OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Shodmon Otabek. Agar oshiqligim aytsam (hikoya)

Shavkat qizni ilk bor talabalikning birinchi kuni, uzun yo‘lakda auditoriyaning ochilishini kutib turishgan payt ko‘rdi. Shunda nogoh yuragi bir qalqib ketdi.Shoirlar yozganidek, “Shundan buyon tinchi yo‘qoldi”. Chiroyli qizlarni ko‘p ko‘rgan, ammo bu qiz qandaydir bo‘lakcha edi. Uni ko‘zni qamashtirar darajada go‘zal deb bo‘lmasdi. Ammo ikkinchi bor qarashga majbur qiladigan nimasidir bor edi. Bug‘doyrang yuzining bichimi, musavvir qilqalami bilan chizilgandek ko‘rkam qoshu ko‘zlari, bilinar-bilinmas kulgichlari nihoyatda o‘ziga yarashgan edi. Boqishlari muloyim, xuddi kulimsirab turganga o‘xshaydi. Yoqimli siymosidan joziba balqib turardi.
O‘sha kuni birinchi dars qulog‘iga kirmadi. Shivir-shivirlardan qizning ismi Nafisa ekanligini bildi. Nigohi o‘z-o‘zidan, beixtiyor o‘sha qiz o‘tirgan tomonga og‘ib ketaverdi. Ko‘z qiri bilan, o‘g‘rincha kuzatardi. 
Shavkat tabiatan tortinchoq, uyatchan va jur’atsiz edi. 
Ayniqsa qizlar bilan muomala-muloqotda qiynalib ketardi. Gaplashishga to‘g‘ri kelib qolsa, o‘zini yo‘qotib talmovsirab qo‘yardi. Bu fe’lidan ko‘p pand yegan, ko‘p iztirob chekkan.
Bir kuni domla o‘rtaga savol tashladi. Hech kim javob berolmadi. Shavkat javobni bilsa ham odaticha indamay o‘tiraverdi. Domla tajanglanib savolni takrorladi. Yana hech kimdan sado chiqmadi. Shunda Shavkat ichi qizib, beixtiyor qo‘lini ko‘tardi-yu darhol, qo‘rqa-pisa pastga tushirdi. Domlaning nazari tushib ulgurgan ekan, unga ishora qildi. Shavkat ichidan zil ketib, o‘rnidan turdi. Beixtiyor Nasiba o‘tirgan tomonga ko‘z tashladi, xayajonlandi, peshonasidan sovuq ter chiqdi.Nazarida, qiz unga qiziqsinib qarayotgandek, ayni chog‘da nim tabassum bilan dalda berayotgandek tuyuldi.
– Yaxshi, barakallo, o‘tiring!– dedi domla, u bir amallab javobni tugatgach. – Bilar ekansiz, faqat...dadilroq gapiravering!
Shavkat kutilmagan maqtovdan suyunib ketdi. Nazarida, o‘sha kundan e’tiboran kursdoshlarining oldida obro‘-nufuzi bir bahya ko‘tarilgandek tuyuldi. Undan maslahat, yordam so‘rovchilar ham ko‘payib qoldi. Faqat hali-hanuz Nasiba bilan yaqinlasholmaydi. Bunga intilish uchun unda jur’at yo‘q. Gaplashish uchun til-zabon yo‘q. Duch kelib qolishganda shunchaki kursdosh sifatida salom-alikdan nariga o‘tolmaydi. Munosabatlarida qachondir bir o‘zgarish bo‘lishini tasavvur qilolmaydi, bu haqda negadir o‘ylamaydi. Qizni faqat dars paytida ko‘ra oladi. Dars bo‘lmaydigan yakshanba kuni zerikib qoladi. Darslarni orziqib kutadi. Hamma joy-joyini egallab, domla ma’ruzasini boshlashi hamon nigohining bir cheti bilan qizni kuzata boshlaydi. Uning har bir hatti-harakati, yozayotganda boshini xiyol engashtirishidan tortib kiprik qoqishigacha nazaridan chetda qolmaydi. Qiz tanaffusda ham deyarli tashqariga chiqmas, dugonalari – Muazzam va Nazokat bilan orqa qatorda qaymoqlashib o‘tiraverar edi.Birov bilan mundoq ovozini ko‘tarib gaplashgani yoki xo-xolab kulganini hali eshitmagan Shavkat hayron qolardi:
“Tavba, shaharlik qiz ham shunaqa bo‘ladimi?”
