OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Shukur Xolmirzayev. Qumrilar (hikoya)

Qamoqdan kelgan paytlarim edi. Ishlab yurgan maktabimga yo‘latishmadi. Ikkinchi klass shofyorlik pravam ham bor edi, harbiyda olgandim. Po‘lat puchuqqa uchrashgandim, — garajda dispetcher edi, — «Jo‘rajon, besh yuz so‘m bermasang, moshin ololmaysan» dedi. Menda sariq chaqayam yo‘q. Puchuq ko‘p gapiravergan edi, «Asli meni emas, seni qamashlari kerak edi» dedim. To‘g‘ri-da, men bir ahmoqlik bilan qo‘lga tushdim-tushdim. Lekin nomardlik bilan emas, birovning haqiga xiyonat qilish bilan emas. Shunchaki o‘g‘li darsga xohlagan paytida keladigan milisaga qattiq gapirganim uchun. O’zi — uchastkovoy, hammani sen-senlar edi. Sal gapirsangiz, «Oborib tiqib qo‘yaman» der edi. Meniyam og‘zimdan yomon gap chiqib ketganda: «O’g‘ling sendan ibrat olayapti?» U-bu... E, bu — odamning yomoni-yomon bo‘larkan. Ikkitasi bir bo‘lib akt bitishsa, man-man deganingiz ham bas kelolmas ekan.
O’shanda shunday edi-da. Hozir-ku, xayriyat, ular ham o‘ylab ish qiladigan bo‘lib qolgan.
Xullas, Termizda Olim jo‘ram bor ekan! Shuning oldiga bordim. «Jo‘ra, kun o‘tmay qoldi. Bir ish topib bermasang, chatoq», dedim. Ana u — odam. Inson. Yo menga sinfdoshlik qildimi, S. rayonida bir oshnasi bor ekan. RAPO degan tashkilotning boshlig‘i ekan. Shunga qo‘ng‘iroq qildi. Uyam buning gapini ikki qilmas ekan, meni chaqirdi. S.ga bordim.
Bilasiz, u — tog‘lik joy, shag‘al karerlari ko‘p. Biriga yuborar deb o‘ylagan edim, yo‘q, domotdixga yubordi. Rayonning odamlariga mo‘ljallab qurilgan ekan. Tog‘ning etagida. Ko‘p xushhavo joy. Direktori bizni farrosh qilib oldi. Shungayam shukr dedim. Qamoqda bunaqa ishlarni qilaverib o‘rganib ketgan edim... Lekin qayokdan kelganim qulog‘iga yetgan ekan: «Tek yurasan, tek ishlaysan. Bezorilik qilmaysan. Qilsang — o‘sha kuni dumingni tugaman», — dedi. «Xo‘p», — dedim. Boshqa nima deyman?
Familiyasi — Qoryog‘diev edi. Lekin o‘zi qop-qora, ko‘zlari o‘ynab chiqqan, tag‘in qulog‘i og‘ir odam edi. Qachon qaramang, idora oldiga chiqib, sigaret chekib turardi.
Xullas, ish boshladik. Sahar turib yer supuraman, polizda ishlash, keyin suv tarash, gullarning ostini chopish. E, direktorning mashinasini ham yuvish mening bo‘ynimda edi. Lekin baribir xursandman. To‘qson so‘m maosh belgilangan.
Farroshlik qilayotganimning uchinchi oyi edi, shekilli, sizga aytmoqchi bo‘lganim juftni ko‘rdim. Darvozadan kirib kelishdi. Bir-biriga yarashgan. Qizning ismi — Qo‘ysinoy, yigitning ismi — Eshvoy ekan.
Buni keyin bildim.
Bir kuni basseynning suvini chiqarib, tozalayotgan edim, shu yigit — Eshvoy hovuz labiga kelib:
— Hormang, — dedi.
— Bor bo‘ling, mehmon, — dedim.
— Yuvayapsizmi?
— Ha, loyqa bosib ketipti. Kechqurun toza suv qo‘yamiz. Ertalab bemalol cho‘milishingiz mumkin.
— Ertalabgacha to‘lib qoladimi?
Ensam qotib, unga qaradim. Zerikkan. Bir ermakka muhtoj. Buning ustiga, qandaydir siqilgandek ko‘rindi. «Ajab, — dedim. — Yonida shunday jononi turib, bu zeriksa!» O’ziyam charchagan edim, narvondan chiqib, zinaga o‘tirdim. Qo‘lim loy edi, Eshvoyga kostyumimni ko‘rsatib:
— Kissada sigaret bor. Bitta oling, oshna, — dedim. U hozirjavoblik bilan aytganimni qildi. Aftiga zehn soldim. Binoyiday yigit. Ust-boshiyam durust. Boshida somon shlyapa, egnida munday — yo‘l-yo‘l oq ko‘ylak. Galstugi bor. Tuflisiyam yaltirab turibdi. E, juda bashang. Ziyoli-da!
Bechora gugurtniyam chaqib tutdi. Sigaretani tuta-tib o‘tirib, gapga soldim.
— Uqituvchiman. Hind tilidan dars beraman, — dedi.
Tavba! «Brodyaga» filmi tufayli... hind tili fakultetiga kiraman deb Toshkeshta borib, tarix-adabiyot fakultetiga kirgan edim. «Nizomiy»ga-da! (Universitetning sharq tillar fakultetiga hujjat qabul qilish tugagan ekan).
— E, chalakallega! — dedim. — Baxtli ekansiz... Maosh qancha?
— Yaqinda o‘qituvchilarning maoshi ko‘payadi degan gap bor. Lekin hozirgisiyam yetadi, — dedi.
Yaxshi yigit ekan, men sizga aytsam. Qanoat yaxshi-da! Mana, hozir o‘qituvchilarning ham oyligi ko‘payib ketdi. Qishloq xo‘jaligiga boraman — agranom bo‘laman deganlar ham o‘zini muallimlikka uryapti. Keyin u:
— Sizam hind tilini bilasizmi? — dedi. Men kuldim.
— Bilishim mumkin edi...
— Uzr, endi, — deb chaynaldi.
