OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Abdul Rashid. Ishonch qo‘ng‘irog‘i (hikoya)

Hamma narsa avtobus bekatidagi ustunlardan biriga yelim bilan yopishtirilgan kaftdek qog‘ozga bitilgan e’londan boshlandi. 

 * * *

Qo‘ng‘iroqning baland, shiddatli ovozi sukunatni parchalab, xonani to‘ldirib yubordi. Navbatchi hushyor tortib, darhol go‘shakni oldi, o‘z harbiy darajasi, ismi sharifini aytib, “Ishonch qo‘ng‘irog‘i” eshitishga tayyor ekanligini bildirdi. 
— Xo‘p, xo‘p! Shoshilmang! Hayajonlanmang, iltimos. Avval o‘zingizni tanishtiring. Kimsiz, qaerdan gapirayapsiz? — Navbatchi bosiqlik va salobat bilan gapirar ekan, qo‘liga qalam olib, ustol ustidagi katta va qalin daftarni oldiga tortdi. — Xo‘p yaxshi! Davom eting! Ma’qul! Yana bir qaytaring! Yaxshi. Endi telefoningiz raqamini dona-dona qilib ayting! Demak... — Navbatchi daftarga qayd etgan raqamlarni bir-bir takrorlab dedi: — Shundaymi? Tushundim! Sim qoqqaningiz uchun rahmat! 
Navbatchi yozganlarini bir daf’a ko‘zdan kechirib, sherigiga boshliq huzuriga kirishini aytdi va qomatini tiklagancha, kiyimlarini tekislagan bo‘lib, to‘rdagi xona eshigini chertdi.
Navbatchi yetkazgan xabar Boshliqni biroz esankiratib qo‘ydi. Qayd daftarini qo‘liga olib, biroz tikilib qoldi. Bir qarorga kelgach, telefon go‘shagini ko‘tarib, kimgadir bor gapni lo‘nda qilib yetkazdi. So‘ng Boshliq go‘shakni qo‘yib, navbatchiga yuzlandi: 
— Qodirovni chaqiring! Latifovga yetkazing — odamlari asboblari bilan shay bo‘lib tursin! 
Kapitan Qodirov xonaga kirishga ulgurmagan ham ediki: 
— Zudtar tezkor guruh tuzing! Hamma o‘q o‘tmas nimcha kiysin! Olti daqiqadan so‘ng yo‘lga tushamiz. Bajaring! — dedi Boshliq qat’iy ohangda. 
Kapitan Qodirov chiqib ketgach, Boshliq tuman hokimligiga sim qoqdi. Qaysidir mahalla oqsoqolining ismi-sharifini, manzilgohini, uy telefoni raqamlarini surishtirib, yozib oldi. Shu zahoti mahalla oqsoqolining uyiga sim qoqdi. 
— ...Biz tez orada yetib boramiz. Kotibingiz bilan hech qaerga ketmay turing! 
Boshliq go‘shakni qo‘yib, javondan o‘q o‘tmas nimchani oldi-da, qaytadan kiyindi va zudlik bilan xonadan chiqdi. Ikki tezkor guruh moshinalarda uni kutib turgan edi. 
 
