OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Shukur Xolmirzayev. Notanish odam (hikoya)

Ovga borayotgan edim, havo aynidi. «Bahor havosi-da, bir sevalab o‘tar», deb ketaverdim. Biroq sal o‘tmay yomg‘ir shunday quyib berdiki, birpasda ust-boshim ho‘l bo‘lib, badanimga yopishib qoldi. Shunda, turgan yerimdan ikki yuz qadamcha narida jar va jarga tushaverishda ovchilar, yo‘lovchilar qo‘nib o‘tadigan kamarcha borligi yodimga tushdi. Jarga yaqinlashishim bilan shuvoq isi aralash tutun dimog‘imga urdi. Kamarga kirdim. O’rtada gulxan yonar, chetroqda oqchil chakmon kiygan, o‘rta bo‘y bir kishi eshagining ayilini bo‘shatardi.
— Salomaleykum.
Notanish odam menga qaradi-da, boshimdan-oyog‘imgacha ko‘z yugurtirib chiqdi. U qirg‘iz bashara, lekin qoshlari quyuq, qirq yoshlardan oshgan, baquvvat kishi edi.
— Aaalekum.
O’t boshiga cho‘nqaydim. Etigimni sug‘urib, tagini olovga qaratib qo‘ydim. Pidjagimni yechib, tizzamga yoydim. Notanish odam gulxan yoniga qaytdi, bir dasta shuvoqni tagiga qo‘yib o‘tirdi.
— Xo‘-o‘sh, yo‘l bo‘lsin, yigit? — dedi u. Uning ohangida allanechuk kinoya borga o‘xshab ketdi.
— Ovga, qishlokdan, — qisqa javob berdim.
— Hali ovchiman dang? — daf’atan pixillab kuldi u va gulxanga o‘tin qalay boshladi.
«Ovchiman! Buning nimasi kulgili?!» deb jerkib bergim keldi-yu, «ha!» deb qo‘ya qoldim.
— Nega yomg‘irda qoldingiz? — so‘radi u jilmayishini qo‘ymay.
— Qoldim-da.
— Yomg‘ir yog‘ishini bilmadingizmi?
— Qaydan bilay.
— Bulutni ko‘rib edingizmi? 
— Ha.
— Gallamang, ko‘rganingiz yo‘q.
— Obbo, mendan... nima istaysiz o‘zi, amaki?
Suhbatdoshim menga xotirjam ko‘z tashlab oldi.
— Kerakli narsani ko‘ra bilishingizni istayman xolos. Ko‘rgan bo‘lsangiz: bulut tog‘dan emas, cho‘ldan ko‘tarilayotgan edi. Ko‘rinib turiptiki, bu bulut to‘kkan yomg‘ir ancha-muncha mahalda tinmaydi. Agar bulut tog‘dan pastlagan bo‘lsa, uning yo‘rig‘i boshqa edi. Shuni ko‘ra bilganingizda, ilgariroq o‘zingizni panaga tortardingiz, suvga cho‘milib, bunday qunishib o‘tirmas
edingiz.
Men tishimni tishimga bosib, jim qoldim.
Yomg‘ir quyyapti. Kamarning «pesh buruni»dan tosh «ostonasi»ga sharillab loyqa, qizg‘ish suv to‘kilyapti. Nam shuvoq hidi anqiydi. Notanish odam o‘rnidan turdi.
— Xafa bo‘lmang, yigit.
Chaqmonning yoqasini ko‘tarib, boshini qopladi, kamardan chiqdi. Sal o‘tmay yarmisi ho‘l bir quchoq o‘tinni ko‘tarib kirdi. Uni kamarning to‘rrog‘iga eltib tashladi-da, menga qaramay, «isina bering», deya yana chiqib ketdi.
«Isina bering? Olovini minnat qilganimi!» Pidjakni kiyib, o‘rnimdan turdim. Kamardan chiqarkanman, notanish odamni ko‘rdim. U pastda, soyning yoqasida yugura-ela, daryo toshqini toshlarning tagiga tiqib tashlagan shox-shabbalarni terardi. «Ha, pishiq odam. Bu o‘tinlarni uyga olib ketadi. Eshagiyam tayyor». Notanish odam o‘tin uchun kamar bilan soy orasida yana uch-to‘rt marta qatnagach, kiyimlarini siqib, joyiga kelib o‘tirdi. Menga ko‘z qirini tashlab, o‘chayotgan cho‘g‘larni dag‘al barmog‘i bilan titkiladi.
— Tomosha qiling, yomg‘irning yog‘ishida ko‘ngilga yoqadigan bir dilgirlik bo‘ladi, — dedi u. — Ko‘p yaxshi narsalar yodga tushadi. Ayniqsa o‘t yonida o‘tirib tomosha qilsang. Keling-e, yigit, o‘tiring.
Men, o‘zim ham bilmayman, nima uchundir yumshab qoldim.
Belbog‘ini yechib o‘rtaga yoydi. Eshakdagi xurjundan bitta yog‘liq patir bilan beshta qo‘y qurtini olib belboqqa qo‘ydi:
— Dasturxonga qarang.
— Rahmat, qornim to‘q.
— Rahmatni yegandan so‘ng aytasiz.
Men bitta qurtni olib shimiy boshladim.
Ikkalamiz ham jim, tashqarida shuvillab yog‘ayotgan yomg‘irga qarab o‘tiribmiz. Soy sohiliga ko‘kchil tuman o‘rmalayapti. Sohilning so‘l tomoni bug‘doyi kuyib ketgan paykalday qorayib ko‘rinadi. Uning ustiga bulutlardan yo‘l-yo‘l zangor chiziqlar osilib tushgan. Bora-bora u chiziqlar oqardi, qorayib ko‘rinayotgan yerlar ham yorishdi. Atrof oydinlashib, ufq kengayib ketdi. Quyosh chikdi. Biz ham kamardan chiqdik.
— Xayr, yigit, ovingiz baror olsin, — dedi u. — Mening gaplarimdan xafa bo‘lmang.
U eshagiga mindi. Mening xayolimga u terib kelib kamarga tashlagan o‘tinlar keldi.
— Amaki, o‘tiningizni unutdingizmi deyman?
— Yo‘q, yigit, unutganim yo‘q, — kulimsiradi u, — siz uyga olib ketadi deb o‘yladingizmi? Uyimda o‘tinim bor. Mana, seryomg‘ir kunlar boshlandi. Sizu bizga o‘xshagan biron yo‘lovchi bu kamarga kirib qolgudek bo‘lsa, sovuqqa qunishib o‘tirmasdan, tayyor o‘tinni yoqib isinadi, shular uchun terdim.
U ketdi. Men kamar og‘zida, undan ko‘z uzolmay qarab qoldim.

1960
© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.