalqancha yotdi. Qo‘llarini boshi uzra aylantirib, bo‘yniga qo‘ydi. Va shu yotganicha osmonga tikildi.
Osmon. Oy ko‘rinmasdi. Yulduzlar porlagan. Somon yo‘li g‘uborli bo‘lib turibdi. Mana cho‘mich, yetti og‘ayni... Qo‘l uzatsa yetgudek. Ular ne-ne siru sinoatdan voqif. Va qancha-qancha taqdirlarga guvoh. Bezabon va beziyon.
Karvon shu kuyi ota-onasini esladi. Ular ham bir paytlari o‘zlarining va bolalarining kamolini o‘ylagan. Ezgu niyatlar qilgan.
Mana bugun ularning zurriyodi – Qudrat karvon ham bedor xayol surmoqda.
Vaqti kelib uning bolalari ham mana shunday vaziyatni boshidan o‘tkazadi. Ular ham o‘z avlodi uchun qayg‘uradi.
Ana shu tarzda vasiylik davom etaverarkan.
O‘z umrining yarmidan ziyodini yo‘lda o‘tkazgan Qudrat karvon hayotda do‘stu dushmanning farqiga boradigan bo‘ldi. Ko‘p chig‘iriqlardan o‘tdi. Boshidan ne-ne savdolar o‘tdiki, bariga chidadi. Sabr qildi. 
Endi u Uzoqning tashvishi bilan yashaydi. Chol qarigan bo‘lsa-da, o‘g‘li hali yosh. Bu yoqda kampiri qistalang qiladi...
Dunyoning ishlari shu ekan-da, deya karvon ertalabki nonushtadan so‘ng hammasiga javob berib yubordi-da, o‘g‘lini yonida olib qoldi.
Qudrat karvon gapni uzoqdan boshladi:
-Uzoq bolam, mening yurishimni bilasan. Enang qiynalyapman, deydi. Boshingni ikkita qilsak. Harna, ro‘zg‘orgayam nafi tegarmidi? 
-Yo‘q ota, men hali yoshman. Keyin...- deya o‘g‘li tutilib qoladi.
-Bilaman bolam, hech kim hali menga xotin olib berasan, deb jar solmaydi. Uyat sanaladi bu ish. Ismi-rasmi shunaqa. Ota-ona aytadi. Bolasi uyaladi. Keyin qolgani o‘z-o‘zidan iziga tushib ketadi. Ovora bo‘lib o‘tirmagin, bolam, - deydi Karvon.
-Bilmasam, ota, qanday bo‘larkan? – deya o‘g‘il uyalinqiraydi.
-Ana endi o‘zinga kelyapsan bolam. Seni uylantiramiz, qolgani bir gap bo‘lar. Ko‘zingning ostiga olganing bormi? Yoki enangni o‘zi hal qilsinmi? – deya Karvon qistaydi.
-Yo‘q, o‘zlaringiz hal qilaveringizlar, - deydi bolasi.
-Ha, ish degan mana shunday bo‘ladi. Qari otangning gapiga kirsang, anovi, Jumagul ammangning qizini olasan. Begona emas. O‘zimizniki. Shunga nima deysan? – so‘roqqa tutadi Karvon.
-Siz nimani xohlasangiz shu bo‘ladi, ota, - deydi o‘g‘il.
-Bo‘ldi, o‘g‘lim masala hal. Endi o‘rningdan turib ishlaringni bajar. Erta-indin enang o‘zi sovchilikka borib keladi. Qishga qolmasdan senga xotin olib beramiz. Mazza qilasan. Yana tag‘in u yoq-bu yoqqa maqtanib yurmagin, - deya Karvon kuladi.
Qudrat karvon ayni ishidan o‘zi judayam huzur qildi. Kampirini yoniga chorlab, vaziyatni tushuntirdi. Shunchalik mahtal ekan chog‘i, Qumri kampir peshindan so‘ng dasturxonni qo‘ltiqlab, ammanikiga sovchilikka jo‘nadi.
Ikki kampir kechga qishloqdagi borki gapu gashtakni bir-biriga aytdi. Qumri kampir iymanardi. Oxiri, ketar chog‘i sovchi yorildi:
-Ammasi men aslida siznikiga qulchilikka keluvdim.
-A, Nima qanday qulchilik? Kimga? – deya amma angrayadi.
-Bo‘stonni Uzoqvoyimga so‘rab keluvdim. Ikkovi baxtli bo‘lsa, - deya gap boshlovdi hamki, amma gapni shartta bo‘ldi:
-Yo‘q, munaqasi ketmaydi, Uzog‘ingizning yoshi kichkina, u hali burnini tozalab olsin, undan keyin men qarindosh bilan quda bo‘lmayman. Qizimning ham did nozik, aylanay. Siz sovchilikka emas, mening ustimdan kulgani kelganga o‘xshaysiz-a, kelinjon. Xafa bo‘lsangiz ham qizimni Uzoqqa bermayman.
