OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Shodmon Otabek. Asaloyning tog‘asi (hajviya)

Nusrat asalarichi har yili qishloq chetidagi adirlikka ari qo‘yadi. Ob-havo qulay kelganda yaxshigina asal oladi. Toza asal. Qo‘li ochiq yigit emasmi, mahallaning keksalari, beva-bechoralarni asal bilan yo‘qlaydi, duo oladi.
Bu yil iqlim yaxshi keldi, xudoning bergan kuni yomg‘ir yog‘ib, qir-adirlar maysa gilamlarga burkandi. Nusratning arilari ham yaxshi rivojlandi. Mo‘l hosil ko‘tardi, hatto asalga idish yetmay qoldi.
Nusrat eski «Moskvich» mashinasining yukxonasiga asal to‘ldirilgan bonkalarni joylab, qishloqqa jo‘nadi. Adirlikning o‘nqir-cho‘nqirlari tugab, tekisroq yo‘lga chiqib olganda sal yengil tortdi. Tezlikni biroz oshirmoqchi edi, yo‘l chetida bukchayibroq qo‘l ko‘tarib turgan ayolga ko‘zi tushib mashinasini to‘xtatdi.
— Qayoqqa bormoqchisiz, yangamullo? — Nusrat kabinadan boshini chiqarib so‘radi.
— Sh-shu...tug‘ruqxonaga, — ayol zo‘rg‘a, hansirab gapirdi. Nusrat gap nimadaligini fahmladi. Mashinadan chaqqon tushdi. Ayolning qo‘ltig‘idan olib, orqa o‘rindiqqa avaylab o‘tqazgach, mashinani sekin haydab ketdi. Ayolning inqillab, hansirab nafas olishi qulog‘iga chalinib turdi. Botinib-botinmay orqasiga o‘girildi.
— Tuzukmisiz, yanga?
— R-rahmat...
— Pochchamiz...yo‘qmidilar?
— U kishi shaharga ish bilan ketuvdilar...
— Hozirgi bolalar shunaqa-da, shoshqaloq, otasining kelishini kutib turishniyam bilmaydi, — Nusrat hazil bilan ayolning dardini yengillatmoqchi bo‘ldi. Ayol unsizgina kulimsirab qo‘ydi.
— Hay mayli, mana hozir tug‘ruqxonaga yetamiz, xudo xohlasa eson-omon qutulib olasiz.
Tug‘ruqxonaga ikki chaqirim qolganda nogoh yo‘l chetida turgan DAN xodimi hushtagini chalib, qo‘lidagi tayog‘i bilan to‘xtash ishorasini qildi. Nusrat ichidan zil ketdi. Noiloj mashinani yo‘l chetiga olib, sekinlatdi. Oynadan melisaning o‘zi tomon yurib kelayotganini ko‘rib, battar tajang bo‘ldi. Xayoliga urilgan fikrdan dadillanib, tavakkal qildi. Motorni o‘t oldirdi. Yo‘l o‘rtasiga chiqib olgach, gazni bosdi. Yonboshidagi oynadan nazoratchining ham mashinasiga o‘tirganini ko‘rib qoldi. «Nahotki quvlasa?» deb o‘yladi. Ko‘ngli g‘ashlandi. Orqasiga birrov qarab qo‘ydi, yarim yonboshlab yotgan ayolning ko‘kragi xuddi havo yetishmayotgandek ko‘tarilib tushar, to‘lg‘oq azobidan tinimsiz inqillar edi.
— Hozir, hozir, yana ozgina sabr qiling, yetay deb qoldik, yangajon, — Nusrat ayolga dalda berdi. Xayolida boshqa fikr charx urardi: «Ishqilib, mashinamda tug‘ib qo‘ymasin-da. Unda... o‘zim doyalik qilishim kerak...»
Bir amallab tug‘ruqxonaga yetib keldi. Ayolni avaylab mashinadan tushirgach, qo‘ltig‘idan suyab ichkariga yetakladi. Hamshiraga topshirib, xuddi o‘zining ko‘zi yorigandek yengil tortdi. Mashinasining oldiga qaytib keldi. U yerda haligi nazoratchini ko‘rib peshonasi tirishdi. «O‘ziyam rosa erinmagan bola ekan!» — deb o‘yladi g‘ashlanib.
