OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Shuhrat. Oltin zanglamas (roman)

BIRINCHI QISM

Mehribon onam,
sevikli muallimim,
qadrdon do‘stim,
aziz farzandlarimga
bag‘ishlayman.
MUALLIF.

1. ATLAS KO‘YLAKLI QIZ

Qodir umri bino bo‘lib bunaqa kelishgan qizni ko‘rmagan edi!
U bog‘da, maysa ustida, ko‘ylagini chiqarib, botinkasini yechib, maykada dars tayyorlab o‘tirardi. Havo dim. Qilt etgan shamol yo‘q. Daraxtlarning barglari qo‘rg‘oshindan quyilgandek vazmin sollanib turadi. Faqat anhor chetidagi o‘siq giyohlarni suv epkini o‘z holiga qo‘ymay tortqilaydi, «yur biz bilan!» degandek bukib ketadi.
Qodir na havoning dimini, na vaqtning o‘tganini bilardi. U bilan o‘chakishgandek bir juft musicha parr etib qayoqdandir oldinma-keyin uchib keldi-da, uning yoniga tushdi. Oldin uchib kelgani keiingisiga tutqich bermas, u «ku-ku»lab qarshisiga borsa qochadi. Yo‘rg‘alab yoniga o‘tsa, uchib sal nariga tushadi. Yana keyingisi xushomad qiladi... Birdan cho‘qilashib ketishdi. Ikki yuvvosh parrandaning bu nojo‘ya ishi Qodirning gashiga tegib, endi haydamoqchi bo‘lib turgan edi, bittasi daraxtga uchib o‘tdi, keyingisi ketidan qarab qoldi. Qodir «qani, endi nima qilar ekan!» deb turgan edi, qarshisida bir qiz ko‘rindi. U keng atlas ko‘ylagiga shamol to‘ldirib, qarshisidagi soyasini quvgandek yelib kelardi. Qiz Qodirga yaqinlashgach, qadamini sekinlatdi. Qodir unga tuzukkina qaraguncha bo‘lmay, qiz so‘radi.
— Shu yerdan ikkita qiz o‘tmadimi? Bittasi chamandagul do‘ppili.
— Payqamadim, — dedi Qodir. U ilon avragan qurbaqadek baqrayib qolgan edi.
— Oldidan o‘tgan qizni payqamaydigan qanaqa yigit ekansiz!
Qiz shu so‘zni kulib aytdi-yu, yo‘lida davom etdi. Kulganda ikki qator sadaf tishlari bir husniga o‘n husn qo‘shib yubordi. Qiz nariroq borib «gapimni uqdingizmi, yaxshi yigit» degandek yana bir orqasiga qarab qo‘ydi. Mana shu qarash umrida biron qizdan, ayniqsa, «bugun tushdan keyin dum beraman» deb turgan qovundek yetilgan qizdan ikki og‘iz shirin so‘z eshitmagan Qodirni adoyi tamom qildi. Qo‘lida daftari bilan ketidan baqrayib qolganini anchadan keyin payqadi. Payqadi-yu, fikrida shu kungacha bo‘lmagan ajib g‘alayon boshlanganini, bu g‘alayon unga ham shirin, ham vahimali allanarsalar va’da qilayotganini his etdi. Uning fikri-o‘yi shamol shopirgan o‘sha atlas ko‘ylak qatiga o‘ralib ketgan edi. «Oyisi bahorda, qizil gul saylida tuqqanmi, buncha kulishi chiroyli bo‘lmasa», deb qo‘ydi o‘zicha.
Qiz o‘sha bedana yo‘rg‘alashida so‘qmoq yo‘ldan borib daraxtlar orasida ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi. Bir ozdan keyin o‘sha tomondan qizlarning kulgisi eshitildi! Bu kulgi ichidan Qodir qizning ovozini tanidi va yuragi gursillab urib, larzaga keldi...
Qodir o‘zini zo‘rlab dars tayyorlamoqchi bo‘lgan edi, ko‘zi kitobda yaxmalak otib, hech narsa boshiga kirmadi. Lekin, nima uchundir, birdan xayoliga o‘sha atlas ko‘ylak, chilvir soch, kulishi yoqimli qiz emas, boyagi musichalar keldi. Atrofiga qarab ularni ko‘rmadi. Shunda yana xayoliga keldi: qiziq, ular o‘sha qiz kelguncha uchib ketishdimi, yoki keyinmi? Nega men payqamay qoldim? Ular yarashganmikin, yoki hali ham quvlashib yurishibdimi? Yarashgandirlar! Yarashishlari kerak. Gunohi bo‘lsa ham kechirishi kerak, yalinib-yalpog‘lanib o‘lyapti, bechora! Bag‘ri toshlik yaxshi emas. Ahillik, mehru muhabbatga nima yetsin!
Qodirning xayoli musichalarda bo‘lsa ham, ko‘zi qiz ketgan tomonga yo‘l chizib qoldi.
