OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Shukur Xolmirzayev. Bahor o‘tdi (hikoya)

Mastura sho‘x, odam bilan kulimsirab gaplashadigan, suhbatdoshiga tezda yoqib qoladigan, suhbatdoshi kim bo‘lmasin, unda o‘ziga saxiy bir mehr, xayrxohlik uyg‘otadigan qiz edi. U ko‘p narsani o‘ylab, fikr qilib o‘tirmasdi. Lekin, o‘zining yoqimli ekanini bilar va hamisha yoqimli bo‘lib qolishiga ishonar edi. Shuning uchun teng-to‘shlariga ham, muallimlariga ham, qo‘shnilari va yolg‘iz onasiga ham erkalik qilar, ters-ters gapirib ketaverardi.
Ularning yigirma sotix tomorqasi bo‘lib, unda otasi ekib ketgan xil-xil mevali daraxtlar ko‘p edi. Shu bog‘dan keladigan daromad va otasiga to‘lanadigan pensiya puliga kun kechirishar edi.
Masturaning otasi qirq uchinchi yilda sillasi qurib, ishlab turgan magazinida o‘lib qolgan edi.
Mastura shu magazin oldidan o‘tganda otasini eslar va ko‘ziga yosh olardi. Qishloq kichkina, shuning uchun qizni hamma tanir va o‘tmishi-yu, hozirgi hayotini bilar, yig‘layotgan qizning ko‘nglidagi g‘amni sezib, unga hamdardlik bildirishardi. Mastura battar yig‘lar va yig‘isi tamom bo‘lganidan keyin odamlarning unga ko‘rsatgan dildrrligini eslab, ichida mamnun bo‘lar, xayrxohlik ko‘rsatmaganlariga alami kelib, ularni so‘kar edi.
Mastura hamma meni suyadi va suyishi kerak deb hisoblar, ularning nega suyishlari haqida o‘ylash esa, xayoliga kelmas edi. Odamlar bo‘lsa avvalo uning yoqimtoy, erka qiz bo‘lgani uchun, so‘ngra, uning takdiriga achingani uchun suyishar va ko‘nglini cho‘ktirmaslikka harakat qilishar edi.
Mastura to‘qqizinchi sinfda o‘qib yurganida uni o‘ninchida o‘qiydigan maktab komsomol tashkilotining sekretari Akobir degan yigit yaxshi ko‘rib qoldi.
Akobirning ota-onasi u yoshligida o‘lib ketgan, u olti yasharligidan yetim bolalar uyida tarbiyalangan, zehnli, andishali, bir so‘zli va ko‘ngli yarim yigit edi. Uning bitta tog‘asi bor edi. Tog‘a bola-chaqasi bilan qishloqning shimolidagi chorbog‘ida turar, uning ovdan qo‘li bo‘shamas, bo‘sh vaqtida choyxonada o‘tirib, ov tafsilotlarini ko‘pirib hikoya qilardi.
Akobir tog‘asi bilan kam muloqotda bo‘lar, o‘zini mag‘rur tutib yurar edi.
Ozg‘in, novcha, qirraburun bu yigit Masturani yaxshi ko‘rib qoddi. U ilgari ham bir-ikkita qizni yaxshi ko‘rgan edi. Ammo Masturani sevib qoldi-yu, unga xiyo-nat qilmadi. Faqat yaxshi ko‘rish bilan chegaralanga-nida, balki vaqti kelib unutar, boshqasiga ko‘ngil qo‘yib ketaverar edi. Chunki, u yosh edi... Biroq, bu andishali, ko‘ngli yarim yigit qizning tarjimai holi bilan tanishdi-yu, unga bog‘lanib qoldi. Muhabbatiga achinish hissi ham qo‘shildi. Bu ikki tuyg‘u bir po-yondoz bo‘lib, Masturani uning ko‘ngliga olib kirib qo‘ydi...
Mastura ham unga mayl bildirdi. Ammo tanishgan kunlaridayoq unga erkalik qildi, ters gapirib ketib qoldi. Akobir o‘sha kuniyoq qo‘lini yuvib, qo‘ltig‘iga artmoqchi bo‘ldi, tag‘in uning oilasi taqdirini o‘ylab: «Yo‘q, xafa bo‘ladi. Ko‘ngli cho‘kadi, sag‘ir deding-da, deydi», dedi ichida. Bu mulohaza unga keyinchalik ham hamroh bo‘lib qoldi. Shuning oqibatida Akobir Masturaning barcha xarxashalarini ko‘tara boshladi.
Mastura ham uni yaxshi ko‘rib qoldi.
O’ninchini bitirishgach, Akobir Toshkent Davlat universitetining gyoologiya fakultetiga o‘qishga kirdi. Masturani bir necha sinfdoshlari qatorida maktab direktori Qarshiga eltib, muallimlar institutiga joylashtirdi.