* * *

Sohib osmono‘par binoning uchinchi qavatida joylashgan ikki xonada qariyb o‘n yilcha yashadi. Avvalgi otameros hovlilari yo‘lga tushib, buzilganidan keyin shu uyga ko‘chib o‘tishgan edi. U ana shu yangi uyda Shukronaga uylandi, bir o‘g‘il va bir qiz ko‘rdi.
Mevali daraxtlar soya-salqin solib, anvoyi gullar bezagan hayhotdek hovlida voyaga yetgan Shukrona ham bu choqqina xonalarga asta-sekin ko‘nikib ketdi. Faqat o‘g‘li va uning ortidan qizi maktabga chiqqach, Sohib ham, Shukrona ham qulay shart-sharoit haqida o‘ylay boshlashdi. Ammo hovli sotib olish shunchaki xomxayol ekanini yaxshi tushunishgan er ham, xotin ham dardlarini ichlariga yutishgandi...
Kunlarning birida avtobus kutib turgan Sohib bekat ustunlariga tartibsiz yopishtirilgan turli e’lon qog‘ozlarining ichidan “hovlimni shahar markazidagi ko‘p qavatli bino xonadoniga o‘zaro kelishuvga ko‘ra almashtiraman” mazmunidagi qizil siyohda bitilgan e’lonni ko‘rib qoldi. 
Shundan buyon e’lon qog‘ozlarini bitta qo‘ymay, e’tibor bilan o‘qiydigan bo‘ldi. U nima uchundir qo‘lda odmigina qilib yozilganlariga umidvorlik bilan qarardi. Yigirma-o‘ttiz kun ichida sakkiz-o‘n almashtiruvchining manzilgohlari va uy telefonlarining raqamlari yon daftardan o‘rin oldi. Ulardan faqat uchtasinigina qizil qalam bilan doira ichiga olib, tagiga chizib qo‘ydi... Sohib ko‘nglida tug‘ilgan ilinj, umid uchqunlariga aylandi, bir necha hafta o‘tgach esa bu uchqunlar alangalandi.
Faqat shundagina Sohib Shukronaga yorilish, o‘z orzu-rejalarini ayon qilish mavridi yetdi, degan to‘xtamga keldi.
Shanba kunlarining birida, nonushtadan keyin:
— Tunov kuni o‘zimizning bekatda ko‘pqavatli binodagi xonadonga hovli almashtiraman, degan yozuvni tasodifan o‘qib qoldim, — dedi u. — Albatta, ustiga pul-mul ham so‘rasa kerak. Negaki, “o‘zaro kelishuvga ko‘ra”, deb ilova qilingan. 
Xotinidan rozilik olish maqsadida ataylab beparvo ohangda aytilgan bu gaplar darhol jiddiy tus oldi. Ma’lum bo‘ldiki, Shukrona anchadan buyon xuddi shu haqda o‘ylab yurgan, ammo o‘zi gap ochishga yuragi dov bermay qulay fursatni kutgan. Shukrona bu gap-so‘zdan hayajonlanib ketdi. Uning hasrat aralash orzu daftari ochildi, piyoladagi choyini ichishdan to‘xtab, dasturxonni qayirib qo‘ydi. Dardi ichida ekan. Ikki kichik xonada bundan buyon yashash qiyin ekanini, bolalarining katta bo‘layotganini yonib-pishib gapirdi.
— Bilaman, bu ish osonlikcha bitmaydi. Xonalarimiz ustiga kattagina pul ham talab qilishadi. Bir-ikki yil qiynalamiz, bularga aqlim yetadi. Ammo-lekin, orqasi rohat bo‘ladi, chinakamiga uyli-joyli bo‘lamiz. 
Sohib o‘sha shanba kuni ko‘nglini xira qilayotgan shubhalardan forig‘ bo‘lib, qat’iy qarorga keldi. Xonalarni hovliga almashtiradigan, yaqinlardan qarz ko‘taradigan er ham, xotin ham chor-atrofdan uy daraklaydigan bo‘lishdi. Sohib aniqlagan hovli egalari bilan o‘sha shanbadayoq muzokaralarni boshlab yuborishdi...

 * * *

Sohib va Shukronaning ko‘p yillik orzulari ushalib, hovli-joyli bo‘lishdi. Ko‘chib kelganlaridan keyin uch-to‘rt oy eru xotin ancha qarovsiz holga tushib qolgan katta hovlini tuzatishga kirishdi. Bir vaqtlar mehr va hafsala bilan qurilgan katta-kichik o‘choqlar buzila boshlagan, chamasi, uch-to‘rt yil ichida na o‘choqqa, na tandirga o‘t qalangani shundoqqina ko‘zga tashlanib turardi. Sohib somonli loy qorib, o‘chog‘u tandirlarni yamab epaqaga keltirdi. U yumushlarga berilib urinarkan, qulog‘iga bir bo‘g‘iq tovush eshitildi. Qulog‘ini ding qilgancha Sohib bir necha soniya nafasini ichiga yutib turdi. Ammo tovush o‘chmadigina emas, balki sukunatda “g‘iyq-g‘aqq”, “g‘iyq-g‘aqq” degan sas muntazam eshitilaverdi. 
Sohib hayratlanib, yuragi uvishgandek bo‘ldi. Shukronaga ham eshitilarmikan, degan o‘yda bahona bilan xotinini chaqirdi:
— Bu pachoq paqirlarni axlat moshinasiga tashlab yuborsam nima deysan?
Shukrona oshxonaga kirib burchakka yaqinlashdi, paqirlarga bir-bir razm soldi. Lekin o‘sha burchakdan chiqayotgan tovush haqida hech narsa demadi. Demak, unga hech qanday sas eshitilmagan. 
Endi Sohib hovlini saranjomlashga o‘tdi. Qurigan darxtlarni qo‘porib, shox-shabbalarni arralashga ham uch-to‘rt hafta ketdi. Ayniqsa, olmaga chirmashib ketgan tok zangi uni qiynadi. Bunday yumushlarning hadisini olmaganidan kechga borib, horib-charchab qolardi. Ammo kundan-kunga hovli yorishib chiroy ochayotganidan zavqlanar edi.