Ko‘rib turibsiz, sodda yigit ekan. Menga yoqib qoldi. Hozir ham shu fikrdaman: unaqangi sodda, pokiza yigitlar kam uchraydi. Biz ham endi o‘zimizcha yashab, uni-buni ko‘rdik, har xil odam bilan tanishdik-da!
— Yanga nima ish qiladilar? — dedim.
Ishoning-ishonmang, og‘zimga tikilib qoldi. Keyin qo‘rqibgina, mo‘ltirabgina:
— Qanaqa yanga, aka? — dedi.
— Yanga-da! — dedim. — Birga kelgan yo‘ldoshingiz!
— E-e. — Uning biqinida sanchiq turgandek nafasi ichiga tushib ketdi. Keyin deng, qizarib-bo‘zarib iljaydi. Bunaqangi chuchmal iljayishni ko‘rmaganman. So‘ng xuddi yosh boladek tirnog‘ini qimirchilab, boshini sarak-sarak qildi. — Yo‘q-yo‘q, — dedi-da, atrofga hadiksirab qarab oldi. Keyin dadillanib, yana: — Yo‘q, — dedi. Undan keyin bo‘lsa menga shunday intiq-intizorlik bilan boqdiki, kelganidan buyon menga «ishqi tushib» dog‘imda kuyib yurganday.
— Nima bo‘ldi? — dedim. — Aptingiz tez o‘zgarar ekan. Artis bo‘lsangiz, gapirishingizga hojat qolmasdi.
— Yo‘g‘-e, nega artist bo‘lar ekanman. Uning uchun talant kerak. Menda esa, yo‘q...
Mening yana ensam qota boshladi. Bu yigitni juda ustamon, gap chalg‘itishga ustasi farang, yoxud sodda-mug‘ombir deb o‘ylash mumkin edi. Lekin qiyofasida shunday samimiyat, tag‘in allaqanday bir miskinlik borki, uning kiftini silaging, «Nima darding bor, uka?» deging keladi.
Uning yoshi mendan katta bo‘lsa — katta, kichik emasdi.
— Bo‘lmasa yaqinroq tanishaylik, jo‘ra, — dedim. Bu yog‘iga ismimni aytmoqchi edim, uning ko‘zlari al-laqanday chaqnab-ochilib ketib:
Menam shuning uchun kelib edim, aka, — dedi. Dedi-da, bu yog‘iga gap bermadi: — Siz o‘tgan kuni anavi tramplindan suvga tashladingiz. Kalla bilan. Keyin ancha vaqt yo‘qolib ketib, anavi yerdan chiqdingiz... Biz Qo‘ysinoy bilan mana bu o‘rikning ostida turgan edik. Hamma hayron bo‘ldi sizga. Keyin direk-torning mashinasini kavlashtirib, ko‘p tarillatdingiz. Keyin he adoqlarga haydab borib keldingiz. Juda tez haydar ekansiz. Undan keyin intelegentcha kiyinib, anavi yerda ruslar bilan bemalol kulishib...
Qarasam, u meni rosa kuzattan. Mening bo‘lsa parvoyimga kelmagan.
Endi kamtarlikni qo‘yib, gapning bo‘larini aytsam, bir yigitdan kam joyimiz yo‘q-da! Biz ham uch yil burun oliy ma’lumotli muallim edik...
Bu Eshvoy jo‘ramiz mening kutubxonaga kirib, kitob varaqlashimniyam kuzatgan ekan. Qaysi kuni ikkita dam oluvchi ichib, shovqin ko‘tardi. U qildim — bo‘lmadi, bu qildim — bo‘lmadi. Qorovulning xotini tug‘ib, uyiga ketgan edi. Oxiri piyonlarni boplab karavotga bog‘lab tashladim.
Mulla Eshvoy shuniyam ko‘rgan ekan. Xullas, biz uning «kuzatuv ob’ekti»ga aylanib qolgan ekanmiz.
— Namuncha qiziqib qolmasangiz? — dedim.
— Qiziqaman, aka, — dedi u. Siz boshqacha odamsiz... Bizni xonaga bir kirmaysizmi, qo‘lingiz bo‘shasa... Sal gurung qilardik. Meni sizdan so‘raydigan maslahatim bor! — deb yuzimga tikildi.
Uning haqiqatan ham so‘raydigan gapi borligiga ishondim.
— Bo‘pti. Mana shu loyqani to‘play. Anavi yerlarni yuvay. Mashina kelsin. Keyin, — dedim. Axlat tashigich mashina loyqa aralash suvni tortib olishi kerak edi.
Yigit xursand bo‘lib ketdi.
Ishni bir yokdi qilib, yuvinayotgan edim, yana paydo bo‘ldi. Harqalay, birovning uyiga tuzukroq bo‘lib kirgan ma’qul. Bugungi eng muhim ishim bitgan edi. Bilyardxonaga kirib kiyindim. Ilgari qorovulxonada yotardim. Qoryog‘dievga chaqqonligam yoqib qolganmi, «Bu yer tor ekan. Bilyardxonada yotib yur», degan edi. Ko‘pdan beri bilyardning stoliyam, kiylari ham dabdala bo‘lgan, siniq-miyriq stol-stullar qalashib yotgan shu xonada turardim. «Intelegencha» kiyinib chiqsam, janoblari kutib turibdi.
Men sizga aytsam, bu yigitning didiyam yaxshi ekan. Haligiday gaplariga o‘xshash — sal chuchmalrog‘-u, mayli-da. O’rtacha xonalardan biri edi — uning nomeri. Karavotni ikkita qilib, ikki kishi yotsayam bo‘ladigan hujra. Derazaga sariq parda tutilgan. Stol, stul, tumbochka, ikki kreslo. Odatdagi — boshqa xonalarda bor anjom bu yerdayam bor edi. Lekin nima desam ekan, antiqa edi-da!
