OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Shukur Xolmirzayev. Ahad Mirzo yig’ladi (hikoya)

Ateistlar jamiyatiga rais etib tayinlangan Mirzo bugun oqshom toshloq ko‘chadan uyi tomon yurarkan, yo‘l yoqasidagi yolg‘iz qabrga birinchi marta e’tibor qildi va unga tikilib qoldi.
Shunda orqasidan buldozerini haydab, o‘zidan sinf keyin o‘ninchini bitirgan mexanizator G’olib kelib qoldi.
— Ha, Ahad aka? Chiqing mashinaga! — dedi u.
— E, mashinagayam chiqarmiz, — dedi Ahad Mirzo — Manavi qabr qiziqtiryapti meni. Kimniki ekan?
— Bitta paymonasi to‘lgannikidir-da, aka, — G’olib. — Nima, yoqmayaptimi sizga?
— Gap yoqish-yoqmasligidami! — g‘ijindi Mirzo. — Gap uning xalqqa qiladigan ta’sirnda, masala!
— E, xalqqa nima ta’sir qilar edi! — dedi G’olib. — Turibdi-da. Eski qabr. Men yalangoyoq yur paytlardayam bor edi bu. O’zingiz-chi, o‘zingiz bilmaysizmi?
— O’zim-ku bilaman. Lekin nima uchundir e’tibor qilmaganman-da! — dedi Ahad Mirzo. — Har holda bu qabrning bu yerda yolg‘iz turishi yaxshi emas... bilasizmi, uka, bu bekorga tikkayib turibdi deb o‘ylaysizmi? Qarang, atrofi devor bilan o‘ralgan. Tug‘iyam bor, tug‘i! Hozir tekshiramiz. Qani, tushing siz ham pastga... Mana, mana muni ko‘ring! Bu toshni ko‘ring. Ustiga yog‘ to‘kilgan, mana, gugurt cho‘plari, bu yerda chiroq yoqilgan... Vot masala!
— Xo‘sh, nima qilish kerak endi? — so‘radi G’olib ensasi qotib.
— Nima bo‘lardi, buni bu yerdan ko‘tarish kerak!
— Yo‘g‘-e, qo‘ying-e!
— E, qarshimisiz, G’olibboy?! Menga maslahat berish o‘rniga bu qabrning yonini olasizmi? Kim biladi, balki bu bir shayxning mozoridir? Balki bir eshonning, mullaning qabridir? Bo‘lishi mumkinmi. Juda mumkin-da! Shunaqa...
— Bo‘pti, men betaraf! — dedi G’olib va buldozerini jildirdi.
Biroq Ahad Mirzo bo‘sh kelmay, uning yo‘li to‘sdi:
— To‘xta!
— Nima?
— Tush pastga?
— Gapiravering, ishim zaril. Ovqatlanganim yo‘q, cho‘lga ketaman.
— Tush deyapman. Nimaga majbur qilasan kishini?
— E, men nima qildim sizga?
— Tushmaysanmi?
— E...
G’olib tushib, unga ro‘para bo‘ldi.
— O’chir aravangning ovozini, o‘chir, gapni ko‘paytirma!
— Uf...
— Bu yoqqa ke!
— Qulog‘im sizda.
— Bu qabr kimniki?
— Esingiz joyidami, men qaerdan bilay! Bitta-siniki bordir-da... Bir yilda ham ko‘zim tushmaydi bunga.
— Yolg‘on aytasan, yolg‘on! Ko‘zingdan bilib turibman... Bo‘lmasam, buzamiz deganimda, nimaga xo‘p demading? Yo‘q, uka, chuchvarani xom sanama... Men nimagadir e’tibor qilmaganman-a! Lekin sen... sen emas, enang ham, otang ham, bobong ham bilasizlar buning tarixini! Bundagi chiroqni enang yoqmaganiga meni qanday qilib ishontirolasan? Yoki bo‘lmasam, shu yerdan otang o‘tayotganda, fotiha o‘qimaganiga kimni kafil qilolasan?! A? Ana shunday! Meni alday olmaysan!
