OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Abdulhamid Abduahad o‘g‘li. Adashgan fikr (hikoya)

Kundan-kunga atrofimdagilar bilan til topishishim og‘irlashib ketayapti. La’nati fikrim dastidan tobora holdan toyib borayapman. Fikrimning salmog‘idan tizzalarim bukilib, boshim yerga egilgancha, tinka madorim qurib uyga shoshaman. Negaki, uyda halovat bor. Zalvorli fikring uchun hech kim g‘azabga olmaydi. Kimdir yuzingga qarab basharasini bujmaytirmaydi...
Uyga kelib, eng avvalo, fikrimni javonga qo‘ydim. Xudoga shukure, bir mazza qildim, bir mazza qildim. Bu xuddi hammomning parxonasiga qamalib olgan odamning erkin nafas olishidan ham yoqimliroq edi. Ana endi, gazeta varaqlab, televizor tomosha qilgancha achchiq ko‘k choyni simirib uyqu vaqtigacha yalpayib yotish mumkin. Shunday ham qilib endi cho‘zilganimni bilaman, xotin diydiyosini boshlab qoldi:
— Dadasi, non olib kelmabsiz-ku. Go‘sht yemaganimizga ham ikki kun bo‘ldi. Keyin... mana bu tishlarimni shundoq sug‘urtirib ikkita tilla tish qo‘yib olsam bormi, naq suv qunduziday bo‘laman. Shunga ikki yuz ming so‘m olib keling degan edim, uniyam esingizdan chiqargan bo‘lsangiz kerak. Mundoq bir xotinniyam o‘ylash kerakmi, yo‘qmi o‘zi. Uni olib bering, buni olib bering demasam...
Qaysidir sho‘ri qurigan faylasuf aytgan ekan: Xotinlar avval gapirib, keyin o‘ylashadi, deb. Ba’zan o‘sha faylasuf mening xotinimni taniganmikan, deb shubhaga borib qolaman.
Tavba xuddi qo‘shni xotinga o‘xshab javraydi-ya. Falokat bosib fikrlarini almashtirib olishmaganmi ishqilib. Darhol oldini olmasam ozgina hordiq ham onasini Uchqo‘rg‘ondan ko‘radi, shekilli. Shart o‘rnimdan turdimu xotinning fikrini yulib oldim. Batareyasi o‘tirgan qo‘l telefoniday chakagi o‘chdi-qoldi. Menga bir pas tikilib turdi-da, nimadir esiga tushganday, — Oshxonaga o‘ting, ovqat suzaman, — degancha chiqib ketdi.
Javon yoniga kelib xonimning fikrchasini qo‘yishdan oldin salmoqlab ko‘rdim. Yengil, kichikkina, yaltiroq. O‘zimning fikrimni salmoqladim. Og‘ir, katta va dag‘al. Xotinimning boshiga sig‘ishi dargumon. Uniki esa... mening boshimda xumga tashlangan yong‘oqdek bo‘lib qoladi. Mobodo jin urib almashib qolsa bormi, kechgacha kallangda u yoqdan-bu yoqqa shaldirab jonga tegishi aniq. Ha mayli, har kimga o‘ziniki aziz...
Yarim tungacha zangori ekran oldida o‘tirib uyqudan qolganim uchunmi, ertalab zo‘rg‘a o‘rnimdan turdim, uyquga to‘ymagan ko‘zlarim yumilib-yumilib ketar, qovoqlarim achishib, atrofimda nimalar bo‘layotganini idrok qilolmasdim. Bir amallab ishga otlandim. Mashinaga o‘tirmoqchi bo‘lib tursam xotin “To‘xtang” ishorasini qildi. Keyin esa lattaga o‘ralgan nimanidir derazadan tashladi. Ochib qarasam, fikrim ekan. Unutibman. Darhol boshimga joylab oldim.
Negadir mamnun bo‘lib ketdim. Yuvilganidan yaltirab turgan mashinamga qarab yosh boladay suyundim. Qo‘lginasi dard ko‘rmagur xotinim yuvib qo‘ygan. Meni xijolatda qoldirib nuqul shunaqa qilib yuradi. Yo‘lda oynaga ko‘z tashladim. Qoshlarim juda beo‘xshov. Lablarim ham bir oz qovjiragan. Voy, sochimga ham bir-ikkita oq tushibdi.
