OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Abdulla Ayizov. Rais (hikoya)

Raisning ko‘rpa-to‘shak qilib yotib qolganiga ham ancha bo‘ldi. Do‘xtirlar uyiga kelib ham, shifoxonaga yotqizib ham muolaja qilishdi, lekin aniq tashxis aytishmaydi. Oldinlari «Hechqisi yo‘q, hali otday bo‘lib ketasiz», deb ko‘nglini ko‘tarishardi. Endi esa ular ham bu xonadondan asta-sekin qadamlarini tortishyapti.
Xo‘jalikning «otaxoni» hali oyog‘i uzangida ekanligida atrofida girdikapalak bo‘lib, xizmatiga labbay deb turgan ukaxonlar-ku qorasini ko‘rsatmaydi. Hafta-o‘n kun bo‘layotibdiki, na og‘ayni, na qavm-qarindoshning darvoza hatlaganini eslayolmaydi... «Ukag‘arlar, raisning kimligini bilishmaydi-da?! E, yo‘q, juda yaxshi bilishadi. Qishloq odamlaridan hech narsani yashirib bo‘lmaydi. Nafas olishinggacha sezib turishadi».
Rais chuqur uf tortib o‘ngga yonboshladi. Ko‘pdan buyon og‘ir yuk bosganidan karavot ham g‘ijirlamay qo‘ygan. Xona torayib borayotgandek, qandaydir fayzsiz...
Xayol uni beixtiyor o‘tmishga yetaklaydi. O‘shanda qishloq yigitlarining oldi edi. Bolaligidan polvonkelbat bo‘lganligi sabab tengdoshlarining bo‘yi uning ko‘kragidan kelardi. Gavdasiga ishora qilib, «rais» deya laqab qo‘yishgandi unga.
— Vajohatingdan ot hurkadi-yu, kallangning oshqovoqdan farqi yo‘q-da, o‘rtoq Norov, — deya tergardi matematika muallimi.
Bo‘ladigan bola o‘qisayam, o‘qimasayam bo‘laverar ekan. Mana, raisni olaylik. Bilagida kuch yog‘ilib turgan norg‘ul yigitni bir amallab harbiy xizmatdan olib qolishdi.
O‘riklar gullagan pallada ularnikiga tuman markazida yashaydigan kenja tog‘asi kelib qoldi. Tog‘a opasi bilan ancha gurunglashdi.
— Xo‘sh, jiyan, nima ishlar bilan shug‘ullanyapsan?
Boyadan beri choy quyish bahonasida suhbatga quloq solib o‘tirgan jiyan tog‘asining kutilmagan savoliga dabdurustdan javob berolmay qoldi.
— Ey ukaginam, nimasini aytay, bu jiyaningni odam bo‘lishi qiyin. Yaxshi o‘g‘il tog‘asiga tortadi, deyishardi, bilmadim, buning na maktabda tuzuk o‘qidi, na bir hunarning etagidan tutdi, — dedi kuyunib onasi.
— Rais hali zo‘r odam bo‘ladi, — uning so‘zini bo‘ldi tog‘a, — menga qo‘yib bering.
Shu-shu jiyanning boshiga oftob tegadigan bo‘ldi. Avvaliga tog‘asining yordami bilan tuman markazidagi bozorda pattachilik qildi. Sekin-asta oqu-qorani taniydigan bo‘ldi, cho‘ntagi pul ko‘rdi. Tog‘asi tuman rahbari bilan quda bo‘lganidan keyin paxtachilik brigadasiga sarkorlik qildi, har mavsumda qo‘sha-qo‘sha mukofot oldi.
— Sizni anchadan buyon bilamiz, o‘rtoq rais, — dedi bir kuni «katta buva», — o‘ylab qarasam, qishlog‘ingizni boshqaradigan, uvol-savobi uchun javob beradigan tayinli odam kerak ekan. Muhimi, pilla, g‘alla, paxta degan narsalar bor. Siz, og‘ayni, gavdangizni taroziga tortib bo‘lsa ham rejani bajarasiz, to‘g‘rimi? Shuning uchun biz, shaxsan men ham shu mas’ul vazifaga seni, yo‘g‘-e, sizni tavsiya qilmoqchiman, qalay, ma’qulmi?
Suhbatdoshining ikkilanib turganini sezgan «katta buva»:
— Gap tamom — vassalom! Ertadan boshlab qishlog‘ingni raisi, kayvonisisan. Har bir ish uchun kallang bilan javob berasan, — deya stolga qo‘llarini urib o‘rnidan qo‘zg‘aldi. Bolaligida ko‘pchilik «rais-rais» deganiga rosa jahli chiqardi. Bora-bora uning quloqlari bu so‘zga ko‘nikdi. Endi esa «rais» so‘zi unga moydek yoqadi. Chunki u rostdan ham rais bo‘ldi. O‘n yildan ko‘proq qishloqni boshqardi. «Rais buva» deb qulluq qiluvchilarning son-sanog‘i yo‘q edi. Birov to‘y qiladimi, ishga joylashadimi, raisdan ijozat olmasa ishi yurishmasdi. Ayniqsa, paxta terimi paytida qishloq xuddi kazarmaga o‘xshab qolardi. Keksa-yoshning o‘rni dalada edi. Ko‘chada birovning qorasi ko‘rinsa bormi, uning holiga maymunlar yig‘lardi.
