OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Sobir Abdulla. Xomtamalik balosi (hikoya)

Oq poshsho zamonida, shaharlarning birinda Parpixo‘ja nomli kishi bir katta mahallaning ellik boshisi bo‘lib, uzoq yil davr surdi, boshqa ellik boshilar ko‘pincha uning maslahati bilan ish qilar edilar, u doim shahar boylarining to‘ylarida bel bog‘lab xizmat qilib, dasturxonchilik «fazilati» bilan ham mashhur edi.
Biroq, Parpixo‘ja ellik boshining g‘ashiga tegadigan yana bir «fazilati» bo‘lib, to‘ylarga taklif qilingan hofizlar yoniga o‘tirib olar, yoqimsiz, g‘aliz, yovvoyi ovozi bilan xonishlarga qo‘shilar, hammaga malol kelar, do‘stlari bu haqda tanbeh bersalar quloq solmas edi.
Bir kuni bir ziyofatdagi mayxo‘rlikdan keyin bir-ikki ko‘ngiltortar ulfatlariga «Mastlik— rostlik» qilib, yuragida tugib yurgan «dardi»ni aytdi va ulardan o‘pkaladi:
— Hozirgi shahar ming boshisi bo‘lib yurgan odamlardan nimam kam?.. Mahalladayam, shahar boylari xizmatidayam, hukumat mahkamalari oldidayam uncha-muncha obro‘yga egaman!.. Shuncha ming boshi saylovlar o‘tadi-yu, na boylar, na siz savdogarlar va na hokim to‘ra meni shu ming boshilikka lozim ko‘rmaysizlar!.. Axir, qadrimga yig‘layman-da!..
Ulfatlar uning yelkasiga qoqib, yupatib, ko‘z yoshlarini artib, shunday dedilar:
— O‘zingiz aytmasangiz, bizning esimizga kelmas ham ekan! Bu bizning aybimiz, shu choqqacha eslatmaganingiz sizning aybingiz! Ammo saylov tag‘in yaqinlashyapti, bu tomonini bizga qo‘yib beringu, o‘zingiz bilmagan kishi bo‘lib tura bering!..
Oradan besh-olti oy o‘tgach, shaharda yana ming boshi saylov bo‘lishi haqida gap tarqaldi, Parpixo‘ja ellik boshining yuragi taka-puka bo‘lib, tez-tez ulfatlarga yo‘liqar, ular uning qo‘ynini puch yong‘oqqa to‘ldirib jo‘natar edilar. Bir kech ulfatlardan uch-to‘rttasi Parpixo‘janing eshigini bevaqt qoqdilar va bunday dedilar:
— Ish pishdi, Parpixo‘ja aka! Qo‘yni so‘ysangiz ham bo‘la berar edi-yu, bir joyi chatoqlashibroq turibdi! Nima desangiz, sizning ming boshilik nomzodingizni shahar bayonlaridan tortib hokimlargacha ma’qullashib turganda ulamolardan birlari qarshilik ko‘rsatib, «Bu odam ashulachi! Ashulachini ming boshilikka saylash noto‘g‘ri!» deb, ishning pachavasini chiqaribdi!
Shu payt, sizni taniydigan boylardan birlari masalaga aralashib, o‘sha onda ulamolardan yo‘l-yo‘riq so‘ragan ekan, qarshi chiqtsan ulamo shunday debdi:
— Agar Parpixo‘ja ellik boshining ming boshilik nomzodi sizlarga ma’qul ekan, u vaqtda uning shar’iy yo‘li bor! Parpixo‘ja qozixonaga borib, «Bundan keyin ashula aytsam falon-falon!..» degan qabih iboralar bilan qasamyod qilishi kerak!.. O‘shandagina mumkin!..
Parpixo‘ja kechasi bilan to‘lg‘anib tong yorishishini kutdi va ertaturib, qozixonaga bordi, shunday deb qasam ichdi, ming boshi saylovini entikib kutdi, saylov ham bo‘ldi, hech kim Parpixo‘janing nomini yodlamadi, tarvuzi qo‘ltig‘idan tushdi.
Eng alam qiladigan joyi shu ediki, ming boshilik umidida ashula aytish chilpakka chiqdi. Eng quvonadigan joyi shu ediki, shinavandalar Parpixo‘janing yoqimsiz, g‘aliz va yovvoyi ovozi bilan ashulaga qo‘shilishidan qutuldilar.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.