Qobiliyatli Akobir yaxshi o‘qib ketdi. Bir necha durust-durust qizlar unga ro‘para bo‘la boshladi, lekin, Akobir ular bilan yurmadi. «Mastura eshitsa, xafa bo‘ladi», dedi. Mastura faqat sevgilisining bevafoligidan emas, o‘z taqdiridan ham xafa bo‘ladi, deb o‘yladi.
Mastura o‘rtacha o‘qiy boshladi. Maktabda muallimlar baho yo‘rig‘ida ham saxiylik qilishar edi. Bunga o‘rgangan Mastura institut domlalarining o‘ziga hamma qatori qarashlarini tushunmadi. «Bular qiziq, qarshilik», deb ularni yomonlar edi u. Keyin, kursdoshlari ham unga hamma qatori muomala qilar, Mastura buni ham tushunmas edi. To‘g‘ri, ba’zi yigitlar uni ko‘rganda miyig‘ida jilmayib, unga ishora qilar, goho uning bichimi kelishgan qiz ekanini yuziga ham aytar, Mastura bulardan mamnun bo‘lar, biroq, shulargina uni qanoatlantirmas edi.
Sevishganlar xat yoza boshladilar.
Akobir Masturaning xatlarida nolish ohanglarini uqa boshladi. Ikki yil badalida stipendiyasini tejab-tergab, bir gal bahorda, bir gal qishda Qarshiga kelib ketdi.
Bu harakat ularni bir-biriga yana ham yaqinlashtirib qo‘ydi. Akobirning sevgisi ham, Masturaning muhabbati ham oshib-toshib ketdi. Bu vaqtda Mastura hamma kursdosh qizlar bilan urishgan, muallimlar ham unga sovuq munosabatda bo‘lib qolishgan edi. Negaki, Mastura uch-to‘rt marta hammaning ko‘z oldida darsdan chiqib ketdi.
Bora-bora Masturaning o‘qishdan ko‘ngli sovidi. Uning xayoliga nuqul ko‘zi shilpiq onasi, katta bog‘lari kelar; maktabdagi muallimlari va qo‘ni-qo‘shnilarining kulimsiragan chehralari namoyon bo‘lar; keyin, bular ortida ufqni to‘sib, Akobir turar edi. Mastura xohlasa, uni oyog‘iga poyondoz qiladi, xohlasa yelkasiga minib uchadi. Akobir uni istagan manziliga eltadi, u hamma yerda hamqishloqlarining mehribon chehralarini ko‘rib turadi.
Uchinchi yili Mastura: «men o‘qimayman», deb xat yozdi Akobirga. Akobir Baxmaltog‘da edi. Xatni sakkizinchi kuni oldi va «bir falokat bo‘lgan... Bir shp bo‘lgan... Yuzi chidamay ketgan», deb o‘ylab ko‘ngli Masturani orli, nomusli qiz faxmlab, Qarshiga yetib keldi. Bu vaqtda Mastura qishloqqa ketib qolgan, xatiga Akobirdan tezda javob olmagani uchun undan qattiq xafa bo‘lgan edi. Akobir institut ma’muriyati bilan gaplashib, o‘zining shubhasi behuda ekaniga ishondi. Masturaning o‘zi o‘qishni xohlamay ketganini eshitdi. Biroq: «Yo‘q, bu mumkin emas. U o‘qishni yaxshi ko‘radi. Axir biladi-ku, u o‘qishi kerak. Oilasi uchun ham... Qishloqdan o‘qiyman deb chiqqan. Keying «o‘ngli o‘ksik uning. U boshqalardan kam emasligini isbotlash uchun ham o‘qishi kerak», deb o‘yladi va Qarshida eshitgan gaplariga ishonmay, qishloqqa jo‘nadi.
Kelib tushgach: «Agar hozir undan xabar olmasam» battar ranjiydi», deb yetim bolalar uyiga burilmay, to‘g‘ri ularnikiga ketdi.
Mastura Qarshidan qaytib kelayotganida, bu ishi hamqishloqlari orasida albatta, har xil gumon va mishmishlarga sabab bo‘lishini tasavvuriga ham keltirmagan edi. Mashinadan tushgani hamono buni his etdi-yu, fig‘oni falakka chikdi.
Kutubxonachi rangpar ayolning: «Bahay? Tinchlikmi?» degan savoliga: «Yo‘q, urush bo‘ldi, hamma qirilib ketdi», deb javob berdi.
Akobir yuzi oqargan holda chimirilib kirib kelganida, Mastura jonidan to‘yib, alamini kimdan olishini bilmay o‘tirgan edi.
— Namuncha daragingiz yo‘q? — dedi supa labidan turmay. — Xatga ham javob bermaysiz! Yo toshkentlik qizlar qo‘lingizni bog‘lab qo‘yganmi?
Akobir tushunmadi.
