OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Shukur Jabbor. Oltin g‘isht (sinergetik hikoya)

Samarqand. Chor atrofni chor qo‘shini bosgach, ochlik tufayli chorasiz dehqon va chorikorlar somonning choriga ham qanoat qilar edilar. Osmondan qaraganda pastda muvozanat buzilganday beqarorlik, tartibsizlik ko‘rinardi. Lekin bu tartibsizlik ma’lum bir tartib asosida sodir bo‘lar edi. Dastlab tashqaridan kelganlar mahalliy kishilar yashayotgan qal’ani qamal qildi. Keyin ichkaridagilar otilib, sitilib ozaygach, qochganlari qochib, qocholmaganlari halok bo‘ldi. Tegirmon navbati bilan deganday muzaffar tomon ichkarini, Registondagi deyarli barcha qal’alarni egallab oldi. Lekin, keyin o‘zlari qamalda qoldilar. Chunki tashqaridan mahalliy kishilarga yordamchi kuchlar yetib kelgan edi. Bu xuddi osmondan qaraganda oq halqa qoramtir yashil halqani yutib yuborgani, uni ortidan zangor halqa siqib kelgani va yutib yuborilgan halqaning o‘rniga oq halqa tushib qolganiga yoki tarkibi odamlardan iborat spiral halqa harakatiga o‘xshaydi. Endi ichkaridagilardan onda-sonda o‘lib, qamal qiluvchilar safida ko‘proq odam halok bo‘la boshladi.

Bir hafta avval

 General Nazarov askarlaridan birining otgan to‘pi Registondagi baland devor tepasini ko‘chirib tashladi. Shu payt “Sablukov, teparoq ot!” degan tovush eshitildi. O‘pirilgan g‘isht bo‘laklari o‘sha yerda xotirjamgina meshini devorga suyab qo‘yayotgan Mustafo cholning ustiga yog‘ildi. Uning bundan biror tuki ham qimirlab qo‘ygani yo‘q. Devor tagida tirik jonlardan shu parvoyi palak choldan boshqa hech kim yo‘q. U ham bo‘lsa chala jonlarga, joni uzilayotganlarga sanochda suv ulashmoqda. Chol qo‘lini suv bilan namlab hatto suv icholmaydigan ahvolga kelgan jon talashayotganlarning labini ho‘llardi. Mustafoga farqi yo‘q: dushman tomonmi yoki o‘zinikilarmi...
 
Olti kun avval

 Qal’a tepasida qo‘lining yarasini bog‘layotgan zobitning oldiga askarlardan biri yugurib keldi.
– Vasiliy Vasilich, bo‘la qoling, siz chizadigan manzara chiqib qoldi...
– O‘pkangni bosib olib gapirsang-chi!
– Aytsam ishonmaysiz, shu yerlik bir chol o‘q yomg‘iridan qo‘rqmasdan joni uzilayotgan askarlarga, ya’ni biznikilarga ham, sartlarga ham suv ichirib yuribdi.
– Yerunda! Nima qipti?!
– Nima qipti deysiz-a?! Bunaqa narsaga qiziqasiz deb o‘ylagandim.
– Uni taniyman. Ajalini qidirib yuribdi shekilli. Ikki hafta oldin Buxoro qamali payti suv ko‘tarib paypaslab yurgandi. O‘sha paytda otib tashlasam bo‘larkan. Endi shu yerda otib tashlayman ahmoq cholni!
– Vasiliy Vasilich nimalar deyapsiz?! U odam ajratmay hammaga birdek... Axir uni hech kim otishga jur’at qilmayapti-ku! Men bularni chizing deb aytyapman.
– Chizing deb?! Gapingni qara-yu. Agar bilsang, bunday manzara hayotiy chiqmaydi.
– Nega hayotiy chiqmaydi. Axir o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rib turibmiz-ku!
– Bunga Yevropa ishonmaydi. Meni sofistga, falsifikatorga chiqarib qo‘yishlari mumkin. Bor, men bilan tortishmay ishingni qil!
– O‘zingiz bilasiz, janob Vereshchagin, Buxoroda ham zo‘r manzarani chizmay o‘tkazib yubordingiz!
– Zo‘r manzara! Nima sharmanda bo‘lganimizni aytayapsanmi?! Ha, amirning haramxonasini bosqin qilib, amir xotinlarining yaltir-yultir ishtonlarini kiyib olib maqtangan kazaklarning suratini chizishim kerakmidi?! Ko‘zi och murdorlar! Zaifona ishton kiygan farosatsizlar! Sharmanda! Tfu!