Qumri kampir gapirmasdi. Shartta o‘rnidan turdi-da, dasturxonidagi nonlarni xontaxtaga qo‘yib, xayr-ma’zurni ham nasya qilganicha uyiga qarab yo‘l oldi.
Supa ustida hamma jamuljam. Kampir ham kelib o‘tirdi. Hamma uning og‘ziga poylaydi. Biroq kampirning avzoyi buzuq. Qizlari dasturxon yozib, ovqat suzdi. Hamma jim. Sukunatni Qumri kampirning o‘zi buzdi:
-Otasi, ammamizning oldida obro‘yimiz yo‘q ekan. Bekorga boribman u yerga. Ustimizdan kuldi. Juda izza bo‘ldim. Borganlarimga pushaymon bo‘ldim.
-Tushuntiribroq gapirsang-chi, kampir. Nima bo‘ldi o‘zi? – deydi Karvon.
-Nima bo‘lardi, Uzoqqa beradigan qizim yo‘q, dedi ammasi. Qizining didi nozik ekan. Odam bilan gaplashgisi ham kelmaydi. Masxara qiladimi-e? – deydi kampiri.
-Mayli, Jumagulning qizi bo‘lmasa, boshqasining qizi bordir. Bularga qirg‘in kelmagan-ku! – dedi Karvon bepisandgina.
-Siz shunday deysizu lekin eshitgan quloqqa yaxshi emas. Obro‘yimiz nima bo‘ladi? – deydi kampir.
-Qo‘y, kampir, uyam bir narsalarni o‘ylagan chiqar, - deydi Karvon.
Oraga og‘ir jimlik tushdi. Hamma mulzam bo‘ldi. Uzoq qo‘lidagi nonni dasturxonga qo‘ydi. Ovqatini ham sal yeganday bo‘ldi-yu yana qoshiqni qaytib kosaga tashladi. Xo‘rligi keldi. Tomog‘i bo‘g‘ildi. O‘zini qaerga qo‘yarini bilmasdi...
Hafta o‘tib yana Qudrat karvon Kosondan tuyalarini minib Kattaqo‘rg‘on tomon yo‘l oldi. Karvon yo‘l-yo‘lakay Ayritom va Jomdagi jo‘ralarini ko‘rish uchun ham burildi. U yerlarda eski oshnolari bilan gurung qildi. Yana manzil sari yo‘l oldi.
Manzilga yetish oldidan Saroyqo‘rg‘onda uni Mardi Sulton degan rais og‘aynisi to‘xtatdi. Uyiga taklif qildi. Qarasaki, o‘g‘li – Uzoq ham shu yerda. Ota-bola ko‘rishdi. Mezbon kuladi. Karvon esa hayron. Uzoq uyaladi.
-Hozirgi yoshlar maqsadiga yetmasa qo‘ymas ekan. Baxtini bersin. Kelin muborak bo‘lsin, karvon. Ikkalasi qo‘sha qarisin, - deydi Mardi Sulton.
-Qulluq, qulluq rais buva, - deya Karvon alanglab o‘g‘lini qidiradi.
-Hozir chaqiramiz, - deya Mardi Sulton tashqariga ovoz beradi: - Uzoqvoy, hov Uzoqvoy bu yoqqa bir keling.
Uyga iymanib, uyalibgina Uzoq kirib keladi.
-Nima gap o‘g‘lim. Sizni bu tomonlarga qaysi shamollar uchirdi. Kelin degan gaplar paydo bo‘pti. O‘zingiz tushuntiribroq aytib bersangiz, - deya Karvon kesatadi.
-Ota bu ishni sizning obro‘yingiz uchun qildim. Enamga ham shuni aytdim. Ruxsat so‘radim. Qisqasi, ammamning qizi opqochdim. Qiziga qo‘shib besh yuzta terisini ham opkeldim. Harna, kelinga sep bo‘ladi. Bo‘stonni emas, Gulistonni otga mindirib opkeldim. O‘zi ham rozi bo‘ldi. Rais buvanikiga tushdik. Sizni kep qolar deb kutib turuvdim. Bor gap shu, ota, - deydi o‘g‘li.
-U yoqda to‘palon bo‘p yotgandir-da bolam, birovning bolasini ota-onasidan beso‘roq sayr qildirish yaxshi bo‘lmas, - deydi Karvon.
-Ota, Guliston menga tegishga rozi edi. Uydagilari ham buni biladi. Qolaversa, bu ishlarni or ustiga qildim, ota, -deydi o‘g‘il.
