background
logotype

Abdug‘ani Abduvaliyev. “Matn”shunos (hajviya)

Hurmatli redaksiya!
Bir bema’ni hazil tufayli boshimga tushgan tashvishlar haqida sizga yozmoqdaman. O‘tgan oyning boshlarida bir yigit mendan:
— Akaxon, siz G‘irvon qishlog‘ida yasharkansiz, “G‘irvon” so‘zining ma’nosi nima? — deb so‘rab qoldi. Ke, shu yigitga bitta hazil qilib qo‘yay, dedim:
— “G‘irvon” “g‘ir” degan o‘zbekcha, “von!” degan o‘rischa so‘zlardan tarkib topgan bo‘lib, “Bu qishloqdan to‘xtamay g‘ir etib o‘tib ket, daf bo‘l!” degani, — dedim.
Bu yigit muxbir ekan, matbuotda chiqarib yubordi. Muxbirligini bilganimda to‘g‘risini aytardim. “G‘irvon” “g‘aribon” atamasidan olingan, g‘arib, miskin, kamtar, samimiy odamlar ma’nosini bildiradi, derdim.
Hammasi muxbirning xabaridan keyin boshlandi. Oradan uch kun o‘tmay uyimizga galstuk taqqan, papka ko‘targan yigit kirib kelib:
— “Siz matnshunos ekansiz, men shu soha bo‘yicha ilmiy ish olib boryapman, -aspirantman”, — dedi.
— Xo‘sh, nima xizmat? — dedim.
— Shu kunlarda meva-sabzavotlar nomini tadqiq qilyapman. Masalan “olxo‘ri”, “olcha”, “olma” degandek. Shularning ma’nosi nimaykin?
Shumligim qo‘zg‘ab, ke, shu dono aspirantga ham bir hazil qilib qo‘yay dedim:
— “Olxo‘ri” o‘zbekcha “ol” va tojikcha “xo‘ri” ya’ni “egin” so‘zlaridan tuzilgan bo‘lib, “ol, yeyver, tekin”, degani. “Olma” esa, o‘z nomi bilan — “olma, men ruxsat bermaguncha yema!”, degani.
— Yaxshi, — dedi aspirant shoshib qo‘lidagi daftarchaga yozarkan. — Endi, mana, sabzavotlar, masalan “pomidor”?..
— “Pomidor” o‘rischa “pomni”, o‘zbekcha “dori” so‘zlaridan olingan. “Yodingda tut, bu — dori”, ma’nosini bildiradi.
— Rahmat, domla, men yana kelaman.
Yigit chiqib ketdi, unga to‘g‘risini aytmadim, o‘zi izlansin. Qaysi mevada-ki “ol” bo‘g‘ini bo‘lsa, bilingki “qizil, qizg‘ish”, degani. “Pomidor” ham ajnabiy tilda “qizil” degani.
Oradan ikki hafta o‘tib, tong saharda, qo‘lida bolishdek sumka ko‘targan, cho‘qqi soqol chol kirib keldi. Salom-alikdan so‘ng, peshonasini artib so‘rining chetiga gup etib cho‘kdi:
— Itimologman, olimman, joy nomlarining kelib chiqish tarixi, atamalarning ma’nosi bilan qiziqaman. Bir og‘aynim, «G‘irvonda zo‘r matnshunos bor”, degandi. Tajriba almashib, ba’zi farazlarimni o‘rtoqlashay degandim.
— E-e, gap buyoqda ekan-da, — dedim boshimni changallab. Keyin darrov dasturxon yozib, bechora nafasini rostlab olsin, deb choy qo‘ydim. O‘ziga biroz kelib, “Xudoga shukr”, deganidan so‘ng so‘radim:
— Sizzi nima qiziqtiradi?
— Da-a, — dedi olim ko‘zoynagini taqib, sumkasidan qalam-daftar olarkan. — Mana, masalan olaylik, Toshkan. Tosh shahri degani, bu yasna. O‘tmishda “Shosh” degan. Nega?
— Chunki odamlar qadimda shoshib yurgan, hozir ham ba’zilar shoshib yuradi. “Salom” deydi-da, xayr-ma’zurni nasiya qilib jo‘navoradi, — dedim.
— Da-a, — dedi olim. — Toshkandan sal nariroqda “Durman” degan mavze bor. Shu joyning itimologiyasi, ya’ni ma’nosiga chuqurroq tushib, tahlil etishimiz lozim.
— Chuqurroq tushish shart emas, “Durman” demang. Aslida “Do‘rmon” — darmon deyilgan. Chunki bu yerlar qadimda qarag‘ayzor, soya-salqin, dam oladigan joy bo‘lgan. Dardi borlar darmon istab, shu yerga kelgan. O‘tmishdagi urug‘-aymoqlarning shevasida “Darmon” Do‘rmon bo‘lib ketgan.
— Voh! — dedi olim suyunib. — Siz odamlar ta’riflagandek, haqiqiy ilm sohibi ekansiz, kollega. Sizdan yana bir narsani so‘rab olishni lozim topdim. Mana bu yerga yozib qo‘yibman: “Qo‘shiq” so‘zi “Qo‘sh ishq”, ya’ni, shoir va bastakorning ishqi, hamkorligi, degan ma’noni anglatadi. Xo‘sh, “san’at” degani nimasi? Sizning fikringiz qanday?
— Bu hammaga ma’lum-ku, — dedim olimga ajablangandek qarab. — “San’at” “san, ayt” degani. Ashulachilar doim “Yo san ayt, yo man aytay” deb, bir-biri bilan tortishadi, ba’zan yoqalashib ketadi. Shu payt, dahlizda televizor qo‘yig‘liq edi, “Gol!” degan hayqiriq eshitildi. Aftidan bolalar futbol ko‘rishayotgan shekilli.
— Darvoqe, inglizlar to‘pni “bol” deydi, “fut” esa — oyoq. “Futbol — oyoqda tepiladigan to‘p, degani. Darvozaga “gol” kiritilmaydi, to‘p kiritiladi. Nega “Gol!” deb baqirishadi? — so‘radi olim, qosh chimirib menga qararkan.
— Asli bu so‘z o‘zbekcha “go‘l” so‘zidan olingan bo‘lib, futbolchi to‘pni darvoza ichiga emas, yoniga yoki tepasiga qarab tepsa, atrofdagi tomoshabinlar “Hoy, go‘l!” deb baqirishgan. “Ura!” degan hayqiriq ham “Ur!” so‘zidan olingan. Ota-bobolarimiz juda aqlli bo‘lishgan. O‘z his-hayajonlarini aniq ifoda etishgan.
— Molodes, kollega! Mana, vizitniy kartochkam, qo‘ng‘iroqlashib turaylik, bergan tuzingizga rozi bo‘ling. Besh-o‘nta talabalarim bor, jo‘nataman, yordam berarsiz, xayr.
Hurmatli redaksiya! Men bir necha yil avval pedinstitutni bitirgan pilolog edim. Hozir urologman. Yigitga qirq hunar oz. Axir men, kap-katta odamman, shuning uchun menga yetmish hunar oz. Shularni o‘ylab, “UZI” apparati sotib oldim. Peshobdagi toshni aniqlab berayapman. Navbatda turganlar ko‘p. Nashringiz orqali iltimos qilaman, olimu aspirantlarga tushuntirib qo‘ysangiz: men hozir pilolog emas, urologman, ilmiy ishlarga vaqt yo‘q, pasientlar ko‘p.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2013 yil 44-sonidan olindi.

2004-2019 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.