Sentyabrning oxirlarida paxta terimiga chiqishdi.Qishloqda paxtaning ichida o‘sib ulg‘ayganlar bilan shaharliklar o‘rtasidagi farq shunday pallada yaqqol sezilib qoldi. Shavkat kabi tetapoya yoshidan paxta terib o‘rganlar uchun bu yumushning og‘irligi bilinmas edi. Nasiba va uning dugonalari shaharlik edi, boyoqishlar bir haftaga bormay rang-ro‘yi siniqib, so‘lg‘inqirab qolishdi. Buning ustiga paxtani kam tergani uchun domlalardan dakki eshitishardi. Shavkat ularga yordam bergisi kelar, ammo bunga jur’at qilolmas edi.Bir kuni dalada tasodifan dugonalar bilan yonma-yon bo‘lib qoldi. Tushlikda hamma tergan paxtasini etagiga tugib, xirmonga jo‘nayotganda ikkilana-ikkilana ularga yaqinlashdi va... Muazzamga qarab dedi:
– Paxtalaringni ko‘tarishib qo‘ysam...
– Meniki yengil, ana, Nasibaga yordamlasha qoling!
Shavkat aslida Nasibaga yordamlashmoqchi edi, faqat bunga botinolmayotgandi. Mushkulini oson qilgan Muazzamga minnatdor nazar bilan qarab qo‘ydi.
“Demak ...bilarkan-da.Qizlar balo, yerning tagida ilon qimirlasa biladi...”
Nasiba paxtasini tugib, tayyor qilib qo‘ygan ekan, Shavkat unga bir qur shoshib ko‘z tashladi-yu engashib tugunni yelkasiga oldi. Nasiba beixtiyor unga ergashdi. Xirmon ancha uzoqda edi. Shavkat go‘yo orqasida ham ko‘zi bordek, qizning siymosini butun borlig‘i bilan his etib, yengil qadamlari sarxush kuy ohangidek eshitilib, ko‘nglida g‘ujg‘on o‘ynayotgan hissiyotlardan entikib borar, xirmonning yana-da uzoqroq bo‘lishini, shu lahzaning sira ado bo‘lmasligini istar edi. Afsuski, xirmonga tezda yetib kelgandek bo‘ldi. Yukni yelkasidan avaylab tushirdi, shunda qizning “Rahmat” degan yoqimli ovozi butun vujudini olov taftidek ilitib o‘tdi. “Arzimaydi” deya shoshib, jovdirab ortiga burildi. Katta bir dovondan o‘tgandek hovliqar, munosabatlari endi boshqacha bir o‘zanga tushadigandek tuyular edi.
Shavkat sirini kursdoshlaridan faqat Asrorga aytgan, shu yigitni ko‘ngliga yaqin olib do‘stlashgan edi. Asror do‘stining o‘rtanib yurganini ko‘rib o‘ylanib qoldi. Keyin, qo‘lini asta pastga siltab, Nasiba tomonga bir qarab qo‘ydi.
– Menimcha, sen kech qolding, endi...foydasi yo‘q.
– Tushunmadim, nima demoqchisan o‘zi?
– U...Nig‘mat bilan yuradi. Nima, bilmasmiding?
– Yo‘g‘-e? Q-qaysi Nig‘mat? – Shavkat kalovlandi.
– Bizda o‘zi bitta Nig‘mat bor shekilli.
– Haligi... o‘qishga mashinasida keladigan oliftami?
