OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Shoyim Bo‘tayev. Hisomiddin al-Yog‘iy (hikoya)

Qish chillasi oyoqlandi.
Sovuq zabtiga oldi.
Masjid ayvonida tirik jon ko‘rinmasdi, uzoq-yovuqdan oqib kelishgan namozxonlar o‘zlarini ichkariga olishgan.
Besh-olti yuz namozxonni bemalol sig‘dira oladigan bu binoni har biriga duradgorlar tomonidan oylab ishlov berilgan o‘n ikki yog‘och ustun o‘z kiftida tutib turardi. Bu ustunlarda o‘n ikki mamlakatning san’atini, urf-udumini ko‘rish, didini payqash mumkin edi. O’n ikki mamlakatdan kelishgan ustalar o‘zlarining bor hunarlarini yog‘ochlarga muhrlagandilar. Endi ular oddiy yog‘och emas, balki, masjidning ko‘rkiga ko‘rk, salobatiga salobat bag‘ishlab turgan yuksak san’at namunalari edi.
Juma namozi bo‘lgani uchun masjidda odam tirband; ular bir-birlariga ozor va xalaqit bermaslikka urinib, namozning boshlanishini betoqat kutar edilar.
Mehrob oldida darveshlar darveshi, shayxlar shayxi Hisomiddin al-Yog‘iy sukut saqlab turardi.
Egnida janda qabo, boshida rangi o‘ngib ketgan kalonsuvo.
Bunday kiyim-bosh masjidning hashami, ayrim namozxonlarning zarbof to‘nlariga muqoyasan qaralganda judayam bechorahollik alomati bo‘lib tuyulardi.
Bundan tashqari, shuncha odamning ana shu bechoraholday ko‘ringan keksa shayxning og‘ziga tikilgancha, ilhaq turishida ham qandaydir ilohiylik mujassam edi.
Yetmishlardan oshgan oppoq soqolli shayxning nur yog‘ilib turgan yuzida, o‘tkir qarashlarida, ozg‘in yelkalarini adl tutishida masjidni fayziyob etadigan, namozxonlar safini jipslashtirib-bog‘lab turadigan allanarsalar mavjud edi.
Namoz boshlanishiga sanoqli daqiqalar qoldi.
Namozxonlar bezovtalana-tashvishlana boshladilar.
Ularning nigohlarida, endi nima bo‘larkin, deganga o‘xshash so‘roq soyalari izg‘irdi.
Endi nima bo‘larkin?
Bu savol bejiz emasdi.
Gap shundaki, hamon ulug‘ sulton Alouddin Tarmashirindan darak yo‘q edi.
Xitoy, Hindiston, Iroq podsholiklari va O’zbek mulki orasidan musti mustahkam o‘rin olgan Movarounnahr sultoni Alouddin Tarmashirin qo‘shinining hisobsizligayu yovqurligi, sarhadlarining poyonsizligiyu ilkidagi zaminning jannatmakonligi, ahli raiyatning farovonligiyu ular orasida adolatni qaror topdirganligi tufayli yengilmas va qudratli deb nom olgan edi. Shu bois, nainki chegaralari tutash mamlakatlarga, balki, uzoq-uzoqlarga — ummon osha, tog‘lar osha dong‘i ketgan edi.
Necha yildirki, sulton juma namozini shu masjidda o‘qiydi.
Sultonning xos mahrami biroz avvalroq namoz o‘qiladigan gilamchani mehrob yonidagi maqsuraga to‘shab ketar; shundan so‘ng mahramlari, akobirlari, shotirlari qurshovida sulton yetib kelar, gilamcha ustiga cho‘kkalar, u bilan birga kelganlar yon-atrofidan, ortidan joy olishardi.
Bugun esa...
Hali gilamcha ko‘targan mahram ham ko‘rinmadi.
Nima bo‘ldiykin?
Bu hol Hisomiddin al-Yog‘iyga qanday ta’sir qilarkin?
Keksa shayxning nigohida qilt etgan o‘zgarish sezilmasdi.
U faqat namozni boshlash tadorigini ko‘rar, teran ko‘zlarida bugungi va’zini ko‘ngillarga chuqur joylay bilishini anglatuvchi ifodalar bor edi.
