OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Shukur Xolmirzayev. Farzand (hikoya)

O’g‘lini yaxshi ko‘radi, «yaxshi ko‘radi» degan gap o‘g‘liga bo‘lgan muhabbatini ifodalashga ojizlik qiladi. U o‘g‘lini ko‘rganda, yuragi uvishib og‘rib, to uni bag‘riga bosib yig‘latib, o‘zidan bezdirmaguncha qo‘lidan qo‘ymaydi. Muzey direktoriga yordamchi bo‘lganidan buyon ular ayniqsa inoqlashib ketishdi; direktorning mashinasi uni olib ketgani har kuni ertalab keladi, u o‘g‘lini ham bog‘chaga ola ketadi, kechqurun yana shu mashinada olib qaytadi.
O’g‘il ham otaga shunchalik o‘rgandiki, u bilan birga yotadigan bo‘ldi.
Islom endi oltiga qadam qo‘ygan, xuddi otasi tuqqanga o‘xshar, muzeydagilar ham: «O’g‘ling yeeni kichkina maketing», deb ta’riflashardi. Mengboy goho o‘g‘liga tikilib, uning xislatlarida ham o‘ziga o‘xshashlik topar va behad mamnun bo‘lib, o‘zidek bitta inson yaratganidan zavqlanar edi.
Bir kuni Sora gap topib keldi:
— Otpuskani yana qishloqda o‘tkazamizmi?
— Albatta! Surxon bo‘iida — baliq ovida o‘tkazamiz, — dedi Mengboy.
— Hamma kurortga, chet elga boradi, bizning nimamiz kam ulardan?
— Bizning hech narsamiz kam emas ulardan, lekin, har kimning ta’bida!
— Men bormayman! O’zingiz baliq ovingizni qilavering!
— Shundaymi?
— Ha, yetti yil bo‘ldi turmush qurganimizga, bir yerni ko‘rganim yo‘q. Hozir ko‘rmasa, qachon ko‘radi kishi. Kampir bo‘lgandan keyin tomoshaning nima keragi bor?
— Hm... — Mengboy xo‘mrayib, birpas o‘ylanib o‘tirdi: «Haqiqatan ham, to‘g‘ri. Ko‘rishi kerak. Uyoqni ko‘rgisi kelar ekan, ko‘rsin. Mening ko‘rgim kelmaydi, men daryo bo‘yiga ketay».
— Xo‘p, sen borasan! — dedi va... xotinining otpuska puliga o‘zinikidan ham qo‘shib, putyovka izidan tushdi. Naq Sochiga topib keldi. — Mana, xotin! Maza qilib dam ol!.. Keyin ko‘ramiz, kim yaxshi dam olganini.
Xotin mamnuniyat bilan yo‘llanmani qo‘liga oldi:
— Rahmat!
Shu kecha u bolaga yaxshi qarashni, bolani daryoga yaqin olib bormasligi lozimligini eriga xo‘p tayinladi.
— Vahima qilma! — deb kuldi Mengboy. Lekin xotinining gaplari haqida o‘ylab: «To‘g‘ri, ehtiyot bo‘lish kerak!» — dedi o‘ziga o‘zi.
Xotin samolyotga chiqar ekan, o‘g‘li yig‘ladi. Meng-boyning alami kelib: «Hayronman, qanday qilib bolasini tashlab ketyapti? — deb o‘yladi. So‘ng yana xotinini oqladi: — To‘g‘ri, u bechora ham dam olishi kerak-da! Bola bo‘lsa yig‘laydi».
Besh kundan keyin o‘zi ham otpuskaga chikdi. Qarmoq, chumchuqpay va eski-tuski kiyimlarni to‘pladi. Direktorning mashinasini bir kunga so‘rab, qishloqqa otlandi.
Shofyor yonida, o‘g‘lini tizzasiga o‘tqazib, derazadan cheksiz daryolarga, olisdagi qorli tog‘larga tikilar ekan, qalbi quvonchga to‘lib, hammasini o‘ziniki his qilar, shoir Shukrulloning bir bayt she’rini takrorlar edi:
Quchog‘im bo‘lganda edi bir dunyo 
Seni qamrab olardim birdan!
Oldindan salqin shabada esa boshladi, yo‘l qishloqning tutzor ko‘chasiga kirdi. Bir oz yurganlaridan so‘ng chap tomonda yastanib yotgan daryo qirg‘og‘i ko‘rindi.