 * * *

Shukrona taqvodor oilada voyaga yetgan edi. Besh vaqt namozini aslo kanda qilmagan, harom-xarishga qo‘l urmagan rahmatli otasi Ollohga behad hamdu sanolar ramzi sifatida farzandining ismini “Shukrona” deb qo‘ygan. Onasi ham jannati ayol bo‘lgan. Diniy rasm-rusumlarga sidqidildan ixlos qo‘yishi shundan. Shukrona endi yangi hovlini butunlay halollab olish uchun is chiqarib, o‘tganlar arvohiga Qur’on tushirishni ko‘ngliga tugdi. U o‘zicha reja tuzib, eridan pinhona tayyorgarlikni boshlab yubordi: chinni-tovoqlarni yuvib taxt qildi, qand-qurslarini ko‘zdan kechirdi, ko‘rpacha-yostiqlarni oftobga yoydi...
Mavridini kutib yurgan Shukrona shomlikdan keyin yotig‘i bilan eriga gap ochdi. Sohib avvaliga hech ko‘nmadi, bafurja eshitishni ham istamadi, o‘rnidan turib ketdi. Erining tabiatini yaxshi bilgan Shukrona gapni cho‘zmadi, bir-ikki hafta bu mavzuni umuman tilga ham olmadi, odatiga ko‘ra, uning jahldan tushishini kutdi.
Ayollar, xum ichida chumoli toysa bilishar emish. Erining dilidagi o‘zgarishlarni sezdimi, chamasi, o‘sha gapdan yigirma kunlar o‘tgach, Shukrona xudoyi haqida yana so‘z ochdi. Bu safar Sohib sapchimadi, bosiqlik bilan eshitdi.
— Qani, o‘ylab ko‘raylik-chi, — dedi u murosaga kelib, — bunga qarshiligim yo‘q. Ammo, menimcha, hozir mavridi emas. Hademay ta’tilga chiqaman... Ana o‘shanda besh-o‘nta emas, undan ko‘proq ham odam chaqiramiz, qarindosh-urug‘ni ham... Xayrli ishning kechi yo‘q deydilar...
Shukronaga shuning o‘zi yetarli edi, ko‘ngli yorishib ketdi. Erini o‘sha kuniyoq bir-ikki hafta ichida xudoyini o‘tkazishga ko‘ndirdi-qo‘ydi. Iyulning uchinchi payshanbasida ana shu xayrli niyat ham ushaldi. Mahalla oqsoqoli boshliq to‘qqiz kishi mehmonxonada xontaxta atrofidan joy oldi. Nuroniy Sobir buva Qur’on tilovatini qildi. So‘ng quyuq-suyuq taomlar tortildi. Mehmonlar hovli fayzli bo‘lib, gulday ochilib ketganini aytishib, qayta-qayta muborakbod qilishdi, shu uyda qo‘sha-qo‘sha to‘ylar qilib, uvali-juvali bo‘lishlarini tiladilar. 
Mehmonlar tarqalishganidan keyin Sohib yon qo‘shnisi Shotursunni yana biroz gurunglashib o‘tirishga qistadi.
— Yo‘q-yo‘q! Endi siz ham damingizni oling, charchagansiz, — deb uyiga chiqib ketdi.
Sohibning ilk tanishgani ana shu yon qo‘shnisi bo‘lgan. Hali-hali esida, kelganining ikkinchi kuniyoq shu qo‘shninikidan bir chuqur laganda chuchvara chiqqan edi. Shotursun Sohibdan sakkiz-o‘n yosh katta, qiz uzatib, qo‘sha kelinlar ham tushirgan, nevaralari bor. Sohib ularning hovlisiga kirmagan bo‘lsa-da, uning kattaligini, adog‘ida molxonasi va sigir-qo‘ylari borligini bilardi.
Shotursun unga Sohib aka, deb murojaat qilardi. Bundan xijolat chekkan Sohib: 
— Meni qo‘shni yoki Sohib uka, deb chaqiravering, — derdi. 
Shotursun esa bilganidan qolmasdi.
Ko‘cha-ko‘yda uchrashib qolganlarida, Shotursun yoqimli tabassum bilan shunday quyuq so‘rashardiki, Sohib o‘zini noqulay sezar, qiynalar, shunday esa-da, samimiy bo‘lishga astoydil urinar edi. 