Kirishim bilan dimog‘imga chuchmo‘maning hidi urildi. May oyi edi, chuchmo‘malar xazon bo‘lgan payt, «Qaerdan topipti?» deb qarasam, deraza tokchasida, sharbat quyiladigan grafinda bir dasta bo‘tako‘z turibdi deng. Xuddi chuchmo‘maga o‘xshaydi. Juda g‘alati gul-da! O’zi kechroq gullaydi, bog‘ning adokdarida bor edi. Grafinning tagida deng qariqizning kattakon yaprog‘i yam-yashil bo‘lib yotibdi. Tumbochkaning ustida kichkina yapon magnitofoni.
Divan oldidagi uch oyokdi stolchada talay qoqmevalar: chaqilgan yong‘oq, bir hovuch turshak, bir hovuch qora kishmish. Yana to‘rtta bodring bilan to‘rtta pomidor — bular o‘zimizning teplitsadan chiqqan.
— O’, maishat qilar ekanmiz-da! — dedim. Eshvoy titrabgina so‘radi:
— Ichasizmi? Biron narsa topaymi?
— Rahmat. Ichmayman, — dedim.
— Menam ichmayman, — dedi u.
Kreslolarga o‘tirdik. Menga bir nima yetishmayotgandek tuyula boshladi. «Ha, bu yolg‘iz turarkan-da...» degan mulohaza ekan. Buni anglab... u bilan kelgan jonon «yanga» emasligiga ishondim.
Ana shunda yostiq ustida — karavot qoshiga suyab qo‘yilgan suratni ko‘rib qoldim. O’sha jonon edi. Lekin paltoda. Yoqasi oppoq — suvsar teri bo‘lsa kerak. Boshida deng oqqina jun ro‘mol. Ro‘mol bilan kulcha yuzini shunday o‘rab olganki, tushmagurning yuzi shu ro‘mol ichidan noz bilan chiqib, go‘yo «Yomon qarasang, yashirinib olaman» deganday. Karavot qoshiga suyanib xuddi biz tomonga qarab turibdi.
— U, — dedim. — Endi bildim. Sevgilingiz ekan-da u xonim?
Eshvoy shoshib qolib, qimirlab olib:
— Ha, yo‘q. E, shunday... — dedi-da, birdan boshini egib, xam bo‘lib oldi.
Tushundim: dardi bor, sevgi dardi... Tabib — tabib emas, boshidan o‘tkazgan — tabib, deydilar. Biz Ham endi bu dardning tabibi bo‘lib ko‘rganmiz-da. Ha, maktabdalik chog‘lardayoq oshiqi beqaror bo‘lib, bir go‘zalning ismini qorlarga yozib yurganmiz. Uning ko‘ziga tashlanay deb, qor kurab turgan kuragimizni otib yuborib, tomlardan sakraganmiz. Aksiga olib, qo‘rqib ketib, qarg‘ab berganlar.
Men o‘zim bolalikdan sal qitmirroq bo‘lib o‘sdimmi, bilmayman, ba’zan shafqatsiz bo‘lib ketgan vaqtlarim bor. To‘g‘ri, tekkanga tegib, tegmaganga kesak otadiganlardan emasdim. Biroq shu — nohaqlikni ko‘rsam, chidolmasdim-da. Shuning uchun maktabdan (yana maktab!) haydalishimgayam oz qolgan. Bir darsga kechikib kelganim uchun domla qatorasiga uchta «ikki»ni bosgan edi! Ha, kechikib kepsan, deb xulqimni muhokama qil, «ximiya»dan ikki qo‘yib o‘tiribdi. E, tutunim chiqib ketgan. Ayol o‘qituvchi edi, erining piyonistaliginiyam yuziga solganman.
Qizlar masalasiga kelsak, keyinchalik ularga sal tepadan qaraydigan bo‘lgan edim. Bu — xato, albatta. Lekin nima qilay? Biriga poyi-patak bo‘lib nima topdim? O’zi, sirasini aytsam, qiz xalqi, xotin xalqi sal mag‘rurroq yigitlarni ma’qul ko‘rishar ekan. Pushkin ham aytgan-ku, «Ayoldan qancha uzoqlashsang, u senga shuncha yaqinlashadi», deb. Albatta, gap bundayam emas-u, fe’l-da... Tag‘in bu tomonini ham yashirmayman. Institutdayam bir-ikkitasi bilan tanish-bilish bo‘lgan edik. Suhbat qurgan edik. Gapning xulosasini aytsam, bu yo‘rikda qamoq menga xiyla ta’lim bergan edi. Diydam qotib ketdimi, nima balo, ozodlikka chiqqanimda, ko‘plar, xotin-qizlaram ko‘zimga qilcha ko‘rinmasdi. Lekin yana takrorlayman: buyam — xato... Chunki sal vaqt o‘tmay, hammasidan o‘zim past va nodon ekanimga iqror bo‘lganman.
Ha, chekinish bas, endi.
— Do‘stim, siz oshiqu beqarorsiz! Shu to‘g‘rida maslahat so‘ramoqchimisiz? — dedim.
U menga hayrat bilan qarab qoldi. Xuddiki «Qanday donishmand odamsizki, qalbimni darhol bildingiz?» deganday. Albatga, bunday nigohlardan kerilmay bo‘lmaydi.
— Aytavering, do‘stim, — deb qora kishmishdan oldim. Xuddi «uch qora»dek. Qayoqdan topgan bu bola? — Qulog‘im sizda, birodar.
— Shu, men, men shu kishini... yaxshi ko‘raman, — deb suratga qaradi-da, bip-binoyi yigit yig‘lab yubordi. Ha, yig‘lab, boshini egib qoldi. Xuddi onasidan nohaq kaltak yeganday yelkalari silkinib-silkinib ketadi.
Men ishondim! Eshvoy qizni chindan ham yaxshi ko‘rar ekan. Sizga tag‘in bir gapni aytay: bunaqa sevadiganlar hozir har qadamda uchrayvermaydi. Eh-he, qizning aftidan ko‘ra, muhabbatdan ko‘ra, uning ota-onasini tanlaydigan yigitlar ham serob bo‘lib qolgan. Bilmadim, qizlar, yigitlar hisob-kitobli bo‘layaptimi, ishqilib, bunaqasi kam-kam!
