OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Sobir Abdulla. O‘g‘rining so‘nggi yo‘li (hikoya)

Hokim o‘zi tug‘ilib o‘sgan qishloqdan otliq sipohlari bilan o‘tib bora turib, ta’zimga egilgan dehqonlar orasida yoshligida, yigitlik davrlarida birga bo‘lgan og‘aynisini ko‘rdi va uni yoniga chaqirib, hol-ahvolini surishtirdi:
— Holing qalay, qiynalganing yo‘qmi?
— Holimni ko‘rib turibsan, to‘n ming yamoq, mehnatga toqatim yo‘q, bola-chaqalikman, dehqonlar orasida hurmatim yaxshi emas!..
— Unday bo‘lsa, men bilan ket, o‘zingga yarasha kichikroq amal beraman, joy beraman, ot mindirib qo‘yaman!
Hokimning og‘aynisi bu taklifni bosh chayqab rad etdi va hokimning qulog‘iga o‘z istagini izhor qildi:
— Yigitlik davrlarimni sen bilan kechalari o‘g‘rilik, yo‘lto‘sarlik-qaroqchilikda o‘tkazib, sen ishingni boplab ketdingu, men qishloqda «o‘g‘ri» nomi bilan tanilib, xalq nazaridan uzoqda qimtinib hayot kechirish bilan keksaydim, to‘yda ham, azada ham doim poygada qolaman!..
Buni eshitgan hokim, hamon ta’zimga egilgancha turgan dehqonlarga g‘azab bilan ko‘z tashlab, og‘aynisiga asta murojaat qildi:
— Seni «o‘g‘ri!» deb qishloqda kamsitayotganlardan bir-ikkisining nomini ayt? Men hozir ularning ta’zirini berib qo‘yaman!..
Hokimning og‘aynisi kulimsirab, yana bosh chayqadi:
— Yigitlik chog‘laringda ham hovliqma, o‘pkasi yo‘q, g‘o‘rroq eding, keksaysang ham bu qilig‘ing qolmabdi! Bir-ikkisining ta’zirini berib, sen jo‘nab ketasanu, men tag‘in shu odamlar bilan qolaman! Ana undan keyin ko‘r! O‘g‘rilik dog‘i kamlik qilganday, undan keyin chaqimchi ham bo‘laman!
Mening sendan iltimosim shu! Har o‘tganingda meni yo‘qla, yoningga kelganimda yelkamga urib, qulog‘imga yoshlikdagi so‘kishlaring bilan so‘k, so‘ng o‘z yo‘lingga ketaber! Bu tomonini o‘zim bilaman!
Hokim kulib, og‘aynisining yelkasiga qoqdi va eski so‘kishlarini uning qulog‘iga takrorladi-yu, otiga qamchi bosib jo‘nadi, dehqonlar hokimning og‘aynisini o‘rtaga olib, so‘radilar.
— Hokim yelkangizga qoqib, qulog‘ingizga nimalar dedi?
U yana boshini chayqab, kaftini tiziga urib, oh tortdi va dedi:
— Unga ko‘rinmasam ham bo‘lar ekan! Keksaygan vaqtimda holi jonimga qo‘ymay, «dehqonlar yashirincha yer, hovli-joy sotsa, soliqni vaqtida to‘lamasa yoki mening to‘g‘rimda ig‘volar yurgizsa, menga xabar qilib turasan!» deb, topshiriq berib ketdi!..
Buni eshitgan dehqonlar undan hayiqib, usiz yer savdosi, to‘ylar, yig‘inlar o‘tkazmaydigan, qo‘y sotsalar ham unga shirinkomani uzatadigan bo‘lib qoldilar.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.