Og‘ir eshik g‘iyqillab ochildi.
Ichkariga sovuq havo yopirildi.
Eshikka orqa o‘girib o‘tirishgani uchun namozxonlar «guvv» etib yelkalari osha ortlariga o‘girilib qarashdi.
Namozxonlar bilan yuzma-yuz turgan shayx ko‘zining kirinigina tashlab qo‘ydi. Nainki eshikning ochilishi, balki qo‘porilib tushishi ham uni zarracha bezovta etolmasligi ayon bo‘ldi.
Eshikka yaqin o‘tirgan, ko‘rinishidan-da, kiyinishidan-da bu yerlikka o‘xshamagan o‘ttiz-o‘ttiz besh yoshlardagi o‘rta bo‘y, katta-katta ko‘zlaridan mug‘ombirlikka qorishiq aql porlab turgan kishi qalingina po‘stin kiyganiga qaramay, o‘zini sovuqdan chetga olayotgandek beixtiyor siljib ko‘ydi.
Bu odam yurtma-yurt, sarhadma-sarhad kezib yurgan marokashlik sayyoh edi.
Uning yo‘lga chikkaniga o‘n yillardan oshib ketdi.
E-he, bu vaqt ichida nimalarni ko‘rmadi-yu!
Olimu devona, boyu faqir, donoyu nodon, kamtaru muttaham, pastkashu olijanob, xasisu saxiy zotlarning betinim oqimidan misli ummondek to‘lqinlanib yotgan shaharlardan tortib tahqirlangan odamlari johillikka, yolg‘on da’volarga, munkirlikka yuz tutganliklaridan yerparchin qilingan ellargacha u ko‘rdi.
Odamzod misli hasharot, deya o‘yladi.
Ammo, uni yuksaltiruvchi birgina narsa bor, deyishadi.
Nima o‘sha narsa?
Sayyoh betinim qidiradi, kidiraveradi...
Oyog‘i yetgan notanish joylar uni hayratga soladi.
Bu hayrat yana qadam bosishga undaydi.
Axiyri, hayrati yetaklab kelgan joy shu bo‘ldi.
Avval Shayx Hasan va Hisomiddin al-Yog‘iy bilan tanishdi.
Sayyoh ularga otasining ham faqih bo‘lganligini, o‘zining ko‘plab musulmon allomalarining va’zlarini tinglaganligini, hadislarni yod olganligini aytib, ba’zi masalalar xususida o‘z fikr-mulohazalarini bildirgach, lahza ichida dunyoni bir necha marta kezib chiqa olgulik karomatga ega ikkala shayx marokashlik sayyoh ham olamni faqat oyoq bilan aylanib yurmaganini zohiran bo‘lmasa-da, ichdan tan olishdi.
Ular sayyohni sultonga yuzma-yuz kilishdi.
U haqda gapirib berishdi.
Sulton unga iltifot ko‘rsatib, kulimsiradi:
— Xushmisan, yaxshimisan, qutlug‘ o‘lsun, — dedi sof turkiy tilda. Sayyohni sulton iltifotidan ham ko‘ra u so‘zlamish tilning jozibasi, ulug‘vorligiyu tantiligi lol etdi.
Sulton aytgan so‘zlarni yodlab oldi.
Taqlid qilayotganini o‘ylab ham o‘tirmay, kim bilan ko‘rishsa-da, shu so‘zlarni aytdi:
— Xushmisan, yaxshimisan, qutlug‘ o‘lsin! 
Bu tilga mehr uyg‘ondi sayyoxda.
Ko‘proq turib, ko‘proq so‘z o‘rganish harakatida bo‘ldi. Sayyoh hamisha shu masjidga kelib namoz o‘qir, ayniqsa, Hisomiddin al-Yog‘iyning namozdan keyingi va’zlarini berilib tinglardi.
Bugun sayyoh masjidga kirib kelganida odam liq to‘la edi.
Shu bois, uning joyi poygahda bo‘lib qoldi.
Hisomiddin al-Yog‘iy masjidda hech kimga siz u yoqqa o‘ting, siz bu yoqqa o‘ting, deb aytmasdi.
Ostonada chopar paydo bo‘ldi.