 * * *

Shukrona erining ta’tilga chiqishi aniq bo‘lganidan boshlab, qo‘liga tegadigan pulning ancha salmoqdor bo‘lishini hisoblar va nimalarga sarflash rejasini obdon o‘ylab yurardi. Ikki kichik xonani kattagina hovliga almashtirishda qarindosh-urug‘ va yor-birodarlardan ko‘tarilgan qarzlardan deyarli qutulishgan. “Endi bo‘m-bo‘sh xonalarni sekin-asta to‘ldirishimiz, ba’zilarini yangilashimiz kerak!” deb o‘ylardi u. Mavridi keldi deguncha eriga: 
— Endi durustroq uy jihozlarini olmasak bo‘lmaydi. Avvalo, sizning xonangiz uchun bir yaxshi gilam juda zarur... 
— Hali qarz-qurzlardan tamomila qutulmadik, — dedi yana gap ochilganda Sohib. — Mening xonamni bezash qochmas. Birinchi galda tog‘angning pulini berib, qutulganimiz ma’qul. 
Shukrona esa bu maslahatga quloq solmadi, o‘jarlik bilan o‘z so‘zini ma’qullayverdi: 
— Tog‘am shoshirayotganlari yo‘q. Kelgusi yil o‘g‘illarini uylantirish niyatlari bor. Ana o‘shanda to‘yona pulini ham qo‘shib, durustroq qilib beramiz.
Sohib “bir gap bo‘lar” degan ma’noda bu safar e’tiroz bildirmadi. 

