OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Shukur Xolmirzayev. Kechagi kun kecha (hikoya)

Sobirova opa o‘n sakkiz yoshida mansabdor bo‘ldi. O’shanda u yozuvni zo‘rg‘a o‘qiy olardi. Keyinchalik Toshkentda partiya kadrlari tayyorlash kursida olti oy tahsil ko‘rib keldi. Bor-yo‘q olgan bilimi shu bo‘ldi.
Uning dastxati nihoyatda xunuk va serxato bo‘lar, uni hech kim tuzatmas edi. Biroq bu orada opa ko‘p martabali lavozimlarda ishladi. Artelning raisi ham, raykomning ikkinchi sekretari ham bo‘ldi. Urush yillarida ota-onasiz bolalar uyida direktor bo‘lgani holda, tarbiyachilik ham qildi. Ko‘pgina hukumat mukofotlari va yorliqlari ham oldi. Nihoyat, yoshi ellikka yetib, unga pensiya tayinlandi, so‘ng uni raykom ishdan bo‘shatdi. Opa hali ishlashga qurbi yetishini aytib rad etdi, lekin ular unashmadi. Ishlab turgan o‘rni — lesxoz boshlig‘i qilib qishloq xo‘jaligi institutini bitirib kelgan qizchani qo‘yganlaridan keyin opa gap nimadaligini tushundi. Bir necha kun alamini yutib yurdi-da, yana raykomga kirib, joyini so‘radi.
— Opa, siz... — dedi raykom sekretari, — qiynalasiz endi.
— Qiynalmayman. Men o‘n bir yil shu ishda ishladim. Hammasini bilaman! — dedi Sobirova.
— Yengilroq bir ish bersak-chi, — degan edi sekretar, opa xafa bo‘lib ketdi.
— Men hali holdan toyganim yo‘q. Keksayganim ham yo‘q. Nega yengil ishni qilar ekanman?!
Sekretar opaga, o‘ylab ko‘ring deb, muhlat berdi. Bu muhlat o‘tib ham ketdi. Sobirova opa raykomga qaytib bormadi.
Bir kuni uni eri Shomurod polvon urishib berdi:
— Endi senga ishlashni kim qo‘yibdi! O’tiravermaysanmi! Bitta seni boqish qo‘limdan kelmaydimi! Bolalaring ham odam bo‘ldi.
— E, siz nimani bilasiz, — dedi Sobirova opa, — ular meni shu yo‘l bilan jamiyatdan chetlashtirishmoqchi. Menga dushmanlik qilyapti ular. Bo‘lmasam, nima aybim borki, tinchgina ishlab turgan joyimdan bo‘shatishsa!
— Ha, o‘zing bilasan-e, — dedi Shomurod polvon.
— Men obkomga yozaman, — dedi opa, lekin obkomga yozmadi.
Qog‘oz bilan ruchka olib ancha o‘tirdi-da, dastxatining xunukligini o‘ylab, yig‘ishtirdi. «Savodi kam ekan», — deb o‘ylashadi, dedi, uning pensiyaga chiqishi bilan baravar ishdan bo‘shatilishining ham sababi shu — savodining kamligi, mavjud savodi bilan endigi sharoitda ishlab ketolmasligi ekanini esa tan olgisi kelmasdi. «Men tajribali rahbarman, men ishning ko‘zini bilaman. Yoshlar mendan ish o‘rganish kerak», deb fikr qilardi.
Haftalar o‘taverdi. Sobirova opa xo‘mrayib, raykom chaqirib ishini qaytib berishini kutib yurdi.
— Men qirq yillik partiya a’zosiman, — der edi u eriga. — Shuncha yil ishladim, endi partiya haqiqat qilishi kerak!
Shomurod polvon bu gaplarni eshitganda esnar, keyin iljayib, xotiniga mayda-chuyda ishlarni buyurar edi.