— Masturaxon, Toshkentdamasdim, praktikada edim, — dedi atrofga xavfsirab qarab.
— Yuravering edi! Bevafo!
Masturaning ko‘ngli to‘lib ketdi birdan. Qarshiliklarning muomalalari, hamqishloqlarining munosabatlari yodiga tushib, tomog‘ini bo‘g‘di.
— Men baxtsiz tug‘ilganimdan ko‘ra o‘lsam bo‘lmasmidi. Otajon, qaerdasiz? Kelib qizingizni ko‘ring! — deb yig‘lab yubordi.
Ona chiqib qizini ovutdi.
— Ayb bo‘ladi, — dedi. Mastura:
— E!.. — deb urishib berdi. Akobir qo‘shildi oraga.
— Qoching siz ham! Siz menga nima qilib berardingiz. Boring, Toshkentdagi oyimchalaringiz oldiga!
Ona yana oraga tushdi. Akobir yupatdi.
Mastura o‘ziga keldi. Ko‘zlarini artib, boqqa baqrayib qarab o‘tirdi.
Bu manzarani kuzatgan begona kishi, albatta, Masturani — shaddod kelin, Akobirni — aybdor kuyov, onani — kelishtiruvchi qaynana deb o‘ylar edi.
Akobir kechgacha shu yerda bo‘ldi. Qo‘shnilarga o‘chakishgan erka Mastura unga javob bermadi. Akobir harchand uyalmasin, dam o‘tmay tevaragiga qaramasin, bari bir: «Ketsam, yaxshi bo‘lmaydi. Gap bor...» deb o‘zini tutdi.
Endi, yallachi xotinlardek chapanilik va ishonch bilan o‘rik ostidagi ariq labiga yalpayib o‘tirib olgan Mastura nihoyat, ko‘nglini yordi:
— O’lim bersin o‘qishlariga! — dedi yig‘lamsirab va to‘liqib. — Meni u yerda qiynadilar. Kun bermadilar. Begonasiradilar. Nima, men ko‘chada qolganmanmi?
— Men ular bilan gaplashaman. Vijdonsizlar! — dedi Akobir.
— Kerak emas, — dedi Mastura. — Men endi o‘qishga bormayman.
Akobir nechog‘lik harakat qilmasin, Mastura unamadi.
Akobir oqshom bolalar uyiga ketdi. Mastura tor bog‘ ko‘chada uning orqasidan qarab qoldi.
Shu kecha Mastura xo‘rozlar bir qichqirguncha shirin bir hordiq qo‘ynida yotdi. Uning ko‘ngli allanechuk to‘lib, chehrasi ochilgan edi. Keyin, Akobirning ertaga ketib qolishini esladi-yu, birdan otajak tong unga qorong‘i bo‘lib tuyuldi. «Ketmaydi! Ketib ham ko‘rsin-chi!» dedi.
Akobir yetim ukalari yonida ko‘ngli ma’yus bir shirin tuyg‘uni tatiganicha Masturaning kelajagi haqida o‘ylab yotdi: «Endi nima bo‘ladi?»
Mastura ertalaboq bolalar uyiga yo‘l oldi. Devor kemtigidan oshib, buzoq o‘tlatib yurgan «Afandi» laqabli boladan Akobirni so‘radi. U chaqirib keldi.
— Rostini ayting, yaxshi ko‘rasizmi? — dedi qiz yigitga mug‘ombirlik bilan qiya qarab.
— Endi... nima hojati bor, o‘zingiz bilasiz-ku? — dedi yigit.
— Agar bilsam, siz ham o‘qishga bormaysiz! — dedi Mastura.
Akobir kalovlanib qoldi.
— Mastura, bu qanday gap?
— Shunday gap. Men o‘qimayman, siz ham o‘qimaysiz. Toshkentga qaytib bormaysiz.
Akobir o‘ylanib, xo‘mrayib javob berdi:
— Hech bo‘lmasa, bittamiz o‘qishimiz kerak axir, Mastura.
Masturaning ko‘ngli g‘ash bo‘lib qoldi:
— Fu! O’qimaganlar ham yashayapti. O’lib borayotgani yo‘q.
— To‘g‘ri, hech kim o‘lmaydi, lekin, o‘qish kerak...
Akobir Toshkentga ketdi. Bir oydan keyin izidan xat oldi.
«Meni bular uzatishmoqchi. Harakatingiz bormi... Yig‘layverib xun bo‘lib ketdim», deb yozgan edi Mastura.
Akobir universitetning partkomiga uchrashdi.
— Shunaqa... qishloq joy. Uzatib yuborishlari hech gapmas. O’zingiz tushunasiz... Mana, xati, — deb ko‘rsatdi.
Partkom kasaba soyuzining qarorini chiqartirdi. Soyuz raisi: «Bu yerdagi to‘yni o‘zimiz o‘tkazamiz. Fakultetdan pul to‘playmiz», deb uyoqdagi xarajatlar uchun pul berdi.