U boshiga mo‘g‘ulcha qalpoq bostirgan, egnidagi mo‘g‘ulcha po‘stinning junlari joni bor jonivornikiday hurpayib turardi.
Chopar yelka osha o‘ziga tikilgan yuzlab nigohlardan bir zum talmovsiranib qoldi.
U o‘zga sayyoradan kelib qolgandek edi.
Naq sultonning o‘zidan chopar bo‘lib kelganligi yodiga tushgach, dadillashdi.
Mehrobgacha olib borgulik yo‘l qidirdi.
Yo‘l topmadi.
Namozxonlar-da o‘rinlaridan turib, unga yo‘l berishmadi.
Shayx hamon miq etmay turardi.
Axiyri chopar sukunatni buzishga jur’at etdi:
— Sizga xabar keltirdim!
Shayxning o‘ktam tovushi masjid gumbazlarida aks-sado berdi:
— Ne xabar ekan?
— Sizning o‘zingizga aytish buyurilgan. 
Namozxonlar talmovsiranishdi.
Shayxning qonsiz lablarida istehzoli tabassum o‘ynadi. U ozg‘in qo‘llarini oldinga cho‘zib, qulog‘ini ochdi, namozxonlarni bag‘riga bosmoqchi bo‘lgandek bir harakat-la:
— Bularning bari-da mening o‘zim! — dedi. O’tirganlar yengil xo‘rsinishdi.
Sayyoh zavqlanganidan bosh chayqab qo‘ydi. Chopar nima qilarini bilmadi. Shayx buyruq ohangida:
— Aytavering! — degach, chopar g‘oz turib, qog‘ozdan o‘qib berayotgandek e’lon qildi:
— Sohibqironi a’zam, ulug‘ hoqonimiz sulton Alouddin Tarmashirin hazrati oliylari bugungi namozi jumaga muhim davlat ishlari bilan ushlanib qolganliklari tufayli bir oz kechikib kelishlarini e’lon qiladilar!
Olomon qalqdi!
Bu hech ko‘rilmagan hodisa edi!
Ayrim namozxonlar betoqat bo‘lishib, ichlarida, e, namozni boshlayveraylik-da, sultoni-mo‘ltoniga nima ishimiz bor, deya yengiltaklik bilan o‘ylashar, musulmonlikning bu farzini tezroq yumaloq yostiq qilib, ko‘chaga chiqishga intilishardi.
Namozni boshlash vaqti yetgandi.
«Imomlikka o‘tgan Hisomiddin al-Yog‘iy noqulay ahvolga qoldi, — o‘ylardi sayyoh. — Hozir sultonni kutsa, namoz vaqti bo‘ldi, namozxonlar undan o‘pkalashadi, kutmasa, sulton g‘azabi...»
Chopar ostonada shayxdan javob kutayotgandek qimir etmay turardi. Shayx boshini ko‘tardi.
— Sohibqironi a’zam, ulug‘ hokonimiz sulton Alouddin Tarmashirin hazrati oliylariga chopar janoblari yetkazsinlarki, — deya hirqiroq tovushda, tantanali ravishda e’lon qildi shayx Hisomiddin al-Yog‘iy, — vaqt shunday hakamdirki, uning qarshisida shohu gado barobardir. Biz uchun eng ulug‘i Allohimiz buyurganidir!
Chopar o‘zini chetga oldi.
Uning yonida gilamcha ko‘targan xos mahram paydo bo‘ldi.
Uyam chopar kabi mehrobgacha olib borgulik yo‘l qidirdi.
Gilamchani hamishagi joyiga — mehrob oldiga to‘shamoqchi edi.
Yo‘l topmadi.
Gilamchani ko‘rsalar-da, namozxonlar-da o‘rinlaridan turib, unga yo‘l berishmadi.
Shundan so‘ng mahram gilamchani qaytarib olib ketishni ham, ketmaslikni ham bilolmay picha sarosar turib qoldi. O’ylay-o‘ylay bir qarorga keldi shekilli, gilamchani birgina bo‘sh joyga — shundoqqina ostona ostiga, sayyoh yoniga ohista to‘shab, ortga chekindi. Eshik yopildi.
Shayx imomlikka o‘tdi.
Namoz boshlandi.
Oradan ancha vaqt o‘tgach, eshik ochilib, sulton ostona hatladi.