Qudrat karvon Mardi Sultonga ham qarab qo‘yadi. Rais jo‘rasi kuladi. Va aytadiki:
-Karvon aslida biz sizning yo‘lingizga qarab o‘tiruvdik. Uzoqvoy bilan kechadan beri ko‘p gaplashdik. Tanlagan yo‘li yomon emas. Siz rozi bo‘lsangiz mulla opkelsagu ismi rasmini qilsak. Yana o‘n-yigirma odamni chaqiramiz.
-Bo‘ldi, men bozordan bir qo‘yni opkelay. Siz mullaga odam yuboring, - deya Karvon o‘rnidan turmoqqa shaylanadi.
-Yo‘q , karvon siz o‘tiring. Qo‘y qahat emas, ana qo‘rada turibdi. Bittasini so‘yamiz. Hozir mulla Burhonga odam jo‘natamiz, - deydi Mardi Sulton.
-Rais bu hammasi yaxshi-ku, lekin mulla Burhon qistaloqdan boshqasi yo‘qmi? Anovi bor edi-ku... mulla Razzoq, mulla Saydulla deganlari. Shularni chaqiraylik, - deydi Karvon.
-Mulla Burhon o‘rischa qo‘shib o‘qiydi, deysizda, Karvon. Mayli, boshqasini chaqirtiramiz, ixtiyoringiz, - deydi rais jo‘rasi.
Mardi Sulton hamma ishlarni o‘zi bosh bo‘lib tashkillashtirdi. Mulla Saydulla yoshlarning nikohini o‘qidi. So‘ng qo‘y suyilib, ellik-oltmish kishiga osh berildi. Va bu haqda Kosonga ham maxsus chopar orqali xabar ham berildi.
Uzoq kelin bilan Mardi Sultonnikida yashab yurdi. Karvon safari qarib, Kosonga ketish oldidan barcha do‘stu birodarlarini uyida bo‘lajak tuyga taklif qildi-da, o‘g‘li bilan kelinini ham o‘zi bilan birga olib uyiga jo‘nadi.
Koson kelib, hovlini epaqaga keltirishdi. Hamma voqea bayon qilindi. Qarindoshlari, el-yurtni chorlab ularga ziyofat berdi. To‘yga faqatgina Jumagul ammaning o‘zi, eri va bolalari kelmadi...
Tamosho tugab, hamma narsa iz-iziga tushay deb turgan chog‘ida Karvonning darvozasi taqillaydi. Eshikni Karvonning o‘zi ochadi. Qarsaki, Jumagul amma yerga qarab turibdi.
-Keling amma, ichkariga marhamat, - deydi Karvon.
-Shu..desangiz, ukajon... pochchangiz meni bir omonatga yuborgandi... shunga keluvdim, - deya amma kalovlanadi.
-Ichkariga kiring amma, ko‘chada turmang. Qanday omonat... Nima ekan u? – deydi Karvon.
Jumagul amma yana battar dovdiraydi. Uyatdanmi yoki hadikdanmi, ishqilib yuzlari qip-qizil bo‘p ketgandi. U Karvonning uyga kiring deyishiga ko‘nmaydi. Tashqarida turadi. O‘ziyam, Karvon ham buning ustiga uydagilar ham noqulay ahvolda qolishdi. Oxiri Karvonning toqati tugab, o‘zi gap boshlaydi:
-Amma, endi bularni tinch qo‘ying. Qizingiz siz uchun omonat bo‘lsa, o‘g‘il men uchun aziz. Bularni tinch qo‘ying. Ikkoviyam sizning bolangiz. Hali asta-sekin munosobatlarimiz ham joyiga tushib ketadi. Ko‘pam qayg‘uravermang. Aslini olganda, sizu biz ham omonatmiz-ku!
-Aylanay uka, men boshqa narsa uchun keluvdim. Pochchangiz har kuni quloq miyamni yeydi. Anovi teri bor-ku. Besh yuzta teri. Ana shuni qaytarib bersangiz, ukajon, - deydi amma.
-Ey, po‘stak demaysizmi, amma. Men nima deb o‘ylabman. Hozir opketasiz, Arava ham beraman, - deydi Karvon.
-Mayli, ukajon, pochchangiz ham xursand bo‘lardi, Baraka toping, rahmat, - deya amma sarosimalanadi.
Qudrat karvon besh yuzta terini aravaga joylab qudasinikiga eltib beradi.
Shundan keyin qaytib ular bir-birovlarini yo‘qlamaydilar. Uzoq ham ota kasbini qiladi. U Gulistondan keyin ham o‘n birta xotin oladiki, bu butunlay boshqa tarix.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.