OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Shukurjon Islomov. Foydali maslahatlar (hajviya)

Ba’zan sizda ham bo‘ladimi shunaqa holat: go‘yoki aynan bir voqea avval ham boshingizdan o‘tganday tuyuladi. Masalan, oshxonada gazni o‘chirdingiz, shu payt burchakdan sichqon yugurib o‘tdi va aynan hozir qo‘shnining bolasi gugurt so‘rab chiqadi. Shunaqa holatda endi nima ro‘y berishini elas-elas taxmin qilib turasiz va ... to‘g‘ri chiqadi. Tag‘in meni ekstremist, e, yo‘g‘e, ekstrasens deb o‘ylamang. Ko‘pchilik qatori oylikni oylikka uchma-uch taqab yetkazib yuruvchi oddiy oliy ma’lumotli mutaxassisman xolos.
Ertalab nonushta paytida ayam gapirib qoldi:
- Limon olib kelgin. Davleniyam oshyapti.
Demak bittamas ikki-uchta limon. Keyin xotinim:
- Tuxum olib kelish esingizdan chiqmasin. Bu juda tuxumga o‘ch bo‘lgan, - deb to‘rt yashar o‘g‘limni ko‘rsatdi. – Qizchamizga bo‘lsa sut.
Ha aytgandek bir yashar qizchamiz bor. Uch to‘rtta so‘zni ayta oladi. Pastda ikkita, yuqorida to‘rttagina tishchasi bor. Hamma dasturxonga “omin” qilsa, u ham qo‘lini yuziga surtadi. Hamma kulganda, hech narsaga tushunmasa xam qiyqirib kuladi.
Ishga jo‘nadim. Oylikkacha bir hafta bor. Bitta o‘rtacharoq limonni ikkita nonning puliga beradi. Agar ishxonada “obed” qilmasam tejalgan pulga uchta limon va ikkita tuxum olishim mumkin.. Lekin sutga pul qolmaydi. Xo‘sh, agar sut olsam-chi. Unda ayam bilan o‘g‘limga hech narsa ololmayman. Bitta limon, ikkita tuxumu yana ozgina sut... bachkana bozorlik. Limonni-ku donalab sotadi, tuxumniyam ikki dona olarmiz, ammo sutni bankaga quyib olamanmi yo baklajkagami? Ozgina narsani-ya.
Shunaqa o‘ylar bilan kunni kech qildim. Obed pulini navbatdagi yig‘di-yig‘diga to‘lab yubordik. Uyga qaytyapman avtobusda, xayolimda limon, tuxum, sut. Ie, anavi diskning ustiga limon rasmi tushirirlgan ekan-da. Qayoqqa qarasam MTS reklamasida oppoq kattagina tuxumning rasmi. Ko‘chada uy oqlayotgan bo‘yoqchilar paqiridagi suyuqlik xuddi qaymog‘i olinmagan quyuqqina sutga o‘xshaydi.... Limon hmm, sariq bo‘ladi, tuxum bilan sut oq... bittasi o‘simlik mahsuloti, ikkitasi hayvon mahsuloti... Shular menga kerak...
Uyga haligi narsalar o‘rniga “ertaga” degan va’dani ko‘tarib bordim. Kutishadi-da endi sal keyinroq bo‘ladi. Meni o‘qitgan, quruq arzimas oylikli ishxonaga joylagan dadam va ayamning o‘zlari axir. Xotinimda ham ayb bor. Birov birovni “iloyo kuning oylikning o‘ziga qolsin”, deb qarg‘aydigan paytda shu qarg‘ishga nishon bo‘lgan – menga tegab nima bor edi... Ammo baribir limon, tuxum va sut sotib olganimda zo‘r ish bo‘lardi-da...
Shu o‘ylar bilan uyquga yotdim. Ammo baribir xayolda...
Ertalab, bilasiz, televizorda “salomalaykum” degan narsa ko‘rsatiladi. Biz har kuni ertalab nonushta payti shuni oilaviy ko‘rib o‘tiramiz. Qo‘shiqlar, yangiliklar, turli qiziqarli ma’lumotlar beriladi. Avval vahimali habarlar eshittirilgandan so‘ng bir chiroyli qiz chiroyli mashinaning rulida o‘tirgancha shu mashina to‘g‘risida gapirdi. Talabalar o‘qishga shu mashinada borishni afzal ko‘risharkan. Vaqtni tejarkan, bu tejalgan vaqtni kutubxonada ilm olishga sarflash mumkin ekan. Undan so‘ng esa maslahatlar sahifasi boshlanib ekranda do‘mboqqina beka namoyon bo‘ldi. Qo‘lida qiymataxta va limo-on, o‘h ana.
- Aziz uy bekalari. Biz hozir sizlarga sabzavot va go‘sht to‘g‘rash taxtachasini tozalashning oson usulini o‘rgatamiz. Ma’lumki unda mahsulotni to‘g‘raganingizda qoldig‘i qoladi va uni ketkazish oson ish emas. Undan noxush hid kelishi ham mumkin.
Men shu payt qo‘shnimizning beparvoroq bir kelinini esladim. Taxtachasini ko‘rib, ikki kun ilgari qanaqa ovqat qilganini aniqlasa bo‘lar edi.Ekrandagi beka bo‘lsa limonni shart kesib ikkiga bo‘ldi.
- Siz buning uchun bir dona limonni kesasiz-da, shu bilan taxtachani tozalaysiz, - deb taxtachaga ishqab ketdi-ya.
Essiz limon, dedim.
Shunda xayolimga yarq etib hozir tuxum bilan sutni ko‘rsatmasmikan, degan fikr keldi.
- Mana taxtachamiz yarqirab turibdi,- deya ekranga tiqishtirdi taxtachani. Endi ikkinchi maslaxatga navbat.
- Tuflingiz kir bo‘lib qoldimi? U avvalgi jilosini yo‘qotdimi? Qancha tozalamang ilgarigidek yaltiramayotirmi? G’am yemang, hozir poyafzalingizni tozalashning o‘ziga xos yo‘lini o‘rgatamiz.
Shunda ekranda tuxum va sut ko‘rindi.
Eh, ana aytmadimmi!..
- Eng avvalo bitta tuxum olasiz, uni chaqib sut bilan aralashtirasiz. Hosil bo‘lgan aralashmaga toza salfetkani tekkizib shu yordamida poyafzalni tozalaysiz.
Endi bildingizmi?
- Qarabsizki, u avvalgi jilosini tiklab, yana yangiday bo‘ladi-qoladi...
Nonni choy bilan yeb o‘tirgan dadam mening o‘ylarimni sezib o‘tiribdi shekilli:
- Qo‘yaver o‘g‘lim, bu televizorni sotib yuborish kerakka o‘xshaydi,-dedi. –Nuqul qayoqdagi maslahatlarni beradi.
- Haqiqatdan ham,- dedim men. – To‘g‘ri aytdingiz dada, televizor yaxshi ishlamayapti. Kecha ob-havoniyam noto‘g‘ri aytdi.
Shunda hammamiz birdaniga kulib yubordik. Ayniqsa qizcham hech baloni tushunmasa ham oltita tishchasini ko‘rsatib maza qilib kuldi.

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.