Unga hech kim e’tibor bermadi.
Hamma o‘z toat-ibodati bilan mashg‘ul, o‘qtin-o‘qtin, shayxning yelkalariga nazar tashlab qo‘yishardi.
Janda qabonigina bazo‘r ko‘tarib turganday ko‘ringan shayxning ozg‘in yelkalarida kishini beixtiyor o‘ziga jazm etuvchi, ko‘zini olib qochuvchi allanarsalar bor edi. Unga iqtido qiluvchilar har doimgi namozdan keyin bir-birlariga ko‘pincha:
— Imomimizning yelkalarida hamisha farishtalar o‘tiradi-ya, kishini o‘ziga qaratib olaveradi, — deyar edilar.
Sulton Alouddin Tarmashirin vaziyatni payqab, beixtiyor eshikni ohista yopdi.
O’zining gilamchasi ustiga cho‘kkaladi.
Gilamchaning u yoq-bu yog‘ini to‘g‘riladi.
Masjidning umumiy ruhi uni o‘ziga singdirdi.
Buyukligi abas topdi.
Xoqonligi unut bo‘ldi.
Shayxning o‘ktam ovozi hammani yakdillikka chaqirardi:
— Allohu akbar! 
Shu edi ulug‘ saodat:
— Allohu akbar! 
Munavvarlik-da shu edi:
— Allohu akbar! 
Yuksaklik-da shu edi:
— Allohu akbar! 
Borliq-da shu edi:
— Allohu akbar!
Shu edi, shu edi, shu edi — yalakat bir vujud-da shu edi, yagona bir ovoz-da shu edi:
— Allohu akbar!
Sultonning ko‘zlaridan beixtiyor yosh tirqiradi.
Sultonga ergashib kelishib, masjidga kira olishmagan, to‘g‘rirog‘i, kirib o‘tirishga joy topisholmagan a’yonlar tashqarida qolishdi.
Shu choqda ular hokonning yodidan beixtiyor ko‘tarilib ketishgandi.
Ularning g‘amini hamisha yeb, ustini butlab, qornini to‘qpab kelgan sulton endi o‘zining g‘amini yemoqda edi.
O’z ruhining g‘amini yemoqda edi!
A’yonlarga malol keldi bu: chunki, ular ruh-la dushman edilar, sulton o‘z ruhining g‘amini yesa, bizning badanimizni g‘amini yemay qo‘yadi, deb o‘ylar edilar: o‘z badanlarini dunyoning hukmdori deb bilar edilar.
Ularning badanlarida hamma a’zolar mujassam edi — yurak bor edi, miya bor edi, qorin-da juda-juda bor edi; faqat, ruh yo‘k edi, ruh yo‘q edi - egasi tashlab ketgan tashlandiq hovliday huvillab yotishardi.
Namoz davom etardi.
Ahyon-ahyonda shayxning shirali ovozi masjid gumbazlari aro taralar, bu ovoz har yetgan yeridan nur sachratayotgandek bo‘lardi.
Tashqarida qolishgan sulton a’yonlaridan sovuq o‘ta boshladi.
Ular kaftlariga «kuh-kuh»lashib, namozning tezroq tamom bo‘lishini kutishardi.
Eshikni qiya ochib qarashgayam yuraklari dov bermasdi, chunki eshikning takkinasida naq sultonning o‘zi o‘tirardi.
A’yonlar bir-birlariga bunday kuchli sovuq ancha yillardan buyon bo‘lmaganini gapirishardi, holbuki, yaqindagina bundan-da beshbattar sovuqlar bo‘lib o‘tgan, issiqqina o‘rduda may ichib, et yeb, suyak chaynab, sohibqironi a’zamni sharaflab, ko‘klarga ko‘tarish bilan ovora bo‘lib qolishgan a’yonlar u sovuqlarni payqashmagandi.
Namoz tugadi.
A’yonlar qalt-qalt titrashlarini zo‘r-bazo‘r bosib, sultonning chiqishi tadorigini ko‘rib turishganda, shayx Hisomiddin al-Yog‘iy va’z boshlab yubordi.
A’yonlar yana qaltiray boshlashdi.
Hisomiddin al-Yog‘iyning va’zi qisqa bo‘ldi.
