OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Shukur Xolmirzayev. Yashil «Niva» (hikoya)

Avvalo, shuni aytishim kerakki, biz tomonning odamlari ancha serandisha keladi. Buning tarixiy ildizlari bor: biz kattalarga — xususan, yoshi ulug‘lar-u lavozimli shaxslarga ta’zim qilib o‘rganganmiz.
Yo‘g‘asam zamonga qaramaysanmi deng. Sotsializmdan putur ketgani aniq: Pribaltikada Mustaqillik uchun namoyishlar bo‘lyapti. Toshkent ham tinchini yo‘qotgan...
Bizda esa Bag‘doddagidek osoyishtalik.
To‘g‘ri, bizdayam «diktator arbob»larga qarshi chiqishlar bo‘p turardi: shundayam azob-u kamsitishlar jonidan o‘tib suyagiga yetganlar...
Kurbaqani bossang ham, «vaq» deydi-ku?
Biroq, ont ichib aytamanki, gap bunda ham emas.
Nimagaki, shaxsan menga o‘xshaydigan ziyoli hamma yerda bor. Va men tilga olmoqchi bo‘lgan (sadqai tilga olish ketsin!) «diktator amaldor» ham boshqa oblastlarimizdan topiladi. Pirovardi, yashil «Niva»ning ham urug‘i serob. Qolaversa, o‘sha baland — Oqdovonga o‘xshash dovonlar ham respublikamizda ko‘p.
Xullas, ...ga borayotib edik — yurtga, shahrimizga. Mana shu qizil «Jiguli»damiz: xotinim, o‘g‘lim, qizim.
O’zim ruldaman.
Yo‘limiz Oqdovondan o‘tishi kerak.
Dovon esa, haligiday bir «diktator»ning sovxoziga qaraydi.
Ilgarilari bu yoqqa yo‘lim tushsa ham, qaytishda ham dovonni chetlab, cho‘l orqali ketardim: u yoq tinch, yo‘li tekis, eng muhimi — «diktator» yo‘q.
Bu gal juda shoshib turgandik: soat 12 da insti-tutda bo‘lishim kerak: darsim bor. So‘ngra ne bir xayol bilan: «Bahor-ku? Bolalar ham bir yayrasin, tomosha qilsin», deb ularniyam olvolgandim.
Ha-ha, dovonning yo‘li yaqin-da!
Xullas, shahardan chiqdik.
Tog‘ etagida kabob pishiradigan bitta kafe bor. O’sha yerda to‘xtab, ikki sixdan kabob yedik. Bir piyoladan choy ichdik. Keyin yana yo‘lga tushdik.
Yo‘l deng, tog‘ bag‘irlab ketadi.
Hamma yoq yashnagan. Do‘lanalar oppoq gullagan. Na’mataklar ham rosa ochilgan. Butun dunyoning bul-buli shu yerlarga yig‘ilib kelganday: har shoxda chag‘-chag‘laydi.
Etakda soy bor, nari betlarda — qor.
Shunday qilib, atrofni tomoshalab, juda xushnud kayfiyatda ketayotib edik. Mashinaning tezligi o‘rta-cha— soatiga ellik-oltmish kilometr.
Ketayapmiz-u, ko‘nglimning ostida bir taxlika paydo bo‘ldi. «Diktator» uchrab qolmasin-da».
To‘g‘ri, u bizni yeb qo‘ymasdi. Ammo uning qilmishlari — dahshat! Anchayin salom bermay o‘tgan o‘smirni oyog‘idan ostirgan...
Xullas, burilishdan o‘tayotib edik, shunday qiyg‘os gullagan olmalar ichidan bitta yashil «Niva» lop etib chiqdi-yu, oldimizga tushib, sekin keta boshladi. Ne ko‘z bilan ko‘rayki, xuddi o‘shaning mashinasi! Mashhur mashina!.. «Diktator direktor» deyapman-u, iltimos, uni jindak eslashib olaylik. Xo‘sh, u kimsa — o‘sha raykom sekretarlarini almashtirib yurganlardan biri... O’z bilganingizni tasavvur qilavering. Ularning bari bir-biriga o‘xshaydi. Pul bilan mansabga chiqib olgan. Keyin davlat planlarini xalqni qulday ishlatib, tag‘in pripis-mripis bilan oshirib bajarib, geroy bo‘lgan. Keyin Markazqo‘mdan himoyachi — «aka» topgan. Balki o‘sha «aka» tufayli «geroy» bo‘lgan. Xullas, akaning «ochil dasturxon»iga aylangan, bu yokda o‘zlariga xon — o‘zlariga bek bo‘lgan kishi...