Besh kun avval

Mustafo chol hamon chalajonlarga suv ulashish bilan ovora. Bir soat oldin bu yerda ochiq, yuzma-yuz jang bo‘lib, endi raqiblar bir-birini pana-pastqamlarda mo‘ljalga olib otardi. Otishma siyraklashib qoldi. Mustafo chol yerdan bir g‘ishtni olib to‘rvasiga soldi. U belidagi belbog‘ini yechib peshonasidagi terni obdan hafsala bilan artdi. Keyin bir murdani ko‘tarib janggohdan olib chiqdi. Odamlarini qayta sanayotgan Mirzaboyvachcha Alimbek degan yigitga “Anavi bachchag‘ar cholni beriga keltir!” deb buyurdi. Keyin boshqalardan “Uni taniysizlarmi?” deb so‘radi. Shopmo‘ylov Hazratqul o‘z bilganlarini Mirzaboyvachchaga izohlab berdi: “Ha, u Mustafo chol-ku! Ha aniq Mustafo telba. Yo‘q-yo‘q juhudmas, o‘zbak. O‘zi sal anavinday... jinni. Uni nima qilmoqchisiz?! Uvoliga qolasiz. O‘zi shundog‘am bir oyog‘i go‘rda. O‘risgami?! Ha, rahmi kelib suv ichirdi, shekilli. Jinni bo‘lmasa shunaqa qiladimi... Uni o‘ldirish mumkinmas. Chunkim, u sohibi uzr hisoblanadi. Ana, so‘rang, ichimizda mullavachcha Muboshir madrasa ko‘rgan. Hoy, Muboshir “sohibi uzr”ni tushuntirsang-chi. Ishqilib, meni bilganim “sohibi uzr”larga narigi dunyoda ham so‘roq-javob bo‘lmas ekan. Yo‘q, men uning gaplariga qarab shunaqa xulosaga kelganman, xolos. Gapiga qaraganda, u esini yegan chol xuddi borib ko‘rib kelganday jannatda o‘ziga oltindan qasr qurayotganmish. Aqli bor odam ishonadimi shunga. Men esimni taniganimdan beri bu meshkobchi chol ko‘chada tekinga suv ulashib “Jannatdagi saroyimga g‘isht qo‘yishib yuboringlar!” deb baqirib yuradi. “G‘ishtni qanday qo‘yamiz?” deb so‘rasak, “Shu yaxday suvni ichsangiz bo‘ldi, g‘isht qo‘ygan bo‘lasiz!” deydi. Vah-hah-ha...
Bir zumda Mustafo cholni sudrab olib kelishdi. Mirzaboyvachcha unga qarab baqirdi:
– Qo‘yningdagi nima?
– G‘isht.
– Sen zindiq, cho‘qindingmi?! Nega o‘risgayam suv ichirasan?!
– Beshta qoldi! – deb Mustafo chol hiringlab kulib besh barmog‘ini Mirzaboyvachchaga suyunib ko‘rsatdi.
– Nima beshta?
– Behishti jovidondagi tilla qasrimni bitishiga beshta g‘isht qoldi! Cho‘ponotadagi bog‘dan ham afzal bog‘i bor! Atrofida tip-tiniq hovuz bor! Beshtagina qoldi!
– Alimqul, buni ko‘zimdan yo‘qot!
 
To‘rt kun avval

– Alimqul, anavi sohibi uzr chol nima deyapti?
– To‘rtta qoldi! deydi.
– Nima to‘rtta?
– G‘isht.
– Qani o‘zi?
– Ana yuribdi, o‘liklarga suv ichirib.
– Qarshidan xabar bormi?
– Yo‘q hali.
– Xo‘p. O‘zi allaqachon qaytib kelishi kerak edi-ku!
– Biror kor-hol bo‘lmaganmi degan gumondaman.
– Nosvoying bormi?
– Bor, taqsir. Mang! Anavi Mahsibozordagi juhudlardan hasipim sovudi. Munaqa ikkiyuzlamachi odamlarni ko‘rmaganman. Tuppa-tuzuk zunnor osib yurgan zang‘arlar ko‘cha o‘ris qo‘liga o‘tgach, zunnorini yechib, o‘rniga o‘risning kamarini taqib, o‘risga sajda qip yurishibdi.
– Gapirma ularni! Shundoq ham jinim qo‘zib turibdi.
 