G’olib yolg‘on to‘qidi:
— Kechirasiz, aka. Sizning gaplaringiz rost... Ota-onang bu yerga kelib, ilmi-amal qiladi deganingiz, lekin yolg‘on! Shu gapni otam eshitsa, sizni yomon xafa qiladi. U frontovik, pensioner! O’zlari pionerlarga mullalarni, eshonlarni yomonlab yuradi. Bilarsiz. Enam ham shuning biri. U ovqatni yeb, dasturxonga fotiha o‘qishni ham bilmaydi... Bilmaydi! Buni o‘ziyam isbotlab beradi. Xohlagan joyingizga chaqirtiring! Mayli.. Lekin bitta gapingiz rost, biz buni kimning qabri ekanligini bilamiz. — G’olib tiliga kelgan gapni qaytarmadi: — Bitta musofir o‘tgan vaqtida. Afg‘onimi, eronmi bo‘lgan. Uni odamlar sazoyi qilgan, shu yerda o‘lgan, shu yerga ko‘mishgan uni! — G’olib shunaqa bir muhojirni inqilob arafasida toshbo‘ron qilingani haqidagi hikoyani otasidan eshitgan edi. Hozir uni aytar ekan, o‘sha musofirning qabri shu ekaniga endi o‘zi ham gumon qilmai davom etdi: — bechoraning nima uchun sazoyi qilingani ham ma’lum aka. Bitta Narzi degan kampir bo‘lar ekan-da, kimi yo‘q, birovlarning kirini yuvib berib, tirikchilik qilarkan. O’sha afg‘oni ham ust-boshini yuvdirarkan. Buni bir eshon bilib qopti, qarasa, kechqurun xorijiy odam Narzi xolaning uyidan chiqib kelyapti. Eshon o‘lgur ayyuhannos solibdi: «O, musulmonlar, nas chikdi, nas! Yuzini ko‘rmanglar!» deb. Keyin, odamlarni bilasiz, ko‘r bo‘lgan u vaqtlar, darrov yopirilib kelib, bechorani tosh bilan ura ketibdi. Shu, aka! — Shunda G’olib, bu o‘jar yigit surishtirib ketsa, so‘zi yolg‘on chiqmasin uchun yana bir hikoya aytdi: — Lekin, Ahad aka, yana bir gap ham eshitganman, qizil askarning go‘ri deyishadi buni. Ishonmaysizmi? O’zingiz bilasiz... Ana, anavi tog‘ning tili bo‘lsa gapirsin... Qishloqni qizillar egallab olganda, otlariga yemish topisholmagan. Shunda birovdan Yetim cho‘qqi ostida bug‘doy bor, bosmachi ko‘mib qo‘yibdi, degan gapni eshitishgan. Keyin, borishgan. Lekin bundan bosmachilar xabar topgan ekan, tog‘ning orqasiga o‘tib, tepadan kelishgan. O’, bilasizmi, tepaning orqasida qor qalin! Bosmachilar u yoqdagi chorvadorlarning yerga to‘shab qo‘ygan kigizi bormi, gilami bormi, hammasini olib, qorga to‘shab, keyin shuning ustidan yurib kelishgan. Keyin qizillarni otib tashlagan. Shunda ulardan bittasi aravani olib qochgan deyishadi. Shu yerga yetganda, bosmachi orqadan yetib kelib, otib tashlagan. Ishonmayapsizmi? Bilasizmi, men ham bu gaplarga uncha ishonmayman, Ahad aka. Xo‘p, endi men ketay!..
— Ketmaysan!
— Nima?
— Ketmaysan deyapman!