– Ha o‘sha! – dedi Asror. – Eshitishimcha, paxtadan qiytishgach to‘ylari bo‘larmish. Ular sinfdosh, bitta maktabda o‘qishgan ekan. Yigitni yengiltakroq deyishadi, qamalib ham chiqqanmish. O‘rtalarida nima bor, nima bo‘lgan – Xudo biladi. Afsus, Nasiba uvol bo‘ladigan bo‘ldi. Uzumning yaxshisini it yeydi-da.
Shavkat ko‘ngli g‘ashlanib, Nig‘matni ko‘z oldiga keltirdi. Baland bo‘yli, qaddu qomati kelishgan, sochlari jingalak yigit. U bilan kirish imtihonida yonma-yon o‘tirishgandi. O‘shanda Nig‘mat “Iltimos, og‘ayni, sizdan ko‘chirib olay, keyin...xursand qilaman ” deb yalingan, Shavkat “Menga hech narsangiz kerak emas, mana, ko‘chiravering” deya tantilik qilgan edi. Keyinchalik eshagi loydan o‘tgach,u ters o‘girilib ketdi.
– To‘y haqidagi gap...rostmi? – deb so‘radi Shavkat ovozi qaltirab.
– Rost bo‘lsa kerak, paxtaga ham to‘yni bahona qilib kelmabdi-ku.
Shavkat tomog‘iga nimadir tiqilib qolgandek nafasi qisildi, ko‘z oldi qorong‘ilashdi. Nasibani esladi, o‘zini tubsiz jarga qulagandek chorasiz, ojiz his etdi. Yuragi qattiq siqildi. 
– Sen ko‘p kuyinaverma, – Asror dalda bergan bo‘ldi. – Har kimning peshonasiga yozgani bo‘ladi. Xotinning urug‘i Hirotdan kelmagan. Atrofingga tuzukroq qara, kursimizning o‘zidayam yaxshi qizlar ko‘p. Seni o‘zlaricha yoqtirib, bir og‘iz so‘zingga intiq bo‘lib yurganlari ham bor. Ammo sen ulardan xurkib, yaqiniga bormaysan. Men qizlarning o‘zaro g‘iybatidan eshitib qoluvdim, Mahsuma ham, Husniya ham seni yoqtirisharkan.
Shavkat do‘stining sodda, jaydari mulohazasidan hayron bo‘ldi..
“O tentak! Nahotki dunyoda ko‘ngil degan narsa borligini bilmasang?!”    
Oradan kunlar o‘tdi. Shavkat ko‘ngliga qil sig‘may gangib yurdi. Ko‘zlari beixtiyor terimchilar orasidan Nasibani qidirib qolar, uni uzoqroqdan ko‘rsa ham entikar, yuragi tuz sepgandek achishar edi. Asrordan eshitgan noxush xabar boshiga to‘qmoq bilan urilgandek ta’sir etgan bo‘lsa-da, ko‘ngil tubiga yanada chuqurroq yashirishga uringan pinhoniy hissiyotini zarracha pasaytirolmadi. Qaytangga, uni yangitdan lovullatdi. Faqat endi qizni tushkun, ezgin bir kayfiyat bilan qo‘msar edi.
Shavkat yurak yutib Nasibaning paxtasini xirmonga eltish uchun oldiga borgan edi, (go‘yo muloqotning boshqa yo‘li yo‘qdek!..) qiz “Qo‘yavering, o‘zi yengil” deya ray qilmadi. Yigit ichidan qirindi o‘tib, mulzam bo‘ldi. Atrofga alanglab qaradi,
“Xayriyat, hech kim ko‘rmadi, hech kim sezmadi...” 
Shavkat tarvuzi qo‘ltig‘idan tushib, shalvirab, paxtazor chetidagi g‘ovlab ketgan yovvoyi o‘tlar ichiga o‘zini urdi. Yarim etak tergan paxtasini boshiga yostiq qilgancha chuqur egat ichiga yonboshlab, o‘z yog‘iga o‘zi qovrilib yotaverdi, tushlikka ham chiqmadi, oqshomgacha hech kimning ko‘ziga ko‘rinmadi.