Uni yana bir ko‘rgisi, jonon piyola jaranggiday tovushini eshitgisi keldi. Yuragi qiz ketgan tomonga undasa ham, oyog‘i tortmadi. Lekin kechasi shunday ahvolga tushdiki, orada tubsiz jar bo‘lsa hatlab o‘tishga, cho‘qqida bo‘lsa tirmashib chiqishga tayyor edi. U qizni ko‘rish orzudan ko‘ra ehtiyojga aylangan edi.
Ertalab turib, «yo‘q, boqqa chiqmayman, shu yerda darsimni tayyorlayman», deb ahd qildi u. Yo‘g‘on qayrag‘ochga suyab qo‘yilgan tumbochkaga muk tushdi. Bir oz tayyorlagan bo‘ldi. Sal o‘tmay soyasi qalin, yapasqi qayrag‘och tagida kulgi ko‘tarildi. Kimdir xushtak chaldi. Atrofga qarab qulay joy topolmadi: institut hovlisi karavotlarga to‘la. Ularning usti qurama. Birining ustiga beqasam to‘n ko‘ndalang tashlangan bo‘lsa, birida shinel, birining yostig‘i ostida kattakon tugun, birida kimdir haligacha uxlab yotibdi...
Hammasi ko‘ziga erish ko‘rinib, har kuni shu yerda beparvo dars tayyorlaganiga, tinimsiz, shovqin-suronni payqamaganiga ajablandi. Faqat kechagina boqqa chiqqan edi.
Bog‘ esiga tushdi-yu, qalbi o‘sha tomonga undadi. Nazarida, kechagi atlas ko‘ylakli, kulishi yoqimli qiz kutib turgandek, yoki u borib o‘tirishi bilan yana oldidan o‘tadigandek bo‘lib ko‘rindi. Lekin qiz u yerda yo‘q edi, Qodir tushgacha dars tayyorlasa ham o‘tmadi. Oldinroq o‘tib ketdimi, deb kecha kulgi kelgan tomonga quloq soldi: jimjit. Faqat to‘g‘ondan oshib tushgan suvning sharqirashigina eshitilardi. Kimdir uning qulog‘iga «endi kulishmasdan to‘g‘ri gaplashib o‘tiribdi» degandek bo‘ldi. Qodir bu mehribon g‘oyib hamrohining so‘ziga jon deb ishondi. O‘rnidan turib kecha qiz ketgan tomonga yo‘l oldi. Yuragi gup-gup urar, ko‘z oldi ba’zan jimirlashib ketar edi. Har daraxt, har chechak, har giyoh jonli, ko‘zi to‘rt bo‘lib uni kuzatib turgandek. Olam naqadar chiroyli! Har narsaning o‘z hayoti, o‘z husni, o‘z kamoloti bor. O‘z ko‘rki, o‘z fazilati bilan bir-birini to‘ldiradi, bir-birining husnini ochadi, bir-biridan ajralmas bir butunlik tashkil etadi.
Qodir ilgari hech qachon payqamagan ajoyibotlar orasidan o‘tib borayotgandek zavqlanib, har yaproqqa, har giyohga, hatto marjondek tizilishib so‘qmoqni kesib o‘tayotgan chumolilarga gap qotgisi kelar, ular dunyosini qalbiga yaqin sezar edi. Lekin bu bilan bir vaqtda uning yuragida noma’lum bir tashvish, his-hayajon yotardi. Nimadandir cho‘chir, nimadandir hadiksirayotgandek bo‘lib, alanglab qo‘yardi. «To‘xta, — dedi ichki bir nido, — xo‘sh, u qizni topding. Keyin nima? Unga aytadigan biron gaping bormi? Yo‘q!! Shunday bo‘lgach, qidirib nima qilasan. Bor, joyingga o‘tir, darsingni qil, u qiz bahor shamoliday o‘tdi-ketdi!»
Qodir chindan ham bundoq o‘ylab qarasa, u qizda hech qanday ishi ham yo‘q, aytadigan so‘zi ham! Shunday bo‘lsa-da, kecha kulgi eshitilgan tomonni aylanib keldi. Uchratib qolsa, nima deyishini bilmasa ham, uni qidirdi. Hech qaerda yo‘q: na yerda, na ko‘kda.
Qaytib kecha o‘tirgan joyiga kelsa, musichalar donlashib yuribdi. Juda ahil, bir-biriga mehribon, saxiy. Yo kechagilar emasmi? Yo‘q, o‘shalar. O‘shalarning o‘zi! Ahillik, mehribonlik qanday yaxshi!!
Atlas ko‘ylakli, kulgisi yoqimli o‘sha ochiq qiz Qodir uchun oltin uzukning suvga tushib ketgan zumrad ko‘zi bo‘ldi.
Ertasiga, indiniga, bir haftagacha uni shu bog‘dan izladi — topmadi, ko‘cha-ko‘yni kuzatib bordi — uchratmadi. Unga qizning o‘zidan ham xayoli shirin bo‘lib qolgan edi.
Oxiri, «tushimda ko‘rdimmikan», dedi o‘ziga-o‘zi.
Atlas ko‘ylakning olovidan bag‘riga tushgan uchqunni kul bosgandek bo‘ldi.