Bizga o‘xshagan odam — institutning oddiy o‘qituvchilari ham u kishim uchun bir chigirtka: chertsa, uchib ketamiz.
Darvoqe, bu odamning zulmi institutni ham zabt etgan, rektorimiz, — bechora bir yaxshi odam, — uning nomini eshitsa zirillar edi: uning qishlog‘idan yoki qarindoshlaridan bironta bola o‘qiyotgan bo‘lsa, avvalo o‘shaning ko‘nglini olish payida, o‘rgulib-o‘rtanib yurardi.
Lekin uning ustidan yoza-yoz ham ko‘paygan, qaerlardadir g‘alayonlar bo‘lgani haqidayam eshitardik.
Shunday qilib, yashil «Niva» yo‘lga tushib oldi-da, juda sekinlab keta boshladi. Albatta o‘shaning mashinasi bu. Yon-veridan antennalar chiqarilgan, demak, ichida ratsiyasi ham bor. Mashinaning o‘zi deng, yap-yangi. Lekin yon-bag‘irdan chiqib keldi-ku, orqa oynasi loy edi, shuning uchun ichkarida necha kishi o‘tirgani ko‘rinmasdi.
Juda imillab ketyapti.
Men ham tezlikni kamaytirdim. Nima qilay? O’tib ketaymi? Be, o‘sha kuni institutdan dumimni tugdiradi: bunaqa voqealar bo‘lganda, ayrimlar ehtiyotsizlik qilib o‘tib ketib baloga yo‘liqqanlar.
O’zi, men sizga aytsam, bundaqa o‘ziga xon — o‘ziga bek arzandalar ilgari hamma jamiyatlarda bo‘lgan va, qizig‘i shundaki, ular bari bir-biriga o‘xshagan. Biroq bizning jamiyatimizda ularning paydo bo‘lishi... istisno holdirki, bu kishini juda o‘ylatadi...
Biz ham «Niva»ning oyog‘iga qarab ketyapmiz.
Bir mahal o‘g‘lim injiqlik qila boshladi: «Ada, o‘taylik. O’tib ketaylik!» Narigi tekis yo‘lda yurishimga o‘rgangan-da. Bu yerdagi bahor manzaralari uni yana ko‘tardi. «Xo‘p, — deiman. — Hozir o‘tamiz», deyman. Keyin xotinimiz ham xarxasha qila boshladi: «Nima bo‘ldi sizga? Munday imillab qoldingiz? Yo‘l keng-ku, abgon qila qoling, adasi».
Mening ham dardim ichimda: institutga tezroq yetib olishim kerak. Bu yurishda, kim biladi...
Xullas, ketyapmiz. Tavba, deyman. Goho «Niva» to‘xtab-to‘xtab qoladi. Go‘yo «o‘t, o‘taver», deganday. O’tib bo‘pman: men ham «Jiguli»ni to‘xtatib qolaman.
Ketaverdik, ketaverdik.
Tabiatdan zavq olishning ham rasvosi chiqdi. O’g‘il tag‘in xarxasha qiladi, xotin ming‘irlaydi. Qizaloq ham onasining gapini takrorlay boshladi.
Ana tomosha!
He, gapning qisqasini aytsam, bir yarim yoki ikki soatlar uning orqasidan ergashib yurdim: sal tezlasa-tezlayman, sekinlasa-sekinlataman, to‘xtasa-to‘xtab qolaman.
Barimiz bo‘lganimizcha bo‘ldik: o‘g‘il yig‘lay boshladi, xotin biz bilan gaplashmay qo‘ydi, qizaloq xo‘mraygan. O’zim-chi? Menga zaril keptimi shu yurish?
Institutdagi dars ham barbod bo‘ldi: dovondan oshgandan keyin ham kamida ikki soat yurishim kerak.
