OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Shodmonqul Salom. Xalaji (hikoya)

Oqboy fermer telejka ustida o‘tirardi. Terimchilar tushlikdan so‘ng keng dalaga yoyilib ketishgan. Kuz iliq keldi, xo‘jalik ikkinchi terimni hali yakunlamay rejani bajarish arafasida. Dala chetidagi tutqator ortida fermerlik tashkil etilgan yil tiklangan omborxonali old tarafi oqlangan uy. Uy oldida nishabga qo‘yilgan uch oyoq traktor turibdi. Bu yerga fermerning oilasi ko‘chib kelgan. Har yili shu. Besh-o‘n qo‘y-qo‘zi, sigir-buzog‘i bilan kelib, to g‘o‘zapoya olinguncha shu yerda yashaydi.
— Hey Oqboy, — deb qoladi ba’zan jo‘ralari, — sen ham ikki uyli asalariday bo‘lib ketding-ey. Ilgari, birgadlik mahalingda yaxshi eding, o‘qariqda yotarding qartani urib. Endi bo‘lsa bir joyda o‘tirmaysan.
— Javobiyam, uvol-savobiyam o‘zimizniki bo‘lgandan keyin shu-da. Ko‘hnam qaerda — ko‘nglim shu yerda, degan ekan birov. Rizqu nasibang ko‘kargan joydan ketging kelmay qolarkan, — deydi Oqboy ularga.
Hali taroziga ancha vaqt bor edi. Uy tomondan mototsikl tovushi eshitildi. Fermer burilib qaradi, ulov bir muddat gur-gurlab uy oldida turdi-da, so‘ngra dala boshiga ortidan chang ko‘tarib kela boshladi. Oqboyning ko‘ngli g‘ashlanib qo‘ydi. U kim bo‘lsayam qishloqdan kelayotgandi. Mototsikl o‘ziga yaqinlashgach, tanidi. Maktabjo‘rasi Xurramning kollejda o‘qiydigan o‘g‘li ekan. “Bobo ketibdi-da”, deb ko‘nglidan o‘tkazdi Oqboy. Mototsikldagi yigitcha kecha ham, bugun ham terimga chiqmagandi. Bobosi O‘rol chala uch yildan beri yotib qolgan. Keyingi kunlarda og‘irlashib qolgandi.
— Ha, nevara? — dedi Oqboy yigitchaga.
— Bobom sizni chaqiryapti, bir kelsin deyapti, — yigitcha hovliqibroq turar, pastdan telejka ustidagi fermerga qararkan, uning “yo‘q” deyishidan qo‘rqqanday qo‘shimcha qildi. — Otam ham aytdi, borib amakingni opkel, dedi.
Oqboy aka paxta ustida talpanglab qaddini rostladi-da, pastga-dalaga qarab ovoz berdi:
— Safar, ho‘ Safar!
— Hov, — degan sas keldi daladan, so‘ng Safarning soyabonli shapkasi ko‘rindi.
— Men qishloqqa borib kelaman, taroziga o‘zing qarab tur, — dedi fermer. So‘ng Safarning javobini eshitmay yigitchaga yuzlandi-da: “Bobong gapiryaptimi?”, dedi. Yigitcha “yo‘q” ma’nosida bosh irg‘adi. O‘rol boboni bir haftacha burun tildan ham qolibdi, deb eshitgan edi. Shuncha vaqtdan beri nima o‘tgan bo‘lsada maktabjo‘rasi Xurramning yuzi uchun ham bir xabar olmaganini o‘ylab ichida o‘zini koyib qo‘ydi. Ha, endi nimalar bo‘lmaydi, odamzodning orasidan ne gaplar o‘tmaydi. Bir-biri bilan bir qizarishib so‘ng yana ko‘rmaganday bo‘p ketaveradi. Momoning ham kuni bitgan-da, qolaversa, bu gaplarga ming yil bo‘ldi. Zamon ham boshqa edi. Men bo‘lsam...