Sobirova opa goho xilvatda o‘tirib yig‘lab ham olardi. U qandoq prezidumlarda o‘tirgan, minbarlarda turib qandoq nuqtlar so‘zlagan! Uni kishilar qandoq hurmat qilishar edi! Endi bo‘lsa, eri ham nazariga ilmay qo‘ydi. Opaning tengqur, xizmatchi dugonalaridan ham ko‘ngli qoldi. Ilgari haftada o‘chrashib, bazmlarga taklif etib turishardi, endi bo‘lsa eslashmaydi ham, aftidan... opa rahbariy ishlarda yurib ro‘zg‘ordan chiqib ketgan edi. Ko‘nikish juda qiyin. Ro‘zg‘or ishlari uni ba’zan tahqirlagandek bo‘lar, bunga faqat eri sababchidek tuyular edi. Tez-tez yuragi siqiladigan bo‘ldi. Toshkentda o‘qib, o‘sha yerda qolgan o‘g‘lining uyiga faqat to‘yda borgan edi. Endi o‘sha yoqqa ham borib keldi. Andijon pedinstitutida o‘qiydigan qizidan olti oy ichida ikki marta xabar oldi. Lekin Sobirova opa ko‘chada ko‘p yurmaydi. O’ziga bir vaqtlar ta’zim bilan salom berganlardan uyaladi...
— Nima, mening Malikovadan qaerim kam? U ishlab yuribdi-ku, — deb qoladi u goho eriga. — Bu yerda boshqa gap bor. Kimlardir menga dushmanlik qilgan. Raykomga yomonlagan meni. Siz kulasiz-da... — Lekin Sobirova opa tengqur dugonalarining o‘z o‘rnida ishlab yurganiga bois — vaqti kelganida ular bilimini oshirib qolishgani, maxsus kurslarga bolalarini yolg‘iz qoldirmaslik uchun u borolmaganida, ularning o‘qib kelgani — shuni Sobirova opa tan olgisi kelmas edi. Kunlarning birida rayon matlubot kooperatsiyasining raisi — dugonasi Unsinova, gazetaga ikki kilo shokolad o‘rab kirib keldi. Sobirova opa o‘zida yo‘q shod bo‘lib, uni o‘tqazgani joy topolmay qoldi.
— Urinmang, Sobirova opa, — dedi u, — men tez ketaman.
— Hoy, xudo yarlaqab bir kepsiz...
— Ish ko‘p-da, opajon.
— Rost, — dedi Sobirova opa ichida zil ketib, keyin birdan ko‘ziga yosh oldi. —Ko‘rmaysizmi, Unsinovajon, mana shunday qilib qo‘yishdi meni. Jamiyatdan chiqarib tashlashdi. Xudoyo dushmanlarimning ko‘ziga cho‘p suqilsin!
— Qo‘ying, opajon, xafa bo‘lmang. Raykom haqiqat qiladi. Siz ko‘p yillik kommunistsiz. Davlatga ko‘p xizmatlaringiz singgan.
— Albatta, albatta, — ilib ketdi Sobirova opa. — Men ot minib tog‘-toshda yurganimda, hozirgilar burnini artolmay yurar edi. O’zingiz bilasiz-ku.
— Bilaman, opajon, bilaman.
Sobirova opa tuxum qovurishga tushdi. Sopqondan qushlarga tosh otib yurgan kichkina o‘g‘lini chaqirib:
— Chop, otangning oldiga, go‘sht bilan guruch olib berarkansiz de, — dedi. Lekin Unsinova bolani yo‘ldan qaytardi;
— Men ketaman, Sobirova opajon. O’tiring. Sizga gap bor.
Sobirova opa o‘zidan uch yosh kichik dugonasiga umidvor ko‘zlarini tikib, ko‘rpachaga cho‘kdi.
— Yaqinda men Samarqandga borib keldim, — dedi Unsinova.
— Eshitganim yo‘q... shunaqa, eshitmas bo‘lib qoldim, — dedi Sobirova opa.
— Ko‘ktosh qishlog‘idan qimmatchilikda bir sag‘ir bola chiqib ketib, endilikda professor, doktor bo‘lgan ekan. O’sha odamning ellik yillik yubileyini SamDUdagilar nishonlayotgan ekan. Meni ham taklif qilib qolishdi. Men ham ko‘ktoshlik emasmanmi, domla bilan taklif qilgan ekan. Men ham nutq so‘zladim. Hamqishloqlarim nomidan tabrikladim. Keyin u kishi banketga ham taklif qildi. Uyiga bordim. Iigirma mingga qurgan hovlisi bor ekan. Xotini ham odamning joni ekan, deng. Ikki o‘g‘li bor ekan. Aspiranturada o‘qishar ekan. Banketdan keyin meni olib qoldi, ko‘nglida dardi bor ekan, yordi: «Hamqishloq, men yetimlikdan shu darajaga yetib keldim. Hamma orzularim ushaldi, lekin endi keksayganim uchunmi, ko‘nglimga bir tashvish tushdi. Men endi Ko‘ktoshga borib, u yerda yasholmayman. Ilmiy ishlarim uchun bu yer qulay. Mana, katta o‘g‘lim uylandi. Kichigiga navbat kelib qoldi. Shuni ko‘ktoshlik yaxshi bir qizga uylantirsam. Shunday qilmasam, Ko‘ktoshdan ildizim uziladi, men o‘lgandan keyin bolalarim uni eslaridan chiqarib yuboradi».