— Xo‘sh, endi nima deyin? — G’olibning jahli chikdi. — A, aka, o‘zi odammisiz! Men nima
Yana nechta bahona to‘qiy! Kim biladi, bu kimning qaeri! Lekin... bir kampir shu yerda is chiqarganini ko‘rganman.
— Kim? Kim u? Qaysi kampir? Qaerda?
— E, Zinnat momo bor-ku... Uning gapi to‘g‘ri edi: Zinnat kampir shu qabr boshiga goho kelib is chiqarib, chiroq yoqib ketardi.
— Yaxshi, — dedi Ahad Mirzo.
U ertalaboq nonushtani qilib-qilmay, kampirning hovlisiga bordi. Kampir o‘tgan yili qazo qilgan opasining chirog‘ini yoqib o‘tirardi, bir necha tovug‘i, bir laycha iti, almisokdan qolgan charxi, urchug‘i va opadan meros qolgan ikki uy, bir ayvonli imoratdan bo‘lak narsasi yo‘q... uning... o‘zidan bo‘lak kishisi ham yo‘q edi. Aytishlaricha, vaqtida ko‘p serfarzand bo‘lgan, so‘ng ularni bir kechada bosmachilar so‘yib ketgan. Opa-singil oh-voh deb qolishgan.
Kampir tandir ustidagi supada urchuq yigirib o‘tirardi.
— Salom, momo!
— Salom. Kim bu?.. E, e, Safar Mirzoning o‘g‘limisiz, bolam?!
— Xuddi shu. Ahad Mirzoman! — dedi ateistlar jamiyatining raisi. — It tishlamaydimi?
— Yo‘q, bolam. Hurgan bilan olmaydi, menga o‘xshab qolgan. Keling, o‘tiring. Ha, bahay?
— Momo, vaqtim ziq, sizdan bir narsa so‘ray deb keldim.
— Voy, bolam, axir munday o‘tiring! Qani, so‘rang, o‘zimam zerikib o‘tiribman. Qarigandan keyin odamlarga yoqmay qolar ekansan...
Ahad Mirzo yerda yotgan to‘nkaga o‘tirdi. Kampir urchug‘ini ko‘rpachaga qo‘yib, bo‘g‘inlari ko‘pchib chiqqan qo‘llarini fotihaga ochdi:
— Yaxshilik kunlar bo‘lsin, to‘ylar bo‘lsin! Bemahal o‘lim, quruq tuhmatdan asrasin, omin!..
Ahad Mirzo kampirga o‘qrayib, xuddi bir sirning tagiga yetgandek shodlanib ketdi:
— Kampir, savolim shundan iboratki, — deb gap boshladi. — Avvalasi, ayting, siz shu jamiyat tarafdorimisiz?
Kampir tushunmadi.
— Bu nima deganingiz, bolam?
Savol Ahadning o‘ziga ham yoqmadi:
— Kampir, siz eshonlar, muftilar, mullalarga qanday qaraysiz? — dedi va ishtiyoq bilan qo‘llarini tizzasiga tirab oldi.
— Ular... ha, bu nima uchun sizga kerak bo‘ldi, bolam? Bir gap bormi. He, bir zamonlar shunday gaplar bo‘lgich edi. A?
Kampir, o‘smoqchilamang, men sizga konkret savol beryapman.
— Uf... bolam, — chuqur xo‘rsindi Zinnat buvi. Axir, qarang endi, qancha yillar o‘tib ketdi. Su azon aytadigan mezananing buzilganida men kelinchak edim.
— Bo‘lmasam, sizga boshqa savol beraman. Xudoga ishonasizmi?
— Xudogami? Xudoga.. O’, bolam, biz endi sop bo‘lganmiz. Kishi qarigandan keyin boshqacha bo‘lib qolar ekan. Xudoni so‘kkan mahallarim ham bo‘lgan. Axir meni: bola-chaqam, erim, qarindoshlarimdan ayirgan kim, bolam? Bosmachilar! Sizlar bilmaysizlar-da. Xoliqboy eshon ularning kattasi edi, eshitgandirsiz? Shuning fatvosi bilan urug‘-aymog‘im so‘yilib ketgan. Siz menga yana eshon, mulladan gapirasiz, jonim!