Telejkadan avaylab tusharkan, Oqboyning ko‘nglidan shu gaplar o‘tib turardi. Yerga tushgach ulovni kelgan tomoniga o‘nglayotgan yigitchaga boqdi-da, chag‘ir-kulrang ko‘zlari ayni bobosi O‘rol chalaning yoshligini eslatganday dili bir qalqib ketdi. Bolaga bir zum yoqimsiz ko‘z tashladi. Ha, ko‘ngil qolgan edi. Endi bu chala chol ketar chog‘da Oqboyni nega yo‘qlab qoldiykin, o‘zi gapirolmayotgan bo‘lsa... qanday aytdi ekan. Ha, aytadi.
To‘rt chaqirimdan ziyodroq yo‘lning yarmiga yetmay mototsiklni ikki marta surib o‘t oldirishdi, so‘ng yana o‘chib qoldi. Beixtiyor qovog‘i solingan Oqboy aka yigitchaga “O‘zing tuzatib borarsan” dedi-da, ko‘ndalangiga dalani kesib piyodalab yo‘lga tushdi. Tutariqdan hatlab o‘tgani hamon yuziga mezon to‘ri ilashdi. Oqboy O‘rol bobo uylariga O‘rol nazoratchi bo‘lib kelgan ilk kunni, so‘ng momosini, undan eshitganlarini bir-bir eslab ketdi. Yuziga urilgan mezon torlari xuddi xotiraday birdan xayolini chirmab oldi.

* * *

O‘shanda ham kuzning iliq kuni edi, dalada terim avjiga chiqqan. Oqboy bilan momosigina uyda. Nevara momosiga hadeb bir gapni takrorlaydi.
— Eski tishimni ol,
Yangi tishimni ber, —
demadingiz-ku momo? Ayting, keyin tomning ustiga o‘zim otib yuboraman. Ayting, bir marta ayting, momojon.
— Mig‘illama-ey, yer tortgur, boshimni og‘ritib yubording. Manovi chigitni yashirib kel undan ko‘ra. Sigirga berma, sog‘ayotganda enang o‘zi beradi.
— Uff, yana chigit, bo‘ldi qiling-ey, g‘iyqillatmay.
— Tur dedim. Tavbangdan ketay, yetti yasharning yetmish yasharga gap o‘rgatganini qarang.
Endi yettiga kirayotgan Oqboy qiqirlaydi va deydi:
— Momo, kimga aytyapsiz “qarang” deb, hech kim yo‘q-ku?
— Bobongga aytyapman. Chigitni yashir. O‘rol chala uyma-uy yurgan emish, kep qolsa sho‘rimni quritadi.
Bomi usulda yopilgan xurjun shakl uch xonali loysuvoq uyning soyasi tortilib qolgan ayvonida Ulash momo nevarasi Oqboy bilan shu taxlit aytishib o‘tirar edi. Kampir qoqma gilam ustida, yakandoz ko‘rpachada, Oqboy uning ro‘parasida to‘nkarilgan chelakka o‘tirib olgan. Kampirning oldida yoyilgan fartukda marhum cholining denovlik usta oshnasi yasab berib ketgan paxta chigitlagich — xalaji. Shu qishloqda birgina Ulash momoda bor bunday matoh. Chorpoya oyog‘i yaxlit yog‘ochga o‘rnatilgan bu xalaji degani qo‘lmoshinday bir uskuna. Qo‘lmoshinning qulog‘iday murvatidan burab turilsa bas, oftobda yoyilib, hurpaygan paxtani ikkita bir-biriga qarab tegib-tegmay aylanadigan silliq yog‘och sop yamlayveradi. Lo‘ppi chigitsiz gul paxta soplarning narigi yog‘idan yig‘iladi, chigiti o‘tmaydi. Oqboy shu xalajidan o‘tgan paxtani har zamonda yig‘ib oladi, shungayam erinib momoning o‘zi o‘rgatgan matalnamo aytimni aytib kampirning g‘ashiga tegadi. O‘n xotinning ishini qiladigan bu “gung kelin” (momo xalajiga shunday nom bergandi) kampirga ikki yil burun sildan ketgan cholidan yodgor, qadrdon. Ba’zan qo‘ni-qo‘shni so‘rab kelguday bo‘lsa ham xalajini ehtiyotlashni tayinlab, istamayroq beradi. O‘ziga yarashmagan bir jizzakilik bilan qizg‘onadi.