— O’zlarining vaqtinchalik kuch va mansablarini suiiste’mol etib, shulardan foydalanib, xalqqa jabr-zulm o‘tkazuvchilar, albatta, kiyomatda emas, bu hayotning o‘zida ham javob beradilar, — deya so‘z boshladi Hisomiddin al-Yog‘iy sokin tovushda. — Ular o‘zlarini xalqda yaxshilik va mehr-muruvvatda bo‘lganday ko‘rsatarlar yoinki xaqiqatdan ham o‘zlarining qanday ahvolda, ravish-raftorda ekanliklarini bilmaslaridan xalqqa yaxshilik qilib, mehr-muruvvat ko‘rsatyapman, deb astoydil ishonarlarki, bu ularning so‘qirliklari belgisidir, shu tufayli orttirgan gunohlari yana chandon ortadi. Tilidan bolu qo‘lidan qon oqqan zolimlar bu dunyoning eng jirkanch maxluqlaridir, — shayxning keskir so‘zlari, o‘ktam tovushi hammaning boshini ham qilgan, hamma ham o‘zining qanaqa odam ekanligini o‘ylab o‘tirar, aynaqsa, sulton Alouddin Tarmashirin ko‘zlaridan oqayotgan yoshlarni yashirishga ham urinmasdi.
Shayxning so‘zlari beozor edi.
Boisi, u hech kimga barmoq nuqib, ey sen, deb aytib-ko‘rsatmayotgandi.
Shayxning so‘zlari keskir edi.
Boisi, uning so‘zlarida hammaga ham tegishli nimalardir bor edi.
Masjidga yig‘ilganlarning asosiy qismini mamlakatni ko‘lda ushlab turishgan boyonlar, mulkdorlar, sulton o‘rdusiga yaqin kishilar tashkil etishgan edi.
Shayx barchaga bir-bir ko‘zgu tutmoqda edi.
Haqiqiy qiyofani alayno-oshkor ko‘rsata oladigan ko‘zgu tutmoqda edi u.
Vijdonga ko‘zgu tutmoqda edi.
Ko‘zguda kir-chirlar, xas-xashaklar, chang-to‘zonlar aks etmoqda edi, xolos; shu bois, barchaning boshi ham edi, ko‘zi yumuq edi.
Boshlari ham esa-da, ko‘zlari yumuq esa-da ko‘zguni ko‘rib turishardi.
Va’z tugadi.
Kimlarningdir ko‘z o‘ngidagi ko‘zgu shu zahotieq yo‘qoldi, kimlarningdir ko‘z o‘ngida abadul-abad qoldi.
Namozxonlar o‘rinlaridan turishib, darhol o‘rtadan yo‘l ochishdi, sulton Alouddin Tarmashiringa ta’zimda bo‘lishdi.
Sulton asta-sekin yurib, imomning oldiga keldi.
Jilmaydi.
Qo‘l uzatdi.
Imom sultonga ko‘z qirini tashlab qo‘ydi-da, iltifot ko‘rsatayotgandek qavima qaboning titilib ketgan yenglari orasidan ozgan qo‘lini cho‘zdi.
Namozi juma intihosiga yetdi.
Sulton Alouddin Tarmashirinni namozxonlar ta’zim-la kuzatishdi.
Sulton xiyol ta’zimda bo‘lib turgan sayyoh yonidan o‘tayotib, unga jilmaydi. Sayyoh yana-da egildi.
Sulton ortidan namozxonlar ham birin-ketin tashqariga chiqishdi. Zum o‘tmay ulkan bino bo‘shadi. Mehrob oldida tik turgan shayx bilan poygaxdagi sayyohdan va muazzindan bo‘lak hech kim qolmadi.
Sayyohning bu yurtga kelganiga ellik kundan oshgan, safari qarimoqda edi. Kelganidan buyon shu masjidda namoz o‘qib, shayx bilan bot-bot suhbatlar qurib turardi. Hisomiddin al-Yog‘iyning salohiyatiyu quvvai hofizasi uni lol qoldirardi. Bu cholning bilmagan narsasi yo‘q edi: koinotning barcha sir-sinoatidan tortib odam bolasining fe’l-atvorigacha unga ayon edi, shu bois, ulug‘ faqih nomini olgandi. Sayyohning bugun o‘zini juda munosib tutgan shayxga nisbatan mehri yana-da tovlanib ketgandi.