Tag‘in, bu — o‘qituvchi!
— Eshvoy! Boshingizni ko‘taring, do‘stim! — dedim. — Qiz uchun yig‘lash — erkak kishiga yarashmaydi!
— E, yo‘q-yo‘q-e, — deb to‘lg‘andi u. — Hech bo‘lmaydi... — U ko‘zyoshlari orasidan menga bokdi. — Shuni deb keldim... Imtihonni oldim-u, bu yoqqa jo‘nadim... Ketayotganini eshitib edim...
— Birga keldilaring-ku?
— Ha-da! Unga hamroh bo‘ldim-da. Bir ukasi bizda o‘qir edi. Domkulturaga borib o‘tiraman endi, deb qoldi. Nimaga desam, bu kishi — Qo‘ysinoy bu yoqqa dam olgani chiqayotgan ekanlar. O’zlari... madaniyat uyining direktori-da.
— U kishiyam institutni bitirganmi?
— Ha Madaniyat institutini bitirganlar. Yaxshi bitirgan. Qizil diplom bilan.
— Toshkentda tanishganmisizlar? E, bir joydanga o‘xshaysizlar, chog‘imda!
— Ha, shu yerdanmiz. Qo‘shni maktabda o‘qiganlar. Toshkentgayam birga borgan edik... Man Hindistonga ketishim kerak edi... Shu kishini deb qoldim. Hech bo‘lmadi...
— A-a, u kishining munosabatlari qalay endi? — deb so‘radim. Kishmish juda mazali ekan.
— U kishi... — Eshvoy tek qoldi. Birpas qo‘llari qovushtirilgan haykalga o‘xshab turdi-da, bikinida yana haligi sanchiq turganday qattiq qimirladi.
— Xo‘sh?
Eshvoy peshonasiga bir shapati urdi-da, eshikka yegudek bo‘lib qarab:
— Men o‘zim bo‘lmasam kerak, — dedi.
— Nimaga? Tushunmadim gapingizni?
U xo‘rsinib jimidi. Keyin cho‘ntagidan toza, oppoq ro‘molcha olib, ko‘zlarini artdi. Qandaydir jiddiylashib, nimaningdir xayoli bilan tez-tez bosh irg‘adi. Keyin xo‘rsinib olib, yana jim qoldi.
— E, gapiringda-e, — dedim.
— Bo‘shsiz deydi! — Yuzimga tik qaradi. — Tushundingizmi? Bu degani... yigit emassiz degani.., deb tushunish ham mumkin. — U lablarini qatgiq qimtib oldi. Yuzi yana titrab ketdi. — Nima qilay? Shunday tarbiya topgan bo‘lsam... Birovga qo‘l ko‘tarmaganman. Qaytamga hamma vaqt yelkamni qisib yurganman...
— Ha-a, —dedim men masalaning mag‘ziga yetganday. — Unday bo‘lsa, o‘ylab ko‘rish kerak ekan. — Lekin nimani o‘ylashni bilmasdim. — Ko‘zingizni arting, do‘stim. E, erkak kishi... — O’zim ham xo‘rsinib yubordim. — Kishining boshiga mundan katta savdolaram tushishi mumkin!
U boshini qimirlatdi.
— Xo‘sh?
— Men u kishi uchun har qanday ishga... qiyinchilikka tayyor edim. Hoziram shunday... Bir qo‘pol, g‘alati yigitlar bor... Qo‘ysinoy ba’zan o‘shalardan o‘rnak olmaysizmi, deb qoladi... — Uning ko‘zi tag‘in yoshlandi. — Qarang-a!
— Nima uchun?
— Aytdim-ku, ularda... haligiday yigitlikmi, yigitga xos fazilatlarmi, ko‘p emish...
— A-a. — Men uning dardini endi tushungan edim. Lekin endi darmon masalasi bor.
Men uni qaydan topaman?
O’sha kuni Eshvoyning oldidan chiqqandan keyin uzoq o‘yladim. Shu yigitga yordam bergim kelardi-da. Nima qilay? O’ylay-o‘ylay, unga g‘ashim ham kelib ketdi. Xokisorligi, «qizi» aytganidek, «bo‘sh-bayov»ligi jinimni ko‘zg‘adi. Biroq tan olish kerak, unga qandaydir havas bilan ham qarardim. Axir o‘zim unday emasman-da.
Gapning qisqasi, men u yigitga yordam berishni... qizga qandaydir ta’sir etish, bu xokisor, oliyjanob oshiqning fazilatlari naqadar noyob ekanini ko‘rsatish, balki isbotlash, buning uchun... buning uchun yana bir nimalar qilish kerak, degan xulosaga keldim. Ko‘rib turibsiz, xulosam hali pishmagan, shunga qaramay Eshvoyni ertasi tutib, qizi bilan meni tanishtirishini so‘ramoqchi bo‘ldim. Lekin buyam noqulay edi: bolaning ko‘ngliga, kim biladi, qanday gaplar keladi. Shuning uchun qizni bir oz vaqt kuzatish va iloji bo‘lsa bir-ikki og‘iz gaplashishga qasd qildim.
Ana shunda deng, oqshom mahali Eshvoy qorovulxonaga hovliqib kelib qoldi.
— Aka?
— Ha, uka, — deb chiqdim.
U boshini egib, qandaydir hazinlik, yana kinoyaga o‘xshash bir holatlar butun qiyofasida aks etgancha turdi-da, burnida kulib:
— Tavba, — dedi.
— Qulog‘im sizda!
— He, qiziq... Bugun hali... deng, sizni maqtab qoldilar, — dedi endi chehrasi g‘alati bir tarzda ochilib. U bu ishdan xursandmi, g‘ashmi — bilib bo‘lmas edi. Lekin qattiq hayajonda! — Ha, aka, maqtab qoldilar, — endi yig‘layman deb turib kulgan kishining to‘lg‘okdi ohangida davom etdi: — O’sha men sizga aytgan narsalarni aytdilar. Suvga sakraganingiz bormi, anavi ikki piyonistani yotqizib qo‘yganingiz bormi... «Siz shunday qilolasizmi? Hecham qilolmaysiz-da», — deydilar. Men hayronman. — U qandaydir jiddiylashdi. — Har kimning o‘z vazifasi bo‘ladi, masalan, sizning ham, to‘g‘rimi, aka? Sportchining ham...