Nazoratchi Nusratni ko‘rib, o‘ljasini qo‘lga kiritgan ovchidek jonlandi. Qo‘lini chekkasiga qo‘yib, rasmiyatchilikni o‘rniga qo‘ydi. Ismi sharifini, lavozimini aytdi. Hujjatlarni qo‘liga olib, sinchiklab tekshira boshladi.
— Qoidani qo‘pol ravishda buzdingiz, — dedi iddao bilan. — Buning ustiga DAN xodimiga bo‘ysunmay, qochib qoldingiz. Unaqa emasda, aka!
— Ilojim yo‘q edi, ukajon, — Nusrat beixtiyor qo‘lini paxsa qilib gapira ketdi, — ayolni tug‘ruqxonaga olib ketayotgan edim.Shunga...
— Buning ahamiyati yo‘q! — nazoratchi jiddiy ohangda gapirdi.
— Ie, nega endi ahamiyati bo‘lmas ekan?
— Qoidani buzishga hech narsa asos bo‘lolmaydi, — DAN xodimi so‘zida turib oldi.
— Yo tavba, — Nusrat bunaqa nazoratchiga birinchi bor duch kelishi edi. — Axir, yo‘lda tug‘ib qo‘ysa nima bo‘lardi?
— Nima bo‘lardi? — dedi nazoratchi pinagini buzmay. — Oti Yo‘lchivoy bo‘lardi.    
— Endi...ukajon, Yo‘lchivoyning hurmati — bir gal kechirib qo‘ya qoling, iltimos.
— Bizda iltimos ketmaydi.
Nazoratchi shunday dedi-da, buragichni olib, mashinaning nomerini yecha boshladi. Shu mahal ichkaridan chaqaloqning ingasi eshitildi. Hamshira yugurib chiqib, Nusratni tabrikladi.
— Qiz tug‘ildi, akajon, muborak bo‘lsin.
— R-rahmat...— beixtiyor «ota bo‘lib» qolgan Nusrat shoshib qoldi.
— Quruq rahmat bilan ish bitmaydi, suyunchisini cho‘zib qo‘ying! —dedi hamshira shaddotlik bilan.
— Suyunchisini ana, tog‘asi beradi! — alami oshib turgan Nusrat nomerni yechayotgan nazoratchiga qo‘lini bigiz qilib ishora qildi. — Jiyanini yo‘qlab, orqamdan yetib kepti. So‘rayvering, tortinmang!
 Hamshira nazoratchining yoniga ildam borib, tap tortmay so‘radi:
— Tog‘asi ekansiz, qani bir eringchi! Melisaning suyunchisi tabarruk bo‘ladi.
Nomerni qo‘lida o‘ynatib turgan melisa bir zum talmovsirab qoldi. So‘ng og‘ir xo‘rsinib, yechilgan nomerni miyig‘ida kulimsirab turgan Nusratning qo‘liga shappa tutqazdi.
— Mana shu mening sovg‘am!.. Kattarog‘ini ana, otasidan olaverasiz! — dedi hamshiraga.
«Tog‘a» indamay mashinasiga o‘tirib jo‘nab qoldi. Uning qilig‘idan hayron bo‘lgan hamshira endi «ota»ni iskanjaga oldi.
— Tog‘asidan ish chiqmadi, endi o‘zingiz...
Nusrat mashina yukxonasini ochib, ikki banka asal oldi.
— Mana shu asal suyunchi. Chaqaloqning hayoti shirin bo‘lsin! — dedi jilmayib.
— Rahmat, akamullo, kam bo‘lmang, rahmat. Darvoqe, chaqaloqning otini nima qo‘yasiz? — so‘radi hamshira.
— Oti...Asaloy bo‘ladi-da!
— Asaloy! Juda yaxshi ism!
Hamshira asalni ko‘targancha, Asaloyning oldiga chopdi.

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.