Soat o‘n ikkiga yaqinlashganda, qo‘llarim qaltirab, mashinayam qizib ketib, dovonga chiqishimizga bir chaqirimlar qolgan edi, «Niva» birdan burilib, chap tarafga o‘tdi-da, shunday tik qirga zing‘illab chiqib ketdi. Xayol qildim: samolyotning motori o‘rnatilgan. Qirdan oshib goyib bo‘ldi.
Shukr qilib, yoqalarga «tuf-tuf»lab tezlikni oshirdim. Dovonga chiqdik.
Shunday chetda DAN posti bor. Qarasam, tanish inspektor yo‘lga chiqib kelyapti. Ola tayog‘ini shunday cho‘zdi. To‘xtadim. Xursand bo‘lgan chog‘da yana yurak urishini ko‘ring. «Yo‘lda biron nojo‘ya harakat qildimmi?» deb o‘ylayman. Inspektor ham — «diktator»ga qarashli odam-da! Ratsiya orqali bir nima degan bo‘lsa, pravaning o‘n joyidan teshadi. Bu yo‘lni bir umr orzu qilmaydigan bo‘laman.
Hujjatlarni olib chiqdim.
— Assalom alaykum.
Serjant chest berdi-da:
— Bularni joyiga sop qo‘ying, domla. Xo‘jayin «juda odobli bola ekan» dedilar, — dedi kulimsirab.
Karaxt bo‘lib qoldim.
Biz bolakay «odob yuzasidan» u kishini yo‘lda qoldirib o‘tib ketmagan ekanmiz!
Voy, muttaham-e...
Ha, undan qutulganimizga ming bor shukr qilib, yo‘lda davom etdik. Hademay xotinning ham chehrasi ochildi, o‘g‘ilchamiz ham otasini taniganday bo‘ldi, qizaloq ham yig‘idan to‘xtadi. Lekin bizning ishimiz rasvo bo‘lgan edi: dars o‘tilmay qoldi...
Oradan ikki kun o‘tgan edi deng, bu yoqdan telefon bo‘lib qoldi. Ha? «Tezda yetib keling, Vilnyusga jo‘naysiz, o‘zbek san’ati tarixidan ma’ruza o‘qib kelasiz».
Bizning institut bilan ularning instituti orasida shunday — o‘qituvchilarni ayribosh qilish, bir-birining san’ati haqida ma’ruza o‘qish an’anasi bor edi.
Yana yo‘lga tushdik. Endi dovondan tushadigan bo‘ldik. Birinchidan, vaqtli yetib borishim kerak. Ikkinchidan, biz xo‘jayinga xiyla yoqib qolgan «odobli bola»miz. Bu gal o‘tgan galgidek qiynalmasmiz. Keyin, «xo‘jayin» har kuni shu yo‘ldan qatnayvermas...
Ko‘ngilga taskin berib dovonga yetib keldim. Qarasam, DDN posti berk. Inspektor yo‘q. Ha, «chaqirib olgandir-da», deb o‘yladim. Axir, melisalar, ham u kishining yugirdagi edi-da!
Nishab yo‘l. Anchagina tezlik bilan tushib ketyapman. Lekin butun vujudim ko‘z-quloq: tag‘in bir burilishda chiqib qolsa, bilasiz-ku, unday odam yeb turgan taomiga ham tupuradi...
Tushib ketyapman, ketyapman. Tinchlik. Bahor avjida. Yana bulbullar sayrab yotishibdi.
Yo‘lda imoratlari toshdan yasalgan kichkina bir qishloq bor edi, undan o‘tgach, kabob pishiriladigan kafe keladi. Shu qishloqqa yetdim deganda, o‘sha inspektorni ko‘rib qoldim. U meni ancha narida ekanimda ko‘rgan shekilli, tayog‘ini cho‘zib turibdi.
Mashinani to‘xtatdim. Har ehtimolga hujjatlarni olib chiqdim. Inspektor o‘rnidan jilmadi.
— Assalom alaykum, — deb oldiga bordim.
— Nega tez kelyapsiz? — dedi u. Chest berish qayoqda! Meni tanimaganday.
— Yo‘q-e, ana spidometrni ko‘ring, — dedim.
— Ko‘rib turibman. Uch so‘m, — dedi.