Uch kun avval

– Serov, fikrimni o‘zgartirdim. Anavi meshkobchini hech kim otib qo‘ymadimi? Serov! Serov qanisan?
– ...
– Serov, tashqarida nima gap?
– Ular kuchayib ketdi! Aytishlaricha, Shahrisabz degan joydan madad kuch kelganmish. Sartlarda katta-katta miltiqlar paydo bo‘libdi! O‘qi juda katta ekan, har biri ho‘kizni qulatadi.
– Vahima qilmasang-chi! Buncha baqirishadi! Serov bilmaysanmi, sartlarning “ur-ur” degani nima degani?
– Bilmadim janob. Ha, janob sizni qal’a qutvoli bilan polkovnik Nazarov yo‘qlayapti!
– Obbo, manavi porsiyonning surati yana chala qoladigan bo‘ldi!
– Forsning surati deysizmi?
– Ha. Afg‘on otryadi bilan borgan vaqtimdagi forsning surati! Kamarimni uzatvor!
– Vasiliy Vasilich ma’zur tutasiz-u, nazarimda chizib bitirib bo‘libsiz, shekilli.
– O‘sha katta miltiqdagi o‘q ko‘zingga tegmaganmi? Oyog‘ini ko‘rmayapsanmi? Oyog‘ini tugatmadim. Bo‘l, revolerimni olib ber!
– Mang, janob!
– Shtrandmanga shunaqa ahvol kerak. Ha, shu to‘nkaga shunaqa vaziyat kerak.
– Nega unday deysiz?
– Esingdami, Kattaqo‘rg‘on degan joyda sartlar shahar darvozasini tinchgina ochib taslim bo‘lishganida rosa darg‘azab bo‘lgan edi. “Sadoqat izhor etib kelgan elchilarni menga topshiringlar, men ularga taslim bo‘lish qanaqaligini ko‘rsatib qo‘yaman!” deb baqirgan edi.
– Nega janob?
– Nega bo‘lardi, otryad jang qilmasa, eshakning qulog‘idek nishonlar, martaba va unvonlar ham boy beriladi-da.
 
Ikki kun avval

Ikki xil talqin

– La’nat bo‘lsin, bunaqa kunga! Garnizonimizda to‘rt yuzta odam bor, ularda esa yigirma mingta! Miltiqlarining kattaligini qara! Tumshug‘imga tiramasangchi bu matohni! Durbinsiz ham shundoq ko‘rinib turibdi-ku! Anavi chol, Vereshchaginning jahlini chiqarayotgan cholmi? Uni hech kim otib qo‘ymasin, bunaqa xolis cholni ko‘rmaganman!
– Injilni o‘rtaga qo‘yib aytamanki, shu yoshimgacha men ham bunaqa odamni ko‘rmaganman.
– Shoshma bu chol, ko‘zimga juda tanish.
– Ha, albatta-da. Uni Buxoro qamalida ham ko‘rgansiz.
– Yo‘q, u yerdan boshqa joyda ham ko‘rganman. Qaerda bo‘lishi mumkin?! Bo‘ldi, uni Kattaqo‘rg‘onda ko‘rganman. Esingdami, Kattaqo‘rg‘onga yaqinlashganda men janob Golovachyovning yonida edim. Shtrandman bilan kazak otryadi bizga yetib kelib qo‘shilishidan oldin bir voqea bo‘lgan. Polkovnik uzoqdagi buqalarni ko‘rib “Nega bizning buqalar uzoqda boqilyapti?” deydi. Hech kim tushunmay qani-qani deb, talmovsiraydi. Hamma “Qanday buqalarni aytayapsiz janob oliylari?” deydi. U qo‘li bilan Zarafshon tomondagi sigirlar podasini ko‘rsatadi. Keyin u “Gap qaytarilmasin, hoziroq bu yoqqa haydab kelinsin!” deydi. Kazaklar buqalarni haydab kelib uch-to‘rttasini paqqos tushirishadi. Buni eshitib rosa kulgandik...
– Hozir o‘sha buqalardan birortasi bo‘lganda bormi... Karam sho‘rva badga urdi.
– Gapimni bo‘lmasang-chi, keyin o‘sha buqalarning egalari generalga shikoyat qilib kelishadi. General tantilik qilib buqa egalariga tovon to‘ladi. Menimcha, general qo‘rqib ketgan. Buqa egasi yonida ana shu chol bor edi. O‘sha kuni u shunday qo‘rqinchli edi-ki, meni ham qo‘rqinch qamrab olgan edi. Ha, aniq shu chol edi.
– Kaufman janobi oliylariga ham qoyilmasman, birorta istehkom qurmasdan bizni tashlab, Sirdaryosiga ketdi-qoldi. Kaufman janobi oliylariga xat-xabar jo‘natish kerak, bo‘lmasa hammamiz o‘lib ketamiz!
– Qamalning birinchi kuniyoq xabar jo‘natilgan.
– Qanday qilib?
– O‘zimiznikilardan biror kishini tashqarida ko‘rishsa o‘ldirishadi. Shuning uchun shu yerlik bir kishini sotib oldik. Uni yuz so‘m pul va turli imtiyozlar evaziga ko‘ndirdik. Allaqachon xabar yetgan bo‘lsa kerak...
 