 * * *

Sohib ishxonasiga ikki borib, quruq qaytib keldi. Hisob-kitob bo‘limidagilar:
— Bankda pul yo‘qmish. Sim qoqing, ovora bo‘lmaysiz, — deyishdi. Sohib deyarli kunda sim qoqishdan erinmadi. Xayriyat, bugun ish bitadiganga o‘xshaydi, otlanib yo‘lga chiqdi. So‘nggi oylik maoshiga ta’til pulini ham qo‘shib berishadi. Sohib to‘g‘ri borib, kichik darchani ohista taqillatdi. Xazinachi ayol darhol ochdi va iliq salomlashdi. So‘ng biroz iymanib:
— Pul borlikka bor-u, lekin... — tovushi o‘cha bordi. So‘ng biroz qat’iylashib: — Yoningizda qop-mopmi yoki kattaroq va pishiqroq xalta-palta bormi pulni olib ketishga? — dedi. Sohib xazinachi ayol mayna qilayotir, aftidan juda kam tegadiganga o‘xshaydi, deb o‘yladi. Nima deyishini bilmay hayratlanib qoldi. Buni ko‘rgan xazinachi ayol:
— Men chin gapirayotirman. Rosa ham mayda pul berishdi. Nuqul besh va o‘n so‘mlik. Uch so‘mliklar ham bor. Sanog‘iga yetolmay o‘zim ham qiynalib ketdim, — dedi biroz tin olib, Sohibning rag‘batini qo‘zg‘atish maqsadida bo‘lsa kerak: — Lekin yap-yangi! Hali taxi buzilmagan, beli sinmagan.
Sohib to‘g‘ri bekat ortidagi bozorchaga o‘tib, savdo ahli ko‘tarib yuradigan ikki xalta xarid qildi. 
G‘aznachi ayol bergan dastalarni sanay boshlagan Sohib tez orada sanoqdan yanglishib ketdi, so‘ngra ularni sanamay xaltalarga joylayverdi. 
Nihoyat xaltalarni ko‘tarib ko‘rdi: ular zil-zambil edi, bekatga borguncha ikki marta to‘xtab, nafasini rostladi.
— Yo pirim-ey! Pul ham shunaqa og‘ir bo‘ladimi? — der edi xalloslab o‘zicha. — Tavba!
Bir amallab avtobusga chiqib joylashgan Sohib biroz tin olgach, taksi yollamaganiga achindi. Shuncha puli bo‘la turib, bunaqa azob tortib yursa! Eh, attang, boshida o‘ylamabdi-da. Uyiga qiynalib yetib kelgan Sohib darvozani o‘z kaliti bilan ochdi.
Ikki xaltani xonasiga ko‘tarib kirdi, nafasini rostlab, soatiga qaradi. O‘n ikki bo‘lib qolibdi. Bolalarining maktabdan kelishiga ham, Shukronaning ishdan qaytishiga ham hali ancha bor. Tushlikka ham ertaroq. U bari bir choy qaynatib, achchiq qilib damladi. Issiq-issiq bosib, ikki-uch piyola ichdi. Biroz orom olgandek bo‘ldi. Yuk zalvoridan yelka va ikkala qo‘li og‘riyotganini endi sezdi. Boshiga kelgan bir o‘ydan dili yorishib, pul dastalarini tartib bilan taxlay ketdi. Va beixtiyor taxlamlar Misr ehromi shaklini ola boshladi. Hademay katta-kichik uch ehrom bunyod bo‘ldi. Bu o‘yinga berilib, ehromlarni buzgancha, turli shakllar tuzishga o‘tdi... Iya, xona sahnini shu chiroyli pul qog‘ozlari bilan bezab chiqsa nima bo‘ladi? Xontaxtani ayvonga olib chiqib qo‘ydi. Pul dastasi belbog‘larini yirtib tashlab, har bir shildiroq pul qog‘ozini did bilan terib chiqa boshladi: besh so‘mliklar bir qator, o‘n so‘mliklar bir qator. Chiroyli naqshlar tartib bilan takrorlanib, butun xona sathiga ajoyib chiroy baxsh etdi. Sohib o‘zi kashf etgan pul-gilamdan g‘oyat zavqlanib ketdi. “Shukronaning lol qolishi aniq, — dilidan o‘tkazdi u. — Bolalarni xonaga kiritmayman”.
Sohib katga yastanib, shirin xayollar og‘ushiga cho‘mdi. Uning ko‘zi ilingan edi... 
— Sohibjon aka! Huv, Sohib aka! Uydamisiz?
Qo‘shnisi Shotursunning tovushidan seskanib uyg‘ongan Sohib to hushyor tortib o‘ziga kelguncha, xona eshigi lang ochildi. Chiroq nurlarida ming tovlanayotgan pul-gilamdan ong-tong qotib qolgan Shotursunning ko‘zlari soqqasidan chiqqunday chaqchaydi, basharasi bo‘zardi, tili aylanmay qoldi. Bir lahza bo‘zarib turgach, tutila-tutila:
— Eshik ochiq ekan... Ikki-uch chaqirdim... — o‘zini oqlaganday g‘o‘ldiradi Shotursun. — Keyin xavotir olib kirib kelaverdim... Men bilmadim... Axir, yon qo‘shni... — doimo takrorlaydigan sevimli matalini bu safar chala qoldirgan qo‘shni qandaydir yovqarash bilan Sohib ko‘ziga bir zum tikildi-da, orqaga tisarildi. “Bir uy to‘la pul. Hammasi yap-yangi! Qaerdan ular? Nega yoyilgan? Yo yasamani shunday quritayaptimi?” Ana shularni xayolidan o‘tkazgan Shotursun ochiq darvoza tomon jadal yo‘llandi. 
Shotursun ko‘zlaridagi tahlika, xatti-harakatlari, tilidagi hayajon va qo‘rquv Sohibga ham ko‘chdi. Shotursunning chala-chulpa g‘o‘ldirashi, salom-alik ham qilmay jo‘nab qolishi Sohib diliga g‘ashlik soldi: nimaga keldi, nega maqsadini aytmay orqaga qaytdi? Ehtimol, xonaga to‘shalgan qog‘oz pullar uni larzaga solgandir? Unga tushuntirmoq kerak! 
Sohib zudlik bilan Shotursunning orqasidan hovliga chiqdi. U darvoza bo‘sag‘asiga borib qolgan edi. 
— Hov qo‘shni! Shoshmang, to‘xtang! Hammasini tushuntiraman, jon qo‘shni...
Shotursun uni eshitdimi-eshitmadimi, hoynahoy, qayrilib ham qaramadi. “Nimasini tushuntirasan, qallob! Shundoq ham ko‘rinib turibdi-ku! Jon qo‘shni emish!..” — dilidan o‘tkazdi u. Hovlidan chiqib, darvozani zich yopdi. Oshig‘ich o‘z uyiga kirib, vajohat bilan telefon go‘shagini yulqib oldi...