Choli To‘xtamish birgadirdan momoga ikki narsa aziz bo‘lib qolgan, biri keyinchalik shifer bosilgan xurjun tom, ikkinchisi shu xalaji. Choli ketgach uy oldidagi yakkash o‘rik ham vafo qilmadi. To‘xtamish birgad qon tuflay-tuflay ko‘z yumgan og‘ir qishdan so‘ng o‘rik na gulladi, na barg yozdi. Butun tanasi bilan hammani hayron qilib quridi-qo‘ydi. Cholning bedavo dardi daraxtni ham olib ketdi go‘yo. O‘rikni chol o‘zi ekib parvarish qilgandi, daladan kelib soyasida uxlar, birovni yaqin yo‘latmasdi. U daraxt bilan gurung qilayotganga o‘xshab, uzoq vaqt jim qolar, shu yerda orom topardi. Qish oldidan o‘rikni qavs suviga to‘ydirardi. Sovuq tushgan erta bahor kunlarida og‘ildan go‘ng op kelib daraxt tagiga yoqardi. Burqsib daraxtga tumanday o‘rlagan, tutun bo‘lg‘usi mevani bemavrid sovuqdan saqlab qolardi. Tengqurlari cholni To‘xta chirs deb atardi, “Chirs uydama, Ulash?”, deb kelaverishardi. Chol chirs, biroz qo‘rsroq, gap bilmasroq edi, ammo to‘g‘riso‘z banda edi rahmatli. Pichoq suyakka yetguncha jim o‘tirar, so‘ng kallasi qizib raismi, uzangi yo‘ldosh oshnasimi yuzing-ko‘zing demay so‘kib qo‘yaverardiki... Unga ko‘p hazil-huzul qilishsa-da hayiqishardi barisi. Cholning o‘limidan so‘ng qoq qurigan shu ulkan daraxt ham choldan hayiqadiganday tuyulardi. Ular ikkisi bir-biriga o‘xshab qolishgandi. Ha, xalajining o‘qlovday ikki sopi ham shu o‘rikning shamol sindirgan shoxidan olingan ediki, momoning xalajini qizg‘onib yaxshi ko‘rishi shundan bo‘lsa kerak. O‘sha yili erta bahorda yiqitilgan daraxtning hovlining har-har yerida do‘ngrayib yotgan tanasi Ulash kampirga tinchlik bermay qo‘ydi. “Yo‘qot-cha, yo‘qot” deb o‘g‘li Mardonning qulog‘iga qurt bo‘ldi. Mardon oxiri traktor bilan birgadadan besh-o‘n kishi bo‘lib keldi-da to‘nkani birovnikiga sumalakka olib ketib tindi. Kampir tinchidi.
— Kampir, dunyoning moliga mehr qo‘yma, degich edi otam rahmatli. Biz uch qiz, bir o‘g‘il o‘stirdik. Yana shu o‘rikni o‘stirdik. Bilmasam, nima qildik o‘zi?, — To‘xtamish birgadning kampiriga dil yorib aytgan gapi shu edi keyingi vaqtlarda. Ammo To‘xtamish chol o‘ttiz bir yil brigadir bo‘lib, orttirgani shu beto‘xtov yo‘tal ekanini aytmas edi. Nolimas edi sira.

* * *

Oqboy aka o‘sha kezlarni baayni bir ertakday eslab ariq yoqalab ketib borardi. Shu yer, shu dalalar haliyam bor, lekin momosi bilan o‘tgan o‘sha kun qaytmaydi, og‘rig‘i esa bosilmaydi...