Sayyoh hozirgina namozxonlar o‘tirishgan namat ustidan shayxning oldiga yurib bordi.
— Havo sovub ketdi, — dedi sayyoh guvillab sovuq yopirilib turgan ochiq eshikka qarab olib.
— Ha, sovuq, — dedi shayx beparvo.
— To‘ningizni qarang, ancha urinib qolibdi-ku, taqsir, — dedi sayyoh ko‘zi bilan shayxning egnidagi ayrim joylariga yamoq tushgan qavima qaboga ishora qilib.
Shayx jilmaydi. Jilmaya turib:
— O’g‘lim, bu ham meniki emas, qizimnikidur, — dedi. Sayyoh egnidagi po‘stinni yechishga urinayotib:
— Marhamat qilib, mana shu po‘stinimni olib kiysangiz, — deya taklif qildi.
— Yo‘q-yo‘q, urinma, o‘g‘lim, — shayx sayyohning qo‘lidan ushlab po‘stinni yechdirmadi.
— Sizga sovg‘a deb...
— Rahmat, o‘g‘lim, rahmat, — dedi shayx minnatdor bo‘lganday. — Men ellik yil muqaddam hech kimdan tuhfa olmayman deb Allohga qasam ichganman, mabodo, sovg‘a olguday bo‘lsam, albatta, sendan olgan bo‘lardim.
Sayyoh ta’zim qildi.
Shayx qo‘lini uning kiftiga qo‘yib:
— Qaddingni ko‘tar, o‘g‘lim, — dedi. Sayyoh qad rostladi.
Uning rangi oqarib ketgandi.
Qo‘lini ko‘ksiga qo‘ygancha tisarila-tisarila chiqib ketdi.
... Ertasi kuni sulton Alouddin Tarmashirin yana yo‘lga otlanayotgan sayyoh sharafiga katta ziyofat berdi.
Ziyofat o‘rduda bo‘ldi.
Sultonning o‘rdusi chodirdan tiklangan bo‘lsa-da, ichkarisi har qanday hashamatli saroydan qolishmasdi.
To‘rdagi taxtda sulton yonboshlab o‘tirardi. Oyoq ostlariga, taxtning yon-atrofiga qoplonu yo‘lbarsning terilari to‘shab tashlangandi. Taxtni qurshab olishgan xizmatkorlar sultonning har bir so‘ziga ilhaq turishar, hozir u, osmondagi oyni olib kelinglar, desa, shunga-da yugurib ketguday edilar.
Mamlakatning barcha akobirlari, nomi chiqqan ustunlari, olimu fuzalolari, shoiru maddohlari... qo‘yingki, saltanatni emib yotishgan jamiki ko‘kaldoshlar bugun o‘rduga yig‘ilishgandi. Saroy ahli, vaziru vuzaro, amirlar — har kim o‘z mansabiyu mavqeiga qarab joy egallagan edi.
Sayyohni sultonnang chap yoniga o‘tkazishgandi.
Yig‘ilganlar oldlariga qo‘yilgan tovoqlar va ko‘zalarni birin-ketin bo‘shatishar, ularning o‘rniga yangilari kelardi.
Sulton ularning barchasiga ko‘z ostidan erinchoqlik bilan nazar tashlar, bu qarashidan o‘tirganlarning birortasiyam uni qiziqtirmasligi ko‘rinib turardi.
Sultonning negadir kayfiyati yo‘q edi.
Kechagi masjiddagi voqea uni ancha-muncha mataassir etgan bo‘lsa-da, shohlik g‘ururiga ham tegib ketgandi.
U bugun sayyoh bahonasida beriladigan ziyofatda shayx Hisomidtsin al-Yog‘iyga o‘zining kimligini ko‘rsatib ham qo‘ymoqchi bo‘lgandi.
To‘g‘ri, Hisomiddin al-Yog‘iy hech vaqt o‘rduga qadam bosgan emas.
Sultonning birortayam sovg‘asiga qiya boqmagan.
Bordi-yu, Alouddin Tarmashirinning saxiyligi tutib, butun mamlakatni hadya etmoqchi bo‘lsayam, shayx mensimasligini yaxshi biladi.