Sobirova opa bu gaplardan ta’sirlanib, boshini xam qilib qoldi. Unsinova xotirjam davom etdi:
— Men, yaxshi o‘ylabsiz, domla, dedim. Avvalambor, bu bizning baxtimiz, dedim. Keyin, o‘ylab-o‘ylab, opa sizning qizingiz Naimaxonni aytdim. Bizda bir qiz bor, yaxshi oiladan, onasi kommunist, dedim. Siz shunga nima deysiz, opa?
Sobirova opa Naimani erga berish to‘g‘risida hech o‘ylab ko‘rmagan, bilimsizlik ko‘ngliga tashvish solib yurganidanmi, «qizim, sen o‘qi, aspiranturalarni bitir», deb yurar edi. Albatta, ko‘plar og‘iz solishar, ayniqsa, o‘zining qadimgi tanishi mana shu olifta bilan uning chiroyli yosh xotini gohida fotiha qilish haqida gap ochishar edi. Uning harbiyda xizmat qilayotgan o‘g‘li, opaning Toshkentdagi farzandi Kamolning yaqin do‘sti bo‘lib, bir oyog‘i shu xonadonda bo‘lib yurganida, qizining unga, uning qiziga zimdan qarab qo‘yishlarini opa sezar, lekin bunga: ham e’tibor bermas edi. Shuning uchun Samad olifta; bilan uning xotiniga ham boshqalarga beradigan javobini takrorlab qo‘yar edi: «O’qiyversin-chi...» Sirasini aytganda, Naima ham juda ko‘hlik, aqlli, iboli qiz edi. Uni maktabda bo‘lsin, tanish-bilishlar orasida bo‘lsin, maqtamagan kishi kam edi...
Sobirova opa hayron bo‘lib, bir zum o‘ylanib qoldi. Ko‘z oldida ko‘zoynak taqqan professor, uning atrofidagi boshqa olimlar gavdalandi. Keyin uning aspiranturada o‘qiydigan o‘g‘li, so‘ng banket ko‘rindi. Opaning nazarida, bir chetda qizil bo‘yoqqa bo‘yalgan minbar ham ko‘rindi. Opa bir zumga o‘zini shu davrada ishtirokchi kabi sezdi va siniq dili o‘kinch bilan zavqqa to‘ldi... Lekin Naimani erga berish to‘g‘risida hali hech o‘ylab ko‘rmagan edi. Ko‘ngliga allanechuk vahima tushib:
— Unday kishilar bilan quda bo‘lish haqiqatan baxt, — dedi. — Lekin Unsinovajon, men qizimni hali erga bermayman.
— Opajon, domla ham kelinni darrov tushirib olmoqchi emas. U kishi ham qizni o‘qitmoqchi. O’zlarining xohishi ham shu: o‘qigan, madaniyatli qiz bo‘lsin, dedilar. O’zingiz bilasiz-ku, olimlar oilasiga tushadigan kelin qanday bo‘lishi kerak. — Unsinova dugonasiga zimdan qarab, qo‘shimcha qildi: — Shu ish bo‘lib ketsa, hammamizga ham yaxshi bo‘lar edi-da... Balki shundan keyin rayon rahbarlari sizning kimligingizni ham yaxshiroq bilib olarmidi...
— Hm-hm... — deb bosh qimirlatdi Sobirova opa ichida titrab: «To‘g‘ri-da, kimsan, professorning qudasi bo‘laman... Ha, dushmanlarimning uyiga o‘t tushsin!»
Shu suhbatdan keyin Sobirova opaning dilida bir cho‘g‘ paydo bo‘ldi. Bu cho‘g‘ goh ko‘zoynak taqqan professorning, goh uning atrofidagi olimlar, uning o‘g‘li va xotinining yuzini yoritar; o‘zini o‘shalarning davrasida ko‘rsatar; goh o‘zining bu katta chorbog‘ini munavvar qilib, unda to‘y-tomoshalar namoyon bo‘lar edi.
