OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Shukur Xolmirzayev. Shudring tushgan bedazor (hikoya)

«Men yomon odam bo‘lsam kerag-u, buni o‘zim bilmasam kerak...» Keyingi vaqtda Ikromjonning yaxshi ko‘rib aytadigan gapi shu bo‘lib qoldi. Shu gapni aytsa, ko‘ngli allaqandy tasalli topar, turmushdagi ko‘p mayda-chuydalarga munosabati o‘zgalarnikidan harchand farq qilmasin, «men shunaqa ekanman-da», deganday ko‘ngli joyiga tushib, ortiq ezilmas edi.
Lekin ayoli Tursunoyga munosabatda... bu hikmatli so‘zning ham «qo‘li kaltaklik» qilib qolardi.
Qanday chiroyli, beozor damlari o‘tib ketdi! Tursunoyni ilk marta qaerda, qaysi ko‘cha, qaysi bog‘da ko‘rgani esida yo‘q, biroq shu to‘g‘rida o‘ylasa, ko‘z oldida ajib bir yo‘ng‘ichqazor namoyon bo‘ladi. Shudring ko‘tarilmagan namxush yo‘ng‘ichqazor. Naq odamning be-liga uradi. Ba’zi yo‘ng‘ichqalar och-pushti bo‘lib gullay boshlagan. O’shandoq joylari ayniqsa baland va g‘ovlab ketgan. Past o‘sgan joylari ham bir ajoyib! Unda to‘q binafsharang chuchmomalar bo‘y cho‘zib turadi. Bog‘ chuchmomalari o‘zi aslida baland o‘sadi. Poyalari sip-silliq va oq. Juda go‘zal-e! Anavi g‘ovlab ketgan joylarda ham shunga o‘xshash gullar bor. Aniqrog‘i, ular gul emas, bog‘piyozning boshlari. Tus piyoladek keladi. To‘q-qizil yo jigarrang. Badbo‘yligini aytmasa, ular ham go‘zal!
Ha, Tursunoy bilan ilk uchrashgan damlarini xotirlamoqchi bo‘lsa, xuddi shu manzara ko‘z oldiga keladi Ikromjonning. Nechuk, a? Bilmaydi. Balki bu manzarani o‘zlarining chorbog‘ida ko‘rgandir? Ha, o‘sha yerda ko‘rgan. Shunisi qiziqki, bu manzaraning Tursunoy bilan sira aloqasi yo‘q. Aloqasi bo‘lsa, hayotning biron burchagida sumbatini ko‘rsatar edi-ku!
Yo‘q, gap shundaki, Tursunoy uning eng aziz xotiralari, quvnoq o‘tgan damlari, orzuli va armonli chog‘lari bilan qo‘shilib, omuxta bo‘lib ketgan.
Balki Tursunoyni u ilgaritdan ko‘rib va allaqachon sezib yurgandir-u, nuqul o‘shandoq to‘lg‘oqli damlarida eslagandir? Balki o‘sha yo‘ng‘ichqazor jiyagida turib, uning shu yerda jamol ko‘rsatishini istagan yo uni shu yerda, deb tasavvur qilgandir?
Kim bilsin odam yuragini!
Turmushning o‘z izmi bor... Bu izm Ikromjonni Tursunoy bilan tutashtirdi. Tursunoylarning dang‘illama hovlisiga Ikromjonning yolg‘iz onasi qiz so‘rab bordi. Qizning otasi «farzandi»ga havola qilganini aytdi. Farzand bilan ichki xonada gaplashib chiqqan Ulug‘oy opa tabassum qilib, Ikromjonning onasi qoshiga keldi.
Tursunoylar Qassob guzaridan, otasi chalasavod, lekin toparmon edi. Onasi xat tanimas, lekin turmushning ko‘p sir-asroriga aqli yetadigan, mulohazali ayol. Tursunoy — yolg‘iz qiz. Uchta sherday akasi bor. Savdo sohasida ishlashadi.
To‘yning xarajatini asosan qiz taraf ko‘tardi.
Hozir yashab turganlari kichkina bog‘chani olishda ham o‘shalar bosh bo‘ldi. Ikromjon to‘qqiz oy deganda qarzdan uzildi. Onasining tog‘dagi Berdi cho‘ponga berib qo‘ygan olti bosh qo‘yi ham shu yo‘lda ketdi. Ikromjon go‘dakligida rahmatli otasi ariq bo‘yiga niyat qilib ekkan o‘ttiz tup terak kesilib, eski hovlining imoratlarini yangilashga ishlatildi. Turmushlari izga tushdi.
Ular hech narsadan nolimasa ham bo‘ladi. Kunlari el qatori o‘tib turibdi. Oilalarida ba’zan shunday inoqlik, mehr-muhabbat paydo bo‘ladiki, olti yillik er-xotinni kecha topishgan Tohir-Zuhra deysiz.
Lekin, ba’zan...
Ikromjon shunday «ba’zan» paytlarda shirin o‘tgan damlari, Tursunoy bilan kabutarlar kabi g‘udillashib gaplashganlari, piqir-piqir kulishganlari va shirin-shirin xayol surib yotganlarini eslash bilan ko‘ngliga taskin beradi.
O’shandoq damlar!
— Yo‘q-yo‘q, men sizni hech qachon sevgan emasman! — deydi Tursunoy. — O’zingiz shilqimlik qilib oldingiz meni... Uyoqqa o‘tsam ham — tikilasiz, buyoqqa o‘tsam ham — tikilasiz! Ko‘zingiz bilan yeb qo‘ydingiz-ku?.. Nima? Koshki jimgina tikilib yurgan bo‘lsangiz? Volibol maydonchasida To‘raqulni urgan kim? Toning-a!.. Bekor gap. Men uchun urdingiz. «O’yna», deb o‘zi chiqib turdi, bechora. Aybi shu. Siz bo‘lsa, kelgan to‘pni setkadan oshirmay, uni «tushit» qilasiz!
— Hadeb bechora deyavermang. Rahmingiz kelyapti chog‘i, — to‘ng‘illaydi Ikromjon.
— Rahmim kelsa, nima qilasiz?
— Obbo! Keling, yaxshi-yaxshi gaplardan gaplashaylik... Kecha lesxozda qorovulni haydashdi!
— Yana lesxoz!
— Yo‘, o‘zi qallob ekan-da, soqoling to‘kilgur! Quyonchilik fermasi tashkil etganmiz-ku. Shundan o‘n bitta quyonni yo‘q qilgan ekan. O’zimiz ham soni kamayib ketayotganini sezar edik. Lekin, o‘lgur chol, «er ostiga in qazib kirib ketgan, chiqqanida kelinglar, shu soqolim bilan yolg‘on gapiramanmi», der edi. Direktor qatiq ichgani kapasiga kirib qopti. Burchakdan kadini tortsa, orqasida bir bo‘xcha bormish. Yaxshiyamki, chetidan birterining siyrog‘i chiqib turgan ekan. Ochib qarapti. O’n bitta teri! O’zimizning quyonlarning terisi... Haydab yubordi.
Ikromjon qishloq xo‘jalik texnikumini bitirgan, o‘rmon xo‘jaligida yordamchi injener bo‘lib ishlaydi. Ishi yomonmas. Vazifasini vijdonan ado etadi. Bitta qusuri — maoshi kam. Qishloq xo‘jaligi sohasida ishlayotgan yordamchi agronomlarnikidan ancha kam. Yuz so‘mning nari-berisida. Lekin tabiat muhofazasi, o‘rmon xo‘jaliklari to‘g‘risida ko‘p yaxshi qarorlar chikdi. Shoyad ularning maoshi ham oshib qolsa. Umuman, o‘rmon xo‘jaligining ishchilari kam maosh oladi. Qurilishda ishlaydiganlarnikidan ikki-uch baravar oz. Shuning uchun o‘rmon xo‘jaligida ishchi «chidamaydi». Burnidan oshiq gap bo‘lsa, qurilishga ketib qoladi. G’isht terib, tsement qorib ham oyiga uch yuz so‘m topadi.
Ikromjon esa... bu yerdan ketishni akdiga sig‘dirolmaydi. Unga o‘rtoqlari bir necha marta: «Sovxozga o‘t, ishlab chiqarishning boshida bo‘lasan. Uyingga bir qop piyoz, bir qop kartoshka bepul kelsayam harna-da», deyishdi. Ikromjon qizarib ketib: «Rahmat. Meni o‘zimga qo‘yinglar», — dedi.
U qaerdadir eshitgani shu hikmatni mahkam ushlagan: «Kishi ovqat yeyish uchun yashamaydi, yashash uchun ovqat yeydi».
Ikromjonni bu fikridan qaytarish ham mushkul.
Er-xotinning suhbati davom etadi.
— Tursunoy, Galaqo‘tonda zira pishipti!
— Zira pishipti... Pishipti demay, shu topilmagurdan bir kilo-yarim kilo olib keling! Zig‘irchasini yigirma tiyinga olaman bozordan!
— Yo‘q, yarim kilo demang-u, yuz gramm-ellik gramm... Shoshmang! Kelasi bozor chiqsak-chi, o‘sha yoqqa? Ana, eshak bor! Minasiz! Men yoningizda piyoda... A? Xo‘p deng!
— Uf, siz haliyam yosh bolasiz! Men eshak minib yurar emishman! Gaplarini qarang!
— Ha, minmaganmisiz?
— Mingan bo‘lsam, vaqtida mingandirman.