— To‘xtating! — dedi Mengboy.
Shofyor mashinani chetga chiqardi. Mengboy uxlab qolgan o‘g‘lini orqa o‘rindiqqa yotqizib, eshiklarni mahkam bekitdi va ariqchadan hatlab, sholipoya bo‘yiga chiqdi. Tizzaga uruvchi sholizorga tikildi. Nazarida hozir bir o‘rdak yo bir tustovuq uchib chiqadigandek bo‘ldi. So‘ng bu faslda bundoq qushlarning mutlaqo uchib chiqmasligini eslab, kulib yubordi va qo‘llarini manglayiga soyabon qilib, olisda, tumanlanib, bug‘lanib oqayotgan Surxonga qaradi. Qalbida quvonch gupurib, xuddi o‘g‘lini quchganidagi kabi entikdi. Buning ustiga, bu ajib manzara uning miyasida xayollar uyg‘otdi: bolaligi, shu daryo yoqasida turib, qandaydir qiz haqida surgan xayollari yodiga tushdi va chuqur xo‘rsinib, birdan xo‘mraydi.
— Ketdik! — dedi shofyorga. Ichkariga kirgach, o‘g‘lini yana tizzasiga oldi va haligina esiga tushgan xayollaridan endi uyalib, bolaning yuzlaridan o‘pdi.
Borilayotgan manzil: hamqishloq do‘stining uyi, shundoq yo‘l yoqasida, o‘zi yaqindagi maktabda o‘qituvchi. Mengboy «ona qishloq» deb kelgani bilan akasi yo opasinikiga bormay, oldin shu do‘stinikiga qo‘nar, goho shuning uyidan qaytib ketar edi. Negaki, akasining xotinini yoqtirmas, opasi esa Mengboy shaharlik qizga uylanganidan xafa edi.
Mengboy yo‘l yoqasida mashinadan tushib, o‘g‘lini ko‘tarib oldi. Shofyor lash-lushini orqaladi. Birgalashib, ariq labidagi yolg‘izoyoq so‘qmoq bilan uy oldiga bordilar. Do‘sti G’affor uy biqinida o‘ra qaziyotgan ekan. Sochi quloqlari ustiga tushib, yetib keldi.
— Qani, bir ko‘rishaylik! — deb quchog‘ini ochdi. O’pishib ko‘rishdilar. — Sora qani?
— Sorani Sochiga jo‘natdik! — xitob qildi Mengboy.
— E, bekor qilibsan-da! Xotin... mana, bizning xotin! — deb uyga ishora qildi u.
— Yo‘q, noto‘g‘ri! — dedi Mengboy. — Ular ham ishlaydi, axir. Bizning katta kamchiligimiz shuki, ko‘pincha o‘zimizni o‘ylaymiz. Xotinlarimizning in-tilishlari, qiziqishlari bilan hisoblashmaymiz.
— Ha, gumanniyliging qolmadi-da, — G’affor uni uyga boshladi. Kirib, Soraning kurortga ketganini aytdi va: — Buning yurishiga qara! — dedi. — Undan ko‘ra xotin bo‘lib qo‘ya qol!
G’afforning xotini kulib kelib bolani oldi. Shofyor bir soatlardan keyin qaytib ketdi va do‘stlarning dam olishi... baliqchiligi boshlandi!
— Bolaga ehtiyot bo‘ling, kelin. Uyg‘ongandan keyin olib boring! — deb tayinladi Mengboy.
— Olib borib nima qiladi, kechqurun kelamiz, — dedi G’affor.
Mengboy rad qildi:
— Yo‘q! Buyam baliq tutishni bilishi kerak!
— Bu baliqni biladimi?
— Biladi! Bilmasa, bildiramiz!
Kechki payt ular qarmoqlarni sohilga bog‘lab qo‘yib, kattagina o‘lja bilan qaytdilar. O’ljaning bir qismini qovurib yegach, G’affor qishloqni aylanib kelishga taklif etdi. Ikkalasi qayta kiyinib, boyagi yalangoyoq baliqchilarga o‘xshamaydigan chiroyli, xushbichim ziyolilarga aylanishdi.
Endi chiqishmoqchi edi, Islom ergashdi.