— Xo‘p-xo‘p. Pulni to‘lab:
— Xo‘jayin yaxshi yuriptilarmi? — dedim. U aftimga ensasi qotgandek qarab turdi-da:
— Xo‘jayin ke-etdi, — dedi.
— Qayoqqa?
— Ketadigan joyiga... Tushundingizmi? Kecha partiyadan o‘chirildi. Bugun ishdan olindi.
— Sabab?
— Xalq... Hamma sizga o‘xshagan «odobli bola»mi?
Shu gap menga ta’sir etib ketdi deng: xuddi o‘sha kungi odobli ekanimni ta’na qilgan edi.
— O’zlariyam odob masalasida kaminadan qolishmas ekanlar, — dedim. Va yana so‘radim: — Nahotki?
— «Aka»lari ketgan odam ketadi-da, — dedi u. — Boshqa «aka»larga yoqmay qoptilar. Bu yoqda xalq turibdi, tishini qayrab... Go‘yo xalqning yonini olishdi ular... Endi yo‘ldan qolmang, domla. Yo‘g‘asam, odobda sizdan qolishmasligimni...
U bir nima deb po‘ng‘illadi.
Men mashinani minib jo‘nadim. Ham xursandman, ham kulaman ham: «O’l, — deyman o‘zimga. — Kuni bitgan ekan-ku? Nega o‘sha kuni muncha qo‘rqding? Xotining, bolalaring oldida sharmanda bo‘lding? Qancha asabing ketdi? Vang‘illatib o‘tib ketmaysanmi, nomard!» deyman.
Ul odamning partiyadan o‘chgani, ishdan olib, qamalganini eshitgandirsiz? Eshitmagan bo‘lsangiz, o‘zingiz bilgan shunday «diktator»ni eslang: ularning ham boshiga shunday kun tushadi? Balli... O’zi bu hol — jamiyatimiz uchun istisno hol edi-da. Ammo bundan keyin ham o‘ylatadigan hol...
Endi bu yog‘ini eshiting: o‘zimni so‘kib, nomarddan nomardga solib, tabiiy ravishda endi o‘zimni mard chog‘lab ketayotsam, ishonasizmi, kafedan o‘tgan joydagi burilishdan shunday qayrilgan edim, shunday chap tarafdan — suv sizib oqayotgan qir oralig‘idan bitta... yashil «Niva» g‘uv etib tushdi-da, yo‘lning cheti bilan sekin keta boshladi.
Shunday tormoz beribmanki, boshim oynaga urildi.
«Xudo urdi, inspektor meni aldagan bo‘lsa-chi?», deb o‘yladim. Yana «Jiguli»mni sekin haydab, u bilan izma-iz keta boshladim. Boyagi mardligim qayoqqa ketdi deng?
Tezroq yursa — tezlashaman, sekinlashsa-sekin. Qadamiga qarab, ichimni mushuk tatalab, «Yana kechikadigan bo‘ldim-da!» deb borayotib edim, «Niva» birdan to‘xtadi-da, eshigi ochilib, bitta rus bolasi boshini chiqardi.
— Ha? — dedim. Mashinamni sal ilgari haydab, bu tomonning oynasini tushirdim.
— Chyo tn presleduesh? — deydi.
Qotib qoldim.
— Izvenite, izvenite, — deb mashinasiga zehn solsam, ancha eski mashina.
O’tib ketdim. Yana kulaman: «O’l sen vahimachi! — deyman. — Qo‘rqqanga qo‘shaloq ko‘rinadi, degani shu ekan-da... Dadil bo‘l-e! Odamsan-ku, anavi «diktator»lar paydo bo‘lishidan oldin ham bor eding-ku? Xalqdan ibrat olmaysanmi? Xalq uyg‘onayotir-ku...»
Ana shunday qilib, yo‘lda davom etdim. Shaharga kirib keldim.
Lekin bir narsani yashirmay aytaman: hali-hamon shahar ko‘chalaridami, ovloq joylardami — yashil «Niva»ni ko‘rsam, yuragim orqamga tortib ketadi.
Nega bunday? Aqlim yetmaydi. Balki buyam o‘ylab ko‘riladigan holdir.

1987
© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.