— Bilasizmi, nima...
— Bilmayman!
Lekin Ikromjon shunday damlarda, ya’ni shu suh-batlardan keyin xotini ko‘nglidan kechgan o‘ylarni bilar, his qilar edi. Har gal Tursunoy Ikromjonning shu kabi har gapiga ters javob bersa-da, keyin xayol-chan bo‘lib qolar, ne bir intilish bilan goho uning pinjiga tiqilar va oralarida o‘sha suhbatlarning tamom aksi bo‘lar edi.
Endi Tursunoy qizchaligida o‘rtancha akasi bilan pilla qurtiga deb mingbosh o‘rgani chiqqanlarini eslar, allakimning nortuyasi quturgani, og‘zidan oppoq ko‘pikli xalta quldirab tushgani, so‘ng uni yana qanday qilib liq-liq yutganini xotirlab kular edi... So‘ng turmush qurganlarining ikkinchi yilimidi, Ikromjon uni eshakka mingashtirib toqqa, Berdi cho‘ponning ovuliga olib borganini erinmay qaytadan hikoya qilar, o‘shanda yegan qurutlarini yana tatib ko‘rayotgandek tamshanar va oqibat orada inoqlik qaror topar edi.
— Adasi, sizni... Siz sal kech qolsangiz, o‘zimni qo‘yishga joy topolmay qolaman, ishoning! Erkalik qilaman-da! Ayol kishiga yoqadi bu! — Yana davom etardi: — Onangizga xo‘p deganimni bilmay qolganman... Qiziq! Sizni qachon yaxshi ko‘rganman, bilsam xudo ursin! Ishoning... Menga sizning zirangiz ham, katta maosh olishingiz ham kerak emas! Ishoning...
Tursunoy shu gaplarni aytar ekan, Ikromjon uning so‘zlariga shak-shubhasiz ishonar, illo ishonmaslikka zarra asosi yo‘q edi.
Agar Tursunoy Ikromjonni sevmaganida, agar o‘ziga to‘q, beli baquvvat oilada esini tanigan qiz turmushning mana shu jihatlariga qiziqqan bo‘lganida yolg‘iz onasi bilan bir nav kun ko‘radigan yigitga daf’atan «xo‘p» dermidi!
Tursunoy ham Ikromjonni undan kam sevmas edi!
Darhaqiqat, ba’zida ular, ayniqsa o‘sha — xotiraga aylanib borayotgan vaqtlarni eslaganda bamisoli endi topishgan Tohir-Zuhra edilar.
Keyinchalik... Tursunoydagi qaysarlik, cho‘rtkesarlik kuchaygandan-kuchayib bordi. Ikromjon esa unga sari past tushar, ezilar, o‘ylarga cho‘mar edi.
Nihoyat, oilada bo‘ladigan tanqischilik ham o‘rtaga tushadigan bo‘p qoldi. Tursunoy o‘shanda «tuzukroq yigitga chiqmaganini» bir-ikki marta armon bilan aytdi. Ikromjon tamom bo‘ldi...
Lekin, ajabo, ba’zida Tursunoy tag‘in o‘zligiga — o‘sha Tursunoyga aylanar, shunda Ikromjon xursand bo‘lib ketar, oradan hech narsa o‘tmagandek bir vaziyat vujudga kelar edi.
Lekin bu vaziyat vaqtinchalik esgan ko‘klam shamoliga o‘xshar edi. Ketidan qish zahrini olib izg‘irin, goho olamni ostin-ustun qilgulik dovul qo‘zg‘alar edi.
Ikromjon xotinidan yurak oldirib qoldi... Ammo u shu xilda qolavermadi. Erkak odam bunday paytlarda o‘z hamjinslariga intilib, ulardan tasalli topgisi kelar edi. Hasratini faqat «o‘z qavmi»ga aytar ekan. Suhbatni tinglaydigandayam tinglaydigan bor. Bir gal ishdan qaytayotib yuragi o‘z-o‘zidan gup-gup ura boshladi. O’rmon xo‘jaligi yo‘lagida yam-yashil bo‘lib turgan qarag‘aylardan uchtasi qurib qolgan ekan. Buxgalterning xotini to‘kkan mag‘zava shu qarag‘aylar ostiga singar ekan. Shuning mashmashasi bilan kech chiqqan edi... Somsaxona oldidan o‘tayotib sinfdosh o‘rtoqlaridan Shodi cho‘tirni qo‘rib qoldi. U shofyor, shaharda yashar edi. Ikromjon to‘xtadi. Shodi turib, yo‘l bo‘yiga chikdi. Ular quchoqlashib ko‘rishishdi. So‘ng Shodi uning qo‘ltig‘idan olib, o‘tirgan stoli yoniga boshladi. Ikromjon, «besh minutdan keyin turaman!» deb, o‘tirdi... Besh minut o‘n minutga cho‘zildi.
Ikromjon ichmasdi emas, ichib turar edi. Lekin: «Uyga vaqtli borish kerak... Tursunoy kutib qolmasin? Ertaga ish... Ko‘zim qizarib borsam odamlarga qanday qarayman?» — deb me’yorida ichardi.
Shu kuni nima jin urdi uni, qancha o‘tirganini ham bilmay qoldi, qancha ichganini ham, o‘rnidan tursa, dovdirab ketyapti.
«Bo‘ldi! Baloga qoldim!» — deya kalovlanib yo‘lga tushdi. Yo‘lni qisqa qilish uchun jinko‘chaga kirdi. Ko‘cha o‘nqir-cho‘nqir, ko‘p joylariga suv toshgan ekan. Tiyg‘anib yiqildi. Ust-boshi shalabbo bo‘ldi... Keyin devorga suyanib, yo‘dla davom etdi. Paxsadevorga tirsagi va biqini suykalib borar edi.
— Voy, nima bo‘ldi? Kim urdi? — Ayvonga chiqqan Tursunoy qo‘qqisdan yig‘lagudek bo‘lib, pastga tushdi. — Voy, sho‘rim! Endi nima qilaman? Hoy, bolalar, buyoqqa chiqinglar!.. — Tursunoy erining yoqasidan ushlab yuziga tikildi-yu, burni jiyrilib, afti burishib, birdan tislandi. — Mast! — dedi yig‘lamsirab. — Piyonista bo‘pti! Shunisi kam edi... Voy-do-od, qaerga boray? — U yana otilib erining oldiga bordi. — Pulni qaerdan topding? — U senladi va senlab davom qildi: — Ayt deyapman!.. Hali o‘zingni oppoq qilib ko‘rsatarsan, hali davlatning odamiman, deysan! Qaerdan topding pulni?
— Ichirishdi, — dedi Ikromjon. — Kechir...
— Xo‘p, kechiraman! Hozir kechiraman! Tursunoy bolalarni nari-beriga surib, dahlizga kirdi.
— Allo! Allo! — degan tovush eshitildi. — Melisani ol! Melisadaqa melisa-da!
Tursunoydagi o‘zgarishlarning boisi nimada? Nahotki, mol-pulga xuruj qo‘yish yoxud uy-joyim birovlarnikidan kam bo‘lmasin deb, yoxud vaqtida toparmonroq yigitga tegmaganidan afsuslanish uning o‘zgarishiga sabab bo‘lsa?
U qizligida o‘ziga yarasha erka edi. Bundan tashqari, eriga erkalik qilish, unga qandaydir azob berish ham unga yoqardi: buni o‘z og‘zi bilan ham aytardi.
Balki uning tobora badjahl va shafqatsiz bo‘lib borayotganiga shu hol sababdir?
Bir narsa deyish qiyin.
Balki bularning hammasi qo‘shilgandir?
Ammo... Tursunoy erini hamon sevadi! O’sha g‘alati «ko‘z boylag‘ich» sevgisi bilan sevadi! Biroq yillar — yosh ham o‘z ta’sirini o‘tkazganmi, endi uning qoshida ko‘p ham yoqimli xayollarga tolavermaydi. Ikromjonning qalbiga malham bo‘lg‘usi aziz xotiralarni hikoya qilmaydi.
Hikoya qilmaydi?.. Ichida hikoya qiladi.
Oradan yarim soat vaqt o‘tar-o‘tmas Ikromjonning maktabdoshi, o‘z mahallalarida uchastkavoy, girdig‘um, baquvvat Qayum kirib keldi. G’o‘dayib va yo‘talib, atrofga qaradi. Pastga tushgan Tursunoy yum-yum yig‘lab, hasrat qildi:
— Bunday odati yo‘q edi... Buni yo‘ldan qaytaringlar, jon aka! Piyonista bo‘p qolsa nima qilaman? Elu yurt, otam, akalarim yuziga qanday qarayman... O’zing pishirgan osh, deyishmaydimi ular? Sho‘rginam qursin!.. Jon aka, qo‘rqib ketyapman. Mastlarning kimligi o‘zingizga ma’lum-ku!..
Ikromjon ayvon pastidagi supada g‘ujanak bo‘lib yotar, bularning gap-so‘zlari zo‘rg‘a qulog‘iga kirar, ammo boshini ko‘taray desa, yeru osmon aylanar, gapiray desa, tili aylanmas edi.
Shu asnoda bir-ikki marta o‘rnidan irg‘ib turgisi, nimadir kutilmagan ishlar qilgisi kelib ketdi.
— Tur o‘rningdan, Ikrom!
— Olib ketasizmi? — Tursunoy kutilmaganda qo‘rqib so‘radi. — Qamaysizmi?