Akobir qishloqqa kelib tushib, yana Masturalarning chorbog‘iga o‘tib bordi.
Mastura bu vaqtda nihoyatda zerikkan, ko‘ngli yana Qarshini, institut quchog‘ini qo‘msar, lekin, endi u dargohga bora olishi haqida o‘ylamas, u, qizga o‘lib ketgan otasidek tuyular edi. Qo‘ni-qo‘shnilardan tamoman ko‘ngli sovigan, ko‘zi shilpiq onasini qon qilib yashar edi.
U Akobirni ko‘rib, turgan yerida ko‘ziga yosh oldi. Akobir Masturadan ko‘z uzmay kelar ekan, qiz behol burilib, devorlari oqlanmagan uylariga kirib ketdi. Akobir ayvon oldida bir dam serrayib turdi-da, atrofga xavfsirab qarab, uyga mo‘raladi. Burchakda o‘ziga tikilib, munisgina bo‘lib turgan qizni ko‘rdi. Ikkilanib ichkariga qadam bosdi.
— Keldingizmi? — dedi Mastura piqillab.
Bu uy va qizning bu holati yigitga ta’sir qilib ketdi. Ko‘nglida olijanob hislar qo‘zg‘alganicha, uning qoshiga bordi.
Mastura egilib, uning ko‘ksiga boshini qo‘ydi va yelkalaridan ushlab yum-yum yig‘lay boshladi. Akobir nima qilishini bilmay, uning kiftini silar ekan, qizning xatidagi so‘zlariga bus-butun ishondi. Uning boshiga katta falokat tushgandek, undan faqat o‘zi qutqazadigandek bo‘lib tuyuldi unga va bag‘ridagi qizning to‘la, do‘mboq gavdasi, o‘zining yelkasiga issig‘i o‘tayotgan uning momiq kaftlarini tuyib, o‘zini chindan ham baxtiyor sezdi.
— Nima bo‘ldi? Kim?
— Meni bu yerdan olib keting, — dedi Mastura.
— Bilasiz-ku, uyim yo‘q, — dedi Akobir. Mastura yigitga yalt etib qaradi. U, bu tomonini o‘ylamagan, yoki yuqoridagi gap shunchaki og‘zidan chiqib ketgan edi.
— Men yasholmayman, yasholmayman!
— O’qishga opketay bo‘lmasam?
— O’qishga? Kerak emas! — Mastura birdan chekindi. — Men shuning uchun sizni chaqirdimmi?
— Bo‘lmasam, nima qilamiz? Men tayyor bo‘lib keldim. To‘y qilamizmi?
— Mayli, — dedi Mastura. — Keyin... siz ketasizmi?
— Men o‘qishni bitirishim kerak. Atigi ikki yil qoldi.
— Nima, meniyam Toshkentga olib ketasizmi bo‘lma-sam?
— Mayli... Lekin, Mastura, qiynalib qolamizmi...
— Nimaga?
— Men stipendiyaga o‘qiyman... Yo siz o‘sha yerda biron ishgami, o‘qishgami kirasizmi?
Masturaning yuragi siqilib ketdi. Bu gaplar unga yot tuyuldi. Yana yig‘lab, Toshkentdan ham qaytib keladigandek his etdi o‘zini.
— Yo‘q, men bormayman! — dedi.
— Bo‘lmasam... Sizni rostdan ham birovga berishmoqchimi?
— Ha, berishmoqchi. Hasan kal deganga, — dedi Mastura.
Mastura bu gapni tavakkal aytgan, Hasan kal degan kishi bor-yo‘qligini ham bilmasdi. Akobirning nazarida, Hasan kal puldor, boyvachcha qiyofasida ko‘rindi. Taqdirdan nolib, Masturaga chinakamiga rahmi keldi. O’zini qizning birdan-bir panohi kabi sezdi.
— Bo‘pti. To‘y qilamiz, — dedi. — Keyin, sizga hech kim og‘iz ocholmaydigan bo‘ladi.
Xatda o‘zi chorasizlikdan yozgan bu gap endi Masturaga qiziq tuyuldi, to‘y qilgandan keyin hayoti boshqa izga tushadigandek bo‘ldi.
— Mayli. Tezroq, — dedi shunga ilhaq bo‘lib yurgan kishidek.
Akobir, nihoyat, qo‘shni xonada jun titib o‘tirgan bo‘lajak qaynanasi bilan so‘rashdi va to‘g‘ri bog‘ma-bog‘ yurib, tog‘asining uyiga yetib bordi.
Eshqobilov ko‘chaga chiqib ketgan ekan. Kutdi. Yangasi kaklik go‘shti bosib, sho‘rva pishirdi. Kechga tomon tog‘a qaytib keldi. Eshqobilov jiyanini ko‘rganidan, albatta xursand bo‘ldi va choyxonada aytib tugatolmagan ov haqidagi hikoyasini bunga ham aytib, xumordan chiqishni o‘yladi.
