OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Abdul Hamid. Noo‘rin va’da (hajviya)

Mish-mish tarqaldi. Husanboy ba’zi hamkasblari bilan gaplashmay qo‘yganmish. Eng qizig‘i, o‘sha “ba’zi”lar uning ulfatlarimish. Qizig‘i, Husanboy ular bilan urishmagan, so‘kishmagan, bor-yo‘g‘i choyxonada birga o‘tirgan-u...
Bu gaplar, odatdagidek, to‘ppa-to‘g‘ri Sunnat Azlarovichning qulog‘iga yetib keldi. U jamoa inoqligi uchun qattiq jon kuydirguvchi odam bo‘lgani uchun, bu mish-mishlarning tagiga yetishga qasd qildi.
—Husanboyni chaqiring, — dedi chorlovni eshitib yoniga kirgan kotibasiga.
Oradan ko‘p o‘tmay, xonaga og‘ir musibatga duchor bo‘lgan odamday, Husanboy kirib keldi.
— Chaqirtirgan ekansiz?
— Keling. Qulog‘imga g‘alatiroq gaplar chalindi. Tinchlikmi? — dedi boshliq jiddiy ohangda.
Husanboy stulga og‘ir cho‘kib, mutelik bilan xo‘jayinga termuldi.
— Hamidbek, Habibxon, Hasanboy, yanglishmasam, ulfatlaringiz shekilli, — gap boshladi Sunnat Azlarovich, — nega ular bilan arazlashib yuribsizlar?
— Ha endi, shunchaki, — chaynaldi Husanboy, — arzimagan gap.
Bu uchrashuvga ancha jiddiy tayyorgarlik ko‘rgan boshliqqa Husanboyning o‘lamsa javobi yoqmadi.
— Nimasi arzimagan, arzimagan bo‘lsa, nega bunaqa tumshayib yuribsiz. Duv-duv gap. Jamoada inoqlik yo‘q. Bunaqada ishda unumdorlik bo‘ladimi?
— Xo‘jayin...
— Nima xo‘jayin, gapingizdan sezib turibman, hamma balo o‘zingizda. Qilgilikni qilib qo‘yib...
— Yo‘q, — qichqirib yubordi Husanboy, — men hech narsa qilmadim. Ular meni xo‘rlashdi. Men shunga chidolmayapman, xo‘jayin. 
Husanboy yig‘lab yubordi. Boshliq buni kutmaganmidi yoki kap-katta erkakning yig‘lashi shoshirib qo‘ydimi, kalovlangancha xodimining oldiga o‘tdi. Kotibasi damlab qo‘ygan achchiq ko‘k choydan bir piyola quyib Husanboyga uzatdi.
— Qo‘ying, xafa bo‘lmang, ular bilan o‘zim gaplashaman! Muni iching-da, nima bo‘lganini bir boshdan gapirib bering?
Husanboy hiq-hiq qilganicha, choyni ichib, o‘pkasini bosib gap boshladi.
— Har yakshanba choyxonada o‘tiradigan odatimiz bor. Kechagi yakshanba shaxsan o‘zim bozor qildim, anavi tanballar kelguncha dasturxon tuzadim...
Husanboy qarasa, boshliq uni astoydil tinglayapti. Ilhomi kelib ketdi:
— Shu desangiz, dasturxonda yo‘q narsaning o‘zi yo‘q. Parrak-parrak gazaklarni aytmaysizmi... Anavi jonivorlar-chi, tur-turi bilan. Jiyanim Amerikadan men uchun ataylab olib kelgan «Viski»ni ham dasturxonga qo‘ygan edim. Turishini ko‘rib so‘laging oqadi, shishasi uch burchak, besh-olti ordeni, faxriy yorliqlari bor. Qo‘lingga olib chayqasang qult-qult qilib ovoz chiqaradi...
Boshliq bu ta’riflarni eshitar ekan, qult etib yutinib qo‘ydi.
Husanboy davom etdi:
— Shularga qarab o‘zimda yo‘q quvonib tursam, lop etib xotinimga kecha ertalab “ichmayman” deb bergan va’dam esimga tushib qolsa bo‘ladimi. Bilasizmi, xo‘jayin, dunyo ko‘zimga qorong‘i bo‘ldi. Lekin o‘ylab-o‘ylab chorasini topdim. Xotinimga ichmayman deb va’da berganman, astoydil iltimos qilishsa, majburlashsa ham ichmayman, demaganman-ku. To‘g‘rimi?
— To‘g‘ri, to‘g‘ri, — deb yubordi Sunnat Azlarovich.
— Xullas, anavi yaramaslar kelishdi. Piyolaga quyib uzatishganda, xotinga bergan va’damni asta eslatib, til uchida ichmayman, dedim. Nokaslarni jindek xiralik qilar, deb o‘ylagandim-da. Qayoqda, shuni kutib turgandek, “Unda ichmaganing durust”, deyishdiyu o‘zlari...
Shu joyga kelganda, Husanboyning ko‘zida yana yosh g‘iltillay boshladi. Xo‘jayinning ham ahvoli undan yaxshi emasdi. Husanboy hiqillab gapini arang davom ettirdi:
— Ablahlar, hamm-masini ichishdi. Bir qultim ham qoldirishmadi. Na tixirlik qilishdi, na zo‘rlashdi.
— «Viski»ni hammi, — deb yubordi Sunnat Azlarovich ko‘zlarini katta-katta ochib.
— Uni ham tinchitishdi. Alamimga chidolmay qo‘limga ilingan shishani yerga urdimu chiqib ketdim. Axir, o‘zbekda oling-oling, shirin qilib bering, qo‘limni qaytarmang, degan gaplar bo‘lardi-ku, xo‘jayin...
Boshliq o‘rnidan turib ketdi.
— Yaramaslar. Shunchalik ham shafqatsizlik qilishadimi? Umrim bino bo‘lib bunday bag‘ritoshlarni ko‘rgan emasman. Xafa bo‘lmang, uka, bu qilmishlari uchun ham javob berishadi. O‘zingizdan ham o‘tganda, uka. Xotin deganga bo‘lar-bo‘lmasga va’da berilavermaydi.
Husanboy ichini bo‘shatib, asta o‘rnidan turdi. Eshik oldiga kelganida boshliq birdan so‘rab qoldi:
— Haligi... jiyaningiz Amerikaga yana borsa kerak-a?

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.