Go‘zallik saloniga yo‘l oldim.
Ishxonaga kirishim bilan hamkasblarim o‘rab olishdi.
— Vuy, qoshingizni “zebra”da terdirdingizmi?
— Lab bo‘yoqni yanayam ochidan surmabsizda, o‘rtoq. Sal bilinib qopti.
— Ammo sochni zo‘r ximiya qilibdi. Biram ochilib ketibsiz-ey. Tuf-tuf-tuf iloyo ko‘z tegmasin.
Xijolatdan qizarib ketdim. Shunday ajoyib hamkasblarim bor-a. Men bo‘lsam gohida ularga qo‘rslik qilib, xafa qilib o‘tiraman-a. Voy mengina o‘lib qo‘ya qolay, qo‘rslik ham evi bilanda.
— O‘rto-o-o-o-q, jon o‘rtoq. Men o‘lgurni kechiring, sizni juda yomon xafa qilib qo‘ydim-a, — dedim kecha janjallashib olgan hamkasbimga qarata.
 U bo‘lsa yuzimdan cho‘lpillatib o‘pib oldi. Kechirdi. Hamma mening o‘zgarganimga ishondi. Kun ham ajoyib o‘tdi. Allaqaerdan kelgan maqolalarni tahrir qilib bosh og‘ritib o‘tirmadim. Hamxonalarim bilan rosa gaplashdik. Tushlik deb eshikni yopib olib rosa uch soat laqillashdik. Bir-birimizga kiyimlarimizni, uzuklarimizni, dazmol va kir mashinalarimizni maqtandik. Zo‘r bo‘ldi. Shuncha yil ishlab bunchalik xotirjam, bugunchalik xushchaqchaq bo‘lmagan edim.
Kechqurun hamkasblar o‘pishib xayrlashgancha uyga tarqadik.
Odatdagidek uyga kelib fikrimni javonga yechsam xotinim javrab qoldi.
— Dadasi, sizga ertalab o‘zimni fikrimni berib yuboribman. O‘rniga siznikini ishlatib turay desam o‘lgur hech boshimga sig‘madi. Kun bo‘yi fikrsiz o‘tirishimga oz qoldi-ya. Xayriyatki, kallam ishlab qoldi. (Fikrsiz kallaning ishlashini birinchi eshitishim!) Nima bo‘lsa bo‘lar dedimu, bittayu bitta tovug‘imizning fikridan foydalana qoldim...
Nogahon qalampir chaynab yuborganday bo‘ldim.
I-e, bu qanaqasi bo‘ldi. Hali men kun bo‘yi xotinimining fikrini ko‘tarib yurdimmi? Xudo urib qo‘yibdiyu. O‘zimam o‘ylovdim-a, nega kun bo‘yi maydaqadamlarga o‘xshab jilpanglab qoldim deb. Agar birov eshitsa, bormi!
Xotinimni koyidim. Keyin o‘ylanib qoldim. Har yomonning bir yaxshisi bor. Bordiyu ertalab xotin adashmaganda nima bo‘lardi?
Shuni o‘ylar ekanman, o‘z fikrim bilan yonma-yon turgan xotinimning fikriga mehrim tovlandi.
Yana bir yaxshi tomoni-xotinimning fikri o‘zida qolganda kechgacha bir arava bo‘lar-bo‘lmas rejalarni tuzib, hozir boshimni qotirayotgan bo‘lardi. Fikrlayolmagani uchun mana ming‘ir-ming‘ir ham yo‘q...
Ertalab har kungidan ertaroq turib ishga otlandim. Fikrimni boshimga joylab olgach, xotinning ko‘zini shamg‘alat qilib uning fikrini ham qo‘ltiqqa urdim.
Har holda, mudom bo‘lmasa ham asqotadi.
Xotinning esa fikrlamagani tuzuk...

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2013 yil 43-sonidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.