Hol so‘rashdilar.
— Toshkentda o‘qib yuripmiz deng?
— Ha, tog‘a. Men sizga bitta iltimos bilan kelgan edim.
— Xo‘sh?
— Olim magazinchini bilasizmi?
— Olim magazinchi... E, bilaman!
— Shuning bitta qizi bor. Men shunga uylanaman. Sizdan maslahat so‘ragani keldim.
— Anavi, o‘qib yurardi...
— O’shanga. Taniysiz.
— Taniyman, taniyman, — dedi Eshqobilov burnini jiyirib. — A, qachon?
— Shu haftada. O’qishga qaytib ketishim kerak.
— Hm... Uylanadigan odamning taraddudi bo‘lishi kerak edi. Uy-joyi bo‘lishi kerak edi... Sen bo‘lsang... o‘zing student bo‘lsang...
— Zarari yo‘q. Keyin bo‘ladi hammasi. Hozir yonim-da yuz so‘m pulim bor...
— Hm... Nimayam derdik... Mayli. Lekin yuz so‘m... Mayli, o‘zimiz ham qarashib yuboramiz...
— Detdom direktori yordam beradi.
— Yaxshi... Lekin, lekin, jiyan, xafa bo‘lma... U Qarshida o‘qir edi-ya!
-Ha.
— Bu o‘qishni nimaga tashlab kelgan ekan?
— Tog‘a, buning ahamiyati yo‘q.
— Endi jiyan, sen turmushni bilmaysan...
— Tog‘a, uning tarjimai holi meni qiziqtirmaydi. Sirasini aytganda, men o‘zim ham unga o‘xshayman.
— Qalay? Qizning ko‘ngli bormi o‘zi senda?
— Bor...
Eshik og‘zida suhbatga quloq osib turgan yanga yen-gini qoqib tushirib, cho‘nqaydi.
— Kimning gapi? Anavi o‘lgan magazinchining qizini gapiryapsizlarmi?
— Ha, jiyanim shunga uylanmoqchi, — dedi Eshqobilov.
— Buv-v! Odam quribdiki! Nima, qiz qurib qoldimi? Erta-indin oliy ma’lumotli bo‘lasiz, bola!
Akobir idamadi.
— Keyin, o‘zining ham oyog‘i yengil deydilar. Bekorga Qarshini tashlab kelmagan. O’zi o‘larday qaqajon... Voy, bilaman men!
Akobir quloq solmadi.
— Tog‘a, o‘zingiz sovchilikka borasiz-da? — dedi.
— Nima qilardik, — deb kuldi Eshqobilov, — u qushcha yuragidan uripti, jiyanimizni, xotin. Bo‘pti. Ishqilib, jiyan, sen tinch bo‘lsang, bizga davlat shu.
Akobir bolalar uyiga borib, o‘zini tarbiyalagan frontovik maktab direktoriga ham voqeani aytdi. Ular ham pul jamg‘ardilar...
Ikki kundan keyin Eshqobilov o‘zining Malik degan ovchi o‘rtog‘i va bolalar uyining direktori bilan Masturalarnikiga bordi. Ko‘zi to‘rt bo‘lib o‘tirgan Mastura beixtiyor ravishda ulardan qochdi. Uy orqasiga o‘tdi-da, baland yong‘oqqa chikdi. Keyin, dumbul bo‘lgan yong‘oqni otib, odamlarni chalg‘itib o‘tirdi...
Mastura to‘yda ham, odamlar ketganida ham o‘zini telba quvonch va qandaydir g‘ashlik qo‘ynida his qildi. Telba quvonchiga sabab shuki, o‘ziga yovqarash qilib yurgan qo‘shni xotinlar, qiz-juvonlar uni quchib tabrikladilar, unga tabassum qidilar, uning aytganini shak-shubhasiz bajo keltirdilar. Mastura o‘zini uch yil burungi Masturadek his etdi. G’ashligining sababi shuki, u ilgari ko‘rgan to‘ylar dang‘illama bo‘lardi, bu to‘y qandaydir ma’yusgina bo‘ldi. Mehmonlar ketdi.
— Mastur, biz yaxshi yashab ketamiz, — dedi Akobir.
Mastura ko‘z oldidagi chimildiq pardalari oppoq shohi pardalarga aylandi; kir vassalar uzoqlashib, o‘rnini antiqa bo‘yoq qilingan tekis shift egalladi; yonboshidagi taxmon uzoqlashib, o‘rnida shifoner paydo bo‘ldi. O’tirgan to‘shagi ko‘tarilib, lo‘labolishlar parqut yostiqlarga aylandi.
— Qachon? — dedi gangib Mastura.
— Men o‘qishni bitirayin, — dedi Akobir. — Geolog bo‘laman... Sizni hech kimga xafa qildirmayman.