— Hozir-chi, hozir xudoga ham ishonasizmi, o‘sha din peshvolarigayam. A?
— E, bolam! Meni chiqartirib otmaysanmi? Men dunyoni ko‘rganman! O’likniyam, tirikniyam, qonniyam ko‘rganman. Bu umr foydaga qolgan, chirog‘im! Savolingni qarang!
— Demak, javob berishni istamaysiz. Xo‘p, buni e’tiborga olamiz. Endi... sizga boshqa bir savol: anavi yo‘lda bir qabr bor-ku, ustida tug‘iyam bor. O’shanig nima uchun vaqt-bevaqt ziyorat qilib kelasiz? A?
Kampir xayolga toldi.
— A? Unimi, — dedi-da, ko‘ziga yosh oldi: — Shuniyam ko‘p ko‘rdingizmi, bolam? — birdan ovozini ko‘tardi: — Axir, men nima qilay? Kimga sig‘inay," kimga topinay? Men bilan opamni olib ketishgandan keyin o‘liklarni ko‘mishgan ekan. Biz o‘zimizni bilmay qolganmiz! Shunda otish, tutishning hisobi yo‘q edi. Qaerga ko‘mgan, kim biladi! So‘rab-surishtirib ham biololmadik... Keyin, bir odam sen aytgan qabrni ko‘rsatdi... Men ham noiloj shunga bordim. Shundan beri har seshanba chiroq yoqib kelaman, arvohlari shod bo‘lsin deyman-da.
— Arvohlar... Arvohgayam ishonasizmi-a?
— Bolam, men aytdim-ku, chiqartirib ottirmaysanmi qo‘lingdan kelsa! To‘xta, nimaga meni so‘roq qilasan? Kim bo‘lding sen o‘zi? E, odam deganniyam muncha qiynaydimi! Bor-e, nima...
— Yaxshi! Sizga so‘nggi savol, — dedi Ahad Mirzo. — Demak, siz qabrda kim yotganini umuman bilmaysiz? A?
— Endi u.. kim bo‘lsayam, — kampir bo‘g‘ildi, — kim bo‘lsayam... mening jigarlarim!
— Yo‘q, bu yerda aniqlik kiritish kerak!
Kampir birdan itini chaqirib, baqira boshladi:
— Ol! Ol manavini! Ol-e, bergan tuzim ko‘r qilsin! Ol, tishla, deyapman!
— Kampir, baqirmang! Yaxshimas!
Ahad Mirzo bu masala bilan to‘rt kun shug‘ullanib, biror natija chiqara olmadi: birov qabrda yotganni bosmachi dedi, birov qizil askar dedi, boshqasi uni musofirga chiqardi, yana biri shahid, deb turib oldi...
Oxiri Ahad Mirzo shu xulosaga keldi. Agar bu yerda qizil askar yoxud bizning odamlardan birontasi yotganida edi, qabr bu ahvolda bo‘lmas, unga boshqacha tus berilgan bo‘lar edi. Ahad Mirzo qishloq chetidagi qabristonda ming-ming o‘liklarning ham go‘ri shu go‘rdan farq qilmasligini bilsa ham shu fikrda turib oldi... «Yaxshi emas, buning tarbiyaviy ishimizga zarari bor!» deb, uni buzdirib, tekislatishga qaror qildi.
So‘ng o‘ylab-o‘ylab G’olibning o‘ziga buzdirmoqchi bo‘ldi.
— Buzmayman! — dedi G’olib.
— Buzmay ham ko‘r! Tush buldozerdan bo‘lmasam!