— Xo‘p bo‘ladi! — deb ko‘tarib oldi Mengboy. Lekin bu gal G’affor qattiq turib:
— Nima keragi bor muncha suyukdik qilishning? — dedi. — Bola yig‘laydi. Biron yerda yuz gramm-ellik gramm ichib qolsak... esingda bo‘lsin, ichishniyam o‘rganadi keyin!
«To‘g‘ri, bu tomoniyam bor! Haqiqatan ham bolani hadeb olib yuraverish yaxshi emas!» deb o‘yladi Mengboy va o‘g‘liga jiddiyat bilan uqtirdi:
— Maketik, qolishing kerak. Biz tezda qaytamiz. Senga morojenoe olib kelaman. Bir soatda qaytib kelaman!
— Yo‘q, ikkita morojniy! — dedi bola.
— Xo‘p, ikkita!
Bola qoldi. Ikki do‘st ko‘chaga chiqishi bilan avtobus ko‘rindi, ular qo‘l ko‘tarib to‘xtatishdi. Avtobusdayoq Mengboyning tanishlari uchradi va ularni markazga ketaverishda tushirib, manamen deb turgan restoranga olib kirishdi. Restoranda ham Mengboyning tanishlari uchradi, uzoq qolib ketdilar. Chiqqanlarida hammasi shirakayf, ko‘ngillari yana ichimlik tusar, hatto ba’zilari shuni taklif ham qilar edi. Lekin Mengboy keyingi ichish hech qachon yaxshilikka olib bormasligini o‘z tajribasida sinagani uchun qat’iyat bilan: «Yo‘q, bas!» — dedi.
Markazga o‘tdilar. Gazsuv ichdilar. Choyxonaga ki-rib chikdilar. Keyin Mengboy allamahal bo‘lganini anglab qoldi.
— Endi ketish kerak, o‘rtoqlar. Biz dam olgani kelganmiz. Bunaqada charchab qolamiz! Ha, biz... xotin bilan garov bog‘laganmiz.
Erta yana uchrashadigan bo‘lib xayrlashdilar. Endi avtobusni kutishga asablar chidamadi va G’affor taksi tutdi. Taksida qaytib kelishar ekan, Mengboy oqshom shu yo‘ldan kelayotganini esladi va birdan tizzasiga urdi.
— Islom morojenoe degan edi-ku! G’affor, morojenoe topmasak bo‘lmaydi.
— E, morojenoe topiladimi hozir. O’g‘ling allaqachon uxlab qolgan, — dedi G’affor.
— Yo‘q, u uxlamaydi! — xitob qildi Mengboy va shofyordan mashinani to‘xtatishni so‘radi.
— Lekin aeroportda bo‘lishi mumkin, yangi restoran ochilgan, — dedi shofyor.
— Haydang! Ko‘ramiz aeroportni ham!
Ular qishlokdan chiqib, sayhon o‘rtasida qo‘nqayib turgan, oldi oynavand binoga yetib to‘xtadilar. Mengboy chopib ketdi. G’affor shofyorga pul berdi.
Binoning narigi tomoni ham oynavand bo‘lib, undan uchishga shaylanayotgan samolyotning qizil chiroqlari ko‘rinar, zalda odam siyrak edi. O’rtada alanglab to‘xtagan Mengboy dadil yurib, burchakdagi uch oyokdi baland stullar ortiga — bufetga bordi.
— Morojenoe bormi?
— Yo‘q, — dedi bufetchi ayol.
— Nahotki?
— Yo‘q-da. Ertaga bo‘ladi.
Mengboy hayrat bilan do‘stiga qaradi. G’affor parvo qilmay, bufetchidan bir shisha suv bilan ellik grammdan konyak so‘radi. Mengboy «e» deganicha qoldi, so‘ng shiddat bilan stakanni ko‘tardi, shokoladdan gazak qilib, zalni tomosha qildi.
— G’affor, yaxshi! Shahardagi aeroportlardan qolishmaydi!
— Bir-ikki yil orasida bu yerda ham shahar bo‘ladi.
— Cho‘ldan neft chiqdimi?
— Allaqachon.
Mengboy mamnuniyat bilan atrofni yana ko‘zdan kechirdi. Keyin, bolasi kutib qolganini aytib, jilmoqchi edi, G’affor:
— Anavi eshikdan chiqayotganga qara! — dedi.