 * * *

– Alimqul, anavi kitoblik jo‘rang nega menga buyruq qiladi?! Nima men uning sarbozimanmi?! “Tartib” kerakmish, tartibni Kitobda o‘rnatsin edi! Menga aql o‘rgatmasin, men qo‘limga miltiq olganimda, bularing og‘zidan mushuk-tupugi ketmagan bachalar edi.
– Aytaman, aytaman...
– Xomlik qipti, qizishmang og‘oy. Bu chol sizlardanmi? Ana bo‘lmasa, men bu cholni taniyman. Yaqindagina amakim Zarafshon yoqasida sigirlarini o‘risga oldirib qo‘yganida shu chol yordam bergan edi. Qasam ichishim mumkin, aniq shu edi.
– Shu jinni chol-a?! Qanday qilib?
– Amakim bilan bu chol general oldiga borganida aqalli birorta podachi hamroh bo‘lmagan, sigirlaridan umidlarini uzib, qo‘rqib-pisib o‘tirishgan. Chol bilan amakim generalga shartta yuzlanib, bo‘lgan voqeani aytishadi.
– Payg‘ambar alayhis salomning bobolari Abdulmuttalib tuyalarini so‘rab Abrahaning oldilariga borganday ish bo‘libdi-ku!
– Ha, Muboshir, keldingmi, bu yog‘ini eshit.
– Amakimning aytishiga qaraganda, yonlaridagi hamrohini ko‘rgan generalning rangi o‘chib ketibdi. Keyin hamma narsani qaytarishga buyruq beribdi. Yeb qo‘yilgan buqalarning pulini ham to‘lagan. Tavbangdan ketay, bu o‘sha chol!
– Qaysi cholni aytasizlar?
– Sohibi uzrni aytyapti. Sohibi uzr chol “Bugun ikkita g‘isht qoldi!” deb baqirib, xursand bo‘lib yuribdi. Muboshir, “sohibi uzr”ni ta’rif qilib ber!
– Jim! Men Muboshirni boshqa maqsadda jo‘natganman, chalg‘itmay turlaring! Nima gap ekan?
– Taqsir, ko‘chamizda ahvol chatoq, umid bildirgan yigitlaringizning birortasini qorasi ko‘rinmaydi. Oqtepadagi forsiylar tashlab qochgan tillalarni qidirish bilan ovora ekan.
– Muboshir, bu gapni Salim chalaning oldida bekor aytding. Buyam tilla qidirishga ketadi endi!
– Meni kim deb xiyol qilding, bachag‘ar!
 