Sobirova opa bir oqshom bu gapni eriga aytgan edi, Shomurod polvon:
— Unsinovang shuning uchun kelgan ekan-da. Men aytdim, qanday shamollar uchirdi? — deb kuldi. Keyin o‘zining fikrini aytdi: — Qiz mardum bari bir birovga tegadi. Lekin, kampir, bunday katta odamlar bilan quda bo‘lishga mening hushim yo‘q. Kamol ham menga o‘xshaydi. U yog‘ini o‘zing bilasan.
Yana may oyining issiq kunlaridan birida Unsinova qog‘ozga shirinlik o‘rab keldi.
— Sizni bir tomoshaga olib chiqmoqchiman, — dedi. — O’zim ham zerikdim, bilaman, siz ham zerikkansiz.
— Qaerga Unsinovajon? — xushvaqt bo‘lib so‘radi Sobirova opa.
— Samarqandga, — dedi Unsinova xotirjamlik bilan. — Bir-ikki tanishlarim bor. Bir kelib keting, deb yurishadi ko‘pdan. Bir tandir kabob yeb, maza qilib kelaylik.
— Xo‘p, Unsinovajon, xo‘p, — dedi Sobirova. — Sizday dugonam bir yerga olib boray deb keladi-yu, men yo‘q deymanmi? — Lekin ichida: «Shu professorning uyiga olib boradi», deb o‘yladi. Xayolida tanish manzaralar yana birma-bir o‘tdi. Ko‘nglini vahima aralash quvonch qopladi. Unsinovaning ham ko‘nglida bu gap bor ekan.
— Xohlasangiz, domlaning uylariga ham olib boraman, — dedi. — O’zingiz ko‘rasiz, gaplashasiz u kishi bilan. Lekin, opajon, xursand bo‘lasiz.
— Mayli, mayli, — dedi Sobirova opa. — Ammo u kishiga qizim haqida va’da berolmayman.
Unsinova erkaklardek xaxolab kuldi.
— E, opaginam-ey, uning tashvishini qilmang. Hali gap ko‘p.
Sobirova opa bu xabarni eriga aytgan edi.
— Xotin, sening aqling kamayib boryapti chog‘i, — dedi Shomurod polvon. — O’rtoq Unsinovang seni professorning uyiga eltib, og‘zingni bog‘lab kelmoqchi. Bo‘lmasam, seni aylantirib yurish unga nima zarur? Shuncha vaqtdan beri ishsiz yotding, holing ne deb bir
xabar oldimi?
«To‘g‘ri», deb o‘yladi Sobirova opa. G’ashi kelib, ko‘ngli qolib yurgan dugonalaridan biri ham shu — Unsinova edi... Biroq, ertalab tor ko‘chaning boshida qoldirilgan Unsinovaning «Volga»sini ko‘rdi-yu, amirkon etigi, qora atlas ko‘ylagini kiyib, yo‘lga chikdi.
Samarqandga borganlarining ikkinchi kuni Unsinova dugonasini Akbarovning uyiga olib bordi. Darhaqiqat, professorning uyi yigirma ming so‘mga qurilgan desa arziydigan edi. Lekin ortiqcha jim-jimadorlik yo‘q, ham kamtarlik, ham salobat seziladi. Professorning o‘zi buzilgan vodoprovodini tuzatayotgan ekan. Yosh yigitlardek qah-qah otib kulib: «Yerliklarim, hamqishloqlarim!» deb, bularni qarshi oldi.
Akbarovning bu ochiq, kamtar gapi uni Sobirova opaga juda ham yaqin qilib qo‘ydi. Shu kecha professorning uyida ziyofat bo‘ldi. Qo‘ni-qo‘shnilar ham ishtirok etib, hamqishloqlarning topishganidan mamnun ekanliklarini aytishdi... Bazm chog‘ida yuzlari qizargan Sobirova opa bir onga o‘zini haqiqatan ham orzu qilgan xayolidagi manzara qatnashchisi deb o‘yladi. Dilini faqat zavq va shodlik egalladi. Bundan keyingi hayoti ham hamisha shundoq o‘tadigandek tuyuldi... Lekin opa bu davrada o‘zining yopishmay turganini bilolmadi. Arzimagan. qochiriqlarga ham qah-qah otib kuldi. Holbuki, bu vaqtda bazm ishtirokchilari oddiy jilmayish yo tabassum bilan cheklandilar. Nihoyat, Unsinova dugonasini nomzod ko‘rsatilgan qizning onasi ekanini aytdi: Akbarov bundan juda xursandligini izhor qildi.
