OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Shukur Xolmirzayev. Sayr (hikoya)

Jo‘ra uyg‘onib ketib, boshidan oq choyshabni yulqib oldi. Ovoz kelgan tomonga qaradi. Onasi Ruxsat opa o‘choq boshiga engashganicha o‘g‘li tomonga achinib qarab turar, qo‘lida samovarning malla karnayi bor edi.
— Uxla, uxla, — deb pichirladi u.
Jo‘ra chalqancha bo‘lib, ustiga egilib turgan baland o‘rikning chambarak shoxlariga qaradi. Bosh tomonidagi hovuz bo‘yidagi tolda chumchuqlar chirqillar, hovuzning nariga tomonidagi peshayvon ustunida musicha kukulardi. Jo‘raning esiga bugun Xo‘jaqo‘chqorga sayrga borishlari tushdi, u gavdasini dast ko‘tarib, tirsagiga tiranib oldi. Chap yoniga qarab, uxlab yotgan xotiniga tikildi. Uning to‘zg‘igan sochlariga suykalib, g‘ujanak bo‘lib yotgan o‘g‘liga qaradi va engashib uning ochiq yelkasidan o‘pdi. Kayfi chog‘ bo‘lib, choyshabni ko‘targanicha irg‘ib o‘rnidan turib ketdi.
— Uxlayversang bo‘lardi, hali erta, — dedi ona achingannamo bo‘lib. Baquvvat, yo‘g‘on qo‘llarini bo‘yniga chalishtirib, ayvondagi umivalnik tomon ketayotgan Jo‘ra:
— Armiyada soat oltida turardik, — dedi kerishib, hovuzning yog‘och panjarasini aylanib o‘tdi.
U peshayvonning xunuk qilib bo‘yalgan ustunidagi umivalnik «mix»ini boshi bilan itarib, shapillatib yuvindi. So‘ng ustunlar orasidagi dorga tashlab qo‘yilgan uzun sochiqqa artina-artina chorpoyaga qaytdi.
Otasi mol so‘ygani allaqachon kushxonaga ketgan, ukasi Habib uning joyida uzun oyoqlarini ko‘rpadan chiqarib yotar edi. Jo‘ra chorpoyaga ilinib yotgan ukasining ustini shart ochdi. Kiftiga sovuq kafti bilan shappa urdi.
Habib ko‘zlarini ochib:
— E, — deb g‘ingshidi. — Oliftagarchilik qilmang-da... Ena, bu kishiga ayting! — U yana boshini chit ko‘rpaga burkab oldi.
Ruxsat opa Jo‘raning yonida to‘xtab, unga jilma-yib tikildi. So‘ng:
— Men o‘lay, ko‘z tegmasin senga! — deb o‘g‘lining chakkasidan o‘pmoqchi bo‘ldi. Jo‘ra boshini tortdi.
— Qo‘ying, ena. Hadeb o‘paverasizmi?
— Voy, ona to‘yadimi bolaga? O’zing bolangni yomon ko‘rasanmi? Ho-o! Shunaqa yaxshi ko‘rasanki. Men ham shunday!
Jo‘ra iljayganicha bosh chayqab, chakkasini tutdi. Ona o‘pib-o‘pib oldi.
— Ilohim seni bolalaring bilan pushti panohida saqlasin begona shaharda, — dedi va shoshib, uning yoniga qiyshayib o‘tirib oldi. — Bolam, qishloqni sog‘inmaysanmi? U yoqda ishxonangdagilar bilan yaxshimisan? Dushmaning yo‘qmi, jonim! Shuni esingda tut, do‘stning minggi ham kamlik qiladi, dushmanning biri ham ko‘plik qiladi, bolam... Bilaman, darrov qizishib ketasan, og‘ir bo‘l endi. Bir bolaning otasisan, gulday xotining bor. Xudoga shukur, obro‘ying yaxshi. Qishlokdagilar seni izzat-hurmat qiladi, jonim. Qachon bir o‘yin bo‘lsa rasming chiqqan gazetani olib, idoramga keladi odamlar. «Qarang, chempion o‘g‘lingizga qarang, xolajon!» deyishadi. O’zingga ehtiyot bo‘l, bolam! Xo‘pmi?
Bu vaqt Jo‘ra oyog‘i uchida ilinib turgan charm boshmog‘iga qarab: «Shuni kiyib boraymi yo tufli kiysammikin? — deb o‘ylar edi: — Buning tagi charm, xas-xusda sirpanadi, yaxshisi, tagi rezina tufligimni kiyaman», deb, onasiga anqayib qaradi.
Ona gaplari o‘g‘lining qulog‘iga kirmaganini payqadi.
— Ana, gapimni eshitmading, bolam... Shuning uchun aytadilar-da, onaning ko‘ngli bolada, bolaning ko‘ngli dalada, deb. Ha, omon bo‘l, dog‘ingni ko‘rmay.