Bir kun avval

– Yigitlar, bo‘shashmang, pirim arvoyi, ular to‘kilib bo‘ldi. Bittagina hujum kerak. Anavi sohibi uzr cholga ehtiyot bo‘ling!
– Hazratqul, ana shu cholning o‘rnida bo‘lib qolmadim-da.
– Nega?
– Devor tepasidagi o‘rislarning boshi, deyarli yarim tanasi cholning joyidan bemalol ko‘rinib turgan. Cholning o‘rnida bo‘lsam, chumchuq bolasini urib tushirganday ularni bitta-bitta urib tushirardim.
– Bu yoqda dashti qiyomat, qasrlar xarobaga aylanmakda, lokin telbasi tushmagur chol jannatda qasr qurib bo‘ldi.
– Be-e, esimni tanigandan beri shu chol u yoqqa qasr qurib yuradi. Bir yili Dahbeddagi Solihboyning qo‘ylarini ko‘rsatib qasrimning bitishiga shuncha g‘isht qoldi degandi. Bugunga kelib g‘isht oz qoldi. Lokin qasri hech qachon bitmadi-bitmadi-da.
– Sanashni o‘rganib olgandir-da.
– Jo‘ralar bekorchi gapni qo‘yinglar, Mirzaboyvachcha bilan kitoblik yigitlar tortishib qolibdi. Shu paytda shu kerakmidi?
– Aytishlaricha, Kaufman bu yoqqa qarab yo‘lga chiqibdi. Nima qilamiz? Kaufman kelgunicha qal’ani to‘liq bossak yutuq bizniki. Himoyaga yaxshi joyidi...
– Qal’agacha keladigan ko‘chalarga ham chim yotqizish kerak! Juhudlarning tomi otish uchun ja qulay!
– Alimqul, qanisan Alimqul!
– Nima gap?
– Kitobliklarning ba’zilari arazlab ketib qolmokda!
– Boshni qovushtiradigan bitta tuzukroq bosh bo‘lmagandan keyin ahvol shu-da!

Bugun

Bugun odamlar tiyr bo‘ldi, bulutlar tiyra bo‘ldi. Bilmadim, qaysi tomon Mustafo cholni yerga qulatdi. U qulashidan avval “Qasr tayyor, qurib bitirdim!” deb baqirdi. Bilmadim, daydi-badar o‘q qaysi tomondan uchib keldi?! U yiqilganda suvli qo‘li loy bo‘ldi. Shunda loyli qo‘lini yonidagi chalajonning og‘ziga tutib hushdan ayrildi.
Tomonlar biroz shashtidan tushgach, kimdir Mustafo cholni salang-salang qilib ko‘tarib uyiga tashlab keldi. Kampiri cholni qarg‘adi. Bilmadim, qancha qarg‘adi, hamma joyni chang-to‘zon qilib Kaufman askarlari bilan yetib kelganda ham kampir cholni qarg‘ayotgan edi: “Yer yutsin sizni! Badtar bo‘ling, jinni chol! Ajab bo‘pti, xo‘p bo‘pti, pishirib qo‘yibdimi janggohda! Voy meni sho‘rim qurib qoldi, voy kim bor?! Hah, jannatdagi qasringizni yer yutsin! Shu kunlar ham bormidi boshimda?! Shu kunlaring ham bormidi?! To‘p otganlar to‘pga uchrasin! Iloyo, tiyri bo‘ron bo‘lsin! Mundoq qiling, jinni chol! Suvmi bu, peshobmi? Mundoq qiling, o‘giriling, mundoq! G‘ishtmi bu, jinni?! O‘sha jannatdagi uyingizga bir umr tilla g‘isht qo‘ydingiz, beshta qoldi, o‘nta qoldi, deb! Arpa unga zor bo‘lib turganimizda, bittasini, aqalli bittasini shu dunyo uchun so‘raganingizda o‘larmidingiz?! Yeyishga kepak ham yo‘q! A, jinni! Savdoyiligingizga bir umr chidaganim hurmati, bitta tilla g‘ishtni shu ro‘zg‘orimizga so‘rasangiz o‘larmidingiz! Hah, to‘p otganlar to‘pga uchrasin, iloyo!”
Chol ingrab naz’ holatiga tushdi. Xira tafakkurida o‘tgan amallarning ayqash-uyqash sarhisobi boshlandi: “Solihboyning qo‘ylarini sanog‘icha qoldi! G‘ishtlarimning sonini bilmayman, qasrimga yetkazilmagan g‘ishtlarning sonini bilaman! Hoy, farishtalar, bu g‘ishtlar saroyimning arki uchun! O‘n beshta qoldi, Kattaqo‘rg‘ondagi odamlar guvoh, o‘n beshta qoldi! Mana sanadim! Alimqulmisan, beshta qoldi! To‘rtta qoldi... Uchta qoldi... Ikkita qoldi... Bitta qoldi... Qasr tayyor, qurib bitirdim!.. Muncha qarg‘amasa bu! To‘g‘ri aytadi, tashigan g‘ishtlarimning bittasi bu yoqda bo‘lib qolmadi-da. Ha, atigi bittasi bu yoqda bo‘lmadi-da. Kampirga holva berishga, tandirni, bostirmani boshqatdan qurishga bittagina g‘isht bu yoqda bo‘lmadi-da. Kampir holvani yaxshi ko‘radi. Muncha jag‘i tinmaydi... Kampir to‘g‘ri aytadi...”