“Suymaganga suykalma!.. Endi yaqiniga yo‘lamayman.Demak, Asrorning gapi to‘g‘ri. Qizlar boyvachcha, kelishgan yigitlarni yoqtiradi. Men oddiy, kambag‘al bir qishloqiman, ko‘rinishim ham...o‘rtacha, og‘ir mehnatning orqasidan bo‘yim ham o‘smay qolgan. Nasibaga o‘xshagan qizlar mendaqalarni boshiga ursinmi? Teng tengi bilan...”
Shavkat alam ustida goho shunday mulohazalarga borsa-da, bundan dardu armoni yengillashmas, chunki endi inon-ixtiyori o‘zida emas edi. Uzzu kun egatning ichida, ko‘zlardan panada, tergan bir tutam paxtasining ustida cho‘nqayib o‘tirgancha xayol surar, Nasibani o‘ylab ezilar, kuchli sog‘inchga, beqiyos tashnalikka o‘xshash adoqsiz bir ichikish mudom ko‘ksini achishtirar, shundoq qo‘l uzatsa yetgudek joyda turgan qizga erisholmasligi dunyoning eng katta adolatsizligiday tuyular edi.
Shavkat odaticha egatning bir chetida yana Nasibani o‘ylab-qo‘msab, ko‘ngli ozurda bo‘lib, xomush-diltang o‘tirgan edi, kurs oqsoqoli Toshpo‘lat yoniga kelib qoldi.
– Ha go‘dak! Nima bo‘ldi? 
Harbiy xizmatdan keyin o‘qishga kirgan, maktabdan to‘g‘ri uchirma bo‘lganlardan ikki – uchta ko‘ylakni ortiqcha yirtgan “qariya”lar o‘zidan yoshroqlarni “go‘daklar” deb atar, bu iboraga hamma ko‘nikib ketgani uchun hech kimga og‘ir botmas edi.
– Shu...o‘zim... – dedi Shavkat xuddi siri fosh bo‘lib qoladigandek xavotirlanib.
– Menga qara-chi! – dedi Toshpo‘lat ko‘zlariga tikilib. – Mabodo ...birontasini yaxshi ko‘rib qolmadingmi?
– E-e qo‘ysangiz-chi! – Shavkat qimtinib, yerga qaradi.
– Yo‘q-yo‘q, sen uyalma! Yaxshi ko‘rishning uyat joyi yo‘q. Ko‘zlaring aytib turibdi, sen oshiqsan. Xuddi Qodiriy “O‘tkan kunlar”da “Bek oshiq” deb yozganidek...
“Nahotki “oshiq”ligim bilinib qolgan bo‘lsa?Unda...yaxshi emas. Yoki Asror aytib qo‘ydimikin? Yo‘q, uning og‘zi mahkam, ishonaman unga”
Shavkat bir zum ikkilandi, oqsoqolga butun dardini aytvoray dedi. Ko‘nglida izhori dilga kuchli ehtiyoj bor edi. Toshpo‘latning hazilkashligini eslab, yana shashtidan tushdi.
“Xudo ko‘rsatmasin, hazil aralash birovga og‘zidan gullab qo‘ysa, bu sharmandalikni qandoq ko‘taraman? Ozgina umid-ilinj bo‘lganda ham boshqa gap edi.”
– Sen dadilroq bo‘laver! – dedi Toshpo‘lat davom etib. – Qizlar lapashanglarni yoqtirmaydi. Mana, qariyalardan o‘rnak ol! Ostonaqul Marziya bilan, Bo‘riboy Oynisa bilan allaqachon juftlashib oldi.Xudo xohlasa yaqinda gumburlatib to‘y qilamiz. Uzoqdagi bug‘doydan yaqindagi somon yaxshi. Keyinchalik, sog‘inishib, qiynalib yurmaymiz. Bordi-keldilar ham o‘ng‘ay bo‘ladi. Sen ham temirni qizig‘ida bos!