«Endi nima qildik?» degan savol ko‘ndalang bo‘lganida:
— Mayli, domlajon, siz bizdan qiz so‘raysizu biz yo‘q deymizmi? — deb yubordi Sobirova opa.
Shunday qilib, Sobirova opa Naimani ularga ke-linlikka berishga rozi bo‘lib qaytdi. Ular Naimani ko‘rish uchun Andijonga borishlarini aytib, xayr-xo‘sh qilib qoldilar.
Akbarovlar kelishidan ikki kun oldin Naimaning o‘zi ham ta’tilga chiqib, u yokda Kamol ham otpuskaga chiqib, xotini va yosh o‘g‘ilchasi bilan kelib qolishdi. Uy to‘lib, xursandchilikning cheki bo‘lmadi. So‘ng Sobirova opa bo‘lajak fotiha haqida ularga gap soldi.
Naima:
— Men bilmayman, — deb rangi oqarib turib ketdi-yu, Kamol tajang bo‘lib o‘shqirdi:
— Bu gap qaerdan chiqib qoldi? Nima uchun? Nai-maning sizga og‘irligi tushyaptimi?
Ona yotig‘i bilan tushuntirishga harakat qildi, ammo o‘jar bola:
— Kerak emas, professor bo‘lsa o‘ziga! Bunaqa odam-lar bilan qarindosh bo‘lishni jinim yoqtirmaydi, — dedi.
— Bolam, sen yoshsan. Turmushni bilmaysan, — dedi Sobirova opa
Akbarovlar kelishganidan keyin, masalani ko‘ndalang hal qilinishiga fursat yetdi. Uy bekasi mehmonlar bilan sarhovuzda taxmondan tushmaydigan baxmal ko‘rpachalarda — davrada o‘tirar ekan, Kamol singlisini bolaxonaga boshlab chikdi. Yoniga, sim karavotga o‘tqazib:
— Gapni qisqa qil, sen nima deysan? — dedi.
— Men bilmayman, — dedi Naima yerga tikilib.
— Sening taqdiring hal bo‘lyapti-ku, go‘dak! Sen bilmay, men bilamanmi? — bo‘kirdi Kamol.
— Men bilmayman, — dedi Naima yana.
— Singlim, sharm-hayoning vaqti emas, — deb pastga tushdi Kamol. — Agar bironta ko‘nglingda o‘ylaganing bo‘lsa, uni ayt menga. Men hoziroq chiqib rad qilaman.
— Qo‘ying, akajon, — dedi Naima.
— Samad oliftaning o‘g‘li-chi? Mening sezishimcha...
— Yo‘q-yo‘q... — so‘ng «Onam...» deb ming‘irladi. 
 Kamol singlisini onasining so‘zidan chiqmasligini yaxshi bilardi. Shuning uchun «menga nima? » deb o‘yladi alam bilan: «Bir kuni aybdor bo‘lib qolaman».
— Bo‘pti bo‘lmasam, men betarafman! — deb o‘rnidan turdi Kamol.
Shu kuni fotiha qilindi. To‘y, qiz o‘qishni bitir-ganidan keyin bo‘ladi, degan qarorga kelindi. Ikki kundan keyin Kamol onasi bilan janjallashib, xotin-bolasini olib Toshkentga ketib qoldi.
Sobirova opa qattiq xafa bo‘ldi. Lekin: «Hali esidan chiqib ketadi. Et-tirnoq ajralarmidi?» dedi o‘ziga-o‘zi. Endi orzularining amalga oshuviga shubhasi qolmagan edi. Opa beixtiyor to‘yning tezroq bo‘lishini istay boshladi. Haqiqatan ham ish yurishib ketdi. Bir oy o‘tmasdan Unsinova kelib:
— Opajon, domlaning xotinlari meni bezor qilyaptilar har kuni telefon qilib, — dedi. — Naimaning mehrigiyosi bor ekan. Dilimga tushdi. Shuning to‘yini tezroq qilsak-chi? Bu yerda ham institutlar bor, o‘qiyverar edi... deydi.