Kattalar dalaga ketishgach, momosining tishi tushdi. Og‘zidagi yagona sarg‘ayib ketgan tish o‘z-o‘zidan og‘rimaygina tiliga keldi. Shu tish deganlariyam odamlarga o‘xshaydi ekanda, asli. Birovi ketsa boshqa, unga suyanib turganlariyam ketaveradi ekan.
Yarmigacha kun kirib kelgan ayvonda xalajining g‘iyqillagan tovushidan boshqa sas yo‘q. Anchagina xayolga cho‘mib qolgan Ulash momoning qulog‘iga nimaningdir dupurlaganday tovushi keldi. Momo atrofga olazarak boqdi. Oqboy nevara kir oyog‘iga kun kelib qoq gilam ustida yuztuban uxlab yotar, xalajining u yonida chigitlangan paxta yig‘ilib qolgan, shunga yarasha chigit ham. Kampir ochiq hovliga ko‘z tashladi va kirib kelayotgan O‘rol chala bilan yana birovning qorasini ko‘rdi. Ko‘rdiyu bo‘g‘ini bo‘shashib ketdi, shu bilan baravar fartuk ustidagi xalajini olib, paxtani yashirishga urina boshladi. Xalajining yog‘och asosi kampirning etagiga ilashib turishga yo‘l qo‘ymas, ammo Ulash momo ko‘zi O‘rolda bo‘lgani uchun buni payqamay, tag‘in asabiylashar edi. O‘rol chala deganlari yig‘im-terimda kolxozga nazoratchi bo‘lib berkitilgan, kampirning o‘g‘li tengi bir odam edi. Uning chala deyilishiga sabab ham bor. Ulash momo, Ulash qushnoch, Ulash doya edi u vaqtlar. Onasining eshiga o‘ralib yetti oylikka yetib-etmay tug‘ilgan chaqaloq o‘z oti o‘zi bilan O‘rol chala bo‘ldi. Ulash momo qish kunida tug‘ilgan yarim tirsakkina go‘dakni o‘rab-chirmab katta quloqli telpakka solib berdi. Beshigi shu bo‘ldi. Kuni bor ekan, yashab ketdi. Pilla bo‘yicha texnikumni bitirib kelib kolxozda nazoratchi bo‘lib oldi. Endi bo‘lsa xuddi osmondan tushganday bobosi qatoriniyam “o‘rtoq, falonchiev” deb tuxumini tushiradi.
Odamlar unga “chala”si kamday chunoq ham deb laqab qo‘ydi. Shu chunoq-tirnovuq fe’li-xuyi sabab. Bo‘lsa nega bo‘ldi, deydi, bo‘lmasa nega bo‘lmadi deydigan bir ichi qoraroq kimsa bo‘lib elga kirdi bu O‘rol. Shu O‘rol chala bir mirshabnamo odam bilan kirib keldi. Yonidagisi begona — kampir avval ko‘rmagan ekan. Qo‘ltig‘ida qappaygan papka. Kampir nihoyat o‘rnidan turdi va O‘rol “Ulash momo”, deb ovoz berib ayvonga kelguncha fartukni paxta va chigit ustiga qayirib yopdi.
— Ha, O‘rolboy, kelabering-e, — dedi kampir ovozi titrab.
Oyog‘iga kirza etik kiygan nazoratchining og‘zi kampir bilan so‘rashar ediyu ikki ko‘zi atrofga, negadir tom ustiga ham alanglar, yonidagi kimsa esa kampirdan ko‘zini uzmay, nigohini unga qadab jim turardi. Momo har narsa deb dovdirab gapirinardi.
— Qani, O‘rolboy... Mardonboy ham qartada, bugun uchinchi terimdi boshlar ekan. Xo‘sh, ha...