— Hechqisi yo‘q, — Tursunoyga ko‘zini qisdk Qayum uchastkavoy. — Bir kecha yotsa, esi joyiga tushadi... Xavotir olmang, kelin! Bu kecha o‘zim navbatchiman!
U Ikromjonni suyab turg‘azib, qo‘ltig‘iga kirdi. So‘ng lipillatib ko‘tarib ketdi. Yo‘lakning yarmisiga yetganda Tursunoy halloslab yetib bordi.
— Jon aka, shu yerda bir-ikki og‘iz gapirib qo‘ya qoling.
— Kelin! — Tursunoyga jo‘rttaga jahli chiqqandek ma’noli tikildi u. — Menga ishonmaysizmi?
...Tursunoy shu kecha yig‘lab-yig‘lab yotdi. Melisa chaqirgani uchun o‘zini qarg‘adi. «Vahimachi bo‘lmay o‘lay, erkak odam ichadi-da! — dedi. — Bu gap birovlarning qulog‘iga yetsa, nima degan odam bo‘laman! Erini qamatgan... Koshki meni urgan bo‘lsa! Beozorgina, «kechir» dedi... Boyoqish... Shunday mayin, mo‘mingina... Mening xarxashalarimga chidab kelyapti. Ikki dunyoda bunday erkak topilmaydi... O’zim aybdorman... Uydagi sirni ko‘chaga chiqargan xotin xotinmi?»
Shundan keyin u o‘pkasini bosib oldi... Keyin shirin xayollarga toldi. Nima uchundir daf’atan yodiga Ikromjonning eng dilkash o‘tirishlarda hikoya qiladigan manzarasi tushdi. «Yo‘ng‘ichqazor... Shudringi ko‘tarilmagan...»
Ikromjon shu to‘g‘rida ko‘p gapirgan, Tursunoy ko‘p marta eshitgan, biroq u manzara o‘zidan uzoqligi uchunmi, eslayolmas edi. Hozir o‘shani eslaganidan anchagacha hayron bo‘lib, nihoyat, ko‘zini yumdi.
Ikromjon... ertasi ishdan vaqtida chiqib, uyga keldi. Tursunoy uning siniqqan rang, botiq ko‘zlariga razm solib, undan gap kutdi: «Hozir kechirim so‘raydi... Hamma gapni aytib beradi!» Lekin Ikromjon unga qay til bilan gap qotsin?
U hatto xotinining yuziga boqishga ham botinolmas edi. Yuragi dir-dir titrar, nojo‘ya qadam tashlab yubormaslik uchun o‘ta hushyor, ayni chog‘da Tursunoyga ko‘zi tushsa, u bobillab beradigandek edi.
Yo‘q, yaxshisi, jim bo‘lgani tuzuk.
Jim, jim, jim... Balki Tursunoy Ikromning «jim»ligini ichdan azob chekishga yo‘yar?
Axir, ko‘rib turibdi-ku?!
Ammo-lekin o‘zi ahmoqlik qildi!
Sharmandali ish bo‘ldi!
Tursunoy... undan gap, uzr kuta-kuta toqati toq bo‘lib ketdi. Ikrom kostyumini yechib, eski shimini kiyib chiqib, oshxonaga kirib ketar ekan, Tursunoy baqirib qoldi:
— Ho‘, ichadigan yigit! Endi qadamingizni bilib bosing! Xo‘pmi?.. Men o‘zimni oyoq osti qildirib qo‘ymayman! Mana shu uyga o‘t qo‘yaman-u, ikki bolamni olib otamnikiga ketaman... Ular meni boshiga ko‘tarishadi... Yolg‘iz qizlariman! Kunim o‘tadi. Bu yerdagidek... o‘tmasa, bundan yomonroq bo‘lib o‘tar, axir!
Ikromjon boshini ushladi. «Dod!» deb yuborishiga oz qoldi.
— Xo‘p, — dedi asta burilib. — Ayb menda, Tursunoy.
— Albatta!
— Meni avf eting.
— Mayli... Ikki bola hurmati, bu gal kechirdim... Lekin yana shunday bo‘lib kelsangiz, mendan o‘pkalamang! Naq o‘n besh sutka berdiraman... Sharmandangiz chiqadi! Ishxonangizga yozishadi... Obro‘yingiz bir pul bo‘ladi!
Ikromjon bosh irg‘adi.
«Tursunoy haq... Ayb menda, — dedi nimqorong‘i o‘tinxonaga kirib. — Men uning qadriga yetmayapman... Uni kaftimda ko‘tarib yursam arziydi... Axir, u meni o‘ylab shu gaplarni aytyapti!»
Tursunoy esa, uyga qaytib kirib, ichida biram xursand bo‘ldi... Keyin Ikromjonning munislik bilan: «meni avf eting», deganini o‘ylab, tomog‘i bo‘g‘ildi. Yig‘lab yubormaslik uchun lablarini tishladi.
So‘ng... labida og‘riq sezib, buning uchun ham Ikromjonni ichida aybdor sanadi...
Haftalar, oylar o‘tdi... Turmush yana eski iziga tushdi. Ba’zan inoqlik, mehr-muhabbat, shirin suhbat... Ba’zan telba-teskari gaplar, xafagarchilik.
Lekin endi Tursunoyning shevasiga Ikromjon uchun yana bir asos qo‘shilgan edi: ichib kelgani!
Ikromjon — hamon o‘sha Ikromjon. Biroq endi unda ancha asabiyat paydo bo‘lgan, garchi Tursunoyning oldida o‘zini tutib tura olsa-da, ishxonasida goho bo‘lar-bo‘lmasga jahli chiqib ketadi. Direktorga ham ters gapirib yuboradi. Uchastka boshliqlari bilan qo‘pol gaplashadi. Yuragi goho shunday bir to‘liqish sezadiki, nimalarnidir urib-yanchib tashlagisi, qayoqlargadir, olis-olis tog‘ oralariga chopa-chopa qochib ketgisi keladi. Shunday paytlarda alamini ishdan oladi. O’ziga ajratilgan oriq bo‘z otni minib, tog‘dagi bodomzor, yong‘oqzor yoxud na’matak maydonlarini ko‘rgani chiqib ketadi.
Goho haftalab tog‘da qolib ketadi. So‘ng Tursunoyga intiq-intizor bo‘lib, uni uzoq yolg‘iz qoldirib ketgani uchun o‘zini so‘kib, xotinidan ming-ming uzr so‘rashga shaylanib, qaytib keladi.
Tursunoy ayvonga chiqadi... Ichida erini sog‘ingan! Uni sog‘-omon ko‘rib, boshi osmonga yetadi. Tunlar ko‘rgan yomon tushlarini unutadi. «O’zingga shukur!» — deydi. Ammo tilida:
— Ha, muncha qopketdingiz? Bittasini topdingizmi deyman? Tog‘ qizlari chiroyli bo‘ladi deb eshitaman... Yashang! Bolalaringiz ham esingizga kelmaydi-ya! Qoyilman... Xo‘p erkak chikdingiz-a, umringiz uzoq bo‘lsin!
Ikromjonning tarvuzi qo‘ltig‘idan tushadi. Uning hamma gaplarini asosli deb tan oladi ichida. Va ortiq javramasin uchun gapni qisqa qiladi:
— Uzr endi... Shunday bo‘p qoldi, Tursunoy.
— Xo‘p yaxshi gapni o‘rganib olgansiz-a?
Ikromjon munislik bilan bosh irg‘aydi.
So‘ng... so‘ng ular orasida yana inoqlik...
O’rmon xo‘jaligi xodimlari ham May bayrami namoyishiga chiqishga qaror qilishdi. Ikromjon ishlamasdan burun ham ular namoyishga chiqishgan, biroq shunchaki o‘zlari... go‘yo safni to‘ldirish, raykom, ijroqo‘m rahbarlariga ko‘rinish berish uchun yoki shunchaki vaqtichog‘lik uchun... Bu gal o‘zlarining mahsulotlari bilan chiqishga kelishishdi. Ya’ni tagi bilan qo‘porib olingan bir tup archani kuzovining qanotlari tushirilgan mashinaga o‘tqazib qo‘yiladi. Uning yonida tag‘in na’matak nihollari va turli ko‘chatlar ham bo‘ladi. Mashina kabinasi ayni o‘rmon xo‘jaligida yetishgan atirgullar bilan bezatiladi... Bu to‘g‘rida raykomning tashviqot-targ‘ibot bo‘limi mudiri o‘rtoq Oqboevga xabar berilgan edi, u kishi juda ma’qulladi, hatto tabrikladi.
Ikromjon Tursunoyga: «Boramanu kelaman! Keyin birga chiqamiz», deb saharlab o‘rmon xo‘jaligiga jo‘nadi. Xo‘jalikning idorasi, jumladan, bog‘i ham rayonning chetida. Ikromjon yetib borguncha yarim soatcha vaqt ketdi. Qarasa, mashinaga ortilayotgan archa — tog‘ archasi! Paqqos kesib kelingan... Bir hisobda tog‘ archasini ildizi bilan qo‘porib olish ham o‘zi mumkin emas, ildizi chuqur ketadi va o‘zga archalar tomiriga tutash bo‘ladi. Umuman, tog‘ archalarining deyarli hammasining ildizi bir desa bo‘ladi.