— Albatta, albatta, — dedim. — Men, masalan, hind tilidan dars berolmas edim.
— Balli. Rahmat. Shundayki, men ham...
— Farroshlik qilolmaysiz. U qiynalib kulimsiradi.
— Detdomda qilganmiz. Yetimxonada... yer supurar edik. Devor urar edik...
Men unga achinib ketdim: demak, bu yigit yetim o‘sgan... «Nega bunga azob beradi, a, u? Boshida toji bormi! Uni deb chet elga borishdan qolipti. Endi borib yalinsayam yuborishmas... Uni... Seni deb o‘qituvchilik qilib yuripti! Falon so‘mga qanoat qilib... Shoshma, qandoq odamsan o‘zi? Bolalikdan sevar ekan seni! Munday yigitni... doriga topib bo‘lmaydi. Nimangga ishonasan? — E, toza qizishib ketgan edim. Go‘yo u jonon bilan olishardim. — O’zingizam sal demasa, qari qiz bo‘lib qopsiz, xonim! Erta-indin bozoringiz kasod bo‘lib, xotin qo‘ygan o‘rta yashar kishigayam tegishga jon deydigan bo‘p qolasiz... Yo shunchalik mag‘rurmisiz? Shoshmang...»
Nazarimda, qizning boshqa yigiti bor-u, Eshvoyni laqillatib yurganday tuyuldi.
Keyin bu gapga chippa-chin ishonib qoldim: «Boshqacha bo‘lishi mumkin emas!»
— Eshvoy jo‘ra, — dedim. — Men sizdan katta emasman. Keling, jo‘ralashamiz.
— E, yo‘g‘-e...
— E, tuzuk turing-e! Ming‘irlamang... Kechirasiz,  bu yaxshi odat emas. Nimadan hayiqasiz?.. Mard bo‘ling-e! Odam bir marta dunyoga keladi. Ko‘krakni kerib yurmaysizmi!
Men shunaqa qilib sayrar edim. U menga sezilarli hurmat bilan, ayni choqda «Bu gapingizni bilaman, tushunaman, aka» deganday bir kamtarona xayrixohlik bilan eshitardi.
Nima demoqchi ekanimni unutib qo‘ydimda:
— Keling, bir o‘tirishaylik. Bizdan nima ketdi! — dedim. — Xohlasangiz, men tashkil qilaman. Lekin pulim yo‘q.
— O, o, o! — xuddi bir yeriga qaynoq suv quyilib ketdi-yu, mendan ko‘ra u ko‘proq azob chekkandek tus oldi. — Menda bor... Uzim... Nega shunday deysiz? Pul...
— Bo‘pti. Ertaga kechki payt.
— E, ertaga surib nima qilasiz? — dedi u. — Shu oqshom... Mana, biron soatdan keyin. Men u kishini taklif qilsam, xonamga keladilar...
— Olam guliston! — Lekin ichimda: «Tavba, — dedim. — Xonasiga kelibam laqillatib o‘tirsa kerak».
— Soat, soat...
— Yettidan keyin, — dedi. — Mehmonam kelmaydi. Kelsayam qabul qilmaymiz. Sestra xozyaykalar ketib bo‘ladi.
— Bo‘lmasam, yarim soat qopti.
U iliqqina iljayib, tez qaytib ketdi.
Men uning nima qilishini o‘zimcha tasavvur etardim: shoshiladi, nimalarnidir tushirib yuboradi. Anavi suratni nima qilar ekan? O’sha yerda turgani ma’qul.... Qiz xalqiga ta’sir etadi. «Meni sevar ekan», deydi. «Rasmimga qanoat qilib yurgan ekan, bechora», — deydi.
Alqissa...
Xonaga kirsam, xonim to‘rdagi kresloda o‘tirgan ekan. Yonboshdagi kreslodan Eshvoy irg‘ib turdi. Albatta, o‘zaro kelishganimizni bildirmay:
— E, keling-keling, mehmon aka, — dedi. So‘ng shoshib, meni tanishtirdi: — Shu yerda ishlaydilar... — Qizga tikilib qoldi-da:
— Ko‘rgansiz-ku, — deb qo‘shimcha qildi. — Ismlari Xoliyor.
Men ham endi rol o‘ynashim kerak edi.
— Bemavrud kirib qolmadimmi? — dedim. — Kechirasizlar... Odam zerikadi. Sizlar bu yerda — eng ziyoli odamlar. Boshqalarning ko‘pi — kolxozforma...
Shu narsani alohida qayd etishim kerakki, Qo‘ysinoy bugun men haqimda Eshvoyga gap ochgani, taxminan maqtagani holda, tuyqus kirib kelishim, shubhasiz, unda g‘alati bir fikr uyg‘otganini tusmolladim. Ya’ni, nazarimda, qiz: «Men buni maqtaganim uchun chaqirdi», deb o‘ylardi.
Demak, bizning o‘zaro bitishuvimiz ham unga ma’lum bo‘lsa kerak.
Endi, yana bir muhim gap: Qo‘ysin nemis qizlari kiyadigan shaxmatnusxa oq-qora ko‘ylakda, kalta yengi qappayib turar...
Qoyil! Onalar bor-da, shunaqasiniyam tug‘ib qo‘yishadi... Yuzi — kulchagina, sochini yelkasiga tegar darajada kestirgan ekan, yoyib qo‘yibdi. Qandaydir Italiya qizlariga o‘xshab ketadimi-e. Lekin og‘zidagi oldingi uchta tishi tilla ekan.
— Keling, — dedi.
Shunday deyishi bilan ovozi ancha o‘ktam, dadil ekanini sezdim. Harqalay, yigitlar haqida, yo‘g‘-e, «haqiqiy yigit» haqida haligiday deyishlari bejizga o‘xshamaydi.