— Tushmayman, buni siz berganingiz yo‘q... Xo‘p, mana tushaman! Buzsangiz o‘zingiz buzing, men buzmayman. Hoy, inson, buning nima zarari bor sizga? Bu yerda yotgan axir... odam. Kim biladi endi u... kim bo‘lgan. Bu bilan nima topasiz?
— Bu bilan biz ko‘p narsaga erishamiz! — ko‘tarilib ketdi Ahad Mirzo. — Men uchun juda katta problema tug‘ildi, ukam! Men butun qishloqni aylanib shunday qabrlarni topishga ahd qildim! Barini tekislataman! Toki, bular haqida har xil afsonalar yurmasin hamda hech kim kelib, chiroq yoqmasin, sig‘inmasin, bildingizmi?! Yana yangi zamon odami bu... Bilyapsizmi, bu ishning qanchalik katta ahamiyati bor! Biz shu bilan xalqning, ya’ni ba’zi birlarning ongida saqlangan eng so‘nggi... eskilik, din qoldiqlarini ham chiqarib — supurib tashlaymiz!
— Bilganingni qil-ey! — o‘dag‘ayladi G’olib sensirab. — Tirik yurasanmi shu qishloqda?
E, hali menga qarshi turadigan kishilar ham bormi?
— Yo‘q, hech kim qarshilik qilmaydi, — so‘zladi G’olib. — Lekin buz-chi, biron shikastga uchraysan!
Ahad Mirzo qah-qah urib kuldi-da, qo‘llarini beliga tirab turib, dedi:
— Tush pastga! Ko‘zingning oldida o‘zim buzaman!.. Bilaman buni yurgizishni, bilaman. Qani, tush!
G’olib bir nafas o‘ylab turdi-da, pastga sakrab tushdi. Ahad Mirzo rulga o‘tirib, buldozerni bir amallab yurgizdi, uning surgichini ham bir amallab tushirdi va qabrga qaratib haydadi. Uni buzib-surib o‘tarkan, allanechuk bir titradi ham, lekin buni bildirmay, yana orqaga qaytmoqchi bo‘ldi, eplolmadi. Qabrning lahadi ochilib qoldi.
— Marhamat! Ol mashinangni! Ko‘rdingmi?
— Ko‘rdim, lekin sizni bir balo qiladi shu, qabr! — dedi G’olib.
— Qilgan kuni menga salom berasan. Kelishdikmi?
— Kelishdik... — G’olib o‘kinch bilan qabr boshiga keldi, cho‘nqayib tikildi va unda hech qanday inson suyagini ko‘rmadi. Hayron bo‘lib, pastroqqa ham tushdi, hech narsa yo‘q edi. «Har holda yaxshi ish bo‘lmadi», deb yo‘lga chikdi.
Shu kecha bu buzilgan qabr boshidan Zinnat kampirning uvlagan ovozini butun mahalla-ko‘y eshitdi. Uch kundan keyin uning uyiga ta’ziya bildirgani bo-rishdi. Kampirni qishloqning shimolidagi katta qabristonga qo‘yishdi.
Ahad Mirzo bu marosimni ham kuzatib yurib, yana xiyla problemalar topdi: nimaga kampirning tobutini ko‘targani shuncha odam talpinadi? Nega ular go‘rga tuproq tashlagani shoshadi? A, odamlarda dinning ta’siri zo‘r ekan... Vot masala qaerda! Qabr boshida fotiha o‘qishdi-ya? Obbo... Anavi o‘qituvchi ham bor edi, agronom ham! Gaplashamiz, gaplashib qo‘yamiz hali ular bilan... Shu saviya bilan maktabda dars beradi-ya! Biri xalqqa boshchilik qiladi! Ko‘ramiz... Raykomga kiraman! Yana bir oz fakt to‘play!