Ikrom lov etib olov oldi. Direktorni topib:
— Sizning farmoyishingizmi bu? — dedi. — Ana, bog‘da qancha archa bor!.. Buni nima qilamiz namoyishdan keyin? O’tin qilib yoqamizmi? Bultur yangi yilga deb bog‘chaning odamlari so‘roqsiz archa kesgani uchun o‘zingiz nima gaplar qilib edingiz? Hayf-e! Ana, o‘risi archadan olsak, qaytib keltirib tag‘in o‘tqazib qo‘yardik!..
Direktor Boboqulov unga do‘ng peshanasi tagidan vazmin qarab turardi.
— Xo‘p. Shunga shunchami! — dedi. — Qoraboy aka bizga yaxshilik qilaman deb shu archani kesipti.
— Xushomadga deng!
— Juda jizzaki bo‘p boryapsiz, ukam... Erkak odam og‘ir bo‘ladi rasmi.
— E, men og‘ir bo‘lmadim.
— Xo‘p, shunday ulug‘ayam kunda... a? Bechora kesgan ekan. Kechasi bilan yo‘l yurib, hali yetkazib keldi... Qo‘ying, inim, keyin gaplashamiz.
Ikromjon, darhaqiqat, shunday shodiyona kunda bunday qizishgani, ha demasa, birovlarning dilini qora qilishi mumkinligi, demak, jilla bo‘lsa-da, nohaqligini sezib turardi-yu, lekin o‘zini bosolmasdi. To‘ng‘illay-to‘ng‘illay chikdi. Keyin yog‘och quti toptirib, archani o‘tqazdirdi. Kishi bilmaydigan qilib, atrofiga tuproq uydirdi. Bu ish tag‘in o‘ziga yoqmay, o‘zini ko‘zbo‘yamachi kabi his etib, namoyishga xotini bilan yetib borishini aytib, yo‘lga tushdi. Kelguncha yana vaqt o‘tdi. Kelsa... darvoza qulflog‘!
«E, bor-e!» — deb ko‘chaga chiqib ketdi. Odam gavjum. Ikromjonning hovri bosildi. Keyin xotin-qizlar orasiga ko‘z solib, Tursunoyni izlay boshladi. Topolmadi. Bu orada kolonnaga o‘rmon xo‘jalik xodimlari ham dovdaskagi bilan kelib qo‘shildi. Ikromjon ular safida katta ko‘cha bo‘ylab Poygashboshi adiriga yo‘l oldi.
Tumonat odam!.. Osmon tiniq. Salqin. Oyoq ostida baxmaldek ajriq.
Bu yerdayam qaysi joyda ayollar to‘p bo‘lsa, Ikrom-jon ularga ko‘z solib yurdi.
Tursunoy... U ham shu yerda edi. Uch-to‘rt marta Ik-romjonga ko‘rinarli joyga chikdi. Baxtga qarshi, Ikromjon uni ko‘rmadi. So‘ng Tursunoy unga razm solib, erining nuqul ayollarga tikilayotganini payqadi. Beixtiyor u o‘zini izlayotganini bildi. Bildi-yu, zardasi qaynab ketdi. «Kim biladi erkak zotining ko‘nglini!»
Ikromjon namoyishdan keyin horib va tag‘in Tursunoy bilan uchrashganda undan gap eshitishni kutib, uyiga bordi. Haqiqatan ham Tursunoy tishini qayrab turgan edi.
Oldi erini! Oldi!
Ikromjon:
— Bo‘ldi. Bo‘ldi-i-i! — deb ko‘chaga chiqib ketdi.
To‘g‘ri restoranga kirib bordi... Kimlar yo‘q bu kunda restoranda? Kimlar ulfatga ilhaq emas? Ikromjonni yoniga taklif etmaydigan yigit bormi?
«Bayram! May! Bugun hamma narsa kechirarli!.. O’yna, kul! Shu bugun xomush bo‘lma! G’amni yig‘ishtir! O’ylama hech narsani... Olamning ishlari qachon bitib edi-ki!..»
Ichib o‘rganmagan odam ko‘p ichmasin ekan.
Ikromjon... darvozaga suyanganini va «yomon bo‘ldi!» deganini biladi. So‘ng qandaydir sayoq itni siladi chog‘i. So‘ng ko‘ziga ayvon shiftida osilib turgan lampochka ko‘rindi... Esida... Tursunoy nimalardir dedi...
Boshqa hech narsani eslolmaydi! O’b-bo‘, yomon bo‘ldi-ku! Kimlarni so‘kdi? Kimni xafa qildi? Tursunoyni yana... Voy-voy!.. Ayb o‘zida! Kecha nega hovlidan chiqib ketdi? Nega Tursunoyga o‘tgan gap-so‘zlarni yotig‘i bilan tushuntirmadi-ya? Bo‘lardi-ku! Io‘q, o‘rmon xo‘jaligida... direktorning kabinetida telefon bor edi-ku, uyiga telefon qilsa, olam guliston edi.
Ulug‘ ayyom kunida-ya!..
Ikromjon qop-qorong‘i kamerada turib o‘tirib, shu tarzda o‘ylar, bir yoqdan boshi zirqirab og‘rir, o‘yu bosh og‘riqqa chidolmay, o‘zini osib qo‘yish darajasida edi.
Shunda qattiq chanqaganini sezdi. Suv! Suv qani? Nega suv yo‘q? E! Ikromjon melisaxonada-ku? Qamoqda-ku?!. Kim uni olib keldi? Qayummi?
«E, Ikrom, odam bo‘lmading-bo‘lmading-da!.. Senga ish ham hayf, xotin ham!
Bolalaring... Ana, bolam bor demaysan! Qaysi kuni Tursunoy rost aytdi: «Bolangiz ham esingizga kelmaydi!» deb... Sen ota nomiga isnod keltirasan!»
Ikromjon turib, paypaslab eshikni topdi. Shunda badaniga sovuq, zax o‘tib ketganini sezdi. Endi birdan tishi takillab, eshikni qoqa boshladi.
Birpasdan keyin naq eshik ortida divan g‘ijirladi. Birov tomoq qirdi. So‘ng eshikka kalit solindi. Eshik ochildi.
Qayum! Ko‘zlari shishib turibdi. Uyam uxlagan ekan.
— E, Ikrom bo‘lmay ket! — dedi uchastkavoy to‘ng‘illab. — Suvsadingmi?
— Ha. Chiqsam maylimi?
— Chiq. — Qayum kameraga ko‘z solib, iziga qaytdi. — Yerda yotibsan. Senga ko‘rpacha solib bergan edim... E, qurib ket! Sig‘sa ichgin-da!.. O’zing tuppa-tuzuk yigitsan!.. E! Hamrohing qarg‘a bo‘lsa, yeganing axlat bo‘ladi...
— O’zim ichdim, — dedi Ikromjon.
Xonaning yarmisi to eshikkacha yog‘och to‘siq bilan to‘silgan, uning ortida, stodda lampa yonib turar edi. O’sha yoqqa o‘tgan Qayum alyumin krujkada suv keltirib tutdi. Ikromjon yutoqib icha boshladi. Suv muzdek! Lekin ichgan sari ichging kelar edi. Nihoyat, tag‘in suvsab qolsa ichadigandek krujkada qolgan suvni to‘kmay va uni Qayumga qaytarmay, yo‘lakdagi divanni ko‘rsatdi.
— O’tirsam...
— O’tir, o‘tir.
Ikromjonning hamon boshi og‘rib turar, yuragi-da ola-to‘fon, lekin vujudida g‘alati bir g‘ayritabiiy shijoat paydo bo‘lgan edi. Bu o‘sha... qayoqqadir bosh olib chiqib ketishga undovchi tuyg‘uning yangitdan jumbishi ediki, bunda mazkur damdagi holati, pushmoni, uyati va o‘ziga nisbatan g‘azab-nafrati ham bor edi.
— Kecha nima qilib qo‘ydim? Qayum aka, ayting!.. Nojo‘ya ish qilgan bo‘lsam, javob beraman... Xudo haqqi, tayyorman! — Shunda deraza tokchasida turgan telefon jiringladi. Qayum telefonni oldi. Ikromjon to‘ng‘illab jimidi. — Ochig‘ini aytsangiz...
Qayum kim bilandir uzoq, asabiy gaplashdi. So‘ng qomatini rostlab gimnastyorka ko‘ylagi tugmalarini o‘tkazdi-da, Ikromjonga bir muddat ensasi qotib tikildi.
Ikromjon... uyaldi! Yer yorilsaki, kirib ketsa! «E, bo‘ldi, ko‘p qarama, Qayum! Undan ko‘ra belingdagi qayishingni yechib, ur!..»
— Yana shunday bo‘lib qo‘limga tushsang, yoki xotiningni shikoyat qilganini eshitsam, olti oy berdirmagandayam, o‘n besh kun supurtiraman!.. Tur! Jo‘na! Hujjatlaring uyingda! Bor, ko‘zimga ko‘rinma... Sekin chiqib ket, birov bilmasin. E, seni qara-yu... Rangingni ko‘r, qusging keladi.
Ikromjon kalovlanib va u yer-bu yerini qoqishga shaylanib, eshik og‘ziga bordi. Tashqariga mo‘ralab qaradi. So‘ng Qayumga boqdi.
— Rahmat, Qayum aka, — dedi. — Lekin nima qilganimni... a?