Shavkat qo‘lidagi ko‘k ko‘rakni tirnoqlari bilan ezg‘ilagancha, o‘zi ham ezilib xayolga botgan edi. Toshpo‘lat undan gap chiqmasligiga ko‘zi yetgach, yelkasiga sekin urib qo‘yib, keyingi paykalga o‘tib ketdi.
Quyosh ufqda Samarqand noniday qip-qizarib bota boshladi. Talabalar xirmon chetida mashina kutishmoqda. Ular yashaydigan barak bu yerdan ancha olis. Har kuni chang yo‘lda yuk mashinasida borib kelishadi. Manzilga yetguncha boyoqishlar changga belanib, qoshu kipriklari xuddi tsirkdagi masxarabozlarnikiga o‘xshab oqarishib qoladi.
Shavkat har gal barakka yetishganda mashinadan tushib, yo‘lning bir chetida to‘xtar, Nasiba to ko‘zdan g‘oyib bo‘lguncha ortidan mung‘ayib kuzatib qolar edi. Bu gal ham shunday qildi.Shunda...shunda u mutlaqo kutmagan, ammo bir umr xotirasida muhrlanib qolgan bir mo‘‘jiza – holat sodir bo‘ldi. Nasiba mashinadan tushgach, bir-ikki qadam yurdi-yu sekin ortiga qayrilib qaradi, nigohi o‘ziga intiq-intizor bo‘lib, javdirab turgan Shavkatning ko‘zlari bilan to‘qnashdi. Shunda u bir jilmayib qo‘ydi-yu yana yo‘lida davom etdi. Shugina xolos! Ammo bundan Shavkatning yuragi bir xapriqib ketdi! Bu iltifotdan boshi osmonga yetdi! O‘zini qo‘yarga joy topolmay hovliqdi. Bezovta pitirlayotgan yuragi ko‘ksiga sig‘may duk-duk urardi.Endi nimadir qilishi lozimdek tuyuldi. Yotoqxonaga joniqib keldi.
Qo‘shni barakka ko‘chma kino kelgan ekan, hamma o‘sha yoqqa ketibdi. Shavkat kinoga bormadi. Undan-da muhimroq bir ishga qo‘l urgisi keldi.Ko‘ksida bir nima qaynab toshmoqda edi. Zaifgina tarillab, kichkina chiroqchani arang yoritib turgan “dvijok” yorug‘ida yon daftarini qo‘lga oldi. Yozmoqchi bo‘lgan (hali uning nima ekanini o‘zi ham bilmasdi) narsasiga Boborahim Mashrabning “Agar oshiqligim aytsam, Kuyib jonu jahon o‘rtar” degan mashhur misrasini xatboshi qilib olgach, asta yoza boshladi:
            
Shoirmasman bilsang, Nasiba
Ammo bo‘lding o‘zing ilhomchi.
Muhabbatim bir ummon bo‘lsa,
Yozganlarim undan bir tomchi.

Keyingi satrlar ham o‘z-o‘zidan quyilib kela qoldi.Ko‘p o‘tmay daftarning yarmini to‘ldirib qo‘ydi.Bundan o‘zi ham hayratlandi.Chunki ilgari mutlaqo she’r yozmagandi.
 “Shoirlar ilhomni qaerdan olishini endi bildim! Hammasi... o‘zini yozarkan-da!..”
Shavkat keyingi kunlarda ham yozishda davom etdi. Daftar ishq izhori bilan to‘lib-toshdi. Endi ermagi-dardkashi o‘sha daftar bo‘lib qoldi.Ko‘ngil kechinmalarini qog‘ozga tushirgan sayin yengil torta boshladi. Avvalroq shunday qilmaganiga afsuslandi. Yolg‘iz qolganda ishqiy she’rini qayta-qayta o‘qir, o‘qigan sayin o‘ziga ko‘proq yoqa boshlar, endi uni yaqin bir sirdoshiga ko‘rsatgisi, keyinroq Nasibaning o‘ziga yetkazgisi kelar edi. Nazarida, shunday qilsa qandaydir bir mo‘‘jiza ro‘y beradigandek, Nasiba uni tushunadigandek, agar tushunsa, shunday sevgini javobsiz qoldirishi mumkin emasdek tuyular edi.