Mengboy qarab, eshikdan chiqib kelayotgan o‘rta bo‘y, boshida pilotka, formasi kelishgan qomatini quchib turgan qizni ko‘rdi. Uning yuzi andak keng bo‘lib, qora ko‘zlari chaqnab turar, xiyol uzun burni va gavdasining tikligi unga yoqimli, lekin erkak kishini bir qadar hayiqtiradigan mag‘rurlik baxsh etar edi. Mengboy gangib qarab turar ekan, qiz to‘g‘ri bufet oldiga keldi-da, bufetchiga:
— Haligini bering! — dedi.
Bufetchi Mengboyga qarab qo‘yib, o‘zicha to‘ng‘illadi, peshtaxta ostidan yaltiroq temir idishda morojenoe chiqarib, qizning oldiga qo‘ydi.
Qizning o‘zini tutishiyu qiyofasi mahv etgan Mengboy, bufetchi bilan qizning bu munosabatiga tushuna olmadi: bu unga qiziq tuyuldi. Bari bir, u bufetchiga bir o‘qraydi-da, qizga o‘tkir tikildi. Shunda bir tirsagini peshtaxtaga qo‘yib, qoshiqcha bilan morojenoe yeyayotgan qiz ham Mengboyga qarab qo‘ydi va beparvolik bilan mashg‘ulotini davom ettirdi...
Mengboy xuddi ayb ish ustida qo‘lga tushgandek qizarib, o‘zini bu qiz oldida ojiz his qildi. G’afforni bir turtdi-da, eshikka yo‘naldi.
— Kim u? — dedi og‘zi qaqrab Mengboy.
— Shu yerda ishlaydi, — dedi G’affor. — Yaqinda keldi.
— Taniysanmi?
— Kim tanimaydi, shu yerda ishlaydi-ku!
Ular ko‘chada. Mengboy xayolga tolib, derazaga qaradi. Qiz deraza orqasida tumanlanib yana ham sirli bo‘lib ko‘rindi.
— Senga aeroportni, uchrab qolsa bu jononni ham bir ko‘rsatay dedim-da... Otpuskadagi odamsan. Yur endi, ketdik!
Mengboy so‘zsiz ergashdi. Lekin, yana unga qaradi va bir vaqtlar o‘zi orzu qilgan qiz shunga o‘xshab ketadiganday tuyuldi. Keyin shu xayol og‘ushida rohat-lanib uyga ketdi.
Islom uxlamagan edi.
— Morojenoe! — deb chikdi.
— Ertaga... Albatta ertaga bo‘ladi! — dedi Mengboy, keyin, Islomni bag‘riga bosib, erkalab yotdi.
Ertasi daryo bo‘yiga jo‘naganlarida ham, kechki payt qaytganlarida ham qiz uning ko‘ziga aniq-aniq ko‘rinaverdi.
Ovqatdan keyin tag‘in ko‘chaga otlandilar. Mengboy o‘g‘liga uchta morojenoe olib kelishga va’da berdi.
Tanish-bilishlari bilan uchrashib, ularga aeroportdagi restoranga borishni taklif qildi. Restorandan chiqishgach, Mengboy, bufet oldiga keldi va konyak bilan suv so‘radi. Keyin, restorandan qattiq qog‘ozga o‘rab chiqqan morojenoeni peshtaxtaga qo‘yib:
— Balki bugun morojenoengiz bordir? — dedi.
— Yo‘q, — dedi bufetchi.
— Kechirasiz, u go‘zal xonim uchun ham yo‘qmi?
— Yo‘q!
— Juda soz!
Mengboy tanishlarini uzatdi, keyingi mashinada boradigan bo‘lib, yana G’affor bilan bufetga qaytib kirdi. Kechagi jonon bufetga yaqinlashayotgan ekan.
Kelib:
— Haligini oling! — dedi.
— Yo‘q... erib oqib ketibdi! — dedi bufetchi va Mengboyga xo‘mrayib qaradi.
Qiz chimirildi, endi burilmoqchi edi, Mengboy:
— Kechirasiz, menda bor, berishim mumkin! — dedi. Qiz qaradi. Uning ohu ko‘zlarida na mag‘rurlik, na bir boshqa ma’no bor edi. — Oling! — dedi Mengboy qo‘li qaltirab.
Bufetchidan tarelka so‘rab, unga soldi va qoshiq bilan qizning oldiga qo‘ydi.
— Rahmat, — dedi.
— Marhamat, oling!