— Unsinovajon, axir kelishdik-ku, — dedi Sobirova opa.
Erta kuz kunlaridan birida Kamol: «Singlingning to‘yi bo‘lyapti. Tezda yetib kelinglar!» degan telegramma oldi. Telegrammani yirtib tashladi.
To‘y dang‘illama bo‘ldi. Rayonning barcha rahbarlari keldi. Sobirova opa raykomning birinchi sekretari bilan qadah urishtirib ichdi. Ish haqida shu yerda gap ochmoqchi ham bo‘ldi-yu, o‘zini bosdi. Faqat Samad olifta ichib kelib, darvoza oldida bir oz janjal chiqardi. Uning yosh xotini bu hovlidan chiqayotgan childirma va ashula ovozlari ostida uyida o‘tirib yum-yum yig‘ladi. Ertasiga kechki payt to‘y tarqadi va Sobirova opa eri bilan Akbarov tushgan «Volga»ga o‘tirib, yana uchta mashina safida Samarqandga yo‘l oldi. Samarqandda ham dang‘illama to‘y bo‘ldi. Stolning boshida o‘tirgan Sobirova opa o‘zini chinakam baxt og‘ushida his etdi. To‘ydan faqat Shomurod aka bir oz ranjib keldi:
— Boy bo‘lgani bilan xasis ekan bular, — dedi. — Bergan choponiga qara, tizzamga yetmaydi. Nima, men ko‘chada qolganmidim?.. Lekin kampir, Naimangni qaynanasi zahar ko‘rinadi.
Qaytib kelganlarining ertasigayoq Sobirova opa ishda kiyadigan poshnasi yo‘g‘on tuflisi va odmi atlas ko‘ylagini kiyib, raykomga bordi.
— Xo‘sh, Sobirova opa, mana, ma’rakalardan ham qutulib oldingiz. O’zingiz ham ishsiz yurib zerikkansiz chog‘i? Nima bo‘ldi, o‘ylab ko‘rdingizmi endi? Qanaqa yengilroq ishni tanlaysiz? — dedi sekretar.
Sobirova opa o‘zini yo‘qotib, ko‘zoldi qorong‘ila-shib, bir oz qotib o‘tirdi-da yig‘lab yubordi.
— Mening nima yomonligim o‘tgan ekan kishilarga?! — deb pichirladi, shartta o‘rnidan turib chiqib ketdi. Uyga borib, boshi og‘rib yotib qoldi. — Men nega o‘lmadim, esiz jonim, — deb yosh to‘kdi. — Kamoljon, onangni kelib ko‘r, — deb nola qildi. Shomurod polvon gap nimadaligini bilib, xotinini ovutgan bo‘ldi. Lekin bu Sobirova opaning diliga taskin bermadi. Keyin bir oy o‘tib, kuyovi bilan qudasini chaqirdi. Keyin o‘zi bordi. Biroq bu gal ilgarigidek xursand bo‘lib kelmadi...
Opa bosh og‘rig‘iga yo‘liqib, yotib qoldi.
— Bolamni chaqiring, Kamoljonni bir ko‘ray, — derdi. Shomurod polvon kichkina o‘g‘liga ayttirib xat yozdirdi: «O’g‘lim, yetib kelmasang, onangni ko‘rolmay qolasan, deb qo‘rqaman», degan gaplarni ham bittirdi.
Kamol endi qishloqqa bormayman, deb ahd qilgan edi. Biroq, bu xatni oldiyu onasini ko‘rishga shoshildi. Sobirova opa yotgan yerida qo‘l uzatib o‘g‘lining boshidan quchdi. Bir zumda ona-bola ittifoq bo‘lib qoldi. Ertasi kechqurun Shomurod polvon:
— O’g‘lim, o‘tgan ishga salovat. Singlingda ayb yo‘q. Uni ko‘rishing kerak. Qaynanasi, qaynatasi, eri ham so‘rarmish. Borib ko‘rmasang, yaxshi ish bo‘lmaydi. Yolg‘iz singling, musofirchilik... — deb Kamolni Samarqandga borishga undadi.
Kamol singlisini yaxshi ko‘rar, uni sog‘ingan edi. Borib ko‘rmasa, singlisining sha’niga durust gaplar bo‘lmasligini tushundi. O’g‘lining Samarqandga borish xohishini eshitib, Sobirova opa ham inqillab o‘rnidan turdi.