Shayxning undan ustunligi shunda edi.
Shayxning sayyoh bilan aloqasi durustligidan sulton uning shu bahonada saroyga tashrif buyurishiga umid bog‘lagandi.
Biroq undan darak bo‘lmadi.
Sulton chopar yubordi.
Chopar qaytib kelib, Aloudtsin Tarmashiringa shayxning javobini yetkazganda, sulton g‘azabdan ko‘karib ketdi.
Tevarak-atrofga ilkis qirg‘iy qarash qilib oldi.
Xayriyat, chopar yetkazgan gapni uning o‘zidan boshqa hech kim, hattoki, yonida o‘tirgan sayyoh ham eshitmagandi.
Hisomiddin al-Yog‘iy choparga ziyofatga kelolmasligining sababini sultonga yetkazishni buyurib, mana bunday degan edi:
— Podshohning ziyofati xos kishilar uchun harom. Uning qilayotgan xayru ehsonlari olomon uchundir, chunki, olomon shunday narsalarga o‘ch, shu tufayli uning barcha gunohlarini kechirib yuboraveradi. Lekin Alloh kechirmaydi, xos kishilar hammavaqt itlar oldiga tashlanadigan suyakka ijirg‘anib qaraydilar. Shu sababli, o‘zlari faqir bo‘lsalar-da, hech qachon hech kimga bosh egmaydilar. Sultonga yetkazingki, shu bois men o‘rduga borolmayman, harom kiymayman, harom yemayman deb, ellik yil burun Allohga qasam ichgandirman.
Alouddin Tarmashirin nima qilarini bilmay qoldi.
Nima qilsin?
Janda qabosiyu eski kalonsuvodan bo‘lak boyligi bo‘lmagan keksa shayxga qanday jazo loyiq ko‘riladi?
Agar hozir u bir imo qilsa poyida bo‘riday irillab turishgan yugurdaklari lahza ichida uning boshini ko‘tarib kelishlari mumkin-ku!
Yo‘q!
Sulton Alouddin Tarmashirin bunday qilmaydi.
Yetti iqlimga adolatpeshatigi, fuqaroparvarligi bilan dong‘i ketgan sulton bunday qila olmaydi.
Alouddin Tarmashirin davraga xuddi begonalarga karaganday og‘ir-og‘ir qaradi.
Uning miyasiga fikrlar quyuni chaqmoqday urila boshladi.
«Mana bu ziyofatxo‘rlik qilib o‘tirishgan, o‘z manfaatlari yo‘lida hech qanday qabihlikdan qaytmaydigan, kichkinagina tuhfa uchun itdek tavon yalashga ham tayyor olchoqlardan jismi uvoqqina chol naqadar yuksak, ulug‘, kudratli-ya, deya o‘ylardi sulton Alouddin Tarmashirin. — Mening o‘zim-chi? Adolatli shoh emishman! Axir, ahli raiyatga solingan solig‘laru fuqaroning peshona teri evaziga mana bu tekinxo‘rlarni boqib yotganim yolg‘onmi? Yo‘q, yo‘q: shayx to‘g‘ri so‘zlaydi, bundan-da achchiqroq so‘zlar aytsa-da, bari rost: biroq sultonlik martabamning bir tomoni nega, nima uchun to‘ng‘izboqarlikka aylanib ketayotganini o‘zim ham anglolmay dog‘daman...»
Sultonning miyasida ko‘ngilni xira qiladigan bir-biridan qora fikrlar g‘ujg‘on o‘ynay boshladi. Qovoq-tumshug‘i osilib dovu dunyosi qorong‘ilashdi.
Uning kayfiyati davradagilarga ham yuqdi, sekin-asta kavshanishib, ayrimlari ovqatdan qo‘l uzdi.
Sayyoh ziyraklik va ehtiyotkorlik bilan kuzatib o‘tirardi.
Sulton ixtiyorsiz ravishda oldidagi tovoqda turgan sergo‘sht kattakon ilikni oldi-da, keskin bir harakat-la pastga tomon uloqtirdi:
— Qani ushlanglar!