— Nima qilganingni xotiningdan so‘ra! — Qayum chimirilib, trubkani ko‘tardi. Nomer terar ekan, to‘ng‘illadi: — Shunday xotinni xafa qilib bo‘ladimi?.. Seni o‘lgudek yaxshi ko‘rar ekan. O’rnida boshqa xotin bo‘lsa, ko‘rarding kuningni... Bor, ketaver endi! — u apparat richagini bosdi. — Boshog‘riq qilaman deb yurma... Piyonistalikning boshi — bosh og‘riq qilish!
— Rahmat sizga.
Ikromjon ko‘chaga chikdi. Jimjit. Hali qushlar ham uyg‘onmagan. Yo‘l bo‘yidagi daraxtlarning serbutoq shoxlari orasidan lampochkalar xira nur sochadi.
Ikromjonning qadam tovushi olislarga taralib, kimlarnidir bezovta qilayotgandek bo‘ladi.
Bir payt u ko‘chaning qoq o‘rtasida turib qoldi. Ho‘ngrab yig‘lab yuborgisi keldi.
«Nega bunday bo‘lyapti o‘zi? Sen chindan ham yomonmisan, Ikrom? O’zingni vijdonli, halol yigit deb bilasan. Ishingda nuqson yo‘q. Xo‘p, keyingi paytda sal asabiy bo‘psan. Nima qipti shunga?.. Ish-xizmatchilik. Bo‘ladi-da.
Tursunoy... «Seni o‘lgudek yaxshi ko‘rar ekan». Nahot shu gap rost bo‘lsa? Nega endi «nahot»? U meni sevmasa tegarmidi? Boshqa zo‘r yigitlar qurib ketganmidi unga?.. Sevadi! Bunga shubha yo‘q... Lekin, nega unaqa?»
«Qanaqa?» Ikromjon bu savolga javob berolmadi-yu: «Ayb o‘zimda... Faqat menda! Qayum aka rost gapni aytdi», — dedi. So‘ng butun-butun ayblari... uchun xotinidan yer o‘pib uzr so‘rashga qasd qilib, ildamlay ketdi.
Ikromjon o‘zlarining ko‘chasiga kirganda yana yuragi gupillab ura boshladi. Lekin battar jadalladi. Hovlisida chiroq bormikin? Yo‘q, o‘chirib yotishgan bo‘lsa kerak... Darvozani taqillatadimi? Qo‘shnilar eshitadi-ku... Qanday sharmandalik! Qamoqdan chiqib kelyapti-ya? Xayriyat, Qayum maktabdoshi...
«E, hovlida chiroq yoniq-ku? Ayvon chirog‘i yoniq!»
— Rahmat senga, Tursunoy!
— Kiring uyga! Yoting, — dedi ayvonda qaqqayib turgan Tursunoy. — Siz bilan ertaga gaplashaman!
— Meni avf etolsang...
Tursunoy chapdagi eshikdan yotoqqa kirib ketdi. Ikromjon shu yerda yechinmoqchi edi, Tursunoyni tag‘in bezovta qilmaslik uchun asta ayvon chirog‘ini o‘chirdi. So‘ng eshikdan kirgan yerda ust-boshini yechib, tufli-sini oyog‘iga ildi-da, bir-bir yurib, supadan tushdi. O’tinxona biqinidagi vodoprovod krani yoniga bordi.
Shunda bog‘ adog‘ida eshak pishqirdi, tepindi. Arqoni olmaga o‘ralib qolgan qo‘zi bo‘g‘iq ma’radi.
Ikromjon shosha-pisha vodoprovodni ochib yuvinar ekan, nazarida, mollar ham uni yomon ko‘rib qolgandek, undan o‘pkagina qilayotgandek bo‘ldi. Ich-ichidan ezilib: «Endi araqni og‘zimga olsam o‘lay!» — deya vodoprovodni bekitdi. Sovukda diydirab ayvonga qaytdi. Dordan sochiqni olib, naridan-beri artindi.
Mehmonxona derazasiga qalin parda tutilgan, shuning uchun hamon tong otmagandek tuyuldimi, Ikromjon ertasiga kun yoyilib ketganda uyg‘ondi. Keyin, kechagi voqealarni esida qolgani bo‘yicha eslab va hali katta janjal oldinda ekanini o‘ylab, yuzini yana yostiqqa bosdi: hech kimni ko‘rmasa, shu bo‘yi nimadir bo‘lsa!
«Oh! Qaniydi kechagi kun yo‘q bo‘lsa, ha, yo‘q — yo‘q bo‘lsa! Kechagi voqealar ham yo‘q bo‘lsa-da... Bo‘ldi. Tur, Ikrom! Qilg‘ilikni qildingmi, buyog‘iga ham turib ber endi!»
Ikromjon kiyinib, tashqariga chiqdi. «Oh! Bahor!.. Muncha chiroyli bu bahor! Olmalar qiyg‘os gullab qolgan! Asalarilar! Ikromboy, shuncha kundan beri qaerda eding? Olamning go‘zalligi o‘z hovlingda-ku? Yo‘q, anavi uychada... Tursunda! O’sha... o‘sha tufayli dunyo ko‘zingga go‘zal ko‘ringan! U bor — go‘zallik bor, bahor bor! Sen baxtli yigitsan!»
— Hoy, ko‘p serraymay, buyoqqa kiring! Ikromjon birdan bo‘shashib ketdi. «Boshlandi!» — deb o‘yladi va butun vujudiga titroq kirdi... Ha, u qachondir, nimalarnidir urib-yanchishi kerak!
Ikromjon ayvon chetidagi choygumni engashtirib, bet-qo‘lini yuvgan bo‘ldi-da, ichkariga kirdi. Dasturxon yoziq. Choynak, piyola. Non, oqqand, yog‘... Xona iliqqina. Bunda tunuka pech bor. Tursunoy bugun ham yoqibdi.
Ikromjon to‘rga o‘tib, pechga yaqin ko‘rpachaga cho‘k tushdi. Oldidagi piyolani olib, choyidan bir ho‘pladi.
— Qulog‘im senda, — dedi. — Gapir!
Tursunoy jimib, dasturxonga ko‘z tikdi... So‘ng birdan ho‘ngrab yig‘lab yubordi. Ikromjon qotib qoldi. O’rmalab uning yoniga bordi. Yelkasini ikkilanib siladi.
— Tursunoy... Jonim, menga qara... bo‘ldi endi! Qasam ichaman! Boshqa bo‘lmaydi.
Kecha Ikromjon qay ahvolda kelganini o‘zi bilmaydi. Lekin Tursunoy biladi... Shunisi qiziqki, kecha chindan ham uning jahli chikdi. Ikromjonga achinmadi ham. Faqat Qayum bitta sherigi bilan Ikromjonni olib ketayotganida: «Jon aka, birov bilmasin... Uyatga o‘laman! O’ziga kelsa nasihat qilib jo‘nating!» — deb qoldi, xolos... Lekin, hozir yig‘lab yubordi.
Qiziq, Ikromjon uni silab-siypagani, totli
so‘zlar aytgani sari battar yig‘lagisi kelar, o‘zini to‘xtatolmas edi.
— Tursunoy?..
— Biz ajrashamiz... Men bu turmushga toqat qilolmayman! — Tursunoy irg‘ib turib ketdi. — Aftingizni ko‘rmayin deyman! Ha-ha. Rost... Men sizni hech qachon sevmaganman... Sizga rahmim kelib tekkanman. Siz!.. Meni oyoqosti qilyapsiz endi... Xotinli bo‘ldingiz-da! Bolali, uy-joyli bo‘ldingiz-da, a?
Ikromjon karaxt bo‘lib o‘tirar, uning yuragi ham to‘xtab qolgandek edi.
— Rosti bilan-a? — dedi sekin.
— Rost! Rost! — Tursunoy shunday deb burchakka, sandiq qoshiga bordiyu daf’atan hushyor tortib, uning nima qilishini kutdi. So‘ng birdan qo‘rqib ketdi: «Ketib qolsa-ya!.. O’zimni o‘ldiraman! Men bu ikki ergashma bilan qayoqqa boraman? Otamnikigami?.. Io‘q, yo‘q... Axir men bu yigit o‘lgurni yaxshi ko‘raman-ku? Nega shuni bilmaydi? Nuqul meni xafa qiladi... Menga o‘chakishgani-o‘chakishgan... Miq etmaydi! Ichimdan top!.. Ichishni o‘rgandi... Ichganiyam mayli. Kecha ko‘zimning oldida ketib qoldi-ya. Avzoyi buzuq uning!.. Yo bittasini topganmi? Yo‘g‘-e, o‘ldimi? Menga qiliq ko‘rsatyapti... Ko‘rsatib bo‘psan! Odamingni topibsan-ku!..»
Ikromjon hamon karaxt edi. «Ha-a. Gap buyokda ekan... Rost, menga shafqat qilib tekkan bo‘lishi ham mumkin... Mumkin! — deb o‘yladi. — O’zi aytdi-ku?.. Bunaqa gap tilidan birinchi chiqishi... E, galvars Ikrom!»
U o‘rnidan turdi. Nima qilishini bilmas, lekin turishi kerak edi. Buni ko‘rib, Tursunoy yugurib eshik oldiga bordi. Eshikni to‘sib oldi.
— Qayoqqa?
— Qoch yo‘ldan.
— A? Hali menga do‘q qiladigan bo‘ldingmi? Hoy, kimsan o‘zing? Sizdan so‘rayapman... Dadasi, nimaga o‘zgarib qoldingiz-a? Nima bo‘ldi sizga? Biron kishi aytyaptimi, a? Rostini ayting... Mayli, unday bo‘lsa, men o‘zim uyni bo‘shatib chiqib ketaman...