Nihoyat O‘rolning nigohi ayvonda o‘rog‘liq do‘ppayib turgan fartukda to‘xtadi, so‘ng xalajiga ko‘z tashladi-da, kampirga tik qaradi:
—    Ulash moma, uyda qancha paxta bor?
O‘rol kampirning nimadir deb gapirganini eshitmay to‘g‘ri borib fartukni ochdi va:
— Mana paxta, mana plan, — deb chiyillab baqirib yubordi, — kampir turgan joyida cho‘chib tushdi. Endi gapirmoqchi edi O‘rol gap bermadi:
— Momo, shu qilg‘iliqni Mardon bilan siz qilib o‘tiribsizlar-da boshqalardan ne umid. Mardon bu yil plan chiqmasa qamaladi, aytib qo‘yayin, buni sizga men aytyapman, — O‘rolning ikki yuzi bo‘g‘riqib, bo‘yin tomirlari o‘ynab chiqdi. U bor ovozi bilan kampirga o‘dag‘aylar va fartukdagi paxtani ichidan xuddi igna qidirganday uyoqdan buyoqqa tortqilab, titkilar edi. Shovqindan Oqboy uyg‘onib ketdi va angrayib o‘tirib qoldi. O‘rolning so‘ngi “Mardon qamaladi” degan gapi kampirni o‘ziga keltirdi, so‘ng tilga kirdi.
— Og‘zingga tosh-ey, sen chalaning, — dedi vajohat bilan — o‘zing qamalasan. Bachchaning yuragini yording-ku, bo‘yning singur. Sening dastingdan bir choponlik paxtayam olmaymizma endi, ordona qolsin. Plan-mlaning bilan qo‘shmozor bo‘l. Ol, ob ket shu bir sobom paxta bilan sen to‘y.
Kampir ko‘ylagining uzun yengini himarib O‘rolga tikka keldi. Og‘zi beo‘xshov ochilib, istehzo bilan qarab qolgan O‘rol sherigiga avval qo‘li bilan imo qildi, so‘ng ovoz berdi:
— Yoz, Samad, hammasini yozib ol. — So‘ng kampirga qarab davom etdi. — Boysunga qancha paxtani mayizga alishib sotdingiz ulingiz bilan? Muniyam ayting. Ho‘ moma, men bekorga kelmadim, manavi xalaji bilan necha ko‘rpaga paxta oldingiz. Hammasini bilib keldim bu yerga.
O‘rolning sherigi nimanidir tik turib shirillatib yoza ketdi. Kampirning bu bo‘lmag‘ur gaplardan qoni qizidi, boshida og‘riq turdi.
— Insofing bormi o‘zi sening. Gapirayotgan gapingni o‘zing ham eshitayapsanmi. Nohaq tuhmat qilma birovga. Kelinim, ikki nevaram kechqurun yo‘l-yo‘lakay chanoqda qolgan bir chigitni kissasiga terib kelgan paxta bu, noinsof. Nima, shuniyam olmasinmi? Xudodan qo‘rq, o‘v, yosh boshing bor. Yil-o‘n ikki oy shu qartada yurib chopon ham kiymasinma? Xudodan qo‘rq, shu bir changal oq uchun ko‘nglimni qora qilma.
—    Ulash momo, — dedi O‘rol yoqimsiz irshayib ko‘zini boshqa yoqqa olarkan, — Ho‘v moma, men xudodan qo‘rqmayman, plandan qo‘rqaman. Xo‘p-ma? Siz bo‘lsa... — O‘rol yana fartukka engashib ovozini balandlatdi, — paxta zavod ochib o‘tiribsiz. Siz qo‘rqing sho‘ xudodan. Yoz, Samad, xalaji kuniga yuz kilo paxtani chigitlaydi. Chigitini moliga beradi. Paxtasini sotadi Mardon birgadning onasi, Ulash moma.
 O‘rol Samadning yozayotgan qog‘oziga uzalib qarar, kampirga e’tibor qilmas edi. Samad degani rostdan ham nimanidir yozardi.