 * * *

Mahalla oqsoqoli va uning kotibasi, guzarda mehmonlarni — mirshablarni kutib olishdi. Boshliq oqsoqol bilan o‘zaro ikki-uch og‘iz gaplashdi, qandaydir qog‘ozlarni ko‘rsatib, nimalarnidir uqdirdi va birgalikda moshinaga qayta o‘tirib, to‘g‘ri Sohibning hovlisiga yo‘l olishdi. Ikkinchi moshinada mirshablar bilan birga kotiba ham yetib keldi. Qo‘ng‘iroqni jiringlatmasdanoq to‘g‘ri hovliga kirishdi. Boshliq soatiga qaradi. O‘n to‘rtdan yetti daqiqa o‘tibdi. 
Avvaldan kelishilgan chog‘i, kelganlar gap-so‘zsiz ikki guruhga bo‘linishdi. Boshliq rahbarligidagi ikki xodim xonalar tomon yo‘naldi. Oqsoqol va kotibaga gapirmanglar ishorasini qilishdi. Kapitan Qodirov qo‘li ostidagi ikkinchi guruh qandaydir asboblarni sozlab hovli etagidagi oshxona va boshqa uychalarga qarab yurishdi. Boshliq kapitanga yerto‘la bo‘lsa, ularni ham tekshiringlar, deb tayinladi. 
Bu orada pul-gilam to‘shalgan xonadagi katda o‘ychan o‘tirgan Sohib hovlidagi olag‘ovurni eshitib chiqqach, mirshab kiyimidagi kishilar, kotiba va oqsoqolni ko‘rib taajjubga tushdi, yuz-ko‘zida qo‘rquv alomatlari paydo bo‘ldi, rangi oqarib ketdi. “Bolalarimga biror narsa bo‘ldimi? Yo Shukrona...” — ichki titroq bilan o‘yladi u.
Mahalla oqsoqoli Sohib yuzidagi hayrat va tashvishni sezdi shekilli, uni tinchlantirish niyatida muloyimlik bilan hol-ahvol so‘radi-da: 
— Bular ayrim masalalarni aniqlash uchun kelishibdi, — deb yonidagi Boshliq va qolgan mirshab xodimlariga ishora qildi. 
Boshliq Sohib qoshiga bordi, qo‘l berib ko‘rishdi. Ismi sharifini, hozir uyda yana kim borligini surishtirdi. So‘ng tintuv qilish uchun ruxsatnoma borligini aytib, uni ko‘krak cho‘ntagidan chiqazib ko‘rsatdi. Sohib garchi varaqni olib ko‘z yugurtirgan bo‘lsa-da, hech narsa o‘qiy olmadi, ko‘zlari tinib, harflar jimirlashib ketdi. 
— Qani, xonalarga boshlang! — dedi Boshliq. So‘ngra oqsoqol va kotibaga qarab: — Iltimos, chalg‘itmanglar. Hamma narsani eslab qolishga harakat qilinglar. Ko‘rgan — eshitganlaringizga guvoh bo‘lasizlar, voqea yuzasidan bayonnoma — qaydnomalar tuzamiz, sizlar ham imzo chekasizlar. — Guvohlarning bosh irg‘ashini ko‘rgach: — Ha aytgandek, anavi yon qo‘shnini ham tezda chaqirib chiqing! — deb xodimlarning biriga buyurdi.
Hali o‘ziga kela olmagan Sohib ularni beixtiyor xonalar bo‘ylab boshladi. Boshliq o‘ng va so‘l xonalarga shunchaki qaragan bo‘lib, to‘g‘ri dahliz boshidagi eshikka ro‘para keldi-da, dag‘al ovozda:
— Nega bu xona qulflangan? — dedi. Bu o‘sha pul-gilam to‘shalgan xona edi. Ammo qulfloq emas, eshik zich yopilgan edi, xolos. Sohib eshikni lang ochib yubordi. Kelganlar ko‘z o‘ngida chiroq nurida tovlanib, sernaqsh gilamdek yashnab turgan bir uy pul namoyon bo‘ldi. Kotiba beixtiyor “Voy!” deb yubordi, oqsoqol hayratdan qotdi, uning ko‘zlarigina tinimsiz pirpirardi. Boshliq xuddi har kuni bunaqa pul to‘shalgan xonalarni ko‘rib yurgandek, darhol sergak tortdi va guvohlarga diqqat bilan qarashlarini yana bir bor tayinladi. Xodimlarining biriga mufassal bayonnoma tuzishni topshirdi. Boshqa xodim xonaning bo‘yi va enini o‘lchadi, jihozlarni birma-bir suvratga oldi. Xususan, xona sahniga terib chiqilgan pullarni turli masofadan suvratga tushira boshladi. 
Sohibning o‘zini tutishini diqqat bilan kuzatarkan, Boshliq birdan eslagan bo‘lib:
— Yon qo‘shni chiqdimi? — deb so‘rab qoldi. Xuddi shu payt xonaga iymanib, Shotursun kirdi va boshini beo‘xshov qimirlatdi. Uning avzoyidan mamnunlik va g‘olibona qoniqish alomatlari ko‘rinib turardi. Sohib beixtiyor unga qaradi. Shunda Shotursun o‘ng‘aysizlanib, hatto o‘zini aybdordek sanab, ko‘zini olib qochdi. Bu o‘zgarish Sohibni taajjubga soldi. “Nega?” Shunda miyasiga yalt etib bir fikr keldi. Shubhani aniqlamoq niyatida Shotursunga tikilib qaradi. Ammo ikki qadrdon “jon qo‘shni”ning ko‘zlari to‘qnash kelmadi. Shunda Sohib gap nimada ekanligini, nimaga tintuv o‘tkazilayotganini tushungandek bo‘ldi-da, birdan xaxolab kulib yubordi. Shu qadar qahqah otib kuldiki, kotiba o‘zini noqulay sezdi. Boshliq o‘ylanib qoldi, xavotirlanib ne xayollarga bormadi: “Ustomonlik qilmoqdami?” Mirshablar ajabsinib, undan nigohlarini uzishmadi. Mahalla oqsoqoli bir-ikki bor tomog‘ini qattiq qirib, yo‘talib qo‘ydi. Faqat Shotursungina toshdek qotib turar edi.
— Qo‘rqmanglar, es-hushim joyida, — dedi Sohib o‘zini kulgidan to‘xtatishga tirishib. — Aqldan ham ozganim yo‘q! Lekin kimningdir jinni bo‘lgani rost! O‘zingiz o‘ylab ko‘ring, — u Boshliqqa yuzlandi. — Nahotki, shu pullar yasama bo‘lsa! Ana bu burchakda pul dastalarining bank nomi, nazoratchi muhri, hisobchi imzosi va sanalar qayd qilib qo‘yilgan qog‘oz belbog‘lari yotibdi, ularni o‘qib ko‘ring.
Sohibning gap-so‘zlari biror shubhaga o‘rin qoldirmaydigan darajada tabiiy va ma’nodor edi. U o‘zini bosib olgan holda xona kunjagidan bir siqim qog‘oz tasmasini olib, xotirjamlik bilan Boshliqqa uzatdi. Boshliq avval Sohibning ko‘zlariga tikilib qaradi, so‘ng sinchiklab qog‘ozlarni o‘qib chiqdi, ikki donasini buklab, ko‘krak cho‘ntagiga solib qo‘ydi. Gapi ta’sir qilayotganini sezgan Sohib jilmaygancha nim istehzo bilan davom etdi: 
— Axir, pul yasash osonmi?!.. Qolaversa, qaysi ahmoq besh so‘mlik yoki o‘n so‘mlik pul yasar ekan. O‘n so‘mga bitta qurut ham bermaydi-ku! Bu xonani to‘ldirgan pullar ellik ming so‘mga ham yetmaydi. Mening bir yillik ta’til pulim. Ishonmasangiz sim qoqib ko‘ring, odamingizni yuboring.
Sohib bu dalillarni aytgan sayin Shotursunning rangi oqarib, bezovtalanardi. Sohibning kuyinib tushuntirishlariga Boshliq diqqat bilan quloq tutdi. Engashib bir siqim qog‘oz pullarni oldi. Chindan ham hammasi besh so‘mlik va o‘n so‘mlik... Chiroqqa tutib, zehn soldi.
Xonani surg‘ichlab, yasama pullar bo‘yicha bosh mutaxassislarni chaqirmoqchi bo‘lgan Boshliqning fikri o‘zgardi. Ko‘rganlaridan ruhiy larzaga kelib, tinimsiz pichirlab kalima keltirayotgan oqsoqolning yuziga tabassum indi. Nuqul “Tavba! Tavba” deb, o‘zini chetga olayotgan kotiba ham endi jonlanib, nuqul “Xayriyat! Xayriyat!” derdi. Faqat Shotursun hamon bezovta va bo‘zraygan alfozda serrayib turardi.
Boshliq aslida juda muloyim, dilkash odam ekan. Telefonda aytilgan chaquvga ishonib adashgani, vazifasi taqozosiga ko‘ra hovlisiga bostirib kirgani va asossiz shubha-gumonlar uchun Sohibdan uzr so‘rashi hammaning dilini ravshan qildi. 
Xush kayfiyatni hovlida tekshiruv ishlarini boshqarayotgan kapitan Qodirov buzdi. U shaxdam qadamlar bilan Boshliq oldiga kelib, uning qulog‘iga nimalarnidir xavotir ohangda pichirladi. Kapitan Qodirov xodimlari qo‘lidagi asboblar doimiy shovqinni qayd etib, yaqin atrofda elektr quvvati bilan ishlayotgan qurilmalar borligidan darak berardi. Boshliq o‘zgardi-qoldi: yana o‘sha vajohatli qiyofaga kirdi. U ketayotgan kotibaga biroz sabr kutib turishni iltimos qildi-da, guruhdan ajralib, kapitan bilan hovli etagiga yo‘l oldi. Oshxonaga kirib, sirli tovushni ilg‘ash uchun nafas olmay quloq tutdi. U xodimlar qo‘lidagi asboblarga zehn solib qaradi, nimalarnidir surishtirdi. Qo‘shni devor yoniga yaqinroq borib, yana asboblardagi o‘zgarishlarni kuzatdi. Kapitan unga nimalarnidir tushuntirdi. 