— Qoch deyapman! — Ikromjon ikki qo‘llab boshini ushladi. — Xudo xayringni bersin, ezma meni!
— Men-a?
— Sen...
— Voy tavba! Hali bunday tuhmatingiz ham bormi-di? Astag‘firullo... Voy, qudratingdan!.. Men aybdor emishman! Men?? — Tursunoyning yuragi tagida sirli bir ovoz: «Bas qil» Bo‘ldi endi. O’zingni bos!» deb tursa-da, battar xuruj qildi: hali Tursunoy aybdor bo‘lib qoldimi? Ana! Tuhmat balongdan saqla xudoyim! — To‘xta! — baqirib yubordi Tursunoy. — Kecha seni... bo‘shatib yuboring, deb Abdiqayum akadan iltimos qilganim uchun bo‘shatdi! Shuning uchun kelding bir mahalda. Yo‘q! Men endi toqat qilolmayman!.. — Tursunoy eshikni lang ochib chikdi. Yana ortiga burildi. — Hozir dod solaymi? A? Tuhmat qilish qanday bo‘lishini ko‘rsatib qo‘yaymi? A?.. Hoy, kecha nima ish qilganingiz yodingizdami?
Ikromjonning fikri tiniqlashib, daf’atan unga samimiy nazar bilan boqdi.
— Yo‘q, balki aytib berarsan?
— Aytib beraman... Meni urding! Ha... Guvohim bor! Guvohim — bolalaring!.. Boshimga mushtlading. Tepding!.. Onangni deb so‘kding, tiling kesilsin! — Tursunoy turgan yerida chayqalib ketdi. — Voydod, qaerga boray? Kim eshitadi ohimni!.. Dunyo bedarvoza bo‘lib qoldi! Voydod!..
Rangi qum o‘chib, lablari pirpirab qolgan Ikrom-jon bir qadam bosib, ostonada tiz cho‘kdi.
— Avf et! — dedi va ko‘zidan tirqirab yosh oqib ketdi. — Avf etgin, Tursunoy... Bolalarimiz haqi, meni kechir! Kechirmasang, qamat meni!
— Kerak bo‘lsa, qamataman ham!
— Rost... Shunday qil! O’zim ham to‘yib ketdim... Uzr, men odam bo‘lolmayman chog‘i...
— Hali o‘zingizni odam deb... Astag‘firullo... Turing o‘rningizdan! Erkakka o‘xshang munday!.. He, mijgov bo‘lmay keting!
Ikromjon o‘rnidan irg‘ib turdi.
— Nima qilay? — dedi. — Buyur!
Tursunoy burnini tortib, ko‘zlarini yumdi. So‘ng eriga, «hozir kelaman», deganday qattiq qarab olib, mehmonxonaga kirib ketdi. Nimyorug‘ xonaga kirgach, tag‘in yig‘lagisi keldi. Endi chindan yig‘lashni istar edi.
Axir, Tursunoy unga, «urding, tepding!» deb mutlaqo yolg‘on gapirdi. Ikromjon bo‘lsa tiz cho‘kib, uzr so‘radi... «Qiziq! Tiz cho‘ktirish mumkin ekan-a? Boya nima deyayotgan edi? Yo‘limni to‘sma! A-a!.. Shunday bo‘ladi... Xohlasam, maymun qilib o‘ynataman sizni... Leqin bechora qiynaldi chindan ham... Buyur, deb turibdi... «Senga rahmim kelib tegib edim» degan gapimni ham esidan chiqarib qo‘ydi! Qo‘rqib ketdi shekilli!».
Shunaqa! Erkakni jilovlab olaman desang, qo‘rqitib ol ekan! Endi Tursunoy nima qilishini yaxshi biladi!
Lekin... Ikromjon qo‘rqmasayam bo‘lmaydi... Axir, Tursunoy yaxshi biladi-ku, Ikromjon o‘z ishini qanchalik sevadi!.. Tilidan o‘rmon, tabiat tushmaydi! Undan haydalgan kuni cho‘lda qoladi. Axir, Tursunoy da’vo qilsa, haydalib ketishiyam hech gapmas!..
E xudo! Shuncha yil!..
— Gapiring. Talqon yutdingizmi?
Ikromjon o‘zida bor kuch-qudratni ishga sola oldi. O’zini bosa oldi. Ha, bu tarzda — arosat bir ahvolda ketib qolish — nomardlik! Tursunoy ilgariyam achchiq ustida telba-teskari gaplarni aytib yuboraverar edi!
— Tursunoy, bir gapni so‘rayman... Men so‘ramasimdan burunoq o‘zingiz javob berib qo‘ydingiz... Lekin yana so‘rayman... Iltimos, o‘ylab javob bering!
Tursunoy yuragi po‘killab olg‘a jildi.
— Xo‘sh, — dedi. — Qanaqa savol ekan?
«Meni zarracha pisand qilmaydi» dilidan o‘tkazdi Ikromjon va o‘sha savolini berishga yana jur’at topdi:
— Meni chindan ham sevmaysizmi?
Tursunoy unga anqayib qarab turdi-da, qah-qah otib kulib yubordi. So‘ng burilib, tizzalariga shapatiladi. Ikromjonning og‘zi bir zum ochilib qoldi. Keyin asta burilib, zinadan tushdi. Bir, ikki, uch, to‘rt... Beshinchi qadamda o‘tinxonaga yetdi. Hozir orqasidan chopib keladi! Hozir... Balki Tursunoyning o‘zi endi tiz cho‘kadi?.. Ikromjon ajab bir titroq kayfiyatda shuni istab, oltinchi qadamni bosdi. Yo‘q, yi-qilish nima! Shunchaki chaqirsin!
— Yo‘l bo‘lsin? Ikromjon shart qayrildi.
— Qayoqqa?
— Men savol bergan edim, — dedi Ikromjon, javobingiz o‘shami?
Tursunoy... Tursunoy... «Javobingiz o‘shami?» Ikromjon bu gapni nima uchun aytdi? Aytmasa bo‘lardi...
Axir, u asta jilar ekan, Tursunoyning o‘zi chopib ortidan bormoqchi edi-ku?
— Sizga yoqib tushdimi o‘sha javobim?
«Endi bas! Bachkanalik yetar!»
Ikromjon tezgina burilib, darvozaga yetdi. Yana eshakning pishqirgani, qo‘zining ma’raganini eshitgandek bo‘ldi. Nazarida, uy-joy, olmalari, devorlaru yo‘ng‘ichqapoyasi ham unga allaqanday xayrlashuv nazari bilan qarayotgandek tuyuldi.
— Hoy!
Ikromjon yana harchand qaramoqchi bo‘lmasin, qaray olmadi.
Tursunoy turib qoldi ayvonda... U qalt-qalt titrar: «Ketdimi? Butunlay ketdimi? — deb o‘ylar edi. — E xudo! Endi nima qilaman? Eri tashlab ketipti degan gapni qanday ko‘tarib yuraman... Meni tashlab ketadi? Ikromjon-a? Xomtama bo‘lma! Tursunoy burningni yerga ishqaydi. Tashlab ketar emish! — Tursunoyning alami kelib, yana ko‘ziga yosh oldi. — Nimalar bo‘lyapti o‘zi?.. Shoshma! Hali qo‘rqibgina turgan edi... «Buyuring!» deb turgan edi... Nega birdan?.. Yo‘q, u menga o‘zini ko‘rsatmoqchi! Ko‘ramiz... Hali shunday yalintirayki! Qarshimda «buyuring!» deb turgin!.. Lekin o‘sha gapni chakki aytdim... Qaydan kallamga keldi o‘sha gap?.. Rahm qilib emish! Tavba! Hayronman... Chakki bo‘ldi... Hechqisi yo‘q!»
Ikromjon katta ko‘cha tomon ketib borar ekan, yuragi bo‘m-bo‘sh va loqayd, shu ketishda tag‘in restorangami, somsaxona yonidagi bufetgami borishini his qildi-yu: «Chindan piyonista bo‘laman!» — deb o‘yladi. Xo‘sh, qayoqqa borish kerak?
Toqqa, toqqa-da!.. O’rmonga!
U ko‘chaga chiqqach, burilib, o‘rmon xo‘jaligiga yo‘l oldi. Somsaxona yonidan shoshib o‘tib ketdi. Unda odam gavjum!
Bayram davom etmoqda!.. May!.. Hamma yasan-tusan-da! Hamma shodu xurram!.. Tavba! Hayot qiziq... Aytmoqchi, Ikromjon bunday garangsib qadam bosmasligi kerak... Abduqayum ko‘rsa, «yana ichibdi» deb o‘ylaydi... Odamlar ham e’tibor qiladi. Birontasi to‘xtatib: «Nima bo‘ldi?» — desa, nima javob qiladi?
Oilasidan nolib, birovlarning ham kayfiyatini buzadimi? Keragi yo‘q! Shoshma! Xo‘sh, toqqa ham chiqib ketdi. Keyin, bari bir qaytadi-ku rayonga?