Shavkat ikkilana-ikkilana daftarni Asrorga ko‘rsatdi.
– Faqat, agar ma’qul bo‘lmasa ustimdan kulmaysan! – deya shart qo‘ydi.
Asror bu gapga parvo qilmay, daftarni diqqat bilan o‘qiy boshladi. Goh qoshlarini chimirib, jiddiy tortar, goh miyig‘ida sekin kulib qo‘yar edi. To o‘qib bo‘lguncha Shavkatning ichini it tirnab, betoqat bo‘ldi.
– E qoyil! Zo‘rsan-ku! – dedi Asror daftarni uzata turib.
– Sen...jiddiyroq gapir, – dedi Shavkat andak asabiylashib.
– Axir...yaxshi deyapman-ku, yana nima deyishim kerak!– dedi Asror hayron bo‘lib.
– Bor fikring shumi o‘zi?
– Masalan, menga ma’qul bo‘ldi. – Asror do‘stini xotirjam qilishga urindi. Men o‘lsam ham bunaqa narsa yozolmasdim. Sen...ko‘nglingni yaxshi ochibsan. Shunisi muhim!
Shavkatga do‘stining so‘nggi maqtovi yoqib tushdi. Yayrab ketdi.
 “To‘g‘ri aytadi. Asosiy maqsadim ham shu – ko‘nglimni ochish edi”
– Xo‘sh, endi buni nima qilmoqchisan?
– Sen...nima maslahat berasan? Mabodo ...o‘ziga bersam...noqulay bo‘lmasmikin? Harholda u...
– To‘g‘ri, sening holating ancha murakkab.Bermasang, buyam bir armon bo‘lib qolishi mumkin.
– Unda...
– Menimcha, beraversang bo‘ladi. Muhabbat izhor qilish hech qachon gunoh sanalmagan.
– Qanday beraman?
– Men berib qo‘yishim mumkin.
– Mana, olaqol, – Shavkat daftarni avaylab uzatdi, – faqat ...o‘ziga bergin, birov bilmasin. Yana kulgiga qolib yurmay. Meni...bilasan-a?!
– Bilaman, bilaman, xotirjam bo‘l.
Oradan bir kun o‘tdi, xolos.Ikkinchi kuni dalada Nig‘matning oq “Volga”si paydo bo‘ldi. U to‘g‘ri uch dugona paxta terayotgan dalaga bordi. Nasiba bilan oshkora o‘pishib ko‘rishdi. Keyin ularga atalgan sovg‘a-salomlarni topshirdi. Domlalarga ham ichiga turli noz-ne’matlar, turfa ichimliklar solingan alohida xalta-paket qoldirdi. Paxtadan qaytishgach, Nasiba bilan to‘ylari bo‘larkan. Shunga ellikta taklifnoma berib ketdi. Bu xabar bir zumda tarqaldi.
Shavkat Asrorni bir chetga chaqirib so‘radi:
– Haligi... daftarni bermabmiding?
– Berib qo‘yuvdim, nimaydi?
– Shuni... chakki qilibmiz.
– Nega? Axir o‘zing...
– Bunaqa bo‘lishini tush ko‘ribmanmi? To‘yi bo‘layotgan qizga...
– Axir... sen aybdor emassan, tushungin, buni...hayot deydilar!
– E, baribir ...yaxshi ish bo‘lmadi.
Keyingi, kutilmagan voqea Shavkatning pinhoniy, mahzun, istiqbolsiz sevgisiga uzil-kesil, shafqatsiz nuqta qo‘ydi.
Oqshom payti barakka qaytish uchun odatdagidek mashina kutib, zerikib turishganda Ayniddin degan qo‘rsroq yigit (darslarda almoyi-aljoyi savollari bilan domlalarni ko‘p xunob qilardi) nogoh o‘rtaga chiqdi, qiziq tomosha ko‘rsatmoqchidek qo‘lini ko‘tarib, Shavkatga qarab qoldi.