Qiz qoshiqni oldi, yeya boshladi va:
— Kechirasiz, bu morojenoe kimga olingan edi? — deb so‘radi.
— Ug‘limga, — dedi bir narsaga o‘chakishtandek Mengboy. Qiz xijolatli kulimsiradi.
— Chakki bo‘libdi-da, o‘g‘lingizning rizqini qiydim.
— Hechqisi yo‘q, yana topiladi.
— O’g‘lingizni juda yaxshi ko‘rar ekansiz.
— Juda!
— Onasini-chi?
— Onasini... Sevgi bo‘lishi shartmi? — dedi nima deyishini bilmay.
Qiz qoshini ko‘tarib qo‘ydi.
— Men sevgisiz yashashni tasavvur qilolmayman.
— Chunki siz turmush ko‘rmagansiz, bola nimaligini bilmaysiz!
— Aksincha, — deya Mengboyga qaradi qiz, — erga tekkanman, ikki yil yashaganman ham. Bolam ham bor...
...Ertasi kechqurun ular shu yerda uchrashdilar. Mengboy restoranga taklif qildi. Burchakdagi stol yoniga o‘tirishdi. Mengboy ikki kishiga g‘oyat ortiqchalik qiladigan yeyimlik va ichimliklar buyurdi. Shunda sezib qoldiki, butun restoran ahli bularga qarayapti. Mengboyning achchig‘i chiqib, bir-ikkitasiga o‘qrayib qo‘ydi. Qiz sezib miyig‘ida kulimsiradi. Mengboy ochiq so‘zladi:
— Bizga qarashyapti, to‘g‘rirog‘i, sizga qarashyapti!
— Qarashsa qarashaversin, shu yerlikmisiz?
— Bu yerlik edim, shaharlik bo‘ldim.
— Xotiningiz shaharlikmi?
-Ha.
— Nega xotiningizni olib kelmadingiz?
— Kurortga ketdi. Men buyoqqa keldim o‘g‘lim bilan. Biz baliq ovlaymiz!
— Xotiningizni rashk qilmaysizmi?
Mengboy hayratlandi: haqiqatan ham xotinini hech kimdan rashk qilmas, bu to‘g‘rida o‘ylash xayoliga ham kelmas edi.
— Yo‘q. Negadir rashk qilmayman, — dedi.
— Yaxshi ko‘rmas ekansiz xotiningizni! Bilasizmi, mening orzuim shuki, erim meni rashk qilsa! Men hamisha uning yonida bo‘lsam... Qiziq, men ham baliq ovini yaxshi ko‘raman. Kurort nima! Hozir bizlarga yarashmaydi. Qariganda borib dam olsa, durust. Hozir o‘zimizning yurtimizni ko‘rish kerak!
Mengboy hayrat bilan: «Bu xotinimning aksi, xuddi o‘zim istagan qiz», deb o‘yladi.
— Hayronman, men odamlarga ishonishni istayman!.. Xotinimga ham ishonaman...
— Baxtiyor ekansiz. Men yigitlarga ishonmayman, — dedi qiz. — Mana, erimga ishonardim. Ishonchimni oqlamadi. Ko‘p erkaklar ayolning tashqi ko‘rinishiga maftun bo‘ladilar, lekin uning yuragida nima bor, bu bilan ishlari bo‘lmaydi... Erim, erim ham shunaqa edi.
— Eringiz unday bo‘lsa, bolasi...
— Bolamni jonimdan ham yaxshi ko‘raman! Onam bilan ikkimiz tarbiya qilib olamiz.
Mengboy entikib ketdi, nima deganini o‘zi ham bilmay qoldi:
— Men sizday kishining borligiga ishonmas edim. Ishonardim-u, uni ko‘rmayman deb o‘ylar edim! Ismingiz nima?
— Hanifa.
— Juda soz! Hanifa, qishloqni tomosha qilib kelmaymizmi?
— Mayli.
Mengboy hisob-kitob qildi. Tashqariga chiqdilar. Pastda ko‘zini ko‘kartirib, taksi turar edi. Mengboy mashinaga taklif qilishni o‘yladi-yu, olib chiqqan puli tamom bo‘lgani yodiga tushdi. «Zarari yo‘q, yo‘l-yo‘lakay G’affordan olaman!» — dedi o‘zicha. Mashinaga o‘tirib ketisharkan, Mengboy birdan qiziq taklif aytdi:
— Surxon bo‘yiga boramiz! Daryoni tomosha qilamiz. U bug‘lanadi kechasi. Sirli bo‘ladi!