Shunda Ikromjon ba’zi tanishlarning o‘ziga qarab o‘tayotganiga diqqat qildi-yu, shart chetga chiqdi. Tog‘ tomonga ketguvchi toshloq yo‘lga tushdi. Bu yo‘lda ham odam ko‘p... «Muncha ko‘p! Kecha bayram edi! Bugun yana ko‘chaga toshib chiqishibdi... Bekorchi bo‘lgandan keyin shu-da... Yo‘q. Axir, nima uchun uyda o‘tirishlari kerak? Ikromjon, nohaqsan! Qo‘y, kim nimani istasa, shuni qilaversin!.. Lekin sen chetroqda yur!»
Ikromjon yo‘lning so‘l yog‘idagi endi asfalt to‘shalgan xiyobonga chiqdi-yu, bu xiyobon tugagan joydan ajriqli so‘qmoq boshlanishi, so‘qmoq to‘g‘ri Yakkatol chashmasi bo‘yiga borishini esladi... E, o‘sha Yakkatol taglarida bolalar bilan koptok o‘ynardi bir vaqtlar!
Yakkatol — qari tol. Jarlik bo‘yida. Tanasi kovak bo‘lib ketgan. Jarlikning buyog‘ida havo stantsiyasiga qarashli oppoq imorat bor, bir tomoni sovxozning olmazori.
Ikromjon so‘qmoq bilan yurib, jarga kirdi. Sohillari past, yemirilib ketgan. Betlarini qariqiz o‘tlari bosgan. Oyoq osti nam. Lekin Ikromjon xursand!
Bu yerda hech kim yo‘q!..
Ikromjon so‘qmoq bilan jarlikning havo stantsiyasi tomondagi tekis maydonga ko‘tarildi-yu, bir entikdi... Keyin oyoq-qo‘li bo‘shashib, butun vujudidan madori ketib, turib qoldi. Ne ko‘z bilan ko‘rsinki, maydonga yo‘ng‘ichqa sepilgan ekan, yo‘ng‘ichqazor naq tizzaga uradi. Shudringi ham ko‘tarilib ketgan bo‘lsa kerak... Chuchmomasi-chi? Bog‘piyozi-chi? Ikrom gangib parishonhol ko‘zlari bilan yo‘ng‘ichqazorga tikilar, oyog‘i ham o‘ziga bo‘ysunmay, o‘tirib qoladigandek bo‘lardi... U asta cho‘nqaydi... Bir tup yo‘ng‘ichqani olib tikildi. Hali gullamagan. Yosh ekan. Shundoq bo‘lsa-da, uni hidladi. Og‘ir, sof, toza bir hidni tuydi... Yigitning tag‘in yig‘lagisi kelar, lekin ko‘zidan yosh chiqmay, faqat qisqa-qisqa entikar edi.
U birdan o‘zini yerga otdi. Ancha yo‘ng‘ichqani bosib tushdi. Qulochini kerib, yuzini ho‘l tuproqqa bosdi.
«Oh! Qanday yaxshi!.. Alvido endi, yo‘ng‘ichqazor!.. Yo‘q-yo‘q, men o‘lmayman. Lekin endi sen men uchun yo‘qsan... Tursunoy yo‘q — sen ham yo‘q!»
Ikromjon ancha vaqt shu alfozda yotdi... Keyin: «Bu jinnilik. Ahmoqlik, — deb turib o‘tirdi. — Er-xotin o‘rtasida gap qochadi-da... Shunda bir-birining og‘zidan nima gaplar chiqib ketmaydi! Nahotki Tursunoy bilan shuncha yil yashab!.. Xo‘sh, uydan chiqib ketganim bilan nima topaman?.. Bekor gap! Hechqursa bolalarim hurmati — yashashim kerak. Mayli, Tursunoy sevmasin meni... Nachora! Hayotda aldangan erkak yo ayol yo‘qmi? Men ham aldangan ekanman... Baxtim shu ekan... Qiziq! O’sha yo‘ng‘ichqazor qaerda? Bilmayman... Tursunoyni qachon sevib edim? Bilmayman... U-chi?.. U yolg‘on-chi... Mayli! Noma’lum narsalar yo‘q bo‘ldi. Ma’lumi shu: bizning oilamiz bor. Yashamoq kerak! Ishim, sevgan ishim bor: ishlamoq kerak...»
Ikromjon uyga qaytdi. Tavba! Nahot ketgan bo‘lsa Tursunoy? Eshik yana qulflog‘!
Shu payt muyulishda mototsiklning ovozi eshitildi. Ikromjon burilib qarab, o‘tirg‘ichda Qayum uchastkavoyni ko‘rdi. Jilmaydi. U shu tomonga kelmoqda edi.
— Assalom alaykum.
Qayum salomiga alik olmay mototsiklni chiyillatib, shu yerdan orqaga burib oldi.
— Chiq! O’tir! — dedi. Ikromjon yana jilmaydi.
— Tinchlikmi?
— Tinchlik.
Ikromjon mototsikl kajavasiga o‘tirib oldi. Qayumga yana bir jilmaydi-yu, allaqanday bo‘lib ketdi: «Nima gap? Tag‘in Tursunoy... Yo‘g‘-e... Axir... E, Ik-rom! Ikrom! Bolasan!.. U seni qutqargan edi-ku! U qamatishi mumkin yana!.. Galvars!» Ikromjon shunday o‘ylagan esa-da, bari bir ishonmadi o‘z o‘ylariga. Ammo nima uchun Qayum uni olib ketyapti? Uni izlab yurgani aniq! Ko‘rgach, mototsiklni burib oldi. Ikkilanmay: «Chiq! O’tir!» — dedi.
Katta ko‘cha. Qayum mototsiklni tez haydab borar ekan, Ikromjon endi vahimaga tusha boshladi: «Yana o‘sha kamerami?.. Qorong‘i xona! Qayum kechirmayman deb edi... Tursunoyning qadriga yetmayapsan deb edi. Lekin u seni o‘lgudek yaxshi ko‘radi» degandi ham... Kulgili gap! Bo‘pti... Peshanada borini ko‘raman-da... Umuman, men yomon odam bo‘lsam kerag-u, buni o‘zim bilmasam kerak... Lekin Tursunoy ham meni aldab...»
Ikromjon birdan o‘ylariga barham berdi: «O’ydan foyda yo‘q... Rost... Melisaxonaga boryapmiz! Ana, ana... Endi tamom! — yana o‘ylay boshladi Ikromjon. — Ishxonagayam xat yozishadi...»
Mototsikl daraxtlar tagiga burilib, xiyobonga kirdi. To‘xtadi. Ro‘parada katta, qizil, temir darvoza... undan chap tomonda navbatchilar xonasi bor... Unda telefon, divan... To‘rida eshik. Eshik orqasida...
— Kir, kir!
Ikromjon bir qadam bosib, divanning nari chetida boshini egib o‘tirgan Tursunoyni ko‘rdi. So‘ng divanning bu chetida omonatgina o‘tirib, hayratlangan ko‘zlari bilan to‘siq ortiga, unda ikkita stulda qomatlarini tik tutib o‘tirishgan tanish militsionerlarga qaradi.
Qayum shahd bilan stol yoniga o‘tib, unda ochiq yotgan qog‘ozga o‘tkir tikildi. So‘ng Ikromjonga o‘qraydi-da, shart tortmasini tortib, ikki varaq oq qog‘oz oldi. Stolga qo‘yib, ustiga taq etkazib avtoruchkani qo‘ydi.
— Kel, — dedi Ikromjonga. — Kecha nima voqea yuz bergan bo‘lsa, yoz! Esimda yo‘q deb tentaklik qilma!.. Har qanday mast odam ham u-bu narsani eslaydi!
Ikromjon o‘rnidan turdi.
— Lekin mening esimda qolgani sizga hech narsani anglatmaydi, Qayum aka.
— Bari bir!
— Rost aytyapman!
— Bo‘lmasam, Tursunoy nimani yozib bergan bo‘lsa, shunga qo‘shilasanmi?
— Albatta! — dedi Ikromjon. — Bu kishi biladilar... Him, bu kishi nimani yozgan bo‘lsalar, shu gap to‘g‘ri... Chunki shunday bo‘p qolgan ekan...
Qayum stoldagi qog‘ozni olib tikildi. Bir oz ming‘illab, o‘qib boshladi:
— ... Xo‘sh, «Boshimga urdi... Him, oyog‘i bilan tepdi... Otam-onamni haqorat qildi... Bezori! Ichib keladi... Halol ishlashiga ishonmayman...» — Qayum Ikromjonga qaradi. — To‘g‘rimi? Mana, o‘qib ko‘rishing mumkin! — U qog‘ozni uzatdi. — To‘g‘ri bo‘lsa, to‘g‘ri
deb imzo chek!
Ikromjon qog‘ozni oldi. Xotinining xatini tanidi. Yuragi allaqanday bo‘lib to‘lg‘anib ketdi... «Endi nima bo‘ladi?» — deb o‘yladi va o‘zini dahshat qo‘ynida his qildi.
So‘ng Tursunoyga qaragisi, undan nimanidir iltijo qilgisi keldi. Shunga barobar Yakkatol yaqinida, yo‘ng‘ichqazorda o‘ylagan qarorini aytish fikri tug‘ildi.
Ikromjon, qara! Qara unga!.. Tursunoy shunga ilhaq edi! Ha-ha! U erining «tumshug‘ini yerga ishqamoqchi» bo‘lib keldi. Jahl va ko‘zyoshi bilan arznoma yozdi. Biroq endi uning o‘ziga qarashini... ko‘zlarini ko‘rishni istar edi!..
— Bo‘ldimi? Ruchkang bormi?