– O‘rtoqlar! Oramizda tuppa-tuzuk shoir bor ekanu, bilmay yurgan ekanmiz.
Shavkat xuddi balandlikdan qulagandek yuragi shuv etib ketdi. Nafasi bo‘g‘ziga tiqildi. Ko‘z oldini xira bir tuman qopladi. Ko‘pchilik unga qiziqsinib, ayrimlar oshkora, kinoyaviy kulimsirab qarab turar edi.
– Qani shoir, o‘zlaridan bir eshitaylik endi! – dedi Ayniddin. – Yoki ...o‘sha shoh satrlarni eslariga solib qo‘yaymi? 
Asror turgan joyida serrayib qotib qolgan Shavkatga bir qarab qo‘ygach, shoshib o‘rtaga intildi, ammo ulgurolmadi. Ayniddin hammaning ko‘zi oldida Shavkatga qarab o‘sha tanish she’rni o‘qib qoldi:
Shoirmasman, bilsang Nasiba, 
Ammo bo‘lding o‘zing ilhomchi!
Davrada gur kulgi ko‘tarildi, ko‘pchilik Shavkatga ajabsinib, ayrimlar esa afsus-achinish bilan qarab qoldi.
Shavkatning ichida nimadir uzilib ketgandek bo‘ldi, bir lahza ko‘z oldi qorong‘ilashdi, arang o‘zini qo‘lga oldi, she’rning davomini eshitgisi kelmay, yugurib borib Ayniddinning yuziga shapaloq tortib yubordi. U ham haqini birovda qoldiradiganlardan emasdi, tashlanib qoldi. Ikkovlon jiqqamusht bo‘ldi. Asror o‘rtaga tushdi, keyin boshqalar... Hammayoq to‘s-to‘polon bo‘lib ketdi...
...Shavkat tun yarmigacha mijja qoqmay, to‘lg‘onib chiqdi. Butun vujudini kuchli, cheksiz-adoqsiz bir iztirob-alam ayovsiz kuydirardi. Endi uxlay olishiga ko‘zi yetmay, uf tortib, barakdan tashqariladi. Orqasidan yengil sharpa eshitildi. 
– Sen yana mendan shubhalanib yurmagin, – dedi Asror yengidan asta tortib. – Men daftarni Nasibaning o‘ziga berganman!
– Unda she’rni boshqalar qaerdan biladi? – dedi Shavkat keskin o‘girilib.
– Men ham shunga hayronman, – dedi Asror afsuslanib. – Ular daftarni temir sandiqqa solib qo‘yishmaydi-ku, ochiq qolgan bo‘lsa, birontasi ko‘rib o‘qigandir-da. Qo‘y endi, shunga ham ota go‘ri qozixonami? Mashoyixlar aytgan – hamma narsaning davosi – vaqt!
– Yo‘q, sen baribir tushunmayapsan. Sevgimning barbod bo‘lganiga bir amallab chidarman. Ammo mana bu sharmandalikka qandoq toqat qilish mumkin? Qandoq? Oriyat o‘limdan kuchli! Ustimdan oshkora kulishmasa ham ichlarida “O‘l-a bu kuningdan!” deyishmaydimi? Do‘st bor, dushman bor...
- Xo‘sh, bo‘lar ish bo‘ldi, endi nima qilmoqchisan?
– Nima qilardim, ketaman, butunlay ketaman.
– Ketishing...shart emas. Burgaga achchiq qilib...
– Endi kursdoshlarning yuziga qandoq qarayman? Paxtadan keyin sizlar to‘yga borasizlar, men ...qayoqqa boraman? Boshimni qaysi toshga uraman? Yo‘q, yo‘q, endi bu yerda o‘qiy olmayman! Ketaman!
– Jinnilik qilma!
– Jiddiy aytyapman, qarorim qat’iy! – dedi Shavkat keskin ohangda.
Tong saharda Shavkat hech kim bilan xayrlashmay jo‘nab ketdi.   

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.