Ruxsat opa karavotdan siljib tushar ekan, Jo‘ra ham sakrab tushdi va:
— Enajon, xafa bo‘lmang! — deya bir oyog‘ida turib, ikkinchi oyog‘ini tizzadan bukib kutardi, boshmoq bog‘ichini o‘tkazdi, so‘ng ikkinchi oyoqda sollanib turib, unisining bog‘ichini mahkamladi va havoni suzgan kabi qo‘llarini aylantirib, bir sakradi-da, lo‘killab, osho-supa orqasidagi bedapoyaga tushdi.
U birov bilan urishadigandek qo‘llarini ko‘ksida tutib olib, lo‘k-lo‘k sakrab, pushtadan yurdi, so‘ng qadamini tezlatib, bedapoyani aylana boshladi.
Soat yetti yarimlarda chorpoyada jamoat jam: to‘garak qilib to‘shalgan ko‘rpachalarda Jo‘ra, xotini Manzura, o‘g‘ilchasi va xo‘mraygan Habib qo‘r to‘kib o‘tirishar, Ruxsat opa keltirib qo‘ygan alyuminiy tovoqchadagi qovurdoqni non bilan yeyishar edi. Ruxsat opa katta, tumshug‘i artilmagan choynakda choy olib kelib, Habibning yoniga o‘tirdi.
— Ayajon, oling o‘zingiz ham, — dedi Manzura qaynanasiga, — hech narsa yemayapsiz.
— Bolam, kelinjonim, — deb bo‘ynini cho‘zdi Ruxsat opa. — Sizlarning diydorlaringni ko‘rib turishning o‘zi menga ovqat, bolaginam... Ha, sizlar hali bolaning qadrini bilmaysizlar. Qani, olaveringlar, issig‘ida olinglar. Yana qovurib kelaman. Xudoga shukur, go‘sht serob, a, Habibjon? — U kichkina o‘g‘liga qaradi, — xudo umrini uzoq qilsin. Otang omon bo‘lsa, biz dard qolmaymiz. — U endi katta o‘g‘liga qarab gapida davom etdi: — Jo‘rajon, mening topadiganim chirt-pirt bo‘lib yo‘qolib ketadi. Shu otaginang topgani barakali...
— Siz qizlaringizga jo‘nating, — deb to‘ng‘illadi hamon ko‘zi uyqudan arimagan Habib, keyin jilmayib turgan akasiga qaradi. — Bu kishini bilasizmi? Xuddi o‘g‘riga o‘xshaydilar, otamdan bekitib, opamlarning uyiga narsa yuboradilar. Opamning kichkinasiyam o‘rganib qolgan, ikki kunning bi-rida: «Salom, momajon!» deb kirib kelaveradi... Unaqada pul chidaydimi? — U dag‘al, uzun qo‘lini uzatib, qovurdoqning yog‘lig‘idan oldi, og‘ziga tiqib yuborib, «uyat bo‘ladi», deganday bosh chayqab turgan onasiga o‘qraydi.
— Bolam, shipiyon o‘zimizdan chiqqan, — dedi Ruxsat opa. — Bizga boshqa shipiyonning keragi yo‘q, ha!
— E! — deb baqirib yubordi Habib. — Ularning bizga nima foydasi tegadi? Aka, bir kuni opam «erim urdi», deb yig‘lab keldi. Bu kishi darrov yalang oyoq bo‘lib, yo‘lga tushdilar. Men ham bordim nima gap ekan deb. Bir vaqt deng, bu kishi kuyovlariga nasihat qilayotsa, opam erining yonini olsa bo‘ladimi... Nima keragi bor aralashishni? Otam ming marta aytadi, bu kishi quloq solmaydi, odam ham shunday bo‘ladimi? Yo yolg‘onmi gapim! Ayting, mana... o‘qigan o‘g‘lingizning oldida!
Ruxsat opa o‘sal bo‘lib, bir nafas bosh chayqab qoldi.
— Bo‘ldi endi, Habib! — dedi Manzura. — Bola degan hadeb onasini ayblayvermaydi. Bu kishi sizniyam yaxshi ko‘radilar.
Shunda ko‘chada cho‘zib-cho‘zib mashina signal berdi.
— Kelishdi! — deb Jo‘ra chorpoyadan tushdi. — Habib, sen bor, opke ularni. Manzur, yur, kiyinaylik.
Habib chorpoya suyanchig‘iga qo‘lini qo‘yib, nari tomondan sakrab tushdi. Ruxsat opa:
— Voy-y, go‘shtni yemadilaring. Jo‘rajon, bir narsaga o‘rab beraman-da, o‘sha yoqda yeysizlar, — deb qoldi.
— Mayli, mayli. Nondan ham qo‘shib o‘rang, kerak bo‘ladi, — deya Jo‘ra o‘g‘ilchasini olib, xuddi ayvon ustunlaridek chala-chulpa bo‘lgan zinapoyadan bolaxonaga chiqib ketdi. Eshikdan daxdizga kirib, deraza tomonga engashib qaradi: — Hey! — deb bo‘sh qo‘lini ko‘tardi.