Hovli chekkasida qolgan oqsoqol va boshqa xodimlardan biroz chetroq turgan Shotursun qulog‘ini qancha ding qilmasin, bari bir, Boshliq bilan Qodirov o‘rtasidagi suhbatni ilg‘ab ololmadi, ammo ular gap orasida Shotursunning molxonasi tomon ishora qilayotganini ko‘rdi-yu, xavotirga tushdi. Sohib bilan sovuqqina xayr-xushlashib, oqsoqol va boshqalarga parvo qilmay darvoza sari qadam tashladi. Uning orqasidan oqsoqol tovush qildi, lekin Shotursun eshitmaganga olib, yo‘lida davom etdi va shoshilinch darvozadan chiqib ketdi. 
Bu orada Boshliq xodimlardan ikki-uch odim uzoqlashib, uyali telefonda qisqa-qisqa gaplashdi. 
— Xo‘p bo‘ladi! Tushundim! — degancha telefonni o‘chirib, kapitanni o‘zi tomon imladi va qandaydir topshiriqlar berdi. Bir zumda mirshablar Boshliq atrofiga to‘planishib, uning ko‘rsatmalariga quloq tutdilar. Yolg‘izlanib qolgan Sohib, oqsoqol va kotiba bu harakatlardan hayratda edilar. Xodimlaridan ajralib, Boshliq ular qoshiga kelib:
— Yana bir pas biz bilan birga bo‘lasizlar. Qo‘shni hovliga ham kirib chiqish zarurati tug‘ildi, — deb oqsoqol va kotibaga yuzlandi. Va Shotursunning o‘z hovlisiga shoshilinch chiqib ketganini eshitib, kapitanga ishora qilib: — Qani, ketdik! — dedi. Uch-to‘rt qadam yurgach, orqasiga qaytib, hayratlanib turgan Sohib bilan xayrlashdi, noo‘rin bezovta qilganligi uchun kechirim ham so‘radi. 
— Hechqisi yo‘q. Bahonada siz bilan tanishib oldik, — dedi Sohib uni kuzatar ekan.
Xijolat chekayotgan Boshliq Sohib bilan harbiychasiga xayrlashdi. Ildam qadamlar bilan bu darvozadan chiqib, yon darvozaga kapitan va xodimlarning orqasidan kirib bordi, odati bo‘yicha qo‘l soatiga qaradi: o‘n to‘rtdan ellik uch daqiqa o‘tibdi.
Yolg‘iz qolgan Sohib bolalari va Shukrona kelguncha mirshablarning chiqib ketganlaridan xursand bo‘ldi, yo‘qsa, ularning qo‘rqib ketishlari aniq edi. 
Oradan chorak soat o‘tar-o‘tmas haligi xodimlardan biri eshikni jiringlatdi. Tezlik bilan kechgan so‘nggi voqealarni hayrat bilan ko‘z oldida xayolan jonlantirayotgan Sohib faqat uchinchi qo‘ng‘iroqni eshitgandan keyingina darvozaga bordi. Xodim uni Shotursunning uyiga taklif etishayotganini aytdi.
— Tinchlikmi? Nima gap? — so‘radi xodimdan. U biroz ikkilanib turib:
— Qo‘shningiz molxonasining yerto‘lasidan atlas to‘qiydigan dastgohlar chiqdi. Yashirin korxona ochgan ekan-da. Shunga sizni ham guvohlikka chaqirishayapti, — dedi. Sohib gap nimada ekanligini daf’atan idrok eta olmadi, ammo noqonuniy ish yuzasidan guvohlikka taklif etishayotganini tushunib turardi. Atlas to‘qiydigan dastgohlar haqidagi nogahoniy xabar esa ko‘chib kelgan kezlari boshini qotirgan o‘sha sirli “g‘iyq-g‘aqq” degan tovushni eslatdi. Qattiq charchaganini va hozir bolalari maktabdan kelib qolishlarini bahona qilib, qo‘shninikiga chiqmadi. U to‘g‘ri borib, pul-gilam to‘shalgan xonaga kirdi, gilamning ko‘pgina naqshlari buzilib ketgan edi, pullarni qaytadan terib chiqib, tuzatgan bo‘ldi. Hademay u san’atini xotini va bolalariga tortiq qiladi... Ertasiga Shukrona: “To‘rt kishi kechayu kunduz atlas to‘qish bilan band ekan. Dastgohlarni va qanchadan-qancha atlasu shohilarni musodara qilishibdi, Shotursun va uning xufiya ishchilarini olib ketishibdi”, — degan gap topib keldi.

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.