Pastdagilar esankirab-dovdirab qolishdi. Sulton uloqtirgan suyakning yerga tushishi uning kayfiyatini battar yomonlashuviga bahona bo‘lishi mumkinligini hamma yaxshi anglab turgan edi.
To‘rt-beshta amaldorlar gavdalariga nomunosib holda chaqqonlik bilan harakat qildilar. Ular havolab kelayotgan suyakka qo‘llarini cho‘zgancha, o‘zlarini otdilar. Suyak bitta edi, shu bois ularning biriga nasib etdi, lekin barchalari suyakka ega bo‘lgandek quvondilar, ulargina emas, davradagilarning barchasi qiyqirib yubordilar.
Suyakni tutib olgan amaldorni olqishlay ketdilar:
— Yashang, Burg‘ubek!
— Halolingiz bo‘lsin!
— Sultonimiz himmatlariga balli!
— Umrlari uzoq bo‘lsin!
— Dunyo turguncha tursinlar!
Shu tariqa davraga xushnudlik qaytgandek bo‘ldi.
Shovqin-suron, vag‘ur-vug‘ur yana avj oldi, dasturxondan qo‘l uzganlar yana qo‘l cho‘zdilar.
Alouddin Tarmashirin chap qo‘lini xiyol ko‘tarib davrani tinchitdi. So‘ngra ellik kundan ortiq mamlakatlarida turgan marokashlik sayyoh Shamsiddin Abu Abdulloh at-Tanjiy sha’niga iliq so‘zlar aytib, unga ikkita ot va ikkita tuya tuhfa qilganini bildirdi.
Sayyoh o‘rnidan turib ta’zim qildi. Davradagilar sultonni olqishladilar.
So‘ngra sulton o‘rnidan turib, suvsar mo‘ynali oq po‘stinni o‘z qo‘li bilan sayyohga kiygazdi.
Har tomondan har xil ovozlar qushlarday uchib keldilar:
— Qulluq bo‘lsin!
— Buyursin!
— Sultonimizga ofarin!
— Qulluq sultonimizga, qulluq!
Sulton qo‘li bilan ishora qilib, gala-gala ovozlarni ortlariga qaytarib yubordi, ular uchishga payt poylab, inlariga qaytib qo‘nishdi.
Sulton Alouddin Tarmashirin sayyohga oq yo‘l tilarkan, lablari chetida nimtabassum bilan shunday so‘zlarni aytdi:
— Sizning oyog‘ingiz xali dunyoning ko‘p davlatlariga yetadi. Ular, albatta, biz haqimizda so‘rashadi. Siz ularga bizning mamlakatimiz haqida so‘zlayotganda u yerda o‘z sultonining taklifini ham rad qila oladigan qudratli odamlar bor ekan, deb ayting. Ular u odamlarning qudrati nimada ekan, deb so‘rashsa, halolliklari va tantiliklarida ekan, deb ayting. Shularni aytsangiz, bizning buyukligimiz va kuchimiz haqida xalqlarning o‘zlari xulosa chiqarib olishaveradi.
Sulton Alouddin Tarmashirin taxtga cho‘kib, ko‘z ostidan o‘rduga sochilgan odamlarni kuzatgancha yumshoq bolishga yonboshladi.
Sayyoh ta’zim qila-qila o‘z joyini ishg‘ol qildi.
O’rduda qiyqiriq, olqishlar avjiga chiqdi.
Nima uchun qiyqirib, nimani olqishlayotganliklarini fikr-yodlari ziyofatda bo‘lgan bu sho‘rliklarning o‘zlari ham bilmasdilar. Sultonga yaxshi ko‘rinish, uning kayfiyatini buzmaslik — ularning muddaolari shu, boshqasi bilan ishlari yo‘q edi.
Ziyofat tonggacha davom etdi.
Sayyoh ziyofatdan turiboq yo‘lga tushdi.
Uning xayolini serto‘lqin ummonlar, noma’lum shaharlaru mamlakatlar bezovta qilgani qilgan edi.
Haqiqatdan ham, bu tinib-tinchimas odamning oyog‘i dunyoning eng chekka sarhadlarigacha yetib bordi.
Qaerda bo‘lmasin, o‘sha ko‘rganlarini bot-bot eslab, roviylardek rivoyat qilib yurdi marokashlik sayyoh Ibn Battuta.

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.