Mastura bu gaplarni yaxshi uqmadi. Bu mulohazalar unga yot tuyuldi. So‘ng, negadir otasi birdan yodiga tushib ketdi, birdan ta’sirlanib:
— Bechora otam, — dedi u. — Hozir bo‘lganida edi...
Akobir turib o‘tirdi.
Masturaning ko‘nglidagi g‘ashlik birdan kuchayib, Akobirning yelkasidan quchoqladi. Bu ishlarga, taqdiriga Akobir sababchidek, uni bag‘riga qattiq bosdi va tiz-tiz yosh to‘kdi.
Akobirning ko‘ngli iyib, Masturaning bu harakatlaridan o‘zini olam qadar baxtiyor his etdi. Unga bo‘lgan mehri yuz chandon oshib ketdi.
Ikkinchi kuni ertalab Akobir sochlari to‘zg‘ib, yuztuban uxlab yotar ekan, Mastura yoqimli horg‘inlik og‘ushida shiftga qarab yotar, vujudida shuncha yoshga kirib tatimagan totli bir osoyishtalik va orombaxsh bir parishonlik yoyilgan edi... Endi o‘z uyi — go‘shasini yaqindagi xayolidagidek ko‘rish uning orzusiga aylangan va o‘zining bu yangi holatini ham idrok etgan. Bu holatni va bu orzularni ham hayotida hamishaga tatish va ko‘rish uning xayoliga o‘rnashib qolgan edi.
To‘yning uchinchi kuni Akobir Toshkentga jo‘nab ketdi. Yigitning ham qizdan, qizning ham yigitdan ajralishi og‘ir bo‘ldi.
Hijronli yillar o‘tdi.
Mastura bu yillarni bo‘lajak uy-joy, kelgusi baxt orzusida, Akobir bilan uchrashuv onlari orzusida o‘tkazdi. Bu yillarda uning vujudini to‘y kuni egallagan g‘ashlik ham tark etib ketgan, vujudida o‘shandagi quvonch hokim bo‘lib qolgan edi.
Darhaqiqat, qo‘shnilar va tanish-bilishlarning unga munosabati avvalgidek davom etar, Mastura ularga erkalanar, u yana beixtiyor ravishda hurmat talab va mehr talab bo‘lib qolgan edi va buni hayotda har qadamida ko‘rar edi. U yana o‘z tabiatiga xiyonat qilmagan: odamlar munosabati unga nechuk o‘zgarib qolganini mushohada etmagan, buni tabiiy bir holdek qabul qilgan, ularning yaqindagi munosabatlarini izsiz unutgan edi.
Akobir Toshkentda talashib-tortishib, qishloqlari etagidagi sahroga yo‘llanma oldi. Kelib, neft qidiruv ishlarini boshladi.
Asta-sekin ularning orzulari ro‘yobga chiqa boshladi.
Akobir uch yuz so‘mdan maosh olar va «neft-razvedka»ga zarur bo‘lgan barcha xomashyolar uning ixtiyorida edi.
— Xo‘sh, qaerdan uy quramiz? — dedi bir oqshom Akobir horg‘in.
Bu masalani Akobirdan oldin Mastura onasi bi-lan hal qilgan edi.
— Bu ota yurtni nima qilasan? — dedi ona. — Meni tashlab ketasizlarmi?
— Yo‘q, olib ketamiz, — dedi Mastura.
— Bu hovlini sotasizlarmi?
Bu mulohazalar Mastura uchun yangilik edi. U onasiga diqqat qildi.
— Yo‘q, qizim, — dedi ona ko‘zlarini pirpiratib. — Mening ham besh kunligim bormi, to‘rt kunligim bormi — noma’lum. Shu joy sizlarga qoladi. Shu yerni obod qilinglar. Har holda, ota yurting. Otangni arvohi ham shod bo‘ladi.
Mastura uchun ortiqcha gapning hojati yo‘q edi.
Mastura eriga ham shunday dedi.
Akobirning bu borada fikri o‘zgacha edi: bu ko‘ngli yarim bo‘lsa ham, andishali va mag‘rur yigit o‘zicha mustaqil yashashni orzu qilar, qandaydir mulohazalarga borib, o‘zining borligini isbotlamoqchi bo‘lib yurardi. Keyinchalik esa, Masturada ham shunday maqsad bor deb avvalambor uni sevgani, so‘ngra takdiriga achinganidan mamnun bo‘lgan edi.
Masturaning gaplarini eshitgan Akobir unga tikilib qaradi.
— Mastura, sening aytganlaringni qilaman, ammo, rejamiz bo‘lakcha edi-ku?
— O’ylab ko‘rdim, — dedi Mastura. — Axir, men otamning yurtini tashlab ketolamanmi?