Lekin men o‘zimni undan ham dadil, o‘ktam, hatto bir oz chapaniroq tutishim kerak edi. Nima uchundir bu qiz bilan gaplashishga o‘zimni tayyorlar ekanman, shunday tutishni ma’qul ko‘rgan edim. Qolaversa, Eshvoydek yigitga azob berib yurgan bu takabbur — g‘alati, bechora yigitni kamsitib yurgan shaddod xonimga nisbatan ko‘nglimda allaqanday bir adovat ham uyg‘ongan ediki, hech narsani o‘ylamay xonaga kirib kelganimdayam o‘zimni hali aytganimdek tutib ketgan bo‘lardim.
Kechirasiz, tag‘in bitta nozik masala: men endi uni Eshvoyga og‘dirish yoki do‘stimning qimmatli fazilatlarini biron-bir tariqada ko‘rsatishniyam unutayozgandim.
Undan qandaydir o‘ch olish, iloji bo‘lsa, uning o‘zini kamsitish istagi tug‘ilgan edi.
Bu istak esa mening haligi... ayol zotiga balanddan qarashdek yomon odatimga mos tushardi.
— Xo‘sh, o‘tiribsizlarmi? — dedim-da, shartta divanga cho‘ka qoldim. Lekin qurg‘urning prujinasi ishdan chiqqan ekan, chindanam cho‘kib ketdim. Uzingiz yaxshi bilasiz, raqibingiz balandroq yerda o‘tirgan bo‘lsa, u bilan munozara qilish ancha og‘irlashadi. Zero, o‘sha balandlik ham uni ko‘tarib, gaplariga salmoq bag‘ishlab turadi. Shuning uchun ayrim amaldorlar atay stol boshiga yalang stul qo‘yib o‘tirishadiki, qarshisida kreslolarga cho‘kib o‘tirganlarga  tepadan qaray oladi. Qolaversa, quruq stulda o‘tirish bilan o‘zlarining «kamtar»ligini namoyish ham qiladilar. Ha-a, buyam bir gap-da... — Eh, — deb o‘rnimdan turdim. — Eshvoy do‘stim, aytmaysizmi divanim chatoq deb? Yangisidan keltirib qo‘yardik!
Qo‘ysin Eshvoyga ta’naomuz bir qaradi-yu, darhol ko‘zini oldi. Chamasi, u bu yerda... menga qiziqardi.
— Balki bu yoqqa o‘tirarsiz? — deb kreslosi su-yanchiqlaridan ushladi.
— Yo‘q-yo‘q, — deb alanglagandim, tumbochka qoshida turgan yalang stulga ko‘zim tushdi. — Do‘stim, o‘shani olvoring, — dedim.
Kalovlanib qolgan Eshvoy:
— E-e, siz, mana... — deb qandaydir surilib, kreslosini men tomonga itardi. Keyin ko‘tarib qo‘ydi. Keyin stulni olib, tappa o‘tirdi-da, qat’iy iltijo qildi: — Marhamat, aka...
Men ortiqcha mulozamat qilishni lozim topmay, kresloga cho‘kdim. Xayriyat, haligiday cho‘kib ketmadim.
Qo‘ysin meni Eshvoyga maqtagan bo‘lsa, demak, meni undan ustun qo‘yadi. Demakki, shunday odam — men kirib kelgan ekanman, undan o‘zimga nisbatan anchagina dildorliklar, hatto xushomad, qandaydir faxrlanishni anglatadigan muomala-munosabatlar kutishga haqlimanmi?
Biroq, u... yo‘q, undan bu narsalarning zig‘irchasi sezilmasdi. Harqalay hozirgacha sezilmadi. Kirib keldim, o‘rnidan qo‘zg‘almadi hisob...
Joyim noqulay edi, darhol joyini bo‘shatib bermadi.
Tag‘in chehrasida kinoyaomuz ifoda bor.
Bu nimadan deb o‘ylaysiz?
Eshvoy bilan o‘zaro bitishganimizni anglab qolganidanmi?
U holda, aksincha... Eshvoyga meni yana-da ko‘z-ko‘z qilish, o‘zining «asl yigitlar»ga qo‘yadigan talabini yanada namoyish etish uchun ham menga boyagidek iliq-issiq, jozibali mezbonnavozlik ko‘rsatishi kerakmasmi?
Xullas... tag‘in, xullas deyaman, ana shunday qarama-qarshi fikrlar kallamdan kechdi.
Biroq hali aytganimdek xatti-harakat, gap-so‘z bobida «qaytish» yo‘q endi.
— Qani, dasturxonga qaranglar! — dedim. O, bu kishmishni! Ana shu «uchqora» bo‘lsa, kosmonavtlar yeydigan kishmish!
— Olsinlar.
Qo‘ysin aytdi bu gapni. Yalt etib qaradim. Yana... endi ochiq kinoya qilardi.
— Olamiz, rahmat, — dedim. — Lekin taom egasi bilan shirin! Qani, Eshvoy?.. Yo, kechirasizlar, chindanam bemavrud kirib qoldimmi? — Nihoyat, shunday deyishga majbur bo‘ldim.
Axir gap-gapga qovushishi kerak-da.
— Biz yeb o‘tiribmiz, — dedi Qo‘ysin.
— Kechirasiz, siz o‘zi nima kasb qilasiz? — dedim Qo‘ysinga dangal.
Qo‘ysin Eshvoyga beozorgina qaradi.
— Aytmadingizmi? Eshvoyning kallasi qayoqda!
— Nimani? — dedi.
— E, bu kishidan so‘ramang! — deb gapning ochig‘iga o‘tdim. — Bu kishi sizning ishqingizda devona bo‘lib, hozir yegan ovqatiniyam unutib qo‘yadigan bo‘p qopti. — G’ashim kelib ketdi. Bemalol sigareta olib tutatdim. — Kechirasiz, chekmasam o‘tirolmayman.
— Yaxshi odat.
— Xo‘sh, — dedim. — Bu, domkulturada ishlar og‘irmi deyman? Dam olishga chiqibsiz?