Ular kiyinib pastga tushganda, Jo‘raning yoshlik do‘stlari — o‘zidek lo‘ppi, lekin bo‘yi past, xushchaqchaq militsioner Nodir va redaktsiya xodimi — burni uzun, qoracha Imom chorpoya yonida bittadan ustuxonni kemirib turishar edi.
Nihoyat, Ruxsat opaga «bir fotiha bering, safarimiz yaxshi o‘tsin!» degan taklif tushdi.
— Omin! Oy borib, omon kelinglar. Mazza qilib dam olinglar, lekin Xo‘jaqo‘chqorning suvi ko‘p bo‘lsa, tushmanglar. Xo‘pmi, Jo‘rajon? Kelinjon, siz, ko‘z-quloq bo‘lib turing. Men u sharsharani bilaman, toshday kelib uradi odamning yelkasiga. Xo‘pmi... Aytmoqchi, sizlarning xotinlaring ham boradi-ya?.. Ha-a, ha, ularning ham esi bor. Kechga qolmanglar, tog‘ sovuq bo‘ladi, kelinjon, tayinlang bularga. Bular hazil-hazil bilan qop ketaveradiyam. Xo‘pmi? Men kechqurun popukli palov pishirib turaman. Villis-a moshinalaring?
Nodir ham, Imom ham piqillab kulishdi.
— Ana, duolarimniyam mazax qilyapti bular... Xo‘p, omin! — deb fotiha tortdi Ruxsat opa.
Tor ko‘chadan chiqaverishdagi mahalla bolalari to‘p o‘ynaydigan yerda artel raisining «villisi» orqasini o‘girib turar, shoferi — Nodirning jiyani kir doka latta bilan uning yonverini artar edi.
Ruxsat opa ko‘zlarini mo‘ltiratib, allanimalarni o‘ylab turdi-da, Jo‘rani turtdi.
— Ulay men, bu yoqqa qara, — deb uning orqasiga o‘tdi. Jo‘ra ham gir aylandi. Onaning salqiz yuzlari ayanchli jilmaydi, qisiq ko‘zlari javdiradi, — Bolajon, men ham sizlar bilan borsam, nima qiladi?
— Mayli, mayli! Xo‘p! — dedi Jo‘ra, — mashinaga sig‘ishamiz. — U mashinaga qarab, unga o‘zlari zo‘rg‘a: sig‘ishlari mumkinligini angladi. — Enajon, sig‘may qolasizmi deyman?
Ona mashinaga yeb qo‘ygudek tikildi.
— Qaydam, bolam...
Jo‘ra onasini mashinada tiqilib o‘tirgandek tasavvur qildi: ular ochilib gaplasholmasliklari mumkin...
— Enajon, siz qoling, nima qilasiz yoshlar orasida? — dedi endi. — Bugun yakshanba, uyda joningizni chaqirib dam oling. Biz kechqurun kelamiz, maza qilib palovni uramiz, a?
Ona hadiksirab, mo‘ltirab:
— Mayli, bolam, mayli... shunchaki aytdim-da, jonim! — dedi, endi bolasi, onamni op ketolmadim, xafa bo‘ldilar, deb achinishini gumon qilib jilmaydi. — Meni o‘ylama, bolam.
Mashina ketdi, Ruxsat opa xo‘shlashib, yana nasihat qilib qoldi, xomush uyga qaytdi. U o‘zicha g‘amgin kulimsirab, boshini sarak-sarak qilar edi...
Har yili shu ahvol takrorlanadi: Jo‘ra bola-chaqasi bilan qishloqqa kelgan vaqtda tog‘ning xushhavo joylariga o‘rtoqlari bilan sayrga chiqadi. Ona ularni kuzatganda, o‘zining ham borish isgini bildiradi. Jo‘ra oldin rozi bo‘ladi, so‘ng onaning bormasligi uchun bironta sabab topiladi.
Ruxsat opa hovuz bo‘yiga kelib, bedapoyada qurigan yo‘ng‘ichqalarni o‘roq bilan surib, bog‘ qilayotgan Habibni ko‘rdi. Ona chorpoya suyanchig‘iga suyanib, uni loqayd kuzatdi... O’zining yoshligi: komsomol tashkilotlarini mustahkamlash uchun tog‘ qishloqlarida otliq yurganlari, quloqlarni tugatishda faol qatnashganlarini esladi. Urush yilidagi voqealar — bolalar uyi direktori bo‘lgani holda novvoyga kalava berib, non olganlari yodiga tushdi... Yana Habibga qaradi.
Jo‘ralarning safarga ketganini esladi va yengil xo‘rsinib: «Shunisigayam shukur, shu kunlarga yetkazganiga shukur... Shular o‘ynasin, shular kulsin. Axir: mening umrim ham shularni deb o‘tdi-da, deya g‘ururlanib chorpoyadan tushdi.
Ona tevarakka bir nafas mag‘rur qarab turdi, so‘ng choyi sovugan choynakni olib, Habib tomon ketdi.

1971
© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.