— Bor-bor! — «Imzo cheksam, bari ayblarimni bo‘ynimga olgan bo‘laman, — o‘yladi Ikromjon ichida. — Erim qitmir emas ekan deydi keyin... Imzo chekmasam, yuzimga tupuradi!.. E, qarab turibdi menga! Tezroq qo‘l qo‘ysang-chi!» Ikromjon kissalarini timirskilab, ruchka topolmadi. Qayumga siniq jilmayib, ruchkasiga ishora qildi. Ruchkani olib: «Shunda yozilgan so‘zlar to‘g‘ri! Aybimga iqrorman», deb yozdi-da, katta qilib imzo chekdi. — Marhamat!
Qayum olib, tikildi. So‘ng tortmasini shart ochib solib qo‘ydi-da:
— Tursunoy singlim, sizga javob! Sizga rahmat, — dedi. — Eringiz qoladi!
Tursunoy o‘rnidan turdi. Juda vaqti xush kishidek ro‘molini tuzatdi. Asta yo‘talib oldi. So‘ng:
— Sudga kelamanmi endi? — dedi.
-Ha.
Tursunoyning labi pirpiradi.
— Qachon bo‘lar ekan?
— Bo‘ladi-bo‘ladi.
— Rahmat, akajon... Shu odamni bir jazosini beringlar! Hukumatimizning qonunlaridan aylanay! Rahmat sizlarga... — Tursunoy eshikka yetdi.
«Voy, nimalar bo‘ladi? Buni kesib yuboradimi? — o‘yladi-yu, iyaklari titradi. Labini qimtidi. — Axir... Nima uchun? To‘g‘ri, buning aybi bor... Ammo mendan uzr so‘radi-ku! Yo‘q, — yana qaysarligi tutdi. — Uydan chiqib ketdi bu! Shu bo‘yi uyga qaytib kelmas edi... Endi qo‘limga tushdi!»
— Rahmat, akalar, — dedi Tursunoy va qo‘qqisdan Ikromjonga qarab baqirib yubordi. — Gung bo‘p qoldingizmi? Nimaga gapirmaysiz? Chiqib, qaergacha bordingiz?! He sizni!.. Ko‘ryapsizlarmi bu odamning kesakday bo‘lib o‘tirishini! Shunaqa-da! Nomard... Bevafo! Bir adabini yesin!..
«Bevafo!» — Ikromjonning miyasiga nina sanchilgandek bo‘lib ketdi. — «Bevafo» dedimi? Men-a!.. Voy-voy! Tursunoy naqadar haq! O’sha ketganimda
haqiqatan ham bevafo bo‘lardim. Rost... Lekin men boshqa qarorga kelib uyga qaytgan edim-ku?»
— Kechirasiz, Tursunoy, — Ikromjon tilga kirdi. — Ha-ha... Qariyb bevafolik qilgan edim... Lekin hozir fikrim o‘zgardi...
— Hozirmi?
— Yo‘q, hozir emas... Yakkatolda... O’yladim... Siz meni sevmasangiz ham bari bir yashashimiz kerak... Men shu fikrga keldim. Rozi bo‘lsangiz, him...
— Rozi bo‘lsangiz?!
— Ha-da! — Ikromjon turib ketdi. — Xo‘p deng, Tursunoy... O’rtoq melisalar, bizni kechiringlar... Bu oilaviy gap...
— Gapir, gapir, — dedi Qayum. — Sizlarning gap-so‘zlaringiz oiladan tashqariga chiqdi... Endi u oilaviy gap bo‘lmay qoldi. Yana gaping bormi?
Tursunoy uning yana gapirishini, iltijo qilishini, qandaydir va’dalar berishini kutardi... «Gapir, Ikrom! Bo‘l tezroq!» Ikromjon Tursunoyga qaradi-yu, uni qaytadan tanigandek bo‘ldi: «O’sha Tursunoy bu! Menga shafqat yuzasidan tekkan...»
Ikromjon bir daqiqaga bugun darvozadan chiqib ketayotgandagi holatiga tushdi.
«Bas endi! — der edi ichidan bir ovoz Tursunoyga. — Bo‘ldi qil! Shikoyat xatingni ol! Yirtib tashla!.. Axir, bu Ikromjoning-ku? Tag‘in ish chappasiga ketib qolmasin... Yo‘q, nega chappasiga ketadi? — dedi Tursunoy hushyor tortib ketib. — Agar melisalar yomonlikka oladigan bo‘lsa, achchikdan yozib edim, deyman... Ikromjon hech narsani bilmay — man nima desam, shu to‘g‘ri, deb turadi... Qutqarib olib ketaman! Shu bilan bir umr o‘zimniki bo‘lib qoladi...»
— Qo‘ying, Qayum aka! — deb yubordi Tursunoy. — Bu odamning shu gaplariyam yolg‘on.
Ikromjon shu tobda hech narsani o‘ylayotgani yo‘q edi. Lekin o‘rnidan sapchib turdi.
— Xayr bo‘lmasam, — dedi Tursunoyga. — Lekin bilib qo‘ying, men hammavaqt sizga rost gapirib kelganman!.. Ba’zi gaplarni gapirolmay qolgan bo‘lsam, kim biladi, sababi bordir...
Tursunoy yana turib qoldi.
— Kecha urganlaringiz, so‘kkanlaringiz-chi? Nega esimda yo‘q deysiz? — Tursunoy eriga battar tikildi. Yana lablari titradi. — A, yolg‘on gapryapsiz-ku? — «E tavba, nimalar deyapman? — ko‘nglidan o‘tdi Tursunoyning. — Tuhmat-ku bu!.. — Qaerdan miyamga singib qoldi bu gap?.. Hali bu gapni yolg‘onga chiqarishim kerak-ku?» — Xo‘sh?.. Ana, shunaqasiz! — Bu gap ham og‘zidan chiqib ketdi. — Tilingiz yo‘q gapirgani!
Ikromjon havo yetishmayotgandek entikib nafas oldi. Qo‘llari qaltirab:
— Nega tilim yo‘q? — dedi. — Urdimmi — urdim!.. So‘kdimmi — so‘kdim! Ana, xatgayam imzo chekdim-ku?
Tursunoy qandaydir zavqlanib:
— Ana endi o‘zingizga keldingiz, — dedi.
— Voy!.. — Ikromjon o‘zini idora qilolmay qoldi. —Abduqayumaka!..Jon Tursunoy! Urdim! So‘kdim! — birdan ko‘z oldi tumanlashib qichqirib yubordi: — Urdim! So‘kdim! Tepdim!.. Xotirjam bo‘ling! Suddayam shu gapni aytaman. Til tortmay o‘layki — aytaman!
Ikromjon divanga o‘tirib qoldi. Tursunoyning zavqi zim-g‘oyib bo‘ldi. — «Nima dedi bu? Suddayam aytadi?.. Qanaqasiga? Bekor gap! Jinni bo‘p qoldi bu... o‘l, Tursunoy! Nimalar qilib qo‘yding?.. Ol xatni, yirt, uloqtir! Yashayman dedi-ku? Yashaydi... Bu yolg‘on gapirmaydi! Meni sevmaysiz emish... Sevaman! Sensiz menga hayot harom... Bir kun ham yasholmayman sensiz!.. Otingdan o‘rgilay! Mening butun hayotim sensan-ku!»
Tursunoy Qayumga qo‘lini cho‘zdi.
— Xatni bering. Qayum unga o‘qraydi.
— Nega?
— Bering deyapman!
— Berilmaydi.
— Unda yozilgan bari gap yolg‘on!
Ikromjon Tursunoyga yalt etib qaradi va xuddi dahshatli bir narsaga ko‘zi tushgandek tez surilib, divanning u chetiga borib o‘tirdi.
— Ikrom, xatdagi gaplar yolg‘onmi? — so‘radi Qayum.
— Qanaqasiga! Hammasi rost!
— O’ylab gapir!
— Rost-rost!
Tursunoy Ikromjonga burildi.
— Ikrom aka!
Ikrom kamera eshigiga qaradi.
— Ikrom aka deyapman!
— Rost!
Qayum o‘rnidan turdi.
— Tursunoy, bu yerda baqirish mumkin emas... Boring! Uyingizga boring! Vaqti kelganda, chaqiramiz!..
— Kelmayman!.. Ey, yo‘q, kelaman... Yo‘q, menga qarang, bu xat, axir?..
— Sizga javob!
Tursunoy tashqariga chikdi. Telbalanib, deraza pastidagi skameykaga o‘tirmoqchi edi, ortidan chiqqan militsionerni ko‘rib, darvozaga yo‘naldi.
Ko‘cha. «Nima qilib qo‘ydim? Voy, Ikrom! Ikromjon!.. Tursunoying o‘lsin!.. Voy, nima qilay? Qaytayinmi? Yo‘q!.. Haydashdi-ku? Kiritishmaydi endi...»
Qayum chuqur xo‘rsinib, sigareta tutatdi. Xatni tortmadan olib, yana bir ko‘z yugurtirdi. Keyin ensasi qotgandek yana joyiga soldi-da, yonidagi militsionerga buyurdi:
— Opchiqing!
Ikromjon Qayumga xayollanib qaradi.
— Bu kamera-chi?
— Bunda bir sutkaliklar yotadi.
...Shunday qilib, Ikromjon ikki yilga kesildi. Tursunoy: «Mendan kechdi endi», deb otasining uyiga ko‘chib ketdi.

1976

 

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.