Bir kuni Ahad Mirzo havaskorlar kontsertidan kech chikdi. Odam juda gavjum edi. Ko‘chani kesib o‘tib, choyxonaga kirdi. Chollarning suhbatiga quloq solib o‘tirdi. So‘ng uyiga yo‘l oldi. Ahad Mirzo G’olib bilan bo‘lib o‘tgan o‘sha suhbatdan keyin, uni eslaganda kulsa ham, baribir qabrni buzayotgan mahalida seskangandek seskanib ketar, buni birovga aslo bildirgisi kelmas edi.
Oy sutdek yoritib turar, o‘yiq qabr ortidagi da-raxtzordan boyqush ovozi kelar edi. Ahad Mirzo bir-bir bosib, bir kuyni xirgoyi qilib ketaverdi. Qabr yonidan o‘tayotganda, ovoziga yana kimdir jo‘r bo‘lgandek tuyuldi. U kulimsirab to‘xtadi-da, qattiq yo‘talib oldi. Balandroq xirgoyi qilib, ildamladi. Shunda yoniga bir kesak tushdi. Ahad Mirzo gir aylanib qaragan edi, qabrni ko‘rdi. Uning og‘zi qorayib turar, nari-berida yotgan yog‘ochlari oqish bo‘lib ko‘rinar edi. U yana yo‘liga ravona bo‘ldi-yu, ingichka ayol ovozini eshitdi:
— Ahadjon!
— A? — Ahad Mirzo keskin o‘girildi.
Go‘rdan oppoq kafan yopingan bir maxluq chiqib kelar edi.
— Ahadjon, qo‘rqma, — dedi u.
Ahad Mirzo yutindi, yo‘liga qaradi-yu, xirillab yubordi:
— Enajon! — O’zini oldinga otdi, yiqildi, o‘rmaladi...
Ahad Mirzo shu ketishda darvoza oldiga yetib yiqildi. Uni ko‘tarib hovliga olib kirgan xotiniga qaynanasi baqirdi:
— Nima balo, ichibdimi? Mundoq odati yo‘q edi-ku!
Chiroq yorug‘ida Ahad Mirzoning murdanikidek oqarib ketgan yuzi, qiyshayib qolgan og‘zi ko‘rindi. Qaynana birdan barmog‘ini chakkasiga bosdi. Xotin o‘kinib yuborib, cho‘nqaydi.
Oradan uch oy o‘tgach, Ahad Mirzo odam qatoriga kirdi. Bolaligi o‘tgan toshloq ko‘chani qoldirib, aylanma yo‘l bilan raykomga bordi. Raykom sekretariga bor gapni oqizmay-tomizmay aytib berdi.
Sekretar diqqat bilan quloq solgach, kuldi:
— Xo‘sh, nima qilmoqchisiz endi?
— Endi ishlamasam degan edim, — dedi Ahad Mirzo.
— Ixtiyor o‘zingizda, — dedi sekretar.
— Menda?!
— Ha. Biz nima ham deya olamiz.
— Axir... Lekin men ham oxirgi so‘zimni aytay, — Aavom etdi Ahad Mirzo. — Xudo bor ekan, eshon, mulla, muftilarda gap ko‘p ekan, o‘rtoq...
— Siz aynabsiz, — dedi sekretar.
Bir kun mahallada to‘y bo‘ldi. Ahad Mirzo bordi. U chopon kiyib olgan edi. Unga ichkilik tutishdi, u ichmadi. Bir mahal davra tarqay boshladi. Hamma eshik og‘ziga yetganda to‘rdagi so‘zana yor qaqqaygan G’olib Ahad Mirzoni chaqirdi:
— Ahadjo-n!
Ahad Mirzo tanish ingichka ovozni eslab, keskin burilgan edi, G’olib Ahad Mirzoning ovozida:
— Enajo-on! — deb o‘zini derazaga urdi.
Ahad Mirzo shu kecha G’olibni qo‘lida pichoqni xo‘p izladi. So‘ng yig‘ladi: raykomga boraymi, mozorgami?

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.