«To‘g‘ri, buning gapi ham to‘g‘ri», deb o‘yladi Akobir va o‘z ota-onasining qabri qaerdaligini hatto bilmasligiga achindi. «Albatta, mening ota-onam bo‘lganida, men ham o‘shalarning yonida bo‘lishni afzal ko‘rardim», dedi o‘ziga.
— Yaxshi, — dedi Akobir va ro‘parasidagi uyga, boqqa yangi bir ko‘z bilan qaradi. Uyni aylanib, bog‘ni kezib chiqdi.
— Asta-sekin geologlarning to‘rt g‘ildirakli mashinasida a’lo sifatli taxta-yog‘ochmi, tsementmi kela boshladi. Tog‘asi yaxshi ustalardan topib berdi. Ammo u, endi achindi.
— E, jiyan, chakki qilyapsan-da, — dedi. — Ichkuyov kuchuk kuyov deydilar. Turmushni bilmaysan. O’zingai qafasga solyapsan...
— Tog‘a, u gaplar eskirdi, — dedi Akobir. — Mening uchun farqi yo‘q: bu hovli nima-yu, boshqasi nima.
Biroq, Masturani bir narsa ranjita boshladi. Akobir sahroda ishlar, haftasida bir kecha kelib yotib ketar edi.
— Shu yerda turib ishlasangiz bo‘lmaydimi, axir? — dedi Mastura.
— Bo‘lmaydi, Mastura. Men boshliqman. Ishimiz mas’uliyatli, — dedi Akobir.
Bu ranjishlar Masturaga boshqa haqiqatlarni ocha boshladi.
— Axir, biz ham odamlarga o‘xshab yashaymizmi o‘zi? — dedi bir kecha. — Hamma erkaklar sakkiz soat ishini qilib uyiga keladi. Xotinining yonida bo‘ladi. Siz bo‘lsa! Nima, yo u yerda bitta-yarimta topganingiz bormi?
Akobir uning mulohazalarini to‘g‘ri deb topdi.
— Mastura, qizishma, — dedi. — Gaping to‘g‘ri. Lekin, nima qilay, ishim shunaqa.
— Qurib ketsin shunaqa ish ham, — ko‘ziga yosh oldi Mastura.
Akobirning ko‘ngli iyib, Masturani: «meni sog‘inadi, yaxshi ko‘radi», deb o‘yladi va chuqur xo‘rsinib:
— Bu tomonini boshda yaxshi o‘ylamapmiz-da, — dedi. — Albatta, sahroga borib sen yashay olmaysan. Uning issig‘iga chidab bo‘lmaydi. Men bunga yo‘l qo‘ymayman. Qiynalib qolasan!
Shundan keyin Akobir kunora kechasi kelib, tong otmasdan ketadigan bo‘ldi. Biroq, juda ozib ketdi. Basharasiga qaragan kishi burnini ko‘radigan bo‘lib qoldi.
Bu orada esa, Masturaning homilador bo‘lgani ma’lum bo‘ldi. Unda ilgari ko‘rilmagan injikdiklar paydo bo‘ldi.
Bu yokda... uy bitib borardi.
— Tashlaysiz ishingizni, bo‘lmaydi! — dedi Mastura.
Akobir ikki oyga otpuska olib keldi. Uy bitdi. Chorbog‘ yo‘lkalari ham qo‘ldan chiqdi. Akobir bog‘ni o‘rab turgan uvada devorni buzdirib, bir g‘isht qilib qayta devor urdira boshladi.
Mastura endi o‘zi orzu qilgan hayotiga yetgan edi...
Biroq, bu unga hech qiziq tuyulmadi. Asta-sekin bu yangiliklarni unutdi va bularga qadimdan bor narsalardek qaray boshladi.
Akobir esa, o‘z ishidan mag‘rur va mamnun, Masturani ham shunday deb o‘ylar edi.
Bir kuni Mastura ishkom ostida o‘tirdi, o‘tirdi-da:
— Bitta tandir qurib bering, bu isqotida non turmaydi, — dedi.
— Xo‘p, — dedi Akobir. — Bugun kech bo‘ldi. Ertaga tuproq opkelaman.
— Ertaga deb yurasizmi? Erta-indin yana sahroga deb ketib qolasiz.
Akobir yelkasini qisdi. Ikki paqir va ketmon ko‘tarib, qishloqning g‘arb tomonidagi tepalikka qarab ketdi. Tepaning tuprog‘i qizil va pishgan bo‘lib, uni tandir qurish va tom suvashga ishlatishar edi.
Akobir borib, chuqur, nam g‘orga kirdi. Yo‘lakdagi axlatlarni ketmon bilan surib tashladi. G’orda cho‘nqayib o‘tirib, tuproq qaza boshladi... Bir payt tuproq ichidan bita sopol parchasi chiqdi. Uni paqir labiga urib qoqdi va tomosha qilarkan, sahrodagi ishini esladi. «Bir hafta qopti», deb o‘yladi, so‘ng xotinining «ketasiz» degani yodiga tushib, «endi nima bo‘ladi?» — dedi o‘ziga-o‘zi.