— Mayli.
Mengboy mashinani G’afforlar uyi oldida to‘xtatganida ham ruhi lazzat, sirlilikning og‘ushida edi. Ariqdan hatlab o‘tishi bilan: «Islom, Islom», — dedi va alamdan, uyatdan zir titrab ketdi. Ular ichkari uyda televizor ko‘rib o‘tirishgan ekan, Mengboy eshikdan ro‘para bo‘lishi bilan, Islom:
— Dada! — deya yugurdi, kelib uning tizzasidan quchdi. Mengboy ko‘tarib bag‘riga oldi.
— Morojniy qani?
— Morojenoe... opkelaman!
— Men ham boraman morojniyga!
— Hozir... — Mengboy bolani qo‘yib, G’afforni tashqariga imladi. Burchakka o‘tkazib: — Puldan bormi? Ber picha, — dedi.
— Nima qilasan?
— Ob-bo! Keyin aytaman! Chiqar. Keyin, mening chamadonimdan ol!
G’affor yigirma so‘m chiqarib berdi. Mengboy pulni olib, burilgan edi... Islom kelib, tag‘in otasining tizzasidan quchdi. Mengboy uni ko‘tarib oldi:
— Besh minutda kelaman, maketik! Besh minut-a! Beshta morojenoe opkelaman! Axir, sen uchun ketyapman!
— Yo‘q, boraman... Boraman. — So‘ng, bola nochor-likdanmi, «opa!» deb yig‘lab yubordi.
— Hoy-hoy, — dedi tomog‘i bo‘g‘ilib Mengboy.
— Bolani yig‘latma, qol, Mengboy! — dedi G’affor.
— O’zing hammavaqt bolani qoldir der eding...
— Lekin... bolani qiyna demas edim!
— Sen nimani tushunasan!
Mengboy o‘g‘lini ko‘targancha mashinaga qarab chopdi. Shartta kirib o‘tirdi. Shofyorga:
— Haydang, daryo bo‘yiga! Pristanga! — dedi va Hanifaga bokdi.
— Mana o‘g‘lim, Hanifaxon. Mening o‘g‘lim!
Hanifa tepadagi chiroqni yokdi. Bolaga tikildi, qo‘liga olmoqchi edi, Islom otasiga yopishib oldi.
— Kechirasiz, qolmadi. Qoldirolmadim, — dedi Mengboy.
— Hechqisi yo‘q...
Daryo sohilida mashinadan tushdilar. Mengboy shofyordan to‘xtab turishni iltimos qilib, o‘g‘lini ko‘tar-ganicha Hanifa bilan sohilga qarab yurdi. Oy daryo ortidagi tuman ichida sarg‘ayib suzar, tuman sarg‘ish, sirli ko‘rinar, daryo bo‘g‘iq ovoz chiqarib, afsonaviy bir maxluqdek kilkillab oqar edi.
— O’g‘lim, mana shu Surxon! Hanifa, shu Surxon! — dedi Mengboy.
— Ha, — dedi kulimsirab juvon.
Shunda Mengboy titrab-qaqshab o‘z orzusiga, nihoyat yetganini o‘yladi. Shu daryo tumanligi, sirliligi qo‘ynida xuddi shuningdek tumanli va sirli ayol bilan turganini, u bilan uchrashganini his qildi.
Biroq o‘g‘li shabadadan junjikib, bo‘yniga talpinar ekan, o‘rtalarida... boshqa buyuk bir nima turganini qattiq his qildi-yu, mashina sohil bo‘ylab jilar ekan, endi Hanifa bilan vidolashayotganini o‘yladi... haqiqatan ham, aeroport yonida xayrlashayotganda:
— Birga sayr uchun rahmat. Endi ko‘rishmasak kerak, Hanifa, — dedi Mengboy.
— Tushunaman! — dedi juvon va ichkariga chopib kirib ketdi.
Mengboy mashinaga o‘tirdi. Uyga kelgandan keyin Islom morojenoeni yodiga soldi. Mengboy javob bermay, uyquga ketdi. Keyin bir hafta azoblanib yurdi va otpuskasi tugamay, shaharga qaytdi.

1975

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.