— Ishlar siz o‘ylaganchalik yengil emas, — dedi u. — Ikkinchidan, otpuskaga chiqdim. — So‘ng tabassum qildi. — Kurort, sanatoriy, Qrim, Kavkaz bo‘ylariga borishga bizning qurbimiz yetmaydi. Ana shuning uchun uzoqdagi quyruqdan yaqindagi o‘pka yaxshi deb, shu yerga chiqa qoldik. Endi tushundilarmi?
Men sal gangib qoldim. Uning gaplarida og‘ir joylar ham bor edi. Lekin u juda bemalol aytdi. Ikkinchidan, men o‘zim unga nisbatan adovat bilan kelganim holda, uning menga qandaydir adovati bordek tuyula boshladi.
Bu — nimadan?
O’ylasang, bosh aylanib ketadi.
Yaxshisi, o‘ylamay suhbatning oqimiga qarab ketaverishni ma’qul topdim.
— Tushunarli, — dedim. — Chunki domkulturalar serdaromad joy emas. Shtatingiz ham unchalik ko‘p bo‘lmasa kerakki, bitta-ikkita o‘lik jonning maoshini olish mumkin bo‘lsa!
Uning ko‘zlarida duv etib o‘t chiqqandek bo‘ldi.
— Qanaqa «o‘lik jon»? — dedi.
— Harqalay, Gogolning «o‘lik jonlari»ni ko‘zda tutmayapman, — dedim.
— Tushundim, — dedi u. — O’zingiz nima kasb qilasiz?
Men kuldim.
— Bu masala ayon-ku?
— Yo‘q, siz... uborshitsaga o‘xshamaysiz?— dedi.
Bir seskanib ketdim.
— Ey, xonim, menga qarang, — dedim. — Ko‘rib turibsiz, bu yerga bejiz kirmadim.
— Albatta, — dedi u.
— Balki, maqsadimniyam bilarsiz?
— Sal-pal.
— Bo‘lmasam, men butunasicha aytay.
— Xo‘sh-xo‘sh?
— Nega bu yigitga azob berasiz?
Ana shunday qilib, maqsadni aytib yubordim. O’zi maqsadim shumidi? Yo‘q-yo‘q! Bu — indallosi.
— Sizning nima ishingiz bor? — dedi u. Tavba, xotirjamgina aytdi. Sal achchiqlansa bo‘lardi-ku?
Damim ichimga tushib, haroratni ko‘tarmoqchi bo‘ldim.
— Nega ishim bo‘lmasin? Bunday yigitni yana qaerdan topasiz? — «Bor-e!» dyob davom etdim. — Bu inson-ku! Bunaqasi topilmaydi, men sizga aytsam... Masalan, men qo‘pollik qilishim mumkin. Birovga azob berishim mumkin... Lekin bu odam musichagayam ozor yetkazmaydi!
Qo‘ysin unga qaradi-da:
— Shundaymi? — dedi. Qiziq, basharasida jilla iliqlik paydo bo‘ldi. Ma’nosini tushunolmadim: kinoyamidi?
Gangib-garangsib, dam unga, dam menga qarab o‘tirgan Eshvoy:
— E, yo‘q, men... Bu kishi meni maqtab yubordilar... — dedi. Keyin qip-qizarib ketib, menga qaradi. — Aka, nima keragi bor shu gaplarning? Men... menda kamchiliklar to‘lib yotipti. Uni... mana, Qo‘ysinoyning o‘zlariyam yaxshi biladilar. To‘g‘ri, u kamchiliklar menga bog‘liq emas. Lekin shunday...
— E, ko‘p mijtovlanmang-e! — bu gapni aytib yuborgandan keyin sal pushaymon yedim. Axir, uni so‘kish-da bu... — Kechirasiz, — deb gapimni tuzatdim. — Kamtarlik ham evi bilan, do‘stim. — Keyin yana Qo‘ysinga murojaat qildim: — Xo‘sh, xonim afandi? — Shunda uning ko‘zlaridan yana o‘t chaqnadi-yu, men shodlanib ketdim. Endi butunasiga hujumga o‘tdim: — Men sezib yuribman, — dedim. — Siz bu sodda yigitni oyoq osti qilyapsiz!
Tavba, unda hech kutilmagan holat yuz berdi. Chuqur hayrat bilan Eshvoyga qaradi.
Eshvoy qurmag‘ur esa, yana menga qarshi keldi:
— Qachon, qachon meni oyoqosti qiliptilar? Nega shunday deysiz, Xoliyor aka? — dedi.
— Men buni sezdim. — Ko‘zimni yumib qo‘polikka, balki muttahamlikka o‘tdim. — Sezdim... — Yana nimadir deyishim kerak. Qurib ketgur, tilimga gap kelmadi.
—Bas, bas, — dedi shunda Eshvoy. — Bu gaplarni qo‘yaylik... Menda hindcha muzika bor...
— Eshitmayman, — dedim. — Men — shu masalaning tagiga yetishim kerak. Chunki buni... burchim deb bilaman! Ha, Qo‘ysinoy, bo‘lari gap shu!
Qo‘ysin birdan chuqurgina xo‘rsindi. So‘ng ko‘zimga tik qarab:
— Siz buning sababini nimada deb o‘ylaysiz? — dedi.
— Nimaning?
— Bu kishiga... deylik, siz aytgandaqa, muomalamni. Axir, bu kishi sizga aytgan-ku?
— A-a, unimi? — Ha..
— Sizga ochig‘ini aytaymi?
U tek qoldi. Aytmadi. Nazarimda, butun vujudi quloqqa aylandi. Endi asl gapni aytish vaqti kelgan edi. Sekin Eshvoyga qaradim: bu gapni u qanday qabul qilar ekan?
U boyoqish jim.
— Menimcha... — dedim.
— Xo‘sh?
— Sizning boshqa yigitingiz bor.
O, nazarimda zilzila bo‘ldi. Uy silkinib ketdi. Eshvoy g‘alati qimirlab, to‘lg‘anib, alanglab qoldi. Qo‘ysin... unga nima bo‘ldi? U ham Eshvoyga yalt etib qaradi, keyin boshini egdi, labini qimtidi. So‘ng chuqur nafas oldi.