«Mastura yana janjal qiladi. Ishimni tashlashim kerakmi? Uni olib borolmayman... Haftasiga uch marta qatnaydigan bo‘lsam, o‘lib bo‘laman... E, erta-indin ko‘zi yorisa! Qiziq bo‘ldi-ku?»
Akobir yana ketmon ura boshladi. Ketmon qattiq narsaga tegdi — uning ko‘za ekani ma’lum bo‘ldi. Ko‘zani sindirmaslik uchun atrofini o‘yib, tuprog‘ini ola boshladi. Oqibat, ko‘zaning bir yoni chikdi. Akobir tuproqni irg‘itib tashlab, yana ketmon urdi va ustidan bir narsa bosayotgandek, uni tashvish qoplab tepasiga qaradi, boshiga yaqinlashib qolgan tuproq-shiftni ko‘rdi. Burila solib, eshikka otildi. Iiqilib tushdi va ulkan tuproq uning bo‘ynigacha bosib qoldi. Akobir ixtiyorsiz ingradi, butkul ichak-chavog‘i bo‘g‘ziga tiqilgandek bo‘ldi. Nafasi bo‘g‘ildi va ko‘zlari otilib chiqqudek bo‘lib qoldi. Qimirlamoqchi bo‘ldi, nazarida qimirladi ham va «o‘lamanmi endi?» dedi-yu, o‘zidan ketdi.
Adirda qo‘zi boqib yurgan bolalar tuproq olinadigan g‘orning qulab tushgan tovupshni eshitib qarashdi, g‘or og‘zidan yengil chang ko‘tarildi. Ular taajjublanib chopishdi va g‘or og‘ziga tushib, Akobirning tuproqdan chiqib turgan boshini ko‘rishdi.
— Akobir aka? — deb baqirdi naychining o‘g‘li.
— Tuproq bosipti, — dedi juvozchining nevarasi.
— Chaqiringlar... — zaif ovoz chiqardi hushiga kelgan Akobir.
Bolalar atrofga alanglashdi va to‘g‘ri Masturalarnikiga chopib ketishdi.
— A? Tuproq bosdi? — gangib turib ketdi Mastura. — Do-od! — dedi-da bolalarning izidan yugurdi.
Yetib kelganlarida Akobirning lablari tuproq bo‘lib ketgan edi.
— Odam chaqiringlar... — dedi u yana zo‘rg‘a.
Mastura: «Voy, yordam beringlar!» deb qichqirdi.
Olisda uning izidan chiqib, biri to‘xtab turgan, biri ergashib kelayotgan ikki suvchi yigit bularga qarab yugurdilar.
Akobirning ikki oyog‘i va beli sinib ketgan edi.
— Qimirlatmanglar, oh! — dedi u.
Suvchi yigitlar kasalxonaga chopib ketishdi... Uni zambilga yotqizib, ko‘chaga olib chiqishdi, keyin, u yerda turgan «tez yordam» mashinasiga solib olib ketishdi. Mastura yo‘l bo‘yi dod solib tizzalariga urib bordi.
— Men o‘lay! Nimaga tuproq olishga yubordim! — deb yig‘lardi u.
Shu kuni Akobirni shaharga olib ketishdi.
Birga borgan Mastura hovlidagi akatsiya daraxti ostida o‘tirib, tug‘adigan xotindek kuta boshladi. Bir soatdan keyin hamshira chiqib kelib, imladi.
— Vaqtida opkelishmapti. Zarajenie bo‘p ketipti, etidan sopol sinikdari oldik, — dedi doktor.
Mastura dodlab, xuddi doktor ayblidek unga yopishdi.
— Voy, tuzatib berasizlar, tuzatasizlar-ar! — deb baqirdi.
Uni Akobir yotgan xonaga kiritdilar.
Akobir ko‘karib ketgan, yuzini tanib bo‘lmas, yarim belidan pasti shishib, oq choyshabni ko‘tarib turar edi.
— Men o‘lay! — deb uning yoniga cho‘kkaladi Mastura.
Ko‘zlari ichiga cho‘kkan Akobir jim yotar, og‘zi ochilib, pastki jag‘i osilib qolgan edi...
Akobirning qirqi o‘tgach, Mastura uni asta-sekin unuta boshladi va uni otasini eslagani singari eslaydigan bo‘lib qoldi. Lekin qo‘shnilar undan yana yuz o‘girishgan edi. Endi tajribali Mastura fikr qildi: «O’zi odamlarning tayini yo‘q. Bir kun qarasang, yaxshi ko‘radi, bir kun qarasang, yomon ko‘radi. Fu! Yana bitta erga tegay, keyin yana kim yaxshi — Masturaxon yaxshi bo‘ladi».

1975
© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.