— Hey, O‘rol, iymonsiz! Shu gaplarni Nurmat cho‘tir otang o‘rgatdimi senga? Insof-diyonating bormi o‘zi sening! Otang bir oyog‘i go‘rda bo‘lsayam birovlarni tirnab o‘tib edi, sen ham shuning bolasida. Qo‘lingdan boshqa nima kelsin yana?!
— Otamdi qo‘shmang bu yerga, moma, undan ko‘ra aybingizni tan oling, — O‘rol birdan asabiylashib qichqirdi va yig‘lamoqdan beri bo‘lib turgan Oqboyning yonidagi xalajini dast qo‘liga ko‘tardi-da mana sizga paxta sotish, deb uskunani qattiq yerga otib urdi, — Ayting, yana nechta bor bunday matoh. Bu uy o‘zi xalajiga o‘xshab qopti.
Bu gap kampirning hamiyatiga tegdi, so‘ng xalajiga qarab chinqirib yubordi, Oqboy dod solib momosining etagiga yopishdi. Ulash momo yerga tushib qiyshayib qolgan xalajini talpanglab borib qo‘liga olmoqchi bo‘ldi. Shu bilan barobar qon qaqshab O‘rolni qarg‘ay ketdi.
— Hay bo‘yning sinsin, iloyim, mening yoshimga kirmay juvonmarg bo‘l. Shu oq paxtaday buzilib eldan chiq. — Kampir yalang yerga o‘tirib qoldi. Ikki qo‘llab ishdan chiqqan xalajini changallagancha baqirardi u. — Ho‘v ko‘ppak, senlar ega bo‘p qoldingmi, sen qirilgurning planing xalaji o‘zi, o‘zi qilgan paxtasiga o‘zi ega bo‘lolmagan dunyong xalaji. Chigiting chigit, g‘ozing g‘oz bo‘lganda ko‘rayinda seni. Kuching menga yetgan bo‘lsa xudodan top, iloyim...
O‘rol bilan Samad kampirning dodlashidan so‘ng asta sirg‘alib jo‘nay boshladi. Sim to‘siqdan o‘taturib O‘rol qoqilib ketdi, lekin kampirdan ko‘z uzmas, biron so‘z ham demasdi...

* * *

Chirog‘iga hasharot aylanib turgan ayvonda yotgan Ulash momoning pastki qovoqlari iylangan teriday ivib, yig‘idan hilvirab ketgandi. Uning atrofida o‘g‘li Mardon, kelini, ikki qiz nevarasi jim o‘tirishar, oyoq uchida Mardon aytib kelgan Hasan feldsher o‘tirardi. Tepada, chiroqning tagida esa garajning ustasi Chori bilan Oqboy nevara bir sopi singan xalajini chuqular, faqatgina shu ikkisining g‘ung-g‘ung tovushi eshitilardi.

* * *

Tong otganda Ulash momo bezovta bo‘ldi, bo‘lak ovulga tushgan katta qizi ham shu yerda edi. Kampir ko‘zini yarim ochib qiynalib gapirdi.
— Tuzaldi-ma?, — dedi u.
— Ha, ena? — dedi Mardon, momo nimani so‘rayotganini anglolmay, so‘ngra, — Ha, Chori oqshom sozlab berib ketdi, deb xo‘rsinib qo‘ydi.
Kampir ko‘zini yumdi, so‘ng shu holda “Oqboy!”, dedi ohista. Kichkina Oqboy mayuslanib momosining qoshiga keldi: “Ha, momo?”, dedi sekin.
Ulash momo ko‘zini ochmay xiyol jilmaygan bo‘ldi-da:
— Nima edi, “eski tishimni ol”midi, shuni ayt.
Oqboy otasiga qaradi. Mardon o‘g‘liga ayt, dedi sekin. Oqboy astagina g‘o‘ng‘illay boshladi:
— Eski tishimni ol,
Yangi tishimni ber.