Shu kezda qishloqqa mehmon ham kelolmasdi. Birov boshqa qishloqqa, hatto tuman markaziga ham chiqolmasdi. Rahbar ham, qonun ham raisning o‘zi edi. Ustozi — «katta buva»ning nasihatlariga amal qilib kam bo‘lmadi...
Rais qayoqdagi keksalarning gapiga kirib qishloq yoshlarini hunar-texnika bilim yurtiga o‘qishga yuborish maqsadida «katta buva»ning oldiga kirganida boshi baloga qoldi.
— Xo‘v bola, aqlingni yig‘! — o‘shqirdi «katta buva», — yosh bola emassan-ku, o‘qigandan nima naf? Sen tengilaring ichida birortasi institut tugul biror kursni bitirgan bo‘lganda, qishloqqa rahbarlik nari tursin, qorovullik ham qilolmasding. O‘qimishlidan, diplomlidan ehtiyot bo‘lish kerak. Omading bor ekan, mana, qishlog‘ingda katta bo‘lib yuribsan. Bir kun keladi, mening gaplarim rostligiga ishonasan, tushundingmi, galvars!
«UAZ»da tuman markazidan qishloqqa qaytar ekan, raisning lablariga tabassum yoyildi. U «katta buva»ning aqliga lol qoldi. «Bejiz bu lavozimga o‘tirmaydi-da...», deya yana bir bor tan berdi.
O‘shandan buyon ziyolilardan, keksalardan uzoqroq yuradigan bo‘ldi. U raislik qilgan kezlari qishloqdan hech kim tashqariga otlanmadi. O‘qishga havasmand yoshlarning popugini pasaytirishning yo‘lini ham «ustozi» o‘rgatdi.
— Boshpirtingni uylangan paytingda olasan, qani marsh dalaga, bo‘lmasa urug‘-aymog‘ing bilan ko‘chib ket.
Bunday holatda qishloqdan chiqib bo‘ladimi?
«Endi o‘ylab ko‘rsam, xomkalla ekanman. Qishlog‘imiz mutaxassis masalasida orqada qoldi. Ziyoli odamlar juda oz. Elga bilimli, ma’naviyatli odamlar kerak ekan. To‘g‘ri, lavozimimni ushladim, mana, yillar o‘tib, odamlarning ko‘zi ochildi, savodli bo‘lishdi, endi kulgiga qoldim. Davralarga kirsam nuqul piching qilishadi. O‘qimoqchi bo‘lganlarning uvoli tutdi. Imkoni bor paytda ularga yordam berolmadim. Eh, qalbi ko‘r rais!».
Rais uzoq xayolga toldi. Hayotidagi qilgan yaxshi ishlari emas, negadir xatolari kinotasmadek ko‘z oldidan o‘tib, qiynay boshladi.
— Umid, — u rafiqasini to‘ng‘ich farzandining ismi bilan chaqirishga o‘rgangan. — Umid! Ey nomard...
Raislik paytida xotini «gah» desa qo‘liga qo‘nardi. Sal yo‘talgudek bo‘lsa bormi, yetti chaqirimdan bo‘lsa ham uchib kelardi. Bir umr nafasi ichiga tushib yurdi bu ayolning. Endi esa...
— Umid! — raisning eshitilar-eshitilmas ovozi ingragandek chiqdi.
— Nima deysiz, — xotini ostona hatlashi bilan labi-labiga tegmay bidirlay ketdi. — Hadeb chaqiraverasiz, chaqiraverasiz, tag‘in allanimalar deysiz, odam degani injiq bo‘lmasa-da...
Raisning ichida nimadir uzildi, ko‘z oldi qorong‘ulashdi. Gavdasini bazo‘r tutib, ko‘zlarini shiftga qadab pichirladi.
— Senga bir gap aytmoqchiman, yuragimda armon bo‘lib qolmasin. — Raisning tomog‘iga nimadir tiqilib, yutinib oldi. — Hamqishloqlarga ko‘p yaxshiliklar qilgan bo‘lsam-da, yoshlarning o‘qishiga qattiq qarshilik qilib gunohga botdim. Buni bilasan. Ertaga ta’ziyaga kelganlarga mening uzrimni ayt. Nevaralar o‘qisin, yoshlar ilm egallasin, odam bo‘lsin...
Xotini ostonada serrayib turib qoldi.

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.