Bilasizmi, odamlar g‘ala-g‘ovur qilganda, shovqindan gangib qolasiz-ku ba’zan? Ba’zan esa, mana shunday so‘zsiz talvasa, ko‘zlarning ola-kula bo‘lishlari, yuraklarning gupillab urishi, xullas, mana shunaqa holatdan ham kishi gangib qolishi mumkinligini shunda sezdim.
Biotoklarda gap bor deganlari rost.
— Chiqib keting.
Nihoyat, Qo‘ysinning gapini eshitdim. Yuragim shuvillab ketdi.
— Nima-nima?
— Chiqib keting deyapman!
Qo‘ysin, ishonasizmi, o‘rnidan yarim turib ketgan edi. Nima qilishim kerak? Indamay chiqib ketsam... Yo‘q, men bunaqa holda yutqazgan bo‘laman.
Qolaversa, men unga asl gapni... eng asosli gapni aytdim. Eshvoyga qarasam, boshini egib qolgan.
— Chiqmayman, — dedim.
— Chiqasiz.
— O’tiring, ko‘p hovliqmang... E, to‘g‘ri gapni aytsang ham yoqmaysan.
— Bo‘lmasam men chiqib ketaman! — deya Qo‘ysin o‘rnidan butkul turdi.
Eshvoy... e, bechora! Shoshib, hovliqib qoldi-ku! Yaxpsh ko‘rish ham bir mashaqqat ekan-da!
— Yo‘q-yo‘q, siz o‘tiring, Qo‘ysinoy, — dedi u va menga... menga qaradi. — Aka, chiqing...
Gangib qoldim.
— Nima?
— Chiqing. Hayronman.
— Esingiz joyidami? — dedim.
— Esim joyida! — deb baqirib yuborsa bo‘ladimi. — Chiqing degandan keyin chiqing-da, axir!.. Nima? Nimaga, bu kishiga do‘q qilasiz? — Tavbangdan ketay. Xuruj qilib, ko‘zlari yoshovrab menga yuzlanib oldi. Nazarimda, meni ko‘rmas edi. — Nega bu kishini haqorat qilasiz? Nega?
— Qachon? Qachon? — dedim.
— Sizning yigitingiz bor... U-bu... Bu haqorat emasmi, axir! Chiqing, aka!
— E, bechora! — shunday deb yuborganimni qulog‘im eshitdi-yu, tasavvur qilasizmi, basharamga bi-ir shapaloq kelib tushdi: bu yog‘i planimda yo‘q edi. Eshvoyga qarab angrayib qoldim. — He, jo‘ra?
— Men jo‘rangiz emasman!
— E, bor-e!
Voh! Yana tushdi o‘sha shapaloq. O’lgurning qo‘li qattiq ekanmi, yo buni kutmaganimdanmi, ko‘zim oldi qorayib ketdi. Endi meni hech narsa tutib qololmasdi.
Biroq shunda... birdan kalla ishlab qoldi-da, azizim! Ha, kalla ishladi.
Nima qilding deysizmi?
Hech narsa.
Men qilishim kerak bo‘lgan ishni, umuman, qilib bo‘lgan, ya’ni, Eshvoyga katta yaxshilik qilgan edim!
Tushunyapsizmi ?
Axir, u meni urdi! Hozir qo‘yib bersam yana uradi!.. Bu bilan u Qo‘ysinga nimani ko‘rsatadi? Yo‘q, isbot qiladi? Axir, qizning undan talabi nima edi?
Endi tushundingizmi?
Ana shuning uchun:
— E, bezori ekan-ku bu? Buning qo‘lidan odam o‘ldirisham keladi! — dedim. — Yumshoq supurgi deb yursam...
— O’ldirama-an! — Eshvoy chindanam menga tashlandi. Chamamda, kimlardandir, balki Qo‘ysindan ham olish kerak bo‘lgan alamini mendan olmoqchi... shuni olmoqda edi.
Vaqtni boy bermay, qochib chiqdim.
Ertasi choshgoxdarda ularni bog‘ adog‘idagi yo‘lkada ko‘rdim. Qumrilardek bo‘lib — ku-kulashib yurishardi. Shunday qizg‘in gurung bilan banddarki, teplitsaning biqinida turibman-u, meni ko‘rishmadi.
Shu bilan hikoyam tamom bo‘ldimi? Yo‘q. Davomi bor.
U shundan iboratki, Eshvoyjon bilan Qo‘ysinoy ertalab Qoryog‘dievning kabinetiga .kirib, men hakda nima deyishgan bo‘lsa, deyishgan ekan. Tushdan keyin o‘rtoq direktor bizni chaqirdilar. Tikka turg‘izib qo‘yib, shunday «taxtaga oldilar»ki, qani, bir gapdan to‘xtatib bo‘lsa. Gapirgan bilanam foydasi yo‘q edi.
Kar eshitganini qo‘ymaydi, deganlar-ku. O’zinikini ma’qullab, bizni «bezori»ga chiqardi.
«Birovning xonasiga bostirib kirgan» — biz, «haqorat qilgan» — biz.
Oxiri: «Men nima degan edim senga? Oramiz ochiq bo‘ldi, uka. Bug‘galteriyaga kir...» dedi.
Ishonasizmi, uchalasi birlashib, ustimdan akt tuzishganda, nima bo‘lardi?
O’shanda yana qamalib ketishim hech gapmas edi.
Qolaversa, keyin... Qoryog‘dievga masalaning mohiyatini aytib bergach, u menga ajoyib xarakteristika yozib berdi.
Lekin men xafa emasman.
Aksincha, ularning bir-birini sinashiga sababchi bo‘lganimdan xursandman.
Darvoqe, hozir Qo‘ysinoy oblast san’at boshqarmasida ishlayapti. Eshvoy — «Afg‘oniston bilan Aloqa qilish Do‘stlik jamiyati»da. O’sha yurtga bir-ikki marta borib ham kepti. Hind tiliga yaqin lahjada gaplashadigan qabila bor ekan.
Kamina yana Omon-Inson yordamida eski maktabimdaman...

1986

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.