Barzax

Yana tartibsizlik ichida tartib boshlandi. Yashil halqa oq halqani siqib qo‘ydi. Keyin tashqaridan oq halqalar ko‘payib, yo‘g‘onlashib yashil halqani qisa boshladi. Hamma tomonni chang va oq bulutlar tutdi. Mustafo chol osmonga uchdi. U ham chang to‘zonlar orasidagi kamayib-ko‘paygan, bir-birini siqqan halqalarni ko‘rdi. Oq halqadagi odamlar yiqilganida qora tutun ularni o‘rab olganini, yashil halqa ichidagi kishilar yiqilganida ularning ba’zisini oq bulut, ba’zisini qora tutun tutganini ko‘rdi. U yanada yuksaldi. Bir ma’voga yetdilar. Uni ostonasiyu ark, toqlari, hamma-hammasi tilladan yasalgan bir saroyga qo‘ydilar. Saroy tepasida yashil qushlar charx urardi. Chol tilla hovuzni ko‘rdi. Undan suv ichkisi, ichiga tushib cho‘milgisi keldi. Oyog‘idagi bodi ham yo‘qolgan, ildam ichkari xonalarga kirdi, ko‘zi qamashdi. Xobxonaga kirdi. Yonboshladi. Uzum shingilidan ko‘tarib olgan bir qush uning yoniga uchib keldi. Lekin, qaydandir sal junjiktiruvchi shamol g‘irillab kira boshladi. Mustafo chol alangladi. Ko‘rdi. Bir xobxona devorida bir g‘isht yo‘q edi. Shu joydan shamol kirayotgan edi.

Xulosa

Kampir dod solib, yer mushtlab yig‘lay boshladi. Qo‘shnilar yugurib chiqdi. Uni yupatishdi. Keyin sal o‘ziga kelgach, bir bolani yuvg‘uvchiga jo‘natdilar. Janoza o‘qishga imom topilmadi. Narzi imom ko‘ch-ko‘ronini yig‘ishtirib qayoqqadir qochib ketibdi emish. Hech kim tanimaydigan bir musofir salom berib keldi. Ustidan safar alomatlari bilinib turardi. To‘planganlarga imomlik qilib shu musofir janozani o‘qidi.
Kampir ostonasidan bir g‘isht topib oldi. Uni chetga otib yubormoqchi bo‘lgan edi, ustidagi tuproq to‘kilib sariq rang ko‘rindi. Yaxshilab artdi. “Oltin g‘isht!” Ko‘zlariga ishonmadi. Kampir suyundi. “Kim tashladi, boyagi qochgan forsiylar tashladimikan yo Ibroy juhud tushirib ketdimikan?! Halolmikan yo birovning omonatimi? Undoq desam ostonadan ichkariga tushadimi? Kesakidan, devordan ichkariga tushgan-ku!”
Kampir u yoq-bu yoqqa alanglab, ko‘ylagini ko‘tarib, oltin g‘ishtni quruqshab qolgan siynasiga bosib, ichkari xonaga kirib ketdi.

“Sharq yulduzi” jurnali, 2013 yil, 2-son.

Eʼlon

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.