— Men o‘zim olib boraman o‘g‘limni, — dedi. Eri kasalligiga ishora qilsa ham ko‘nmadi. Ikkinchi kuni ona-bolani Shomurod polvon avtobusga o‘tqazib jo‘natdi. Ular Ko‘ktoshdan o‘tganlaridan so‘ng, Samarqandga boradigan avtobusga tushib ketdilar.
Kamol Akbarovning hovlisiga yot ko‘z bilan kirib, yot ko‘z bilan chikdi. Shuning uchun bu odamning dilkashligi va sho‘xliklariga o‘zga ma’no berdi. Naima ozib, ko‘zlari kirtayib qolgan, yuzlarini dog‘ bosgan edi. Kuyovning ortiqcha odobliligi ham Kamolga yoqmadi: hamma zalda o‘tirishganda, onasi necha marta tashqariga chiqib kirsa, kuyov bola shuncha marta o‘rnidan turib uni qarshi oldi. Singlisi ochiq aytmagan esa-da, uning qiynalayotganini sezdi. Professor haqiqatan ham Naimani SamDUga joylab qo‘ygan ekan... Albatta Kamol qaynananing o‘zgalarga balanddan qarashini ham payqadi. Ayniqsa, qaytib chiqayotganlarida, o‘zi qishloqdan zo‘rg‘a izlab topgan ikki jo‘ra atlas hamon karzina ichida turganini ko‘rganida, behad g‘azablanib ketdi.
Sobirova opa allanechuk titrab:
— Olish eslaridan chiqibdi, — degandi, u bilan urishib ketishiga oz qoldi. «Begonamiz... Bizlar bu oilaga begonamiz!» deb chiqdi. Kuyov yigit bularni avtobus to‘xtaydigan bekatgacha kuzatib bordi. Shunda Kamol:
— Endi hamisha shu oilada turaverasizlarmi? — deb so‘radi.
— Yo‘q, Naima bilan maslahat qildik. Sektsiyaga chiqmoqchimiz. Shuni otamga aytamiz, — dedi kuyov.
Kamol bu gapdan bir oz qanoatlanib:
— Yaxshi, shunday qilinglar, — dedi. Ona-bola «ZIL» avtobusga o‘tirib, yo‘lga tushdilar.
— Qalay, onajon, xursandmisiz? — dedi u yo‘lda yonma-yon o‘tirishar ekan.
Sobirova opa mashaqqat bilan kulimsiradi:
— Albatta, xursandman, bolam. Singling yaxshi oilaga tushdi. Baxtli bo‘ldi.
Kamol zaharxanda kuldi:
— Siz nimalik bo‘ldingiz, onajon? Tushunolmayman...
— Men... — Opa g‘oyat ta’sirlanib, barbod bo‘lgan orzulari, aldamchi hislari qalbida junbishga kelib derazaga qaradi, ko‘zlaridan yosh oqib ketdi.
Kamol onasi bilan Samarqandga boradigan avtobusga o‘tirgan yerlarigacha birga keldi. Keyin, xayrlashib, Toshkentga o‘tib ketdi.
Sobirova opa bug‘doy ortgan bir mashinaning kabinasida qishloqqa qaytdi. Opa derazadan yalangg‘och, bo‘r qatlamlari chiqib turgan tog‘larga mung‘ayib qarab borar ekan, o‘zining darhaqiqat keksayganini, ham jisman, ham ma’nan horiganini his qildi. Shunda loqaydlik bilan yaqinginada ot minib, tog‘-toshda yurgan chog‘lari, prezidiumlarda nutq so‘zlaganlari, hamqishloqlariga mag‘rurona rahbar ko‘zi bilan qarashlari xayolidan bir-bir o‘ta boshladi. Ularni qayta tiriltirish qo‘lidan kelmasligi, buning uchun har qanday urinish — ertangi kunni ham qisqartirish bo‘lishini o‘yladi. Shunda o‘zining savodsizligi, soddaligi va o‘jarligiga ham iqror bo‘ldi. Endi yoshlarga yo‘l berish fursati yetganiga ishondi... Beixtiyor o‘zining bu ahvoli bir kunmas-bir kun tengqur dugonalari boshiga tushishini o‘yladi.
Sobirova opa bir haftadan keyin horg‘in qadam tashlab, o‘ziga yarasha ish so‘rash uchun raykomga yo‘l oldi.

1968
© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.