* * *

Qodir institutga qabul qilinib, uch-to‘rt kun ona shahrining havosi bilan nafas olgani qaytganida imtihonlardan yaxshi o‘tganidan xursand bo‘lsa ham, yuragining allaqaeri nimadandir achishib turardi. O‘sib-ulg‘aygan har bitta toshigacha unga tanish bo‘lgan ona shahrini tark etganida yuragi qancha entikkan bo‘lsa, institutga kirib, o‘z shahriga qaytayotganida ham ko‘ngli shunchalik g‘alati bo‘lib ketdi. Begona shaharda nimasidir esidan chiqib qolgandek, nimasidir ko‘ngliga g‘ashlik solayotgandek tuyuldi. Hech kim uni kuzatgani chiqmagan bo‘lsa ham, ko‘zlari javdirab kimnidir qidirdi, kimgadir aytadigan gapi bordek o‘zicha pichirlab qo‘ydi. Poezd jilganda-ku, kupeda turolmay, o‘zini derazaga urdi, kimnidir ko‘rmoqchi edi... Bu holatning boisi o‘sha atlas ko‘ylakli, kulgisi yoqimli qiz, oltin uzukning suvga tushib ketgan zumrad ko‘zi ekanini Qodir yaxshi bilardi.
Qodirdagi bu o‘zgarishni hammadan oldin uning onasi Adolat xola onalik qalbi bilan sezdi shekilli, katta o‘g‘li Sodiqqa:
— Yo‘q, bolam, ukangga bir narsa bo‘lgan. Bunaqa emas edi, — dedi.— O‘qishga kirgani rostmi? Yo nomusdan yolgon gapirib, ich-etini yeb yuribdimi?
— Qog‘ozini ko‘rsatdi, o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim,— dedi Sodiq ishonch bilan.
— Bo‘lmasa ukang kasal, bizdan yashiryapti.
— Charchagan bo‘lsa kerak, mening ko‘zimga ham shunaqa ko‘rinadi. Yana surishtirarman.
— Shunday qil, jon bolam, yosh, bilmaydi.
— Xo‘p, xo‘p!
Farzand dog‘ini ko‘raverib, yuragi bezillab qolgan Adolat xola, Qodirning dardini bilolmay armonda edi. Bir chekkasi, yolgiz o‘zini o‘qishga yuborishga ham ra’yi yo‘q. Shuning uchun, Sodiq ukasi o‘qishga kirgan shaharga ko‘chish, u yerdagi katta doktorlarga Jannatni ko‘rsatish, o‘zi ham aspiranturaga kirish niyatida ekanini aytganda, avvalgidek, «meni ota-onam yoniga qo‘ygin, keyin o‘z bilganingni qil» demadi, tezgina ko‘na qoldi. Ikki yil Armiyada «musofir» bo‘lgan Qodirni yana begona shaharda yolg‘iz o‘zini musofir qilgisi kelmadimi, yoki yana sog‘inib ko‘z yoshi to‘kishga bardoshi yetmasligini bildimi, Sodiqni quvvatladi:
— Mayli, jon bolam, hammamizning bir joyda bo‘lganimiz ma’qul. Qodir ham issiq-sovuqsiz qolmaydi, yonimda bo‘ladi.
Sodiq bu qarorni Qodirga bildirganda, uning ortiqcha quvonmaganidan hayratda qoldi.
Bu loqaydlik Sodiqqa og‘ir botdi. Ukasiga bir narsa bo‘lganiga shubha qilmay qo‘ydi. «Oyim bekorga tashvishlanmagan ekan», dedi-yu, sababini bilishga jiddiy kirishdi. Uni boshlab soyga ketdi. Yo‘l-yo‘lakay ukasining qo‘yniga qo‘l soldi. Bir-ikki sho‘ng‘ib chiqib, oftobda o‘tirishar ekan, payti-payti bilan uning xarakatini kuzatib, gap tashladi:
— Markazda anchadan beri bo‘lganim yo‘q, juda obod bo‘lib ketgandir.
— Ha.
— Bog‘larida haliyam dam olish kunlari odam ko‘p bo‘ladimi?
«Bog‘» so‘zi Qodirni uyqudan uyg‘otgandek bo‘ldi, g‘alati bo‘lib ketdi.
Sodiqning bugungi sayldan fahmlagani shu bo‘ldiki, Qodir avvalgidan kam gap, kishilar bilan uchrashishga mayli yo‘q, yolg‘izlikni xush ko‘radi. Tani-joni sog‘u, faqat qattiq charchagan. Vaqti bilan yozilib ketadi. Ikki yil Armiya xizmatini o‘tab, bugungi kunda institutga imtihon berib kirishning o‘zi bo‘ladimi!
Lekin Qodir imtihon azoblarini allaqachon unutgan, ochig‘ini aytganda, unchalik his qilmagan, faqat yoshlikning boshqa bir imtihoni oldida ming bir xayol bilan turardi.
Bu imtihon avvalgisidan oson emas edi.

To'liq: Shuhrat. Oltin zanglamas (roman) - PDF

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.