— Yana ayt, — dedi kampir bezovtalik bilan. Yumuq ko‘zlaridan yosh sizardi uning, — aytaber...
— Eski tishimni ol,
Yangi tishimni ber.
Eski tishimni ol,
Yangi tishimni ber...
Ulash momo o‘nglanmadi, miyasiga qon urgan, deyishdi. O‘sha kuni choshgohda joni uzildi. Janozaga ko‘pchilik keldi. Kelolmaganlar yettisiga kelishdi. Faqat O‘rol kelmadi. Mardon birgadirning oldin ham, keyin ham rejasi to‘lmagan yagona mavsumi shu onasidan ayrilgan yil bo‘ldi. Mardon O‘rol bilan idorada ko‘rishdi. O‘rol hech gap bo‘lmaganday unga kelgusidagi ishlardan gapirdi. Kampirning yettisidan so‘ng uydagi sigirni sotib, O‘rolning yo‘rig‘i bilan pulini uning o‘ziga berdi. Plan “to‘ldi”.

* * *

O‘rol boboning o‘zi solgan, bir paytlar fasonga kirgan chordog‘i baland uy endilikda cholning o‘ziday ko‘hna, yangi uylarning oldida ko‘rimsiz bo‘lib qolgan edi. Uyni ko‘rib Oqboy momosining gapini esladi. Odamning ko‘nglidan boshqa har nima eskiradi. Ulash momo shu gapni ko‘p aytardi.
O‘rol bobo qalin to‘shakda, uniqqan yostiqqa boshi og‘ir botib, ko‘zini shiftga qadab yotardi. Atrofida o‘g‘li Xurram, Oqboy fermer, yana cholning qizlari. Kampiri ko‘p yil burun ko‘z yumgandi. Chol chap qo‘l-oyog‘inigina sal-pal qimirlatardi. Uch yilcha avval so‘ridan yiqilib falaj bo‘lib qolgan, lekin yaqin-yaqingacha tildan qolmagan edi. Oqboyni ko‘rib uning serajin, og‘ir qovoqlari ostidagi ko‘zlari yaltillab ketganday bo‘ldi. Tizzalab o‘tirgan Oqboy cholga engashib: “O‘rol bobo, men... Oqboy, keldim”, dedi, ohista.
O‘rol bobo undan nigohini olib shiftga tikildi, tuyqusdan ko‘zlarida yosh mildiradi. Keyin yana Oqboyga qaradi. Jimlik. Chol chap qo‘lining barmoqlarini biroz vaqt yozib-yig‘ib turdi-da, qo‘lini sekin yuqoriga ko‘tardi. So‘ng tushuniksiz bir harakat bilan qo‘lini qimirlata boshladi. Cholning tirnoqlari biroz o‘sgan, bo‘shashib, titrab turgan qo‘li xuddi bir nimani burayotganday havoda doira yasab sekin aylanaverdi, yoshli ko‘zlari Oqboyda edi. O‘tirganlar hayron bo‘lib cholning goh qo‘liga, goh yuziga qarab qoldi.
Oqboy fermerning ichida bir nima chirt uzilganday bo‘ldi, bexos titrab ketdi. Cholning so‘nggi iltijosini u anglagandi.
Kun shomga qiyalab qolgan bir mahalda O‘rol bobo yotgan jimjit xonadan g‘alati tovush kelardi. Oqboy xasta cholning chap tomonida, gilam ustida xalaji aylantirardi. O‘sha Ulash momodan qolgan, g‘iyqillab aylanayotgan eski xalaji oppoq lo‘ppi paxtani yamlar, chigiti boboning yoyiq belbog‘iga tushar edi. O‘rol boboning yuz paylari goh tirishib, goh yoyilib ketar, xuddi tanida sanchiq turganday har g‘iyqillaganda inqillab qo‘yardi.
Ertasiga, Oqboy fermerning paxta rejasi to‘lgan kunda O‘rol boboning janozasi o‘qildi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.